OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurulloh Muhammad Raufxon. Ko'zgu (hikoya)

Kecha u ko‘l bo‘yida “Tamara” ismli qiz bilan tanishib qoldi.
Avvaliga sezmabdi – yonma-yon yotgan ekanlar, qirg‘oqda. Ularning bosh tomonidan bir to‘da bola quvlashib o‘tdi va kimdir «Voy-y!» deya qichqirib yubordi. Ovoz kutilmaganda, shundoqqina biqinidan chiqqani uchun u bir sapchib tushdi. Chalqancha yotgan ko‘yi boshini ovoz kelgan tarafga burdi: yonidagi qizni ham shunda ko‘rdi. Qiz oftobda qizargan oyoqlarini kergancha o‘tirib olgan, nafis barmoqchalari bilan hadeb o‘ng ko‘zini ishqalar edi. «Qum sachratib ketishibdi», deb o‘yladi u va hali uzoqlashib ulgurmagan bolalarning ortidan qichqirdi:
– Ho‘-o‘v ahmoqlar! Quvlashgani boshqa joy qurib ketganmi?!
Yana qizga o‘girildi, lekin darhol ko‘zini olib qochdi: «Qilgan mehribonchiligi uchun iltifot kutyapti, deb o‘ylamasin!»
Qiz esa tinmay ko‘zini ishqalar, endi boyagidan pastroq, lekin yanada jozibaliroq tovushda «voy-voy»lab qo‘yar edi.
Yigit xotirjamlik bilan osmonga, olachalpak bo‘lib suzib yurgan bulutlarga boqdi.
– Mundoq qarasangiz-chi, axir! – deb qoldi qiz tuyqusdan. – Ko‘zim bijirlab ketyapti…
Yigit qovun tushirganini sezdi, qizardi. Ta’sirchanligi qursin, qizning gapi to‘g‘ri yurakka qadaldi: yordam qilish nega xayolimga kelmadi, deya xijolat chekdi u. So‘ng ikkilanibgina qizning qarshisiga o‘tirdi. Hayajon ichida titroq qo‘llarini uning peshonasiga tegizdi. (Oh!.. Qoni gupirib, dimog‘ida qandaydir yoqimli is tuydi!) Qiz gavdasini orqaga tashlab, iyagini ko‘tardi, go‘yo bir zumga butun borlig‘ini yigitning ixtiyoriga berib qo‘yganday. Oldinga lopillab chiqqan ko‘kraklari yigitning sezgir badaniga tegib biram o‘rtantirdiki, u keyinchalik o‘sha paytdagi holatini qayta-qayta eslab, sira aqli ishonmasidi: qanday chidab turgan ekan? Ha, u chidadi, boz ustiga, barmoqlari bilan qizning och binafsha rangga bo‘yalgan chiroyli qovoqlarini kerib, uch marta «puf chiq-puf chiq» ham qildi. Qum zarrasi chiqib ketdimi yo uning nafasi yonoqlarini qitiqladimi, qiz kuldi. Bu kulgi shu qadar tabiiy va samimiy ediki, o‘rtadagi noqulaylik bir zumda tarqaldi-ketdi.
Sal to‘laligini hisobga olmaganda, undan chiroyli qiz yo‘q edi olamda! Moviy dengiz, mavjli to‘lqinlar tasviri tushirilgan cho‘milish kiyimi qomatiga, ko‘kraklariga yarashgan, unga qaragan sari yigitning nafasi ichiga tiqilay derdi.
So‘ng… tanishdilar.
Sobirning student ekanini eshitib, Tamara negadir ochilibroq gaplasha boshladi.
- Studentlar menga yoqadi, ajoyib xalq! – deya xitob qildi u. – Eng yaxshi ko‘rganim – Raskolnikov, u ham student bo‘lgan!
«To‘g‘ri, Raskolnikov student edi, mana, men ham studentman, ammo uni jinim suymaydi-ku!» deb xayolidan kechirdi Sobir, lekin qizga qo‘shilib iljaydi.
Keyin ular birga cho‘mildilar, birga qumloqda quyoshning tig‘li nayzalariga badanlarini toblab yotdilar, ertaga ham kechki salqinda uchrashishga va’dalashib, xayrlashdilar…
Sobir hozir kiyim javonining bo‘y barobar ko‘zgusi qarshisida turib, ana shu uchrashuvga tayyorlanar edi.
