OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Go‘rkov (hikoya)

Uning nomi yodda qoladigan, boloxonador - Ashuralioxun. Orqavorotdan go‘rkov deyishadi; tengdoshlari orasida Ashurali, Ashur, Ashi deydiganlar ham anchagina.
Otasining oti Muhammadalioxun bo‘lgan. Shunchaki, Oxun, yoki go‘rkov deyishgan.
Aslida, oxun deganda, o‘qimishli, ziyoli kishilar nazarda tutiladi. Lekin, ko‘rgan-bilganlarning guvohlik berishicha, otasi, hatto imzo chekolmaydigan savodsiz, itoatkor, bir oz badjahl, johilroq kishi bo‘lgan; jahli chiqqanda, zug‘um bilan bosh barmog‘ini ikki barmog‘i orasidan chiqarib ko‘rsatadigan xunuk odatini umrining oxirigacha tashlamagan.
- Otam ko‘z o‘ngimizda onamni do‘pposlab qolardi,- deydi Ashuralioxun, bu haqda gap ketganda,- ukam ikkalamiz zirillab turardik, nima qilishni bilmay, juda o‘sal bo‘lardik. Fe’li g‘alati edi: birov araq uzatsa, qo‘lini qaytarmasdi; kayfi oshganda go‘rkovligi bilan maqtanar, Xudoning nazari tushgan kasb, deb garillardi. Birov manzirat qilmasa, oylab og‘ziga olmas, unutib yuborar, ichganlarni la’natlab qolardi. Birorta xudojo‘y machitga taklif qilsa, ergashib ketaverar, boshqa vaqt qabristondan chiqmasdi.
Mayli, otasini qo‘yaturib, o‘ziga ta’rif beraylik. O‘ttiz yoshlarning nari-berisidagi bo‘ychan-u o‘ychan, rahmdil-u sodda; sochini mudom qirtishlatib, do‘ppini bostirib kiyib yuradigan, qo‘ng‘iz mo‘ylovchasi o‘ziga yarashgan, yuzi cho‘zinchoq, ozoda, qirg‘iyburni hiyla katta bo‘ydoq yigitni ko‘z o‘ngingizga keltira olasizmi? Bunga qo‘shimcha qilib, dona-dona, qisqa qilib, kesib gapirish, biror yumushni boshlashdan oldin qo‘llarini bir-biriga ishqab, kulib qo‘yish odati borligini ham aytib o‘tishimiz ortiqchalik qilmas.
So‘nggi o‘n-o‘n besh yilda yosh avlodning o‘ziga xos guruhi shakllandi. Ularni sho‘rolar davridagi tengdoshlariga taqqoslaydigan bo‘lsangiz, g‘alati tafovutlarni ko‘rasiz. Yangi avlod, ko‘proq qo‘l telefoni, kompyuter, displey, disketa, disk, avtomobillarga bog‘lanib qolganday bo‘lib ko‘rinadi. Bu - masalaning faqat texnik tomoni. Ular g‘oyalar izlash, unga ergashish, maslakka erishish, uni bayroq qilib ko‘tarishdan ko‘ra pul topishni afzal ko‘rishadi. Partiyaviy mansublikka allaqanday zohiriy kinoya bilan yondashishadi. Har qanday safsatavozlikdan farqli o‘laroq pul - ozodlik, farovonlik sarchashmasi deb bilishadi, milliy g‘urur haqida gap ketganda, boshqa millatlar haqida betakallufroq gapirib qo‘yishadi.
Ashurali oxun ham shu toifaga mansub, albatta. Farqi shundaki, ko‘proq kitob o‘qiydi. Ko‘p o‘qigan - ko‘p biladi, deyishadi; aslida bu dunyoda hammasi nisbiy. Soddadil Ashurni maktab bolasi ham chuv tushirib ketishi mumkin. Shunchaki, imkoniyati o‘qishni taqozo etadi: u faqat go‘rkov emas, qabriston qorovuli ham va aynan qorovulligi uchun maosh berishadi. Qabristonda esa o‘g‘ri o‘maradigan yumurta ham bo‘lmaydi. Marhumlar bir-birlarining kafanlariga ko‘z olaytirishmaganidek, tiriklar ham bu yerga kirganda, nogoh oxiratni o‘ylab qolishadi.
Xullas, kitob o‘qib yotish uchun eng o‘ng‘ay vaziyat. Albatta, hushyor bo‘lib turish kerak: tozalikni saqlash, xas-xashaklarni vaqtida yig‘ishtirish, marhumlar xotirasiga duo-yu fotiha istashgan savobtalab qavmlarning iltimoslarini ado etish va eng muhimi, biror kishi bandalikni bajo keltirib qo‘ysa, qabrni aytilgan vaqtda tayyorlashga ham yetarlicha vaqt qoladi.
Ashurali bu yumushlarni bekamu ko‘st, sidqidildan uddalaydi. Ishining o‘ng‘ay tomonlarini biladi. Masalan, tig‘iz paytda, mardikor chaqirib, chuqurni (ular ayvon deyishadi) avvaldan qazdirib qo‘yadi, lahatni esa o‘zi janoza oldidan tayyorlaydi va otasiga o‘xshab, yuzlab g‘amzada odamlarning ko‘z o‘ngida qabrdan tuproqqa bulg‘anib chiqishni xush ko‘radi.
Siz spektakldan keyin tomoshabinlarning bir maromdagi qarsaklari ostida qimtinib sahnaga chiqqan aktyorni ko‘z oldingizga keltira olasizmi? Uning kamtarona nigohlarida barcha qiyinchiliklar, yetishmovchiliklarga qaramay kasbi-koridan zohiriy mamnunlik hissi jo‘sh urishini, boyaqishga mana shu qarsakdan ko‘ra qadrli boylik bo‘lmagandek sarafroz turishini kuzatganmisiz? Go‘rkovlar ham qabrdan chiqqanda, shunday tuyg‘uni boshdan kechirishsa ajab emas. Zero buni tasvirlash mushkul - tuyg‘uni faqat tuyish mumkin.
