OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurulloh Muhammad Raufxon. Uy (hikoya)

Xullas, qishloq buziladigan bo‘ldi.
Qo‘rg‘onchada almisoqdan qolgan bir bino bo‘lardi. Biladiganlar guvohlik berishicha, qishloqda yakkaxo‘jaliklar tugatilib, «kolxoz-kolxoz» bo‘layotgan davrlar ulusning yig‘inlari tez-tez shu binoda o‘tkazib turilar ekan, keyinchalik, alg‘ov-dalg‘ovlar sal bosilib, musichalar shipga bemalol in qo‘ya boshlagach, bu bino qishloqning «Qizil choyxona»siga aylantirilibdi. Shundan beri ne-ne zamonlar o‘tdi. Orqa devoriga to‘rtta yog‘och tirab qo‘yilganini demasa, bino yana bir-ikki muchal qaddini tik tutib tura olardi. Biroq endi uning ham umri bitdi.
Bugun shu binoda xuddi burungidek olomonyig‘in bo‘ldi, xuddi burungidek Qo‘rg‘oncha ahlining obro‘li qismi – qari-qartang, birgadiru hisobchi, eski xotin-qiz aktivlaridan besh-oltitasiyu maktab muallimlari rayondan kelgan vakilning naq ikki soat davom etgan ma’ruzasiga quloq osdilar…
Xullas, qishloq buziladigan bo‘ldi.
Haydar ota eshitgan gaplarining hammasini tushunishga tushundi-yu, ayni choqda, hech baloni anglamagandek, garang edi. U odamlarning ketidan bir zum tikilib turdi, quruqshagan uzun-uzun barmoqlarini panshaha qilib gardanini qashladi, so‘ng labini cho‘chchaytirgancha, tuyayurish bilan uyiga jo‘nadi.
Eshikni ochib, yo‘lakka kirar-kirmas kampirning kuyunchak ovozini eshitdi:
– Muncha yo‘q bo‘p ketdingiz? Tez kelaman, deb… Qachon edi choy damlab qo‘yganim.
Darhaqiqat, Zulfiniso kampir uning guzardan qaytishini kutib, pastak tok tagidagi so‘riga dasturxon yoyib o‘tirgan edi. Dasturxonda tandirdan yangi uzilgan ikkita non, piyola, jo‘mragi qadoqlangan xitoyi choynak, sopol kosa, labi kemtik qoshiq, bir siqimgina qora mayiz va katta piyolada ertalabdan ortib qolgan qaymoq…
Haydar ota indamadi. Bamaylixotir so‘riga joylashib, belbog‘iga osilgan qindan chustiy pichog‘ini sug‘urdi. Kosani oldiga surib, unga non to‘g‘ray boshladi. Ustidan ikki qoshiq qaymoq solgach, choy quydi. Shundan keyingina boshini ko‘tardi. Boyagi gaplarni rayondan kelgan vakil emas, o‘zi o‘ylab chiqarganu butun olam taqdiri hozir birgina uning qo‘liga qarab qolgandek, dedi:
– Qishlog‘ing buziladi, kampir! Ihm… O‘rniga posilka quriladi. – Shahodat barmog‘i bilan kosadagi non to‘g‘ramlarini shirchoyga bo‘ktira turib, «Buni senga men aytyapman!» degan ma’noda iyak qoqdi.
Lekin, kutganichalik, kampiri «hayratdan yoqa ushlab» qolmadi, bu xabar qanchalik olamshumul bo‘lmasin, quloqlarining yonidan silliqqina o‘tkazib yubordi. Bu bilan go‘yo cholga ta’na qildi: «Yo‘q yerdagi gaplarni tashib yurasiz… Shu fe’lingiz qolmadi-qolmadi-da», degandek bo‘ldi. Harholda, Haydar otaga shunday tuyuldi. Ayniqsa, kampiri asta uf tortib: «Choy ham sovib qolgandir», deganida, cholning ro‘y-rost jahli chiqdi.
– Senga o‘zi qachon gapirib obro‘ topibman! – deya o‘shqirib berdi.
– Obbo, kelmasingizdan zahringizni sochasiz-a, bekordan-bekor.
– Ha-a, sizning bezraygan betingizga qosh qoqaylikmi, bo‘lmasa? Yangilik aytsang ham bir balo!