U yozgi ta’tilda qishloqqa ketmadi. Ketsa, ikki oy vaqti bari bir hazrati Sulaymonning qo‘riqchi itiday bekor o‘tadi. Yaxshisi, shaharda qolib, biror joyda ishlab pul to‘plamoqchi bo‘ldi. Mana, bir oydan beri xonada o‘zi yolg‘iz. Oqshomlari, hushi kelsa, ko‘chaga chiqadi, aylanadi, aksari payt xonada ko‘rpaga burkanib yotaveradi. Bu yilgi yoz hisobidan kecha birinchi marta cho‘milishga borgan edi, dabdurustdan qiz bilan tanishuvi uni butunlay shoshirib qo‘ydi.
Omadsiz kishining kutilmaganda omadi chopsa, maqtanishga odam izlab qoladi. Shunday paytda ko‘ngil arzingga quloq tutadigan bir banda topilmasa, holingga voy – qarmoqqa tilla baliq ilinganida qayig‘ing to‘ntarilganday gap. Shu tufayli ko‘nglining bir cheti andak xira bo‘lsa-da, uchrashuv damlari yaqinlashgani sari Sobir shodlikdan entikib-entikib qo‘yardi.
U hozir maykachan holda ko‘zgudagi aksiga termilarkan, o‘zicha mulohaza qilardi: «Xo‘sh, bunday go‘zal qizni mening nimam maftun qildi? Qizlar yigitlarning husniga e’tibor bermaydi, deyishadi. Bo‘lmagan gap! Har qalay, iyagi qiyshiq, burni pachoq, tasqaranamo landavurlarni, ha-ha, landavurlarni kim yoqtiradi! Qum bir bahona, xolos, hamma gap shundaki, men unga emas, u menga talpindi! Albatta, o‘sha tasqaralardan farqim bordir, axir!»
Sobir yelkalarini ko‘zguga soldi, uzoq tikildi, tikildiyu ko‘zlariga ishonmay qoldi: jussasi juda ham unaqa ko‘rimsiz emas ekan! Oldinlari nozik tuyulgan bilaklari hozir baquvvatdek ko‘rindi. Qo‘llarini ikki yoniga xiyol kerib, chuqur nafas oldi, ko‘krak qafasi kengaydi – kurashchilardan qayeri kam! Tirsagini bukib, kuch bilan mushtumini qisgan edi, muskullari bo‘rtib chiqdi. Binoyi! Keyin ko‘zguga orqasini o‘girdi, yelkasi osha mo‘raladi: hammasi joyida. «Yo‘q, yigit tanlashda qizlar sira adashmaydi, – deb xulosa qildi u. – Uchrashuvga o‘zi taklif qildimi, demak, bir gap bor!»
Sobir qandaydir kuyni ming‘irlab xirgoyi qilgancha kiyina boshladi. Ko‘chaga ham shu kayfiyatda chiqdi.
Yo‘lka yosh-yalang bilan gavjum – turli-tuman kiyingan suluv qizlaru «pachoq» bolalar… Sobir, ko‘ngli tog‘dek to‘lib yo‘lga tushdi va birdan narigi bekatgacha piyoda borgisi keldi. Yengil-yengil odimlar otib, bu bekatdan o‘tib ketdi. Yo‘lda borarkan, u bir nigoh bilan hammani qamrab olishga intilar, hamma, ayniqsa, qizlar menga qarayotgandir, degan ishonchdan boshi ko‘kka yetgudek edi.
Shu payt kutilmaganda bir «falokat» ro‘y berib, yig‘lab yuborishiga oz qoldi: olomondan qandaydir gavda ajralib chiqdiyu ro‘paradan, yo‘lkani bir o‘zi egallab kela boshladi. Sobirning nigohi ham, diqqati ham olomondan shu «gavda»ga ko‘chgan edi. «Gavda» chindan ham yelkador, uzun bo‘yli, muskullari pishiq, xumdek kallasi yo‘g‘on bo‘yniga mustahkam mixlangan, atrofga burgutday o‘tkir va pisandsiz boqib kelayotgan yigit edi. Sobirning qadami sekinlashdi, nazarida jussasi birdan kichrayganday bo‘ldi, oyoqlari chalishdi. «Gavda» esa o‘sha viqor va o‘sha pisandsiz nigoh bilan yonginasidan o‘tib ketdi. Sobir harchand o‘zini tiymasin, bo‘lmadi, orqasiga bir o‘girilib qaradi. «O‘rtamizdagi farq nari borsa ikki, bo‘lmasa, bir yosh…» deb o‘yladi nadomat bilan.
