OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Eng ashaddiy kallakesar (hikoya)

Chakatilo!
 Bu sovuq familiya hoynahoy qulog‘ingizga chalingan chiqar. 1991 -1992 yillar davomida ana shu xunxo‘r haqida yozmagan gazeta–jurnallar kam qoldi. Tug‘ri, axborotlaar bir–biridan farq qilar: ro‘znomalardan biri Chikatilo yigirmadan ortiq qiz–juvonni zo‘rlab, keyin chavaqlab tashlaganini yozsa, o‘zgasi ana shu raqamni oshirish yoki quyuqroq rang berish payida bo‘lardi. Jinoyat tafsilotlari ham shunaqa: haqiqat bilan afsona o‘rtasidagi chiziqni hamisha ham ilg‘ab bo‘lmasdi.
Boisi: hali tergov tugamagan, hukm o‘qilmagan edi. 
 Tergov bir yil davom etdi. Sud Chikatiloni otib o‘ldirish haqida hukm chiqardi. Oradan bir yil o‘tgach – 1993 yilda hukm ijro etildi. 
 Naq 53 ( ellik uch ) qiz yo ayolni zo‘rlagan va so‘ygan bu ablahni otib tashlashgani to‘g‘ri bo‘libdi, degandim o‘zim ham avval. Keyin esa tergov jarayonlarini o‘qib, otilgan odamlar taqdirini o‘rganib, fikrimdan qaytdim. O‘lim jazosi bir umrlik qamoq jazosi bilan almashtirilishi zarur ekan, degan qatiy xulosaga keldim.
 Chikatiloning jinoyati bilan men o‘rtaga quyayotgan muammo bir–birini inkor etadiganday, qutbning ikki tomoniday bo‘lib tuyulishi mumkin. Aslini olganda, har ikkisida ham inson taqdiriga munosabat yotibdi.
 Mayli, kechinmalar xususida yo‘l–yo‘lakay bahslasharmiz. 
 Matbuot Chikatiloni betinim qotil, xunxo‘r jallod, yirtqich – xullas, insonning behudud nafratini ifodalaydigan haqoratlar bilan «siylab» turdi. Zino qilib, keyin pichoq sanchishi mash’um izni yo‘qotish uchun qilingan chora deb yozishdi. Boshqalar bu holni qandaydir kasallikka yo‘yishdi va hakozo.
 Mavzudan andak chekinib, etiboringizni tabiatga, aniqrog‘i bo‘ri yoki sherga qaratmoqchiman. Agar bu yirtqichlar biror inson xunini tatib ko‘rsa, umr bo‘yi odam ovchisiga aylanadi. Yolg‘izlar, ojizlarga tashlanadi, bolakaylarni olib qochadi.
 Bunday hayvonlar juda makkorlashadi. (Ehtimol, inson qonidan o‘tar). Manaman degan ovchilarni dog‘da qoldirib, hali bu qishloqda, hali u dashtda odamni yorib ketadi. Har gal izini ustakorlik bilan yashiradi.
 Ha, biz ko‘p savollarimizga aynan tabiatdan javob izlashimiz zarurga o‘xshaydi. Faqat savol berib, javobini tinglaybilsak kifoya. Inson go‘shtidan mazaxo‘rak bo‘lgan sher bilan bo‘ri haqida so‘z yuritdik. Hatto ilon, zaharli ilon ham xun ta’mini tatisa, xavfli dushmanga aylanadi. Yoki kana, chivinni oling. Ular sizni topib boraveradi. 
 Xo‘sh, bu ne hikmat? Ehtimol, inson ya’ni mono sapiens qon tomirlarida vujudni sarmast qiluvchi, safo beruvchi modda bordir va unga nashavand bo‘lgan jonzod o‘zini idora etolmay qolar?!    
 Gazetalardan biri Chikatilo haqida shunday deb yozdi. «Chikatilo ovga chiqqandi o‘sha kuni. Qonga tashna yirtqich o‘rmon yoqalab borarkan, qarshisidan to‘qqiz–o‘n yashar qizaloq chiqdi. U qo‘ziqorin terardi. Chikatilo nigohlari bilan uni paypaslab chiqdi, so‘ng xotirjamgina dedi: «Bu yerlarda qo‘ziqorin kam bo‘ladi, yur men serob joyni ko‘rsataman». Qizaloq, beixtier unga ergashdi. Bu g‘arko‘z amakinig nigohlari oldida laxta–laxta qilingan navqiron vujud, qizaloqning xayolida esa quziqorin degani to‘kib quyilganday serob joylar namoyon edi. 
