OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Bemor (hikoya)

“Assalomu alaykum, hurmatli tog‘ajon!
Ushbu nomani qadrdon jiyaningiz − Sodiqjondan deb bilgaysiz!
Salomatligingiz yaxshimi? Yangam, jiyanlarim sog‘-salomatmi? Dissertatsiyangiz qiynab qo‘ymadimi?
Mendan ahvol so‘rasangiz, yomon emas. Vrachlar obdon tekshirishdi, rentgendan o‘tkazib, dori-darmon tayinlashdi. Juda mehribon, g‘amxo‘r odamlar ekan. Tuzalib ketsam, biror yo‘l bilan yaxshiliklarini qaytarishni ko‘nglimda tugib qo‘ydim. Dori-darmonlardan keyin yengil taomlarni bahazo‘r hazm qilyapman. Doktor uzum, anor, savzi sharbati ichishni tavsiya etyapti.
Palatamizdagilarning hammasi bir-biriga mehribon, ajoyib kishilar. O‘ng tomonimda Hoji bobo degan mo‘ysafid yotadilar. Inqilobdan ilgari – hali mendan ham yosh bo‘lganda tog‘alari hajga olib borgan ekan. Tuyada, otda naq olti oy yo‘l bosibdi. “Hozirgi hojilar hoji emas, - deydi u kishi, - zuv etib samolyotda borib keladi”.
Chap tomonimda Vladik degan bola yotadi. Bolalar uyida tarbiyalangan ekan. Hech kimi yo‘q. Vladik biz bilan kamdan-kam gaplashadi, kitobdan bosh ko‘tarmaydi. Undan narida Sergey degan amaki bor! Bir oyog‘i protez.
Davolovchi vrachimiz Hakimjon ham men tengi yigit. Juda kamtarin, vijdonli. Hoji bobo avvalari qandaydir arabcha kitobni hamshiralardan yashirib o‘qirdi. O‘sha Hakimjon sezib qolib: “Qo‘rqmay o‘qiyvering, ishimiz yo‘q”, dedi. Hoji bobo juda quvondilar.
Tog‘ajon! Ortiqcha tafsilotlarni yozib, vaqtingizni olayotganim uchun kechiring. Bu yerda odam zerikib, nima qilishini bilmay qoladi. Shuning uchun boshqa odamlarga yozgan xatlarim ham uzundan-uzoq. Dadamga ham ikki varaqli xat yozib, yaqin kunlarda tuzalishimni aytdim.
Tog‘a! Iltimos, siz u kishidan xafa bo‘lmang! Urushda boshlariga oskolka tegib shunaqa bo‘lib qolganlar. Ayniqsa onam vafotidan keyin goho tajang, goho kamgap, g‘alati... Aslida u kishi sizni xafa qilmoqchi emasdi. Xullas, o‘sha gaplarni yoddan chiqaring! Biz siz bilan faxrlanamiz. Siz avlodimizdan chiqqan ulug‘ odamsiz. Men Hoji boboga siz haqingizda gapirib berdim, yaqinda olim bo‘lishingiz haqidagi hikoyamni qiziqib eshitdi. Hoji bobo ham tog‘asini eslab, maqtab ketdi.
Ziyoratdan qaytishda yuqumli kasallikka chalinibdi. O‘latmi, vabomi, shunaqa. Karvonboshi, kasallik boshqalarga ham yuqishidan cho‘chib, tushib qolishini talab qilibdi. Tog‘asi uning oyog‘iga yiqilib yig‘lasa ham ko‘nmabdi. Nihoyat, jiyani bilan o‘zi ham qolibdi. Tasodifni qarangki, kasallik tog‘aga ham yuqib, o‘sha yerda nobud bo‘libdi. Jiyani esa tuzalibdi. Uni cho‘ponlar topib olib, madorga kirgizishibdi. U kishi mazkur voqeani eslaganda xasta xirogoyisini eslaydi: “Ey sorbon, ohista ron, oromijonam meravad...” Keyin dilini g‘ussa bosadi, shekilli, ikki qo‘lini boshi ostiga qo‘yib jimib qoladi.