Qampir o‘zini bosdi. Xotiri jam ekanini ko‘rsatib qo‘yish uchun piyolani aylantirib choy ho‘pladi, ko‘zini cholining ko‘zlaridan olib qochib, qayerdadir tinmay chirqillayotgan chumchuqni izlab topmoqchi bo‘ldi.
Yana cholning o‘zi gapirdi:
– Butun qishloq buzilarkan, o‘rniga yangi qishloq qurilarmish. Mana shu uying ham buziladi, ovsar!
Orqasidan pichirlab qo‘ydi: «Hm-m, choyi soviganmish!»
Kampir piyolani dasturxonga qo‘yib, og‘ziga mayizdan bir dona tashladi.
– Nimaga buziladi?
– Ana xolos! Ovsarsan, desam yer tepinasan, aslida, ming karra ovsarsan! Hozirgina aytib turibman-a, o‘rniga posilka qurilarkan, deb!
Kampirning ko‘zlari qisildi, kavshayotgan noni danakdek bo‘lib lunjida qotdi.
– Men ovsar bo‘lsam, siz hovliqmasiz! – dedi u. – Gapingizning hech boshi-keti yo‘q. Axir endi ikki yil bo‘lyapti-ku buni qurganimizga!
Haydar ota qayrilib, eshik-derazalari bo‘yalmagan, devori oqlanmagan imoratga bir nazar tashlab qo‘ydi; ko‘p narsalarni xotirladi. Og‘iz juftlagan edi, ovozi chuldirab, hazin chiqdi:
– Bari bir buzmasdan iloj yo‘q, eldan qolsak, bo‘lmas.
– Yangisini qanday qurasiz?
– …
– Yakka to‘sin tom ko‘tarmas, – deya kampir o‘zining so‘rog‘iga o‘zi javob qila boshladi. –Bunisini tikka qilguncha belimiz bukchaydi. Uy qurish oson bo‘pqoptimi! Kattasi cho‘lda bo‘lsa, kichigi shaharda – kim bizga tirgak bo‘ladi? Qizlardan umid yo‘q: o‘zlarining eri, o‘zlarining uyi bor, siz bilan menga tasalli berishdan boshqasiga yaramaydi ular.
Kampirning gaplari qanchalik jo‘yali bo‘lmasin, cholning oriyati qo‘zidi.
– Qizlaringni oraga suqma, ahmoqmasman-ku men ham! – dedi u chinqirib. – Muqimjonni bo‘lsa, chaqiramiz, yetadi shaharda sanqigani! Undan keyin… odamlar ham tashlab qo‘ymas, maylisda hamma, qishloqni hashar yo‘li bilan quramiz, deb qo‘l ko‘tardi-ku!
Zulfiniso kampirning miyasiga lop etib: «Yana mijg‘ovlanyapti!» degan o‘y keldi.
– Ko‘ramiz qurganingizni! – dediyu dast o‘rnidan turdi. Allanimalarni g‘o‘ldirab, so‘ridan nari keta boshladi.
Chol qichqirdi:
– To‘xta! O‘zingdan-o‘zing ming‘irlamasdan, menga eshittirib gapir! Qani?
– Eshitsangiz ham, eshitmasangiz ham gapim shu: Muqimjon qishloqqa qaytaman desa, xotinini mana bu yerga o‘tirg‘izib qo‘yib, uy qursin! Bo‘lmasa, besh kunlik umrim qoldimi, yo‘qmi – menga uy kerakmas!
Kampir «Gapim tamom!» degandek bir harakat bilan, hech qanday ehtiyoj bo‘lmasa-da, og‘ilxonaga qarab yurdi. Birpasdai keyin u yoqdan shang‘illagan ovozi eshitildi: «Nari tur tepkilamay! He, hayvon! O‘zi bitta-yu, iflosi butun boshli permanikicha bu Xudo olgurning!»
