OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurulloh Muhammad Raufxon. Shu yerlik kishi (qissa)

Ota yurtim, bolaligimning g‘aroyib damlari kechgan qadrdon qishlogim! Kindik qonim tomgan muqaddas tuprog‘ingni ko‘zlarimga surtayin-a!

Qatrontog‘im – dov-daraxt tugul, hatto giyohdan ham qatron bo‘lgan bag‘rikuyigim! Garchi Odam bilmas zamonlardayoq qarg‘ish yegan bo‘lsang-da, yer yuzida bo‘lak birorta manzilgoh yo‘qki, u menga sendan xam latif, sendan ham aziz ko‘rinsa!
Axir,
qayroq toshchalaringning sirtida jajji oyoqlarimning jajji-jajji izlari qolgan;
o‘nqir-cho‘nqirlaringda u kunlarimdan shirin-shirin xotiralar saqlanadi – yolg‘iz menu yolg‘iz o‘zing guvoh bo‘lmish xotiralar!
Ey Nursuxariq – bu ko‘hna zamin bag‘rida kelinchakning bir o‘rim sho‘x, sunbul sochidek to‘lg‘anib-to‘lg‘anib oqadigan soy! Omonmisan, suluvginam? O‘, men seni qandoq sog‘indim!
Bilsang,
o‘shandan beri ne-ne o‘ynoqi soylarniyu ne-ne azim daryo-dengizlarni ko‘rdim, biroq qalbimda so‘nmas tug‘yon bo‘lib sen – faqat o‘zinggina sharqirab turding! Abadiy sharqirab qolasan!
Negaki,
o‘zing kabi sho‘x, o‘zing kabi ortga qaytmas bolaligim zilol suvlaring qo‘ynida, shaffof to‘lqinchalaring og‘ushida
erkalanib oqmaganmidi?! Toshdan-toshga urilib, toshdantoshga urilib…
Va men endi bir hikmatni angladim:
har kimning ham qaytmas bolaligi bor sirli dunyosi;
har kimning ham muqaddas yurti bor – manzillarning ibtidosiyu intihosi;
har kimning ham Qatrontog‘i, Nursuxariqlari bor – ko‘zga to‘tiyo qilgulik!
Lekin,
har kimning bolaligi menikidekmikan – alamlarga shodliklarga boy;
Agar kimning tug‘ilgan qishlog‘i menikidekmikan – dunyoga sig‘may ketgan kezlarida ona bo‘lib, ota bo‘lib bag‘riga oladigan;
har kimning Qatrontog‘i, Nursuxariqlari menikidekmikan – goho shodon, goho ma’yus sukutlariga erinmay quloq tutib, to‘lib-toshgan yuragiga o‘zan bo‘ladigan?!
Shundaymikan?
Men qandoq edim-a, azizlarim! Eh, sizlar qandoq edingizlar!
Yurtim, ikir-chikir tashvishlaringni bir muddatga qo‘yatur mana, tag‘in qoshingga keldim! O‘-o‘, Qatrontog‘im g‘aznabonim, meni qanotingga ol! Suluv soyim – Nursuxarig‘im, to‘xta, qayoqqa shoshasan, nega buncha toshasan, andak sabr qilsang-chi! Ehtimol, senga…sizlarga aytar gaplarim bordir.
Eslashaylik… Dardlashaylik… Bir-birovimizning diydorimizga to‘yishaylik…

Bu kabi o‘ylar Nozimning xayolidan o‘n besh yillar keyin, ya’ni, sodda, to‘pori qishloq bolasidan bir dumalab elga taniqli kishiga aylanib, ora-sira qadrdon qishlog‘iga kelganida, yuraklari hapriqib, Qatrontog‘ etaklariga qadam bosganida, Nursuxariq qirg‘og‘iga cho‘kka tushib, muzdakkina zilol suvidan hovuchlab-hovuchlab sipqorganida, xullas, kattalarning shovqinli duiyosidan bolalikning ajib, sehrli damlariga qaytishga zo‘r berib uringanida va nihoyat, o‘sha damlarga qaytganida o‘tadi. Bu kechmish o‘y-xayollar uning bor boyligi, umrli hamrohi, bezovta ko‘ngliga hamisha orom va farah baxsh etguvchi tiriklik yo‘lidirki, u yo‘lning avvaliyu adog‘i xotirot deb atalmish mahobatli bir toqqa borib taqalgan. Bu toqqa chiqqan kishining buguni o‘tmishi bilan, o‘tmishi kelgusi kunlari bilan, kelgusi kunlari tag‘in buguni bilan uyg‘unlashib, ummonga kuyilgan daryolar misol izsiz birlashib ketadi, bugunni o‘tmishdan, o‘tmishni kelajakdan, kelajakni bugundan ajratib bo‘lmay qoladi – inson bir paytning o‘zida go‘yo uchala zamon zaminida sobit turib, uchala zamon havosidan nafas olib… yashay boshlaydi.
Umri zamonlar to‘qnashgan daqiqalardan iborat kishi naqadar baxtiyor!
Bunday daqiqalarda qalbingizda ezgu niyatlar jo‘sh uradi, beixtiyor qo‘lga qalam tutgingiz keladi. Poyonsiz dunyo qarshisida yolg‘iz bosh egib, o‘yga tolasiz. O‘tgan kunlaringizni unutmaslik, kelgusi kunlaringizga hozirlik ko‘rmoq ibratida dardi dardingizga, quvonchi quvonchingizga hamohang bir INSON takdiridan imkon qadar so‘ylamoqqa, o‘zingiz so‘ylab, o‘zingiz tinglamoqqa urinasiz…

1

G‘ira-shira tong qorong‘isida ikki tabaqali tussiz, ko‘hna eshikning cho‘zib, bir nola qilib ochilishi hamda zum o‘tmay tag‘in o‘shanday tovush chiqarib yopilishi necha kunlardan beri ilk daf’a qishloqqa ingan beozor sukunatni andak bezovta qilib turdi.
Dunyoning bir burchagida yangi kun shu bezovtalikdan boshlandi.
Qop-qora to‘nga o‘ranib, quloq-chakkasini nima bilandir tang‘ib olgan barvasta kishi eshikning zulfinini ilib, halqaga qulf soldi. Olam hali ro‘y-rost yorishmaganidan uning to‘ni yana ham qora ko‘rinar edi. Zulfin, qulf necha bor shiqirladi. Kalit hadeganda aylanavermadi chog‘i, qora to‘nli kishi betoqatlandi. Asabiylashib, kirza etigining tovonlarini bir-biriga urdi. Havo haddan tashqari sovuq edi, qo‘llarini og‘ziga olib kelib, dam unisini, dam bunisini kuh-quhladi, so‘ng tag‘in qulfga unnadi. Qaroratli nafasdan namiqqan barmoqlari qulfga, zulfinga chip-chip yopishdi. Sal o‘tmay eti achisha boshladi. Shu tariqa uch-to‘rt sa’y-harakatdan keyin qora to‘nli kishi kulfdan kalitni sug‘urdi va nogoh… adashib bo‘lak kalitni ko‘tarib chiqqanini payqab qoldi. Eshikni qayta ochishga majbur bo‘ldi. Ko‘ngli allanechuk cho‘kib, parishonxotir, hovliga qadam qo‘yarkan, peshonasini eshikning ustonasiga urib oldiyu ko‘zidan naq o‘t chikdi. Alamdanmi, og‘riqdanmi ingrab yubordi: «Padarla’nat!» So‘ngra, qulfni yo‘lakdagi mixga ildi-da, eshikni taraqlatib yopdi.
«Bormayman!»
Qora to‘nli bu kishi – Maham amaki edi. Uning ajin bosgan yuzlarida, kirtaygan ko‘zlarida allaqanday tashvish alomatlari kezinadi. Biroq, ayni damda, bu tashvish alomatlari kechasi bilan ko‘ksini g‘ijimlab chiqqan og‘riqdanmi, badanni chimillatadigan manavi sovuqdanmi yo hozirgina eshikni qulflayolmaganidanmi – bilib bo‘lmaydi.
Maham amaki etigini dahlizda qoldirib, paypoqdek ixcham o‘ralgan paytavasini yechmayoq katta uyga o‘tdi. To‘nini boshiga bolish qilib, beligacha sandalga suqilib oldi. Sandal baribir sandal-da! Tashqarida atigi besh-o‘n daqiqa turdi, oyog‘iga u qadar sovuq o‘tmagan edi, shunday bo‘lsa ham, sandalga kirgach, vujudi xiyla yayradi. Odamni sarxush qilguchi bu iliqlik saldan keyin oyoqdan belga, undan asta-sekin butun badanga bir tekis taraldi. Yelkasidagi og‘riq ham qayoqqadir arigandek tuyuldi. Tashqarining sovug‘i butun dahshati bilan shundagina bilindi.
Ko‘ziga negadir qabriston ko‘rinib ketdi. Shu zahoti uning ko‘nglidan: «Bunday kunda o‘lishdan asrasin,– degan o‘y kechdi.– Odamlarga azob… E yo‘g‘-e, odamlarga nima, tirigingga chidagan o‘ligingdan qocharmidi! Qaytag-a, izzatingni joyiga qo‘yib ko‘madiyu savobini ilib ketadi. Lekin sovuq… yerlar muz… shunisi yomon!»
Bu yilgi qish haqiqatan ham qattiq keldi. Kunda bo‘lmasa-da, kunora izg‘irin esadi, biri ikkinchisi bilan ilonizidek ayqashib-uyqashib ketgan tangu tor ko‘chalar bo‘ylab ertadan to kechgacha, oqshomdan to topggacha izg‘iydi, ochiq eshiklardan hovlilarga, igna siqqudek tirqishlardan uilarga suqilib kirib, ne tirik zot bor, jonini sug‘urib olaman deydi. Go‘yo Qatrontog‘ orasiga bahaybat bir dev o‘rnashib olganu kunbotishdagi o‘nqirga qornini tirab, ikki hamla bilan butun olamni yaxlatib qo‘ymoq qasdida lunjini shishirib puflaydi: qishloq ustiga baloi ofat yog‘diradi. Xayriyat, kecha oqshomga kelib ichgiriqning dami o‘tmaslashdi, tunda batamom tindi. Tindi-yu, havoni yiltiratib tindi. Nafas olinsa, burundan yelvizak esgandek bo‘ladi, tumshuqqa qirov ko‘nadi…
«Ha, bunaqa kundan buyurmasin!»
Keyin, ko‘z o‘ngidan boshqa bir manzara o‘tib, Maham amaki ich-ichidan sevinib ketdi. Rostakamiga sevindi. Shu tobda u beixtiyor keng ko‘chani to‘ldirib lo‘killab kelayotgan olomonni, olomon yelkasida lapanglagap tobutni, tobut ichida… O‘rmon cho‘loqni tasavvur etgan edi.
Ah, qaniydi O‘rmon shu kechasi o‘lsa! O‘lsa-yu, bir kimsa bilmay qolsa! Buni Maham amaki o‘sha zahoti yurakdan sezsa, lekin xabarchi kelmagunicha uyida tek yotaversa! Tong-saharlab eshigi taqillasa, u xotirjam choponini kiyib, ketmonini yelkasiga tashlab chiqib borsa…
Xabarchi hovliqsa!
«Maham aka, bo‘laqoling, O‘rmon jamoa olamdan o‘tdi. Shunga…»
U shoshmasa!
«Bilaman, jiyan, bilaman. Mana, ketmonniyam olvoldimku! Ih, muncha pishillamasang?»
Qaniydi shunday bo‘lsa!
Bu dunyoga hech kim egalik qilolmaydi, hamma bir-bir o‘tadi-ketadi. O‘rmon ham o‘lar, axir? Muz yerga ketmon ursang, ortga sapchiydi, ko‘chsa, tirnoqdek yer ko‘chadi, lekin, mayliydi, Maham amaki sira og‘rinmasdi. O‘rmonning go‘rini yolg‘iz o‘zi qazirdi, uni o‘z qo‘llari bilan ko‘mardi…
Eh, cho‘loq, umr bo‘yi uni yerga piypalab kelding, endi, tirigida o‘ligingni ko‘rsin, go‘ringni o‘zi kavlasin, bu dunyodan ko‘zi ochiq ketmasin! Nachora, vaqtida tuxmingni quritib yuborishga kurbi yetmadi – ojizlik qildimi, yolg‘izlik qildimi… E, ilojini topmadi-da, farzand hammaga ham farzand ekan, jo‘jabirday jon eding, o‘shalarni ko‘zi qiymadi, axir, ularda ne gunoh?! Bolalaringning boshidan suv o‘girib ichsang arziydi, O‘rmon, o‘shalar Maham amakining qo‘lini bog‘ladi, yo‘liga g‘ov bo‘ldi. Yana boshqa sabablar…
Aslida-ku, urushga ikkalangiz birga borganingiz ma’qul ekan. Shunda bitta o‘q bilan…
Lekin sen tulkilik qilding – farzand kupaytirib, ildiz otib, hayotga tobora mahkamroq chirmashib olding, o‘nta bolani mo‘ltiratib tursang, dushmaningning ham rahmi kelishini bilding, binobarin, barcha gunohing o‘zingga ayon edi. Endi, orqangdan bir talay bolang qoladi. Maham amakining alami shundan.
«Hech bo‘lmasa Odilxonning uvoli tutmaydimi seni, O‘rmon?! Dastingdan juvonmarg ketdi boyaqish. Tag‘in, balo ko‘rmagandek yurganingga o‘laymi! Odilxonni nemis emas, sen o‘ldirgansan, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan qotilsan! Ana shunaqa… O‘zing-ku qiladiganingni qilding, ularni bir men ko‘rdim, dushmanimgayam ravo emas, endi, loaqal bolalaringdan odam o‘stirsang o‘larmiding, el ichida iyagimni ko‘ksimga ishqab ketdi-ku haromi! Ha, O‘rmon, seni xudoning o‘zi kechirmasa, endi mendan umid qilma!»
Yotib-yotib, qitmirligi tutdi, hap senimi, degandek ko‘zlarini qisib, xayolan qat’iy bir qarorga keldi: «U kun, nasib etsa, «uy»ginangni tor kavlayman, loaqal lahadda azob chekib yot! Mayli, shundan keyin mening ham jonimni…»
Insonga o‘lim tilash insoflining ishi emas, biroq jondan o‘tgandan keyin xayolga har ne kelaverar ekan. Maham amaki qachondan beri bunaqa yayramagan edi. Hatto, tez kunlarda niyatiga yetajagiga astoydil ishonib ketdi. Bechora nima kilsin, tashna ko‘ngliga bundan o‘zga ovunch, bundan o‘zga taskin topmadi. Shu ahvolda bundan o‘zgasini ixtiyor etmasdi ham!
Maham amaki o‘zi sezmagan holda g‘ujanak bo‘lib olgan edi, usti ochilib, beli tarashadek qotib qolibdi. Oyoqlarini bazo‘r cho‘zdi. Yelkadagi og‘riq tag‘in bir-ikki nayza sanchdi, Maham amakining yuzlari burishib ketdi. Obbo kasofat-e, sening ham poylaganing bor ekan-da, tinchgina yurgan edim-a, deb qo‘ydi ko‘nglida. Yo‘q, uning nazarida, bu galgisi chin og‘riq emasdi, kecha kelgan xat yillar og‘ushida tinch yotgan xotiralarini tuyqus to‘zg‘itib yuborgan edi, xolos. Xotiralar esa – yelkadagi eski yarani tirnadi…
2
Kecha peshinlarda shamol battar quturdi. Teraklarning yalang‘och novdalari tinimsiz chiyillab, ko‘ngillarga vahima solaverdi.
Maham amaki uyda yolg‘iz edi. Omborxonadan o‘tkir dastkallani olib chiqib, o‘tgan yil kesilgan o‘rik shoxlaridan o‘choqbop qilib maydalay boshladi. Izgiriq hali-veri tinaditan emas, o‘tinni qancha ko‘p g‘amlab qo‘ysa, shuncha yaxshi, biroq u hozir bu ishga ermakka unnadi, chunki tunov kuni Nozim qilib bergan o‘tin bostirmada shundog‘icha turgan edi.
Nogoh ko‘chadan kimdir uni chaqirib qoldi. Maham amaki dastkallani bir chetga qo‘yib, ovoz berishga ulgurmay, eshik ochildi. Boshida bostirib kiyilgan shlyapa, egnida qorako‘l yoqali palto, qo‘ltig‘ida qaidaydir charm jild, bir yigit ostonada paydo bo‘ldi. Maham amaki uni tanidi: Xayrulla Latif. O‘zi narigi mahallada turadi, lekin bu eshikni dadil qoqib keladigan xeshligi yo‘q. To‘y-ma’rakalarda bordi-keldi qilishmasa, boshqa mahal… Nega keldi ekan?
– Assalomu alaykum, hurmatli Maham aka! – dedi Xayrulla Latif kulgili qiyofada qunishib, ko‘lqopini yechishga urinarkan. Keyin, bu qadar uzun salomning boisini tushuntirgandek, qo‘shib qo‘ydi:– Odam gapirib turmasa, bu sovuqda tumshug‘i muzlab, kalimaga qovushmay qolarkan.
Maham amaki, istamaygina, chaqirilmagan mehmonga peshvoz chiqdi.
– Ke, bolam. Ha, bunday?
Xayrulla Latif Maham amaki bilan quyuq so‘rashdi-da, qo‘llarini darhol paltosining cho‘ntaklariga tikdi.
– E-e, Maham aka, bu qorasovug‘i jon joyimizdan oldi-ku, a? – dedi oyoqlarini tapirlatib.–Endi bas qilaqolsa bo‘lardi, enasining haqiyam shunchalikdir-da!
Maham amaki uni ichkari boshladi.
– O‘zing ham osmondan tushgandek… Odamlar izillab yuribdi, sen bo‘lsang boshga manavindan kiyvolibsan,– dedi kulib.– Shu qasqondan bo‘lagi yo‘qmidi, munda-ay quloqchakkani bekitadigan?
– Telpak bor-u, sal uringanroq, bizga to‘g‘ri kelmaydi. Redakqiyadan to‘g‘ri shu yoqqa o‘tdim-da, Maham aka, uyda darrov almashtirib olaman.
Oyoq kiyimlarini daxlizda qoldirib, ichkari o‘tdilar.
– Vu-u-uy! – deb yubordi Xayrulla Latif qo‘llarini bir-biriga ishqalab.– – Pechka qurmabsiz-da, Bu, qotib qolmaysizlarmi?
Maham amaki mehmonni sandalning to‘riga chorladi.
– Bizga shunisi tuzuk. Issig‘iga yarasha tashvishiyam ko‘p pechkaning. Chol-kampir sandalga o‘rganganmiz. Bitta choy?..
– Rahmat, uyga borishim kerak. Ha, xolam ko‘rinmaydilar?
– Oqmachitga ketuvdi, qizimizni yo‘qlab,– dedi Maham amaki va sandalning devor tarafiga o‘tib, og‘ir cho‘kdi. Orqadagi lo‘labolishni biqiniga surib, yonboshladi.
– E aytganday, nevaralar qulluq bo‘lsin! Otam aytdimi, buvimdan eshitdimmi… Bahriniso opa qiz ko‘rganmish?
– Qiz emas, o‘g‘il,– dedi Maham amaki hamon Xayrulla Latifning «qasqon»idan ko‘z uzmay.– Yarim yilcha bo‘p qoldi-yu!..
Xayrulla Latif mezbonning koyishini eshitmadi yo o‘zini atay eshitmaganga oldi.
– Ulargayam qiyin,– dedi hozirgina boshlagan gap ohangida,– yosh bola bilan bunaqa sovukda… Xolani yuborib yaxshi qipsiz, aka. Iloji bo‘lsa, besh-o‘n kun turib kelsinlar. Ja-a zerikib qolsangiz, boshqa birontasiga… a?
Maham amaki endi Xayrulla Latifning ko‘zlariga qiyrixon tikildi, atay kulmadi. Kulmagani mehmonga savol bo‘lib qadaldi: xo‘sh, muddaoga ko‘ching endi, jiyan, har holda menga yangi xotin topish uchun kelmagandirsiz?!
Xayrulla Latif hazilining yopishmaganini sezdi. Maham amakining nigohidagi ma’noni uqdimi yo o‘zi boshlamoqchi bo‘lib turganmidi, bir qimirlab, sandal ustidagi qora charm jildga qo‘l cho‘zdi.
– Bo‘lmasa, gap bunday,– dedi u ovoziga sirli tus berib.– O‘tgan kuni, deng, raykompartiyaga bir xat kelibdi. Belorussiya tomonlardan. Shaxsan birinchining nomlariga. Bugun erta bilan ishxonada o‘tirsam… Redaktsiyada bizdan bo‘lak chaqqonlar ham ko‘p-u, negadir meni, atay nomimni aytib chaqiribdilar. Salom berib kirib bordim. U yoq-bu yoqdan so‘rab, qo‘limga mana shu xatni tutqazdilar. «Bir keksa kampir yozibdi. Yaxshilab tanishib chiqing-da, bizni xabardor qiling», dedilar. Redaktsiyaga qaytib kelib, o‘qidim. Qarasam… Gapining mazmunidan, kampir urush yillari o‘ziga o‘g‘il qilib olgan bir o‘zbek yigitni yo‘qlayapti. Izlayotgan odamining ismi buzibroq yozilgan, lekin baribir bilib olsa bo‘ladi. Taxminimcha, o‘sha «yigit»– sizsiz!
Xabarning Maham amakiga qanday ta’sir etganini chamalamoqchidek, Xayrulla Latif birpas tek tikilib qoldi. Haqiqatan, Maham amaki shungacha sal-pal qiziqsinib, lekin indamay quloq solib o‘tirgan edi, xatning o‘ziga tegishli ekanini eshitgach, yalt etib qora jildga qaradi. Zaruratsiz tomoq qirdi. Xayrulla Latif so‘zida davom etdi:
– Bu, endi, mening taxminim-da, Maham aka. Ammolekin xatni bir o‘qidimu darrov sezdim: birinchi bekorga meni chaqirmabdilar. O‘ylaysizki, o‘zlari hal qilolmaydilarmi? Qiladilar! Faqat, bu yerda boshqa gap bor – kampirning qidirgani mabodo bizning rayondan chiqsa, gazetaga katta ocherk yozish kerak bo‘ladi. Ocherkni esa, kaminadan o‘tkazib yozadigani yo‘q rayoningizda! Qalay?
Maham amaki Xayrulla Latifning gaplarini eshitib-eshitmay, anglab-anglamay, angraygancha qotgan edi. Oradan birmuncha muddat o‘tibgina bazo‘r g‘o‘ldiradi:
– O‘sha odamning qishlog‘i yozilmabdimi?
– Yozilmagan, gap shunda-da! Mana, sizga bir joyini o‘qib beray. Xo‘-o‘sh, mana: «Men uning (ya’ni, sizning) asli qaerdan ekanini aniq bilmayman. Farg‘onadanman, degani esimda qolgan, xolos. Shuning uchun vodiyning hamma rayoniga bittadan xat yuboryapman. Sizlardan o‘tinib so‘raymanki, «Magamedjan»ning daragi (o‘likmi, tirikmi) chiqsa, quyidagi adresga zudlik bilan xabar beringlar!..» Mana shunaqa. Xatni nevarasi yozibdi, husnixati zo‘r ekan lekin! Qarang, oxiriga o‘zidan qo‘shibdi: «Buvimga yordam berishlaringizni biz ham juda-juda istaymiz. Ilgarilari ham o‘sha «yigit» to‘g‘risida u ko‘p gapirib yurardi, lekin negadir shu kungacha birovimiz bunga hafsala qilmabmiz. Yendi, buvim rosa qarib ketgan, o‘limimdan oldin o‘sha «o‘g‘lim»ning daragini bir eshitsam, deb ilhaq bo‘lyapti. Yana bir gap: o‘shanda onam menga homilador ekan, endi esa turmushga chiqqanman. Bitta o‘g‘ilcham bor, otini Ivan ko‘yganmiz… Salom bilan, Nastya». O‘zbekcha ismni sal o‘rischaroq yozganini aytmasa… Maham aka, sizniyam otingiz asli Mahammadjon bo‘lgan-ku, a?
– Mahammadjon emas, Muhammadjon.
– Mayli-da, nima farqi bor. Ishqilib, sizmisiz – shu?
Maham amakining yuragi gupira boshladi. Nimadir ichidan ko‘tarilib kelib, tomog‘ini g‘ippa bo‘g‘ib qo‘ygandek tuyuldi. Hadiksirab, xatga qo‘l cho‘zdi. Cho‘pdek oriq, uzun-uzun barmoqlari hayajonini oshkor qilib, hadeb titrar edi. O‘rischaga tishi o‘tmaydi, biroq hozir u go‘yo xatni o‘qiyotgandek, mazmuniga tushunayotgandek bo‘ldi.
– O‘sha yigit bilan qanday qip o‘g‘il tutinganiniyam yozibdimi? – deb so‘radi nihoyat.
Xayrulla Latif, har qalay, Maskovning tuzini yalagan odam, xatni sharillatib o‘qib berdi. Keyin hammasini ikki qaytalab o‘zbekchaga tarjima qildi.
Bo‘ldi. Maham amakiga endi bari ayon edi. Xayrulla Latif xatni o‘zbekchaga o‘girmasidan burunoq u bor gapni anglab yetdi. Naq yuragi bilan his qildi. «Voh-ha! Haliyam tirik ekan-da! Obbo Vasilisa xola-ey!» deya hayrat hamda allaqanday sog‘inch aralash ko‘nglidan o‘tkazdi u.
Xayrulla Latifning chinqirig‘i uni birdan hushiga qaytardi.
Ana, aytmadimmi! O‘zim ham o‘ylovdim-a,– derdi u ssh boladek chapak chalib.– To‘g‘ri topibmanmi? O‘sha «Magamedjan» sizmikansiz, axir? Vasilisa xolaniyam esladingizmi? Ana xolos?
Belorussiya… Kampir… Tutingan o‘g‘il… O‘zi bilganidan sal boshqacha, lekin… Maham amakining ko‘zlaridan yosh chiqdi. «Sizmisiz? O‘sha «yigit» sizmisiz?» deya hol-joniga qo‘ymayotgan Xayrulla Latifga ojizona mo‘ltirab:
– Men shekilli,– dedi.
Xayrulla Latif nechundir dabdurustdan yig‘ishtirinishga tushdi.
– Sizga endi xalaqit bermayman, Maham aka. Sizning endi yolg‘iz qolganingiz ma’qul… Ammo-lekin zo‘r bo‘ldida! Kampirning bir aytgani bor ekan! E, kampirningmi faqat, sizniyam, meniyam omadimiz chopdi endi! Xo‘-o‘sh, Maham aka, sizga bir kun muhlat: yaxshilab esga tushiring, o‘ylang, ertaga bir boshdan kaminaga aytib berasiz. Jurnalistlik tajribamga suyanib aytib qo‘yay, qancha qo‘shib-chatsangiz ham mayli, ko‘ngil ko‘tarsa – bo‘ldi, ocherk ko‘taraveradi. Bo‘pti, men ketdim! Turib ovora bo‘lmang, eshikni o‘zim zichlab qo‘yarman. Xo‘p, ertagacha!
Xayrulla Latif dimog‘ida notanish bir kuyni xirgoyi qilib, dahlizga chikdi. Botinkasini oyog‘iga ilaturib, tag‘in ichkariga bosh suqdi.
– Darvoqe, Maham aka, mabodo kommunist emasmisiz?
Maham amaki xayolga cho‘mganicha shuursiz bosh qimirlatib qo‘ydi.
– O‘-O‘, unda yanayam zo‘r! – dedi Xayrulla Latif va zumda ko‘zdan yo‘qoldi.
Maham amaki hozir o‘rnidan jiladigan holatda emasdi. Nazarida, necha kundan beri tashqarida tinimsiz guvranayotgan shamol go‘yo shu bugun, hozir, o‘rtadagi qalin devorni, eshik-derazani pisand qilmay, uy ichiga yopirilib kirdiyu uning yuragida ham bir-ikki guvranib, vujud-vujudini huvillatib ketdi. Yeldek kirib, seldek arigan Xayrulla Latif uni batamom dovdiratib qo‘ydi. Maham amaki birdan o‘zini yolg‘iz his qildi. Shu tobda kimgadir suyangisi, nimalardir degisi keldi. Lekin, kimga? Joni joniga, qoni qoniga qorishib ketgan jufti haloli ham, baxtga qarshi, yonida emas… Bemavrid ruxsat beribman, deb u astoydil afsus chekdi. Ko‘chaga chiqsinmi? Hademay kech kiradi, ko‘chadan kimni topadi?..
Eh, suyunsang ham, kuyinsang ham, qavatingda bir g‘amguzoring tursin ekan-da!
Maham amaki askarlikka ketgan kenjatoyini qo‘msab, yuragi gumirib ketdi. Bizning davrlar o‘tdi, zamon tinch, mayli, xizmatini o‘tayversin, deb bir yarim yildan beri ko‘nglini keng qilib yurgan edi, endi birdan g‘ash tortdi. «Bahor qachon keladi-yu», deb qo‘ydi ichida. Keyin to‘ng‘ichini o‘yladi. Karimjonning ro‘zg‘ori endi kichik emas, tashvishi ham boshidan oshib-toshib yotibdi – buni Maham amaki biladi, biroq baribir kindik qoni tomgan makonni tashlab, betayin bir uyga ko‘chib borgani shu damda unga og‘ir botdi. So‘kindi. Bir yoqda qizi Manzura tirnab ketgan yara hali bitmagan, bitishi ham dargumon.
Maham amakining o‘ylari og‘ir edi, oqibati yengil kelsin-da, deb umid qildi. Xotini shu yerda bo‘lganida, ehtimol, bu qadar xunob bo‘lmas edi. Aksiga olib, u ham yo‘q. Noiloj, o‘g‘liga qo‘shib qizini, qiziga qo‘shib xotinini so‘ka boshladi. Anchadan keyin, xumori tarqadi shekilli, tag‘in o‘z-o‘zidan xotirjam bo‘lib qoldi. Shuning barobari daboshqa narsani ham qalban tuydi: uniyg bu safargi xotirjamligi jangoldi sukunatidek aldoqchi, xavotirli edi! Xayolini chalg‘itish payiga tushdi. Lekin endi buning iloji yo‘q edi. Ko‘z oldida beixtiyor Xayrulla Latifning kulib turgan qiyofasi namoyon bo‘ldi. «Odam qurib ketgandek, dardimni senga yoramanmi? – deya jig‘ibiyroni chikdi.– Sening farosating yetarmidi bunga? Axir, sen…»
Sal o‘tmay Maham amaki Xayrulla Latifni chinakamiga yomon ko‘rib qoldi. Bu ism unga birdan boshqa voqeani qizi Manzura bilan bog‘liq mish-mishni eslatdiyu o‘zini tutolmadi. Kelib-kelib shu betayin bola o‘rtaga tushadimi, deb nadomat ila ko‘nglidan o‘tkazdi.
Gap shundaki, Maham amakining Xayrulla Latif bilan shaxsiy xisob-kitobi, ya’ni, «Mavridi kelib qo‘limga tushar, o‘shanda tanobini bir tortib qo‘ymasam!» deb diliga tukkan joyi bor edi. Boya shu narsa yodidan ko‘tarilibdi. Mayli, ertaga yana keladi-ku.
Emishki, Manzuraning To‘ychi traktorchi bilan qochganini eshitib, Xayrulla Latif tizzasiga shappatilaganmishda: «Juda to‘g‘ri qilibdi, malades! Manzura mard ekan! Uning bu ishini jasorat deb baholamoq kerak! Ya’ni, Manzuraning jasorati bizning qoloq, qishloqi tu shunchalarimizni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlaydi!» degan emish. Maham amaki bu gapni Xayrullaning o‘z og‘zidan eshitmadi, xotini ko‘chadan topib keldi, biroq shamol kelmasa… odamlar og‘zini bekorga charchatib o‘tirmaydi. Uning badanidan o‘tib ketgani – mish-mishning tarqalgani emas, axir har yurtning o‘ziga yarasha mish-mishi ham bo‘ladi-da, uning badanidan o‘tib ketgani – odamlar bu gapni Xayrulla Latifning tiliga yamab aytgani edi. O‘zi haligacha uylanmagan, boshida ne xil gap-so‘z yuradi, birovning ishiga tumshuq suqib nima qilarkan, deya o‘ksingan edi Maham amaki o‘shanda. Endi, aksiga olib, shu bolaga sirini ocharmish…
Maham amaki xotinining bir qilig‘ini xayolan takrorladi: qo‘llarini musht tugib, yerga niqtadi-da: «U dunyo bu dunyo aytmasman!» dedi.

3
Maham amakining kuyganicha bor: Xayrulla Latifning o‘sha gapni aytgani rost – buni men ham bilaman. Hatto To‘ychining otasi O‘rmon cho‘loq ham eshitgan. Eshitib u nimalarni xayol qilgan – bexabarman-u, lekin Maham amakining ko‘nglidan kechgani qisman menga ayon. Shuning uchun, bechora amakiga rahmim keladi, qachon shu voqea yodimga tushsa, unga qo‘shilib, «tilini tiyolmagan» oshnamni so‘kib qolaman. Rost-da, Maham amakining kechinmalari, dardlari Xayrulladan ko‘ra menga yaqinroq, menga qadrdonroq edi…
Xayrulla Latif deganlari, aslida, mening bolalik do‘stim bo‘ladi. Tepkilashib katta bo‘lganmiz. Bitta devorning kesagini yalaganmiz, bitta ariqdan suv ichganmiz. Lekin, taqdirni bilib bo‘lmas ekan: fe’l-xo‘yi, tabiati bir-biriga bu qadar o‘xshash bolalar keyinchalik boshqa-boshqa odam bo‘lib yetishadi, deb kim o‘ylabdi deysiz.
Xayrulla yoshligida alomat bola edi. Rosa ko‘p kitob o‘qirdi. Tashqari hovlimizda, hovuzning bo‘yiga o‘tirib olib, uzun kechalari bir-birimizga ertaklar aytib chiqqanimiz hamon yodimda. Aksari u gapirardi, men eshitardim. Agar men ham yoshligimda u-bu narsa o‘qigan bo‘lsam, tan olaman, avvalo, shu Xayrulla tufayli, Xayrullaga havas qilganimdan o‘qiganman. Biroq, ming chiranganim bilan unga yetolmasdim…
Ba’zan shirin xayollarga berilardik. «Katta bo‘lsam, uchuvchi bo‘laman!» derdi u. «Melisalikka o‘qiyman!» derdim men.
Maktabni ikkovimiz ham yaxshi bitirdik. Katta niyatlar bilan shaharga otlandik – katta o‘qishga. Lekin bu paytga kelib biz ancha o‘zgargan edik. Yoshlikdagi orzularimiz ham ortda qolib ketdi.
«Otam, politexnikada o‘qiysan, deyapti. Vino zavodiga direktor bo‘larmishman… Nima qilay ekan?» dedi Xayrulla katta shaharga yetgach. Bir-ikki kun o‘ylanib yurdi. Hujjatlarini negadir universitetning iqtisod bo‘limiga topshirdi.
Bizga omad kulib boqdimi yo «o‘lardek» tayyorlanganlarimiz qo‘l keldimi, ikkovimiz ham o‘qishga qabul qilindik. Xayrulla – iqtisod bo‘limiga, men – adabiyot bo‘limiga. O‘shandagi quvonchlarimizni aytib ado qilib bo‘lmaydi! Dunyoning bir chekkasidai katta shaharga kelib, bir urinishdayoq katta o‘qishga o‘tib ketish…
Abiturientlikda bir kampirnikida ijaraga turgan edik, student bo‘lganimizdan keyin ikkonimiz ham yotoqxonaga ko‘chib ketdik. Yotoqlarimiz boshqa-boshqa joyda edi, lekin vaqt topildi deguncha bir-birimiznikiga chopardik. Ko‘pincha, Xayrulla meni yo‘qlab kelardi. Odatdagidek, sho‘x, quvnoq.
«Qalay, adabiyotchi oshna, insoniyatning ma’naviy olamini boyityapsanmi yo…» derdi maroq bilan, hali ostona hatlab o‘tmasdanoq.
«O‘zing-chi? O‘zingdan so‘rasak?» derdim men ham qolishmay, uning ro‘yobga chiqmagan orzulariga shama qilib.
Xayrulla sir boy bermasdi.
«Shu, yuribmiz… iqtisodiy faktorlarning ma’naviy olamga ta’sirini o‘rgani-ib», derdi-qo‘yardi.
Keyin… Birinchi kursning oxirlariga borib, Xayrulllping kayfiyati o‘zgardi-qoldi. Bir kuni kechqurun oldimga kelib, dardini yordi.
«Adabiyotga layoqatim kuchliroq ekan,– dedi. Uningcha, '.shdi iqtisodni sira o‘zgartirib bo‘lmas, o‘zgarib-o‘zgarib shu xolga kelgan emish. Adabiyot maydonida esa odam istagan ishini qilsa bo‘ladi!»
«Kasallanibsan, oshna», dedim yumshoqlik bilan.
Xayrulla birdan yashnab ketdi.
«Topding, Nozim, kasallanganman,– dedi.– Axir, adabiyot shunday sehrli bir kuchki, uning qarshisida butkul hushimdan ayrilib qolyapman!»
Shu bilan yoz bo‘yi hech qayoqqa bormay, hujjatlarini bizning bo‘limga o‘tkazish niyatida yurdi. Bo‘lavermagach, yana takdirga tan berdi. Lekin… ikkinchi kursning yarmiga borib, o‘qishni shartta tashladi.
«Ming marta o‘ylab ko‘rdim, oshna, adabiyotsiz yashay olmas ekanman»,– dedi. Aytishicha, lektsiya paytlari konspekt o‘rniga nuqul she’rmi, hikoyami qoralab o‘tirar ekan. Hatto, yozganlaridan birovini partadosh bir qizga ko‘rsatsa, u bechoraning ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketibdi. «Xayrulla aka, nima qilasiz, bu quruq o‘qishda o‘qib, keting, o‘lay agar, sizdan katta shoir chiqadi!». deganmish qiz shivirlab. Shularni aytdi-yu, Xayrulla mushtiga tufladi.– Raz hammasini qaytadan boshlash kerak ekan, birato‘la Maskovga borganim bo‘lsin! – dedi hayajonlanib. – Axir, Maskov – Maskov-da!»
Tag‘in anchagacha ko‘rinmay qoldi. O‘ziyam o‘lgan-tirilganiga qaramay tayyorlandi chogi, kelgusi yili paq etib Maskovdagi Adabiyot institutiga o‘tib keldi. Rosti gap, bunday bo‘lishini men tugul, o‘zi ham kutmagan, ehtimol. Nima ham derdik, omadi bor ekan!
Oyda-yilda bir ko‘rishadigan bo‘lib qoldik. Xayrulla ta’tilda uyga kelishida ham, so‘ng Maskovga qaytishida ham yo‘l-yo‘lakay studentlar shaharchasiga – mening yonimga bir o‘tadi.
«Qalay, student, paxtalar yaxshimi bu yil?» deb kirib keladi doim.
Quchoqlashib ko‘rishib ketamiz. Boringki, o‘sha kecha uyqu «harom» bo‘ladida-e! Biri biridan antiqa hikoyalar yozuvchilar, shoirlar, ularning xotinlariyu o‘ynashlari, Maskov pivosi-yu huriliqo qizlar… hech biri qizg‘anilmaydi, hammasi o‘rtaga – dasturxonga to‘kiladi. Oling, manavisidan oling… Ho‘v og‘ayni, bunisidan ham totib ko‘ring… Yashanglar, toshkentlik studentlar!.. Biz Xayrulla keltirgan va endi saxiylik bilan ulashayotgan taassurotlarni ko‘k choyga qo‘shib, qult-qult ichimizga yutib o‘tiraveramiz. Ko‘ngillarimiz yayraydi. Maskovga borgandek, u yerlarda yurgandek his qilamiz o‘zimizni!
Keyin…
Xayrullaga tag‘in jin tegdi. Biz beshinchi kursda tahsil olayotganimizda, qishda, ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib kelib qolda. Qo‘rqib ketdim.
«Ha?– dedim.– Tinchlikmi?»
«Tinchlik, oshna, tinchlik,– dedi Xayrulla avvalgidek sho‘x, kuvnoq ohangda. Yuklarini bir chekkaga joylashtirgach, ko‘zlarimga baqraydi.– O‘qishni tashladik!»
So‘ng zo‘r berib tushuntirishga tushdi; o‘zing ayt, Nozim oshna, meni bu dunyoning bilimlari qoniqtirmasa, nima qilay, axir? Qolaversa, o‘qiganlardangina yozuvchi chiqadi, degan joyi bormi? Mana, falonchi aslida hech qaerda o‘qimagan, yozganlari zo‘rmi? Zo‘r! Pismadonchi hatto akademiyani tashlab ketgan… Nima uchun? Darslardan qoniqmagan! Men senga aytsam, oshna, diplom degani rasmiy bir hujjat, xolos. Uni ot ham oladi, eshak ham! Gap – mana bu yerda, bilding?!
– Bildim. Lekin mening bilganimdan unga nima naf – bunisini haligacha bilmayman.
Xayrulla Toshkentda bir kun yurdi, ikki kun yurdi, axiyri ko‘ch-ko‘ronini orqalab, qishloqqa jo‘nab ketdi. Meni-ku osongina laqillatdi, qishlokdagilarga nima karomat ko‘rsatarkin, deb qolaverdim.
Bundan uch yil burun, ya’ni, Maskovdagi o‘qishga o‘tib olganida Xayrulla ulfatlarni choyxonaga yig‘ib osh bergan, «Toshkentdayam o‘qiyversam bo‘lar edi, lekin chidayolmadim, og‘aynilar, professorlarning bilimi meni qoniqtirmadi!» degan edi. O‘shanda uning bu gapiga birov ishonib, birov ishonmagan. Xayrulla shuni ko‘ngliga tugib qo‘ygan ekan, qishki sessiyadan keyin qishloqqa kelganida, studentlik biletini ko‘rsatib, ishonmaganlarning og‘ziga urgan-da: «Manavi katta xolangning qulog‘imi?!» deya rosa ko‘krak kergan.
Endi nima qilarkin.
Keyin bilsam…
Xayrulla anchagacha sir bermay yuraveribdi. Odamlar kavlashtiravergach, oxiri, menga aytganlarini qishloqqa ham yoyibdi. Tavba, kulgingiz qistaydi. Maskovda o‘qigani bilan odamlarni anoyi fahmlaganini ko‘rmaysizmi!
Bizning yurt odamlarining antiqa fe’li bor, ularni bir gapga ishontirish uchun ming marta o‘lib, ming marta tirilish kerak. Qiziq-da. Oldiniga «ha-a… ha-a…» deb turaveradi-yu, keyin haqiqatning tagiga yetmaguncha tinmaydi. Shundaylardan bittasi Maskovda askarlik xizmatini o‘tab bo‘lib, endi uyga qaytish arafasida turgan ukasiga atay xat yo‘llabdi, «Shundoq-shundoq… anig‘ini bilib kelgin!» deb qayta-qayta tayinlabdi. O‘sha askar kelganu qachondan beri qishloq osmonini qoplab yotgan bulut tarqagan-ketgan: Xayrulla ikkinchi kursni tugatmasdanoq o‘qishdan haydalgan ekan! Sababini batafsil surishtirishga yigitning vaqti yetmabdi. Bu yoqda Xayrulla ham qarab turmagan: evini qilib rayon gazetasiga ishga joylashib olganu gurkiratib faoliyat ko‘rsatavergan. Bir vaqtlar hikoya, she’rlar yozib yurgan emasmi, gazeta sahifalaridan nomi tushmay qolgan. Hatto hikoyalari «Davomi bor» deb ham chiqqan. Maqolalarni-ku, asti ko‘yavering, odamlar ularni ketma-ket o‘qib borishga ulgurmay yurishgan. Natijada qishloqliklar arosatda qolgan: askar bolaning topib kelgan gaplariga ishonaylik desa, Xayrulla rayonda gurkirab yuribdi, Xayrullaning gaplariga ishonaylik desa, bolapaqir ikki yillik xizmatini o‘rtaga qo‘yib qasam ichgan! Biroviga ishonmay ko‘ring-chi!..
Xayrulla hozir ham o‘sha yerda ishlaydi. Ma’lumoti oliy bo‘lmasa-da, Maskovda o‘qib kelgani, qolaversa, gazetadagi necha yillik faol xizmatlari pevaziga uni qishloq xo‘jaligi bo‘limiga xodim qilib olishibdi. Hikoyalar yozmay qo‘ygan, she’rni ham yig‘ishtirdi chog‘i. Onda-sonda «Latifiy» taxallusi bilan eski she’rlari ko‘rinib qoladi, lekin keyingi paytlar yakkash tanqidiy maqolalar yozishga kirishib ketdi. Mening ilk kitobchamga dastlabki taqrizni ham rayon gazetasiga shu Xayrulla yozgan. «Xayrulla Latif» deb taxallus qo‘ygan edi o‘shanda. Rayonda bora-bora shu nom bilan dovrug‘ qozondi.
Oqibat shu bo‘ldiki, gazetaning yillik muhokamasida redaktor: «Yosh tanqidchi Xayrulla Latifning dolzarb taqriz hamda adabiy-tanqidiy maqolalari jamoatchilik o‘rtasida jiddiy qiziqish uyg‘otdi», degan jumlada qistirib o‘tdi. Do‘stim Xayrullaning bundan qanchalar quvonganini so‘z bilan ifodalash qiyin. «Shu Xayrulla mendan qattiq xafa. Taqriz yozib, uni mashhur qilib yuribman-u, u bo‘lsa loaqal rahmat aytib qo‘ymadi», debdi akamga. Aslida, gap boshqa yoqda edi.
O‘sha taqrizi gazetada chiqqanidan keyin besabr Xayrulla ikki-uch bor uyga kelib, ayamdan meni so‘roqlabdi. Xola, mana, o‘g‘lingizga «oq yo‘l» tiladik, endi katta yozuvchi bo‘p ketadi, debdi. Ona ona-da, o‘g‘lining yutug‘idan kim sevinmaydi! Ayam Xayrullani alqay-alqay peshonasidan o‘pib, bitta yangi atlas qiyiqqa o‘rik, mayiz, jiyda, qand-qurs tugib beribdi. Xayrulla ham taqriz chiqqan gazetadan besh-oltitasini ayamning qo‘liga tutqazib, Nozim kelsa, zudlik bilan meni topsin, gap bor, deb tayinlabdi. Guzarda qo‘rishib qoldik. «E-e, taqrizchi oshna, ijodlar muborak!» deya quchog‘imni ochdim. Quchoqlashishga quchoqlashdig-u, sezdim: uning shashti har galgidek emasdi – qandaydir sovuqroqmi-ey. Qo‘lini bo‘shatib, yasama kuldi. «Taqrizchi emas, tanqidchi…» dedi. Boshqa safar esa, ko‘chada ko‘rib, qo‘l uchida so‘rashdi-yu, ishim zarur edi, deb jo‘nab qoldi…
Xayrulla Latifning odamlarga gap bo‘lgan yana bir jihati bor – o‘ttiz beshdan oshib, haligacha birontasining boshini tutmagan. Qizlarga ko‘ngil qo‘ymaydi yo kimsaga yorilmaydi. So‘raganlarga yakkash qo‘l siltaydi. «Xar kim aravasini o‘zi tortsin, meni tinch qo‘yinglar, nima, sizlarnikiga osilgan yerim bormi? – deydi. Gap ohangidan ranjigandek ko‘rinadi, aslida ranjimaydi, jiddiy so‘zlaydi.
Ko‘ngil bilan hazillashib bo‘lmaydi! To‘g‘ri kelmagach, ming chiranganingiz bilan… yurakka buyurolmaysiz».
Birda ota-onasi xudoning zorini qilib, o‘rtaga meni elchi qo‘yishdi. Gapni uzoqdan boshlab, rosa qisti-bastiga oldim. Qayoqda!
«Qo‘y, oshna, nimaga ko‘z tikkanimni yaxshi bilasan, xotin bilan esa uzoqqa borib bo‘lmaydi,– dedi. So‘ngra hazil qildimi, chin qildimi, iljayib davom etdi:– Belinskiy qirq yoshigacha uylanmagan ekan. Adabiyot mening timsolimda bitta Belinskiydan ajrab qolishini istamayman!»
Shundan keyin ota-onasiga kelib:
«Sabr qilinglar, o‘zi bittasini topar ekan», dedimu qutuldim…
Xullas, odamlarning u to‘g‘ridagi mish-mishlari-yu Xayrullaning ehtiyotsizlik qilib aytib qo‘ygan o‘sha gapidan keyin shu oshnamdan Maham amakining ixlosi qaytgan. Tuzukroq o‘ylab qaralsa-ku, ularning o‘rtasida aytarli nizo ham yo‘q. Biroq… Ko‘ngil ekan-da, Xayrullaning o‘zi aytmoqchi: «Ko‘ngil bilan hazillashib bo‘lmaydi!»
Bular hammasi qavs ichidagi gaplar. Biz uchun muhimi adabiyotning shartliligi! Shu yo‘lga suyanib, Xayrulla Latifni hech ikkilanmasdan qissamiz voqealari kechgan davrga g‘oyibona ko‘chirmoqdamiz. O‘quvchi birodarlarimiz yapa bir narsadan ajablanmasinlarki, lozim topilganda xaqiqatga ham qaytamiz, ya’ni Xayrulla Latif bilan yuzma-yuz suhbatlashish baxtiga musharraf bo‘lamiz.

