OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Alvido, Mirza Hamdam! (hajviya)

Aziz birodarlar! Jahon afkor ommasi og’ir judolikka uchradi. «Qora lola» qazuvchilar o’yishmasining boshboqoni Mirza Hamdam Erzarang kutilmagan kasallikdan iyak qoqib yubordi. Afsus-nadomat bilan aytish kerakki, uning hali-beri o’ladigan siyog’i yo’q edi. Shuning uchun  atrofidagi sadoqatli do’stlari va ayni paytda nadomatli dushmanlari Erzarangni orqavorotdan hurmat va hayiqish bilan «o’lmas Kashchey» deya ehtirom qilishardi. Uning o’yishmasi qazgan qabrlar keng va shinam, peshayvoni o’liklar orzu qilgudek edi. Yasattirgan tobutlari sandal, yong’oq, chinor kabi asl daraxtlardan bo’lib, avval unda tirik  odamlar sinab ko’rilardi. Tirik odam buzib chiqolmagan tobutni o’lik odam buzib chiqa olarmidi?

 Marhum 20 yillik faoliyati davomida oddiy go’rkov yordamchisidan «Qora lola» o’yishmasi rahbarligiga qadar katta hayot yo’lini bosib o’tdi. Shu davrda u mingdan ziyod murdaga go’r qazib, o’z qo’li bilan  qabrga qo’ydi. Temir matonat bilan tiriklarning o’lishini kutdi. Mirza Hamdam ayniqsa yer qazishda ketmon, tesha, lomni mahorat bilan ishlatardi. To’g’ri, uning ikki marta teshasi, bir marta ketmoni, ko’plab lomlari yodidan ko’tarilib, murdalarning tagida qolib ketdi. Lekin marhum mardonalik bilan yangi-yangi tesha, lom va ketmonlar sotib olaverdi.

Mirza Hamdam qazuvchilar o’yishmasiga sardorlik qilgan kezlarida «Qora lola»ni ham son, ham sifat jihatidan kengaytirdi. Qani endi, shuning qo’lida jon bersam, deb orzu qilib, qabuliga kirolmay navbatda turganlarning son sanog’i yo’q edi. Erzarang keyingi paytlarda qabristondagi bo’sh joylarni kimoshdi savdosiga qo’yib sottirdi, peshayvoni ko’chaga qaragan, manzarali qabrlarni alohida talabgorlar uchun asrab qo’ydi, beshta yangi qabriston barpo qildi. Har bir qabr tepasiga metall tomlar yoptirib, uch xil rang bilan bo’yattirdi. O’yishma qoshida uchta sho’ba korxona ochtirib ishchi o’rinlari yaratdi. Bu korxonalarga Battol, Dajjol va Qattol singari yordamchilarini tayinlab, mehnat samaradorligini oshirdi. Ular buyurtma bilan ishlab bir besh yillikda ikki besh yillik rejasini bajardilar, juda ko’p joylarni qabristonga aylantirishga muvaffaq bo’ldilar.                    
     
Mirza Hamdam bu bilan cheklanib qolmasdan o’nlab murdalarning muallifi bo’ldi. Keyinchalik bu  «Qora lola» usuli nomi bilan tarixga kirdi va ommalashdi. Ko’p yillik halol va samarali mehnatlari uchun Mirza Hamdam Erzarang «o’lsang tezakka» va «o’lmasang o’ldiramiz» singari mashhur xorijiy jamg’armalarning «Tobut hammaga» grantlariga sazavor bo’ldi. Jahon murdasho’ylari va go’rkovlari jamiyatining faxriy akademigi bo’ldi. Uning tashabbusi bilan tashkil topgan «Tobutdan tovush» ansambli jahon murdasho’ylari arenasidan munosib o’rin egalladi. «Murdalar chalg’isi» trilogiyasi esa har qanday odamni tiriklay go’rga tiqish qudratiga ega edi. Marhum Mirza Hamdam Erzarang ana shu xizmatlari tufayli «Mozoristonda xizmat ko’rsatgan xalq yurmoni» unvoni sohibi bo’ldi. Bugun uni so’nggi yo’lga kuzatar ekanmiz, endi nima bo’lsa ham go’ringda tinch yot, aziz birodarimiz, deymiz. Sening qorang o’chsa ham noming hech qachon o’chmaydi. Alvido, o’liklar va tiriklarning sevimli sardori, qiyomatli do’st va tutingan og’asi, qiyomatga qadar seni unutmaymiz!

...Hamma tarqalgach, o’lik ko’milgan qabr tepasiga o’rnatilgan taxtachadagi yozuvga ko’zim tushdi. «Qazib olish xavfli, quturish kasalligiga giriftor bo’lgan!»

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.