Kechqurun chol-kampir qo‘shnining bolasini chaqirib chiqib, shahardagi kenja o‘g‘illariga xat yozdirishdi. Xat bir talay salom-alikdan so‘ng, bunday davom etardi:
«O‘g‘lim, sen kelguningcha uylarimiz buzilib ketadimi hali. Chunki hammaning uyi buziladi, o‘rniga posilka qurilarkan. Bugun eski choyxonada maylis qilib, shunaqa deyishdi. Seni o‘qitgan domla bor-ku, O‘rozmat tegirmonchining o‘g‘li, o‘sha o‘rtaga chiqib: «Bizga qoziq qoqib beringlar, qishloqni o‘zimiz quramiz! Elimiz mehnatkash, mard. Axir, Farg‘ona kanalini qazgan xalq bu, qishloq-ku qishloq, hasharga chorlasangiz, butun olamni qayta qurib beradi xalqimiz!» deb yubordi. Endi, o‘g‘lim, o‘zing bilasan, biz, chol-kampir, belimiz bukchayib, munkillab qoldik, eshik tiq etsa, Azroilni poylab yotibmiz, yangi qishlog‘imizni ko‘rish bizga nasib qiladimi, yo‘qmi – Xudo biladi. Akang bo‘lsa, o‘zi bilan o‘zi ovora, sezon-sezon deb yarim yilda bir keladi, xolos. Yonimizda endi sen tursang, deymiz. Shunday qilib, bolam, xotin, bola-chaqangni olginu ko‘chib kelaver. Ko‘zimiz ochiqligida shu yerda tinchib ketsang bo‘lardi. Erta-indin hukumat yer bo‘lib bersa kerak, biz nima qilaylik – shuning xabarini ber. Yo vaqt topib, o‘zing bir kelib ket! Nevaralarimizni o‘pib qo‘y, xo‘pmi. Duoi salom bilan, otang».
– Yetadi, – dedi chol og‘ir-og‘ir nafas olib.
Kampir namli ko‘zlarini yengining uchi bilan artarkan, shivirladi:
– ”Onang” ham deb qo‘shib qo‘y, bolam.
Shu gapdan rosa o‘n kun o‘tib, Haydar otaning uyiga yana qo‘shnining bolasi chiqdi.
Vaqt peshindan oqqan, havo qilt etmaydi. Kampir qopdeq ko‘ylagining ko‘krak burmasidan tutib, hadeb yelpinadi. Chol teran o‘yga cho‘mgan. Xatni ikki-uch qayta o‘qitganidan keyin, salmoqlab bunday dedi:
– Bolaning turmushi chatoqqa o‘xshaydi xatining ma’nisidan. Zoti-nasabi tayinsiz bir qizga uylanib olib, yegani qalampirtuz bo‘pqoldi-yov shuning…
– O‘zimiz aybdormiz, vaqtida qattiq turmadik. Bo‘lmasa, qishlog‘imizda qiz urug‘i qurib ketganmidi! O‘zi yoqtiribdimi, o‘ziga buyursin, dedingiz siz ham. Mana, oqibati… – Kampir, keling, shuni gapirmaylik, qabilida choliga iltijoli boqdi. Xiyol o‘tmay, yuzi yorishib ketdi:
– Uni-buni qo‘ying, bolam to‘g‘ri yozibdi, o‘zi kelgunicha biz rayondanmi, sovxozdanmi yordam so‘rab turaylik!.. Tavba, burnimiz tagidan narini ko‘rmaydigan bo‘pqopmiz o‘zi. Bolam shahar ko‘rgan-da, biladi! Yordam qilishlari kerak, debdimi, tashvishimiz bekor.
Nima qilarini bilmay, boyadan beri zerikib o‘tirgan bola xatni to‘shakning qatiga tiqib, sekin chiqib ketdi. Chol-kampir hatto sezmay qolishdi.
– Noma’qul gapni qo‘y, kampir, – dedi Haydar ota. – Bir kamim endi, shu yoshga kirib, odamlarga kulgi bo‘lish qoluvdi.
– Kam-ko‘stini so‘rashning nimasi ayb? Bir dona yog‘ochimiz bo‘lmasa, kesagimiz, bo‘lmasa, bor-budimizni yig‘sak, bitta tovuqkatakkayam yetmasa, yordam so‘raymiz-da, nimasidan uyalasiz?
– Hashar qilib quramiz, deb maylisda katta ketib qo‘ydik, endi bo‘ynimni egib borishim kerakmi? Yo‘q!
«Shalviramay keting! Og‘zingizdagini oldirib, rahmat ham deysiz shu turishda», deb kampir xunob bo‘lib ko‘nglidan kechirdi. Tashida esa, boshqa gapni aytdi:
– Nima, hashar qilamiz, deb siz aytibsizmi? Aytgan bo‘lsa, O‘rozmat tegirmonchining o‘g‘li aytgan. O‘zi, shu ma’lim juda mahmadana… Kim aytadi sizni, bir paytlar kolxoz aktiplaridan bo‘lgan, deb! Ijroqo‘mgami, rayqo‘mgami ayting shuni. Eshilsak, eshilaveramiz-da, birov kelib qumg‘onimizni qaynatib berarmidi.