4
Chap ko‘krak bilan yelka o‘rtasida tuyqus ko‘zg‘algan ogriqdan Maham amaki yarim tunda uyg‘onib ketgan edi, tun bo‘yi tonggacha inqillab-sinqillab, go‘yo tikanga ag‘anab chiqdi. Yotib yotolmaydi, o‘tirib o‘tirolmaydi.
«Bip-binoyidek yurgan edim-a,– deya alam bilan o‘yladi u.– Kasofat gazitchi qo‘zg‘ab ketdi-yov. Xayvon!»
Og‘riq zora qo‘yib yuborsa, degan ilinjda asta o‘rnidan urib, dahlizdagi o‘choqqa o‘t qaladi, qumg‘onda suv ilitib, yuz-qo‘lini chaydi; uy ichi yerto‘ladek sovib ketgan ekan, cho‘g‘ning ustiga to‘rt bo‘lak ko‘mir tashlab, obdan yashnatdi, so‘ng olovkurakda sandalga soldi. Sog‘ payti bunaqa yumushdardan yuragi siqilardi, hozir zsa bafurja, bamaylixoshr bajara boshladi. Cho‘g‘ning ustiga kul tortib, tepasini apchagacha shibbalab turdi. Nihoyat, ko‘rpani yopib, sandalga oyog‘ini suqdi.
Yelkada esa, xuddi o‘sha joyni o‘pirib ketadigandek, burama og‘riq kuchayib borardi.
Sal o‘tmay, toshko‘mir tafti elitdimi, uni mudroq bosdi…
… quloqlarni qomatga keltirguchi o‘tkir bir tovush hushtlkdek havoni kesib, yashin tezligida yaqinlashaverdi, olamni go‘yo chiyillagan ovoz tutib ketdi. Askarlarning qiyofalari andak sarosimali, andak loqayd. Keyin… kim o‘zini qayoqqa tashlagan… axir, bu shunchaki hushtak emas, muqarrar halokatning mash’um elchisi. Dastlab ko‘ndalang bo‘lgan savol – snaryadmi, bomba? Nihoyat, dahshatli momaqaldiroq… Kimdir uni ilkis yerdan uzib olib, tag‘in yerga urdi. Zamin bir qalqdi, shunday qalqdiki, zum o‘tmay o‘ng yongami, chap yongami og‘a boshladi. U bo‘shliqqa qulab tushmaslik uchun yerga mahkamroq yopishdi, handaqdan chiqarib chashlangan tuproqqa changalini botirdi… Shungacha ham hushidan ayrilmagan edi, esida qolgani – olamni birdan achimsiq tuman qopladiyu uning ko‘zlariga chag‘ir qum to‘ldi… O‘ziga kelganida tepasida oq xalatli bir kishini ko‘rdi. Ko‘rishi barobar quloqlari ham ching etib ochildi: uzuqyuluq tovushlar chalindi. Bildiki, dala shifoxonasida yotibdi. Bildiki, yarador bo‘lgan. Bildiki, demak, omon qolgan! Tepasida, hamon o‘zidan ko‘z uzmay turgan kishiga mo‘ltirab, zaif kulimsindi: jangsiz-otishmasiz yaralanganidan xijolatga tushib, uzr so‘radi go‘yo. Oq xalatli kishi kaftidagi qandaydir temir parchasini ko‘rsatib, mehribon kuldi: «Baxting bor ekan, soldat, to‘rt enli pastga sanchilganda bormi… Ming yil yashaysan endi! – dedi. – Ma, esdalik…»
U snaryad parchasini esdalikka saqlab qo‘ymadi. Shifoxonadan sog‘ayib chiqqach, qismga qaytib borayotib, yo‘l-yo‘lakay chakalakzorga o‘tdi. Qon yuqi bilan bezangan temirni kuyindi bir daraxt ostiga ko‘mib tashladi. Ko‘mdiyu qariyb uch yildan beri jang-jadallarda chekkan azob-uqubatlarini ham qo‘shib ko‘mgandek allanechuk yengil tortdi. Kelgan balo-qazo shunga ursin, deya pichirlab, orqa-oldiga qaramay badar ketdi…
O‘shanga ham, mana, ko‘p yillar bo‘libdi. Necha yildirki, o‘sha temir parchasi Ovruponing allaqaysi chakalakzorida, allaqaysi kuyindi daraxt ostida tuproqqa yem bo‘lib yotibdi. Necha yildirki, Maham amaki tush ko‘rsa, shuni ko‘radi, xayolga botsa, shuni o‘ylaydi, yelkasi aralash ko‘ksida bugungidek og‘riq tursa, ko‘z oldida tag‘in o‘sha manzara jonlanadi. Ehtimol, u temir allaqachon tuproqdek uvalanib, tuproqqa aylanib ketgandir, ehtimol, sirtidagi qon yuqidan asar ham qolmagandir, lekin Maham amakining badanida qoldirib ketgan jarohati umrga yetsa kerak.
…O‘shanda tushlikka yaqin, Muhammadjon pochtachi askarning qiyin-qistovi bilan, bir davra jangchining qarsaklari jo‘rligida o‘zbekcha o‘yin tushib berdi. Novcha, beso‘naqay edi, o‘yinni bilmasdi, lekin yer tepib, gir aylanib o‘ynayverdi, shunaqa o‘ynadiki, armon qolmadi. Axir, pochtachi unga xat keltirgan edi – uydan, ota-onasidan, o‘g‘ilchasidan, xotini Muharramdan xat kelgan edi! O‘ynab bo‘lib, xatni pochtachining qo‘lidan yulqib oldi-da, ko‘zlariga surtdi, o‘pdi, ko‘ksiga bosdi. Keyin ochib o‘qidi. Yurtlar tinch, hamma sog‘-salomat, Karimjon yigit bo‘lib qolibdi, «Dadajon, tezroq keling!» deyayotgan emish… Xatning oxirrog‘i Muhammadjonni ajablantirdi: «…O‘rmon oshnangiz qaytdi. O‘ng qo‘li yo‘q, nemisning o‘qi uzib ketibdi, yarim yildayoq qaytdi… Siz qachon kelasiz, Karimjon? Dadam, buvimlar ham rosa sog‘inib ketishdi…» O‘rmon ham nihoyat urushga boribdi, yaralanib qaytibdi – bular Muhammadjonga kutilmagan yangilik edi, shu bilan birga xotinining bu gaplarida u nimaningdir karomatini tuydi. Evoh, o‘ylagani chin bo‘lib chiqdi: tushlikdan so‘ng, yegan ovqati hali qoringa yetib bormasdan, dushman tomondan bir snarid hushtak chalib uchib keldi, momaqaldiroq gumburladi, chamin bir yonga og‘a boshladi. Muhammadjon jon halpida guproqni changalladi… Shukrki, u jahannam og‘zidan omon qaytdi, lekin keyinchalik, jangsiz o‘tgan kunlari, osoyishta kechgan uzun kechalari o‘zi bilan o‘zi bo‘lib, «Nahot xotinim mening ham yaralanishimni istadi?» deya o‘ylaydigan, qiynaladigan bo‘ldi. Urush tugaguncha, urush tugagandan keyin yana anchagacha qulog‘ining ostidan Muharramning o‘sha so‘zlari ketmadi: «O‘rmon oshnangiz qaytdi, o‘ng qo‘li yo‘q… Siz qachon kelasiz, Karimjon?»
Urush tugadi. U qaytdi. Oyoq-qo‘li bus-butun bo‘lsa ham, yuragining bir parchasi o‘pirilib qaytdi. Uvol ketgan Odilxonning haqqi hurmati, o‘zbekmi, tojikmi, qirg‘izmi, gurjimi – begunoh o‘lib ketgan birodarlarim haqqi hurmati O‘rmondan o‘ch olaman, deb qasam ichib qaytdi. Qishloqqa keldi. O‘rmonning ahvolini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Haqiqatan, o‘ng qo‘li yelka bilan tirsakning qoq o‘rtasidan uzilgan edi. Choponining yengi xiyol orqaga qayrilib, qiyiqqa qistirilgan, egnida hali ohori ketmagan askarcha ko‘ylak…
O‘rmon shu ko‘ylakni uzoq kiydi, o‘n yil, o‘n besh yillar egnidan tashlamadi. Ko‘ylak ham binoyidek chidab berdi, shundoq chidadiki, ko‘rgan kishining ko‘nglidan «Nima balo, O‘rmon jamoa urushga borib, ko‘ylak g‘amlab kelganmi?» degan fikr o‘tishi shubhasiz edi… Xullas, Muhammadjon qaytganida, O‘rmon allaqachon «O‘rmon cho‘loq»qa aylanib, egnida ohori to‘kilmagan askarcha ko‘ylak, yurgan edi: hali ham o‘sha-o‘sha, o‘zgarmagan – hali ham jamoaning raisi, hali ham odamlarni yig‘ib, ma’ruza o‘qishga ishtiyoqmand, hali ham ko‘zlari odamga ayyor boqadi…
«Shu kungacha sen iblisdan gumonim bor, O‘rmon. Makkorsan! Esingdami, mening necha marotaba o‘q yeganimni eshitib, tipirchilab qolding, yarangni ko‘rsat, bir ko‘ray-chi, deyaverib hol-jonimga ko‘ymading. Ke, oshna, u savdolar o‘tdi-ketdi, mazzangining saqichidek cho‘zavermaylik, deganimga ko‘nmading. Aslida, seni men tinch ko‘ymasligim kerak edi, sen menga yalinishing kerak edi! Lekin, indamadim. Sen shundan quturding. Yaramni ko‘rarmishsan… Achinganingdan emas, har holda, vijdoning qiynaldimi yo? Senda vijdon nima qilsin? Axir sen…»
Maham amaki O‘rmonni eskidan yomon ko‘radi. Yillar o‘tib, nafrati kuchaysa kuchaydiki, zinhor susaymadi. Jondan o‘tgani jon bilan chiqarkan, O‘rmon bir vaqtlar Maham amakining jonidan o‘tkazgan edi.
O‘sha yillar mamlakatning qaysidir yerlarida ocharchilik, qahatchilik boshlandi. Kolxozlar endigina qad tiklayotgan kezlar edi. Shunga qaramay, harna yordam-da, deb el bor-budini o‘rtaga tashladi. O‘shanda O‘rmon rosa o‘zini ko‘rsatdi. Rais emasmi, g‘ayrat bilan maydonga chiqib, otini gijinglagib, qamchinini havoda o‘ynatib siyosat qilishga tushdi.
«Vatan xavf ostida – odamlar ochlikdan qirilib ketmoqda! Kimda-kim uyida ortiqcha don yashirsa, mendan o‘pkalamasin: yurtdan haydayman!»
El busiz ham shafqatli edi, so‘nggi don-dunigacha davlatdan ayamadi, hammasini to‘plab berdi. Eshakaravayu otaravalardan bir karvon qilib, g‘alla kechasi Qo‘qonga stantsiyaga jo‘natildi. Lekin… karvon shaharga to‘lig‘icha yetib bormadi. Ertasi O‘rmon jamoa tag‘in ot o‘ynatib, qishloqma-qishloq yurdi, har bitta hovliga kirib chiqdi.
«Kechasi Konizarar dashtlarida g‘allani qaroqchi urdi… Kimda-kim u kazzoblarni tanisa, tanisa-yu, indamasa, urug‘-aymog‘i bilan quritib yuboraman!» deya do‘q-po‘pisa qildi.
El – beminnat, borini chiqarib berayotganida ham og‘rinmagan, lekin ming azob bilan to‘plangan g‘allaning talanganini eshitib ro‘yrost kuyindi, hatto O‘rmon jamoaga achindi. «Bechoraga qiyin, kattalarga nima deb javob beradi endi?» deb o‘yladi.
Maham amaki ham o‘shanda O‘rmonning holiga qarab turib ichdan ezilgan edi.
Yoz o‘tdi, kuz o‘tdi, qishga kelib, bu yurtlar ham ofat iskanjasida qoldi. Kunda, kunora vahimali gaplar tarqayverdi. «Falonchi ochdan o‘libdi…» «Pismadonchi shishib ketibdi…» Bora-bora odamlar bunday holga ko‘nika boshladi. Uncha-muncha o‘lim kishilarni hayratga solmay Ko‘ydi.
Hayrat, rahm-shafqat tuyg‘ularining o‘rnini go‘yo u paytlar beparvolik, loqaydlik, tushkunlik egallagan edi.
Ofatning kasri urmagan xonadon qolmadi hisob. Qishdan chiqarda Maham amakining ikki yarim yashar o‘g‘ilchasi nobud bo‘ldi. Ochlikdan… U o‘zi sal nimjon tug‘ilgan edi, nimjonroq bo‘lib o‘sdi. Balki shu bois, er-xotin unga ayricha mehr ko‘rgizar, yaxshi niyat bilan, otini Xakimbek qo‘ygan edilar. Biroq o‘ttizinchi yillarning qahratonidan Hakimbekni asrab qololmadilar. Uning qazosidan Maham amaki butkul dovdirab qoldi. Oradan hech qancha o‘tmay, besh oylik qizalog‘idan ham ayrildi. Qizaloq o‘sha mahallar keng tarqalgan bir dardga chalingan edi. Er-xotin ikkalalari yolgiz Karimjonlari bilan qolaverdilar.
Maham amaki dilbandlarining o‘limiga ming kuyingani bilan oxiri taqdirga tan berdi: zamon alg‘ov-dalg‘ov edi, o‘lim ko‘pga kelgan to‘y, Karimjon o‘ynoqlab yuribdi-ku, shunisiga ham shukr! Unga qolsa, go‘daklarining bevaqt qazosidan biror o‘zgacha ma’no axtarib o‘tirmasdi, biroq…
Yillar o‘tdi. Zamonlar o‘zgardi. Qiyinchiliklar ortda qoldi. El farovon turmush kechira boshladi. Ana shunday kunlarning birida O‘rmon og‘zidan gullab qo‘ydi. Choyxonada, to‘rt-besh tengqurining davrasida, gapdan gap chiqib, bir narsani aytdi.
«Ha, endi u kunlarni ham bir ko‘rdik-da. Eslaringdami, hov bir yili Rossiyaga deb yuborilgan gallani Konizararda qaroqchilar urgan edi?»
Eslamay nima, xuddi bugungidek hammaning yodida u voqea. Ayniqsa, Maham amaki hech unutmasa kerak. Chunki u o‘shanda suprasida borini qoqib bergan edi. Kasriga suyumli o‘gilchasidan judo bo‘lgan…
O‘rmon jamoa gapida davom etdi:
«Hukumat ko‘p urindi-yu, qaroqchilarning iziga tusholmadi,– dedi jilmaygancha, sog‘ qo‘li bilan qornini silab o‘tirarkan.– Mana, qarang, shunday kunlarga ham kelarkanmiz-ku! U paytda yarim hovuch donga zor edik, endi tishimizni kavlasak bir burdadan non chiqadi…»
O‘rmon bu gapni bamaylixotir, hatto bir oz g‘ururlanib aytdi. Ayniqsa, uning kulimsirab turishi…
Maham amakining peshonasiga bir narsa tars etib tekkandek bo‘ldi. Tuyqus xayoliga kelgan fikrdan titrab ketdi. Nahot?! Evoh, o‘g‘ilginam, sengina kimning qurboni bo‘lding-a?!» O‘z vaqtida chekilmagan qayg‘ular, yillar changi ostida ko‘milib yotgan alamlar birdan yuzaga qalqib chikdi…
Maham amaki O‘rmon jamoaning qiyofasida go‘daklarining – nafaqat Hakimbegining, balki besh oylik chog‘i nobud bo‘lgan o‘sha qizalog‘ining ham, hatto, yaqindagina hovuzga cho‘kib o‘lgan eng kenja farzandining ham… qotilini ko‘rdi!
Lekin indamadi. Indayolmasdi ham. Avvalo, O‘rmon fikrini ochiq aytmadi, yuziga solsa, tonishi mumkin. Ikkinchidan, u dardlar ancha eskirgan edi, janjal ko‘tarsa, eshitgan quloqqa g‘alati tuyuladi. Faqat dilida qoldi, dilidagi o‘zga dardlarning ustiga ustak bo‘ldi. O‘rmon jamoani o‘sha damgacha ham yomon ko‘rib yurardi, endi, bundan bu yog‘iga uni ko‘rarga ko‘zi qolmadi. Unga g‘oyibona o‘lim tilashga tushdi. Bundan o‘zga chora topmadi…

5

Frontdan qaytgach, Muhammadjon tag‘in Sho‘rsuvga – o‘zining eski ishiga bordi. Sovuqni sovuq demadi, issiqni issiq demadi, ishlayverdi, tinim bilmadi. Urush o‘tkazgan alamlarni ham, O‘rmon o‘tkazgan alamlarni ham ishdan oldi. O‘zi tabiatan kamgap edi, yanada odamovi bo‘lib qoldi. Yurakni ezadigan o‘ylardan chalg‘ish ilinjida ishga mukkasidan ketdi, atrof-dunyoni unutdi. Kon Qatrontog‘ tizmalarining oralig‘ida edi, u yerlarning sovug‘i qishloqdagidan beshbattar…
Yarasini o‘sha yerlarda sovuq urib ketdimikan?
Yelkadagi og‘riq tez-tez xuruj qilavergach, kondan ertaroq pensiyaga chiqdi-da, ro‘zg‘origa qaray boshladi: mol-hol qildi, imorat soldi, asta-sekin mahallaga aralashdi. Yaqin o‘n yillardan beri go‘rkovlik qiladi. Qaro yer qa’ridan ne-ne makon qurmadi! Qish demaydi, yoz demaydi, xizmati – beminnat. Yolg‘iz emas, yoniga kiradiganlar doim topiladi, hamma ham savobtalab-da, lekin Maham amaki qabrning «uy»ini hech kimga ishonmaydi, bir o‘zi qaziydi. Lahadning ichi qishda sovuq, zax, yozda ham havas qiladigan emas…
Yo yelkasidan ne-ne lahadlarning zahri o‘tib ketdami?
Mana, endi o‘shalarning azobini tortib yotibdi. Uziyam, bu galgisi hammasidan o‘tib tushdi – nafaqat yelka, tirnoqlarining orasigacha zirqiratyapti. Maham amaki go‘yo shu kecha xuddi qirq to‘rtinchi yildagidek qaytadan yaralandi – xudda o‘shandagidek o‘tkir chiyildoq tovush uzoq-uzoqlardan yashin tezligida uchib keldi-yu… uyning burchagida nimadir qattiq gumburladi: yeru osmon bitta bo‘lib ketdi, yelkasini nimadir kuydirib o‘tdi, a’zoyi badaniga behisob igna sanchilda, hatto damog‘ida achimsiq, kuyindi bir ta’mni tuydi. Farqi – bu safar hushidan ayrilmadi. Farqi qirq to‘rtinchi yili, kunlardan bir kun juvonmarg ketishini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa, bugun kechasi ko‘nglidan «Endi ketdim-ov», degan noxush o‘y kechdi. Necha yillardan beri ilk bor shunaqa o‘y kechdi, lekin rostakamiga o‘lib qoladigandek, eti uchdi. Urushdagi o‘limdan hozirgisi qo‘rqinchli tuyuldi unga.
Hayhotdek uyda yolg‘iz o‘zi… o‘li-ib yotsa… E, falak!.. ,
Shunday kunda xotinining yo‘qligidan qo‘ngli o‘ksidi. «Bilasan, biqinimda o‘tirmasang holim xarob. Axir, Oqmachit borish qochib ketmas edi-ku!» deya o‘kinch bilan dilidan o‘tkazdi.
Biroq xotinda ne gunoh? Sanchiq ham nemisning o‘zidek dabdurustdan bostirib kelsa!
Iihoyat, yotavergan bilan ish bitmas, deb Maham amaki do‘xtirga otlandi. Tashqari u paytga kelib g‘ira-shira yorishgan edi, necha kunlardan beri yeru ko‘kni birday qiyratgan shamol ham tinibdi: «Yo‘lga chiqsam bo‘lar» dedi. Qishning kuni bir tutam, to yo‘ldan moshina-poshina tutib, rayon markaziga yetguncha allapayt o‘tadi. U boya shu uncha, qop-qora las to‘niga o‘ranib, quloq-chakkasini qiyiq bilan mahkam tang‘ib, oyog‘iga kirza etikni kiyib, ko‘chaga chiqqan edi, afsuski, yo‘lini bermagan ekan – eshik qulflanmadi, ko‘ngilsizlik bo‘ldi, o‘sha ko‘ngilsizlik uni iziga qaytardi, olib kelib tag‘in sandalga tiqdi.
Nafsilamrini aytganda, havoning haddan tashqari sovuqligi yo adashib boshqa kalitni ko‘tarib chiqqani yo‘ldan qaytganiga bahona emas, shunchaki, birdaniga borgisi kelmay qoldi, vassalom! Xo‘p, ana, borda deylik: do‘xtirxonada pshxi chiqadimi? Yo og‘riq-azoblardan birdaniga qutulib m gadimi? Ortiqcha dahmaza, xolos – do‘xtir har galgidek, m-gib ko‘raylik, deydi, Maham amaki ko‘nmaydi. «Kesaylikchi, ichingizda tag‘in bironta bomba qolgan bo‘pchiqar, topsak, o‘zingizga yaxshi-ku, birato‘la qutulasiz-qo‘yasiz», deydi duxtir. Maham amaki yana unamaydi; «Yelkamda hech vaqo yo‘k! O‘q kirgan edi, uni o‘sha mahaldayoq olib tashlashgan, o‘z qo‘llarim bilan Ovruponing tuprog‘iga qo‘mib kelganman», dedi. Shularni aytarkan, ko‘z oldiga har gal dala shifoxonasi, oq xalatli kishi, sirtida qon yuqi qolgan bodomdekkina temir keladi, qulog‘i ostida kimdir: «Omading bor ekan, soldat, yana to‘rt enli pastga sanchilganida bormi, yurak…» deya shivirlagandek bo‘ladi.
Maham amaki operatsiyaga ko‘nmaydi, do‘xtirning yozib bergan dorisi esa yarasiga kor qilmaydi. Shu kungacha duxtirni endi ko‘rayotgani yo‘q u.
«Yelkamda bomba nima qilsin, bolam,– deya Maham amaki xayolan o‘sha do‘xtir bilan munozaraga kirishdi,– u Ovruponing bir chakalakzorida qolib ketgan. Yuragimda o‘q bor, yuragimda. O‘zim bilaman, bu o‘qni nemis otmagan, nemis otgan o‘qni yelka tugul, yurakdan ham chiqarib tashlasa bo‘ladi… Bu o‘qni O‘rmon otgan, davosi ham shuning qo‘lida!
Buni sen qayoqdan bilarding, do‘xtir bolam, o‘zing kechagina tug‘ilgan jo‘ja bo‘lsang?!»
Bir tomondan yolg‘izlik, bir tomondan vujuddagi lanj og‘riq, bir tomondan havoning sovuqligi, bir tomondan sandalning xushyoqar issig‘i… Bunday damlar odam xohlaydimi, yo‘qmi – cheksiz o‘y-xayollarga beriladi, ko‘z o‘ngida nima jonlansa – goho tartib bilan, goho tartibsiz – chig‘iriqdan o‘tkazaveradi. Bunda bir qarorga kelish shart emas, bunda muhimi – o‘y surish, xayolga botish…
Toshko‘mirning cho‘g‘iga belini tutib yotarkan, badaniga bir me’yor iliqlik yugurgach, daydi xayollar Maham amakini ne yerlarga olib ketdi. Mana – Manzura… «Yurak-bag‘rimizni qonga belab ketding-a, qizim!» deya o‘yladi ezilib. Keyin tuyqus: «Oq qilaymikan?» degan fikrga bordi. Bir to‘xtamga kelolmay, rosa qiynaldi… Mana Xayrulla Latif… «Uf, seni menga yo‘liqtirganidan xafaman-da lekin!» Mana – Odilxon… Ana – O‘rmon…
E, o‘lishga hali erta, Maham amakiiing bo‘ynida qarzi ko‘p hali. Dunyodan umid uzish oson, lekin bu mardning ishi emas! Maham amaki taqdirga o‘chakishib yashashi zarur, u buni botinan his qildi. Shuning barobarida tanasida qandaydir sirli kuch-qudrat uyg‘onayotganini, qalbida achchiq hayotga nisbatan tiniq, ayricha bir mehr, tiriklikka ishonch tuygularining yangidan ildiz otayotganini yaqqol sezdi. Yelkasidagi sanchiq ham bora-bora susayib, tingandeq bo‘ldi. Go‘yoki shu damda xayolot epkini uning tanasidagi mujmal og‘riqni ham allaqayoqlarga eltib tashladi-yu toshko‘mir solingan mo‘‘jazgina sandalda azob-uqubatdan forig‘ bir vujudgina qoldi.
Hech bir o‘yi nihoya topmasdan, Maham amakining ko‘zi ilindi: xayoli uyquga ulanib, uyqusi xayolga chatishib ketdi.

6

Zamona tinchib, odamlarning ter hidi anqigan, ko‘kragiga yoqimli epkin tekkan, erkaklar zimdan, ayollar esa ochiqdan-ochiq yoqasiga tuflab: «Ko‘z tegmasin-a, peshonamizga shunday kunlar ham bitgan ekan-ku!» deya shukr qilib yurganida…urush boshlandi.
Joni, qoni evaziga bosmachini yurtdan aritib, endigina tinch, osoyishta osmon ostida qayta bosh ko‘tarib, endigina u yoq-bu yoqqa xotirjam qaray boshlagan xalq… dami ichiga tushib, tag‘in bir-biriga mo‘ltirab qoldi. Nigohlarda bir xil mung, bir xil dard, yuraklarni o‘rtantirguchi bir xil savol: endi nima bo‘ladi?.. Ko‘ngillar g‘ash, tubi qorong‘i bo‘lardi, urush urushligini qiladi-da, odamzodning boshiga soladiganini soladi-da, ko‘radiganimizni ko‘raveramizda…
Qishloqda atigi beshta – har mahalla o‘rtasida bittadan, guzarda ikkita radiokarnay bor edi, lekin odamlar urush boshlanganini bu karnaylardan eshitganlari yo‘q. Qora karnaylar «Nasrulloi»ni qoq yarmidan uzib qo‘yib, mash’um voqeadan darak berib tilga kirguncha, uzunquloq gap bu yerlarga yetib kelgan edi.
«Girmon bizga urush ochibdi!..»
O‘sha daqiqadan boshlab xalq o‘z-o‘zidan bir yerga to‘planadigan, qora karnaylar o‘rnatilgan simyog‘ochlar tevaragida soatlab tik turadigan bo‘lib qoldi. Nima gap, nima kuch – ko‘pning orasida bunga fahmi yetmaganlar ham bor edi. Kutilmagan xabardan gangib, hatto: «Obbo qistaloqlar-ey, urug‘iga qiron keltirdik desak, bosmachi qurg‘urning pusib yotganlari ham bor ekan-ku!» deya yoqa ushlardi ba’zilar. Ehtimol, shuning uchundir, urush boshlanganining to‘rtinchi kuniyoq qishloqqa rayondan vakillar keldi. Erkagu ayol bir zumda guzarga yig‘ildi. Vakillar besh-o‘n og‘izdan bo‘lib, frontdagi ahvolni birmuncha tushuntirgan bo‘ldilar. Ayniqsa, Qo‘qondan kelgan rus vakil bilan O‘rmon jamoa uzoq gapirdi.
O‘rmon jamoa oldiniga rus vakilining nutqini o‘zbekchaga o‘girib turdi, keyin anchasini o‘zidan ham qo‘shdi, o‘shanda u nimalar demadi! Yosh edi, g‘ayratli edi, terlab-pishib gapiraverdi. Buicha gapni qayoqdan o‘rgana qoldi ekan, deb Muhammadjon hatto hayron bo‘ldi. Xuddi oldindan tayyorgarlik ko‘rib yurgandek…
– Hamqishloqlarim! – dedi O‘rmon salmoq bilan. So‘ng birpas odamlarga qarab turdi. Ko‘ziga yosh oldimi, bu so‘zga ovozi qaldirab, dilezar qadar ta’sirchan chiqa boshladi.– Biz nimani o‘ylab inqilob qildik? – dedi u hayqirib. Yana birpas tek turdi.– Jonimizdan kechsak kechdig-u, lekin bosmachi la’natining hamlasiga ko‘ksimizni kalqon qildik! Xo‘sh, shunday qilayotganimizda biz nimani o‘yladik? Nimani deb kolxoz tuzdik? – Shu yerda O‘rmon cho‘ntagidan dastro‘mol chiqarib, ko‘zlarini, yuzini artdi va birdan tahdidli ovozda davom etdi:– Albatta, istiqbolimizni o‘yladik, istiqboldagi yorug‘ kunlarimizni o‘yladik! Hurriyat bo‘ldi, shu hurriyat bergan hur kunlarimizni o‘yladik! Xo‘sh, shunday paytda Ovrupodan bir malla dev chiqib, «Hammangni qirib tashlayman, qolgan-qutganingni kul qilaman, hurriyatingni ham, o‘sha senlar intilgan istiqbolni ham ko‘z ochib yumguncha yerga ko‘maman!» deb tursa… biz qo‘l qovushtirib o‘tiraveramizmi?! Yo‘q! Chuchvarani xom sanabdi o‘sha malla!.. Hoy xotinlar, ko‘p uvvos tortmasdan, erlaringizga yo‘l tadorigini ko‘ringlar! Hoy kelinchaklar, behuda soch yulguncha, qalliqlaringizning belbog‘ini chiqarib beringlar! Hoy birodarlar, qani sizlardagi shiddat, qani qadimgi yovqurligingiz?! Yigitman deb ko‘krak kergan bilan ish bitmaydi hozir! Unutmanglar, tomirlarimizda ota-buvalarimizning qoni bor-a! Qani, xaloyiq, bir yoqadan bosh chiqarib, qo‘zg‘alaylik, olis safarga otlanaylik! Ona Vatanimiz, ulug‘ yo‘lboshchimiz Stalin bugun bizdan shuni talab qilayotgan ekan, jonlarimiz sadqa bo‘lsin shunday Vatanga, Stalinga! – O‘rmon jamoa jiqqa terga botdi. Xiyol tin olib, sal bosiqroq ohangda davom etdi:– Bugundan e’tiboran jamoaning idorasini mana shu choyxonaga ko‘chiramiz, askarlikka yuboriluvchilar shu yerda ro‘yxatga olinadi… Endi tarqalinglar! Dalachilar dalasiga borsin, konda ishlaydiganlar konga jo‘nasin! Lozim topsak, o‘zimiz chaqiramiz. Lekin ogohlantirib qo‘yay: kimda-kim askarlikdan bo‘yin tovlasa, holiga voy bo‘ladi! Ko‘zlaringni ochinglar!.. Sho‘rolar hokimiyatiga qo‘l ko‘targanlarga – o‘lim! O‘lim! O‘lim!
Guzar allaqanday vahimali g‘ovurdan larzaga keldi. Sal o‘tmay qiy-chuv boshlanib ketdi. Ayniqsa, xotin-xalajning faryodidan Qatrontog‘ning toshlariga ham jon kirdi go‘yo – bitta qolmay erib bitdi. Nursuxariq o‘sha kuni ko‘zyoshlarga to‘lib okdi, bu ko‘zyoshlar qaytib kelib, yana tag‘in odamlarning yuragiga quyilaverdi, quyilaverdi. Iniga noxos cho‘p suqilgan chumolidek, xalq to‘zidi…
Shundan keyin kunda bo‘lmasa-da, kunora yigitlarning sara-sarasi tanlab olinib, askarlikka jo‘natilaverdi. Bir kishi ketadimi, o‘n kishimi, har gal qishloq huvillab qolaverdi…
Navbat Muhammadjonga yetdi. Avgust oyi edi. Muhammadjon unda Qatrontog‘ ichkarisidagi konlardan birida ishlardi. Dastlab ularga hech kim teginmadi. Sizlarga biron berganmiz, ishchilar shu yerda ham kerak, deganday gap bo‘lgan edi. Keyin, negadir, kondan ham askar olina boshlandi.
Chaqiruv qog‘ozi kelganda Muhammadjon Sho‘rsuvda edi, kech-qorong‘ida uyga qaytsa… Ayasi chopa kelib bo‘yniga osilib oldi. Yig‘ladi, siqtadi, biram yig‘ladiki… Muhammadjon beixtiyor uni gap bilan siltab tashladi.
– Aya, hozirdanoq meni o‘ldiga chiqaryapsizmi?! Axir, urushga borayotgan bir men emas-ku!
Xotini Muharram boshda sir bermay turdi, lekin Muhammadjon uning iztirobini ham aniq-yaqqol sezdi. Harakatlari sust, parishon, uyga kiradi, hovliga chiqadi, ora-sira biyron o‘g‘ilchasini bag‘riga bosib, unsiz ko‘zyoshi to‘kadi. Ona ko‘zdan pana bo‘lganda, Muhammadjonning oldiga kelib, yuraklarni zirqiratguchi dard bilan:
– Karimjon ikkalamiz nima qilamiz endi? – dedi. Shu – bori ham, yo‘g‘i ham shu bir og‘iz gap, lekin Muhammadjon shuning o‘zidayoq bo‘lg‘usi ayriliq iztiroblarini, tubsiz hadik-xavotir alomatlarini tuydi, hali onasi bo‘yniga osilib yig‘laganida ham qilt etmagan odam, endi seskandi…
Shunday qilib, yozning adog‘ida Muhammadjon ko‘p katori frontga jo‘nab ketdi.