 Ular ovloq so‘qmoqlar bo‘ylab ancha ichkari kirishdi. Chikatilo atrofga tag‘in bir bor xavotirona ko‘z yugurtirdi–yu qizchaga tashlandi, uning nozik bo‘ynidan tutib yiqitdi, chayir qullari bilan qisdi. U dod deyolmadi. Qotil chap qo‘li bilan o‘ljasini yerga bosib, o‘ng quli bilan kiyimlarini yechib tashladi. Zo‘rlab bo‘lgandan keyin hamon xushiga kelmagan qizaloqning ko‘ksiga tig‘ sanchdi. Uning jimgina sizayotgan qonidan bir qultum ichdi-yu, yo‘lida davom etdi.
 Gap shundaki, Chikatilo birinchi yoki oxirgi xunxo‘r nashavand emas. Bunday vos–voslar bo‘lgan va bo‘lib turadi. O‘tganlarini bilib ko‘yish, kelajakdagisidan ogoh bo‘lish shart! Ha. Shart! Axir, farzandalar, singillar, opalar bor...
 Bu qassobni Igor Kostoev rahbar bo‘lgan o‘ta xavfli jinoyatlarni ochuvchi guruh qo‘lga oldi. Birqator gazeta–jurnallar mazkur guruhni ko‘klarga ko‘tarib maqtadi. Kostoevning o‘zini komissar Kataniga qiyoslashdi. 
 Aslini olganda, guruhning yigirmaga yaqin a’zosi atigi bitta jinoyatchini sakkiz yil izlashdi. Chikatiloning militsionerlarday ratsiyasi, to‘ponchasi, mashinasi yo‘k; ularday katta maosh olmaydi. Sakkiz yil davomida yigirma kishiga chap berib, yashirinib yurdi va ellik uch kishini hayotdan benasib etdi.Ular kimningdir qizi, xotini, singlisi edi.
 Qayg‘ular, hayratlar, motamlar…
 Rio de Janeyroda jinoyatni yigirma to‘rt soatda ochmagan politsiya guruhini landavo‘r va lakalov hisoblab, ishdan chetlashtirisharkan.
 Kostoevchilar esa tugunni bir qo‘l bilan yechmoqchi bo‘lgan qasamxo‘rlarga o‘xshab ketadi.
 To‘g‘ri, Chikatilo makkor, biror iz, ashyoviy dalil qoldiray, hidini chiqarmay qassoblik qilgan. Buning ustiga turli shaharlarda ish ko‘rgan. Jurnalistlar komissar Kataniga tenglashtirgan o‘sha Kostoev va uning sheriklaridan ko‘ra tadbirkorroq bo‘lgani uchun ham sakkiz yil davomida qon to‘kkan u!
 Mayli, men tafsilotlar haqida gapiray, xulosalarni o‘zingiz chiqaring.
 1982 yilning may oyida Rostov shahri yaqinidagi elektr poezdi bekatiga tutash o‘rmondan politexnika instituti studenti Katya I.ning jasadi topiladi. Ekspertiza marhumani to‘rt kun ilgari o‘ldirilganini aniqlaydi. Bug‘ilgan, tajovuz qilingan, ko‘ksiga uch bor pichoq sanchilgan, Bu to‘la tafsilot emas. Mutaxassislar aktida yaralar
ning hajmi, xarakteri, o‘limining sodir bo‘lish sabablari ilmiy tilda bayon etilgan, albatta.
 Atrofdan birorta ashyoviy dalil topisholmaydi, qotil barmoq izi ham qoldirmagan. Iskovich it rosa g‘ingshib, temir yo‘l tomon ravona bo‘ladi.
 Zudlik bilan operativ gruppa tuziladi, shubhali odamlar ro‘yxatga olinadi.
 Shu orada tergovchi Ryabov Katyaning kundalik daftarini hijjalab o‘qib, quyidagi yozuvning ostiga chiziq tortadi: “Yaramas V. bilan urishib qoldim Niyati buzuq. Endi gaplashmayman». 
