...Qozongap nomoz farzini bajarayotib o'rnidan dast turdi, Xudoga yaqinroq bo'lish uchun, uning munojotlari Xudoga yetib borishi uchun, balki Zamindagi mayda-chuyda orzu-havaslar, fitna va ig'volardan balandroqda bo'lish uchun shunday qildi.
-Ey Xudo, bu qavmning manglayida nima gunohlari bor ediki, uni manqurtga aylantirding? Uni bir-biriga tezlab idrokini olding, bolalarini yetim qilding, qizlarini sharm-hayodan mosuvo qilding. Akani ukaga tezlading, bolani otaga qayrading, Jo'lomonni Ona Naymanning qotiliga aylantirding. Axir hamma narsa sening izmingdan tashqarida emas-ku Xudoyim, nega bu elni bunchalik qiynaysan? Bu elni qo'y, mana men bilan gaplash, istasang, tuyalaringni boqib beraman, istasang Qoranorni senga qurbonliqqa so'yaman. Lekin bu xalqqa ro'shnoliq ber, ko'kragiga shamol tegsin, yetimlarga rahm qil. Mayli, qahraton qishda o'tin g'amlab uyingni isitay, tuyaning junidan issiqqina chakmon qilib beray, nima istaging bo'lsa, hammasiga tayyorman, faqat bu xalqqa javr qilma...
Shu payt yo'ldan Muso Payg'ambar o'tib ketayotib, Qozongapning munojotlarini eshitib qopti. Keyin yoniga borib, unga ahli kitob munojotini o'rgatibdi. Qozongap ketgach, Musoga osmondan sado kepti: «Ey Muso, sen meni eng yaxshi ko'rgan bandamdan ayirding. Bilgilki, munojot muhabbatdan tug'iladi. Muhabbat esa samimiyatdadir. Chin dildan qilingan munojot hech qanday qoida bilan cheklanmaydi. Haqiqatni anglash insonni ozod qiladi».