7

Bir payt qulog‘iga elas-elas ayol kishining tovushi chalindi. Tushiga ayqashib eshitilgani uchun indamay yotaverdi. Tovush ikkinchi bor qaytarilganda, tushi emasligini, gapirayotgan o‘zining xotini ekanini bildi: Maham amaki ko‘zini ochdi.
– Hoy, sizni nima jin urdi, Karimjon, turmaysizmi? Kun chiqqanda yotadigan fe’lingiz yo‘q edi-ku! – derdi Muharram xola uning yelkasidan turtib.
Maham amaki chinqirib yubordi:
– Yelkamga tegma, ahmoq! – So‘ng xiyla bosiq ohangda go‘ldiradi:– Yelkamga tegma-da, axir…
Muharram xola o‘zi yo‘q payti eriga nimadir bo‘lganini sezdi. Lekin sezmaganga oldi. Odatdagidek, birini tog‘dan, birini bog‘dan olib bidirlay ketdi:
– Qudalarim so‘rab yuborishdi. Qizingiz ergashgan edi, qo‘ymadim. Qo‘lidagi shabadalab qolibdimi, yotibdi, issig‘i baland… Ko‘nglim bir bo‘lib, bir bo‘lmay keldim o‘ziyam. Voy bu sovuqni, voy bu sovuqni, burunlarimni chirt-chirt uzib ketaman deydi-ya! Xayriyat, qo‘shnilari insofligina ekan, erkak qudam bir og‘iz aytgan edi, yo‘q demadi – g‘ir etib tashlab ketdi. Ko‘chadan qaytdi… Bir hisobda, kirmagani yaxshi bo‘pti, bunaqa qip yotganingizni ko‘rganida… Ayoli og‘iroyoq emish, shundan xavotir olib ketdi. Bu sovuqda bo‘shanishini ayting. O‘lmagan xotinlarning joni!
Gap orasi Muharram xola qizinikidan ko‘tarib kelgan dasturxonni ochdi. Mevasini mevaga, nonini nonga ayirib qo‘yaverdi. Maham amaki indamadi. Shoshilmasdan, oyog‘idagi paytavani chuvalashtirib, taxlab, ko‘rpachaning qatiga tiqdi-da, obrezning ustiga cho‘kka tushgancha yuzini yuvdi, boshiga tang‘ilgan qiyiqni yechib, hafsala bilan artindi. Muharram xola yana nimalarnidir gapiravergan edi, uning ovoziga quloq tutib, xatti-harakatlarini zimdan kuzatarkan, odatda qadrdon kishiga nisbatan hamisha ko‘z-ko‘z qilinavermaydigan, biroq ko‘ngilning tub-tubida mudom ardoqlanib saqlanadigan mehr tuyg‘ulari junbushga kelayotganini his qildi. Xotiniga shu tobda yaxshi gaplar aytgisi, uning dimog‘ini chog‘ qilgisi keldi. Niyati tilga ko‘chganda esa, og‘zidan chiqqan gapga o‘zi ham hayron qoldi:
– Kelib-kelib kecha ketganingni qara, Karim! Boshqa kun quriganmidi! Yo, qizing o‘zi bir kelsa, tug‘i pasayib qoladimi?
Muharram xola erining ginasi sababini ko‘p ham tushunmadi.
– Bolasi kasal ekan, deb aytdim-ku sizga,– dedi beg‘arazgina.
– Kasal bo‘lmasdan oldin kelsin edi! Axir, tokaygacha orqasidan yurasan?!
– Nimaga muncha zarda qilasiz? – dedi Muharram xola tutaqibroq.– Yaxshi borib keldingmi – yo‘q, hol so‘rash – yo‘q… Sizga begonami o‘sha? Osmondan orttirib kelganim yo‘q men!
Maham amaki o‘zini bosdi. Xotini rost aytadi, u bechoraning aybi nima – ruxsatsiz ketmagan bo‘lsa? Qiyiqni mixga ildi-da, sandalga kelib o‘tirdi.
– Kechasi naqd ketgan edim-da, xotin,– deya zorlandi so‘ngra,– bir buradi-i… Bunaqasi sira bo‘lmagan. Qovurg‘alarim eshilib, qo‘lim kuragimdan uzilib tushadimi dedim. Ajalimdan besh kun burun olib ketadi-yov shu…
Muharram xola yumushini yig‘ishtirib, eriga baqrayib qaradi: tag‘in tutibdida zormanda! So‘ng ehtiyotkorlik bilan dedi:
– Ha, aytganday, esingizdami, erkak qudamning ham oyog‘i ko‘pdan beri og‘rib yurardi. O‘sha yarasi qo‘zib, tunovinda yana qadam bosolmay qopti. Kuyovingiz Qo‘qonga oborgan ekan, do‘xtirlar darrov kesibdi. Tizzasining ko‘zidan tirnoqdek temir chiqqan emish. Ana! Tizzasida temir borligini u bechoraning o‘ziyam bilmaganakan… Banisadan chiqqaniga bir hafta bo‘lgani yo‘q, bip-binoyidek yuribdi erkak qudam.
Xotinining jonsarakligi negadir hozir Maham amakiga yoqmadi. Qaytaga, izzat-nafsiga tegdi.
– Erkak qudam, erkak qudam deysan, bu yoqda o‘zingning erkaging o‘laman deb turibdi!
Muharram xolaning rangi o‘chdi. Go‘yo shunday qilmasa eriga haqiqatan bir balo bo‘ladigandek, shosha-pisha ko‘kragiga tuflab, yoqasini tishladi.
– Nafasingizni yel olsin, biram mahovat qilasiz! Axir, sizni o‘ylaganimdan aytyapman-da, Karimjon, duxtirga boring, deb bo‘lmasa sizga… O‘libmidi, bitta yarani tuzatolmasa!
– Tuzatolmaydi, bildingmi?! Tuzatolmaydi! Yaqindan beri Maham amaki bilan Muharram xolaning turmushlari turmush bo‘lmay qoldi. Ikkalasi ham qil ustida yurgandek go‘yo: bo‘lar-bo‘lmasga jizzakilik qila boshlaydi, gapirsa gap ko‘tarmaydi, erning so‘zi xotinga, xotinning so‘zi erga ta’na, dakki-dashnom bo‘lib tuyuladi. Ko‘rqqanga qo‘sha ko‘rinar, deganlaridek, yarimta ko‘ngil bilan ham osoyishta yashab bo‘lmas ekan. Qizlari Manzura O‘rmon cho‘loqning o‘g‘li To‘ychi bilan qochib ketgandan beri ahvol shu. Bir oy bo‘lib qoldi, na xat bor, na xabar – quduqqa cho‘kkandek dim-dim. Noiloj, dardlari ichlarida, alamlarini bir-birlaridan olib, zahar-zaqqumni bir-birlariga sochib kelishyapti…
Hozir ham shunday bo‘ldi. Muharram xola avvaliga, ishqilib Manzuradan o‘qimasin, qulog‘im endi tinchiganda tagin Manzuraning g‘avg‘osini boshlamasin, deb cho‘chinqirab turdi, har ne qilib ko‘ngilsizlikning oldini olmoqqa chog‘landi, lekin… o‘zining sabr-bardoshi yetmadi. Ayniqsa, erining: «Do‘xtiringni pishirib ye o‘zing! Mehribonchiliging ham o‘zingga siylov!» deb baqirgani jon-jonidan o‘tib ketdi. Qo‘qqis tomog‘iga achchiq bir xo‘rlik bosib keldi va u o‘tirib baralla ho‘ngrab yubordi. To‘lib turgan ekan, tiliga ham erk berdi. Yig‘i aralash vaysashga tushdi, vaysab turib yig‘layverdi. Bu yig‘i shu damga qadar dilda pinhon tutilgan dardlaru olamda eng xunuk qarg‘ishlar, qizi Manzuraga insof tilab, «betavfiq» To‘ychiga o‘lim tilab qilingan tavallolarga yo‘g‘iriq edi.
Maham amakining chakkalariga muzday ter tepchidi. Ko‘zniki tuproqqa, yurakniki yurakka borarkan – Muharram xola hozir yurakdan yig‘layotgan edi, Maham amaki birdan tutaqdi:
– Qo‘limga tushsin o‘sha qanjig‘ing, butini yirtib tashlayman… O‘rmonning darvozasiga osaman! Hammasini o‘ldiraman! Uyini kuydiraman!
Maham amaki, allaqanday kuch vujudini g‘ijimlab tashlagandek, madorsizlandi. Va botinan bir narsaga iqror bo‘ldi: baribir qo‘lidan hech ish kelmaydi, bu jazava, bu g‘azablarning bari puch gap, axir, bunaqa jazavaga endi tushayotgani yo‘q. Qizining butini yirtolmaydi, negaki, bu dunyoni chidaganga chiqargan, u nomard emaski, chidamaganning yo‘lini tutsa. O‘rmonning darvozasiga ham osolmaydi, ossa, o‘zi kulgiga qolmaydimi, O‘rmon ichdan sevinmaydimi? Hammasining uyiga o‘t qo‘yishni-ku gapirmasa ham bo‘ladi, chunki hozir qishloqning yarmi O‘rmonning urug‘i, xeshi – ularni tugatib bo‘ladimi? Demak, birgina yo‘l qolgan unga: damini chiqarmay so‘kaveradi, so‘kaveradi. Shuda endi.

8

Manzura yigirma to‘rtga kirgan, ko‘zga yaqin bir kelinchak edi. Rahmon melisaning o‘g‘liga tushganiga to‘rt yilcha bo‘lgan, ikki yarim yashar qo‘g‘irchoqdekkina qizginaning onasi, lekin vujudidan qizlik latofati arimagan suluv juvon edi.
Eri institutni bitirib kelgach, qishloq maktabida boshlang‘ich sinflarga dars berib yurdi. Qaynotasi ko‘p yillar melisada ishlagan, Manzura kelin bo‘lib tushmasidan picha oldin ayrim noma’qul ishlari ochilib qolib, bu sohadan badarg‘a qilingan, endi magazinga qorovul bo‘lib olgan edi. Uyda esa qishin-yozin dehqonchilik qiladi. Tomorqasidan chiqqan daromadga o‘g‘lini o‘qitdi, uylantirdi. O‘g‘li institutda o‘qiyotganida ham, bitirib qaytganidan keyin ham Rahmon melisa uni ro‘baro‘siga o‘tirg‘izib olib, ko‘p nasihat qilgan, «bir-ikki yil chidab, ma’limlik qilib turgin, nasib etsa, organga ishga o‘tkazib qo‘yaman», degan. Manzuraga kelgan sovchilar ham shuni nazarda tutib, bo‘lajak kuyovni rosa maqtashgan. «O‘zi ma’lim bo‘lgani bilan… yaqinda melisalikka o‘tib ketadi!» deb og‘iz ko‘pirtirishgan. Bu ishga Maham amakining mutlaqo rag‘bati yo‘q edi, Rahmonni yaxshi bilaman, unga beradigan qizim yo‘q, deb anchagacha oyoq tirab yurdi. Rahmon melisa unga bevosita yomonlik qilmagan-u, lekin O‘rmon cho‘loq hali jamoaning raisi bo‘lib turganida yaqinligi bo‘lgan – Maham amaki shundan norozi edi. Biroq uning noroziligi bilan birov hisoblashmadi. Sovchi ustiga sovchi kelaverib, Muharram xola dovdirab qoldimi yo quda xonadoni tomonidan va’da qilingan sepga uchdimi, Maham amakiga: «Xotinlarning ishiga aralashmang!» dedi-yu, shartta oqlik berib yubordi. Maham amakining aralashuvisiz to‘y ham bo‘lib o‘tdi…
Biroq odamzodning aytgani hadeb ro‘yobga chiqavermas ekan — kuyov hash-pash deguncha olti yil o‘qituvchilik qilib yurdi, melisalikka o‘tavermadi. Sarf-xarajati ko‘payib, oltinchi yili yettinchi sinflarga chizmachilikdan ham dars berdi. Manzuraga uylanganidan bir yarim yil o‘tib, dadasining va’dasi amalga oshmasligiga ko‘zi yetdi chog‘i, kutilmaganda o‘qituvchilikni tashladi-da, Neftoboddagi burochilardan biriga ishga o‘tib ketdi.
Manzura erining bu ishidan avvaliga quvondi: rostdan, ro‘zg‘or degan gaplar bor, maktabdan bir nima orttirib bo‘lmasa, o‘zining daladan topayotgani lozimadaga yetsa mayli, maoshi uch yuzdan osharkan, dedi. Muharram xola ham bir gal qiziga: «Ering toparmon-tutarmon maoshi tuzuk, hali yoshsizlar, ro‘zg‘orni butlab olganga nima yetsin…» deb aytdi.
Shunday qilib, har kuni tong-saharlab er toqqa qatnaydi, Manzura – dalaga. Qizchalari tug‘ilib, Manzura uy ichida o‘ralashib qoldi, er esa bir kuni, tomdan tarasha ushgandek, yangi gap topib keldi. Buxoroning qaysidir burchagiga borib, ozgina ishlab kelmoqchi emish. Bu yerdagi maoshi to‘la saqlanadi, yo‘lkira puli naqd, naryoqdan ham durustgina oladi, oshiyu noni bo‘lib, oyiga to‘rt yuz-to‘rt ellik so‘mgacha tushirsa bo‘ladi, Manzura tashvish tortmasin, tez-tez kelib turadi, axir, Buxoroda uning yo‘qotgani bormidi yoki u yoqlarda pishirib qo‘yibdimi… borsa, pul uchun boryapti-da, ko‘radi: yoqsa, biror yilcha ishlaydi, yokmasa…
Manzura oh-voh urmadi, oh-vohningbehudaligini bildi, ko‘mak kutibmi, sekin qaynotasiga termildi. Rahmon melisa o‘zini olib qochdi, zimdan bir Manzuraga, bir o‘g‘liga nazar tashlab, to‘ng‘illadi: «Senlarga bas kelib bo‘ladimi, qoshidan tushmasdan o‘zimniki ma’qul, deysan, gapirsa – o‘chchonglaysan. Buxoroga ekan-ku, borma deganim bilan ham qolmaysan!..» Bu bilan u kimga yon berdi – Manzura bilolmadi, chapagini chalib, ich-etini yeb qolaverdi.
Bir yil o‘tdi. Ana-mana deguncha ikki yil o‘tdi. Er birda-yarim kelib turdi-yu, uzil-kesil qaytavermadi. Manzurani yana tong qoldirib, imi-jimida o‘shandan nari Koraqalpog‘istonga surib ketdi. Tag‘in yarim yilcha ishlasa, jamg‘armasi falon so‘mga yetarmish, shundan keyin tilla bersayam hech yoqqa siljimay, Neftobodda yo Sho‘rsuvda muqim ishlayverarmish. Yaqinda kelgan bir xatida: «Qishda butunlay qaytaman, Manzur, o‘zim ham rosa zerikdim, ayniqsa, qizimni sog‘inib ketdim», deb yozibdi. Bu xushxabardan Manzuraning turib-turib alami qo‘zidi. O‘z-o‘zidan o‘pkasi to‘ldi. Qorong‘i tushguncha miq etib tovush chiqarmadi. So‘ng huvillab yotgan kelinlik uyiga kirdi-da, qizchasini uxlatib qo‘yib, kechasi bilan tepasida yum-yum ko‘zyoshi to‘kib chiqdi. Yig‘lagan sari to‘rt devor uni tobora siqib kelar, aylanasiga mixlarga ilingan ko‘ylaklar, sochiqlar noxos sirtmoq bo‘lib bo‘yniga tushaverar, tokchalardagi chinni idishlar o‘z-o‘zidan jarang-jurunglab, uning holidan kular edi… Manzurani vahm bosdi, vosvosga chalinay deb qoldi, lekin chidadi – qaynonasini chaqirmadi. Saharga yaqin, qizchasini quchoqlagancha uyquga ketdi. Ajoyib kunlarning birida shu suyumli qizchasini bag‘riga bosib, har ikki xonadonni dog‘da qoldirib, qochdi-ketdi…
Adashmasam, o‘shanda men yettinchi sinfda o‘qirdim. Paxta terimi oxirlab qolgan paytlar edi. Sovxozimiz u yillari cho‘ldan yangi yerlar ocha boshlagan, ekishga ham, terimga ham qatnashga to‘g‘ri kelar edi. Biz – maktab o‘quvchilari har kuni yetti-sakkiz moshinaga minib Komilcho‘liga borardik: bahorda yagana yo chopiq qilardik, kuzda paxta terardik. Bir kuni kechqurun, odam odamni tanib bo‘lmas palla, odatdagidek qiy-chuv, to‘s-to‘polon bilan qishloqqa kirib keldik. Moshinalar karvoni Ko‘prikboshiga yetganda orqama-ketin to‘xtadi. Cho‘ldan hech kim quruq qaytmagan edi. Bog‘-bog‘ pichanlar, o‘t to‘la qoplar gurs-gurs asfaltga irg‘itildi. Orqada qatorlashgan moshinalar chirog‘ini o‘chirmagan, ko‘zlarimiz qamashadi.
– Hoy, qoch! Qoch deyman, belingni uzib ketadi!
– Ko‘zingga qarasang o‘lasanmi, Isim sariq!
– Domla, manov Uzoqni qarang, sochimdan tortyapti… Qo‘yvor hozir, domlaga aytib beraman!
– Ayt! Aytib ko‘r-chi, shimini yechib berarmikan.
– Voy, ko‘ylagimni yirtding! – Hayt. Qiy-yu-u-u…
Hamma baravariga baqiradi, hech kim bir-biriga quloq solmaydi – qishloqni boshimizga ko‘tarib olganmiz. Ba’zilarning akalari, opalari xavotir olib, yo‘l bo‘yiga chiqib turgan ekan, shovqinning kamiga ular qo‘shiladi. Bozor deysiz! Bozorki, kim xaridor, kim sotuvchi – bilib bo‘lmaydi.
Men ham o‘tga jiq to‘la qanorimni pastga irg‘itib, ketidan o‘zimni otdim. Turib, ust-boshimni qoqib, qopga engashdim. Uni endi yelkamga olaman deb tursam, ikkita qizning allaqanday sirli shiviri qulog‘imga chalindi:
«Manzura opa To‘ychi aka bilan qochib ketibdi…»
«Iya, qaysi Manzurani aytyapsan – Rahmon melisaning kelinimi? Kim aytdi senga?»
«Ana, hozir opam aytdi…»
Bu yangilik mabodo boshqa «opa» to‘g‘risida bo‘lganida men eshitmasligim, eshitsam ham bu qadar diqqat qilmasligim, diqqat qilsam ham, ularga ko‘shilib hammaga yoyishim mumkin edi. Lekin. Qizlarning aytayotgani – Manzura opa, mening suyumli Manzura opam edi! Beixtiyor qanorga cho‘kkalab qoldim. Keyin, hamma tarqab ketgach, bir amallab uyga yetib oldimu darhol ayamdan so‘radim. Va..
Hech narsaga aqlim yetmay, tuni bilan g‘alati-g‘alati tushlar ko‘rib, to‘lg‘anib chiqdim.
Manzura opam jonajon o‘rtog‘im Nosirning ammasi edi. Nosir – Karim tog‘aning o‘g‘li, Maham amakining nevarasi. Maham amaki bilan mening opoqdadam ming yillik qadrdonlar, hatto bir-birlarini sensirashib gaplashishardi. Nosir ikkalamiz ham opoqdadalarimizga o‘xshab qalin oshnalardan edik. Bolalikda eng ko‘p birga yurgan ikkita o‘rtog‘im bo‘lsa, bittasi – Xayrulla, ikkinchisi shu Nosir edi. Kun bo‘yi to‘p tepardik, oshiq o‘ynardik, ishlarimizni xam uchalamiz birga qilardik. Nosirning dadasi Karim tog‘a oltingugurt zavodida yukchi bo‘lib ishlardi. Uchinchi sinfda o‘qiyotganimizda Nosirlar Sho‘rsuvga ko‘chib ketishdi-yu qishloqda Xayrulla ikkalamiz so‘ppayib qolaverdik. O‘sha yili Grisha amaki degan bir grek muhojiri hukumat bilan kelishib, vataniga qaytib ketgan ekan, posyolkaning kattalari uning uyini Karim tog‘aga beribdi. Nosirni Maham amaki ham olib qololmadi, Karim tog‘a uni o‘rischa maktabga beraman, degan emish.
Endi o‘ylab qarasam, Manzura opa bilan xuddi ana shundan keyin inoqlashib ketgan ekanmiz. Ilgari Nosir, men, Manzura opa uchalamiz dalada birga o‘t yulardik. Endi Nosir ketgan, lekin Manzura opa haliyam meni yonidan jildirmasdi. Hatto ba’zan atay uyga chaqirib kelardi.
– Nozimbek, bugun sero‘t joyni ko‘rib keldim,– derdi meni qiziqtirish uchun.– Valasapidingni opchiq!
O‘ziga teng ko‘rib gapirganidan har gal boshim ko‘kka yetib, zumda birorta qopmi, etakmi ko‘tarib chiqardim va ikkalamiz bir kun Oqtuproqqa, bir kun To‘qayga, bir kun Kattajarga, bir kun Go‘shtqishloqning sarhadlarigacha borib o‘t yulardik. Manzura opa qopini tezgina to‘lg‘azib, keyin menga yordamlashib yuborardi. Yonma-yon yurib, antiqa-antiqa gaplar aytib, kuldirgani kuldirgan edi. Latifa so‘zlasa, o‘zi mendan ko‘proq kulardi…
Bir kuni uyga qaytayotib, uni so‘roqqa tutdim:
– Rahmon melisaning o‘g‘liga tegasizmi, Manzura opa?
U kuldi.
– Kim aytdi senga? – dedi.
Men bu yangilikni uyimizda bo‘lgan gapdan eshitib olgan edim.
Manzura opa to‘xtadi, valasapidning egariga tirsagini qo‘ydi-da, menga g‘alati qaradi.
– Senga yaxshimasmi, Nozimbek,– dedi keyin.– Qo‘shni bo‘lamiz…
– Birovga tegsangiz, men bilan o‘t termay qo‘yasiz-da. Manzura opa valasapidning rulini qo‘yib yubordi. Qoplar qalqib, yonboshga gursillab ag‘nadi. Ikkovimiz ham cho‘kkalab olib, miriqib kuldik.
– Obbo rashkchimdan-ey! Meni qizg‘anyapsanmi-ya…– dedi Manzura opa.
Turib, yo‘lga tushdik. Saldan keyin u tag‘in shu gapga qaytdi, ma’yus ko‘z suzib:
– Qo‘rqma, Nozimbek,– dedi.– Baribir sen bilan billa o‘t teraman, billa o‘ynayman. Rahmon melisaning o‘g‘li bo‘lsa – o‘ziga.
Keyinroq bildim: Manzura opa o‘shanda Rahmon melisaning o‘g‘lini yaxshi ko‘rar ekan!
Qanday shirin edi u damlar – mening o‘zim bir olam, Manzura opa bir olam, bu olamlarning har biri o‘zicha go‘zal, o‘zicha takrorlanmas!
Ko‘p o‘tmay to‘y bo‘ldi, Manzura opa qo‘shnimiznikiga ko‘chib keldi. Kim qanday – bilmadim-u, o‘sha to‘yda menchalik o‘ynagan, menchalik yayragan bola bo‘lmasa kerak.
Xotiramda tiniq saqlangan voqealardan yana biri oltinchi sinfni tugatayotganimda – bahorda ro‘y bergan. Men unda ayamga yordam bergani dalaga borib turardim. Bir kuni tag‘in Manzura opa bilan o‘t terdik. Negadir uyga ketishga sira shoshilmasdik. Ikkovimiz bitta qopga mingashib oldik: men – oldinda, Manzura opa – orqada. O‘zimizni duldul otda his qilamiz.
– Meni qayoqqa olib bormoqchisan, Nozimbek? – dedi Manzura opa kulib.
– Qatrontoqqa! – dedim og‘zimni to‘ldirib.
– Qatrontog‘ingda nima qilaman?
– U yerda sizga ertak aytib beraman.
– Ertaging zo‘rmi?
– Zo‘r!
– Chu deng bo‘lmasa otingizni, sher yigit!
– Chu-u! – dedim otning «sag‘rin»ini savalab: qo‘lim Manzura opaning tizzasiga tegdi.
– Voy o‘lmasam, otingiz qarib qolibdi-ku, yigit, yurolmayapti.
– Bu yurmaydi, uchadi!
– Uchirmaysizmi bo‘lmasa!
– Uchib ketyapmiz-ku!
Oxiri Manzura opa chirishni buzdi.
– Mayli, shu yerda aytaqol ertagingni,– dedi yelkamga ko‘l tashlab. Men otning «jilov»ini o‘z holiga qo‘yib, Manzura opaga o‘garilib o‘tirib oldim. Ko‘zimni ko‘zidan uzmay, ertagimni boshladim:
– …Tog‘u toshlarning shohi, g‘orlarning sultoni ajdaho yashab-yashab, axiyri zerikibdi-da: «Bironta qiz-piz topib olib, uni katta qilib, keyin uylanib olamanu mazza qilaman!» deb shaharga tushibdi…
Manzura opa tizzasiga shappaladi.
– Tozayam jinni ekan-ku o‘sha ajdahoing! Birato‘la bo‘y yetganidan topaqolsa bo‘lmasmikan!
– Men qayoqdan bilay, kitobda shunaqa yozilgan,– dedim o‘zimni oqlab.
Manzura opa ko‘rsatkich barmog‘i bilan tuyqus burnimning uchidan bosib, «Voy puchug‘-ey!» dedi. So‘ng ikki qo‘liga tayanib, o‘zini orqaga tashladi, qirq o‘rim sochlarini bir-ikki silkitdi-da:
– Kimni olasan, Nozimbek? – dedi shivirlab. Uyalgan bo‘ldim, indamadim.
– Senginaga qaysi qiz yo‘liqarkan-a?.. Tag‘in miq etmadim.
– Kimni olsang ham, doim xotiningni yonida yurgin, sira tashlab ketma. Xo‘pmi?
– Xo‘p! – dedim darrov.
Ha, men o‘shanda o‘ylab o‘tirmasdan «Xo‘p!» dedim. Manzura opa esa…
Manzura opa indamay o‘rnidan turdi. Qopini dast ko‘tarib, boshiga qo‘ydi-da, jo‘nab qoldi. Bu qilig‘ining sir-sinoati o‘sha tobda menga qorong‘i edi. Umuman, g‘alati-galati odatlari bor edi. Ba’zan ma’yus tortib qoladi, ba’zan undan xursand odam yo‘q. Shunday paytlari qizining xatti-harakatlarini ko‘rsatib rosa kuldirardi, xatto ikki marta, eridan kelgan xatni ham o‘qib bergan…
Unda men mast edim! Uyga kela-kelgunimcha Manzura opadan ko‘z uzmadim. U esa hamon o‘shanday – oldinga tushgancha, bir so‘z demay, ortiga ham o‘girilmay, dadil ketib borardi. Boshida lapanglagan bir qop o‘tning yukini sezmasdi go‘yo.
Biz daladan qaytayotganimizda, ko‘pincha, tevarak-atrof qorong‘ilik og‘ushiga chulg‘anayotgan bo‘lardi. Chap tarafda Qatrontog‘ etaklari endigina qoraygan, oftob o‘ng tarafdagi Bo‘yob tog‘ining ortiga yashiringan, osmonning Bo‘yob bilan o‘pishgan bir parchasi qip-qizil palla bo‘lardi. Biz daladan qaytayotganimizda, eshilib-buralib qishloqni kesib o‘tgan yo‘ldan moshinalarning, traktirlarning qatnovi kamaygan, atrofga sukunat cho‘kib, bu mayin, ayricha sukunat aro Nursuxariq soyining shovullashi kuydek eshitila boshlagan yo birdaniga hammasi barham yeb, o‘rnini adirdan kaytayotgan podaning suroni egallagan bir palla-bo‘lardi. Biz daladan qaytayotganimizda…
Keyinchalik, qachon qishlog‘imga yo‘lim tushsa yo olis o‘lkalarda yurib, qachon ona yurtimni, jonajon elimni, beg‘ubor kechgandek tuyulguchi bolaligimni o‘ylasam, ko‘z o‘ngimga dastavval ana o‘sha palla keladi. Manzura opaning, goh g‘amgin, goh sho‘x suhbatlari, kulgilari, xo‘rsinishlari,o‘t yulaverib tilingan-shilingan barmoqlari, va nihoyat, boshidagi ulkan qop… Yana-tag‘in: ikki dalani o‘kdek kesib o‘tgan tutqator, ufqqacha cho‘zilib ketgan uzun, ingichka so‘qmoq; tuprog‘i ilikka uradi. Manzura opa yengil-engil, odimlaydi. Etigining ostidan ikki yoqqa sachragan chang» ajib tovlanadi. Osmon hali oqish, parcha-purcha bulutlarning to‘shi ham oqish, pastga osilib turgan qismi qoramtir, Bo‘yobning osmonga qadalgan qirrasi qontalash… Manzura opaning odimlari yengil, boshidagi qop go‘yo hozir uchadi-yu, borib ufqqa sanchiladi, o‘zi ham huv o‘sha qizillikka yo‘g‘rilib ketadi…
Kuzga kelib Manzura opa biznikiga tez-tez chiqadigan bo‘lib qoldi. Chiqib, ayam bilan uzoq gangir-gungurlashib o‘tirardi. Men unipg tetapoya yurib ketgan qizchasini o‘ynatar edim.
Bir kuni Rahmon melisaning xotini ayamga nolindi:
– Sayoq bo‘p ketdi qirilgur! Eri kelgunicha uyni uy qip o‘tirganini ko‘rmayman-a… Chiqovrib, sizlarniyam bezor, qivorgandir?
– Zerikadi-da, aylanay. Yosh narsa, bir joyda o‘tiraverib, yuragi siqiladi.
Rahmon melisaning xotini ketgach, ayam dadamga shunday dedi:
– Manzirning biznikiga kirganidan gumonsirayapti. G‘iybat qiladi, deb o‘ylaydi-da. Bilmaydiki, uning dardi boshqa. Koshki g‘iybatga arzisang!
Mana endi bu gap: Manzura opa qochib ketibdi!
Unga achingan, tarafini olgan yagona odam – ayam:
Mening Komil cho‘lidan keliboq so‘ragan so‘rog‘imga bafurja javob qilib bo‘lgach, ko‘zlarimga tikildi-da: «Sen birovlarning gapiga qo‘shilib yurma!» dedi.
Bu ko‘ngilsiz voqea Maham amaki bilan Muharram ayalarning yarim jonlarini sug‘urib ketdi.
Endi o‘ylab qarasam, odamzodni urushlar, tabiiy ofatlar qaritmas ekan, aksincha, ular bari uni chidamga, matonatga undar ekan. Ochlik, qashshoqliklar odamzodning boshini bukolmas ekan, aksincha, ular bari uni kurashga chorlar ekan. Odamzodni yenguvchi yagona qodir narsa – o‘zining turmushi, turmushining mayda-chuyda, azaliy hamda abadiy tashvishlari ekanki, chidamu matonat shunga kelgaida yetmas, unga qarshi isyon ko‘tarib ham bo‘lmas ekan – odamzod yorug‘ dunyoga yo‘ldosh ichida kelishida ko‘p ma’ni bor ekan. Ya’ni, tashvishi o‘ziga yo‘ldosh ekan!
Ne bir yurtlarda qon kechib omon qaytgan Maham amaki ham , yaqin-yaqinlargacha gurs-gurs qadam bosib yuradigan Muharram xola ham bir kechadayoq qaridilar-qoldilar…
Ayam meni tez-tez ularnikiga chiqarib turardi.
«Bor-chi, ish-pishlari yo‘qmikan. Bo‘lsa, qarashib yubor!» derdi.
O‘tin yorardim, suv keltirib berardim, bittagina qo‘ylari qolgan edi, o‘shanga qarardim, ishqilib, maktabdan keldim deguncha, darrov Maham amakilarnikiga chopardim.

9

Maham amaki bilan Muharram xolaning ko‘rgan kunlari qursin! Farzand o‘stirdik, deb yurishardi, farzand emas, balo o‘stirishgan ekan: bir dumalab, hammani begona etdi-ketdi.
Chol-kampir yetaklashib, O‘rmon cho‘loqnikiga bordilar. Muharram xola ayyuhannos solib, Maham amaki boshini xam qilib O‘rmonga xusumatini necha yildan buyon dilda to‘plab kelgan edi, endi chidamadi Maham amaki, shu safar yo u yoqli, yo bu yoqli qilmoqchi bo‘ldi. Lekin O‘rmonning muomalasini ko‘rib, negadir birdan shashtidan tushdi.
– Nima qilay, birodar, mening ham boshim qotib qoldi,– dedi O‘rmon imkon qadar yumshoq ohangda.– Bu palakatni ko‘rmaysizmi! Yetti uxlab tushga kirmagan ish-a! Bizgayam oson tutmanglar. Kelinning, qudalarimizning ichdida nima degan odam bo‘ldik! Ming yillik qadrdonmiz, Mahamboy, yengillik qilmaylik, peshonamizda bor ekan, qayoqqa qochib qutulardik…– Keyin Muharram xolaga o‘girildi.– Non ursin, Muharram kelin, o‘limdan xabarim bor, lekin palidning munaqa fikrini… Odamlarni ko‘ying, kelin, el og‘ziga elak tutolmaysiz, bo‘lar ish bo‘ldi, gapiradi-gapiradi, axiyri bir kun tinchiydi-da. Ana, Vali do‘konchining xotinini qancha gap qildi, oqibati nima bo‘ldi? Odamlarning o‘zlari uyalib qoldi-ku! Sabr qilaylik-chi, bir yo‘li topilar, axir…
Ertasi Sho‘rsuvdan Karimjon yetib keldi. Soqoli olinmagan, ust-boshi, qoshu kipriklari oltingugurtning sap-sariq changiga botgan, pishillaydi, xirillab yo‘taladi. Keldi-yu bir so‘z demay, otasi bilan onasini oldiga solib, to‘ppa-to‘g‘ri O‘rmon cho‘loqning uyiga kirib bordi. Bo‘ldi jang, bo‘ldi taloto‘p… ish hatto pichoq o‘qtalishgacha yetib bordi!
O‘rmon ham endi kechagi O‘rmon emasdi, asli holiga qaytdi. Ayniqsa, Karimjonning qo‘lida yaltiragan pichoqni ko‘rib, jini qo‘zigandan-qo‘zidi, ovozining boricha o‘shqirib, ota-bolaning jon joyidan oldi:
– He… Indamagan sari osmonga sapchiyverasanmi?! Avvali g‘unajiningdan boxabar bo‘l, shuncha dag‘dag‘ang bor ekan, vaqtida qayirib ol edi! Achityaptimi endi?! Singlingni eplayolmay, cho‘loqqa kuching yetdimi? Prontavikka-ya?! So‘y, nomard, so‘y! Sendaqa kallakesarlardan ko‘pini ko‘rganman, itvachcha!
Endi pichoq O‘rmonning bo‘g‘ziga qadalmaydi, qiniga ham kirmaydi – unaqa holat emasdi hozir. Karimjon buni sezdi, ko‘zlariga qon quyilib, vujudi qalt-qalt titrab, uni jon-jaxdi bilan duch kelgan tarafga uloqtirdi. Pichoq uchib borib, bostirmaning ustuniga sanchildi. Maham amaki beixtiyor o‘sha yoqqa bir qarab qo‘ydi, unga tuyuldiki, pichoq go‘yo ustunga dastasigacha kirib ketdi…
Sanchig‘liq pichoq sanchig‘liqligicha qolaverdi. Karimjon etagini qoqib, chappa-rostasiga so‘kina-so‘kina, yovvoyi qiyofada ko‘chaga otildi. Maham amaki kelganidan beri bir so‘z demay, qaytayotganida ham miq etmay, bo‘ynini solintargancha, o‘g‘liga ergashdi. Xayolidan: «Rahmondan qochib, O‘rmonga kelasanmi-ya, qizim, O‘rmonning kimligini bilmasmiding?!» degan og‘ir o‘y kechdi, xolos. Lekin Muharram xola jazavadan tushmadi, O‘rmon cho‘loqning xotini bilan yumdalashgani chog‘lanib o‘zini ichkari urdi.
Ustunda pichoqning sanchig‘liq qolishi O‘rmon cho‘loqqa yoqmadi. Jini qo‘zib, chopib bordi-da, bir qo‘llab siltab torta boshladi. Pichoq ustunga bor bo‘yi bilan kirib ketgani rost edi, hadeganda chiqavermadi. Shunda O‘rmon cho‘loq yerda yotgan ketmonni olib, orqasi bilan pichoqning dastasiga soldi: kiyik shoxidan yasalgan dasta chirpirak bo‘lib uchib ketdi. O‘rmon cho‘loq dastaning ketidan ketmonni ham uloqtirib, jahl bilan ustunni tepdi. Ustun omonatgina qo‘nqaytirilgan ekan, gursillab quladi.
E, Xayrulla oshna, bu yog‘iga kuchim yetmaydi! Axir, bulari hali holva, g‘avg‘oning kattasini qudalar boshlaydi. Karimjon bilan O‘rmon cho‘loqning o‘zaro xezlanganlari bilan ish bitarmidi, ovora bo‘lganlari qoladi, xolos! O‘zbekning quda-andachiligini yaxshi bilasan, halizamon yeru ko‘kni boshga ko‘tarib, qudalar yetib keladi: Maham amakining uyiga Rahmon melisalar xonadonidan, O‘rmon cho‘loqnikiga – qo‘shni Tuyulqishloqdan! Rahmon melisaning ham, tuyulliklarning ham fe’li bir – dushmanini tuymaguncha ko‘ymaydi ular, tuyolmasa, ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib, o‘zga ellarga ko‘chib ketadi!
Janjalning bu yog‘ini yozmayman, Xayrulla Latif, bu yog‘ini yozolmayman! Qishlog‘imiz bino bo‘lgandan beri bunaqa savdoni bir kimsa ko‘rmagan, men qandoq yozay?
Qalam ojiz, qog‘oz ojiz, so‘zlar Maham amakining ruhi pokini shod etmoqqa qodir emas, oshna! Yuragimda u inson qoldirgan xotiralarga so‘zlar lat yetkazib qo‘yadimi, deb qo‘rqaman…

* * *

Katrontog‘imizning kunchiqarida tuyaning o‘rkachi misol ikkita bahaybat do‘nglik bor, oftob har kuni shu do‘ngliklarr oralig‘idan chiqib keladi. Avval qiyg‘os yuz ko‘rsatib oladi-da, so‘ngra ko‘kka o‘rlaydi: qishlog‘imiz shuning ilk nurlarini emib uyqudan uyg‘onadi. Men esa doim hayron, lol qotardim. Nimaga u hadeb bir yerdan chiqaveradi, kechqurun Bo‘yobning orqasiga o‘tib ketadi-ku, derdim. Undog‘iga o‘ylardim, bundog‘iga o‘ylardim – qani endi aqlim yetsa
Katrontog‘im, Nursuxarig‘im, eslaringdami, bir gal eshigimiz tagida onamdan shuni so‘radim, bilib olgim keldi. O‘shanda onam aytgan so‘zlar… Onamning o‘shandagi ko‘zlari… Vox! Sizlar ham ko‘rgan edilaringmi, sizlarning ko‘zlaringga muhrlanib qolganmi?!
O‘shanda onam ko‘p gapirdi. Bolam-a, dedi. Birpas jim qoldi. Hali yoshsan, bilmaysan, dedi. Keyin qulochini yozib, uzoq-uzoqlarga ishora qildi: Katrontog‘ning orqasida oftobning uyi bor, dedi. Kunduzi osmoni falakka chiqib, yurt kezib, olam kezib, kechqurun tag‘in shu uyiga qaytib keladi, dedi. Oftob sira uxlamaydi, qog‘oz-qalamini qo‘lga olib, kunbo‘yi ko‘rganlarini birma-bir yozib qo‘yadi, dedi.
Ajab!..
«Darsini qiladimi, aya? Darsini qilmasa, ma’limi qulog‘idan cho‘zadimi?»
Oftob dars qilmas emish, odamlarning fe’l-xo‘yini yozar emish. Hisob-kitob buzilsa, olam rasvo bo‘larmish.
Ajab!..
«Kunda chiqaveradimi? Boshqa qishloqlarga ketib qolmaydimi?»
Ketmas ekan, ketsa ham, yana qaytib kelaverar ekan. Har kuni dastlab Katrontog‘ qoyalarining orasidan olamni kuzatarkan, yer yuzida omon-omonlik bo‘lsa, shundagina osmonga ko‘tarilarkan. Lekin… yomon odamlarni jini suymas ekan, ularga yuzini ko‘rsatmas ekan. «Voh, bolam, dunyoga kelib oftobni ko‘rmaslik… dahshat!»
Ajab!..
«Men yaxshi bolaman-a, aya? Oftobni ko‘ryapman-ku, a?
Huv ana!»
Onamning kaftlari iliq edi, yuzlarimga yoqdi, vujudimga allaqanday totli bir hayajon kirdi. Onamning ko‘zlari ma’yus edi, naq yuragimga botdi, borlig‘im o‘t bo‘lib yondi. Onamning entikishlari shirin edi, men uning bag‘riga singib ketdim. Onam esa…
«Bolaginamdan o‘rgilay, baxtimga yaxshi bo‘lgin, baxtimga oftob sendan ranjimasin», dedi.
Bolaligim birdan qaddini g‘oz tutdi. Onamning quchog‘idan yulqinib chiqdi-da, Nursuxariqning asov to‘lqinchalaridek o‘ynoqlab, chopqillab ketdi. Sevinchi ichiga sig‘mas,_ o‘sha tobda juda-juda baxtiyor edi: axir, u odobli bola; axir, u har kuni oftobni ko‘radi; axir, buni ko‘rmaydiganlar qancha!
O‘shanda bolaligimning quvonchi poyonsiz edi, chunki u Qatrontog‘ tomonga – oftobning uyi sari chopardi! Ushanda dunyo bir tarafu o‘zi bir taraf edi! Mitti yuragida yolg‘iz bir ilinj – tezroq oftobni topsa, u bilan qil o‘tmas o‘rtoq tutinsa, uylariga boshlab kelsa!
Chopib boryapti-yu, shundoq orqasida onamning o‘tkir nigohini, mayin qo‘llarini his qiladi. U mayin qo‘llar bolaligimning yelkasidan tutmoqchi bo‘ladi – yiqilib ketmasin tag‘in, deya onamning joni halak.
Ana, onam entikyapti. O‘tli nafasidan quloqlarim jaranglaydi. O‘tkir nigohi vujud-vujudimni teshib o‘tib, huv olisda – qoyalarda jilvalanayotgan oftob nurlariga yo‘g‘rilib ketadi.
Bolaligim birpasga to‘xtadi, ortiga o‘girildi, o‘h-ho‘, toborayiroqlab ketibdi-ku! Onaginam ko‘chaning o‘rtasida cho‘nqaygancha qolgan, hanuz undan ko‘z uzmaydi. Oppoq ro‘molining bir uchidan tutib, boshi uzra silkiydi, go‘yoki, chop, chop, chopaver, qarab turibman, to‘xtama, u yoqda sening, elning – hammamizning ezgu niyatlarimiz yashaydi, baxting ham o‘sha yoqda, bolam, deydi…

