OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Qutlug’ qadam (hajviya)

Odatda xalqimiz har bir holatga, harakatga nisbat berib gapiradi. Xush kelibsiz, qadamingiz qutlug' kelsin, duo do'stdan, deydi. Duo o'qisa, qadam yetdi, balo yetmasin, deydi. Tijorat maqsadida Toshkentdan yo'lga chiqqan savdogar yarim tunda Buxoroga kirib boripti. Mehmonxonaga borsa, joy yo'q, masjidga borsa, eshigi qulf. Masjid qorovulini chaqirib:

-Xudoning uyi ham qulf bo'ladimi, -deb so'rasa, qorovul:

-O'g'rilar gilam o'g'irlashayotganida, bu xudoning uyi ekan, deb qarab o'tirishmaydi-da, -depti.

-Endi nima qildim, -o'ylanipti savdogar.

-Labi Hovuzda Davlatboy degan  boy bor, kecha-yu-kunduz mehmon kelsa, xursand bo'lib kutib oladi. Lekin kuzatayotganida orqasiga tepib-tepib chiqarib yuboradi, -depti qorovul. Xohlasangiz, o'sha joyga boring...

Savdogar o'ylanib-o'ylanib oxiri "tepsa-tepar", -deb o'sha xonadonga yo'l olipti. Uni Davlatboyning o'zi  kutib opti.

-E, keling-keling, mehmon, qadamingizga gul bitsin, cho'ntagingizga pul bitsin, -deb ichkariga taklif qilipti.  Savdogar uyga kirib, duo o'qipti:

-Boy bobo, xonadoningizga biz keldik, balo kelmasin, qadamimiz qutlug' kelsin, davlatingiz bundan-da ziyoda bo'lsin, -depti. Darhol dasturxonga xilma-xil taomlar kepti, yeb-ichib, shirin suhbat qurishibdi. Ertalab yana dasturxon to'kin, savdogar Davlatboyning qo'li ochiq, saxovatliligidan xursand bo'lib:

-Xudoning nazari tushgan inson ekansiz, boy bobo, ilohim martabangiz yanayam ulug' bo'lsin, biringizga ming bersin, -deya duo qilipti. Savdogar ketayotgan emish-u, Davlatboy qachon tepishni boshlar ekan, deb orqasiga qarab-qarab qo'yarmish. Boy bobo mehmonning nimadan bezovta ekanligini surishtiribdi. Savdogar masjid qorovulining gapini aytib bergan ekan, Davlatboy kulibdi:

-Shunaqa odatim bor, -depti. -Hamma mehmonni kutib olaman, hurmatini joyiga qo'yaman, ziyofat qilaman, ular esa ketayotganlarida "Boy bobo, bir duo qiling", -deyishadi. Shunga jahlim chiqib, ularni tepib-tepib haydab yuboraman. Siz duo qilib, hurmatimni joyiga qo'ydingiz, rahmat! -degan ekan...

Poyqadami xosiyatli, xosiyatsiz odam bor. Favqulodda qutqaruv vazirligining "G'alayon" telekanali boshlig'i Bozorvoy ko'rsatuv tayyorlash uchun  Samarqandga kelganida gapdan-gap chiqib:

-Mening qadamim qutlug', -deb qoldi. -Qayerga borsam, o'sha joyda ishlar yurishib ketadi...

-To'g'ri, -dedim. -Siz kelgandan buyon o'tgan uch kun davomida birinchi kun ko'chki bo'lib uch kishi o'ldi, kecha ikki kishi selda oqib ketdi, bugun yo'l hodisasidan bir kishi o'lipti. Tezroq ketmasangiz, qutlug' qadamingiz yog'ib, hamma joyni xarobotga aylantirib yuborasiz...

Radio muxbirlariga hech kim intervyu berishni xohlamaydi. "Vaqtim yo'q, kutilmaganda kelib qoldingiz", -shunga o'xshash bahonalar bilan qutulmoqchi bo'lishadi. Men ham anoyi emasman, "o'lim bilan muxbir kutilmaganda keladi, -deb mikrofonni tutaman.

Qiziqchilarning ham qadami qutlug' keladi. Borgan joyida hazil-huzul, qahqaha avj oladi. Bir bayramga taniqli qiziqchi Roziboy Ro'ziboyni to'rt yuz ming so'm bilan zo'rg'a gaplashib keldik. Kontsert boshlanganida yetib kelgan qiziqchi shu zahotiyoq: "o'ttiz ming so'm naqd berasizlar, -deb turib oldi. -Xarajatga tushib kelyapman".

-To'rt yuz mingni "schyot"ingizga o'zkazib qo'yganmiz, hozir naqd pul yo'q, rozi bo'lasiz endi Roziboy aka, -dedim.

Roziboy xuddi birov otasini o'ldirib qo'yganday, uzoq vaqt qovog'ini uyib o'tirdi. Bu yoqda  kontsert davom etayapti. Keyin: "Shakar bilan limon olib kelinglar", -dedi hurpayib. Qiziqchi hurpaysa qiziq bo'larkan. Bir kilo shakar, bir kilo limon olib keldik. Qiziqchi limon bilan shakarni qo'shib uzoq choy ichdi. Keyin qovog'ini uyib sahnaga chiqdi. Hamma baqirgan, chaqirgan, olqishlagan, u qovog'ini ochmaydi.

