OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Bor ekan-u, yo’q ekan (hajviya)

Har bir xalqning o'ziga xos bo'lgan umumiy tarzdagi xislatlari bo'ladi. Masalan, gurjilar qadah so'zini qotirib qo'yadi, frantsuzlar konyakni boplaydi, armanilar latifaga usta bo'ladi, olmonlar vaqtni qadrlaydi, turklar pulni yaxshi ko'radi, turkmanlar sadog'atli bo'ladi. O'rislar ellikni otib olsa, "Oy moroz, moroz"ini boshlaydi. Bir toifa xalq bir-birini aldamasa turolmaydi.

Buxenvald kontslagerida harbiy asirlarni yetti  toifaga bo'lishgan. Yashashdan umidini uzib, hamma narsaga befarq bo'lib qolgan yettinchi toifani "musulmon" deb nomlashgan. Bu toifadagi asirlar tepki yesa ham angrayib qarab turaverar ekan. Musulmonlarning xokisorligiga hatto fashist jallodlari tan bergan ekan. Bizning musulmonday  mehnatkash, mulozamatli xalq yo'q dunyoda. Uning yashash tarzi dunyo xalqlari uchun jumboq yoki rebusga o'xshaydi. Bechora kambag'al pul topish uchun mardikorlikka yollanib tunu-kun ishlaydi, topgan pulini kaftiga tuflab yig'adi. Keyin topgan-tutganini olib keladi-da, xalqqa dang'illama to'y qilib beradi-bir kunda hamma pulini sovurib, boz boyagiday barmog'ini shimib o'tiraveradi.

O'zbekning to'qigan hamma ertaklari "Bor ekan-da, yo'q ekan, och ekan-da, to'q ekan", -deb boshlanadi. Uning bor yo yo'g'ligini, och yo to'g'ligini baribir aniqlayolmaysiz. Och bo'lsa ham mehmonga mulozamatni boplaydi. "Uyga kiring, osh tayyor!" -deydi. Aslida o'sha paytda uyida sichqonlar osh izlab hassa tayanib turgan bo'ladi. Rahbarlarning mentaliteti ham shunday. "Bugun bor, ertaga yo'q, -o'ylaydi yangi tayinlangan boshliq. -Imkoni boricha gazlash kerak!" Shunga yarasha  har gal boshliq almashganida yangi boshliqqa o'z munosabatini bildiradigan uch-to'rtta doimiy  laganbardorlar  bo'ladi.

-Ana endi shtatimiz o'z egasini topdi, -deydi ulardan biri. - Falonchi pismadonchiyevichni yo'l sozlovchi sifatida bilamiz. Endi yo'llarimiz ravon bo'ladi, hayotimiz farovon bo'ladi. U kishi falon joyda  ishlaganlarida ko'p yo'llarni tekislab tashlagan edilar...

 Boshqalar bu paytda sukut alomati rizolik, tarzida tizzasiga salom berib, to'rtta odamning hamdu sanosiga angrayib o'tiraveradi. Ularning ma'qullaganini yoki norozi bo'lganini tushunib bo'lmaydi. G'ayrati jo'shib ketgan falonchi pismadonchiyevich ravon yo'llar quradi-o'z uyiga qarab. Biri-biridan xushbichim farangcha binolar qurdiradi-o'zlashtirish uchun. Ishlamaydi, lekin ishlaganga o'xshab yuraveradi. Bevaqt kelgan qazoday amaldan sharmandalarcha haydalgach, yangi rahbar tayinlanadi. Bu gal ham o'sha to'rtta odam gapiradi.

-Biz Falonchiyevni yaxshi taniymiz. Otalari yaxshi odam edilar, birga ishlashganmiz. Falonchiyev ishonchimizni oqlamadi-yo'llarimiz o'ydim-chuqur bo'lib endi shtatimizga ijtimoiy sohaning odami keldi, xalqimizning ahvoli yaxshi bo'ladi...

Ijtimoiy sohaning odami hammaga zo'r berib kitob yig'diradi-shu bilan kutubxonalarni to'ldirib, ziyo tarqatmoqchi bo'ladi. Kitob yig'a-yig'a oxiriga yetkazolmay ketib qolganini o'zi bilmay qoladi.

-Ana endi boshliqqa yolchiymiz, -deydi keyingi safar o'sha odamlar navbatdagi boshliqqa. -Davlatimizning bosh siyosati iqtisod, iqtisodchi hayotning baland-pastini biladi. Oldingi boshliq kitob yig'diraverib, hammaning joniga tegib ketgan edi...

Iqtisodchi boshliq hamma ishga pul topib beradi-u shuning uchun iqtisodchi-da! Quraveradi, quraveradi, oxiri nima qurayotganini o'zi bilmay qoladi. Gulchi kelib hammayoqni gulzor qildirivoradi, qonunchi kelib advokatlik firmalarini ko'paytiradi, agronom kelib hamma raislarni almashtiradi, olim kelib kolxozchiga savod o'rgatadi... Har rahbar almashganida o'sha to'rtta odam bor mahorati bilan yangi boshliqni shunday maqtaydiki, u beixtiyor o'zida yo'q xislatlarni his qilib, yelkasidan qanot o'sib chiqa boshlayotganini sezadi. Bir balo qilib yangi boshliqning qanotlarini o'stirib osmonga uchirishadi-da, keyin cho'zma bilan urib tushirishadi...

Qahramon Said "Kirishdan oldin chiqishni o'yla", -deya ko'p takrorlaydi. Modomiki bizda bir bor ekan, bir yo'q ekan, degan ertak mavjud ekan, har bir odam mansabga kelishidan oldin ketishini hisobga olib qo'yishi kerak. Inson yo'qotish san'atini o'rgansagina hayotida fojea ro'y bermaydi, amaldan ketishni tabiat qonuniday qabul qiladi. Motam tutib o'tirmay, o'zini boshqa ishga urib ketaveradi.

Yaqinda bir boshliq qabulida bo'ldim. Yaxshi kutib oldi, o'tirishga taklif qildi. Men muammoni kuyib-pishib gapirayapman, u bosh silkib ma'qullab, tilivizirda ob-havoni tomosha qilayapti. Bir payt: "Budapesht-22 daraja", -deya o'z-o'zidan hiringlab kulib yubordi. Muammoga Budapeshtning nima alog'asi bor deya avval boshliqqa, keyin tilivizirga qaradim. Noqulay bo'lmasligi uchun qo'shilib kulganday bo'ldim. Bizda hozir 40 daraja issiq, u yoqda mo'tadil ob-havo, shunga ishora qilayotgan bo'lsa kerak, deb o'yladim. Gapni chala joyidan davom ettirayotgan edim, boshliq tilivizirdan ko'z uzmay: "Moskva-20 daraja", -dedi-yu yana kuldi. Bu holatni  ko'rib esim og'ib qolay dedi -qo'limni tumshug'ining oldida u yoqdan bu yoqqa o'tkazdim-reaktsiya yo'q. Yig'laguday holatda hiringlagan bo'ldim-u, tura qochdim. Yo'lda nega u hech narsani idrok qilmayotganligini topdim-kirishdan oldin chiqishni o'ylamagan! Mana, oqibati!

Frantsiyada "Qirol o'ldi, yashasin qirol!" degan qanotli ibora bor. Bu mashmashalar qirolni o'ldirgan, yangi qirolni ko'klarga ko'tarib, cho'zma bilan urib tushirishni mo'jallayotgan shu to'rtta sermulozamat laganbardorning  ishi. Ulardan Xudoning o'zi asrasin!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.