10

Do‘stim, bir boshladikmi, endi Manzura bilan To‘ychi sarguzashtlarini oxirigacha eshitib olaylik. Maham amaki voqeasiga keyinroq qaytamiz. Qolaversa, Manzuraning ko‘rsatgani Maham amakining ko‘rgani emasmi!
Manzura To‘ychi bilan qochib ketibdi, degan gap tarqalganidan ikki haftacha o‘tib, taranglik xiyla susaydi, lekin batamom yo‘qolmadi. Qaytaga, bu g‘aroyib hodisaning tafsiloti bu yog‘i Qo‘qon, u yog‘i Isfaragacha yeyildi. Qishloqqa bir qo‘nib o‘tgan yo‘lovchilar uni o‘z ellariga olib ketdilar, tillarda doston qildilar. Voqeaning o‘zidan ko‘ra hangomasi qo‘rqqulik. Buloqning ko‘zi ham, suvning tinig‘i ham shu qishloqda edi, tevarakka loyqalanib iralardi.
Nachora, buloqning ko‘zi bir ochilmasin, ochildimi – ziloliga ham chidaymiz, bo‘tanasiga ham.
Emishki, keyingi vaqtlar To‘ychi allaqanday tushuniksiz kayfiyatda yurgan. Og‘zidan chiqqan gapning boshi-keti po‘k, qilayotgan ishini-ku, qo‘yaverasiz – xayolparastmi-ey, shoshilganmi-ey… Qishloq baribir qishloq-da, tilga sal erk berilsa – tamom, tuppa-tuzuk yigit jinniga «aylanib» qolishi turgan gap. Lekin, ishonmay desangiz, ularning minligi garoviga To‘ychining qilo‘tmas oshnalaridan biri naq boshini tikkan. «To‘ychi sog‘ odamning xayoliga kelmaydigan gaplar qilgan menga, aldasam til tortmay o‘lay!» deydi doim u. Noiloj ishonasiz-da. Ishonmasangiz ham, azbaroyi qiziqqaningizdan quloq tutasiz.
«Bir maslahat ber, oshna,– debdi To‘ychi bir kuni shu yigitga yorilib,– nima qilay?»
«Nimani nima qilasan? – debdi oshnasi gapning oqimini anglayolmay.– Uy qurmoqchimisan, to‘y qilmoqchimisan yo moshina olasanmi?»
«Yo‘q. Uy ham qurmayman, to‘y ham qilmayman – men unaqa narsani aytyapman».
«Lo‘ndasini aytsam… Shu to‘rt devor ichida yuraverish jonga tegdi,– debdi To‘ychi xo‘rsinibmi, chaynalibmi.– Bunaqada bir kunmas bir kun jinni bo‘p qolaman».
«Tushuntiribroq gapir!» debdi oshna.
«Yana qanday tushuntiray, bilasan-ku. Har kun bir xil ish, bir xil tashvish: dalaga borasan, uyga kelasan, dalada – tiraktir, uyda – xotin, birda-yarim choyxonaga chiqasan, zora ko‘ngil yozilsa deysan, qani endi… Ulfatlar ham tirik jonda, ular ham o‘zingga o‘xshab siqilganidan, zerikkanidan, qilarga bir yumushi yo‘qligidan choyxonaga yig‘iladi. Lekin, oshna, choyxona senga Sochi emas, bu yerda nari borsa xalfana qilasan… Bunaqada odam o‘zini osib qo‘yadi-ku!»
Men shu paytgacha bunday gaplarni tirik odamning og‘zidan eshitmaganman, deydi oshna kulib. Kinoda aytar, kitobda aytar, lekin siz bilan bizga o‘xshagan ikki oyoqli inson… Issig‘ing yo‘qmi deb peshonasiga kaftimning teskarisini bosuvdim, qo‘limni siltab tashladi. «Bor-e, seni odam deb dardimni aytib o‘tiribman-a!» dedi. Hech qancha o‘tmay, tag‘in yonimga keldi. Qarasam, rostakamiga kuyib-pishyapti, bir narsa deyolmay qoldim…
«Nimaga tushunmaysan, odam yorug‘ dunyoga bir marta keladi-ku! – dermish To‘ychi.– Qirg‘izcha qilib aytmasam, kallangga kirmaydi, shekilli. Mana, qara: yer haydaysan, a, chigit ekansan, a, jo‘yak olasan, paxta terasan, a? Butun yiling shu bilan o‘tdi hisob! Keyingi yil ham shu. Keyingi yil tag‘in keyingi yilga ko‘z tikasan – kunlaringning boshqacharoq bo‘lishini kutasan. Bahorga chiqib esa… eski tos, eski hammom! Hech bo‘lmaganda, birgadir o‘zgarib tursa yo taraktiring almashsa ham mayliydi!»
O‘sha kuni «Paxtakor»ning kim bilandir o‘yini bor edi, surgalashib ikkovimiz biznikiga yo‘l oldik, deydi haligi qilo‘tmas oshna, hikoyasini davom ettirib. Xayriyat, To‘ychining mijg‘ov so‘roqlaridan qutuldim, zora endi quloqlarim tinchisa, deb ketyapman… Darvoqe, uni avval ham bir-ikki marta shunaqa kayfiyatda ko‘rganman, lekin unda, rosti, hazillashayotgandir-da, deb o‘ylaganman.
Bir kuni ishdan charchab kelib, choyxonada o‘tirsam, qo‘ltig‘iga yarimta qistirib To‘ychi kelib qoldi. Ikkalamiz haligini maydalab, rosa valaqlashdik.
«Shu, sening ishing qalay?» dedi u bir payt. «Tuproq zavodida qalay nima qiladi,– dedim.– Bir navida».
«Hazilingni qo‘y, oshna,– dedi To‘ychi,– men sendan o‘g‘il bolachasiga so‘rayapman!»
Ol-a! Yarimtaning yarmidan ko‘pi ichimizga kirgan, suvning shovullashi bilan chumchuqning chirqillashining farqiga bormay qolganmiz, To‘ychi zang‘ar esa, o‘g‘il bolachasiga gapiraman, deb o‘tiribdi. Jahlim chiqdi. O‘g‘il bolachasiga bo‘lsa, qaynangning qaylasiga, dedim.
«Taraktirchiman, deb kerilma ko‘p, xo‘pmi, qishda olib olib beradigan g‘o‘zapoyangni minnat qilayotgan bo‘lsang, endi borma, men aytsam ham borma, eshakaravada tashib olarman o‘zim… Yo, mayli, dalada qolib ketsin o‘sha g‘o‘zapoya, sadqai sar, mayli, qishi bilan o‘tinsiz qiynalib chiqaylik, lekin sen borma, xo‘pmi! – dedim o‘dag‘aylab. Turib-turib, alamim qo‘zidi.– Tuproq zavodida ishlaganimiz bilan sendakalardan to‘rtta-beshtasini sotib olishga kuchimiz yetadi» dedim yana.
To‘g‘ri-da! Mening ishimni so‘raydi, o‘zi bilmaydimi? biladi, bilib turib, atay so‘raydi, jig‘imga tegmoqchi bo‘ladi. Axir, yuzingda ko‘zing bormi, demay bir marta: Toza-a o‘lgan ekanmiz-da, butun dunyo tuprog‘-u, sen shuni deb… E-e, bitta senmi tuproq uchun yil-o‘n ikki oy zavodda ishlaydigan?!» deb aytgan ham.
«Qizishma, oshna. Taraktir kerak bo‘lsa, ol, ana, senga berdim, lekin men chini bilan so‘rovdim,– dedi To‘ychining nimadan o‘t olib ketganimni payqab.– Shu, taraktirchilikni tashlab, sening zavodingga ishga o‘tib ketaymi, deb turibman. O‘lay agar, gapim rost!»
Uning gapiga ishongan bo‘lsam, men ham o‘lay!
«Tuproq zavodini boshingga urasanmi, taraktiringni tirillatib, yallo qilib yuraver-da, qishloqda obro‘ying baland, topishing ham tuzuk», dedim hali ham uning niyatini ilg‘amay.
To‘ychi, hafsalasi pir bo‘ldi shekilli, qo‘l siltadi.
«E, bor-e! Tuproqning ichida katta bo‘lgansan, shu kallang bilan nimaniyam tushunarding! – dedi. Keyin piyolasiga araqdan yana quydi-da, oxirigacha simirib, bosh chayqadi.
Bugun sahar nimagadir uyqum qochdi. Turib, ko‘chaga chiqib, eshikning tagida taraktir turibdi, o‘sha – o‘zimning ming yillik taraktirim… Ko‘nglim xira tortdi. Dalaga borsam… Eh, nima qilasan u yog‘ini surishtirib. Uni-buni qo‘y zavodingdan ish topiladimi, yo‘qmi?»
Men unda indamay qo‘yaqolganman, deb kuladi oshna, senga nimayam derdim. Xullas, ikkovlon surgalashib, o‘yinni tomosha qilgani biznikiga bordik. Bizdaqalarning boriga, shu o‘yinni chiqarib qo‘ygani ham tuzuk bo‘lgan ekan, mayli-da, kallalarimiz bir yarim soat chalg‘iydi, dam olamiz, uning ustiga, o‘sha safar To‘ychining g‘iring-miringlaridan ham qutularman, deb o‘ylovdim. Qayoqda! Battar xit bo‘ldim. Ikkiyoqlama xit bo‘ldim. Bir yoqda «Paxtakor» tag‘in yutqazdi. Bir yoqda, o‘zim o‘lolmay turibman, To‘ychi befarosat ko‘cha eshik oldida, xayrlashayotib, tag‘in diydiyosini boshladi.
«Ko‘rdingmi, futboldayam shunaqa,– dedi u jo‘shib.– O‘tgan yiliyam mana shunaqa bo‘lgan. Uf-f! «Paxtakor»dan ko‘ngil to‘lmadi-to‘lmadi-da. Har yili shu-ya! Armanilardan yengilgani, hatto Toshkentning o‘zida Maskovga yutqazib qo‘yganiga o‘laymi! Nuqul shuni o‘ylayman, oshna, kelasi yil yaxshi bo‘pketar deyman. Eh, qaniydi ukrainlarni dog‘da qoldirsak, qaniydi gurjilar ham bizga havas qilsa, qaniydi O‘zbekiston ham chempion bo‘lsa!»
«Bizlardan bo‘lmadi hech kim chempion…» deb kulibdi. oshna, yaqinda radiodan eshitgan she’rning bir satrini eslab.
«Ana! Rost aytding! Sen ham futbolga ishqibozsan-ku, a? Lekin, yurak chatoq, oshna, har narsani ichimga yutaveradigan bo‘pqoldim. Shu, shartta olib, Sibirga ketvorsammi – nima deysan?»
«Buloq»ning tepasida o‘tirganlardan yana bittasi – Sunnatilla brigadir. U ham shunga o‘xshash gaplarni aytadi…
To‘ychi ikkalamiz qariyb tengqurmiz, deb hikoya qiladi Sunnatilla brigadir, maktabda o‘qigan kezlarimizdan beri shu dalada billa ishlab kelamiz. Ichidagini durbinsiz ko‘radigan bo‘p ketganman. Ishning ko‘zini biladigan yigit edi zang‘ar! Yuragida o‘t bor edi! Unga qarab turib, taraktirini xotinidan ham yaxshi ko‘rsa kerak, deb o‘ylardim ko‘pincha. O‘zi yaxshi bola edi-yu, shu, sal o‘jarmidi, qiziqqonmidi – tez-tez gap talashib qolardik. Dalaning ishini deb-da. Lekin oshnachiligimiz sira buzilmagan, ko‘nglida kiri yo‘q edi uning.
«Nimaga meni boshqa birgadalarga komandirovka qilmaysan?» derdi u ba’zan.
Gapini qarang. Hozir har brigadada ikkitadan-uchtadan taraktirchi bo‘lsa, birov birovning qo‘liga qarab qolgani yo‘q, yerini sel olsa yo bo‘lak biror falokat bossayam mayliydi…
«Birgadirsan, yo‘lini top-da,– deb so‘zida turib olardi zang‘ar.– Qo‘shnilarimiziing yerini qachon sel olarkan, deb poylab o‘tiramanmi? Meni Qaqirga yubor, Qaqirning traktirchisi Qo‘rg‘onchaga o‘tsin – shunaqa qip ham ishlab o‘raylik-da!»
Seniki ma’qul deb qo‘ysam bo‘laveradi-yu, To‘ychidaqalarga shuni aytib ham bas kelolmaysiz. Ja shilqimlik qilaversa, men ham osmondan kelardim.
«Nima, men sovxozning yo rayonning kattasimanmi! – derdim qo‘l siltab.– Ana, direktorga bor, raykomga bor, majlisda tepaga chiqib gapir! Men ham senga o‘xshagan kichkina odamman-da, joningga tekkan bo‘lsam, ana, amakimni ol-da, meni tinch ko‘y! Otangga aytsang, bir og‘iz…»
To‘ychining qitiqpati qaerdaligini bilardim, unga sal mos kelolmay qolsam, darrov o‘sha joyidan ushlardim. Otang eski kadr, obro‘yi rayonda haliyam osmon bo‘yi, davrida o‘ynab qolmaysanmi moyga belanib yurguncha, desangiz – tamom, To‘ychi o‘sha zahoti bir g‘alati bo‘lib ketadi, indamay qayrilib jo‘nab qoladi, yo yoqalashmaguncha qo‘ymaydi. Xulas, gapga atay otasini qo‘shardim.
«Ana shunaqa-da, chidayolmaysan-da,– derdi To‘ychi bo‘zarib.– Ammo-lekin raykomingga albatta boraman! Otamga aytmay ham boraveraman. Nima, qo‘rqoq deb o‘ylayapsanmi meni? Yo otamsiz ko‘chada yurolmaymanmi? Kerak bo‘lsa, majlisdayam gapiraman! Ular ham sening latta gaplaringni qilsa, mana ko‘rasan, shartta olamanu Sibirgami, Varangil oroligami jo‘navoraman!»
«E, e, To‘ychiboy, sal pastga tushsinlar. Sibir sizga O‘zbekiston emas, u yerda sizning noz-firoqlaringizni ko‘taradigan ahmoq yo‘q», derdim atay jig‘iga tegib.
«Qo‘rqitmay qo‘yaqol, Sunnat. Birgad bo‘lsang – o‘zingga! akang qarag‘ay borgandan keyin Sibiring ham O‘zbekiston bo‘p ketadi! Maktabda domlang aytgan-ku, ota-bobolarimiz o‘sha yurtlarda yashagan, deb. Biz ham chidarmiz, axir. Tilimni sen tushunmasang, tushunadigani Sibirlardan topilib qolar!»
Uning bu gaplarni aytayotgandagi vajohatini ko‘rsalangiz edi! Aytsam, ishonmaysizlar-da, o‘lay agar, jinni bo‘lib qolganmi, derdilaring. Chunki uning bironta gapi po‘pisa emasdi!
Shunaqa gaplar – To‘ychi undoq edi, To‘ychi bundoq edi…
Bular bari «buloq»ning ishi. Odamlar bekorchilikdan ko‘cha-ko‘yda, choyxonalarda, dalada tushlik paytlari yo yakshanba kunlari bozorda shu «buloq»ning suvidan go‘yo chanqoqbosdi qilib turishardi.
O‘rmon cho‘loqni bilmadik, lekin Maham amakining chnadoni bunaqa oldi-qochdilardan bexabar. Bunday gaplar ulardan sir tutiladi. Biladiganlardan so‘rab-surishtirganlarida ham kaltagina javob olishgan.
To‘ychining qilo‘tmas oshnasi har gal bir gapni takrorlaydi:
«Ikkalasi nimani xayol qilgan – o‘lay agar, bilmayman! – deydi u.– Lekin, To‘ychi oshnam Shimoliy Muz okeaninimi, qandaydir Varangil orolinimi ko‘p tilga olardi…»
Sunnatilla brigadir ham gapning lo‘ndasini aytadi:
«Varangil oroliga ketgan! Yoki Sibirga! Uch-to‘rt yilcha ishlab kelmoqchi bo‘lib yuruvdi. To‘ychini aytaman… Qarang, gaplarini men ham hazil deb o‘ylagan ekanman. Manzurani… nima deyishgayam hayronman. Yaxshi qiz edi, ochiq-sochiq, paxtani ko‘p terardi. Lekin, yaqindan beri sal odamovi bo‘p qolganmidi, aksari, egatgayam yolg‘iz tushardi. Dalada hamma bir-biri bilan yuradi, lekin birov yomon fikrga bormaydi. Bularga hayronman…»
Elga yoyilmagan birgina gap qolgan edi. Bu gapni To‘ychi qishloqdan chiqib ketmasidan ikki kun burun kechasi xotiniga aytgan. «Meni desang, o‘rtamizdagi shu ikki bola otasiz qolmasin desang, bir oygacha damingni chiqarmaysan! Bir oy ichida yo xat yuboraman, yo o‘zim kelaman. Ehtimol, ikkalamiz boshqa yoqlarga ko‘chib ketarmiz…» degan. Xotin o‘shanda: «Bolalarimning haqqi-hurmati, sir saqlayman!» deb eriga va’da berib yuborgan edi. Va’dasiga vafo qildi, lekin…
Erining ketishi bilan bog‘liq uydagi to‘s-to‘polonlarga uch-to‘rt kungacha go‘yo e’tibor qilmay yurdi. Tag‘in shunday yuraverar edi-yu, lekin o‘sha kuni qishloqdan Rahmon melisaning kelini Manzuraning ham yo‘q bo‘lib qolgani uning ko‘nglini alag‘da qilib qo‘ydi, ustiga-ustak, odamlarning mahobatli mish-mishlaridan tamoman o‘zini yo‘qotdi. Ayniqsa, erining bir nomardligi – o‘z bolalarini tashlab, bolalisining etagidan tutib ketgani fig‘onini falakka chiqardi. «Ikki bolani tashlaganga yarasha… topganing qiz bo‘lsa ekan! Birovning sarqitiga-ya!..» deb alam bilan o‘yladi. Qarasa – bo‘lmaydigan, «Shu tirik yetimlarning uvoli tutsin seni – pushting kuysin!» deb To‘ychini g‘oyibona qarg‘adiyu bir haftadan keyin otasining uyiga ketib qoldi. Lekin o‘sha kech bo‘lib o‘tgan gaplarni bir kimsaga aytmadi. Odamlarning «O‘l-a! Laqillab qolaveribsan-da! Manzurani o‘z qo‘ling bilaya eringta qo‘shib qo‘yibsan-ku!» deyishlaridan cho‘chidi.
Hah, esiz-a, picha shoshqaloqlik qildi lekin. Tag‘in bir oygina chidab berganida, zhtkmol, eridan «o‘z qo‘liga tegsin» degan xat olarmidi. Ehtimol, bahorga chiqib er-xotin ikkalalari bu yurtlardan ko‘chib ketisharmidi… Mayli, unda – bir oy emas, ha ana, ikki oydan keyin balki kelin bu xonadonga yana qaytib kelar, To‘ychi bilan turmushlari tag‘in izga tushar, ehtimol, er-xotin ikkalalari bahorga chiqib, haqiqatan o‘zga yurtlarga ko‘chib ketishar – bu haqda hozircha hech kim hech narsa deya olmaydi. Buni qatto biz ham bilmaymiz. Demak, To‘ychidan «o‘z qo‘liga tegsin» degan o‘sha xat kelmagunicha, sir sir bo‘lib qolaveradi. Hozir esa…
Maham amaki qizi Manzuraning To‘ychi bilan til biriktirib qochgani xususida aniq, dangal bir gap eshitgani yo‘q, biroq ikkovining qishloqdan bir kunda, orqama-ketin yo‘q bo‘lgani chin edi, bu chinlik-xavotirli edi. Maham amaki ikkala oyog‘ini ham botqoqda ko‘rdi. Bunday botqoqqa uni hech bir tirik banda botira olmasdi, ammo-lekin qizi, o‘zining pushti kamaridan bo‘lgan qizi… O‘sha tobda, alam ustida ko‘nglidan bir o‘y kechdiki, bo‘lak payt bunday o‘i o‘rniga o‘ziga o‘limni afzal ko‘rarmidi! «Kelib-kelib O‘rmonning beburdi bilan-a, qizim! Boshqa birovning… moxovning bo‘yniga osilib ketganingda ham mayliydi!..» Tirik odamning boshi gapdan chiqmas ekan-da! Qaysidir yili qishloqning vaysaqi kampirlari-yu bekorchi chollaridan tortib, o‘ninchi, hatto sakkizinchi sinf qizlarigacha bir yoqadan bosh chiqarib, Vali do‘konchining yangi xotiniga burildi. Avvalgi xotini tomog‘iga baliqning qiltanog‘i tiqilib to‘satdan o‘lgan edi, do‘konchi qaysidir yurtlardan bir qiz topib kelib, shartta uylandi. Kelinchak uchinchi kuni chimildiqdan chiqib, el-yurtga yuz ko‘rsatdi-yu… baloga koldi, «Do‘konchi tag‘in qizga uylandim, deb kerilib yuribdi, kelinga tuzukroq sarasof solinglar, qornida bolasi bor!» degan mish-mish paydo bo‘ldi. Bir yil o‘tdi, ikki yil utdi hamki, kelin farzand ko‘ravermadi. Nihoyat, odamlarning hayratiga hayrat qo‘shib, uch yildan keyingina eriga bir o‘g‘il hadya etdi. Tag‘in gap chikdi: «Bu juvonning qorni qanaqa qorin o‘zi – na homilasini bilib bo‘ladi, ia tuqqanini!» Gap gap bilan, qorin o‘z yo‘liga, do‘konchi shularga e’tibor bermadi. Mana, hozir uning sakkizta flrzandi bor. Xotinining qorni ham o‘sha-o‘sha, biroq endi u mish-mishlar barham topgan – hadeb shuni gapiraverishni el o‘ziga ep bilmadi…
Maham amaki xonadonini ruhan ezayotgan hol ham asli shu edi. Do‘konchining qiz-xotini qornidagi homilasi bilan roppa-rosa uch yil yurib, nihoyat bir o‘g‘il ko‘rnb, tag‘in gumonasi bordek qolavergani to‘g‘risidagi mish-mish u qadar og‘ir emasdi, tezda tindi. Manzuraning savdosi bir umrga ketsa kerak, degan o‘y ularning ich-etini tilimlar edi. Iloj qancha, qishloq kichkina, osmondan begona qush o‘tsa, payqamagan odam qolmaydi, ya’ni, boriga baraka-da. …O‘ylanib yota-yota Maham amaki shu narsaga iqror bo‘ldiki, ko‘ngilga o‘lim sharpasini ro‘y-rost olib kirgan bu og‘riq uning tanasida mudom yashab kelgan, kundalik tashvishlarga ko‘milib, buni u payqamagan edi, xolos. Binobarin, Belorussiyadan kelgan xat yoki gazetchi yigitning yoqinqiramagan gaplari, qiliqlari bahona bo‘lolmaydi. Maham amaki yana shu narsaga ikror bo‘ldiki, ko‘ksini Manzura tilib ketmaganida eski gina-kuduratlari bu qadar gazak olmagan, binobarin, O‘rmonga nafrati ham bu qadar to‘lib-toshmagan bo‘lar edi. Mana, bir oydirki, yursa ham, tursa ham uni so‘kadi, unga o‘lim tilaydi. Mana, bir oydirki, butun hayotini qayta boshdan ko‘z oldiga keltirib ko‘radi, xayol chig‘irig‘idan o‘tkazadi, ammo, ne qilsinki, dardiga malham bo‘ladigan biror qarorga kelolmaydi. Ehtimol, eski yarasining qo‘zg‘alganiga, tobora zo‘rayib ketayotganiga sabab Belorussiyadan kelgan xat ham emas, qizi Manzuraning dog‘i-hasrati ham emas, balki o‘zining jur’atsizligidir, o‘z dardiga o‘zi yem bo‘lib yotganidir…
Evoh, qachongacha shundoq yotaveradi, bunaqada yaraning bitib ketishi ham dargumon-ku?!
Maham amaki beixtiyor, olis qirq uchinchi yilning kuzida – Odilxon o‘lgan kunda ro‘y bergan voqeani esladi va xayoliga bir fikr keldi: qani endi xuddi o‘shandagidek, lekin nemisning o‘rniga bu safar O‘rmon cho‘loqni qo‘yib, ikkovlarini Qatrontog‘ adirlarining orasiga boshlab borsalar, O‘rmonni yigirma qadamcha nariga tikka turg‘azib qo‘ysalar, Maham amakining qo‘liga avtomat tutqazsalar-da, «Oting, Mahamboy!» desalar, u otsa… Avtomatining o‘qi tugamagunicha tepkidan barmog‘ini olmasa…

11

«Assalomu alaykum, Maham amaki!» «Vaalaykum…» «Tanimadingiz shekilli?» «Qarilik, bolam»
«Oshnangizning nevarasiman – Nozim». «E-e, Nozimbek, qanday shamollar uchirdi? Seni, Toshkentda kattakon bo‘pketgan, deyishadi?» «Kattakon emas, amaki…» «Mayli-da, katta shaharda ishlaganingdan keyin…
Rizqingni bersin! Manglayingga o‘sha yoklardan bitgan ekan, belni mahkam bog‘layver! Bizdan ham odam chiqibdi, shunga suyunib yuraylik».
«U yoqlarda qolib ketarmidik, amaki, axiyri bir kun kelamiz-da. Kelmasak, bo‘lmas?»
«Ha balli! O‘zim ham sendan shu gapni kutuvdim. Senga bir nasihatim: podsho bo‘pketsang ham, tug‘ilgan yurtingni unutib yuborma, kelib tur! Opoqdadangning qabri shu yerda-ya! Yigit kishiga otaning yurti Makkadan aziz. Xo‘-o‘sh, bola-chaqa omonmi, ishqilib?»
«Rahmat. Bir o‘g‘il, bir qizimiz bor. Yurishibdi chug‘ur-chug‘ur qilib. O‘zingizdan so‘rasak, amaki? Cho‘kibroq qolibsiz…»
«Cho‘kmay bo‘ladimi, qariyapmizda. Turmushning yuki zil, bolam, ko‘targan ko‘taradi uni. O‘zingniki yetmagandek boshqalarnikini ham ko‘targaning-chi! Bu dunyoning tashvishini, men senga aytsam, manov o‘zimizning Qatrontog‘ning yushiday gap ekan. Bittasini olasan, u yoq-bu yog‘ini ko‘rgan bo‘lasan-da, boshingdan oshirib tashlaysan, yana bittasini olasan, orqangga tashlaysan, shunaqa qilib, degin, bu toshlar xuddi ortingda qolayotganday tuyuladi-yu, aslida, yelkangdan nariga o‘tmaydi, ustma-ust taxlanib boraveradi. Axiyri bir kun odamni bosadi-da bu! Odam tog‘ bo‘lsaykan…»
«Qo‘ying, amaki, ko‘nglingizni cho‘ktirmang. Tashvishlar o‘z yo‘liga, bu yog‘ini endi farzandlaringiz eplar. Dunyoningizdan minnat qolmadi».
«Qarz-ku hali ko‘p, bolam. Men ham senga o‘xshab, dunyo mendan oladiganini olib bo‘ldi, endi qolgan umrimga yo Razzoq deb, do‘ppim yarimta, yuravergan ekanman. Qayoqda! Aytdim-ku, chidasa, shu Qatrontog‘ chidaydi, bandasiga yo‘l bo‘lsin. Menikiga o‘nta tog‘ ham dosh berolmaydi, bolam!»
«Bilaman, Maham amaki, oz-moz xabarim bor. Lekin siz ko‘p kuyinavermang. Ko‘chaga chiqing, choyxonaga boring, oyoqni uzatiib yoting. Ulfatlar bilan eskini titkilashashchlar, jillaqursa tashvishlaringiz ariydi-da… Aytgancha, Muharram xolam ham bardamgina yuribdilarmi?»
«Shukr, shuning ham boriga shukr! Qizi munday qilib ketgandan beri o‘zini oldirib qo‘ydi boyaqish. Bildirmaydi-yu, raftoridan sezib turaman: oldimda izillaydi, mundayroq qarab qo‘ysam, ikkala ko‘zidan ham tirqiratvoradi. O‘pkasi to‘lgan bechoraning…»
«Ha, ishqilib, omon bo‘linglar, amaki…»
«Bolam, boyatdan beri bir nimaga taraddudlanyapsan-u, omadini aytolmayotganga o‘xshaysan. Tinchlikmi? Gapiraver, tortinma!»
«Rost, amaki, bir nima demoqchi bo‘lganim rost. Shu, gaplaringizni eshitib turib, xayol opqochdi. Mana – siz. Ko‘pni ko‘rgan odamsiz, hayotingiz ibratli, ibratliki, faylasuf bo‘p ketgansyz. Bilaman, ichingizda gap ko‘p, tashingizga shuning misqoli ham chiqmagan, hozirgina o‘zingiz aytdingiz, dardim o‘nta Qatrontoqqa yuk bo‘ladi, deb. Shunday ekan, nega uni yengillatmaysiz? Arzi hol qilmaysiz? Odam dardini yuzaga chiqarmasa, bu zormanda hayot to‘xtab qolmaydimi?!»
«Bilmadim, bolam, bilmadim. Gaplaring jo‘yaliga o‘xshaydi, lekin xom sut emgan bandamiz-da. Mendan o‘tgani shu bo‘ldiki, vaqtida bir odamning ko‘zini ochib qo‘ymadim. Keyin evini qilolmay qoldim: bolalab ketdi. To‘g‘risi, oldiniga unga rahmim keldi. Urush tugadi, zamona tinchidi, shunday dorilomon kunlarda birovning umrini xazon qilsam tatimas, boshga ne og‘irlik tushgan bo‘lsa, bari ortda qoldi-ku, deb o‘yladim. Ke, qo‘y, mayli, uyam yashayversin, bolalarining orzu-havasini ko‘rsin, zora alamlarim unutilib ketsa, endi bundai bu yog‘iga otam ko‘rmagan zamonlar boshlandi, shu kungacha yegan endi yemas, tiyilar, ehtimol, o‘tmishidan o‘zi ham pushaymondir, deb mulohaza qildim. Esiz… O‘zimga qiyin bo‘ldi, bolam!»
«Ana shunaqa, amaki! Siz umr bo‘yi fursat kutdingiz, lekin umr bo‘yi uni boy berib keldingiz – shuning uchun kuyaman-da! Endi cho‘zmang, ayting, dilingizdagilarni hech yo‘q men bilayin! To‘g‘ri, siz yorilmasangiz mening kunim o‘tmay qolmaydi, mendan keyin bola-chaqam ham yashayveradi, lekin bu yorug‘ dunyoda bir mahallar tiriklikning g‘amu quvonchini ortmoqlab bir inson yashab o‘tgani ko‘z ochib yumguncha unutiladi-ku! O‘zingiz o‘ylang, amaki, ustidan tuproq tortilishi bilan odamzodning nomi o‘chib ketaversa, tiriklikning ma’nisi qoladimi? Yo‘q, bunday bedodlikni… ana, Qatrontog‘ qiladi, biz axir – odammiz!»
«O‘-o‘, sen toza-a qiziqqon ekansan-ku! Qo‘y, meni qiynama, bolam, shundog‘am bo‘larim bo‘lgan…»
«Shoshmang, amaki, gapimni oxirigacha eshitmadingiz. Niyatimni sizga ochiq aytaman: men sizning hayotingizni to‘lig‘icha bilgim keladi! Yo‘llarimning yorug‘roq bo‘lishini istayman. Axir, siz ham kimdir, kimlardir yoqib-yoritib ketgan yo‘ldan yurgansiz-ku! Ginalarimdan xafa bo‘lmang, amaki, nima qilay, to‘lib ketyapman-da. Men sizga aytsam, opoqdadamdan ko‘p narsa olib qolmaganimga hali-hali afsusdaman. Eh-he, necha marotaba u bizga – suyumli farzandlariga, nevaralariga qalbini bor bo‘yi bilan ochmoqchi, dilidagini to‘kib solmoqchi bo‘lgan! Lekin biz har qaysimiz o‘zimizning dunyomizga – u qanchalar qashshoq dunyo ekanini kech bildik, o‘, juda kech! – sho‘ng‘ib yashay boshlagan edik, opoqdadamizning eski, balki shu bois bir oz shubhali tuyulgan dunyosi bizga yoqmas, hatto, ba’zan g‘ashimizni keltirar edi. Opoqdadam og‘rinmay o‘zining hayot yo‘lini, ko‘rgan-kechirganlarini, do‘sti kim, dushmani kim – hammasini gapiraverardi. Quloq solmayotganimizni sezib tursa ham, bilmaganga olardi, qayta-qayta so‘zlayverardi. Axiyri boshimiz toshga tegdi-ku, so‘qir ko‘zlarimiz yarq etib ochildi-ku! Endi kech… Opoqdadam sizni ko‘p tilga odardi. «Mahamboy – yaxshi odam!» derdi. Endi bildim: dunyo xo‘b ziqna ekan, odam bolasiga har baloni ravo ko‘rsayam, «yaxshi» degan shu birgina so‘zni undan qizg‘anar ekan. Shundoq qizg‘anarkanki, kimgadir qachondir bu tanqis co‘zlar loyiq ko‘rilsa, o‘sha kishi baxtiyor bo‘ladi. Siz baxtlisiz, amaki! Kulmang, ehtimol, hayot sizga doim ham yuz tutavermagandir, goho qasdma-qasdiga ketini burganlar – bari bir: siz baxtlisiz! Mening yagona armonim shu baxtning, shundayin baxtiyorlikning ma’nisini anglash… Uzr, amaki, rosa miyangizni qoqib qo‘lingizga berdim. Gapning po‘skallasini aytsam, sizni kitob qilmoqchiman..!»
«Ol-a! Boplading-ku sen ham! Kitob emish… Qo‘y-e bunday gaplarni! Men nima… Mana, opoqdadangni eslading rahmatli cho‘rtkesar, dangalchi, to‘g‘ri odam edi. Yaxshini yaxshi, yomonni yomon derdi. Kimningki aybi bor, tap tortmasdan betiga aytaverardi, shuning uchun dushmani ko‘p edi. Men bunday chiqmadim-da, bolam, opoqdadangdek bo‘lolmadim, hatto jonimdan o‘tkazgan dushmanimni ham daf kplolmadim… Opoqdadang O‘rmon cho‘loqni ko‘z ochirgani kupmasdi, bir hamlada iniga kirgizib qo‘yardi, men esam bu iblisning aybini o‘zi tugul boshqalarga ham aytolmadim. Aytardim-u, orada bir ish bo‘lib… Ha, mayli, quloq tut. Bir yili bahorda xolang qo‘limga ikkita paqirni tutqazib, suvga jo‘natdi. Machitning havuzidan ichardik unda.Uchko‘chaning boshiga kelsam… tumonat odam yig‘ilgan. Ichida ketmon ko‘targaniyam bor, eshak minganiyam bor, menga o‘xshab suvga chiqqanlar ham bir talay. Hamma simyog‘ochning uchiga tikilgan, jim. Unda uchko‘chaning boshidagi simyog‘ochda bitta qora karnay bo‘lardi. Avvaliga fahmlamabmiz, o‘sha karnay gulduros ovoz bilan o‘zbekcha, o‘rischa gapiryapti, xotinlar piq-piq yig‘laydi… E-e, bolam, senlar unaqa motamni ko‘rmagansan! Ko‘rmagin! Butun xalq yig‘lagan edi o‘shanda! Kuni bilan yig‘ladi, ertasiyam, indiniyam yig‘layverdi!.. Butkul hushimdan ayrilib qopman. Karnay gapirib bo‘libdi, odamlar allaqachon tarqab ketibdi, men esam devorga suyangancha, qotib turaveribman. Orqamdan xolang chiqmaganida, bilmadim, yana qancha qolib ketardim ko‘chada. Stalin o‘lgan ekan!.. Menga nimagadir juda og‘ir botdi bu. Bilsang, o‘shandan keyin g‘ip bo‘ldim. Bo‘lmasa, O‘rmonning kunini ko‘rsatib qo‘yardim! Nafratim so‘ndimi, loqaydlik kasaliga yo‘likdimmi yo ko‘nglimda chuchuk bir nima uyg‘ondimi – haligacha hayronman. Ishqilib, shunday odam o‘tib ketdi-ya, dunyoga men ustun bo‘larmidim, dedimu dardimni ichimga yutib qolaverdim. Keyin, shashtim yana bir ko‘zg‘alganida… endi uni bir narsa qilib bo‘lmasdi, bolalab ketgan edi. Qolaversa, gapimga kim ham quloq solardi, o‘tgan ishlar o‘tib ketdi, deb o‘yladim. Aytsam, umr bo‘yi-dilda saqlab yurganlarim kimgadir arzimas savdo tuyulsa, ustimdan kulmaydilarmi, hayotim birdaniga puchayib qolmaydimi, deb qo‘rqadigan bo‘ldim. Axir, qishloqda bir menmi, O‘rmonning turqi-tarovatini mendan bo‘laklar ham ko‘rib-bilib yuribdi-ku, deb xayol qildim. Esiz…»
«Rahmat, amaki! Shunchalik aytdingiz, shunisiga ham rahmat! Qarang, qancha yengil tortdingiz. Endi, amaki o‘tinib so‘rayman, hech narsani yashirmang. Axir, azada har kim o‘z dardini aytib yig‘laydi. O‘z dardini aytib yig‘laydi-yu, boshqalarga ham bir hovuch-bir hovuchdan ulashadi. Odamzodga asli shunisi kerak-da!.. Ayting, amaki!»

12

Maham amaki tushgacha o‘sha holda yotdi. Yana yotaverar edi-yu, tushdan keyin ko‘cha eshikni taqillatib Xayrulla Latif kelib qoldi.
Maham amakining mijjalari yumiq edi, Muharram xola uni «qotib qopdi» deb o‘yladi, ko‘ngli chopib-chopmay ohista uyg‘otdi, ko‘chada gazetchi yigit so‘roqlab turganini aytdi. U aslida bedor edi, ertalabdan beri ming bir xayol og‘ushida tek yotgan edi, lekin, gazetchi yigitning kelganini eshitib, qattiq uyqudan tuyqus uyg‘otilgandek, boshi gangidi. Hushini yig‘olmay, allapaytgacha karaxt yotdi. Keyin, hamon tepasida qaqqaygan xotiniga qarab, iltijoli shivirladi:
– Uyda yo‘qlar, de. Chiq darrov! Choyxonaga ketib qopdilar, de.
– Voy o‘lmasam, shu yerdaligingizni aytib qo‘yibman-ku! Endi qandoq unaqa deyman?
Maham amaki o‘qraydi.
– Qachon qaramay, oyog‘imdan chalish bilan ovorasan! Bor, bilganingni qil endi… Hech yo‘q, chorvoqdan chiqib ketgandirlar, de! Boshqa safar kelar.
Muharram xola bir nimalarni g‘o‘ldirab, hovliga o‘tdi.
Maham amaki o‘zidan bir kulsa, bir hayron. Yo alxazar! Nima jin urdi unga? Xuddi o‘limdan qo‘rqqandek qo‘rqib o‘tiribdi-ya! Holbuki, o‘lim ham unchalik dahshatli emasligiga shu bugun kechasi amin bo‘ldi. Mayliydi, kirsin edi, qaytaga yuragida to‘lib qolgan zardobni shu yigitning yuragiga to‘kib solardi, alamini olardi, xumordan chiqardi.
Maham amaki beixtiyor sandalga suqilibroq oldi. Ustimga bostirib kirsa, ko‘rmasin, deb o‘yladimi… Bola, bolalik!
Eshik g‘ichirladi. Ostonada Muharram xola ko‘rindi.
– Yolg‘onni o‘zi kechirsin, aytdim: choyxonadadirlar, lekin kechqurun tag‘in bir xabar olarmish.
Kechqurun…
«Xayriyat-e,– deya ichdan sevindi Maham amaki,– har holda kechqurun hozir emas-ku! Qosh qorayguncha ne zamon o‘zimga kelib olarman ungacha. Birato‘la kelmasayam mayliydi…»
Bundan besh yilcha burun direktor kelib, Maham amakini maktabga – G‘alaba kuniga bag‘ishlangan o‘quvchilar mitingiga taklif qilib qoldi. «Siz ham urushda qatnashgansiz, Maham aka, bolalarga u-bu narsa aytib bermaysizmi?» dedi u. Maham amaki ikki kun o‘ylandi, aytarli biron gap topolmay, boshlari g‘ovlab ketdi. Janglarda kechgan besh yillik umrimdan nahot bir misqoli ham xotiramda qolmagan, deb xunob bo‘ldi. Nihoyat, frontga endigina kirganida ko‘rgani – Belorussiyaning chekka qishloqlaridan birida ro‘y bergan voqea yodiga tushdi, o‘shani aytishni diliga tugib qo‘ydi. Har holda, maktab direktori aytmoqchi, bolalarga shuning «tarbiyaviy ahamiyati» bor.
Belgilangan kuni avra choponini yelkaga tashlab, bordi-yu hayratdan yoqasini ushladi: yig‘in kutilmaganda stadionda edi! Stadionga nafaqat o‘quvchilar, qishloqning katta-kichigi, hatto bolali xotinlar ham to‘plangan edi. Frontoviklardan O‘rmon, usta Sobitali, tag‘in ikkita-uchtasi qizil mato yoyilgan stolga tirsaklarini tirab turishibdi. Maham amaki, ko‘ngilchanlik qilibman, bekor qilibman, deb pushaymon yedi. Shuning uchunmikan, o‘ziga so‘z berilganida, ikki og‘iz gapdan bo‘lak tiliga bir kalima uchmadi. «Bolalarim, biz urushga borganmiz… Ha-a. urush juda yomon, oti o‘chsin!.. Endi, u kunlarni biz ko‘rdik, sizlar ko‘rmanglar», deya oldi, xolos. Yig‘in ishtirokchilari undan ko‘proq, qiziqarliroq gap kutishgan ekanmi, allapaytgacha jim turaverishdi. Sukunat noqulay edi, Maham amaki terlab ketdi. Nihoyat, maktab direktori o‘rtaga chiqib, bir-ikki chapak chaldiyu bolalar ulab yuborishdi…
U yig‘inning tugashini ham kutmay uyiga qaytdi. Qaytib, ajabki, qadrdon hovlisiga qadam qo‘yishi bilan yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortdi, fikri tiniqlashdi, beixtiyor ko‘z oldida o‘sha voqea, ya’ni, ikki kun ilgari, kecha va hatto boyagina maktabga yo‘l olayotganda bolalarga aytib berishni niyat qilgan voqea jonlandi. Bu ham taqdirning bir shumligidir-da. Uyga kiradi, hovliga chiqadi, chorbog‘da tomorqasiga suv quyadi, qo‘yxonaga o‘tadi – bari bir… xayolidan o‘sha voqea sira arimay qo‘ydi. Shunchalik ekan, yig‘in payti nega dovdiradi? Ko‘pchilikning salobati bosdimi? Yo u yerda O‘rmonning ham borligi uni esankiratdimi?.. Qaytaga, O‘rmon borligi uchun ham o‘zini tutib olsa bo‘lardi. Gapirishi kerak edi! Muqarrar o‘limdan qanday omon qolganini aytib, O‘rmonga ko‘p narsalarni pisanda qilib qo‘yishi kerak edi!
Mana, gazetchi yigit bahonasida maktabdagi yig‘inni eslab, hozir ham afsus chekib o‘tiribdi. Ha, o‘shanda gapirmagani chatoq bo‘lgan ekan. Qulay imkoniyatni boy beribdi-ya gapirganida, sal bo‘lsin-da, O‘rmonning alami qo‘zirmi-di… Ha, alami qo‘zisin edi!