«Gavda» ko‘zdan yiroqlashgach, Sobir yana olomonga nazar tashladi, ammo endi boyagi kayfiyatidan asr qolmagan, qanotlari qayrilgan edi. 
U shahar chekkasidagi qahvaxona yoniga bir oz kechikib, soat yettilarda yetib bordi. Qahvaxonaning ichiyu tashi cho‘milishga kelganlar bilan to‘la edi. Shunga qaramay, Tamarani osongina topdi.
– Rosa chanqadim, – dedi Sobir gap ochish uchungina, – bir bokaldan mors ichsak.
– Och qoringa-ya! – dedi Tamara kulib. – Qacho-on edi kelganim…
Sobir cho‘ntagidagi bor bisoti – besh so‘mlikni g‘ijimlab qo‘ydi.
Ular bahaybat chinor tagidagi stolga o‘tirdilar. Sobir ikki kosa ovqat ko‘tarib keldi.
Endi bittadan chuchvarani og‘izga solgan ham edilar, po‘rim kiyingan, hafsala bilan kuzalgan mo‘ylovi g‘oyat yarashiqli, gavdasi Sobirga nisbatan sal tikroq yigit jilmayganicha ularga yaqinlashdi:
– Bo‘shmi?
Ikkita stul bo‘sh edi, javob kutmay, biriga o‘tirdi. U oldiniga og‘iz ochmasdan dam Sobirga, dam Tamaraga qarab-qarab qo‘ydi, so‘ng:
– Chuchvara yeyapsizlarmi? – dedi negadir yana jilmayib.
Sobir yigitga zimdan razm soldi. Uning qizlarnikidek chiroyli qosh-ko‘zlari va sochlarini ko‘rib, «Ishqilib, bema’ni gap otib qolmasin-da», degan hadik tug‘ildi ko‘nglida; lunjidagi chuchvarani chala yutdi. Aksiga olib, Tamara bamaylixotir: «Ko‘rib turibsiz-ku», dedi va, ko‘zlari chaqnab, nazokat bilan ovqatlanaverdi. Yigit qo‘lidagi tilla zanjirli kalitni stol ustiga tashladi.
– Miriqib cho‘milganingdan keyin chuchvara ham yog‘dek ketsa kerak, a?
Bu gap nima uchun aytilganini Sobir tushunmadi, Tamara esa sharaqlab kulib yubordi:
– Yanglishdingiz, biz Sasha bilan chuchvarani cho‘milishdan oldin yeyishni ma’qul ko‘rdik!
Yigit Tamaraga qarab kuldi, so‘ng kularini yo kulmasini bilmay turgan Sobirga qarab:
– Obbo, do‘stim-e! Ismingiz “Sasha” ekan-u, nega miq etmaysiz? – dedi.
Yigit hech qanday qo‘pollik qilmayotgan bo‘lsa-da, Sobir yosh bola emas, o‘zini juda olijanoblik bilan kamsitilgandek sezdi. Sezdi-yu, bunga munosib javob topa olmay dovdirab qoldi. Keyin zo‘rg‘a:
– Yo‘q, “Sasha” emas, Sobir… O‘rischasiga “Sasha”… – dedi va o‘sha zahoti, ojizlik qilib qo‘yganidan g‘ijinib, ichida o‘zini so‘kdi: «Shu gapingga zormi sening, kalla?!»
– Xo-xo-xo! O‘rischasiga deng?! O‘rischasiga “Sasha” bo‘lsa, zo‘r ekan! Unda tanishib qo‘yaylik – Hamid. Xo‘sh, o‘rischasiga qanday bo‘larkan, a? Tavba, buni qarang, sira o‘ylab ko‘rmabman. Xo-xo-xo!
Sobir suv-terga tushdi. Ayniqsa, Tamara hech bir tap tortmay yigitga ismini aytganida, butun gavdasi bilan stolga qapishib qoldi.
– Gap bunday, Tamara va Sash-sha, – deb so‘z boshladi Hamid kibrli jilmayib, – hozir bitta shampan bilan ikkitadan kavobni qoringa joylaymizu mening aravamga o‘tirib plyajning eng zo‘r joyiga boramiz! Birga-birga cho‘milamiz, Gugushning eng yangi zapislaridan qo‘yib, bi-ir maza qilamiz! Xo‘sh, Tamaraxon?