Xotin kishi bari bir xotinligiga borarkan-da. Nima, bitta Haydarmi kolxoz uchun jon kuydirgan? Do‘ppi tor kelib qolganida bari burnini osiltirib rayonga chopaversa… Yo‘q, buni qayoqdan tushunsin?
– Qiziqsan-a, kampir, he yo‘q-be yo‘q, dunyoning tashvishi senga tushganday uvvos tortasan. Shoshmay tur, oldin ko‘raylik, odamlar nima qilarkin, ana undan keyin bir nima desang, arziydi.
Zulfiniso kampirning sabr kosasiga bir tomchigina yetmay turgan edi, tomdiyu u tilini tiyolmay qoldi:
– Qo‘ying-e, qo‘rqoqlik ham evi bilan-da! Menga desa, o‘lib ketmaymizmi! – deya baralla yig‘lab yubordi. – Bolalarimni o‘ylayman, boshqalardan kam bo‘lmasin, deyman! Mening kunim ularning boshiga tushmasin, deyman!
Cholning zahil yuziga gup etib qon tepdi. Tirnog‘ining uchidan miyasigacha bir nima shiddat bilan kuydirib o‘tdi va shu ondayoq, kun issiq bo‘lishiga qaramay, eti uchdi. «Ko‘nglingdagini aytmaganing ma’qul edi, kampir! – deb iztirob aralash o‘yladi u, – Turmushingdan noliganing chatoq bo‘ldi… Mayli, boraman, bormagan ham nomard!»
***
Haydar ota bozor-o‘char uchun rayon markaziga tushib turardi, bu ko‘chadan ham necha bor o‘tgan, ammo ijroqo‘mning yangi binosini bunchalik yaqindan birinchi marta ko‘rib turishi. Oldi keng maydon, ikki tarafi gulzor, o‘rtada ixcham-ixcham marmar hovuzchalar. Gulzorning nariyog‘ida rang-barang mashinalar safda turgan askarlardek bir tekis tizilgan. Yo‘lakdan turfa odamning oyog‘i uzilmaydi: do‘ppililar, shlyapalilar, oriqlar, semizlar, tajanglaru beg‘amlar – hammasi yuziga jiddiy tus berib, kirib-chiqib turibdi. Haydar otaning og‘zi ochildi: «Bari hukumatning odamlari-da!..»
U shu damgacha hiyla dadil edi, binoning salobati bosdimi, yuragiga g‘ulg‘ula tushib, esankiray boshladi. Zinadan ko‘tarilib, ichkari kirarkan, oyog‘i qaltirayotganini sezdi. Aqli-hushini yig‘ib ulgurmasidan, ostonada kimdir uni to‘xtatdi:
– Yo‘l bo‘lsin, ota?
– Ijroqo‘mga, bolam.
O‘sha kishi unga boshdan-oyoq razm solib chiqdi va:
– Oyoq-poyog‘ingizni artib kirsangiz bo‘lmaydimi, ota? – dedi. – Uni qarang.
Haydar ota oyog‘iga qaradi, qizardi. Polga uzun zangori gilam to‘shalgan, hammayoq toza, yalagudek. U bo‘lsa… «Kalish – kalish emas, bir hovuch chang!» deb koyindi ichida.
Haydar ota u yer-bu yerini qoqib, qayta kirganida unga hech kim e’tibor bermadi, biroq o‘zi hamon dovdirar edi. Dam kalishiga, dam boyagi kishiga qaray-qaray, gilamni bosmaslikka harakat qilib, o‘tib ketdi.
«Uchinchi qavatga chiqasiz!» degan ovoz eshitildi ortidan. .
Uchinchi qavatda, so‘rab-surishtirib, kerakli xonani topdi.
– Mumkinmi, qizim?
Kotiba qiz peshonasi tagidan bir mo‘ralab qo‘yib, ishini qilaverdi.
– Ijroqo‘m bilan gaplashmoqchiydim, qizim.
– Kiring. Nega ostonada turibsiz, kiravering, qanday masala bilan keldingiz?
– A?
– Nima ishingiz bor edi, deyapman.