* * *

Yozning boshida – urush boshlanganida ham, yozning adog‘ida – o‘zi frontga yo‘l olganida ham Muhammadjon nemisning qanaqa odamligini tasavvuriga sig‘dira olmagan edi. Vagon g‘ildiraklarining taqa-tuq, taqa-tuq sadolari ostida xayoli olib qochib, men nemisni bilmasam, u bilan qanday olishaman, deb o‘ylanib bordi. Rost, bundan o‘n besh yillar ilgari ham u qo‘lga qurol tutib, ne-ne janglarda ishtirok etgan, ko‘zi pishib ketgan… Lekin ular bosmachilar edi. Bosmachi dushman bo‘lgani bilan, har holda, o‘zimiznikilar edi, deb mulohaza qilardi Muhammadjon, ularning qizillardan ustun tomonlarini ham, zaif tomonlarini ham bilardik. Qolaversa, ular bilan til topishib, hatto, o‘zimizga og‘dirib olsa bo‘lardi, ya’ni, baribir o‘zimiznikilar-da! Nemislar-chi?
«Jangdan oldin bir ko‘rishib olsak bo‘larkan», deya ko‘nglidan o‘tkazdi u.
O‘n besh kuncha harbiy tayyorgarlikdan so‘ng, ofitserlar ularga oxirgi marotaba yo‘l-yo‘riq berib: «Bunisi-ku mashq,maydoni, naryoqda xiyla ter to‘kasizlar, lekin cho‘chimanglar, hamma o‘zini bepoyon Vatanimizga munosib o‘g‘lon chog‘lasin!» kulib xayr-xo‘shlashdilar-da, tag‘in eshelonlarga urib, Mag‘rib tomonlarga kuzatib qoldilar.
Poezdda ketdilar, piyoda yurdilar. O‘rmonlardan o‘tdilar, daryolardan kechdilar. Eh-he… Yo‘l yurdilar, yo‘l yursalar ham mo‘l yurdilar, kechani kecha, kunduzni kunduz demadilar, ovqatdan, uyqudan qoldilar, shunda ham yuraverdilar. Axiyri, yuz ellik nafar ko‘ngilli o‘n bir kun deganda, frontga yaqin bir qismga kelib qo‘shildilar. Kelasolib, kim ishneliga yonboshlab, kim daraxtlarga suyanib, uyquga ketdilar. Shular orasida Muhammadjon ham bor edi.
Ertasi askarlar ularni o‘rab olishdi, qizg‘in suhbat boshlandi. Kimdir xursand bo‘ldi, kimlardir xo‘rsindi.
– Mogilyovdan narida edik, birinchi bo‘lib jangga kirganlardanmiz,– dedi kimdir maqtanibmi, afsuslanibmi.
– Chekinyapmiz… Mogilyovni ham berdik,– dedi boshqa birovi.
– Oldiniga qattiq turdik. Tag‘in turaverar edig-u, tepadan shunaqa buyruq bo‘lyapti-da…
– Eh, birodarlar, bizni qo‘yinglar, o‘zlaringdan gapiringlar. Naryoqlarda nima gaplar?
– Nima gap bo‘lardi? Odamlar ishlayapti… Hamma narsalar front uchun!
Muhammadjon bir g‘alati bo‘lib ketdi. Yo‘lda u ko‘p narsani – front orqasiga ko‘chirilayotganlaru yaradorlar bilan liq to‘la eshelonlarni, bomba ostida qolgan boshpanalarni, ag‘dar-to‘ntar qishloqlarni ko‘rdi, lekin urushning haqiqiy dahshatini negadir his qilmagan edi. Askarlarning so‘zlarini eshitib, yuragiga vahima oraladi.
Qismda oltita o‘zbek yigiti bor edi, shular Muhammadjonga yopishdilar-qo‘ydilar. Unga ayniqsa samarqandlik Xushnutboy degani ma’qul keldi. Ochiq, hazil-mutoibani xush ko‘radigan bu yigit birinchi kundanoq uni sensiray boshladi. Frontdagi ahvol naqadar tang bo‘lishiga qaramay, Xushnutboy ruhan tushkunlikka tushmagan, ko‘nglida ilinji ketmagan edi.
– Mana ko‘rasan, jo‘ra,– dedi u o‘sha kuni,– hozircha orqaga qaytib turamizu… dushmanning duminiyam uyimizga simirib olib, so‘ng peshonasiga tarsillatib tushiramiz. Kaytay desa, dumidan bosamiz, qochmay desa – kallasidan ayriladi. Bilding?
– Fashistni ko‘rdingizmi hech? – deb so‘radi Muhammadjon chinakam qiziqish bilan.– Qanaqa odam ekan?
Xushnutboy kuldi.
- Fashist fashist-da, qanday qilib odam bo‘lsin,- dedi.Keyin Muhammadjonning gapini tevarakdagilarga tarjima qilib berdi. Boshqalar ham uning sodda savolidan kulib yubordilar.
– Rang-ro‘yini ko‘rsang, xuddi bizning o‘zimiz,– dedi bir rus yigit miyig‘ida jilmayib.
– Odamga o‘xshaydi-yu… odam siyog‘i yo‘q,– dedi yana boshqasi.
Endi Muhammadjonning o‘zi ham kuldi.
– O‘shanga so‘rayapman-da…
Hayitboy miltig‘ini tozalab o‘tirgan edi, imlab, Muhammadjonga yonidan joy ko‘rsatdi, keyin:
– Oshiqma, jo‘ra,– dedi xo‘rsinib.– Ko‘rasan. Hali ko‘p ko‘rasan… Ko‘rgilik qilmasin!
Darhaqiqat, oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas Muhammadjon fashistni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Ko‘rganda ham, naq bir odim naridan ko‘rdi. Armoni ushaldi… ushalmagani ming marta afzal edi!
Ikki kundan beri mayda yomg‘ir shig‘alab urib turibdi. Kuz endi boshlangan-u, qishning havosi. Muzday, etni junjiktiradi. Nami badanlarga singib ketgan. O‘rmondagi daraxtlarning ko‘pi ikki kun ichida barg tashlab yubordi. Yomg‘irning tinadigan siyog‘i yo‘q, erinmaydi. Qiziq, nemislar tomonda jimlik edi. Na bir kattaroq hujumga tayyorgarlikning shabadasi keladi, na boshqaning. Bunday paytlar surunkasiga uch kun osoyishtalik hukm surishi g‘ayritabiiy edi. Muhammadjon hayron bo‘lardi. Kelganidan beri miltig‘ini tozalaydi, o‘ra qaziydi, harbiy mashq bajaradi, haqiqiy jangdan esa darak yo‘q. Loaqal miltiq otib ko‘rmaydi. «Bekor yotmay, ustiga bostirib boraversak bo‘lmasmikan?» deb o‘ylaydi. Uchinchi kuni, kutilmaganda, qism jangchilari orasida shivir-shivir paydo bo‘ldi: «Qurshovda qolibmiz, birodarlar!» Hammayoqda sarosima boshlandi. Tevarakka yuborilgan razvedka ham shu mish-mishni tasdiqlab berdi: nemislar o‘rab olibdi! Butun boshli qismning halokatga uchrash xavfi tug‘ildi. Ahvol nihoyatda og‘ir edi. O‘sha kuniyoq yakka-yakka yoki guruhlarga bo‘linib, qurshovni yorib o‘tish, shunday yo‘l bilan front chizig‘iga chiqib olish to‘g‘risida buyruq berildi. Askarlar, bo‘linib-bo‘linib, har yoqqa tarqab ketdilar.
Muhammadjon Hayitboydan bir qadam ham nari jilmasdi. U garang edi. Hali fashistning o‘zi ko‘rinmay turib, vahimasi shunchalik ekani uni ajablantirardi. Lekin Hayitboyning chizgan chizig‘idan chiqmasdi ham.
Hayitboy bilan Muhammadjon yonlariga bu atrofning so‘qmoqlarini besh qo‘ldek biladigan bir belorus yigitini olib, o‘zimiznikilar, qaydasizlar, deb yo‘lga tushdilar.
O‘rmonlarni oralab o‘tdilar, qishloqlarni chetlab o‘tdilar. Ketaverdilar, ketaverdilar. Nihoyat, to‘rtinchi kuni bir qishloqqa yaqinlashdilar.
– Telyavkino,– dedi belorus yigit.– Nemislar yo‘qqa o‘xshaydi.
Uchalovining ham sillasi qurigan edi. Bugun erta bilan xaltalaridagi yemak ham tamom bo‘lgan. Yomg‘irdan pana bir yerga o‘tdilar, quruqroq joyni topib yonboshladilar. Picha dam olgach, Hayitboy yo‘l boshlovchiga o‘girildi.
– Vasya, sen bir xabar olib ke, bo‘lmasa,– dedi horg‘in tovushda.– Yemak topmasak, holimiz xarob…
Vasya ketdi.
Hayitboy beixtiyor Samarqandni esladi, chalqancha yotgancha, osmondan ko‘zini uzmay, tug‘ilgan qishlog‘ini, yor-birodarlarini gapirib bera boshladi. Muhammadjon bunaqa sho‘x-shaddod yigitning birdaniga g‘amgin bo‘lib qolishini kutmagan edi, ko‘ngli buzildi.
– To‘rtta, bolasi borga o‘xshaymanmi shu turishda? – dordi Hayitboy sog‘inch bilan.– Uch o‘g‘il, bir qizim qolgan uyda. Biri biridan shirin.
Muhammadjon o‘zining qishlog‘ini esladi. Karimjoni ko‘ziga ko‘rinib ketdi. Xo‘rsindi.
– Meniki ham uchta edi. Ikkitasi peshonamizga bitmagan ekan…
– O‘tgan kun sen Farg‘onangni gapirib berganingda, men Samarqandimni ko‘rgandek bo‘ldim. Sen ota-onangni, o‘g‘lingni aytganingda, men ham uyimni, to‘rttala bolamni ko‘rib o‘tirdim,– dedi Hayitboy yonboshiga ag‘darilib.– Menga juda o‘rgangan edi, nima qilyaptiykan bechoralar.
Vasya keldi.
– Qishloqqa kirmadim, bir bolakay o‘ynab yurgan ekan, o‘shandan so‘radim,– dedi u hansirab.– Nemislar u yoqda emish. Buguncha shu yerda tunasak bo‘lar… Ketdik!
Qishloq o‘ziga yarasha bir qishloq ekan – katta ham emas, kichik ham. Chekkaroqdagi uylardan birining eshigini taqillatdilar. Kampir chikdi. Kelganlarning muddaosini bilgach, kulbasiga olib kirdi va yugurib-elib mehmon kuta boshladi: sut qaynatib berdi, qotirib yopilgan nondan parrak-parrak kesib, oldilariga qo‘ydi.
- Olinglar, bolalarim, olaveringlar. O-o, aft-angorlaringga qarab bo‘lmaydi-ya! Kechqurun bir yuvinib olinglar, maylimi, Qo‘shnilarimning hammomi bor!
Keyin yelkasiga ro‘molini tashladi-da, tashqari chiqib ketdi. Zum o‘tmay o‘zi qatori ikkita xotinni boshlab kelib, anchagacha gaplashib o‘tirdilar. Vasya shu kulbada qoldi. Muhammadjon bilan Hayitboyni haligi xotinlar uylariga olib ketdilar.
Oqshomga yaqin Telyavkinoga birin-ketin yigirmadan ortiq askar kirib keldi. Ular ham qurshovda qolganlardan edi, Vasya Hayitboy bilan Muhammadjonni chaqirib, yangi kelganlarning yoniga boshlab bordi. Qishloqning, kolxozning eski faollaridan ham uch-to‘rttasi yig‘ildi. Vaziyatni muhokama qilishga kirishdilar. Ichkarida bir serjant bor edi, komandirlikni zimmasiga oldi.
– Vzvodday kuchimiz bor ekan, endi bu yog‘iga komandirlaring men bo‘laman,– dedi.– Hozir hamma dam olsin-da, kechasi roppa-rosa o‘n ikkida manavi molxonaning orqasiga to‘plansin. Yo‘lga tushamiz.
Shu payt bir kishi komandirga o‘zini tanishtirdi, kolxozning sobiq raisi ekan.
– Buguncha sabr qilinglar,– dedi keksa kommunist, – Nemislar ikki kundan beri o‘rmonda izg‘ib yuribdi.
Boshqalar ham shu maslahatni ma’qul topishdi. Komandir o‘ylanib qoldi.
– Ertaga qandoq qutulib ketamiz ulardan? – deya so‘radi so‘ngra.
– Ertaga bir gap bo‘lar. Bu yerdan besh chaqirimcha narida partizanlar otryadi bor. Mabodo, nemislar yo‘llaringni to‘sib qo‘ysa, sizlarni o‘sha yoqqa boshlab boraman.
– Unda, sizdan iltimos, o‘rtoq rais, – dedi serjant,– odamlaringizga aytsangiz, kim qancha qo‘lidan kelsa, oziq-ovqat yig‘ib bersin. Yana, ust-boshlarimizni ham almashtirib olganimiz qulaymikan, bir balo bo‘lsa, partizanlarga qo‘shilib ketish osonlashardi.
Muhammadjon tag‘in boyagi xotinning kulbasiga bordi. Kulba bir-biridan o‘tiladigan ikkita xona va kichkina dahlizdan iborat edi. Muhammadjon dahlizni ko‘rsatib, menga shu yer ham bo‘laveradi, deganiga qaramay, uy egasi unga ichkaridan joy qilib berdi.
Beka ancha qarimsiq ko‘rinar, qaddi bir oz bukik edi. Kelini ham bor ekan, bir bolacha yuribdi, nevarasi bo‘lsa kerak. Kampir hadeb Muhammadjonni gapga solgisi kelardi. Bir-birlariiing tillariga tushunolmay rosa garang bo‘lishdi.
– Kimsan sen, bolam! – derdi kampir hadeb. Tushunavermasa, har xil imo-ishoralar qilardi.
– O‘zbekman, xola, o‘z-z-bek,– derdi Muhammadjon dona-dona qilib.
Ikkalasining «suhbati»ga quloq solib turib, kelini rosa kulardi.
– Qaerdansan? – Derdi kampir beloruschalab.
– Farg‘onalikman,– derdi Muhammadjon o‘zbekchalab. Kampir ham tushunganday, boshini qimirlatib qo‘yardi.
Bir payt u ko‘ziga yosh olib, nimanidir uzoq hikoya qila boshladi. Muhammadjon endi uning gaplarini imo-ishoralarsiz ham tushunayotganday bo‘ldi.
– Yakka-yolg‘iz o‘g‘lim bor edi,– derdi kampir ko‘zyoshlarini ro‘molcha bilan artib.– Senga o‘xshab u ham bo‘ydor edi. Qariganimda endi shu o‘g‘limga suyanaman-da, desam Brestda xizmat qilardi. Bitirib kelishiga yarim yil qolganda, urush boshlanib qoldi. Bir hafta o‘tmay halok bo‘libdi. Bu yoqda gulday xotini tul qolaverdi. O‘g‘ilchasini kurmaysanda, bolam. Odamning ichi achiydi. Nevaraginam, o‘g‘ilginamdan qolgan yodgorim! Otang sening diydoringga to‘yolmay ketdi. Martlarda uch kunginaga otpuska qilib kelgan ekan, ko‘rib qolganim o‘sha bo‘ldi. Endi, kelinim yana homilador. E xudo, bu go‘daklarning gunohi nima? Rahming kelmaydimi-ya?!
Kampir yana ko‘p gapirdi. So‘zlar – begona, dardlar bir-biriga yaqin edi. Muhammadjon endi deyarli hammasini tushundi. Kampirga, uy ichida kuymalanib yurgan kelinga rahmi keldi.
– Mening ham onam bor. Xotinim, bitta o‘g‘lim bor – dedi o‘ziga o‘zi gapirganday ohangda, o‘zbekchalab.– Odamzodning boshiga tushgan falokat ekan-da.
Kampir hamdardlik bilan boshini qimirlatib qo‘ydi, kelinini chaqirdi.
– Mehmonni cho‘miltirib qo‘y, qizim,– dedi Muhammadjonga ishora qilib.– Ivanning ust-boshini olib ber, bir kiysin. Bir ko‘ray!
Kelin itoatkorona bosh egib, Muhammadjonni hammomga boshladi. Hammom isitilib, tayyorlab qo‘yilgan. Muhammadjon birpas taraddudlanib, kelinga qaradi. U ketmadi, ostonada unsiz mo‘ltirab turaverdi. Muhammadjon yechinishga tutindi, shunda ham ketmadi. Muhammadjon bir g‘alati bo‘lib ketdi, vujudini hayajon bosib,dedi:
Boravering, kelin, men o‘zim…– dedi tutila-tutila o‘zbekchalab.
Kelin undan ko‘zini uzmay, asta eshikni yopdi. Lampa chiroqning lip-lip nurida yuzi, ko‘zlari allanechuk titrayotgandek uvishdi: kelin tinmay hansirar edi.
Ivan… Ivanginam…– dedi u nihoyat, shivirlab, bor-yo‘g‘i shivirladi, xolos, lekin nafasidan olov yog‘ilgandek bo‘ldi: Muhammadjonning ich-eti qizib ketdi.– Kel, Ivanginam, nimaga qarab turibsan! Ha, qani… – Men… Siz…
Kelin eshikning zanjirini soldi, o‘zini Muhammadjonga tashladi. Uzun, keng ko‘ylagining hilpindisidan lampa pir-pir etib, o‘chdi…
Muhammadjon naridan-beri cho‘milib chiqqanida, hammomchaning yo‘lagidagi mixga ilig‘lik toza kiyimlarga ko‘zi tushdi. Hayajondan titrab-qaltirab, kiyindi. Tevarakka bug‘ taratib kulbaga kirib bordi. Tashqarida hamon yomg‘ir tomchilar edi. Kampir Muhammadjonni ko‘rib, o‘rnidan turib ketdi. Kelasolib, uning bo‘yniga osilib oldi-da, yig‘lab yubordi. Muhammadjonning yuzi oq-sariqqa moyil emasmi, kampir shu tobda uning qiyofasida o‘z o‘g‘lini ko‘rgan edi! Muhammadjon onasini esladi.
So‘ng, negadir tuni bilan bezovtalanib, uxlayolmay chiqdi. Allamahalda ozgina ko‘zi ilingan edi, tush ko‘rdi: xotinini, o‘g‘ilchasi Karimjonni va yana ko‘p narsani… Ertasi ertalab falokat ro‘y berdi: qishloqni to‘satdan nemislar bosdi. Hech kim hech narsaga ulgurmay qolaverdi. Boz ustiga, nemislar bu yerda qizil askarlarning talayi yashirinib yotganidan xabar topdilar chog‘i, uyma-uy kirib, hammani sudrab chikdilar. Bir soatning ichida o‘ttiz chog‘li askarni oldilariga solib, qishloqning o‘rtasidagi maydonga yig‘dilar.
Butun Telyavkino aholisini ham shu yerga haydab keldilar.
Muhammadjon butkul o‘zini yo‘qotdi. Nahot jangsiz urushsiz asir tushib o‘tirsa? Mo‘ltirab, Hayitboyga qaradi Hayitboy jilmaygandek bo‘lib, ko‘zini bir yumib ochdi.
Soldatlar asirlarni ur-sur bilan safga tizdilar. Ofitser bir nima dedi, keyin tilmoch baland ovozda bidirlay ketdi. Muhammadjon uning so‘zlarini tushunmas, hadeb tevarakka alanglar, bir yoqda sheriklarining, bir yoqda olomonning jim turavergani uning vahimasiga vahima qo‘shar edi.
Yarim soatcha davom etgan do‘q-po‘pisadan keyin nemis ofitseri safning boshiga bordi-da, qo‘lidagi tayoqchani askarning ko‘kragiga niqtadi. Bo‘yniga avtomat osilgan ikkita soldat darhol o‘sha askarni safdan olib chikdi va ro‘paradagi devor sari sudradi. O‘ylab o‘tirmay, ikkalasi baravariga, asirning peshonasidan otib tashladi…
Bu – Vasya edi!
Shundan keyin ikkinchisini otdilar, uchinchisini…
O‘zlarini nima kutayotganiga ko‘zlari yetib, asirlar bir-birlari bilan vidolasha boshladilar.
Olomon tosh qotgan, yoshu qari birday tildan qolgan edi go‘yo.
Ofitser, parvoyi falak, sovuqqonlik bilan tayoqchasini navbatma-navbat asirlarning qorniga yo ko‘kragiga nuqar, xiyol o‘tmay o‘sha askar peshonasidan o‘q yer edi.
Bir payt Muhammadjonning dod deb yuborishiga sal koldi: ofitserning tayoqchasi samarqandlik Hayitboyning ko‘ksiga qadalib turardi! Hayitboy safdan chiqayotib, Muxammadjon turgan tarafga bir qarab qo‘ydi-da, boshini quyi solintirgancha, soldatning oldiga tushdi…
Muhammadjon Hayitboyning o‘sha nigohini umr bo‘yi unutmasa kerak! Fashistni ko‘rishga shunchalar zor eding, mana, ko‘r, to‘yib ol, degan ma’no bormidi u nigohda? Yoki, shunchaki vydolashuvmidi u? Ehtimol, Muhammadjonning tirik qolishiga ko‘zi yetmasa-da, ko‘nglida bir ilinj bilan o‘zicha iltijo qilgandir – omon qolsang, Samarqandimga bor, bolalarimni o‘pib qo‘y, demoqchi bo‘lgandir?
Hayitboyning nigohi Muhammadjonning ich-etini yondirib yubordi. O‘limning haq ekanini, o‘zining ham hozir, bir-ikki daqiqa ichida, peshonasidan o‘q yegan o‘n bir askarday o‘lib ketishini aniq-yaqqol his qildi va birdan xotirjam bo‘lib qoldi. Shuuri izdan chikdi. Qishlog‘ini, ota-onasini, o‘g‘lini, xotinini ko‘z oldiga keltirmoqchi edi, urinishlari zoe ketdi. Maydon, birin-ketin otilayotgan yigitlar, necha kundan beri erinmay yog‘ayotgan yomg‘ir,
O‘z qishlog‘i, Karimjon – hammasi bir-biri bilan aralashib, chalkashib ketdi…
Tag‘in ikkita asir ketdi. Muhammadjon endi dahshatga emas, hayratga tusha boshladi. Nahot itday o‘lib ketaversa?! Nahot biror chorasi topilmasa?! Uyi, mehribonlari, o‘g‘ilginasidan nahot uni osongina judo qilishsa?!
Navbat yonida turgan yoshgina askarga yetdi.
– Alvido, do‘stim! – dedi yigit so‘nik ovozda. Keyin sal tetiklashdi.– Mening familiyam – Simkin, otim – Aleksey! – dedi va dadil devor sari yo‘l oldi.
Xuddi shu mahal qabristondek sovuq maydon uzra bir nimaning o‘tkir chinqirig‘i yangradi. Hamma o‘sha tarafga yalt etib qaradi. Birgina turtkini kutib turgan olomon ham vahimali guvrana boshladi. Haligi ayol odamlar orasidan ajralib chiqib, dod solgancha, Simkinning yo‘lini to‘sib kelaverdi.
– Otmanglar! Bu mening o‘g‘lim! Otmanglar uni! Voydod, o‘g‘limdan meni judo qilmanglar! Yalinaman, o‘tinib so‘rayman, otmanglar! – derdi u talvasada bir nemislarga, bir Simkinga tashlanib. Uning tevaragida tag‘in beshta bola chuvillashib turardi.
Tilmoch ofitserga nimalardir dedi. Ofitser kulimsirab, tayoqchasi bilan ishora qildi: Simkinni bir chetga olib o‘tdilar. Shuning barobarida maydondagi suron yanada avj oldi. Xotin-xalaj birin-ketin o‘rtaga otilib chiqa boshladi. Kimdir: «Erim…» deb dod solsa, kimdir: «O‘g‘limni qo‘yib yuboringlar!» deya yolborardi.
Muhammadjon aqli-hushini yig‘ib ulgurmay, bo‘yniga bir juvon osilib olib, chinqira boshladi:
– Erimni bermayman sizlarga! Erginamni otmanglar! Qornimda bolam bor, yetim qilmanglar!..
Muhammadjonning ko‘zlaridan beixtiyor tirqirab yosh chiqdi. Juvon kechagi kampirning – Vasilisa xolaning kelini edi! Uning ketidan, qaddi ikki bukilib, nevarasini yetaklab, Vasilisa xola ham keldi.
– O‘g‘lim! O‘g‘ilginam! Otmanglar o‘g‘limni! Yolg‘izimdan meni judo qilmanglar!..– derdi u hadeb Muhammadjonning yuzlaridan, peshonasidan o‘parkan.
Bu orada nemis ofitseri tilmoch bilan nima haqdadir uzoq maslahatlashdi. Keyin tilmoch tag‘in o‘rtaga chiqib, olomonni tinchitishga tushdi. Muhammadjon uning baqir-chaqirlaridan hech baloni tushunmagan bo‘lsa ham, bir narsaning fahmiga yetdi: endi u tirik qoldi, endi nemislar bularni otmaydi!
Darhaqiqat, shu bilan otuv to‘xtatildi. Vasilisa xola oxirgi marta Muhammadjonning peshonasidan o‘pib: «Seni o‘z panohida asrasin, o‘g‘lim, omonlikda ko‘rishaylik!» deya iltijo qildi. Kelin esa, bir chekkada, bo‘yniga tushib qolgan ro‘molining uchidan tishlab, maydonning odamlar yo‘q tarafiga boshini burib turardi: u yig‘layotgan edi!
Keyin soldatlar asirlarni olomondan ayirib, maydondan nari olib ketdilar.
Asirlardan o‘n beshtachasi shu tariqa o‘limdan qutulib qoldi.
Tushdan keyin nemislar ularni qo‘shni qishloqqa haydab ketdilar. U yerda ham ko‘p ushlab turmay, to‘rtta soqchi hamrohligida boshqa tarafga qarab haydadilar. Oqshom payti yava bir chog‘roq qishloqqa yetdilar. Uylardan chetroqda yarim xaroba otxona bor ekan, soqchilar asirlarni shu yerga qamadilar. Uzlari esa, yomg‘irdan panaroq joyga olov yoqib, g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir suhbatlashib o‘tirdilar.
Muhammadjon devorning tirqishidan ularni tomosha qilarkyan, Hayitboy ham omon qolsa bo‘lmasmidi, deya nadomat bilan dilidan o‘tkazdi. Tirqishlardan otxonaga kuygan kartoshka hidi kirdi. Muhammadjonning tomoqlari achishdi. Asirlarning ko‘pi nonushta qilishga ham ulgurmagan edi.
Sal o‘tmay qandaydir cholg‘u asbobining tovushi taraldi. Kimdir ohangga moslab, xirgoyi qila boshladi.
Yana sal turib, soqchilardan birovi otxona eshigiga yaqinlashdi. Avtomatning qo‘ndog‘i bilan negadir ko‘hna eshikni bir-ikki do‘qillatib urdi va shu yerda bir oz ushlanib qoldi. Tashqaridagi olov yolqini xira tushib turgan otxonaning suyri yo‘lagidan ichkariga siydik oqib kirdi.
Atrofni zulmat qopladi. Shiftdagi tuynukdan qop-qora osmon g‘ira-shira ko‘zga tashlanadi. Yulduz yo‘q. Otxonaning har yer-har yeridan chakka o‘tmokda. Asirlar jim. Nihoyat, bir yigit tepadagi tuynukka ishora qilib, shivirladi:
– Qochamiz, yigitlar! To‘rtta soqchiniig qo‘lidan hech ish kelmaydi.
– To‘g‘ri,– deyishdi boshqalar ham, – bu yerda o‘tiravergan bilan tirik qolishimiz dargumon.
Xar tomonga qochamiz, deb kelishib oldilar va bitta-bitta, tovushsiz, tomga chiqdilar. Endi muhimi – yerga tushib olguncha soqchilarga sezdirib qo‘ymaslik edi. Bu yoq ko‘rinmaydi, shitir-shitirni eshitib qolmasa – bo‘ldi!
Muhammadjon hayajondan titrab, Simkinni turtdi, birga qochamiz, deb ishora qildi…
Hamma bir zumda har yoqqa tarqab ketdi.
Muhammadjon bilan Simkin sheriklarining taqdiri nima kechdi – bilmaydi, lekin o‘zlari qutulib ketishdi. Orqalaridan anchagacha avtomat tovushi eshitilib turdi. Borib-borib shu ham eshitilmay qoldi.
Sargardonlik boshlandi. Ertasi choshgohga yaqin Simkin bir qishloqdan non, cho‘chqa yog‘i topib keldi. Tamaddi qilib, yo‘lda davom etdilar. Bir hafta deganda, frontning oldingi chizig‘iga yetdilar.
Ularni qaysidir qismning askarlari erta tongda daryo bo‘yidan behush holda topdilar…

* * *

Olis Belorussiyadan turib Vasilisa xolaning yozganlari va o‘zi bundan besh yilcha burun maktabdagi yig‘inda aytib bermoqchi bo‘lgani shu voqea edi. O‘shanda dovdiramasdan shuni boshdan-oxir gapirib berganida, O‘rmonning ichiga o‘t tushardi-da, lekin. Ha, mayli, o‘tgan ishga salavot…
Mana endi, oradan shuncha yil o‘tib, gazetchi yigit tag‘in o‘sha voqeaning tafsilotini so‘rayapti.
Maham amaki urushda kechgan hayotini shunchaki hikoya qila olmasdi. Ko‘z oldiga keltirdimi – tamom, beixtiyor o‘zi o‘tmishga sho‘ng‘ib ketar, bu esa har gal unga og‘irlik qilar edi. Bundan tashqari, keyingi vaqtlar u qachon urush to‘g‘risida o‘ylasa, yodiga avvalo O‘rmon cho‘loq tushar, so‘ng tinmay so‘kinaverar edi. Urushni go‘yo nemis emas, O‘rmon ochgandek, fikri-zikri uni daf qilish xayoli bilan band bo‘lardi. Xayrullaga esa, O‘rmonning qizig‘i yo‘q. «O‘rmon cho‘loqni qo‘ying, Maham aka, o‘zingizdan gapiring, urushdan oling!» deb qolsa… Bilmaydiki, O‘rmonning ishlari fashistnikidan ham battar bo‘lgan, fashistning dushmanligi hammaga ayon, O‘rmon esa… Shuning uchun ham u xavfli odam! Vo darig‘! Ko‘ngilda darding ko‘p-u, ayting, deganda sasing chiqmasa!..

13

Dahlizda Muharram xolaning sharpasi sezildi. U yoqqa o‘tdi, bu yoqqa o‘tdi, o‘zicha ming‘irlab tokchalarni timirskiladi, paqirning qopqog‘ini sharaq-shuruq qildi va birdan ichkariga kirib:
– Hoy Karimjon, odamga o‘xshab gapirib-gapirib tursangiz-chi! Yuraklarim siqilib ketdi-e! – dedi o‘pkalagan tovush bilan.– Doim shunaqa bir yeringiz sal og‘ridimi, ichimdan top bo‘lvolasiz…
Maham amaki o‘zining bu fe’lini yaxshi biladi, lekin nima qilsin, tabiatan shunaqa-da. Onadan qayta tug‘ilib bo‘lmasa…
– Yo Karimjonga odam yuboraymi? Maham amaki bosh chayqadi.
– Ana, tag‘in shu ahvol. Bir gapga ko‘narmidingiz siz! Erta bilandan beri miq etmaysiz-a. Bu o‘zi uy bo‘lmay qoldi, zimiston…
Xotinining ginasida jon bor edi, Maham amakining unga rahmi keldi.
– Ko‘p qisinma, xotin,– dedi imkon qadar mayin qilib.– Bu safar o‘zi boshqacha tutdida. Bir yoqdan yelkam, bir yoqdan anavi gazetchi bolaning g‘ishavasi…– Maham amaki xotiniga Vasilisa xoladan kelgan xatni ko‘rsatmaganini esladi. Qo‘ynini paypasladi. Xatni uzataturib, kuldi. – Mana, kecha shuni ko‘tarib kelibdi. Aytganman senga, Belorussiyada shunaqa bir ish bo‘luvdi… Bechora kampir esidan chiqarmagan ekan.
Muharram xola konvertni oldi-da, nimalarnidir xotirlamoqchidek, ko‘zlarini bir nuqtadan uzmay turib qoldi. Nihoyat, esladi shekilli:
– Ha-a,– dedi g‘alati kulimsirab,– xotiningizning qaynonasimi?
Maham amakining bu voqeani aytishi ham qiziq bo‘lgan. Urushdan yangi qaytgan paytlari xotinini suyib ketganda doim yarim hazil, yarim chin po‘pisa qilib qolardi: «Haddingdan oshmay yur, Karim, biz ham ko‘chada qolganlardan emasmiz,– derdi.– Bir chiroyli belarus xotinim bor, o‘shanga ketvormayin tag‘in!..» Shuni aytayotib, u haqiqatan ham Vasilisa xolani, ayniqsa, uning suluvgina kelinini shirin bir entikish bilan xotirga olardi. «Sho‘rlik kelin, ayni barkamol yoshida tul qolib o‘tirsa-ya! Eh zamona!– deb qo‘yardi ko‘nglida. Keyin zo‘r berib, uning qiyofasini ko‘z oldiga keltirishga urinardi.– Loaqal otiniyam so‘rab olmabman…»
Muharram xola ichida erining u gaplarini hazilga yo‘yib tursa ham, har eshitganida yuragining qorong‘i bir cheti o‘rtanar, yig‘lagisi kelar edi.
«Yo shu yoqqa chaqiraqolaymi? – deb kulardi Maham amaki battar avjga minib.– Jon-jon deb keladi. O‘zbekiston bo‘ladi-yu, kelmaydimi!.. Opa-singil bo‘p yuraverasizlar, qalay? – Keyin darrov gapini o‘nglardi. – Bo‘ldi-bo‘ldi, xotin, hazilga shunchalikmi?.. Aslida-ku, o‘sha juvon bo‘lmaganida eringdan ajralgan eding-a!»
Muharram xola xatni obdan aylantirib ko‘rgach, qaytarib berdi.
– Xotiningizning o‘zi yozmabdimi? – dedi bir chimdim kinoya bilan.
Maham amaki kuldi.
– Kundoshim, degin… O‘shanda o‘zim bilan opkelaversam bo‘larkan. Esiz…
– Opkeling edi! Malla sochlarini bitta qo‘ymay yulib olardim-da!
– Ko‘p chiranma, hech narsa qilolmasding! U ham anoyi emas, sochini senga tutqazi-ib, o‘zi qarab o‘tirarkanmi?! Zakunni biladi ular.
– Zakun-makuni bilan ishim yo‘q! O‘nta bolani oldiga qatorlashtirib qo‘ysam, zakuniyam ip esholmay qoladi!
– Bolang o‘nta emasdi-ku, qayokdan olding shunchasini!
– Kerak bo‘lsa, tug‘ardim-da!
– Tug‘! Qani… Kim seni ushlab turibdi? Tug‘-chi! Muharram xola kalaka bo‘layotganini payqadi va beixtiyor diydasi yumshadi.
– Noshukur bo‘lmang, yettita tug‘dim – kammi?! Odamlar tirnoqqa zor…– dedi-yu piq-piq yig‘lab yubordi. Paxtalik baxmal to‘nining cho‘ntagidan katta dastro‘mol chiqarib, burniga tutdi.– Nima qilay, uchtasi bag‘rimdan sitilib ketdi, bo‘lmasa, uyingizni to‘ldirib yurmasmidi ular ham!
– Ana xolos! Gapni kim boshladi – menmi, sen? Ahvoling shu ekan-ku. Tag‘in, gapirib o‘tiring, deydi…
– He, bilganingizni qiling! – dedi-da, Muharram xola uydan chiqib ketdi.
Maham amaki yotib-yotib zerikdi. Qarasa, yelkasidagi sanchiq ham ertalabgidek emas. Picha aylanib kelay, deb o‘rnidan turdi.
Tashqari hali ham sovuq edi. Faqat shamol yo‘q. Bir-bir bosib, uchko‘chaning boshiga keldi. Endi qayoqqa borishini bilmay, kalovlanib turgan edi, ro‘paradan bir bolakay unga qarab yaqinlasha boshladi. Darrov tanidi: Nozimbek.
– Assalomu alaykum, Maham amaki,– dedi Nozim kelasolib.
– E-ha, Nozimbekmi? Katta yigit bo‘p yuribsanmi? E, barakalla! Maktabing qalay? Shu sovuqdayam boryapsizlarmi?
– Ha, boraveramiz,– dedi Nozim g‘ururlanib.– Bugun sovuqmas-ku… O‘tiningiz tugamadimi, amaki?
Maham amakining shu bolakayga mehri iydi. Juda bo‘lakcha-da, bu qurg‘ur! Nozim uning ko‘ziga shu tobda o‘zining nevaralaridan ham shirin tuyulib ketdi. Maham amaki bolakayning yelkasiga qoqdi.
– Tunovinda dunyoning o‘tinini qip berdilaring-ku! – dedi.– Turibdi hammasi.
– Nosir qachon keladi, amaki? «O‘rtog‘ini sog‘inibdi-da boyaqish…»
Maham amaki beixtiyor o‘zi ham Nosirni sog‘inganini his qildi.
– Keladi,– dedi ko‘ngli yumshab.– Kepqolar… Nozim u bilan xayrlashib, uylari tomonga chopqillab ketdi.
Uchko‘chaning qoq o‘rtasida Maham amaki yolg‘iz o‘zi qolaverdi. Endi qayoqqa borsin? Qayoqqa bormoqchi edi o‘zi? Choyxonaga negadir ko‘ngli chopmadi. Usta Sobitalining oldiga o‘tsinmi? Kirib, o‘sha bilan otamlashib o‘tirsinmi? Qaerda ekan u hozir? Darvoqe, Belorussiyadan kelgan xatni biryo‘la olib chiqmabdi. O‘shani ustaga ko‘rsatardi, maslahat so‘rardi. Qishloqda diltortar ulfatlardan birgina shu Sobitali qolgan…
Lekin birdan xayoliga g‘alati fikr keldi. Ko‘z o‘ngida beixtiyor Nozimbek jonlandi. «Oldimga o‘tirg‘izib olib, hammasini shu bolaga aytib bersam-chi? Har holda bolaning ko‘ngli toza bo‘ladi! Sal yengil tortarmidim».
…Bir payt ko‘ziga qizi Manzura ko‘rinib ketdi. Yopiray! Tushimi, o‘ngimi? Sinchiklab qarasa, ko‘ringan sharpa Manzura emas, Xayrulla Latif ekan. Ha, ha, Xayrulla Latif! «Gapiring, Maham amaki, nemislar bilan qanday urushgansiz? deb turibdi. Maham amaki qo‘rqib ketdi. Nima bo‘lyapti unga? Hozirgina qizi – Manzurasini ko‘rgan edi-ku? Endi Xayrulla… Yo‘q, u ham emas… katta kishi… Maham amaki uni tanidi: O‘rmon cho‘loq ekan. Nahot Xayrulla bilan O‘rmonning farqiga bormasam, deb ko‘zlarini yumib oldi. O‘rmon cho‘loq ketmadi, irjayib turaverdi. Hatto aniq-tiniq ovozda: «Men sizga olib bergan nishon qani, Mahamboy? Haliyam taqmay yuribsizmi?» degandek bo‘ldi. Keyin hammasi aralashib ketdi va olisga chekinib, bir nuqta bo‘lib qoldi. Nuqta aylana boshladi. Aylangan sari yaqinlashib, yaqinlashgan sari kattalashib kelaverdi. Yo‘q, bu yerda Manzura ham, Xayrulla ham, O‘rmon ham yo‘q edi. Ular Maham amakining ko‘ziga ko‘rindi, xolos. Bu yerda shunchaki bir quyun bor edi, aylanayotgan narsa ham shu. Quyun tobora zo‘rayib, Maham amakini ham o‘z girdobiga tortdi va chirpirak qilib aylantira boshladi. Oyogini yerdan uzib, osmoni falakka ko‘tarib chiqib ketdi…
Maham amakining yuragi qattiq sanchdi, ko‘zi yarq etib ochilib ketdi. Qarasa… o‘zi hanuz uchko‘chaning boshida, tolga suyangancha turibdi. Quyundan asar ham yo‘q. Lekin yer hamon aylanayotgandek bo‘laverdi. Maham amaki to‘nining ichiga qo‘l suqib ko‘ksini changallagancha, beli bilan tol tanasi bo‘ylab sirg‘alib, yerga o‘tirib qoldi…