Tog‘ajon! Shu la’nati kasallik sabab bo‘lib, chempionatga qatnasholmay qolganimdan afsuslanaman. Qatnashsam, albatta, g‘olib bo‘lardim. Ko‘nglim sezib turibdi. Yodingizda bo‘lsa, tog‘dagi qishloqqa kurashga borganimizda o‘zingiz ham shunday degandingiz. Qiziq bo‘lgandi o‘shanda. Mashinangizda uch soatgacha yo‘l yurdik. Shuncha tez haydagan bo‘lsangiz ham biz kechikib bordik – kurash allaqochon boshlangan edi. Har bir qishloq o‘z polvoni bilan kelganda bu yerga. To‘y egasi g‘oliblarga qo‘y, echki ulashardi. Lekin katta polvonlar hali sabr qilayotganini, ular keyinroq maydonga tushishini bilmasdim, tog‘ajon. Sezdingizmi, kattaqo‘rg‘onlik polvon o‘rtaga tushishi bilan olomon bir guvilladi-yu, keyin jimib qoldi. Polvon mag‘rur davra aylanardi, kattaqo‘rg‘onlik mehmonlar atrofga bepisand nazar tashlashardi.
Men o‘rnimdan turmoqchi bo‘lgandim, siz avvaliga negadir unamadingiz. To‘y egasi solimga televizor qo‘ygandan keyin imlab yubordingiz. Menga shuning o‘zi kifoya edi, tog‘ajon! Biz ko‘p olishmadik: raqibim kuchli bo‘lsa hamki, oyog‘ini olib qocholmas ekan. Ko‘tarib tashlashim bilan atrof qiy-chuv bo‘lib ketdi. Olqishlardan hijolat bo‘lib, joyimga qaytmoqchi bo‘lgandim, hakam unamay, bir qo‘limdan tutganicha davra aylantirdi. Solimga avval bir qo‘zi, keyin sovliq qo‘yishdi. Hamon talabgor yo‘q edi. Keyin gilam qo‘yishdi. Odamlar nogahonda qichqirishisha tushishdi: “Shohimardon! Shohimardon!” Men avvaliga hech narsa tushunmadim. Qarasam, davraning u chekkasida ikki qo‘lini tizzasiga tirab, enkaygancha bir polvon turardi. Shoymardon shu qishloqlik ekanligini, yelkasi hali yerga tegmaganini bilmasdim o‘shanda. Buning ustiga vaznimiz ham to‘g‘ri kelmasdi. Ajablanib sizga qaragandim: “Dadil bo‘l!” – deb imladingiz. O‘shanda menga qancha qudrat berganingizni bilganingizda edi! Lekin dastlabki daqiqalardayoq raqibimning juda kuchli, tajribali va... beshavqat ekanligini sezdim. Shoymardon kurash qoidalariga umuman amal qilmasdi, qo‘li tekkan joyni changallab ko‘kartirardi. Hakam bilan tomoshabinlar uni tartibga solish o‘rniga nuqul olqishlashardi. U har gal meni itqitib yuborganida odamlar guvillab qarsak chalishardi. Ammo men ham yolg‘iz emasdim: ortimda siz bor edingiz! Vujudim zirqirab og‘risa ham sabot bilan olishishim kerak edi. Shoymardon “dzyu-do” bilan mahalliy kurashimizni bir-biriga singdirib yuborgani uchun xavfli edi. Moskvalik bir trenerning: “Bunday polvonlarni faqat charchatib yiqitish mumkin”, deganini esladim. Shuning uchun anchagina davra aylanib, chekinib o‘zimni himoya qildim. Raqibim charchab qolishi bilan chaqqon harakat qilib ikki oyog‘i orasiga kirib oldim. U ikki soni bilan bo‘ynimni chunonam qisdiki, ko‘z o‘ngim qorong‘ulashib ketdi. Shunda bor kuchimni yig‘ib, qariyb yuz kilogramm keladigan raqibimni ko‘tardim va muvozanatani yo‘qotish bilan otib yubordim, so‘ng o‘zini o‘nglamasdanoq, yerga bosdim. Hammayoq qiy-chuv bo‘ldi. Polvonning