 Volodya degan yigitcha yuqori kurs studenti bo‘lib, Katya bilan uchrashib turarkan.Ularni kinoda, o‘rmon sayrida ko‘rganlar bor ekan. Darhaqiqat yigirma to‘rt soat davomida Volodya qo‘lga olinadi. Birinchi suhbat chog‘ida Ryabov Katyaning nobud bo‘lganidan so‘z ochmay ularning munosabatlari, uchrashuvlari bilan qiziqadi. Volodya qizni majnunona
sevishini tan oladi, masalaning mohiyatiga yetmay angrayadi. Ikkinchi suhbatda terguvchi kundalik daftardagi yozuvni niqtab ko‘rsatadi izoh so‘raydi. “Ha, men o‘rmonda… lekin u ko‘nmadi» deydi yigitcha.
 Hullas, Katyaning vahshiyona o‘ldirilganidan voqif bo‘lgan Volodya behudud dard, nadomat bilan yig‘laydi. «Uni sen o‘ldirgansan!» deydi tergovchi qat’iy qilib. Oshiq yigit bundan battar nadomat chekadi, qasam ichadi. Keyin esa “bo‘yniga oldirishadi.» “Uni men o‘ldirdim, meni tezroq otib tashlanglar», deb zorlanadi. Ammo tergovchilar qahrga mingan, hayajonga tushgan odamlar bilan qanday muomala qilishni bilishadi. Tag‘in dalda berishadi. 
 Inson taqdiri ustida so‘z ketganda, bo‘yinga olishning o‘zi kifoya emasligini, buni isbotlab berish kerakligini sha’ma qilishadi. Volodya isbotlab beradi: o‘rmonga olib borgani, zo‘rlagani, pichoqlagani… Tag‘in ilmoqli savollar, argumentli javoblar.
 Institut komsomol qizlari zudlik bilan imzo to‘plab Volodyaga oliy jazo chorasi qo‘llashni talab qilishadi.
 Bir oydan so‘ng viloyat sudi oshiq yigitchani qatl etish haqida hukm chiqaradi. Qirq uch kundan keyin hukm ijro etiladi.    
 Hammasi risoladagiday. Aniq hujjatlar, dalillar asosida, zarracha e’tirozga o‘rin qoldirmay amalga oshiriladi.
 Oradan olti oy o‘tgach, shaharning boshqa bir chekkasida, o‘rmonga tutash joyda o‘n yashar qizaloqning jasadi topiladi. Qarashsa, xuddi Katyadek zo‘rlangan, ko‘ksiga pichoq sanchilgan, mammasi tishlab olingan.
 Muhtaram o‘quvchi! Men bir vaqtlar oliy jazo hukmini bir umrlik qamoq bilan almashtirish zarurligini yozgan edim. 
 Katyani ham, o‘n yashar qizaloqni ham Chikatilo o‘ldirgani bir
necha yillardan keyin ayon bo‘ldi.
 Bechora Volodya! Qaybir xatoning qurboni u?! Bunga tergovchilar sababmi yog‘ud o‘lim hukmini joriy etgan qonunchilar?! Balki unisi ham bunisi hammasdir: majnunona, muhabbat qurboni bo‘lgandir, sho‘rlik Volodya! 
 O‘sha o‘n yashar qizchaning otasi uyushgan jinoyatchilar sarkori ekan, Kostoevga uchrashib, qotilni topgan kishiga «Volga» va’da etadi, shubhali kishilar ro‘yxatini tutqazadi.
 Shundan keyin bu ish “O‘rmon» deb nomlanadi. Guruhga qo‘shimcha izquvarlar ajratiladi, shubhaga olinganlarning har bir qadami nazoratdan qochirilmaydi.
 Ammo arqonni juda uzun tashlashgan ekanmi olti oy orasida tag‘in ikki qiz xuddi shu usulda o‘ldiriladi. Qotillikning biri Kiev, ikkinchisi Leningrad shahri yaqinida sodir etiladi. Tergov ishlariga mazkur shaharlarning ham dongdor izquvarlarni jalb etishadi. 
 Uzoq bahs–munozaralardan keyin jinoyatchining taqribiy portretini yaratishadi ular. Ana shu ta’rifga binoan u taxminan 25 – 30 yoshlarda, avval sport bilan shug‘ullangan baquvvat, kelishgan kishi. Ilgari sudlangan, hech qaerda ishlamaydi, chalasavod. Rostovda tug‘ilgan va shu yerda propiska qilingan bulishi kerak. Ruhiy kasalik alomatlari
bor. Ehtimol jinnixonada yotib chiqqandir.Atrofdagilar bilan kam muloqotda bo‘ladi. Ko‘proq elektr poezd bekatlarida, o‘rmon yoqalarida yuradi. Gapga chechan, qizlar ayollarni tez qarmoqqa tushiradi. Uning qo‘lida diplomat bor ichida o‘tkir pichoq, to‘poncha bo‘lishi kerak. 