* * *

U axiyri bir qarorga keldi, yorug‘ dunyoda ne bir sitam ko‘rdim – bariga shu O‘rmon sababkor, deb hukm o‘qidi. So‘ngra shu damgacha sezilmagan shiddat bilan o‘y sura boshladi…
Gunohkorsan, O‘rmon! Bugungacha gunohingga loyiq jazo olmagan ekansan, bunga Muhammad aybli emas! To‘g‘ri, uning ham o‘ziga yarasha aybi bor… Biroq u ojizlik qilmadi, qo‘lidan kelgancha senga qarshi kurashib keldi. Nachora, ishlayolmadi, demak, sen ham anoyi emasding, O‘rmon, balo eding! Muhammad bunga amin bo‘ldi. Uning aybi – u ba’zan sendan fazilatu o‘zidan xatolik axtardi. O‘rmon ham inson-ku, uning ham haq joyi bordir, deb fikr qildi. O‘zini noshud fahmladi, seni – uddaburro. Va, shu uddaburroligiga hasad qilmayotganmikanman, deb ikkilandi. Aybsiz inson yo‘q, O‘rmon ham tirik jon-da, nega endi nuqul uni so‘kaveraman, deb ko‘p o‘ylardi u. Esiz… Seniki ayb emas, O‘rmon, seniki gunoh ekan? Gunohki, o‘lim bilangina yuvsa bo‘ladi uni! Muhammad shu yerda pand yedi. Qo‘y, u ham odam, bola-chaqasi bor, yomon bo‘lsa, faqat menga yomondir, o‘zining yaqinlariga u ham aziz, deb o‘yladi. Endi-chi? Muhammad seni yomon ko‘radi, O‘rmon! Shuncha ko‘ngilchanlik qilgani ham yetar!..
Otasi bir rivoyatni ko‘p takrorlar edi. Emishki, Xudoyorxon davrida bir jallod saroy xizmatidan bo‘sh paytlari chakkasiga doim gul qistirib yurarkan. Elga qo‘shilib choyxonalarda o‘tirarkan, askiyalar qilarkan, mashhur g‘azallarni ohang bilan o‘qirkan… Axir, u ham inson, derdi otasi, uning ham yuragi bor, ehtimol, o‘ziyam g‘azallar bitgandir!..
Eh, ota, nega u jallodning yonini olasiz? Axir, u – jallod-ku! Uning jallod ekanini bilamizmi, elga buni ovoza qilishimiz kerak! Xaloyiq, chakkasiga gul qistirgan manavi kishi – jallod! Undan qochinglar, uni o‘ldiringlar, rahm-shafqat qilib o‘tirmanglar, chunki u sizu bizga o‘xshab chakkaga gul qistirib yursa ham, askiyalar aytib, xaxolab kulsa ham, hatto, g‘azallar bitsa ham, u – jalloddir, jallod!!! Buni hech qachon unutmanglar! Biz shunday deyishimiz kerak edi, siz buni bilmadingiz, ota, bilsangiz ham, indamay o‘tdingiz. Menchi? Men ko‘rib, bilib turibman-ku! Chakkasiga gul qistirib olibdi, shuyam insonda, deb bo‘ynimni egib yuraverishim kerakmidi?! Unda mening yashashimdan ne ma’ni qoladi?! Umuman, odamzodning dunyoga kelishidan maqsadi nima?! Shu kungacha ichimdan ne kechdi – yolg‘iz o‘zim bilaman. Bir o‘zimning bilganim esa, kam ekan, ota, eh, nihoyatda kam!
To‘g‘ri, ota, O‘rmon nodon kimsa, nodonki, indamaganni bilmaganga yo‘yib keldi va go‘yo «bilmagan» har kimsani har ko‘yga solaverish mumkin, deb o‘yladi. O‘zini dono deb bilgani uchun ham u nodondir! Ammo-lekin mening indamaganim, sizning indamaganingiz ham donolikdan emas ekan. Demak, biz hammamiz andak nodonmiz! Mayli, men ham nodon bo‘lay, biroq O‘rmonni u dunyoyu bu dunyo kechirmayman! Bu – o‘jarlik yo qaysarlik emas, ota, bu – haqiqat! Shunday haqiqatki, undan tonganning hayoti harom bo‘ladi! Bu – mening haqiqatim, mening yo‘lim, ota! Shunday yo‘lki, undan chetga chiqqanning kosasi oqarmaydi! O‘rmonga shafqat qilmayman, ota, unga shafqat qilganning uyi kuysin!
Men seni yomon ko‘raman, O‘rmon! Bilsang, seni tug‘ilganimdan beri yomon ko‘raman! Mana, shu kunga kelib ham nafratim zig‘ircha susaymaydi. Bu dunyoi qo‘tirda sening yo‘ling bilan mening yo‘lim to‘g‘ri kelishmadi, oshna. Xamma balo shundan.
Bir paytlarda sen gijinglagan otda yurarding. Oshig‘ing olchi edi. Har narsada o‘zingni jonboz ko‘rsatarding, har ishga bosh bo‘lishga intilarding, asta-sekin mavqega minding, odamlarni egib olding. Sening gunohing ko‘p, O‘rmon, bir boshdan sanayversam, barmog‘im yetmaydi… Alg‘ov-dalg‘ov yillarda sen otingni gijinglatib: «Bosmachini qirib tashlaymiz!» deb baqirding, lekin o‘zingni chetga olding. Bosmachidan kuyganlar, uni jini suymaganlar baqir-chaqirsiz ham, ko‘ngildagilarini oshkor etmay turib-ham o‘limga tik boraverdilar. Sen esa, uyalmay-netmay bir gal: «Bosmachining xurujiga ko‘kragimizni qalqon qilganmiz!» deya og‘iz ko‘pirtirding. Vaholanki, ko‘kragini qalqon qilganlar o‘sha davrada miq etmay turgan edi…
Urush boshlandi. Sen tag‘in ko‘kragingta musht, urib chikding. Bu yog‘i yana avvalgidek – hammani urushta chorlading-u, o‘zing chetda qolaverding. Axir, «Bir yoqadan bosh chiqaraylik!» deb hayqirgan o‘zing emasmiding? Sening boshing bizning yoqaga sig‘madimi, O‘rmon?! Zo‘r kelsa, yo‘lini topding, ya’ni ko‘pchilikka o‘rinkashlik qilding. Sening «sharofating» bilan xizmatdan ozod etilganlar ham ko‘ngilli bo‘lib frontga otlandi sening o‘rningga. Qachongacha panada qolarding, axiyri seni ham yuboribdilar-ku! Lekin borib go‘r qildingmi? Yarim yil ichida yaralanibsan. Urushda har narsa bo‘ladi, qo‘lga qurol tutishga ulgurmay turib ham falokatga yo‘liqqanlarni ko‘rdim, o‘zim qam bir gal o‘shanday o‘limdan qoldim, biroq sen… Sendan gumonim bor, O‘rmon! Bir qo‘ling yo‘q, ammo yuribsan. Yo‘q qo‘lingning hurmatidan taltayib… Tiriksan. Men qo‘lidan, oyog‘idan ayrilgan ne-ne yigitlarni ko‘rganman, sen ularning hech biriga o‘xshamaysan. Ular – urush invalidlari, sen esa cho‘loqsan, O‘rmon!
Odilxonni eslaysanmi? O‘sha bola urushdan qaytmadi-ya! Men uni yodimdan chiqararmidim. Bilsang, mening ham yuragim majruh. Yarmi o‘sha yoqlarda qolib ketgan. Odilxon bilan birga… Eh, O‘rmon, men bir o‘limni ko‘rdim, uning alami yetti pushtingni yo‘qotishga yetadi! Bechora Odilxon hatto o‘zining chin qotili kim ekanini ham bilmay ketdi. Biroq buni men bilaman! Axir, sen Odilxondan cho‘chirding, sen uning ko‘zlariga tik qarayolmasding. El uning ashulalaridan, kuylaridan huzur qilgan sari sening ko‘nglingdagi g‘ulg‘ula tobora ortaverardi. Bir gal hatto: «Shu bolaning qarashlari otasining qarashlariga o‘xshaydi-ya…» degan eding. Ha, O‘rmon, sen Odilxonning nigohidan yomon qo‘rqarding, axiyri asablaring dosh bermadi – uning ham boshiga yetding.
Darvoqe, odamxo‘rlik sening qoningda bor. Sen meni o‘g‘limdan – Hakimbegimdan ham judo qilgansan! U ochlikdan shishib nobud bo‘ldi, lekin uning qotili sensan! Men buni ancha yillar o‘tgandan keyin bildim, lekin bari-bir ko‘nglimda qoldi. Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqarkan. Oradan yigirma yilcha o‘tib, choyxonada og‘zingdan gullab qo‘yding. Ochiq aytmading, lekin men sezdim. G‘allani urgan o‘sha qaroqchilarning sardori o‘zing eding, O‘rmon! Sen kunduzi rahnamo, kechasi esa o‘g‘ri, qaroqchi eding! Faqat, oradan yillar o‘tib, u kunlarga munosabat chuchuklashganini bilganingdan, qolaversa, o‘zingga ishonganingdan aytib qo‘yding, o‘yladingki, endi birov sening mushugingni pisht deyolmaydi. Biroq men… Shuncha payt indamagan bo‘lsam, endi indayman, jim turmayman. Ha, O‘rmon, qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi – men bunga ishondim, lekin shu qirq yil ichi sening qing‘irligingdan ne-ne soylar orqaga oqdi, ne-ne kunlar oftobini bulut to‘sdi – bularning ham hisobi bor, oshna! Demak, qiyig‘ing chiqishini kutib yurganimning o‘zi mening katta gunohim! Endi… endi o‘zingdan ko‘r, O‘rmon!
Maham amaki vujudi terga botganini sezdi. Hayajondan titrab-qaqshab, o‘rnidan turdi. U ilgari bunaqa ahvolga sira tushmagan edi. Yurak sanchig‘ini ham unutib, uyi tomon shaxdam odimlarkan, «Nozimbekni chaqirtiraman, dardlarimni shu bolaga yoraman!» deya xayolidan o‘tkazdi.
«O‘rmoniing o‘limini kutib yurganimdan nima naf? Hamma qatori u ham bir kun o‘lar, go‘rini o‘zim qazirman, xo‘sh, shu bilan armonlarim ariydimi? Axir, bu unga jazo emas, martaba-ku! Men esa, tag‘in o‘zim bilan o‘zim qolaveraman… Yo‘q, tirigidayoq uning sharmandasini chiqarishim kerak! Qilmishlarini elga ovoza qilaman – Nozimbekka aytaman!..»

14

Xayrulla Latif aytgan vaqtida keldi. Bu safar ko‘chadan chaqirib o‘tirmadi, eshikni shartta ochib, hovli o‘rtasigacha kirib kelaverdi. Shundan keyingina ovoz berdi:
– Maham aka!.. Hov, kim bor?
Hovlining biqinidagi oshxona eshigi ochilib, Muharram xola ko‘rindi.
– Maham akamni yashirib qo‘ymadingizmi tag‘in, xola? – dedi Xayrulla yer tepinib.
Muharram xola mulzam tortgandek bo‘ldi-yu, bildirmadi.
– Ie, Xayrullajon, keling, bolam! Uyga kiravering, sizni poylab o‘tiruvdilar amakingiz.
Xayrulla Latif uy sahnidagi supaga bir sakrab chiqarkan, sho‘x kuldi.
– Ovqatni tezlating, xola. Bugun Maham akam bilan ertalabgacha iyakni iyakka tirab o‘tiramiz, ha!
– Bo‘pti-da! O‘ziyam damlayapman,– dedi-yu Muharram xola tag‘in oshxonaga kirib ketdi.
Xayrulla Latif ostonada botinkasini qoqib, eshikni ochdi. Dahlizda bamaylixotir yechinarkan, o‘rta eshikni qiyalatib, ichkari mo‘raladi.
– Salom berdik, Maham aka!
So‘ng shaxdam yurib bordi-da, qo‘l olishdi. Maham amaki o‘rnidan bir qo‘zg‘alib, yotgan ko‘yi qo‘lini uzatdi.
– Ie, ha, mazangiz yo‘qmi?
– Shu, kechadan buyon… Muncha kech qolding? Qani, munday o‘t-chi! – Maham amaki nigohi bilan Xayrulla Latifga joy ko‘rsatdi.
Xayrulla Latif sandalning bir tomoniga cho‘kdi. Boshidagi telpagini olib silkitdi, keyin tag‘in kiydi.
– Kecha so‘kkaningizga darrov telpagimni kiyvoldim, Maham aka.
– So‘kib… nima? Bosh – seniki! Xayrulla Latif hiringlab kuldi.
– Haliyam bir keluvdim, – dedi sinovchan tikilib. Maham amaki bu gapni eshitmaganga oldi, derazaga o‘girilib xotinini chaqirdi:
– Karim, choy opke! – Keyin Xayrullaga qaradi.– Nima deding?
– Haliyam bir keluvdim, yo‘q ekansiz…
– Shunaqami? Keldim de, men qaerda ekanman? Ha, choyxonaga chiqqanimda kelgandirsan-da.
Xayrulla Latif ko‘zlarini ayyorona qisib, tomoq qirdi.
– Meni galatepalik deb o‘yladingiz-a, rostini ayting!.. Hali xolam ham shunaqa dedilar, lekin men ishonmadim, to‘g‘ri choyxonaga bordim. Yo‘qsiz. Hech kim sizni ko‘rmagan. Bugun umuman ko‘chaga chiqqaningiz yo‘q, to‘g‘rimi? Biz ham ja-a ovsar-laqmalardan emasmiz, Maham aka.
Maham amakining yuzlari bilinar-bilinmas qizarindi.
– Galatepang nimasi,– dedi norozi ohangda.– Gaplarim – chin!
– Bir aytdim-qo‘ydim-da endi. Bekorga Maskovning ta’limini olmaganmiz, yerning tagida ilon qimirlasa – bilamiz! Mayli, bo‘pturadi shunaqasiyam… Bizning zakaz nima bo‘ldi – o‘shandan gapiring!
– Choy kelsin, bolam, muncha shoshmasang,– dedi Maham amaki yana deraza tomonga ko‘z tashlab.
– Kelgisi kelsa kelaveradi. Ungachayam olam-jahon masalani gaplashib olamiz. Xo‘-o‘sh… Aytganday, xat qani?
Maham amaki yaktagining ichki cho‘ntagini kavlab, xatni oldi.
– Mendan keyin o‘qib ko‘rgandirsiz? O‘sha «o‘g‘il» sizmikansiz, ishqilib?
– Obbo… Toza-a, melisadan ham oshirib yubording-ku, a! Erkak odamning gapi bitta bo‘ladi-da, axir!
– So‘raganimki… Nozik masalada bu, Maham aka. Hovli-qib, bu yokda sizni ocherk qilib yuborsam-u, egasi qo‘shni rayondan chiqsa… Naq boshim ketadi-ya! Bunaqa ishni yetti o‘lchab, bir kesgan ma’qul.– Xayrulla Latif qora charm jilddan tepaga ochiladigan yaltiroq bir daftarcha olib, varaqlay boshladi.– Ammo-lekin sarlavhasini zo‘r topdim: «Mening ikkinchi onam»! Qalay?
– Men nima qilishim kerak o‘zi? – dedi Maham amaki ensasi qotgandek.
– Ana xolos! Kechadan beri quloqqa tanbur chertyapmanmi? Men bu kishimni elga mashhur qilmoqchiman-u, gaplarini qarang!
– Odam tushunadigan tilda gapirmayapsan-da, o‘zing ham.
– Nimasi tushunarsiz? Mana, qo‘lingizda xat, buning voqeasini aytib berasiz – bir. Umuman, urushdagi taassurotlaringizdan gapirasiz – ikki. Orden-medal olgan bo‘lsangiz, ularni sanaysiz – uch. Va hokazo-da-e…
Maham amakini birdan noxush kayfiyat chulg‘adi. Xayrulla Latifning orden to‘g‘risidagi gapi beixtiyor bir ko‘ngilsiz hodisani eslatdi. Xuddi shu orden masalasida unga bir gal O‘rmon cho‘loq pand bergan.
G‘alabaning qaysidir yilligiga atab nishon chiqarilgan ekan. Bayram kuni rayon harbiy komissarligidagilar urush qatnashchilarini yig‘ib, bittadan tarqatdilar. Negadir uch-to‘rttalariga yetmay qoldi. Ular orasida Maham amaki ham bor edi. Lekin u xafa bo‘lgani yo‘q, indamay qishlog‘iga kelaverdi. Ertasi esa harbiylardan bir vakil eshigini taqillatib kelib, uni alohida tabriklab, nishonni ko‘kragiga taqib ketdi. «Uzr, Mahamboy Ortiqovich, kecha bizning aybimiz bilan… Biz sizning xizmatlaringizni yaxshi bilamiz, qadrlaymiz!» dedi. Maham amaki unda ranjimagan bo‘lsa-da, ertasi astoydil sevindi. Ko‘kragida nishonni yarqiratib, guzarga chiqib bordi. Kecha nishon olgan ulfatlarim ko‘rib qo‘ysin, dedimi… Xullas, gapdan gap chiqib, O‘rmon cho‘loq bir narsaga shama qilgan edi, Maham amaki uyga kela solib, uni yechib, javonning g‘aladoniga irg‘itdi.
O‘rmonning gapicha, Maham amakiga shu nishon ham tegmay qolishi turgan gap ekan. Yig‘indan keyin u shaxsan harbiy komissarning oldiga borib: «O‘rtoq nachaynik, nohaqlik bo‘lmasin-da!» debdi. Chinmi, yolg‘onmi – Maham amaki bilmaydi. O‘rmonning gapi bu. «Qarasam, hammaga beryapti-yu, ro‘yxatda Mahamboyning oti yo‘q. Yelkasida yulduzi borini to‘xtatib, ey, bizning Ortiqov Mahamjonniyam ko‘rvorchi, dedim. Zang‘arning bahonasini qarang: ro‘yxat oqqa ko‘chirilayotganda tushib qolibdi, emish. Mundan keyin ko‘zingizni kattaroq oching, polkovnik, deb do‘q urib qo‘ydim.»
Maham amakining bilgani – nishonni atay o‘zlari opkelib berib ketgani.
Endi esa, mana, o‘shandan beri g‘aladonda yotgandir.
Xayrullaga shularni aytadimi? Bular mayda gaplar-ku!
Maham amaki Xayrulla Latifga qarab o‘tirib, bu bachchag‘ardan qanday qutulsam ekan, deb o‘yladi. Xayrulla Latif esa hamon xiraligini qo‘ymas edi.
– Darvoqe, Maham aka, partiyaga qachon o‘tgansiz? – dedi u bir payt.
Maham amaki o‘zining xayollari bilan band holda:
– Urush yillari,– deb qo‘ydi.
– O‘h-ho‘, unda partiyniy stajingiz ham ancha bo‘p-qopdi-da! Zo‘r! Men sizga aytsam, respublika gazetasidayam bunaqa zo‘r ocherk chiqmagan! Urush yillari partiyaga o‘tishning o‘zi bo‘ladimi? Tarixiy voqea! Butun boshli qo‘shinni tikka turg‘izib qo‘yib, yosh o‘zbek o‘g‘lonini o‘rtaga chiqarib, jangovar komandirning shaxsan o‘zi… Yo bu ish bilan komissar shug‘ullanadimi? Politruk bersa kerak-da, a? Qani, Maham aka, partbiletingizni ko‘rsating-chi, qanaqa ekan. Chekkasida qon-pon tekkan joyi yo‘qmi?.. «Cho‘g‘dek qip-qizil partbiletini u ko‘krak cho‘ntagida sevgilisining suvratidek asrab-avvaylab, to…» Berlingacha borgansiz-a, Maham aka?
Maham amakining yuragi siqildi.
– Ha, Berlingacha borganmiz… O‘sha yerda tag‘in bir yil qopketganmiz. Lekin belatim yo‘q…– dedi-yu shu zahoti: «Bundan boshqa bir og‘iz ham aytmayman!» deb qo‘ydi ichida.
– Iya! Yo‘qolganmi?
– Yo‘q. Belatini olmaganman.
– Ana xolos, bu yog‘i nechchi puldan tushdi! – dedi Xayrulla Latif Maham amakiga qiyrixon qarab.– Partiyniymisiz o‘zi?
– Ha!
– Biletingiz qani bo‘lmasa?
– Belatini olmaganman, deyapman-ku senga!
– Biletsiz kommunistman, deng? Vo ajab… Biletni olmaganmisiz yo o‘zi berilmaganmi sizga?
– O‘zim olmaganman… ololmay qolganman. Xayrulla Latif hamon andak hayrat, andak shubha bilan qiyrixon, ehtimol, sinovchan, tikilib o‘tirardi.
– Demak, hozircha bunisini yozmay turamiz,– dedi u g‘o‘ldirab.– Lekin, yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsangiz…
– Yo‘qotib qo‘yganim yo‘q! Bor narsani yo‘qotaman-da.
– O‘lay agar, miyam ishlamay qoldi… O‘zi, kecha, kommunistman, deganingizda ham uncha ishonqiramovdim,– dedi Xayrulla Latif labini burib.– Sizni partiyniy deb shu kungacha bir kimsadan eshitmaganman. Lafzingizga ishonib, hali erta bilan birinchigayam aytibman… hayron bo‘ldilar, sizni tanimas ekanlar. U kishi rayondagi hamma kommunistni nomma-nom biladilar… Xo‘-o‘sh, qishlog‘imiz-dan, mana masalan: men – partiyniy, Rahmon melisayam partiyniy edi, haydaldi, to‘g‘ri qilindi… Achaxon opa – partiyniy, O‘rmon aka – partiyniy, konda ishlaydiganlardan ham to‘rtta-beshtasi partiyniy, lekin siz…
– Men ham partiyaman! – dedi Maham amaki Xayrulla Latifning cho‘zilib ketgan sanog‘ini kesib.– Faqat, belatim yo‘q, xolos. O‘rmon mendan ilgari firqaga o‘tgan, men – urushda.
– Mayli, ishondik, lekin uni yozmay qo‘yaqolamiz. Bizda hamma teng – partiyniy ham, bespartiyniy ham!
Maham amaki birdan tutaqib ketdi:
– Ishonmading! Ishonmaganing uchun, yozmayman, deyapsan! Yozasan! Qani, yozmay ko‘r-chi!..– Endi uning teskari qaysarligi tutgan edi. Zahrini sochaverdi.– Urush senga o‘yinchoq emas, bola! Shu urushga vijdonan borib kelgan hamma – partiya, bilding!
Xayrulla Latif Maham amakining bunchalik jahli qo‘zib ketishini kutmagan edi, indamay qoldi.
– Biz doim katta jangdan oldin qog‘oz yozib qoldiramiz, qaytmasak, bizni a’zo sanayveringlar, deb. Sen o‘lsang.
Endi Xayrulla Latifning qiyofasi ajoyibxonaga ilk daf’a kelgan yosh bolaning vajohatiga o‘xshab qoldi. avval biron sas chiqarmadi, hazillashayotgandir-da, deb o‘yladi, keyin qarasa– masala jiddiy. Nihoyat, gap nima ekaniga tushundiyu qiyqirib yubordi.
– E, yashang-e, Maham aka! Ammo-lekin malades! Shu bugunning o‘zida ikki marta tuzladingiz-da, meni, yashang! O‘zim ham g‘irt galatepalik ekanman lekin. Laqqa tushib tiribman-a! Hi-hi-hi… Qoyil, bopladingiz! Bunisi endi ocherkdan ham o‘tib ketdi, hikoya qilaman buni! Topildiq! – keyin kulgidan sal to‘xtab, dedi: – O‘sha qog‘ozga ishonib kelaveribsiz-da, Maham aka?
Maham amaki endi astoydil ranjidi.
– Yomon serqitiq bola ekansan-da, – dedi xunob bo‘lib, Hozir men buni senga yo‘liga aytuvdim… bilsang, urushda birov belat surishtirib o‘tirmagan.
Shuni aytayotganida xotirasida olis bir manzara jonlandi.
…Polshaning qaysidir qishlog‘iga kirmasdan avval Muhammadjon va yana uch askar kechasi razvedkaga borishdi. Topshiriqni imi-jimida bajarib, tongga yaqin bitta asir ham olib qaytishdi. Shtabda ishlaydigan ofitserlardan jamlandi. Ertasi qizil askarlar qishloqni osongina qo‘lga oldilar. Shunda qism komandiri razvedkaga borgan to‘rtala askarni safning oldiga chiqardi-da, har birining qo‘lini alohida-alohida siqib: «Yashanglar, azamatlar! Xaqiqiy kommunistchasiga ish tutibsizlar!» dedi…
Maham amaki bunisini Xayrulla Latifga aytgisi kelmadi.
Muharram xola kirdi. Sandalga dasturxon yozib, choy qo‘ydi, non ushatdi.
– Olib o‘tiring, bolam, – dedi mehribonlik bilan. – Nonniyam suvi qochibdi. Bu sovukda qaerda saqlashni ham bilmaysiz.
– Hechqisi yo‘q, xola, – dedi Xayrulla Latif, bir to‘g‘ramini ola turib, – hamma joyda shunaqa hozir.
Muharram xola eriga qaradi.
– Oshni suzaveraymi? Choy quyib o‘tiring, Karimjon, mehmonga.
– Mehmoni bormi, o‘zim quyaveraman. Osh kelguncha, ermak qilib… Biz hozir Maham akam bilan zo‘r joyiga keldik! Bugun qanaqa kun?
– Payshanba,– dedi Muharram xola va oshxonaga chiqib ketdi.
– Ha-a…– Xayrulla Latif tag‘in kulimsiradi. – Obbo, Maham aka-ey, bopladingiz! O‘sha qog‘ozingizda «jangdan qaytmasam…» deb yozgansiz, to‘g‘rimi? Siz esa har safar qaytavergansiz, demak, arizangiz o‘z-o‘zidan inobatga o‘tmaydi. Hi-hi-hi…
– G‘irt mahmadana ekansan lekin! Yigit kishi munaqa bo‘lmaydi, bir marta aytdim – bo‘ldi-da, cho‘zaverasanmi! Gapni gapir uqqanga, degani haq o‘zi! Senga o‘zbekchalab aytib o‘tiribman-a.
Xayrulla Latif past keldi. Suhbatning maromini buzmaslik uchun kechirim so‘ray boshladi. Maham amaki ham endi sal yumshadi va nasihat ohangiga o‘tdi.
– Menga qara, Xayrullajon bolam, o‘zingdan katta bir narsa deganda jim quloq solishni ham o‘rgan, durustmi? Men sen bilan yashintopaloq o‘ynayotganim yo‘q.
– Xo‘p, dedim-ku, Maham aka, kechiring endi bir safar. Maham amaki uning tavba-tazarrusiga e’tibor qilmay gapida davom etdi:
– Ko‘nglingdagini birov bilmasayam yomon ekan. Bilmagani-ku, mayli, bilgisi kelmagani-chi! Bir-birimizning ko‘nglimizdagini uqmasak, insonligimiz qoladimi, bolam. Shundoq ketaversa, mana ko‘rasan, bir kun zamon oxir bo‘ladi.
Xayrulla Latifning tag‘in shaytoni qo‘zidi.
– Ana, o‘zingiz har xil gaplarni gapiraverasiz men qandoq jim bo‘lay?!– dedi u kuyinib. – Bilsangiz, bu gapni bir vaqtlar Mayakovskiy aytgan! «Insonni tushunish kerak!» Qarang, qanday sodda va lo‘nda! Siz bo‘lsangiz, buyuk shoirning buyuk shiorini mistikalashtirib aytyapsiz. Buni eshitganimdan keyin jim o‘tirolmayman-da, axir:
– Kim aytgan deding?
– Mayakovskiy! Asrimizning buyuk shoiri!
Maham amaki xiyla muddat jim qoldi. Keyin yuragini o‘rtayotgan xo‘rlikni arang bosib, yuzini teskari burdi:
– Shoir-poiringni qo‘y, Xayrulla,– dedi so‘ngra har bir so‘zini salmoqlab.– Sen Maskov ko‘rgansan, biz bir chetdagi odam… Lekin, u gapni men qulog‘imga qo‘rg‘oshinday quyib olganman! Uni doim otam aytib yurar edi. Qolaversa uni otam ham to‘qib chiqarmagan, unga ham otasi aytib ketgan! Tushundingmi? Tushungan bo‘lsang, endi…
Tiriq-tiriq etib eshik ochildi: katta sopol tovoqda do‘mpaygan osh ko‘tarib Muharram xola kirdi. Kiriboq nolishga tushdi:
– Ertadan endi shu dahlizda qilaman ovqatni! Tutunidan qo‘rqsak, ilma-teshik oshxonangizda odamni ushuq urib ketadi bir kun!
Maham amaki xotinini jerkidi:
Tovoqni qo‘y mana betga, ko‘p javramay! Mehmonning qo‘liga suv opke!
– Ovora bo‘lmang, xola, – dedi Xayrulla Latif shosha-pisha. – Qoshiqda yeyaqolaman.
Muharram xola tokchadan bitta yaltiroq qoshiq olib, sochiqning bir chekkasiga artdi-da, Xayrullaning oldiga qo‘ydi.
Dasturxonga osh kelib, Maham amakining gapi chala qoldi. Xayrulla bir-ikki bor savol nazari bilan qaragan edi, hech qanday so‘zga o‘rin qoldirmaydigan ohangda, cho‘rt kesdi:
– Avval – taom, ba’daz – kalom! – So‘ng yonidan pichoq chiqarib, to‘shakka cho‘kkaladi.– Go‘shtniyam o‘zim to‘g‘rayman-da, endi, sen qoshiqda yeyapsan… Qani, sovimasin.
Qishning kunida palov moydek ketadi lekin. Jim o‘tirib, ovqatlanaverdilar. Xayrullaning ishtahasi karnay edi. Chol-kampir ham undan qolishmay olib turishdi. Xash-pash deguncha, tovoqdagi oshdan bir cho‘qimgina qoldi. Odob yuzasidan Xayrulla birinchi bo‘lib oshdan qo‘l tortdi: qoshiqni tovoqning zihiga suyab, sochiqqa cho‘zildi. Maham amaki sochiqni g‘ijimlab:
– Opqo‘y endi o‘shani,– dedi.– Yomondan yorti qoladi, dsgan gap bor… Buniyam, ishqilib, bironta shoir aytmaganmi?
– Rahmat, bo‘ldim,– dedi Xayrulla Latif jur’atsizgina, biroq Maham amakining oxirgi gapidagi ilmoqqa tushunib, boshini silkib qo‘ydi.
– Voy, unaqa qilmang, bolam. Bir qozon ovqat turibdi, suzib kelaman hozir.– Muharram xola o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Rahmat, xola. O‘zlaring yesalaring, suzing… Men, mana,– deb Xayrulla ortgan oshni bir burda non bilan qoshig‘iga surib-surib yedi. Sochiqni olib, lablarini artdi.
Muharram xola choy quyib uzatdi. Bir piyola choydan keyin Maham amaki oyog‘ini sandaldan sug‘urib, tag‘in cho‘kkalab oldi-da, dasturxon ustiga xiyol engashib:
– Qorin to‘ydimi? – dedi allaqanday taxdidli tovushda.
Muharram xola ajabsindi, bir eriga, bir mehmonga qaradi. Xayrulla Latif xam Maham amakidan bunaqa muomalani kutmagan edi. Nima deyarini bilmay, garangsib o‘tiraverdi.
– Endi, Xayrullajon, haligi gapim – gap! Mana, oshni ham yedingiz, choyni ham ichdingiz, qorin to‘ygandir endi bizda haqingiz qolmadi, durustmi? Turing-da, jo‘nang! Yo o‘zim oborib qo‘yaymi?
Muharram xola necha yildan beri shu xonadonga bekalik qiladi, lekin hali biron marta erini bunday vajohatda ko‘rmagan edi. Angrayib qoldi.
– Bu nima deganingiz, Karimjon! – dedi nihoyat erini insofga chaqirgan bo‘lib.– Odam degan mehmonniyam uyidan haydaydimi? Sizlarga bir narsa bo‘ldimi o‘zi!
– Sen jim o‘tir! Erkaklarning ishiga aralashma! Odam siyog‘imni yo‘qotganim yo‘q men ham! O‘zbekman! Mana oldiga choy qo‘ydim, osh qo‘ydim… Endi, izzatining borida jo‘nab qolsin! Bo‘lmasa…– Maham amaki birdan yelkasini changalladi. Ajab, og‘riq shundan keyin paydo bo‘ldimi og‘riq turgani uchun qo‘lini yelkaga olib bordimi – o‘zi ham bilmay qoldi. So‘ng, inqillash aralash, shivirladi:– Bor, bolam, mendan ranjima. Men sen aytgan odaming emas ekanman. Ma, xatniyam olginu qaytib mening uyimga qadamingni bosma! Bor.
Xayrulla Latif ko‘za chil-chil singanini, endi uni tiklab bo‘lmasligini birdan payqadi: shartta o‘rnidan turdi. Dahlizda paltosini, telpagini kiydi. Botinkasining iplarini tuzatib ham o‘tirmay, oyog‘ini sukdi. Ostonada bir muddat to‘xtab, orqasiga o‘girildi, o‘zi kabi lolu hayron qotgay Muharram holaga bir qur nazar tashladi-da, Maham amakiga
– O‘lay agar, siz ham nomard ekansiz! – dedi. Eshiklarni birin-ketin taraqlatib yopib, chiqib ketdi.
Belorussiyadan kelgan xat sandalning ustida qolaverdi, Maham amakining avzoyi bejo edi. Muharram xola qo‘rqa-pisa hol so‘radi:
– Nima bo‘ldi, Karimjon? Maham amaki indamadi.
– Yana tutyaptimi, Karimjon?
– Ketgani yaxshi bo‘ldi,– dedi Maham amaki xotinining so‘rog‘idagi asl ma’noni uqqandek.– Buyam O‘rmonning bir xili.
– Qo‘ying, o‘sha nomi o‘chgurni tilga olmang.
– Yo‘q! Tilga olaman! Nimaga endi jim yurishim kerak?! Bundan keyin uning otini tilimdan qo‘ymayman! Padariga la’nat hammasining!
Maham amakining jazavasi tutdi. Muharram xola bildiki, endi uni to‘xtatib bo‘lmaydi.

15

– Keldingmi, Nozimbek?
– Keldim.
– Xolang qani?
– Biznikida qoldilar. Tuzukmisiz, amaki? Xolam ayamga, tog‘angizning mazalari yo‘q, dedilar…
– Bekorlarning beshtasini aytibdi xolang! Shunchaki… Sen bilan bi-ir otamlashaymi, deb chaqirtirdim-da. Maylimi?
– O‘zim ham ertaga erta bilan chiqmoqchi bo‘lib turuvdim.
– Ertagayam chiqaverasan. Hozirgisi boshqa… Bir odamning qissasini aytib bermoqchiman, xap o‘tirib eshitasanmi?
– Ertakmi?
– Ertak desayam bo‘laveradi.
– Manzir opa to‘g‘risidami?
– Manzir opangni qo‘y… Manzirni endi sira aytmayman. Hech kimga! Boshqa qissa.
– Xayrulla menga rosa ko‘p ertak aytib bergan. O‘zim ham o‘qiganman!
– Kim deding?
– Xayrulla. Qo‘shnimiz-chi? Bitta sinfda o‘qiymiz. Nosir Sho‘rsuvga ketmasidan oldin uchalamiz o‘rtoq edik-ku!
– Ha-a… Mayli. Men senga birov aytmaganidan, kitobdan o‘qimaganingdan aytib beraman. Mening qissam yangi, bolam. Xayrullalaring bunaqasini yetti uxlab tushida ko‘rmagan. Bu qissa mening mana bu yerimda tug‘ilgan, aytsam, shu yerim bilan aytaman!
Nozimning boshi ko‘kka yetdi. Maham amaki unga hech kim aytmagan, kitoblarda yozilmagan qissa aytib beradi! U sheriklariga aytadi, aytib havaslarini keltiradi. Qanday maza!
Maham amaki, ko‘zlarini xiyol yumgan ko‘yi, asta-sekin gap boshladi. Nozim, butun vujudi quloqqa aylanib, uning og‘ziga tikilgancha, tek qotdi…
Maham amakining qissasi umr to‘g‘risida edi.
Gapiraverdi, gapiraverdi… Osmondagi oy qolmadi, zamindagi soy qolmadi, o‘ttiz yettinchi yilgi qahraton ham shu qissasiga kirdi, tunov kungi sovuq ham shu qissasiga kirdi. Bir odamni so‘yladi – so‘kib-so‘kib xumordan chiqdi, bir odamni so‘yladi – yig‘lab-yig‘lab xumordan chiqdi. Uyning bir burchagiga Qatrontog‘ni ko‘chirib keldi, bir burchagidan Nursuxariqni oqizdirib qo‘ydi… Nursuxariq shovillayverdi, Qatrontog‘ aks sado qaytaraverdi. O‘zi – esa, xud-bexud bo‘lib, telbavor qiyofada gapiraverdi.
Axiyri chidamadi, o‘tkir pichog‘ini qindan sug‘urib, yalang‘och ko‘ksiga qadadi. Nursuxariqning shovillashi-yu Qatrontog‘ning aks sadosi og‘ushida to‘lg‘anib, bolakayning ko‘zi o‘ngida yuragiga sanchdi. Qobirg‘alari chisir-chisir etdi, lekin bir tomchi ham qon chiqmadi. Pichoqni bir-ikki buradi, aylantirib-aylantirib buradi va o‘sha yerdan bir narsani uzib olib, avaylab kaftida tutib turaverdi. Bir hovuchgina «narsa» to‘xtovsiz dirillar, go‘yo yulqinib qo‘ldan chiqib ketmoqchi bo‘lar edi. Maham amaki xotirjamlik bilan «narsa»ning u yer-bu yerini silab-siypalab, ohista dasturxonga qo‘ydi. Lat yegan, aynigan joylarini pichoq bilan kesib, sandalning ichiga tashladi. Sal o‘tmay ko‘rpa tagidan kabobning hidiga o‘xshash bir hid sizib chiqib, asta-sekin uy ichini to‘ddirdi. Nozim bu hiddan mast bo‘la boshladi… Dasturxon ustidagi «narsa» xuddiki bir tirik vujud – hanuz to‘xtovsiz dirillar, turgan yerida bilinar-bilinmas sakrayotgandek tuyular edi… Kabobning hidi uyni butkul chulg‘ab oldi. Nursuxariqning shovillashi tindi, Qatrontog‘ ko‘zdan yo‘qoldi, Nozimning boshi aylanaverdi.
Bir vaqt hushiga kelib qarasa… uyda yolg‘iz o‘zi o‘tiribdi. Maham amaki yo‘q. Sandal, sandalga dasturxon yozig‘liq, dasturxon ustidagi «narsa»… dirillab, yulqinib, so‘zlanib-so‘zlanib yotibdi.
«Narsa» gapiraverdi, gapiraverdi. Osmondagi oy qolmadi, zamindagi soy qolmadi. O‘ttiz yettinchi yilgi qahraton ham shu qissaga kirdi, tunov kungi sovuq ham shu qissaga kirdi. Bir odamni aytdi – so‘kib-so‘kib xumordan chiqdi, bir odamni aytdi – yig‘lab-yig‘lab xumordan chiqdi. So‘ngra… dirillab-dirillab, yulqinib-yulqinib, so‘zlanib-so‘zlanib Nozimning qo‘yniga tushdi…
«Narsa»ning shilimshiq, qaynoq sirti Nozimning badaniga xush yokdi va u asta ko‘ksini ochib, qalbining to‘riga joylab qo‘ydi…

16

Hov tolko‘cha mahallada Shirvon xola degan ayol o‘tgan. Uni senlar bilmaysan, mening onamdan ham qari edi. O‘zi qari-yu, bolasi bizdan ancha yosh edi. Uzoq yillar farzand ko‘rmagan, tilab-tilab topganining oti Odilxon edi. Erini, adashmasam, o‘ttizinchi yilning saratonida to‘rtta begona yigit chavaqlab ketgan. U o‘sha mahallar jamoaning raisi edi. Xo‘b yaxshi odam edi-da! Undan keyin mana shu O‘rmon rais bo‘lgan…
Gapiraman desam, gap ko‘p. Buning ham tarixi uzun, bolam. Men senga Odilxon qissasini aytaman, u yog‘ini o‘zing keyinroq bilib olarsan.
Shunaqa qilib, degin, bir kuni kechasi to‘rtta begona yigit Shirvon xolaning uyiga bostirib kiradi-yu uch yoshga to‘lib-to‘lmagan go‘dagining ko‘z oldida erini chavaqlab tashlaydi. Uylarida dahshatli voqea sodir bo‘lganini go‘dak sezadi, burchakka qapishib olib, chinqirib yig‘layveradi. Shirvon xola esa, uyning boshqa burchagiga biqinib qalt-qalt titrab turaveradi va… o‘sha bo‘yi tildan qoladi.
Keyin-keyin gapirib ketgan, lekin so‘zlarni bir umr yamlab yurdi. Qishloqda uni «Shirvon chuchuk» ham derdilar. Qotillarni hech kim topolmadi. Hammasining yuziga qorakuya surtilgan ekan.
Odilxon dadasi so‘yilgandan keyin uch kungacha tinmay yig‘lagan. Kechalari uxlamagan, yig‘layvergan. Odamlar ming urinib, uni yupantirisholmagan. Shirvon xolaning harakatlari ham zoe ketgan. Bechoraning tili yo‘q edi-da.
Evoh, bolam, o‘sha paytda ikkovining qanchalik qiynalganini bilsayding!
Axiyri, to‘rtinchi kuni saharga borib, Odilxon yig‘idan to‘xtagan. O‘zidan o‘zi, ovunchsiz, yupatishsiz. Ajabki, shu bilan to onasi tilga kirmaguncha biron marta ko‘zyoshi to‘kmagan. Har holda uning ovoz chiqarib, ko‘zyoshi oqizib yig‘laganini qishloqda hech kim ko‘rmagan, eshitmagan. Bolalar uni ko‘p sinab ko‘rishgan. Dabdurustdan: «Buving o‘ldi, Odilxon!» deyishgan, yo bo‘lmasa, payt poylab turib badaniga igna tugma sanchishgan – bari bir: Odilxonning diydasi qilt etmagan. Ko‘zi qizarib, hayron bo‘libmi, jahli qo‘zibmi – baqrayib turaverardi. Jig‘iga tegish uchun bolalar uni atay «Odil yig‘loqi» deb chaqirishar edi. Lekin o‘zi sal nimjonroq o‘sdi. Qishloq bolasiga sira o‘xshamasdi, yuzi qonsiz, suyagi nozik edi.
Shu Odilxon o‘n yoshlarga borib, qayoqdandir dutor chalishni o‘rganib oldi. Keyin-keyin ashula ayta boshladi. Rahmatli otasidan bir sandiq kitob qolgan edi. Odilxon kechalari o‘sha kitoblarni o‘qir, o‘ziga yoqqan g‘azallarni tanlab, ohangga solar, tez kunda ashula qilib aytar edi. Tabiat bergan edi unga! Ovozining shirasini aytmaysanmi! Uning yuraklarni zirqiratib, odamning ko‘ksini kuydirguchi nag‘malari nafaqat keksalarga, bizga ham yoqar edi. Bora-bora Odilxonga o‘rganib ketdik, uch kun uning ashulasini eshitmasak, dutor chertishlarini tomosha qilmasak, garang bo‘lib yurardik. To‘ylar, gaplar usiz o‘tmay qoldi. O‘ziyam dutorni shunaqa chertardiki, ko‘z tegmasin, derdi keksalar. Uning daragini eshitib, ishonsang, Qo‘qonday joydan bir usta erinmay qishlog‘imizga kelgan. Odilxonni topib, ashulalarini tinglab, tasannolar aytgan va yarim yillardan keyin atay shu bolaga deb bir dutor yasab bergan. U kishi ham usta, ham hofiz zkan. Odilxon bilan keyin ham bordi-keldi qilib turdi.
Hozir Kichikjar deymiz-ku, bilasan, o‘t teradigan joylaring, o‘shaning sal teparogida Odilxonlarning bir parcha yeri bo‘lardi. Dadasidan qolgan. Ko‘pchilikning yeri bor edi o‘sha atrofda. Ona-bola u yerga – yarmiga sholi, yarmiga bug‘doy ekishardi.
Odilxonning kuylashini o‘sha yerda ko‘r edi! Bir Shoh Mashrabdan, bir Nodirabegimdan olardi, tevarak-atrofdagilarning qo‘lini bog‘lab, ko‘zlarini namlab aytardi o‘ziyam!