– Ikki og‘iz, o‘zlariga…
– Unda picha kutib turasiz. Hozir bandlar.
Jigarrang, bahaybat eshikni ohista yopib, Haydar ota uzun yo‘lak devorlariga osilgan suratlarni tomosha qilishga tushdi. Shu bilan barobar, o‘zining bu yerga kelish sabablarini xayolan mulohaza qila boshladi.
Kecha sovxoz hisobchisi yo‘l bo‘yidan sakkiz sotix yer o‘lchab berib, qirq so‘mini olib ketdi. Bir me’yor shart-sharoitini ham tushuntirdi: quradigan uyingizning eni shuncha bo‘lishi kerak, bo‘yi shuncha, derazalari ko‘chaga qarasin, poydevorini baland qilgan ma’qul, uy yorug‘ bo‘ladi va hokazo… Bo‘lmasa, posilkaga o‘xshamay qolarmish. Cholning ichi og‘ridi, lekin alamini yuziga chiqarmadi. Qarnaychining ishi puflashki, puflaydi-da, dedi-qo‘ydi. Hozir nima ko‘p, uy qurayotgan ko‘p. Bozorda yog‘och-taxtaning narxi osmon bo‘yi sapchigan, eshik-derazaning esa, yaqiniga yo‘lab bo‘lmaydi: to‘rtta deraza, ikkita eshik olish uchun yarim yil pochtachining qo‘liga qarash kerak. Bular-ku, mayli, uddasini qilib bitta uyni tiklab olsa bo‘ladi, axir, boshqalarning ham sandiqda bosib qo‘ygani yo‘qdir. Ammo… .
«Ammo-lekin, yordam so‘rab kelganim chakki bo‘ldi, – deya u o‘y o‘ylashda davom etdi. – Esipastlik qildim. Arzimagan narsani deb… Mendaqa arzchi sonming, ijroqo‘m esa – bitta! Butun boshli rayonni so‘rasinmi, borib menga kesak yumalatib bersinmi?!»
Yarim soatlar o‘tkazib, Haydar ota yana ikkilanibgina eshikni ochdi. Bu safar qiz boshini keskinroq ko‘tardi.
– Ishingiz shunaqa zarilmi? Judayam shoshib turgan bo‘lsangiz… mayli, ertaga kelaqoling. Aslida, mehnatkashlarni qabul qiladigan kunlari – ertaga.
- Shoshilayotganim yo‘q, qizim. Shoshilib qayoqayam borardim. Shunday… Bo‘pti, poylab turaman.
Yo‘lakning tomosha qiladigan joyi qolmadi. Cholning ko‘ngli besaranjomlandi. Katta gunoh qilib qo‘ygandek, o‘zidan-o‘zi xijolat bo‘la boshladi. Nima qilsin? Pastga tushib chiqsinmi? Yaxshisi, es borida etakni yig‘ishtirish kerak!
Mana shunday kalovlanib turganida, qarshisida lapanglab, o‘rta yashar bir kishi paydo bo‘ldi. U cholga yaqinlashgan sari sekinlab, so‘ng ajabtovur qiziqish bilan boqib o‘tdi. Beixtiyor ko‘z ko‘zga tushib, Haydar otaning negadir g‘ashi keldi va darhol yuzini o‘girdi. O‘tib ketgach, ortidan kuzatib qoldi. U odam to‘g‘ri borib qabulxona eshigini ochdi va xushchaqchaq tovush bilan:
– Salom, Halimaxon! Qalay, zerikmasdan o‘tiribsizmi? Karim Uzoqovich shu yerdamilar? – deya ichkari kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Zum o‘tmay, xuddi xotini egiz tuqqandek, og‘zining tanobi qochib chiqib keldi.
Haydar otaning tishlari g‘ijirladi. Negadir shu odamni yoqtirmadi, negadir undan begonasiradi va tuyqisdan qishlog‘iga ketgisi keldi. Bu orada hatto nima uchun kelganini ham unutdi.
O‘n chaqirim yerga atay bordi, kunini kech qildi, bu ham yetmaganidek, ikki qo‘lini burniga tiqib kelaverdi. Shunday holda endi kampirining ko‘ziga ko‘rinishi kerak. «Borib turgan o‘jar-a! O‘jarki, surdan battar!» deb xunob bo‘ldi chol.