 Ta’kidlab o‘taman, bu taxmin ko‘p asoslarga tayanib tuzilgan. Jinoyat xarakatlari, mulohazalar hisobga olingan.
 Bu 1983 yil edi. Lekin 1990 yilda ko‘lga olingan Chikatilo salkam ellik yoshda, hech qachon sport bilan shug‘ullanmagan, novcha manfur, avval sudlanmagan, fabrikada ta’minotchi bo‘lib ishlaydigan oliy ma’lu-
motli (filolog) KPSS a’zosi, oilasi, ikki farzandi bor, mutlaqo sog‘lom, atrofdagilar bilan hushmomula kishi ekan. Qo‘lida kichik sumkacha, ichida pichoq, chilvir. 
 Qarang–a, qancha katta fark. Ehtimol, izquvarlarni ham chalg‘itgan narsa ana shu farqdir.    
 Mayli, xulosani aytib qo‘yishga shoshilmaylik. 1985 yili Anatoliy Kravchenko degan kishi shubha bilan qo‘lga olindi. Bu odamning qopqonga tushish tafsiloti g‘alati. Kostoev guruhida ishlovchi Zoya degan leytenant qiz tuzoq sifatida bekatlarda yuradi, xotin – qizlar bilan muloqotda bo‘lgan shubhali kimsalarni kuzatadi, o‘zini ularga moyil qilib ko‘rsatadi.
 Rostov yaqinidagi bekatlardan birida Kravchenko Zoyaning qarmog‘iga ilinadi. Tanishuvdan keyin uni o‘rmonga taklif etadi. Zoya qarasa, bu odamda ular izlayotgan qotilning hamma alomatlari bor: tatuirovka qilingan qulida diplomat, gapga chechan, xushqomat. Ular ancha ichkari kirishadi. Kravchenko bu xushraftor, oqtomoq va arzon o‘ynashning uyoq–buyog‘ini ushlash payida bo‘ladi. Zoya esa nuqul chap berib bo‘lar–bo‘lmas narsalarni so‘rayveradi. Shunisi g‘alatiki, bu javoblar ham qiz kutganday bo‘lib chiqaveradi. Ezmalik joniga tegadi, shekili.
Anatoliy qizga tashlanib, uni ostiga oladi. (Erkakchilik: g‘unajin ko‘zini suzmasa, buqa ipini uzmaydi). Ehtiyot choralarini ko‘rib quygan Zoya uni tepib yuborib, o‘rnidan turadi va raqibiga to‘pponcha to‘g‘rilaydi! Keyin ratsiya bilan sheriklarini chaqiradi.
 Tekshirib ko‘rishsa, Kravchenko Rostovda tug‘ilgan, avval ayol kishini zo‘rlagani uchun qamalib chiqqan, hech yerda ishlamaydi.    
 Kravchenko bir oygacha hech nimani bo‘yniga olmaydi. Keyin gardaniga qo‘yishadi. U bir emas, olti xotin–qizni o‘ldirganini yozib beradi. Gazetalar ashaddiy qotil qo‘lga tushganligi haqida shov-shuv ko‘ta-
rishadi.
 Sudda u tag‘in tonadi, ammo jabrdiydalarning darg‘alab qavmlari, ulardan sovg‘ayu mukofotlar olib qo‘ygan tergovchilar hamma vositalarni ishga solib. uni otib tashlashni talab qilishaveradi, Sud uni otib o‘ldirish haqida hukm chiqaradi.Tag‘in xatoga yo‘l quyishdan cho‘chigan jinoyat kodeksining daqqoq kalamushlari hukm ijrosini uch oyga cho‘zishadi.
 Men insonni otib o‘ldirish kaltabinlik ekanligini ta’kidlashdan oldin tag‘in bir ayanchli voqea xususida so‘z yuritmoqchiman.    