«Ajab berahm dilbarsan, ajab sho‘xi sitamgarsan,
Charog‘i husni ro‘yingdin ko‘ngulni ham uzib bo‘lmas»,

deb kuylardi Odilxon. Sholipoyalar, bug‘doy boshoqlari ohista chayqalib, uning ovozini uzoq-uzoqlarga eltar edi.

Yuzingni oftobini ko‘rub hayron bo‘lub qoldim,
Falakka qo‘l uzatib shamsi anvarni olib bo‘lmas…

Biz esa ashulaning, ohangning sehriga bandi bo‘lib, o‘zimizni butkul unutardik. Turgan yerimizda turib, o‘tirgan yerimizda o‘tirib qolaverardik.
O‘n uch yoshida g‘ijjak chalishni ham o‘rgandi. Keyin yana bir maqomni o‘rgandi: qo‘lda g‘ijjak chalardi-da, dutor yo tanbur ohanglarini tomog‘ida «chertib», g‘ijjakka jo‘r bo‘lardi. Eshitib, o‘lmaganlar ham o‘lardi lekin! G‘ijjakda «Cho‘li Iroq»ni chalsa, beixtiyor yerga dumalagimiz, dumalab ho‘ng-ho‘ng yig‘lagimiz kelardi. Ko‘zni yumsak, osmon ko‘rinardi, o‘sha osmonda qanot qoqmay uchardik. Uchmasdik – suzardik. Uning ashulalari biri g‘amgin, biri sho‘x bo‘lardi. «Hili-hili yorim»ni kuylaganida yo o‘zimizning yurak o‘ynatar termalarimizdan olganida beixtiyor otga minib, havoda qamchin o‘ynatib, Qatrontog‘ etaklariga chiqib ketgimiz, adirlarni dukurlatib, tog‘-toshdan o‘t chaqnatib chopgimiz kelardi. Shunaqa, Nozimbek, ashula aytishda, dutor yo g‘ijjak chalishda Odilxonning oldiga tushadigani yo‘q edi u mahallar! Keksalar uning ovozini matxur Hamroqul qorining ovoziga tenglashtirardilar. Senlar u hofizni bilmaysan, bolam, o‘zi Beshariq tomonlardan, dovrug‘i butun vodiyga tarqalgan edi. Naql qilishlaricha, Hamroqul qori ashula aytganida daraxtdagi qushlar ham chug‘ur-chug‘urini bas qilarkan, choyxonalarda – to‘rqovoqlarda sayrab turgan bedanalar jim qolarkan. Men uni urushdan oldin bir marta ko‘rganman. O‘shanday hofiz ham Odilxonga tan bergan. Ha, bolam, Odilxondaqasi dunyoga bir keladi, xolos!
Odilxon Shirvon xolaning suyangan tog‘i edi. O‘g‘lini yeru ko‘kka ishonmasdi boyaqish ona. Qayoqqa borsa, orqasidan qolmasdi, nima ishga qo‘l ursa, tepasida turardi. Odilxonning dadasidan keyin u qaytib er qilmagan edi.
Urush boshlandi. Ko‘p qatori frontga ketdim. Eh, bolam, urushda ne kechdi – barini ko‘rdik, ularni senga aytib o‘tirmayman. Lekin bir narsani aytay: ko‘zimni yumib ochmasimdan o‘limga yuzma-yuz keldim, keyin yana necha bor jahannam og‘zidan qaytdim – hammasiga ko‘nikdim-u, Odilxonning ashulalarisiz, kuylarisiz kunlarimga aslo ko‘nikolmadim.
Qirq uchinchi yilning yoz oylarida Odilxon bilan tag‘in ko‘rishdik. Juda qiziq bo‘ldi bu.
O‘sha paytlari urushda omad biz tarafga o‘tgan, nemislardan har jihatdan qo‘limiz baland kelib turgan edi. Avval berib qo‘ygan yerlarimizni qarichma-qarich qaytarib olaverdik. Lekin qismimiz tutday to‘kilib qolgan edi. Urushning o‘zi bo‘lmaydi, axir! Shunday paytda bizga yangi askarlar yuborildi. Ko‘pi hali umrida bironta jang ko‘rmagan bolalar ekan, oralarida yoshi biz qatori, bizdan kattalari ham bor. O‘sha kuniyoq ular batalonlarga, rotalarga taqsimlab tashlandi. O‘ttiztachasi bizning batalonga tushdi. Yangilar qo‘shilib ancha yayrashib qoldik.
Bir kuni komandir qo‘limga bir talay qog‘oz tutqazib, ikkinchi batalonning komandiriga eltib berishimni buyurdi. Ikkinchi batalon qo‘shni qishlokda turar edi. Bordim. Qog‘ozlarni komandirga berib, ketishga ruxsat olib, shtabdan chiqdim. Chiqdimu… turgan yerimda qotib qoldim. Qayoqdandir qulog‘imga dutor sadolari chalindi. Yuragim hapriqib ketdi. Zir yugurib, tevarakka alangladim. Ovoz chetdagi uyning orqasidan kelayotgan edi. O‘sha yoqqa chopdim. Turtinib-surtinib chopib boryapman-u, quloqlarimga ishonmayman, yakkash: «Dutormi? Nahotki? Yo tavba, o‘zimizning dutor!..» deyman. Ko‘zimga qishlog‘im ko‘rinib ketdi. Qarshimda esa, qadrdon, tanish manzaralar halqa-halqa bo‘lib aylanaverdi. Odilxonni, uning yurakni zirqiratguchi ovozshsh sog‘indim… Endi bu ahvolda batalonimga qaytib ketolmas edim. Notanish cholg‘uchining biqinida birpas o‘tirmasam, dutorning sehrli nolalariga birpas cho‘mmasam, sog‘inch hislari bilan to‘lib-toshgan ko‘nglim tinchlanmas edi.
Eh, bolam, o‘shanda nafasim tomog‘imga tiqilib o‘lmaganimga hayronman! Ro‘paramda o‘n besh chog‘li askar bir davra qilgan, davraning o‘rtasida, dutor nag‘malariga mast bo‘lib, boshini chayqagancha… Odilxon o‘tirar edi! Tushimmi, o‘ngimmi deyman. Qayta-qayta qarayman, sinchiklab qarayman: cholg‘uchi haqiqatan Odilxon edi! U davraning o‘rtasida, o‘zi chalayotgan kuy sehridan o‘zi eri-ib o‘tirardi! Darvoqe, nahot ohangning o‘zidan cholg‘uchisini tanimadim, deb hayron bo‘laman, degin. Axir, bu kuylarni eshitaverib, mavjlarida sel bo‘lib oqaverib…
Nihoyat kuy tugadi. Davra chapak chalib, Odilxonga tahsinlar o‘qidi.
– Sau bol, azamat! – dedi Sarsenboy degan qozoq yigiti.
Men bilan orqama-ketin shu qismga qo‘shilgan bir tojik yigit bor edi, u qo‘ynidan dastro‘molini chiqarib, mijjalarini artdi.
– Uyimga bir borib keldim-a!
Yoshi o‘tinqiragan, sersoqol bir o‘ris askar atay o‘rnidan turib borib, Odilxonning yelkasiga qoqdi.
– Mening balalaykam bor, urushgacha tinmay chalardim, – dedi u. Senikiyam naq yuragimga bordi. Yasha, og‘ayni!
Men esam Odilxonning ro‘parasida, undan ko‘z uzolmay, tomog‘imda hayajonim bo‘g‘ilib, tilsiz-zabonsiz tek qotgan edim.
– Odilxon… – dedim nihoyat shivirlab. Ovozimni o‘zim zo‘rg‘a eshitdim.
Odilxon yalt etib qaradi.
– Odilxon, – dedim yana. Bu gal tovushim sal dadilroq chiqdi. – Tanimayapsanmi, inim?
Odilxon o‘tirgan yeridan otilib, menga tashlandi.
Ikkovimiz baravariga yig‘lab yubordik, ko‘zyoshlarimizni tiyolmay qoldik…
Urush yomon, bolam, urush – hayot bilan o‘lim o‘rtasidagi bir ko‘prik.
Biz ikki yildan beri ko‘prikning ustida edik.
Berigi yokda hamma narsa – otamiz, onamiz, bolalarimiz, xotinimiz, tug‘ilgan qishlog‘imiz, ona yurtimiz, elimiz-xalqimiz, narigi yokda esa – hech narsa! Tushunyapsanmi, hech narsa! Ko‘prikning ustidagi hayot – turgan-bitgani vahima… Men qo‘rqoq emasman, bolam, ne kunlarni ko‘raverib cho‘chimaydigan bo‘lib ketgan edim. Faqat, urushning asl basharasini ilk ko‘rganimdayoq undan yurak oldirib qo‘ygan ekanman, shuning asorati anchagacha saqlandi. To «ko‘prik»dagi hayotga ko‘nikmagunimcha hadik-xavotir, vahima, vos-vos mana bu yerimda turaverdi. Urush oxirlaganda xuddi shunaqa vahimaga tag‘in yo‘liqqanmiz, bu – boshqa gap…
Xullas, degin, o‘shanda Odilxonni bag‘rimga bosib turganimda shular hammasi lip-lip etib ko‘z oldimdan o‘tdi. To‘lib ketdim-da keyin.
Bir payt qarasam, Odilxonning ko‘zlarini mung bosdi. Yig‘idan ham yomon mung.
– Buvimni yolg‘iz tashlab kelaverdim, Maham aka,– dedi u xo‘rsinib.
Birdan hushimni yig‘dim. «Mening-ku yig‘ilarim sog‘inchdan, Odilxonning ko‘nglini buzib nima qilaman?» deb o‘yladim.
– Qo‘y, siqilma, uka, – dedim uning ruhini ko‘targan bo‘lib. – Hali hammasi o‘tib ketadi.
Jangchilar halidan beri bizga angrayib qarab turishardi. Yoshi o‘tinqiragan boyagi sersoqol askar kelib mendan:
– Kiming bo‘ladi, hamyurtingmi? – deb so‘radi.
– Qanaqa hamyurt? Ukam bu, ukam! – dedim baqirgudek bo‘lib.
Jangchilar chuvillay ketishdi. Hamma bir-bir meni qutlab chiqdi.
– Qanday baxtlisizlar-a! Aka-ukaning topishganini qarang!
– Bir-birlaringga o‘xshamaysizlar lekin…
– Buyam yarim yil bu yoqlarda yursin, o‘xshab ketadi.
– Inin, jas korinedi, Mahambet, – dedi Sarsan. – On segizge keldim deydi, biraq eli jas qoy.
Shundagina esimga keldi. Axir, Odilxon hali yosh-ku! Urushga qanday kelib qoldi?
Odilxonning yelkasidan tutib o‘zimga qaratdim: qarshimda bo‘ychangina, lekin ozg‘in, rangpar, nigohlari ma’yus bir bo‘z bola turardi…
Yetaklashib, shtabga bordik. Komandir ikkovimizga boshdan-oyoq qarab chiqdi-da, ishonqiramay:
– Chini bilan tug‘ishgan ukangmi? – dedi.
– Tug‘ishgan ukam! Faqat, familiyalarimiz boshqa.
– Mayli, kechgacha ruxsat. Qorong‘i tushmasidan tag‘in shu yerga opkelib qo‘yasan,– dedi buyruq ohangida.– U yog‘ini keyin o‘ylashib ko‘ramiz.
Qo‘ltiqlashib, yo‘lga tushdik.
– O‘n sakkizga bordingmi darrov? – deb so‘radim sekin.
– Yo‘q. Yaqinda o‘n oltiga to‘laman… Ularni aldagan edim.
– Uzing ariza berib keldingmi? Odilxon kuldi.
– Buvimni tashlab qanday ariza beraman, Maham aka! Qog‘oz keldi mengayam. Jamoaning daftarida yoshim o‘n sakkizda ekan.
Miyamga ne xayollar kelmadi o‘shanda, bolam. Qishloqdagi bari erkak urushga ketib, endi bolalar ham olina boshlanibdi-da, deb ham o‘yladim. Yuragimni vahm bosdi. Lekin indamadim. Nima deyishimni bilmasdim.
Odilxon mening sarosar xayollarimni quvib yubordi. Uning o‘rniga yanada vahimali gapni aytdi:
– Men endi o‘laman, Maham aka. Men bu yoqda o‘laman, buvim u yokda…
– Qo‘y-e munaqa gaplarni! – dedim unga dalda berib. – Urushga kelgan hamma o‘lib ketaversa… Seni manovi dutoring asraydi, meni aytdi deysan. Darvoqe, dutorni qanday opkelding?
– Shunday – yelkamga osdimu kelaverdim. Buning sopi kaltaroq.
Odilxon birdan cho‘ntak kavlashga tushdi. Kaftdekkina buklangan qog‘oz chiqarib, menga uzatdi.
– Sizga…
– Menga?! Nima buning?!
– Yo‘lga chiqishimda, xolam bilan kelinayam biznikiga kelishgan edi… Xat yozib berishdi.
Hayajondan qo‘llarim qaltirab, qog‘ozni ochdim. Xatga tez-tez ko‘z yugurtirib chiqdim. Tag‘in qayta o‘qidim. So‘ng uni to‘rt buklab, ko‘zlarimga surtdim, o‘pib-o‘pib peshonamga surtdim. Va birdan kulgim qistadi.
– Menga yo‘liqishingni qayoqdan bilishibdi u avliyolar! Axir, dunyoning narigi burjiga tushib qolsang nima bo‘lardi?
– Aytdim men ham. Urush juda katta joyda bo‘lyapti, Maham akamni ko‘ramanmi, yo‘qmi, dedim, biribir berishdi.
To‘xtab, Odilxonni shartta ko‘tarib oldim.
– Yetkazganiga shukr! Rahmat, uka!.. Qishloqdan gapir endi – omonlikmi, tinchlikmi?
– Bir navi-da. Kun o‘tib turibdi… Tog‘am, xolamlardan xavotir olmang, hammasi sog‘-salomat. O‘g‘lingizni ham ko‘rdim, dadamni opkeling, deb qoldi.
O‘g‘lim!
Qaysi ko‘zlaring bilan ko‘rding, Odilxon, kel, o‘sha ko‘zlaringdan bir o‘pay! Qo‘lchalarini qaysi qo‘llaring bilan sikding, Odilxon, kel, o‘sha qo‘llaringni ko‘zimga suray! Sen keltirgan xushxabarlar menga qayta jon ato etdi, Odilxon, kel, oyoklaringni tavof qilay!
Kunlar shu tarzda o‘taverdi. Bu orada tag‘in ikki joyga ko‘chdik. Birinchi safar qattiq jang bilan, ikkinchi safar shundoq tashlab ketilgan qishloqqa kirib bordik. Odilxon bilan goh birga bo‘ldik, goh uch-to‘rt kungacha ham ko‘rishmay yurdik.
Bir kuni u menga yuragini tirnayotgan dard-hasratini to‘kib qoldi.
– O‘rmon jamoa meni xarob qildi, Maham aka! Yomon kuydirdi lekin. Men-ku kelaverardim, lekin buvim. Yoshimni ham o‘sha katta qip yozdimikan deyman. O‘zi rais, hamma narsa qo‘lida…
– Bilmayman, Odilxon, – dedim. Haqiqatan o‘sha tobda nima deyishimni bilmasdim.
– O‘rmon aka juda yomon bo‘pketgan hozir, Maham aka, dedi Odilxon yana xomushlik bilan. – Nega bunday zolim-a? Shu, meni juda yomon ko‘radi, bilaman. Bo‘lmasa… Aslida, u meni bo‘lakcha kuydirdi. Yoshimni katta qip yozgani unisining oldida ip esholmaydi!
Shundan keyin Odilxon boshidan o‘tgan voqealarni birma-bir menga aytib berdi.

17

Bahorgi bug‘doy yetilay deb qolgan palla edi. Sholipoyalardan kechasiyu kunduzi miltillatib suv oqizdirilib qo‘yilgan. Ahyon-ahyonda kartalarning u yer-bu yeri o‘pirilib, suv toshadi. Tagi sidirg‘asiga shag‘al emasmi, suv o‘ziga bir yo‘l topib olsa – tamom, o‘sha yoqqa urib ketaveradi. Ko‘pincha, kalamushlarning ini suv tortadi. Tunov kuni Odilxonlarning sholipoyasida ham shunday bo‘libdi. Ustiga-ustak, inning narigi boshi sal pastroqda – bug‘doy paykalining o‘rtasida ekan. Paykal qo‘shniniki edi. Odilxon kechki payt ishdan (oilaning tirikchiligini tebratib turish umidida u o‘tgan yili Sho‘rsuvdagi neft koniga ishga kirib olgan edi) qaytayotib, sholipoyaning suvidan xabar olgani tikka jarga keldi. Kelsa – haligi ahvol, darrov chim bosib, o‘pqonning yo‘lini bir navi to‘sdi. Tizzasigacha suv kechib, o‘sha joyni rosa tepkiladi.
Bugun ishi ikkinchi smenada. Buvisi kasal edi. Choy-poy qilib tepasida picha o‘tirmoqchi bo‘ldi, Shirvon xola uning ko‘nglini tinchitdi.
– Meni o‘ylama, bolam, ishingga ketaver…
– Ishga o‘n ikkidan keyin boraman, buvi. Ikkinchi ismenmiz,– dedi Odilxon kuyinib.
– Bo‘lmasa, vaqting bor ekan, bug‘doydan xabar ol. Suv urib ketmasin tag‘in.
Odilxon noiloj otlanib, Kichikjarga yo‘l oldi. Kelib sholipoyalarni, bug‘doy dalalarini aylanib ko‘rdi. Hartugul tinchlik ekan. Ehtiyot shart, tag‘in to‘rt-beshta chimni pallam-pallam qilib ko‘chirdi-da, tunov kungi o‘pqonning og‘ziga keltirib bosdi. Ketmonning orqasi, keyin sopi bilan niqtab-niqtab qo‘ydi. Ko‘ngli xotirjam tortib, qo‘shnilarning paykallarini ham aylana boshladi. Bug‘doy boshoqlari tilla rangga kirgan, hademay o‘rib olishga tayyor edi.
Odilxonning ko‘ngli yayradi. Biror soat shu taxlit aylanib, paykallarning chetiga chiqdi. Marzaga yonboshlab, osmonga tikildi. Osmon beg‘ubor edi, beg‘ubor osmon bag‘rida gala-gala chumchuq goh u yoqqa, goh bu yoqqa uchib yurardi. Odilxon bir zumga dunyoning tashvishlarini unutdi, ikki yildan beri davom etayotgan, elning boshiga ne-ne falokatlar yog‘dirgan urush ham, uyda kasal yotgan buvisi ham, Sho‘rsuvdagi ishi ham birpas olis-olislarga chekingandek bo‘ldi.
Bunday paytlar Odilxonga dunyo torlik qilib qolar, kuylamasa turolmas edi. U osmondan ham yiroqlarga ko‘z tikib, tomog‘ini dutor qilib, suyumli kuylaridan birini «cherta» boshladi. Asta-sekin jo‘r bo‘ldi. Kuyga ashulani uladi, ashulaga kuyni uladi, yuraklari to‘lib aytaverdi, aytaverdi.

Jon bag‘ishlarda labing yuzingga jon aylay fido,
Qatlim aylar chog‘da qilg‘on iztirobingga o‘lay…

Ulkan olam qarshisida yolg‘iz o‘zi qolgan edi, ovozini bor bo‘yicha qo‘yib yubordi.
Tolpinib o‘g‘lon kabi sayyodini domida qush, Qo‘yki, bir dam chirmashib bandi niqobishta o‘lay…
Eh, ko‘ngli bir yayradi-ey! Odilxon o‘zining qo‘shig‘iga kuyladi, dalalar o‘zining qo‘shig‘ini kuyladi – beg‘ubor osmonda uchib yurgan qushlar muallaq qotdi.
Sholi, bug‘doy paykallari ko‘z ilg‘amas qadar bepoyon. Shu bepoyon paykallarga hademay shir-shir o‘roq tushadi. Bug‘doylar xirmonlarga uyuladi, bir chekkadan yoyib-yoyib yanchiladi. Yanchilgan bug‘doy tag‘in xirmonlarga uyuladi, ustiga eski-tuski sholchami, qoplarmi yopiladida, hilpindi shabada istab, umidvor ko‘zlar Bo‘yob taraflarga qadaladi. Ayollar bilan bolalar kuylashadi…

Shamol, shamol, kelaqol,
Bugdoyimni o‘raqol.
Xirmonim cho‘ng – kelib ko‘r,
Shopir-shopir – yelib ko‘r.
Bug‘doyi menga bo‘ladi,
Somoni senga bo‘ladi.

Shabada esa boshlaydi. Xirmonlar ustidan sholchalar, qoplar olib tashlanadi. Bug‘doylar shopiriladi, keyin qoplarga joylanadi, tegirmonlarga tashiladi. Tegirmon-tosh aylanaveradi, aylanaveradi. Zihidan oppoq un oqaveradi, oqaveradi. Boshi, qoshi, soqol-mo‘ylovi butkul okqa belangan qirg‘iz amaki – Boboqul tegirmonchi oppoq tishlarini ko‘rsatib, jilmayadi…

Oqib-oqib kel-a, bug‘doyim,
Menga boqib kel-a, bug‘doyim.
Uyginamning to‘ri senga,
Yuragimning qo‘ri senga –
Seni mendan, meni sendan
Ayirmasin-a, iloyim…

Xonadonlarga qut-baraka yog‘iladi. Keksalar ham, bolalar ham birday shod – hamma unni ko‘ziga surtadi, go‘yo olamda sira urush bo‘lmayotgandek, ne bir yurtlarda odamlar qirilib ketmayotgandek. Hovlilarda bolalarning suroni boshlanadi. Tandirlardan olovlarning yolqinlari sachraydi. Ko‘shnilarga birin-ketin oqlik – kulchalar chiqariladi. – Oling, qo‘shnijon, o‘zimizning jaydari bug‘doydan!» Rahmat, qo‘shnijon! Bunisi – sizlarga, o‘zimizning bug‘doydan!»

Uyginamning to‘ri senga,
Yuragimning qo‘ri senga
Seni mendan, meni sendan
Ayirmasin-a, iloyim…

…Odilxon hamon o‘zining qo‘shig‘ini kuylayotgan edi, paykallar o‘zlarining qo‘shiqlarini quylayotgan edilar, ikkalasi ham baravariga tinchib qoldi. Paykallar uzra:
– Odil aka! Odil aka-a! – degan tovush taraldi. Odilxon boshini ko‘tardi. Jarko‘chaning chetidagi marza ustida bir bola ko‘rindi. Odilxonning dilida xavotir uyg‘ondi, dabdurustdan: «Buvim yubordimikan?» degan o‘y o‘tdi. Eti uchib, tizzalari qaltirab, o‘sha yoqqa qarab chopdi. Xayriyat, tinchlik ekan. Faqat… bolakay unga bir qog‘oz tutqazdi.
– Nima bu? – dedi Odilxon hovliqib.
– Bilmayman. O‘rmon tog‘a berib yubordi.
Odilxon ko‘ngli bir nimani sezib, qo‘llari hayajondan titrab-qaltirab, qog‘ozni ochdi…
– Mengami? Adashmadingmi?
– Sizga. O‘rmon tog‘a tag‘in tayinladiki, hoziroq yetib borarkansiz.
Odilxonning ko‘z oldiga beixtiyor kasal yotgan buvisi keldi.
– Uyga o‘tmadingmi meni izlab?
– Yo‘q, to‘g‘ri shu yerga keldim.
– Mayli, hozir boraman. Lekin men qog‘oz olganimni birovga aytma, xo‘pmi?
– Xo‘p!
Bolakay tuproqni changitib, qishloqqa chopa ketdi. Odilxon jarko‘chaning qoq o‘rtasida, titroq qo‘llarida chaqiruv qog‘ozini g‘ijimlagancha, allapayt serrayib turib qoldi Keyin ko‘nglida bir ilinj – kimdir birov adashganov degan o‘y bilan paykal boshidagi ketmonini ham olmasdan bolakayning ketidan yo‘lga tushdi…
Biroq hech kim yanglishmagan ekan.
Qaytaga, O‘rmon jamoadan eshitmaganini ham eshitdi.
– Hali yoshim yetmagan-ku, O‘rmon aka?.. – degan edi baloga qoldi.
– Uyat, Odil, uyat! Soqol-mo‘yloving qorayib qolibdi-yu yoshman, deysan-a! Yosh bo‘lib… nechchiga kirding, bilasanm! o‘zing? Og‘zingdan chiqqan gapni qara-yu! – O‘rmon jamoa ustiga qizil mato yopilgan javonning g‘aladonini tortib undan bir qog‘oz oldi. – Mana bu nima? Savoding borku o‘qi-chi! Yo, hukumatning qog‘oziga ishonmaysanmi? O‘rmon jamoa ovozini yanada balandlatdi. – Yoshim yetmagan deb urushdan yashirinib qolmoqchimisan yo? Gapir! Seni deb u yokda askarlarimiz jon olib, jon berib yotsa-yu, sen bu yerda, hali go‘dakman-ku, deb ko‘zingning ildigini oqizdirib o‘tirsang! Gazit o‘qiysanmi, radio eshitasanmi o‘zi? Hozir ena suti og‘zidan ketmaganlar ham urushga boryapti, hech kim ularni bo‘ynidan sudragani yo‘q, o‘zlari boryapti, qahramonlik ko‘rsatyapti! Sen bo‘lsang… Xayf-e!
Odilxon, boshiga gurzi yegandek, miyasi palag‘dalanib, indamay turaverdi. Gap topolmay qoldi. Gap topgani bilan O‘rmon jamoaga bas kelib bo‘lmasdi. Ikki yildan beri ko‘rib yuribdi: jamoa idorasiga ne-ne odam dod deb kelib, bo‘ynini egib ketgan. Urush boshlangandan beri O‘rmon jamoa butunlay o‘zgardi-qoldi – gap ko‘tarmaydi, serzarda, odam bilan ochilib-yozilib gaplashmaydi, ertayu kech qafasidan chiqmaydi. Uyida ham kam yotadi…
Odilxonning ko‘ngli vayron bo‘ldi, najot istab, tag‘in O‘rmon jamoaga termildi. O‘rmon jamoa Odilxonning mo‘ljallagan nigohidan ko‘zini olib qochdi.
– Buvim kasal edi…– dedi Odilxon.
– Nima deding? Yana bir qaytar! Men kasalmasmanmi? Mening buvim kasalmasmi? Bilsang, o‘n kundan beri uxlaganim yo‘q! Tuz totmaganimga ikki kun bo‘ldi. Mahrimga tushganmi bu idora, a? Hamma menga yig‘lab keladi, men kimga yig‘layin? Yo‘q, yig‘lamayman! Yig‘lamay, jim yuribman-ku! Hukumat menga ishonib, shu yerni berib qo‘yibdi, bunday dolg‘ali zamonda o‘zimni olib qochayinmi? Urushni men ochganim yo‘q, bola, borsang, burchingni o‘tagani borasan, bilding! Harbiy burchingni! – O‘rmon jamoa peshonasiga tepchigan terni barmoqlari bilan sidirib tashladi. Endi sal hovridan tushib, avrash ohangida tahdidga. – Menga qara, Odil, men seni ukam deganman. Qishloqda xamma seni yaxshi ko‘radi, endi birdan yomonotliq bo‘lib qolmagin tag‘in! Ming‘ir-ming‘irni yig‘ishtirda, yo‘l tadorigingni ko‘raver! Bo‘lmasa, dizirtir deb pattangni qo‘lingga beramanu melisaga topshirvoraman!
O‘rmon jamoa bilan tortishib, obro‘ topmasligini Odilxon endi yaqqol sezdi. Sezib, taqdirga tan berdi.
– Qachon ketamiz? – dedi lablari qaltirab.
– Ana bu boshqa gap! Yigit kishi degan sal munday ko‘zyoshini tiyadi… Ertaga ertalab shu yerga kelasan! Yo‘lga yemak, issiqroq kiyim ol, bilib bo‘lmaydi u yoqlarni… Borib, Shirvon xolaga yaxshilab tushuntir, dod solib kelmasin boshimga. Men seni yaxshiroq joyiga yozdim, qiynalmaysan, tezda qaytaman ekan, de buvingga… Kun chiqqanda seni tag‘in shu yerda ko‘ray! Ammo-lekin, ko‘zingni och, bola!
O‘rmon jamoaning keyingi tahdidi Odilxonning ich-etidan o‘tib ketdi: «Meni kim deb o‘ylayapti, nahot, hoy biron yoqqa qochib ketsam? Buvimni tashlab-a?»
Odilxon uyga yeta-etguncha ezilib, yuragini g‘ijimlab-g‘ijimlab keldi. U shu tobda urushga borishdan qanchal qo‘rqayotgan bo‘lsa, qochishdan ham shunchalik, balki undan ortiqroq qo‘rqar edi.
Hovlilari bir zumda to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Shirvon xola tuproqqa belanib, sochlarini yulib, yuzlarini timdalab, yetti mahallaga yetgudek vahimali ovozda dod sola boshladi, kasalini ham unutdi. Odilxonning dadasi chavaqlanganidan buyon bunaqa faryod chekmagan edi u! Birpasda qo‘ni-qo‘shni yig‘ildi.
Shahid ketgan otadan meros – boloxonali shu kichnina xonadon o‘sha kuni barcha dardlarga, dardkashlarga, alamlarga, alamlilarga bir sag‘ana joy bo‘ldi.
Xotinlar Shirvon xolaning holiga achinib, o‘zlarinsh hasratlarini qo‘shib ko‘zyoshi to‘kdilar. Keksalar Odilxonni o‘rtaga olib, ko‘nglini ko‘targan bo‘ldilar.
– Peshonangda bor ekan, o‘g‘lim. Yigit kishining sinovi ko‘p hayotda. Bittasi shu-da! Qo‘limizdan nima kelardi. Oy borib omon kel! Onangdan ko‘ngling tinch bo‘lsin, o‘zimiz qaraymiz, tashlab qo‘ymaymiz. Bu kunlar ham o‘tar-ketar. Qaytar dunyo bu – O‘rmon ham atalgani bordir,– dedilar.
Shu kuni hech kim uxlamadi. Urushda farzandi yo eri, akasi yo ukasi borlar bir-birlariga bermay Odilxondan salom yo‘llashar, salomlarini albatta yetkazishini qayta-qayta iltimos qilishar edi. Ayrimlar o‘tirib, erinmay xat ham bitib berdi.
Shirvon xola o‘sha kechasi xuddi bundan o‘n uch yil ilgar bo‘lganidek, birdan tildan qoldi. Bir so‘z deyolmay yig‘layverdi, yig‘layverdi. Ertalab, Odilxon jo‘nar mahali units ko‘zidan yosh kelmay qolgan edi. O‘g‘ilginasining, yolg‘izginasining bo‘yniga unsiz osilib olib, peshonasidan, yuz-ko‘zlaridan o‘paverdi.
– Bechoraga qiyin bo‘ldi,– derdi ayollar.
– Diydasi qotdi,– derdi chollar. Shirvon xola endi yig‘lamas, gapirmas ham, faqat panjalari changak bo‘lib qotgancha, Odilxonga yopishib qolgan edi…
Guzarga shu ko‘yi – ona-bola bir-birlariga suyanib, miq etmasdan keldilar. Odilxonning orqasidan yarim qishloq ko‘chib chiqqan edi. Buni ko‘rib, u harchand o‘zini tiymasin ichidan bir nima bosib kelaverdi. Yig‘i emas, vahm emas,sevinch emas, bilmaydi – nima! O‘ziga hamdardona boqqan odamlarni ko‘rib, g‘alati bir holatga tushdi. Endi u urush tugul, undan nariga boravermaydimi!
Shirvon xola hanuz jim edi: na tovush chiqarib yig‘ladi, na bir so‘z aytadi.
Tushgacha guzarda qolib ketdilar. Hali hamma yig‘ilmagan emish. Lekin jamoa idorasining oldidagi maydonlar, hovuz atroflari shundoq ham odamga tirband. O‘yin-ulgi, yig‘i-sig‘i bugun bir yerga yig‘ilgan bu kun hech birovi odamga og‘ir botmaydi. Bugunning o‘yin-kulgisi yig‘i bilan, yig‘i-sig‘isi o‘yin bilan barobar!
Kimdir dutor keltirib, Odilxonning qo‘liga tutqazdi. U torini, o‘zining suyumli dutorini Odilxon yuragi to‘lqinlanib, hovuz chetidagi kesilgan daraxtning to‘nkasiga borib o‘tirdi, yonida buvisi, buvijonisi changak qo‘llari hamon uning bo‘ynida. Odilxon dutorni bir-ikki ting‘illatib, torlarini sozladi. So‘ng ohista-ohista cherta boshladi…

Gar alamimg‘a chora yo‘q, bo‘lmasa bo‘lmasun, netay?
Gar g‘amima shumora yo‘q, bo‘lmasa bo‘lmasun, netay?

Odilxon urushga – muqaddas urushga borayotibdi, yaxshi qol, Ona! Odilxon urushga – muqarrar o‘limga borayotibdi, yaxshi qol, qishloq! Odilxon urushga – qiyomat-qoyimga borayotibdi, yaxshi qol, Qatrontog‘! Odilxon urushga – borsa-kelmasga borayotibdi, yaxshi qol, Nursuxariq! Odilxon urushga – o‘zi bilmaydi «ne»ga, borayotibdi, yaxshi qol, ona yurt! Yaxshi qoling, odamlar!

Qismi azalg‘a shodmen, buki falak rioyati,
Holima oshkora yo‘q, bo‘lmasa bo‘lmasun, netay?

Guzarda oh urmagan kimsa qolmadi. Odilxonning ovozi Nursuxariqning shovillashini ham bosib ketgan edi…
Birdan olomon g‘ala-g‘ovur bo‘lib ketdi. Idoradan O‘rmon jamoa bilan bir harbiy kishi chiqib, yigitlarning nomlarini aytib chaqira boshladilar. Saf tizildi. Atrofdagi qishloqlardan bo‘lib, bor-yo‘g‘i o‘n besh yigit frontga borar ekan.
Yigitlarni ichkari olib kirdilar. Tepalarida nimalarnidir aytib turib yozdirdilar, savodi yo‘qlarga o‘zlari yozib berdilar. Allaqanday qog‘ozlarga imzo chektirdilar, nihoyat, yuklarini ko‘zdan kechirdilar. Xayrlashib odinglar, deb yarim soatga ruxsat berdilar.
Odilxon indamay buvisining ko‘ksiga boshini qo‘ydi. Qo‘ydi-yu ko‘z o‘ngida beixtiyor bundan o‘n uch yil ilgar mudhish manzara jonlandi. Chavaqlangan ota… uy to‘ri qon… sochini yulgan ona… bir burchakka biqinib, chinqirab turgan bola… Shu bola – o‘zi edi! O‘n uch yil ilgar bu mudhish manzarani u haqiqatan o‘zi ko‘rib, eslab qolganmi yo buvisining qayta-qayta hikoyalari oqibatida xotir muhrlanib qolganmi – Odilxon bilmaydi, lekin shu tobda u o‘sha manzarani yana bir marta ayon ko‘rdi. Yuragi maho olib, ko‘zlarini yumdi. Yumdi-yu behalovat manzara ta’qibidan xalos bo‘lib, halovatli xayollar og‘ushiga cho‘mdi. Va birdan… shartta buvisining ko‘kragini ochgisi, ochib el-yurt oldida, to‘yib-to‘yib emgisi keldi.
Shirvon xola shunda ham miq etmas edi. Ko‘z soqqal bir joyda qotgan, nigohlari so‘nik… Odamlar uni Odilxondan ajratayotganlarida, shilq etib ularning qo‘liga yiqildi. Odilxonning so‘nggi bor ko‘rgani shu bo‘ldi – odam. uning buvisini, buvijonini avaylab ko‘targancha, uyga tomon yo‘l oldilar. Odilxon chidayolmadi, «Buvijon!» o‘kirib yubordi.
Odamlar to‘xtadilar. Shirvon xolaning yuzini Odilxon tarafga o‘girdilar: uning ko‘zlari yumuq edi…
Jamoa idorasi ilgari choyxona bo‘lgan emasmi, ichkarida talay hujralari bor edi. Yigitlarni o‘sha yerga olib kirdilar. Ana ketamiz-mana ketamiz bilan qorong‘i tusha boshladi, lekin bir kimsa ularni yo‘lga boshlamadi. Yigitlar jinchiroq yoqib, chekkadagi bir hujraga g‘uj bo‘lib kirib oldilar. Hamon jimjit. Odilxoning ko‘ngliga tashvish oraladi. Endi uning bu yerlardan tezroq ketib tezroq urush bo‘layotgan yerlarga yetgisi kelmoqda edi.
Toshfonus ko‘tarib hujraga kimdir kirdi. Soqchi ekan. Odilxon o‘rnidan turib ketdi.
– Biz qachon ketamiz, aka? – deya so‘radi hovliqib.
– Ertaga,– dedi soqchi xotirjam. – Bugun moshin kelmay qoldi, erta bilan jo‘naysizlar.
Odilxonning miyasiga yalt etib bir fikr keldi.
– Ertalab ketadigan bo‘lsak… unda uyimga bor yotaverayda, aka, – dedi yuragi hapriqib. – Bu yerda nima qilaman?
Odilxonning sheriklari ham shu atrofdagi qishloqlardan edi, birdan chug‘urlay ketishdi.
– Bizniki Tuyulda, bir qadam.
– Bilganimizda, birato‘la ertaga kelardik…
– Mening uyim ham yaqin: Nursuxariqni sakrab o‘tsam – Kayqubod… Javob beraqoling.
Soqchi ovozini balandlatdi.
– Ruxsat yo‘q!
Odilxon endi yosh boladek yalina boshladi:
– Jon aka, buvimning ahvolini o‘zingiz ko‘rdingiz… Boraveray! Yo qochib ketadi deb o‘ylayapsizmi?
– O‘ylamaganim bilan senga nima, uka? Ruxsat yo‘q, dedimmi, gap – tamom!
Odilxonning endi alami qo‘zidi.
– Bu yerda o‘tirganim bilan yog‘i chiqarmidi…
– Bilmayman, ukam, ana, xo‘jayindan so‘ra. Men ruxsat berolmayman!
– O‘rmon akadanmi? U kishi hozir uylarida o‘tirgandir?
– Shu yerda… Yozuv-chizuvini qilyapti.
Odilxon O‘rmon jamoaning kechagi vajohatini ko‘z oldiga keltirdi-da, tag‘in soqchining o‘ziga yalindi.
– Aka, jon aka, siz so‘rab bering! Menga yo‘q deydilar-da. Siz ayting. Baribir bu yerdayam uxlamay chiqaman…
Soqchi indamay chiqib ketdi. Birpas o‘tib, qaytib keldi.
– Ruxsat yo‘q, – dedi sovuqqonlik bilan. – Bir qadam ham jilmasin, dedi.
– Buvimni aytmadingizmi, aka?
– Aytdim. Bir marta xayrlashdi, yetadi, buvisi kasal bo‘lsa, borib, qaytaga uning ko‘nglini buzadi, deyapti. Bu yerdan chiqish mumkin emas ekan. Sizlar endi askarsizlar, uka, harbiy zakun!
Odilxon yig‘lab yuboray dedi. So‘nggi marta iltijo qildi:
– Bo‘lmasa, bir borib kelay, aka! Loaqal buvim mening shu yerdaligimni bilsin!..
– Bo‘ldi, xotinlarga o‘xshab, g‘ing‘illayverma! Shunday deya, toshfonusini likillatgancha, hujradan chiqdi soqchi. Odilxon bo‘zlab-bo‘zlab qolaverdi.
Allapaytgacha sassiz-sadosiz o‘tirdilar. Jinchiroq lip-lip etib, oxiri o‘chdi. Birov uni yoqmadi. Tashqariga qaragan kichkinagina derazadan hujraga xira oydin tushdi. Ko‘zlar o‘rganib, odam odamni ko‘radigap bo‘lib qoldi.
Kimdir paypaslanib kelib, Odilxonning biqiniga cho‘kdi.
– Shu qishloqdanmisiz, uka? – dedi mehribonlik bilan uning yelkasiga qo‘l tashlab.
Odilxon unsiz bosh qimirlatdi.
– Manov yigit yomon ekan, – dedi u kishi yana o‘shanday mehribonlik bilan, hujraning eshigiga ishora qilarkan.
– Bizniki Ko‘rg‘onchada… Sizga javob bermadi-yu, bizga yo‘l bo‘lsin!
– Uyam odam-ku axir! – dedi Odilxon kuyinib.
– Odam bo‘lsayam… yomon ekan.
– Buning o‘zida gap yo‘q,– deya orkadan kimdir gapga aralashdi. – Soqchiyam jamoaning buyurganini qiladi-da.
– Jamoa ham yomon ekan, – dedi «mehribon» yana. – U ham shu yerlik, a?
– Ha, o‘zimizning qishloqdan… – Shuni aytib, Odilxon yosh boladek ho‘ng-ho‘ng yig‘lab yubordi.
– Qo‘ying, uka, yig‘lamang.
– Yig‘lamang,– deyishdi boshqalar ham. Ovozidan, gaplaridan «mehribon» kishi hujradagilarning ichida yoshi ulug‘i edi. Uning daldalaridan Odilxon picha taskin topgandek bo‘ldi. So‘ng asta o‘rnidan turib, deraza yaqiniga bordi. Chang, kir bosgan oynadan uzoq-uzoqlarga – qorong‘ilik qa’riga tikilib, xiyla muddat o‘sha yerda turib qoldi. Keyin qaytib joyiga o‘tirdi.
– Boloxonamiz ko‘rinib turibdi… Odam bormi, chiroq yoniq.
«Mehribon» kishi ham turib, derazaga yakin bordi. Qo‘ynidan nimadir chiqarib, oynani obdan artdi. So‘ng kaftini ko‘ziga soyabon qilib, tuynukka tiralgancha, uzoq-uzoqlarga – qorong‘ilik qa’riga tikildi.
– Hov anavi miltillayotgan joymi? – deb so‘radi xuddi o‘zining uyini ko‘rayotgandek shod ovozda. – Ko‘rinarkan…
Shundan keyin hujradagi qolgan o‘n uch yigit ham galma-gal tuynukning oldiga bordi, ko‘lini ko‘ziga soyabon qilib, oynaga tiralgancha, uzok-uzoqlarga – qorong‘ilik qa’riga tikildi.
– Hov ana, ko‘ryapsizlarmi! Sal o‘ngroqqa karanglar… Ha-ha, o‘sha! – deb turdi «mehribon» kishi.
Hammadan so‘ng tag‘in Odilxon bordi, shu bo‘yi to sahargacha tuynuk oldidan jilmadi. Tong bo‘zarib oqarguncha o‘zi ming bora bo‘zardi. Bir paytga borib boloxonadagi chiroq ham o‘chdi, lekin u uyidan ko‘z uzmay o‘tiraverdi.