-E, hadeb baqiraverasanlarmi, -dedi qiziqchi zalga qarab jiddiy. Zaldagilar kulib yuborishdi. -Kulishdan boshqa narsani bilasanlarmi? -Kulgi. -Boyvachcha bo'lsalaring o'zlaringga. -Kulgi. -Ha, Roziboy ham sizlarga o'xshagan odam. -Kulgi. -o'ttiz so'm berishga qizg'anasanlar. -Kulgi. -Bizda ham pul bor. -Kulgi. -Bermasalaring bermalaring. -Kulgi. -o'zimniki ishlataman!

Roziboy qovog'ini uyib qanchalik jiddiy gapirsa, zaldagilar undan battaroq kuladi. Xuddi "Marip-Sharip" kinosidagiday. Oxiri kulgilarga asabi dosh bermadi shekilli, u qo'lini siltab sahnadan chiqib keta boshladi. Zalda gulduros qarsaklar yangradi. Besh-olti kishi unga gul berdi. "Ha, gul berguncha pul bersalaring bo'lmasmidi, -dedi Roziboy yig'lamsirab. -Toshkentga ketishga pulim yo'q". -Yana zalda kulgi ko'tarildi. Roziboy qo'ltig'ida bir dasta gul, ko'zida yosh,  boshini chayqay-chayqay zaldan chiqib ketdi...

Xorazmga uch kishi komandirovkaga bordik. Shopir tanish ekan, Rimboy degan sherik bizni  avtobusda bepul olib ketdi. Xonqada uning akasinikiga to'yga bordik, keyin ikkita sherik bilan uch kun mobaynida rayonma rayon yurib, ziyofat yedik. Shu vaqt ichida bir sherigim borgan joyidan uchta gilam, to'rtta balon, akkumulyator oldi. Rimboy uch qop guruch olib berdi.

-Shu atrofda avtoVAZ yo'qmi? -so'radim har ehtimolga qarshi. "Nima qilasiz?" -so'radi sherigim. "Balon oldik, akkumulyator oldik, endi avtoVAZdan  motor bilan kuzov topsak, birato'la o'rnatib, moshinani minib ketar edik-da!" -dedim. Sherigim xursand bo'ldi. "Qadamingiz qutlug'-da, -dedi u. -Qani endi shunday bo'lsa".

Avtostantsiyada Rimboy bizni avtobusga bepul chiqardi, lekin shopir uch qop guruchni ortishga qo'ymadi.

-Man birinjni  apparmiyman, Marqs Qumyozovning birinj oblastdan chiqmasin, dagan tapshirig'i bar, -dedi shopir.

-Apparasan, -dedi Rimboy. -Man javob baraman.

-Hov, san kim bo'ldinq mang'a uqaz baradig'an, - dedi shopir, - o't-o't buyona, mishayt atma...

-Hovlama, hov mang'layi qara, hazir qanalizatsiyangni sug'irib alaman, keyin mishayt atishni go'rasan...

-Hali sanmi qanalizatsiyamni sug'irib aladig'on, -deb shopir unga tashlandi, u shopirga tashlandi, zo'rg'a ajratib oldik. Amallab avtobusga chiqdik. Men shopirning orqasida, sheriklar ikkinchi qatorda qulog'iga radio eshitgichni qo'yib ketayapti. Shopir hali shashtidan tushmagan ekan, Hazoraspga kelganida odam olish uchun avtobusni to'xtatdi. Mening yonimga kelib, jahldor ko'zlarini qisib:

-Qanalizatsiyamni sug'irib alarmish, go'rsatib qo'yaman sang'a qanalizatsiyani sug'irishni, o't arqag'a, -deb baqirdi.

-Ha, endi u duxtur-da, shopir buvo, kasbi shu, o'n kishini operatsiya qilib kanalizatsiyasini sug'urib olgan, -dedim shopirni yupatgan bo'lib. Shopir gapimga nima deb javob berishni bilmay, zahrini sheriklarga sochdi:

-Go'tar mikropon-pikroponingni, -ulardan birining qulog'idagi radioeshitgichni yulib otdi. -o't hammang arqag'a, bu yonda  adam o'tiradi...

Ana shunday, mening ham qadamim qutlug'. Qayerga borsam, albatta shu joyda bir kor-hol bo'lmay qolmaydi. Oliy partiya maktabiga bordim-tugab ketdi, obkomda ishladim, partiya tugadi. UzTAGga o'tdim, nomi o'zgardi, axborotga o'tdim, agentlik bo'ldi. Radioga o'tdim, ikkita redaktsiya birlashib ketdi. Yaqinda bir guberniyaga ishga o'tgan edim, bu yerda ham qadamim qutlug' kelib, uchta tuman tugab ketdi. Endi buyog'iga buyurtma bilan ishlamoqchiman. Agar birortasini yo'qotmoqchi, yoki tashkilotni tugatmoqchi bo'lsangiz, meni ishga chaqiring. Pulini kelishsak bo'ldi, bu tomonini boplaymiz!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.