Sobirning tili tanglayiga yopishib qoldi. Bu yigit kim, u nima istaydi, umuman, nimalar bo‘lyapti o‘zi? Sobir fikrlarini bir nuqtaga yig‘ishga urinar, ammo ko‘nglida tobora kuchayib borayotgan hadik bunga qo‘ymas edi. Qandaydir muqarrar xavfning oldini olishga chora topolmay, ilojsiz, qizga mo‘ltiradi: «Yo‘q demaysanmi, ovsar! Ayt, yo‘q de! Yo‘q, siz ortiqchasiz, deb qo‘ygin, vassalom!»
Ammo qiz Sobirning butun iltijolarini chippakka chiqardi:
– Bo‘pti! – deb rozi bo‘ldi u. – Bizdan nima ketyapti, a, Sasha! Faqat, shart shuki, uzog‘i bilan bir soat cho‘milamiz!
– Ha-da! – deya quvonib ketdi Hamid. – Ungacha kech kirib qoladi, qorong‘ida kim ham cho‘milardi!
Hammasi bir zumda ro‘y berdi: shampan, kabob, yoshiga yarashmagan qorindor bufetchi, yana bir shisha shampan, va nihoyat, sutrang «Jiguli»…
Mashina qo‘zg‘alishi bilan o‘rindiqning orqasida nimadir gumburlab ketdi. Hamid bilan Bufetchini ichida bo‘ralab so‘kayotgan Sobir cho‘chib tushdi, jonholatda o‘girilib qaradi. Ikki burchakdagi qop-qora karnaydan chiqayotgan gumburlash sadolari asta-sekin mayin bir kuyga aylandi. Kuyga qo‘shilib, Sobirning naqd qulog‘i tagida Tamaraning shodon ovozi yangradi:
– Iye, bu juda ajoyib qo‘shiq-ku! Mening joni dilim!..
Sobirning zardasi qaynadi: «Qo‘shig‘ing bilan qo‘shmozor bo‘l-a! Ahmoq!..»
Mashina ovloq joyga borib to‘xtadi. Tushdilar. To‘rttala eshikni lang ochib, magnitofonni baland qilib qo‘ydilar: sohil bo‘ylab Gugushning g‘amgin nolasi tarala boshladi.
Yechindilar. Qiz kechagi – moviy dengiz tasviri tushirilgan cho‘milish kiyimida, Hamid ixcham plavka kiygan. Bufetchi esa tizzasigacha tushadigan katta qora tursida edi. Halpillagan shu qora tursi ham negadir Sobirning vahimasiga vahima qo‘shdi.
Suvga tushishdiyu Tamarani tanib bo‘lmay qoldi: bir-ikki g‘alati qarab qo‘yganini demasa, Sobirni u butunlay unutib yubordi. Ustiga-ustak, Hamid bilan Bufetchining xatti-harakatlari, qochiriq gaplari ochiq-oydin haqoratli tus ola boshladi. Sobir dunyodagi barcha chiroyli qizlarni la’natlay-la’natlay suvdan chiqdi.
Quyosh endigina botib, havo ancha salqinlashib qolgan edi. Sobir qirg‘oqdagi majnuntol novdalari orasidan jimir-jimir qilayotgan shafaqqa tikildi, beixtiyor yerdan bir changal qum olib, mashinaga sochib yubordi va birdan… tashlab ketsam-chi, degan xayolga bordi. Yana bir xayoli – yo‘lini topib Tamarani anavilarning niyatidan ogohlantirib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Sal o‘tmay fikridan qaytdi. Nima, Tamara go‘dakmi, o‘zi tushunmasa? Xo‘rozqand olib berish uchun boshlab kelmaydilar-ku bu yerga!..
Sobir g‘ijinib ko‘l tomonga qaradi. Sohilga yaqin joyda uchovlon ko‘lni boshga ko‘tarishib baqirishar, qiyqirishar, goho uzuq-yuluq bu tovushlar magnitofondan taralayotgan qo‘shiq sadolarini ham bosib ketar edi. Hamid qizni suvga pishmoqchi bo‘lib bo‘ynidan, belidan quchoqlab-quchoqlab olgan sari qiz baliqdek to‘lg‘anib, oyoq-qo‘llari bilan tinmay suvni shaloplatar, Bufetchi esa semiz lunjlarini osiltirib bir chetda iljayib turar, har zamon-har zamonda: «Biz ham bormiz!» degandek, ularga suv sachratib qo‘yar edi.
Sobirning xo‘rligi keldi, jahl bilan ko‘ldan yuz o‘girdi..
Qumda namli iz qoldirib, qop-qora jun bosgan ikkita oyoq ko‘rindi. Qora tursisini plavkaga o‘xshatib ixchamlashtirib olgan Bufetchi Sobirning qarshisiga cho‘kka tushdi:
– Ha, bunday, cho‘milmayapsan, ukam?