o‘g‘li, shogirdlari yig‘lab yuborishganini ko‘rib, o‘zim ham allanechuk bo‘lib ketdim. Amo hakam g‘irromlik qildi – g‘alabani hisoblamadi. Shunda siz chidab turolmadingiz: ularning g‘irromligini yuziga soldingiz. Biz qaytadan kurash tushadigan bo‘ldik. Endi o‘zimni bosib olgandim: raqibimning ojiz tomonlari ayon edi. Uni obdan toliqtirib, keskin hujumga o‘tish oldidan sizga qaradim: siz hayajonda edingiz. Hayajoningiz menga ham yuqdi va keskin hujumga o‘tib, uni mahkam qisib oldim. Shoymardon kutilmaganda ikki qo‘lini yuqori ko‘tardi. Bu – uning taslim bo‘lgani edi. Qarshisida yengilmas YoShLIK turganiga o‘zi ham ishonch hosil qilgandi, boyaqish! Qo‘yib yuborishim bilan peshonamdan o‘pdi, azamat. Men sovliqni olib uyga jo‘nadim. Qolgan narsalar sizning ulushingiz edi, tog‘ajon! O‘sha sovliq egiz tug‘di. Olim bo‘lgan kuningiz, albatta bittasini so‘yamiz! Tuzalib ketganimdan keyin, siz bilan tag‘in shunday kurashlarga boramiz! O‘g‘lingizga ham kurash tushishni o‘rgataman!
Xullas, shunaqa gaplar. Ezmalik qilganim uchun kechiring, tog‘ajon!
Xatning javobini intizor bo‘lib kutuvchi jiyaningiz – Sodiqjon”.

* * *
“Hurmatli tog‘ajon! Salomatmisiz, kayfiyatlaringiz joyidami? Mendan hol-ahvol so‘rasangiz, har qalay yomon emas. Vrachlar yaxshi qarashyapti. Lekin oriqlab ketyapman. Bir oy davomida yetti kilo oriqladim. Operatsiya qilmoqchi bo‘lishdi-yu, tag‘in fikrlaridan qaytishdi.
Dadam uch marta kelib ketdilar. Har gal kelganda, meni ko‘rib negadir yig‘laydilar. Palatadagilardan juda xijolat bo‘lib ketaman. O‘tgan gal vrachlar bilan ham janjallashib qoldilar. Shuncha yo‘ldan anor, mayiz olib kelibdilar. Koshki men ularni yeyolsam?! Dadam quvonsin deb, yolg‘ondan og‘zimga solaman. Ammo uzum, anor, sabzi sharbati kerakligini u kishiga aytolmayman.
Dadam haligi Sergey amaki bilan do‘stlashib qoldilar. Ikkovlari ham Stalingrad ostonasida yarador bo‘lishgan ekan. Shundan keyin Sergey amaki menga juda mehr qo‘ydi. Unamasam hamki, qizlari olib kelgan mayda-chuydalardan talaygina beradi. Hoji bobo ham menga juda mehribon. U kishining ikki o‘g‘illari kunora kelib turishadi. Hoji bobo zudlik bilan o‘rtaga dasturxon yozib, barimizni taklif etadilar. Faqat Vladik kelmaydi. Qolganlarimiz birga ovqatlanamiz. Xullas, hammasi joyida. Ammo bu yerda bir johil ayol bor. O‘zi – sanitar. Ovcharka itga o‘xshab hammaning dilini xufton qilib yuradi. Vrachlar ham u bilan hisoblashib ish tutishadi. Shu meni “skelet” deb kamsitadi. O‘ksib ketdim. Samarqand tomonlarga kelguday bo‘lsangiz, bosh vrachga aytib qo‘yarsiz. Bu yerda kishi zerikadi. Hoji bobo Sa’diyning “Guliston” idan parchalar o‘qib beradilar, ammo men tojikchani tushunmayman. Iltimos, shu kitobning o‘zbekchasi bo‘lsa biror kishidan berib yuborsangiz. Vladikni ko‘rgani ko‘p odam keladi. Tarbiyachisi kunora kelib yum-yum yig‘laydi. U bilan tarbiyalangan bolalar ham har xil kitob, jurnallal keltirib turishadi.