 1990 yilda Chikatilo qo‘lga olingandan keyin, izquvarlar guruhi ustma–ust qo‘pol xatolar qilganiga ishonch hosil etgach, vijdon azobidanmi yoki boshqa sababdanmi Lvov shahriga – Kravchenkoning onasinikiga borishadi. «Marina Nikiforovna bizni kechiring, deyishadi, xato kilibmiz, o‘g‘lingiz begunoh ekan. Behudaga otilibdi…» «Anatoliyni otishdimi» quloqlariga ishonmay so‘raydi kampir.
 Ayon bo‘lishicha, uning qatl etilganini kampirdan yashirib yurishgan ekan. Boyaqish g‘ayritabiiy tarzda faryod chekadi-yu, yuragini changallab yiqiladi. Nachora, inson qalbi g‘aladon emaski, hamma narsani sig‘diraversa…    
 Tag‘in: Kravchenko qo‘lga olingach, qizlari singillari o‘ldirilgan alamzadalar al qasosu, minal haq deya bosh ko‘taradilar. Familiyasi Kravchenko bo‘lgan oilalar, odamlar ikki kunda shaharni
tark etishga majbur bo‘ladilar.
 Men nohaq nobud bo‘lgan Volodyani, Anatoliy ni eslasam, rahmatli buvimning mahzun allalari yodimga tushadi.
 Balolardan, qazolardan alhazar!
 Noxush, noxush sazolardan alhazar!
 Ostonamni omon saqla o‘zginang, 
 Nohaq tuhmat, 
 Jazolardan alhazar!
 Alhazar – o
 Alhazar – o 
 Alhazar...
 1986 yil, ya’ni Kravchenko qatl etilgandan ikki oy o‘tgach Toshkentning aeroport rayonida (hujjatlarda shunday deb qayd etilgan) o‘rta yoshdagi ayolning jasadi topildi. Aynan bug‘ilgan, zo‘rlan –gan, yuragiga pichoq sanchilgan, mamasi tishlangan. Keyin Olmaotada…     
 Voy, ablah!
 Naqadar noo‘ng‘aylik!
 Demak, tantanalar ancha erga nishonlangan ekan. «O‘rmon» operatsiyasini davom ettirishdan o‘zga chora yo‘k.
 Kim u olchoq?! Qanday qilib qo‘lga olish kerak, arvoh urgurni?    
 Shundan keyin ham u to‘rt yil davomida 
Kostoev guruhini ( boshqalarni ham ) tahlikaga solib, qaqshatib yurdi. Turli shaharlarda qizlar, ayollarning qonga bo‘langan jasadlari topilaverdi. Shubhaga olingan o‘nlab kishilar qamoqqa tashlanadilar.
 1990 yilga kelib, nogahonda Chikatilo ham shubha bilan, tasodifan qo‘lga tushadi. Qotil elekr poezdidan daydi ayolni tushib qolishini talab etadi, lekin u ko‘nmaydi. Buni kuzatib turgan izquvarlar ikkalasini ham olib ketishadi. Chikatiloning vizitkasidan o‘tkir pichoq va chilvir chiqadi. Ayolni o‘rmon sayriga taklif etganini buyniga oladi. Uni rosa so‘roq qilib, pichoqqa ilinadigan gap chiqarisholmaydi. Javob berib yuborgandan keyin sanchiklab o‘rganishsa, aynan jasadlar topilgan Kiev, Leningrad, Toshkent, Almati shaharlariga idora tomonidan komandirovka qilingan ekan.
 Qayta tutib, siquvga olishadi. Zo‘r kelgach, gardaniga oladi va isbotlab beradi.
 Qonun posbonlari tag‘in adashishmadimikin?
Yo‘q, bu gal ular aynan qo‘li qon qotilning hiqildog‘idan tutishgan edi. Uzoq davom etgan savol- javob, tahdid, aldam–qaldamlardan keyin qirq
xotin–qizni o‘ldirgan, degan aybnomaga o‘zi tuzatish kiritadi. Ya’ni, 53 ( ellik uch! ) kishini aspalasopinga jo‘natganini yozib beradi. Isbot uchun izquvarlar bilan borib, o‘rmonlarda ko‘milgan yoki suyaklarigina qolgan jasadlarni ko‘rsatadi.
 Hammasi shu!
 Yo‘q, hammasi shu emas. Men bu hikoyani O‘zbekistonda o‘lim jazosi bekor qilinishidan ilgari yozgan edim.”Paxta ishi” bilan nohaq o‘lim jazosiga hukm etilgan vatandoshlarning qismatlari haqida qalam tebratgandim.
 Hikoyaning qolgan qismini o‘chirib tashladim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.