Yo‘lni kesib, choyxona tarafga o‘tdi. O‘tdiyu choyxona ham, u yerda odatdagidek g‘iybatni choyga qo‘shib ermak qilib o‘tirgan bekorxo‘ja ulfatlari ham hozir yuragiga sig‘masligini angladi. Ortiga qaytdi.
Qo‘rg‘onchani asta-sekin qorong‘ilik qoplay boshlagan, havo kunduzgidan sal yumshagan edi.
U to uyiga yetgunicha nimalarni o‘yladi, qanday qarorga keldi – yolg‘iz o‘ziga ayon. Bizga ko‘ringani esa, boshini quyi solintirib, nigohi bilan yer chizib borgani bo‘ldi, xolos.
Zulfiniso kampir betoqat o‘tirgan ekan, ayvon supasidan tushib, halpillab keldi.
– Yo‘liqdingizmi?
– Ha-a… – dedi chol cho‘zib. Ortiq darajada toliqqan yoki benihoya quvongan odamning tovushi shunaqa chiqadi. – Ovqat-povqat qildingmi?
Qampir hayron boqdi.
– Beg‘am bo‘p keting-e! Biror marta ovqat qilmay yuruvdimmi? Ketganingizdan beri orqangizdan jonim halak, siz bo‘lsangiz, ovqat, deysiz.
– Hovliqmasang ham aytaman o‘shani. Oldin ovqatingni opke, yeylik, gap bo‘lsa – qochmas.
Kampiri to‘zimsiz jikillagani sari Haydar ota ichdan yayrar edi.
- Bir og‘iz gap bilan odamning ko‘nglini tinchlantirib qo‘yish shunchalik qiyinmi?
– Muncha sodda bo‘lmasang, axir! Hukumat idorasini ko‘rmabmanmi, hukumat odamlari bilan gaplashmabmanmi hech! Ay, sen-a… – So‘ngra kulimsirab hikoya qilishga tushdi: – Bordim. Eh-ha, sen u binoning ichlarini ko‘rmagansan. Ko‘rmaysan ham! Men bo‘lsam. shartta kirdim, to‘g‘ri ijroqo‘mning oldiga chiqdim. Hammadan tepada o‘tirarkan. O‘zi kutib oldi. Yoshgina yigit ekan. Biram xushmuomala, biram shirinso‘z, gap bilan jonni oladi, degin. Odam degan mana shunaqa bo‘lsaykan! Qo‘shqo‘llab, xo‘sh xizmat, deb turibdi. Men hammasini aytdim… – Haydar ota, go‘yo aslida ham shunday bo‘lgandek, zavq-shavq bilan so‘zlar, beixtiyor o‘zi ham bunga ishonib borar edi. Gapning muhimi hali aytilmaganiga qaramay kampirining chehrasi xiyla ochilgan edi. Nihoyat, chol gapiga yakun yasadi: – Bor endi, ovqatni opke!
– Ishqilib, yordamga ko‘ndirdingizmi?
Cholning g‘azabi burnining uchida pinhona turgan edi, dabdurust tiliga ko‘chdi:
– Uf-f, bo‘ldi-da, endi! Muncha ezmalanasan? Yordam qilmay ko‘rsin-chi… Yordam qiladi! Yo‘q desa, men ham qo‘yarmidim!
Shuni aytgach, Haydar ota kampiridan ko‘z uzdi. Oyoqlarini so‘ridan pastga osiltirib, yostiqqa yonboshladi. Tok barglari orasidan, ko‘kda birin-ketin paydo bo‘layotgan milt-milt yulduzlarga termilgancha, sukutga cho‘mdi.
«Ke, qo‘y, kampir. Ishimizga boshqalarni aralashtirib nima qilamiz? Sen ko‘p ham qayg‘uraverma! Mana ko‘rasan, hali hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi! Shuncha yil birga yashaganimiz bilan sen meni bilmaysan, Zulfi, men… Men sen o‘ylagandaqa emasman! Faqat… Ijroqo‘mni qo‘y, sovxoz ham o‘z yo‘liga, bilsang, Odam Ato zamonidan beri uy qurib kelaman, lekin birontasi bitmay qolgan emas, bitgan! Uyni o‘zim quraman, Zulfi, o‘zim!»
Shu kuni chol-kampir ishtaha bilan ovqatlanishdi. Qaynatma sho‘rva biram mazali bo‘libdiki…

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.