Hozir hech yerim og‘rimaydi, lekin madoriim yo‘q. Tashqariga chiqib kelguday bo‘lsam, tinkam qurib qoladi. Hakimjon: “Hechqisi yo‘q, bir-ikki oyda tuzalib qolasiz”, deyapti.
Men albatta, tuzulaman, tog‘a. Siz xafa bo‘lmang!”


* * *
“Tog‘a!
Sizni bezovta qilib, tag‘in xat yozganim uchun kechiring. Bilaman, xat yozish, bu yoqlarga kelishga sira vaqtingiz yo‘q. Ammo men bekorman.
Ahvolim unchalik yomon emas. Chet eldan keltirilgan allaqanday dori bilan davolashyapti. Har gal ukoldan keyin ishtaham ochilganday bo‘ladi. Lekin doktor dori oz qolganidan tashvishlanayapti. Hechqisi yo‘q, tag‘in topilar?!
Yodingizda bo‘lsa, avvalgi xatlarimda Hoji bobo haqida yozgan edim. Shu kishi olamdan o‘tdilar. Chatoq bo‘ldi. Ikki oyog‘i shishib, o‘rinlaridan turolmaydigan bo‘lib qolgandilar. Kechqurun cho‘miltirib, yotqizishdi. Ertalab birovning o‘kirib yig‘lashidan uyg‘onib ketdim: “Vo, padaram! Vo ko‘hi balandam, dadajonam!” – deb yig‘lardi u. O‘sha kuni Vladikning yaqinlari uni olib ketishdi. Leningradda davolatisharmish, Sergey amakining oyog‘ini qandaydir radon bilan davolashyapti... Hakimjon meni ham shu usul bilan davolamoqchi.
Tog‘a! Rahmatli Hoji bobo bir lo‘li haqida gapirgandilar. U mening kasalimni bir xil o‘t bilan davolashi mumkin emish. Imkoni bo‘lsa mashinangizni biror kun o‘g‘lingizga bersangiz, meni o‘sha tabibga olib borsa degandim... Zora shu bilan tuzalib ketsam. Hoji boboning aytishlaricha, davolagandan keyin bitta qo‘ymi, echkimi olarkan. Hechqisi yo‘q – o‘sha qo‘zining bittasini eltib beraman. Bittasini olim bo‘lgan kuningiz so‘yamiz”.

* * *
Hurmatli va mehribon, dadajon!
Ushbu maktubni o‘g‘lingiz Sodiqjondan deb bilgaysiz. Shukur, ahvolim yomon emas. Ba’zi suyuq ovqatlarni ichib turibman. Endi deyarli hech joyim og‘rimaydi. Palatamizda bemorlardan bir o‘zim qoldim. Sergey jo‘rangiz ham tuzalib ketdi.
Dadajon! Mahallamizdagi Bozor aka bor-ku, haligi tayyorlov idorasida ishlaydigan. Yaqinda shu odam talay mayda-chuyda qilib, meni ko‘rgani kelibdi. Juda yaxshi odam ekan. Bir vaqtlar tog‘am shu odamni “jamiyatimizga yot element” deb atagandi. Men nodon bo‘lsam shunga ham ishongan ekanman. U vrachlarga uchrab, menga yaxshiroq qarashishlarini o‘tinib so‘radi, allaqaerdan uzum sharbati ham topib keldi. Shu odam xayrlashaturib: “Nima xizmat bo‘lsa, tayyorman”, degandi. Iltimos, o‘sha kishiga bir uchrashsangiz. Mashinasi bilan kelib, meni tabibga olib borsa. Keyin o‘sha yoqdan o‘tib, uyga boraman. Vrachlar ham endi javob berishga rozi. Oyog‘imda shish paydo bo‘lib, turish qiyinlashayapti.
Siz o‘ksimang, dadajon! Oyoqdagi shish hali qaytarmish. Men, albatta tuzalaman! Haligi Bozor akaga uchrashishi yodingizdan chiqmasin. Ammo tog‘amga aytako‘rmang: siz nafratlanadigan kishidan men ham nafratlanishim kerak!
Sizga aytadigan gaplarim hali ko‘p. Eson-omon uchrashsak, qolganlarini baqamti gaplasharmiz.
Ehtirom ila o‘g‘lingiz,
Sodiqjon!”

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.