18

– O‘sha kecha uyimdan, kasal buvimdan bir qadamgina narida o‘tirib chiqdim, Maham aka, – dedi Odilxon chuqur uh tortib. – Bordirtirmadi haromi!
Unga qanday taskin-tasalli berish mumkin? Qo‘shilishib O‘rmonni so‘kkan bilan dardi yengillasharmidi?
– Xafa bo‘lma endi, – dedim ichimdan qaynab kelayotgan g‘azabni bosib. – O‘rmon to‘g‘ri aytibdi, borganingda, tag‘in hammasi boshqatdan boshlanardi… Shirvon xolaning ham ko‘nglini alag‘da qilarding.
– Yo‘q, Maham aka, osmon uzilib tushsayam borishim kerak edi! O‘sha tuynukchaning oynasini sindirib bo‘lsa ham borishim kerak edi! Boshqasini bilmayman!
Odilxon rost aytadi. O‘sha tobda uning ko‘nglidan kechgan o‘y-xayollar chin edi, mening ko‘nglimdagilarga yaqin edi. Lekin men unga nima ham derdim?! Uni ovuntiradigan so‘z bormi o‘zi?! Men ham bilaman – u uyga borishi kerak edi. Borib, buvisining ko‘ksiga yana bir marta bosh qo‘yishi, «Qarab turing, buvijon, bir kuni xuddi bugungidek tuyqus oldingizga qaytib kelaman. Ko‘ksingizga mana shunday bosh qo‘yaman, siz bugungidan ham sevinib ketasiz!» deyishi kerak edi. Men nuqul shuni o‘ylayman, bolam, urushdan tirik qaytmasini bilganida ham Odilxon o‘shanda uyiga borishi kerak edi, deyman. Axir, yana bir kechagina buvisining bag‘rida yotsa, yana bir martagina «Buvijon!» desa bo‘lardi-ku! Shuni o‘ylab, haligacha boshim qotadi, yuraklarim zirillab-zirillab ketadi. Odilxon tag‘in bir kecha o‘z uyida, buvijonining bag‘rida yotganida. o‘lmas edi. So‘zimga ishon, bolam, u omon kaytardi!
Lekin… Ko‘p o‘tmay Odilxondan ayrilib qoldim… Bolam, men tasodifan uni topib olgan kunimdan boshlab, urushdan ikki hissa qo‘rqadigan bo‘lib qolgan edim, O‘zimni unutdim, fikri-yodim Odilxonni asrash bilan band bo‘ldi. Qandaydir mudhish narsa ro‘y berishini ich-ichimdan his kilardim. Yo‘k, vijdonim oldida pokman, men unga sira o‘limni ravo ko‘rgan emasman, lekin baribir nimanidir sezardim. Chunki Odilxon bu dunyoning odami emasdi! Ha, bu dunyoga adashib kelib qolgandek edi u! Men buni o‘zim o‘ylab aytayotganim yo‘q, men buni urush boshlanmasidan yarim yilcha oldin, qishda, boya aytganim Hamrokul qorining og‘zidan eshitganman. Keyin o‘zim ham shunga bot-bot amin bo‘ldim.
Bir jumada chollar halfanaga osh kilgan ekan, davralariga Odilxonni chorlashibdi, qadim ashulalardan aytgizib, ko‘ngillarini xushnud etmoqchi bo‘lishibdi. Odilxonning ovozini eshitib, choyxonaga biz ham kirdik, chollarning davrasiga qo‘shildik. Odilxon o‘rtada, girdogirdida o‘n chog‘li keksa-yosh. Odilxon dutor chertib, xonish qilyapti, tevaragidagilar ko‘zlarini yumib, chayqalib o‘tirishibdi. Bunday paytda odam o‘zidan bo‘lakni unutadi..
Payqamay qolibmiz, choyxonaga darvesh qiyofasidagi bir kishi kiribdi, choyxonachi uning oldiga patnisda bitta nonu uch-to‘rt chaqmoq dur novvot qo‘yibdi, u kishi ham bizga qo‘shilib, Odilxonning nag‘malarini tinglab, choy ichib o‘tiraveribdi…
Men davraning chetrog‘ida edim, bir payt kimdir biqinimdan turtayotganini sezdim. U boshini qimirlatib, hadeb imlar edi, yaqiniga surildim, salom berdim. U darvesh emas, ko‘zi ojiz bir kishi ekan.
– Kim bu bola? – dedi u, hassasining uchini Odilxon tomonga yo‘naltirib.
– Odilxon…– dedim hayron qotgancha.
– Kiming sening?
– Hech kimim. Hamqishloqmiz.
– Ana bu o‘tirganlarning kimi bo‘ladi? – U xuddi butun davrani ko‘rayotgandek komil ishonch bilan gapirardi.
– Hech kimi…
– Otasi bormi?
– Shahid ketgan. Bitta buvisi bor.
U kishi Odilxon qo‘shiq aytayotgan tarafga yana xiyol muddat «qarab» turdi-da, qo‘yniga qo‘l suqdi. Choyxaltaga o‘xshash bir nima chiqardi. Tag‘in qo‘l suqib, kaftdekkina qog‘oz oldi, tizzasiga qo‘yib, shildiratib, mushtining yoni bilan tekisladi.
– Mana bu talqon Gulta tog‘ining giyohlaridan, odam zotining oyog‘i bosmagan uni, – dedi u hafsala bilan xaltachaning bog‘ichini yecharkan. Talqondan pichasini qog‘ozga to‘kdi. Uning harakatlarini ko‘rib tursangiz, sira ko‘r deb o‘ylamaysiz. Qog‘ozni xuddi nos o‘ragandek ixcham buklab, menga uzatdi.– Shu bolaning onasiga olib bor, tumor qilib bersin. Bu bola qo‘ltig‘iga osib olsin, durustmi! Lekigin, mening gaplarimni bo‘lak birovga ayta ko‘rma. Bu bola bu dunyoning bolasi emas! O‘zini ehtiyot qilsin.
Darveshsifat kishi choyxonada qandoq paydo bo‘lgan bo‘lsa, shundoq – sezdirmay chiqib ketdi. O‘sha kuniyoq uning omonatini Shirvon xolaga yetkazdim, Shirvon xola talqonni ko‘k duxobaga o‘rab, tumor qilib berdi, Odilxon bu tumorni yelkasidan o‘tkazib, qo‘ltig‘iga osib oldi, men darveshsifat kishining gaplarini hech kimsaga aytmadim…
Hamroqul qori degan mashhur hofiz o‘sha kishi ekan. Ta’rifini eshitganman-u, o‘zini ko‘rmagan edim. Tanimay qolganim uchun anchagacha afsus chekib yurdim. Odilxonning fig‘onlaridan erib o‘tirgan keksalar ham uni payqashmagan edi. Hamroqul hofiz goh piyoda, goh otda qishloqma-qishloq kezib, choyxonalarda, guzarlarda, to‘y-tomoshalarda ashula aytib yuradi, deb ko‘p eshitganman. O‘shanda bizning qishloqqa ham yo‘li tushganu Odilxonning ovozini eshitib, choyxonaga kirgan ekan. Lekin, bolam, Hamroqul qori umrida ilk bor kelgan joyidan qo‘shiq aytmay turib ketdi…
Xullas, ana o‘sha tilsim ham Odilxonni o‘limdan asrab qololmadi. Tumorlar ham, tilsimlar ham shu dunyoning odamlariga ekan, Odilxon bu dunyoniki emas edi, bolam.
…Kuzning o‘rtalari edi. Bir daryoning bo‘yiga borib qoldik, Dnepr degan. Tongda qattiq jang bo‘lgan edi. Bu yerga kelguncha orqama-ketin ikkita qishloqni nemislardan ozod qildik. Keyin tepadan buyruq keldiki, biz daryo bilan qishloqning o‘rtasiga yaxshilab o‘rnashib olib, qirg‘oqni himoya qilib turishimiz, boshqa qo‘shinlar fursatni boy bermay to‘xtovsiz narigi qirg‘oqqa o‘tib olishlari kerak ekan. Askarlar toza horigan, yot, desa, uch kun yotadigan ahvolda edi. Lekin dam olish qayoqda deysan, shoshilinch yerto‘la, xandaq kavlashga kirishdik.
Bir payt halloslab oldimga ikkinchi batalondagi Sarsenboy kelib qoldi.
– Mahambet! Mahambet…– deydi-yu o‘pkasini bosolmaydi.– Edilxan… ining…
Birdan miyamga qon quyilgandek bo‘ldi. Kurakchamni xaltaga joylash ham esda yo‘q. Sarsen ishora qilgan tarafga yugura ketdim. Sarsen oldimga o‘tib olib, nimalardir der, o‘sha tobda qulog‘imga uning hech bir so‘zi kirmas edi. Haligacha hayronman, og‘ir yaralangan bo‘lishi ham mumkin edi-ku, mening xayolimdan esa yarq etib: «Odilxon o‘ldi!» degan o‘y o‘tdi negadir.
Vo darig‘! U ko‘rganim ko‘zlarimdan hech ketmaydi. Ikki yil ichida o‘zim chekkan uqubatlar bir yon bo‘ldi, o‘sha ko‘rganim – Odilxonning o‘limi bir yon bo‘ldi!.. Odamning belidek keladigan qarag‘ayga, qo‘li orqaga tortilib, bitta nemis bog‘langan, og‘zida latta, o‘tiribdi… Oyog‘i uchida yana bittasi g‘ujanak bo‘lib olib… o‘lib yotibdi. Tevaragi qip-qizil qon. Shu, yotganidan besh qadam berida, avtomatini mahkam tutgan ko‘yi, oyoqlari ikki yonga kerilib, boshi boshqa bir daraxtning tubiga tiralgancha… Odilxon jonsiz yotardi.
– Odilxon, inim, inijonim! – deb ustiga tashlandim. Odilxonning kallasi shilq etib yonga tushdi, tanasi titrab ketdi, shuning barobarida tiring‘-tiring‘ degan sado chiqdi. Dutordan chiqqan sado edi bu!..
Yelkasi-yu belidan avaylab qo‘limni o‘tkazib, tanasini ko‘tarib turdim, qozoq birodarim Odilxonning tagidan dutorni asta sug‘urdi. Dutor singan edi. Sopi qornidan ajrab ketgan, simigagina osilib turar edi. Xud-bexud bo‘lib Sarsenga termildim. U ko‘zlarini olib qochdi. So‘ng bir gapni aytdiki, eslasam, haligacha badanlarim jimirlab ketadi.
Nemislar chekinib, jang to‘xtagach, vzvod komandiri Sarsenni asirlardan xabar olgani yuboribdi. Kelsa – haligi ahvol; bir nemis qo‘llari bog‘langanicha o‘tirganmish, ikkinchisi o‘zining qoniga o‘zi belanib o‘lib yotganmish. Odilxon esa, avtomatini mahkam tutgan holda, yelkasining uchi bilan daraxtga xiyol suyanib turgan emish. Sarsen hayron bo‘libdi. «Edilxan, mshanshg qolsh kim sheshti?» deb so‘rabdi u. Odilxon indamasmish. Sarsen borib: «Nemene, uqtap qalg‘ansmnba?» deb yelkasidan bir turtsa… Odilxon o‘sha holicha gup etib qulabdi…
– Turgan jerinde olip qalg‘an g‘oy! – deydi Sarsen. Voh, bolam, Odilxon tikka qolibdi-ya!..
Qarag‘ayga bog‘langan asir hadeb tipirchilar, g‘ing‘illagan tovush chiqarib yuragimni siqar edi. Turasolib qorniga, biqiniga bir-ikki tepdim, jim bo‘ldi. Sarsen tutib qolmaganida o‘ldirib qo‘yishim turgan gap edi.
– Asiqpa, Mahambet, – dedi u yerga tupurib. – Komondir oni tergedi.
Men hamon o‘zimga kelolmas edim.
– Odilxon hali go‘dak-ku, Sarsen!.. Bu marazlarning qaysi biri uni o‘ldirdiykin, a, Sarsen?! – derdim bo‘zlab.
…Nima bo‘lganini aytib qo‘yaqolay senga, bolam. Yarmini qozoq oshnam aytib berdi, yarmi haligi tirik qolgan nemisni komandirimiz so‘roq qilganidan keyin ma’lum bo‘ldi.
Tonggi jangda Odilxon xizmat qilayotgan vzvod haligi ikkala nemisni tiriklayin qo‘lga tushirgan. Bittasi yomon joyidan o‘q yegan ekan. Ikkovi ham ofitser bo‘lgani uchun ularni otib tashlay qolishmagan. Apil-tapil qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, halizamon orqadan sanitarlar keladi, shungacha qarab tur, deb poyloqka Odilxonni qoldirishganda, o‘zlari qochayotgan dushmanning ortidan ot qo‘yishgan. Ularning bataloni bizning sal pastrog‘imizdan hujum qilgan edi, nemislar daryoning quyi tomoniga chekinavergandan keyin o‘shalarning yo‘lini to‘sib chiqmoqchi bo‘lishganmi, ishqilib, to‘xtashga fursat bo‘lmagan.
Odilxon, avtomatni asirlarga to‘g‘rilab, poylab turavergan. Ancha kutgan, sanitarlar kelavermagan. Bir yokda desang, yomon joyidan o‘q yegan haliginisi o‘tirgan yerida tipirchilab, dod solib bo‘kiravergan. Sherigi esa, har xil imo-ishoralar bilan Odilxonga nimalarnidir tushuntirmoqchi bo‘lgan. U – nemis, Odilxon – o‘zbek, tili tugul, imosiniyam tushunish qiyin. Lekin u iyagi bilan sherigini ko‘rsatib g‘ing‘illayvergan, Odilxon rangi bo‘zarib turavergan. Oxiri teskari qarab olgan. Bo‘lmagan. Kelib, yaradorining qo‘lini bo‘shatib yuborgan. Bechoraga rahmi kelgan bo‘lsa kerak-da…
Eh, Nozimbek, Odilxon bo‘lakcha bola edi! Rahmi kelibdi-ya…
Yarador asir endi yerga piypalanib ingray boshlagan. Tirik qolgani aytadiki, Odilxonga qarab: «Ot! Otib tashla! Baribir o‘lyapman-ku, otaver!» deb shuncha tavallo qilganiga qaramay Odilxon uni otmagan. Aytdim-ku, tilini qayokdan tushunasan bularning… Ikki soatlar o‘tib, haligi nemis holdan toygan va dod solishni ham, tipirchilashni ham bas qilgan. Birdan g‘ujanak bo‘lib, so‘nggi marta bir ihranganu… tinchigan. So‘roq bergan bunisining gaplari to‘g‘ri bo‘lsa, Odilxon ham shundan keyin turgan joyida qotib qolgan…
– Qattiq qo‘rqib ketgan bo‘lsa kerak,– dedi nemisni so‘roq qilgan tilmoch.
– O‘ziigni qo‘lga ol, Ortiqov, – deya komandir mehribonlik bilan ikkala yelkamdan ushladi. – Erkak kishi yig‘lamaydi… Mening akam urushning birinchi kuniyoq halok bo‘lgan… Urushda nimalar ro‘y bermaydi deysan. Chidaymiz-da.
«Urushda nimalar ro‘y bermaydi…»/i
Lekin, nega endi Odilxon qurbon bo‘lishi kerak?! Nahotki, u o‘z-o‘zidan o‘lgan bo‘lsa?! Bekor gap! Odam o‘z-o‘zidan o‘lmaydi. Uni kimdir o‘ldirgan!
…Odilxonni o‘z qo‘llarim bilan o‘zimizning rasm-rusumni qilib ko‘mdim. Biroq uning tanasida na bir o‘qning, na boshka narsaning izi bor edi… Singan dutorini daryoning bo‘yiga olib borib, chakalakning shoxiga ilib qo‘ydim.
Ungacha esa… ko‘r, kar, soqov holimda rosa tentidim.
Bir vaqt boyagi asirni olib chikdilar, ikkovimizni daraxtzorning ichkarirog‘iga boshlab bordilar, uni o‘n qadamcha naridagi qarag‘ayni quchoqlatib bog‘ladilar, qo‘limga avtomat tutqazdilar, tepkiga barmog‘imni tikdilar, «Bos!» dedilar, bosdim…

19

Maham amakining bir armoni bor. Qishloqning o‘rtasiga xaloyiqni yig‘salar, O‘rmon bilan uni boshlab borsalar, O‘rmonning ko‘zini bog‘lasalar, yuziga qorakuya surtib, eski jamoa idorasining devoriga qaratib qo‘ysalar, Maham amakining qo‘liga miltiq tutqazsalar, tepkiga barmog‘ini tiqsalar-da, «Oting, Mahamboy, otib tashlang!» desalar, u otsa…
Yo‘q.
Qishloqning o‘rtasiga xaloyiqni yig‘salar, O‘rmon bilan uni boshlab borsalar… Maham amaki miltig‘ini o‘zi topib olardi, O‘rmonning ko‘zini bog‘lamasdan, o‘sha devorning tagiga turg‘azib qo‘yib, qorakuya surtilgan yuzini elga qaratib… shartta peshonasidan otib tashlar edi.

20

– Mana – davot, mana – qalam, yoz, Nozim bolam, mening nomimdan Vasilisa onamga bir xat bitib ber! Gapni eplashtiravermasam, u yog‘ini o‘zing kelishtirib ketarsan, durustmi? Qani, boshladik…
Bu yil qish cho‘zilib ketdi, ona. Bizning yurtlarda qishning chillasida ham bunaqa sovuq bo‘lmas edi, hayronmiz. Lekin, ona, hademay bahor keladi. Bu galgi bahor bo‘lakcha keladi! Maham amakining kenjatoyi askarlik xizmatini shu bahorda tugallaydi, tug‘ilgan qishlog‘iga, ota-onasining bag‘riga qaytadi. Bu yoqda uni ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutib yotishibdi. Muharram xola farzandining eskiyu yangi xatlarini qayta-qayta o‘qiydi, har o‘qiganida duv-duv yosh to‘kadi. Xatlarning ko‘pi uvadalanib ketgan, baribir o‘qiyveradi. Boyaqishga qiyin bo‘ldi…
Bular bari o‘tadi, ona. Orziqib kutilgan bahorga bir qadam qoldi. O‘shanda sevimli o‘g‘illari keladi – katta yigit bo‘lib, ko‘kragini nishonlarga to‘ldirib! Maham amakining xonadonida to‘y boshlanib ketadi, to‘y! Chol-kampir qachondan beri bir qo‘yni bo‘rdoqiga boqib yurishibdi, askar o‘g‘illarining oyog‘iga o‘shani so‘yishadi. Hovlilari odamga to‘ladi!
Maham amakining bu bahorni sabrsizlik bilan kutayotganiga yana bir sabab bor, ona. O‘g‘li kelsa, uni yoniga olib, sizning oldingizga bormoqchi!
Eh, Maham amakining xatingizni olgan kundagi holatini bir ko‘rganingizda edi! Yosh boladek yig‘lab yubordi. Uyda yolg‘iz o‘zi edi, lekin o‘sha damda uy to‘la odam bo‘lganida ham yig‘layverardi. Sevinchdan va yana… yana ko‘p narsalardan. Axir, Maham amaki u kunlarni unutgani yo‘q, tirik ekan, unutmaydi ham! Sizlarning muruvvatlaringizni unutib bo‘ladimi?! Maham amaki ko‘rnamakmas, ona, faqat… o‘zining xaloskorlarini loaqal bir bor io‘qlab qo‘ymaganidan xijolatda, armonda.
Naqadar beparvomiz-a, ona, bir-birimizga naqadar bee’tibormiz! Ko‘zlarimiz yarq etib ochilmaguncha tevarak-atrofimizga ham qaramaymiz!
Maham amakining Hayitboy degan bir quroldosh do‘sti bor edi, siz uni bilmaysiz, ona. Lekin u ham sizlarning qishloqlaringizda, o‘sha kuni, peshonasidan… Uvol ketgan sho‘rlik! Maham amaki Hayitboy bilan bor-yo‘g‘i bir haftalik tanish edi, xolos, ammo uning o‘limi keyingi butun qayotini alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi! Maham amaki frontdan kaytgach, bir oy o‘tkazib Samarqandga bordi, so‘rab-surishtirib Hayitboyning uyini topdi, ota-onasini, farzandlarini, xotiniyu yor-birodarlarini ko‘rdi, mehmon bo‘lib, bir necha kun qolib ketdi u yoqda. Shu kunlar ichiyoq Hayitboyning o‘g‘ilchalari Maham amakiga o‘rgandilar-qoldilar. «Otam kelopdimi, otam kelopdimi?» deyaverib, yurak-bag‘rini ezib yubordilar. Maham amaki haqiqatni aytolmadi, «Otalaringiz ko‘zim o‘ngida halok bo‘ldi», deya olmadi. Kenjasi qiz ekan, endigina ikkinchi sinfga o‘tgan ekan, jamalak sochlarini likillatib o‘ynab yurdi, lekin shuning ham ko‘zlarida allaqanday mung ko‘rdi Maham amaki. «Keladi, otalaringiz hademay keladi… Mana, men ham urush tugagandan bir yil o‘tib qaytdim-ku», dedi yig‘isini arang bosib.
Shundan keyin biron marta Samarqandga bormadi. Samarqand shunchalar uzoqmidi, ona? Axir, siz olis Belorussiyada turib ham Maham amakini unutmabsiz-ku!
Gapiraversa, Maham amakining dilida gap ko‘p, aytib ado qilib bo‘lmaydi. O‘zingiz qalaysiz? Keliningiz ham sog‘-omonmi? Nevaralaringizchi? Evara ham ko‘rgandirsiz? Darvoqe, Ivan o‘g‘lingiz axiyri bag‘ringizga qaytibdi-ku, opa, muborak bo‘lsin! Siz baxtlisiz: havas qilsa arzigulik keliningiz bor, o‘g‘lingizning o‘rnini bosgulik nevaralaringiz bor, bu yoqda – Maham amakilar… Hademay bu o‘g‘-lpngiz bilan yuz ko‘rishasiz, o‘shanda bir-birlaringizga yurmulishib, kunni oqshomga, kechani tongga ulab dardlashasizlar. Bahor kelsin…
Ungacha…
Ungacha emas, ertaning o‘zidayoq… Ertaga butun qishloq ahli og‘zini ochib, qotib qoladi. Ertaga sevinchdan Maham lmakining yuragi hapriqib ketadi. Erta oqshom… Manzura keladi! Ha, Maham amaki bilan Muharram xolaning qizlari Manzura! Qizchasini ko‘tarib, kulimsirab kirib keladi. Yonida… eri – ko‘z ochib ko‘rgani! Erining ikki qo‘lida katta chamadon, ichi to‘la sovg‘a-salom, Maham amaki bilan Muharram xolaga atalganlari ham bor. Manzura mamnun jilmayadi, eri jilmayadi, qo‘llaridagi qizaloqlari qiqir-qiqir kuladi…
Indinga olamga oftob ham chiqib ketadi, ona! Bu oftobni hammalari baravar qarshilaydilar! Oftob ham ularni ko‘rib, jilmaygandek bo‘ladi!
Maham amaki qizini tergagisi kelmaydi. Kulib turib yig‘layveradi, yig‘lab turib kulaveradi. Ayniqsa, Muharram xola o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladi. O‘zining gina-kuduratlari arimasdan turib, Maham amakining atrofida girdikapalak bo‘laveradi, har yo‘l bilan qizginasini oqlamoqka, erining ko‘nglida shafqat uyg‘otmoqqa urinaveradi. Bilmaydiki, Maham amaki u tobda qizining so‘roqsiz-ruxsatsiz, erining oldiga… «qochib ketgani»ga shukr qilib o‘tiradi. Ha, Maham amaki bunga shukr qiladi, odamlar nima desa desin, lekin Maham amaki indamaydi. Negadir Manzuraning qizaloqlik paytlarini qo‘msaydi, erkalatgisi keladi, entikadi va… nevarasini tizzasiga o‘tqazib olib, suyib-suyib o‘ynatadi.
Bular hammasi ertaga bo‘ladigan gaplar, hozir esa, Maham amakining yuragi og‘riyapti, ona. Lekin bu og‘riq ham tezda o‘tib ketadi. Axir, ertaga Manzura keladi, indinga – bahor!.. Maham amaki endi ko‘ksidagi og‘riqdan, qiynalib yurmaydi, bundan keyin uning hayoti beg‘uborroq bo‘la boradi. Kenjatoyi askarlikdan keladi, fasli bahor bo‘ladi, ota-bola ikkovlari, ehtimol, Muharram xolani ham olib, sizlarnikiga – Telyavkinoga jo‘naydilar. O‘shanda sizning uyingizda ham bayram bo‘lib ketajak! Bular, o‘zbekchalab, siz esa beloruschalab so‘zlashaverasizlar. Sizlarning antiqa suhbatlaringizni ko‘rib nevaralaringiz, evaralaringiz miriqib kuladi. Hammalaringiz u kun qalblaringizda farog‘at tuyasizlar, olam ko‘zlaringizga yanada go‘zal, yanada ardoqli ko‘rinib ketadi, yashash benihoya zavkli tuyuladi!
Maham amakiga o‘sha tobda dunyo O‘rmon cho‘loqsiz, O‘rmon cho‘loqlarsiz ko‘rinadi, beixtiyor to‘lqinlanib ketadi u va o‘pkasini bahor havosiga to‘ldirib: «Borligingizga shukr, odamlar!» deydi…
Men esa, qachondir bir kun kelib, Qatrontog‘ adirlaridan qishlog‘imga termilaman. Ko‘z o‘ngimdan hammangiz bir-bir o‘taverasiz: Maham amaki, Muharram xola, Manzura opa, siz – Vasilisa xola, sizning keliningiz… Men hatto Shirvon xolani, Odilxonni, samarqandlik Hayitboyni To‘ychi traktorchini ham ko‘raman. Va o‘shanda bir chaqiqatning tagiga yetaman: O‘rmon cho‘loqni faqat Maham amaki emas, o‘z pushtikamaridan bo‘lgan o‘g‘li ham yomon ko‘rgan ekan – men buni To‘ychi traktorchining ko‘zlaridan ilg‘ab olaman. Shunda beixtiyor ko‘ksimni bahor havosiga to‘ldiraman-da, Maham amakining so‘zlarini takrorlayman: «Sizlarning borligingizga shukr, odamlar!»

21

Shu aytilganlardan o‘n besh yillar o‘tib, bahor oqshomlaridan birida Toshkentdan yo‘lga chiqqan pochta-yuk poezdi kattami, kichikmi – har stantsiyada yarim soatdan to‘xtayverib, yuk tushirib, tag‘in yuk olib, bearmon yura-yura, o‘rtasi tushga yaqin Qo‘qonga kirib keladi. Og‘ir bir uf tortib to‘xtagach, toliqqan, zerikkan yo‘lovchilar o‘zlarini perronga uradilar, xuddi hammomning bug‘xonasida o‘tira-o‘tira dimiqib ketgandek, tashqariga chikadilaru xiyla yengil tortib, kostyum, ko‘ylaklarining yoqalarini to‘g‘rilab, jomadon yo sumkalarini u qo‘ldan bu qo‘lga olib, chumolidek har yoqqa tarqaydilar.
O‘n oltinchi vagondan ko‘zlari uyqusizlikdan qizargan, ayni choqda, rosa qotib uxlagandek qovoqlari shishgan bir yigit tushadi. Chap qo‘lida «diplomat»ini likillatgancha, xayollari faromush, tevarakka loqayd qiyofada vokzal sahniga o‘tadi.
Sahnda binoning supasiga tumshuq tirab taksilar, shaxsiy avtomashinalar turnaqator tizilgan. Yengil, bahoriy shabada esadi…
– Yo‘l bo‘lsin, aka?
U qayrilib qaraydi va sal narida supaga orka berib, jimjilog‘iga kalitning zanjirini ilib olgan, yigirma ikki-yigirma besh yoshlardagi bir yigitga ko‘zi tushadi.
– Uzoqqa,– deydi shunchaki.
– Aytavering, oborib qo‘yaman.
U fikr qiladi: yo‘lda charchagan, uning ustiga, umumiy vagonda kelgan, bugun bozor, avtostantsiyada avtobuslar tirband bo‘lsa kerak… va bir qarorga keladi.
– Haydang bo‘lmasa!
– Qayoqqa? – deydi shofyor ajablanib. Yo‘lovchi yigit kuladi.
– Tupkanning tubiga ham boraveraman, dedingiz-ku! – o‘ng, moshinaning orqa o‘rindig‘iga horg‘in o‘tirib oladi-da, manzilini aytadi: – Karimdevonaga.
Shofyor hushtak chalib yubordi, lekin indamay motorni o‘t oldiradi. Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, havorang «Jiguli» shovqinli shaharni ortda qoldirib, Qo‘qon – Isfara yo‘lidan yelib boraveradi. Yo‘lovchi yigit yumilay-yumilay deb turgan ko‘zlarini tashqariga qadab, cheksiz xayollarga g‘arq bo‘lib ikki yondan lip-lip o‘tayotgan jonliyu jonsiz narsalarsh befarq o‘tiraveradi. Katta shaharning mayda tashvishlariga ko‘milib, olti oydan beri qishlog‘iga kelmaganini eslaydi. Ota-onasini, aka-opalarini, ukalarini naqadar sog‘inganini his qiladi…
– O‘zingiz shu yerlikmisiz yo mehmon bo‘p kelyapsizmi?»
– Shu yerlikman. «O‘zim shu yerlikman, lekin mehmon bo‘lib kelyapman.
Mehmon… O‘z uyimga, o‘z qishlog‘imga mehmonman… – Yigitning ko‘ngli noxushlanadi. – Katta shaharda musofirman, qishlog‘imda – mehmon… Mening makonim qay yer?»
Keng, tekis yo‘lda mashina yeldek uchadi. Ikki tomon bora-borguncha ajriqzor, ko‘m-ko‘k. Tut barglari hali barra…
Yo‘lovchi yigit beixtiyor bolaligini eslaydi. Qalbini oromli o‘ylar chulg‘aydi, u hozir o‘zining qadrdon qishlog‘iga yetadi, qadrdon kishilarini ko‘radi, qadrdon uyiga kiradi, olti oydan beri ko‘rmagan, «diydoriga to‘ymagan» ayasining ayajonining bag‘riga otiladi, xuddi yosh boladek!
– Toshkentda ishlaysizmi?
– Ha…
– Men ham o‘sha yoqda o‘qiyman. Studentman! «Student… Qishlog‘imga tezroq yetkaz meni, uka! Bu yerlarni qanchalar sog‘inganimni sen bilmaysan! Men bu yerlarga bor-yo‘g‘i bir kunga kelib, olti oylik charchog‘imdan xalos bo‘lib ketaman! Bu yerlar mening tug‘ilgan yurtim! Bu yerlarda mening bolaligim o‘tgan!..»
Yo‘l chekkasidagi taxtachada «KARIMDYeVONA» degan yozuvga ko‘zi tushib, yigitning yuragi bir gumuradi. O‘ziday o‘zi to‘lqinlanib ketadi, yumshoq o‘rindikda xotirjam o‘tirolmay qoladi.
Ana – shiypon… Ana – falonchining uyi… Ana… u yerga nima qurilyaptiykan – magazinmi yo bekat?.. Ana u qabriston – opoqdadamning oromgohi… Bir qadamdan keyin qadrdon uyiga yetadi hisob…
Moshina birdan sekinlaydi, xayolga botgan yo‘lovchi yigit o‘tirgan yerida munkib ketadi.
– Tushamizmi, aka? – deydi shofyor orqaga o‘girilib.
– A? Nimaga? Yana ozroq… Moshina to‘xtaydi.
– Har holda, savob bo‘ladi.
Yigit shundagina ko‘radi: ro‘paradan, keng yo‘lni egallab gala odam kelayotgan bo‘ladi, oldinda hassakashlar, to‘n kiyganlar, ularning ketidan – olomon, olomonning oldida tobut!
– Ha, ha, tushamiz, – deydi yigit va tezgina yon cho‘ntagidan pul chiqarib, oldingi o‘rindiqqa qo‘yadi. – Rahmat, uka! Siz shu yerdan qaytib ketsangiz ham mayli.
– Buni olib qo‘ying, aka. Hozir shuning mavridimi? – Shofyor pulni qaytarib, yo‘lovchi yigitning ko‘krak cho‘ntagiga solib qo‘yadi, so‘ng tobutga ishora qiladi: – Shu yetadi menga.
Tushadilar. Hassakashlarni o‘tkazib yuborib, ikkalalari ikki tarafdan tobutga yelka tutadilar. Keyin almashadilar. Besh-o‘n qadam yurgach, shofyor u bilan ko‘z urishtirib oladi-da, chetga chiqadi…
Gala odam qabriston sari lo‘killab boraveradi. Yo‘lovchi yigit hamon karaxt alpozda, ko‘zlari tinib, surilib-surilib, orqaroqqa o‘tib oladi. Ana shu paytda kimdir uning bilagidan tutadi.
– Keldingmi, Nozim?
Yo‘lovchi – Nozim boshi egik ko‘yi yoniga o‘girilib, oshnasini – Xayrulla Latifni ko‘radi. Qo‘l berib, unsiz salomlashadilar.
– Kim?– deydi Nozim shivirlab.
– O‘rmon jamoa…
– Ih!..
Xayrulla Latif yana nimadir deydi. Nozim eshitmaydi.
Qabristonga kirib boradilar. Nozim bir chekkada, butkul dunyoni unutib o‘tiraveradi. Rasm-rusumlar ado etilgach, o‘likni joyiga qo‘yadilar…
Qaytishda Nozim ko‘nglida hadik-xavotir bilan sekin Xayrulla Latifdan so‘raydi:
– Maham amaki ko‘rinmadi?
– Qazo qildi bechora…
– Nima?! Qachon?
– O‘n kuncha bo‘ldi.
Nozimning ko‘zlaridan tirqirab yosh otiladi.
– O‘rmon cho‘loqni qo‘yishdi-ku, shuning yonidagi qabr Maham amakiniki edi…
Nozimning qadami sekinlaydi. Tevaragidan uni urib-surib olomon o‘taveradi: hamma mayit chiqqan uyga shoshadi. Shu payt…
– …Boshini teskari yoqqa qo‘yishdi-yov,– deydi bittasi.
– Yo‘g‘-e, avval bosh tomonini kiritishmadimi? – deydi ikkinchisi.
– Menimcha, oyoq tomondan olishdi. Birov bilmay qoldi-yu, lekin chatoq bo‘ldi-da…
Gala odam o‘tib ketib bo‘ladi. Nozim noxos qulog‘iga chalingan bu gaplardan dahshatga tushib, to‘xtab qoladi. O‘sha odam-a! Dunyo o‘zi chalkash, uni yanayam chalkashtirib yurasan. Ex,!..» Xayrulla Latif ham to‘xtaydi.
– Yurmaysanmi tezroq! Qolib ketdik,– deydi u Nozimning qo‘ltig‘idan olib.
– O‘rmon cho‘loqni Maham amaki o‘zi ko‘mmoqchi edi, – deydi Nozim nadomat bilan. – Endi, ikkalasi yonma-yon yotibdi, degin?..
Bir-bir bosib, guzarga yetadilar. Hammom sahnidagi o‘rindiqqa cho‘kdilar. Nozim negadir uyiga shoshilmaydi. Boshi-keti yo‘q vahimali o‘ylar, sonsiz-sanoqsiz so‘roqlar uning dilini o‘rtayveradi, o‘rtayveradi.
– Qabristonga borgan chollarni ko‘rdingmi? – deydi xuddi o‘zidan so‘rayotgandek ohangda.
Xayrulla Latif jim o‘tiraveradi.
– Hammasi bir-biriga o‘xshaydi-ya, – deydi yana Nozim.
– Ha. O‘xshasa nima qilibdi?
– Aytaman-da. Biz ularning barini hurmat qilamiz keksaligi uchun boshga ko‘targimiz keladi. Lekin… o‘zlarini yaxshi bilamizmi? Bilmaymiz… Maham amaki O‘rmon cho‘loqni umr bo‘yi yomon ko‘rib keldi, endi uning o‘ligini ko‘rmoqchi, o‘lsa, o‘zi ko‘mmoqchi edi. Shu niyatiga yetisholmabdi.
Xayrulla Latif indamaydi. Nozimning gaplariga uncha tushunavermaydi. Nozim yana ko‘p gapiradi, Xayrulla Latif angrayib turaveradi. Nihoyat:
– Men senga bir gap aytaymi? – deydi u Nozimning tizzasiga qo‘l tashlab. – Hali seni aldadim: O‘rmon cho‘loq o‘lgani yo‘q!
Nozimning esxonasi chiqib ketadi. Tusi o‘zgara boshladi.
– Bo‘lmasa… anavi… hozirgi kim edi?..
– Bir odam, – deydi Xayrulla beparvo.
– Rostmi gaping?
– Rost! «Voy otam»laganlarni ko‘rmadingmi o‘zing
– Men hech kimni ko‘rganim yo‘q, Xayrulla… – Nozimning rangi bo‘zdek oqara boshlaydi. – Rostmi shu gaping? – deydi yana.
– Rost! – deydi Xayrulla tag‘in, so‘ng kulimsinadi.
– Maham amaki ham tirik!
Nozim tildan qoladi. Allapaytgacha jim bo‘lib ketadi. Xozir jinni bo‘laman», deya o‘ylaydi.
– Ustimdan kulyapsanmi, Xayrulla?
– Yo‘q.
– Maham amaki tirikmi?
– Tirik.
– Nega bo‘lmasa.. Nimaga meni bunday laqillatasan, Xayrulla?
– Hazillashdim…
Nozim adoi tamom bo‘ladi: «Hazillashgan emish-a!..» Lekin Xayrulla Latifga qaramaydi.
– Maham amakining aytgan gapi rost, – deydi tag‘in o‘ziga o‘zi. – Sen ham O‘rmon cho‘loqning bir xilisan.
Xayrulla tushunmaydi, shuning uchun ham Nozimning gapini ko‘ngliga olmaydi, ranjimaydi.
Shu payt «diplomat» ko‘targan bir bolakay ularning oldiga keladi.
– Nozim aka, manavi siznikimasmi? – deydi ko‘lidagini ko‘rsatib.
Nozim asta boshini ko‘taradi: «diplomat»ini taniydi.
– Meniki…
– Bitta «Jiguli»ning shopiri tashlab ketdi, – deydi bolakay. – Toshkentda ishlaydigan shu yerlik bir kishiniki, dedi. Men darrov o‘sha sizmisiz, deb o‘yladim…
Nozim o‘tirgan ko‘yi «diplomat»ni oladi.
«Shu yerlik kishi… Ha, men o‘shaman, ukajon! Men – shu yerlikman! Hammamiz shu yerlikmiz, ukajon! Men ham, sen qam, manavi Xayrulla akang ham, Maham amakiyu Urmon cho‘loqlar ham… Senga «diplomat»ni tashlab ketgan o‘sha student yigit ham shu yerlik!»
Nozimning ichidan yig‘i bosib kelaveradi, lekin u yig‘lamaydi, yig‘layolmaydi. Qarshisida sevinchidan ichiga sig‘may turgan haligi bolakayni suyib, bag‘riga bosgisi keladi. Biroq…
– Rahmat! – deydi, xolos.
Keyin asta o‘rnidan turadi. Xayrulla Latif bilan xayrlashmaydi. Uyga ham taklif qilmaydi uni. Ko‘ngli bir xil, xayollari faromush, ketaveradi. Daf’atan… Qandaydir kuch uni uyga emas, boshqa yoqlarga sudrayotganini qis qiladi. O‘zini o‘sha «kuch»ning izmiga qo‘yib beradi…
Mana Nursuxariq, hanuz sharqirab oqib yotibdi. Ikki kirg‘og‘ida qadimiy tollar, chinorlar salobat to‘kib turibdi. Soya-salqinda choyxona, choyxonaning oldida. hovuz. Lekin, hovuzning chetidagi tol to‘nkasi yo‘q. Qo‘porib tashlangan bo‘lsa kerak. O‘rnida navqiron tollar gurkirab o‘sib yotibdi. Qushlar tinimsiz chug‘ur-chug‘ur qiladi, choyxona ayvoniga osilgan to‘rqovoqlarda bedanalar…
Nursuxariqning ustiga besh-oltita so‘ri tashlangan. Bahoriy iliq havodan yayrab, odamlar qo‘r to‘kib o‘tirishibdi. Choqqina go‘sht do‘konining yonida yakkacho‘p ko‘prik. Shu ko‘prikchadan o‘tilsa, chapga qayrilib, Nursuxariq bo‘ylab yuqorilab ketaverilsa, Qatrontoqqa chiqib boriladi. Bahor – Qatrontog‘ ko‘ksiga shamol tegadigan yagona fasl. Toshlar tagidan yakkam-dukkam maysalar unib chiqadi, u yer-bu yerda lolaqizg‘aldoqlar ko‘rinadi. Bahor – Qatrontog‘ning yayraydigan fasli. Yozga borib, tag‘in jizg‘anagi chiqib yotaveradi. Qatrontog‘ning poyidagi adirga ko‘tarilmasdanoq orqaga qaralsa, butun qishloq, butun vodiy kaftda turgandek namoyon bo‘ladi.
Oyoqlaringiz ostida Qatrontog‘… Qatrontog‘ning etakrog‘idan buralib-buralib, sharqirab-sharkirab Nursuxariq oqadi… Nursuxariqdan shundoqqina pastda – qishloq.»
Bahorda hammasi ko‘zga ayricha ko‘rinadi.

1980 – 1984 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.