– …
– Qayerliksan o‘zi?
Sobir kalovlandi. «Nima bo‘lganda ham student ekanimni sezmasligi kerak!» dedi ichida va yolg‘on gapira boshladi. Shu atrofdagi o‘zi bilgan ko‘chalardan birining nomini aytdi, savdoda ishlayman, dedi. Harqalay, dadilrok ko‘rinishi kerak-da! Iloji boricha, shahar shevasida so‘zlashga xarakat qildi. Ammo no‘nok aktyorlardek ovozi qaltirab, sirini oshkor qilib qo‘ydi shekilli, Bufetchi birdan uning so‘zini bo‘ldi:
– Menga qara, uka, yaxshilikcha bu yerdan jo‘nab qol! Bilaman, «anavi» sening hech kiming emas. Tashla, ket! Shuni deb basharang dabdala bo‘lishi shartmi?!
Ham qo‘rquvdan, ham g‘azabdan Sobir dag‘-dag‘ titray boshladi.
– Tamara-chi? – dedi u zaif tovush bilan.
Bufetchi quvlik bilan kuldi:
– Kel, qo‘y, og‘ayni, gapni ko‘paytirmaylik! Jaxlim tez, ko‘rib turibsan, ko‘l ham chuqur… – U g‘olibona qiyofada o‘rnidan turdi. – Xo‘p desang, tashlab kelaman: ana, mashina. Ularga, biz shampan olib kelamiz, deb qo‘yaman. Bo‘l, kiyin!
Bufetchi buyrug‘ining so‘zsiz bajarilishini bilgandek, javob kutmay nari ketdi. Sobir qimir etmay o‘tiraverdi: ko‘zlariga qum to‘lgan, qulog‘iga na shodon kiyqiriklaru va na Gugushning o‘ynoqi nag‘malari kirar edi. Qancha vaqt o‘tdi – bilmaydi, bir payt hozirgina Bufetchi turgan joyda Tamara paydo bo‘ldi. Tizzalarini quchoqlab o‘tirgan Sobirning tepasida biror lahza qotib turgach, qumga tiz cho‘kdi-da, uning peshonasiga yopishib qolgan sochlarini barmoqlari bilan ikki yonga tarab, yuzini kaftlari orasiga oldi va ko‘zlariga termildi.
– Sasha, – dedi ohista pichirlab.
Yigit javob bermadi.
– Bu yerdan ket, Sasha, – dedi Tamara yana o‘shanday mayin tovush bilan.
Sobir boshini ko‘tardi.
– Nega?
– Bilmayman… Sen ketishing kerak, Sasha…
– Ketmayman, Tamara. Seni qoldirib ketolmayman…
– Yo‘q, ketasan! Bo‘lmasa, seni sog‘ qo‘ymaydi bular!
– Sen-chi?.. Seni sog‘ qo‘yishadimi?
– Men bilan ishing bo‘lmasin!
Qiz o‘rnidan turdi, qanday sharpasiz paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday ko‘zdan yo‘qoldi: arvohmi, deysiz. Sobir yana o‘zi bilan o‘zi qoldi.
Keyin… Asta turib, shimini kiydi, boshmog‘ini oyog‘iga ildi, ko‘ylagini qumda sudraganicha keta boshladi – hech narsani o‘ylamadi, hech kimni so‘kmadi ham, shunchaki, ko‘ylagini qo‘lga oldiyu turdi-ketdi. Nariroq borib, beixtiyor ortiga o‘girildi: qirg‘oqni, mashinani, beligacha suvga botib turgan uchta qorani ko‘rdi, ammo kim kimligini ajrata olmadi.
Ko‘l yotqizib qo‘yilgan ulkan ko‘zguga o‘xshab ko‘rinar, kech kirib, xiralashib borayotgan osmon unga qoramtir ko‘lanka tashlagan edi.
Sobir og‘ir-og‘ir odimlab katta yo‘lga chiqqanida bekatda turgan avtobusga ko‘zi tushdi. Ammo unga yetib borgunicha mashina jo‘nab qoldi.
Avtobusning orqa oynasi yonida qandaydir qizning sharpasi lip etdi, daf’atan Sobirning xayoli bo‘lindi: «Kim bo‘ldi ekan? Qiyofasi tanish… Iye!..»
Yigit avtobusdagi qizni Tamaraga o‘xshatdi. Lekin…
«Sen-chi? Seni sog‘ qo‘yishadimi?»
«Men bilan ishing bo‘lmasin!»

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.