Mayli, Ashuralioxun haqida gapirayotgan edik. Qur’onning o‘tli oyatlarini qiroat qilganida, vujudingizga titroq kiradi. Daromadning bir qismi esa qiroatdan keladi. Xotira va qadrlash kuni, Navro‘z bayramlarida duotalablar navbatda turishadi, ko‘proq pul berishadi.
Bahsu munozaralarda qo‘li baland kelishiga ishonsa hamki, kam aralashadi. Din tarixini yaxshi bilgani sabab, vaqtida otasini nopisand qilgan ayrim mullalar undan hayiqishadi, chalasavodliklari ( ularning ko‘pchiligiga xos qusur) fosh bo‘lishidan cho‘chib, yasama mulozimatlar qilishadi.
Ammo o‘zining ham bir qusuri, o‘z iborasi bilan aytganda, «ojiz tomoni» haqida til tishlasak, insofdan bo‘lmas. Bu odam xotin-qizlar masalasida…
Yo‘q, yo‘q, unday xulosaga kelmang. U ayol zotiga juda beparvo, ulardan nariroq yurishni afzal biladi. Ammo ular…
Ayol zotiga tushunish qiyin: bu go‘rkovning nimasini yoqtirishadi − tushunib bo‘lmaydi. Kasbi-korining sirli, allaqanday mavhumligimi; qo‘ng‘iz muylovchasimi, qaddi qomatimi, ozodaligimi, qirg‘iy burnining andak kattaligimi…
Muomalada qachon, qaerda, nima deyishni bilishdan ko‘ra, zarur o‘rinda itoatkorona sukut saqlashda gap ko‘p, deyishadi. Ayol bilan muloqoti paytida Ashiga zimdan nazar tashlasangiz, bo‘ynini sal egib, bir maromda bosh tebratib ma’qullab turishi, taajjub va taassuflarini ochiq namoyon etishda iste’dodli aktyorlardan qolishmasligiga ishonch hosil qilasiz. Tinglashdan ko‘ra gapirishni xush ko‘radigan xotinlarga undanda dilkash suhbatdosh topish mushkul. Eh, ayollar sabab bo‘lib, ne-ne malomat-u tahlikalarni boshdan kechirmadi sho‘rlik.
Odamlarga avval non kerak, keyin hangoma deyishadi. Ashuralining shu yoshgacha bo‘ydoq yurishi, sirli uchrashuvlari ham hangomatalablar uchun bir ermak. Dunyoviy voqealar bir chekkada qolib, uning o‘ynashvozligi, bo‘ydoqligini muhokama qilishadi: turfa taxminlar, bashoratlarni qatorlashtirishadi. O‘zining esa javobi aniq:
- O‘ttiz yoshgacha uylanmagan, keyin ham uylanmaydi, o‘ttiz beshgacha boyimagan, keyin ham boyimaydi.
Bu gapni qaerdan olganligini eshiting.
U paytlar meditsina texnikumida (keyin kollej deyiladigan bo‘ldi) o‘qirdi. Do‘stlari bilan darsdan chiqib ketayotganda, lo‘li ayol ruschalab o‘zi tomon chorlayotganiga guvoh bo‘lishdi. «Hey, g‘ofil bandalar! Sizlarni nimalar kutayabdi, bilasizlarmi? Taqdirlaringdan ogohmisizlar? Tezroq kelinglar, barini aniqlab beraman!»
Ayolning qarshisida yashil rangga bo‘yalgan quti bo‘lib, uning sirtiga kalamushga o‘xshagan jonivorning rasmi beo‘xshov qilib chizilgandi, yonida kutubxonaning kartoteka qutichalari, ichida buklangan qog‘ozlar. Ayol qutichani sekin taqillatib: «Mening donoginam, dumboqqinam, chiqaqol, bu odamning taqdirini ayon qil,» desa, undan yumronqoziqdan xiyla kattaroq ( keyin bilsa, ruschasiga - xomyak, o‘zbekchasiga - og‘maxon, deyisharkan) jonivor chiqib, atrofga sinchkov nazar tashlar, egasi imlagan kishini boshdan oyoq kuzatganday bo‘lardi. So‘ng quticha ustida yurib, qog‘ozlardan birini sug‘urardi. Navbat Ashurga kelganda, jonivor qutichalarning ustida rosa aylandi-yu, qaytib iniga kirib ketdi. U puliga achinib turganda, bekasi tag‘in chorladi. « Chiqaqol, do‘mbog‘im. Uni achchiq qismat kutayotgan bo‘lsa ham mayli. Sening vazifang - ogoh etish…» Og‘maxon bu gal bir xatni sug‘urdi-yu, Ashiga mungli termulganday bo‘ldi. Lo‘li ayolning achchiq qismat haqidagi eslatmasi, jonivorning noxush nigohi uning dilini picha xira qildi. Buklog‘lik qog‘ozni Ashuraliga uzatishdi. Rus tilida yozilganligi sabab, unchalik tushunolmadi va cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
Rus guruhida Marina degan, do‘ndiqqina qiz o‘qirdi. Kechqurun yotoqqa qaytgach, o‘shandan xatni tarjima qilib berishni so‘radi. Ammo u o‘zbekchani yaxshi bilmagani sabab ancha qiynalishdi: tarjima chala-chulpa chiqdi.
«Bilib qo‘y: o‘ttizgacha uylanmagan bo‘ydoq keyin ham uylanmaydi, o‘ttiz beshgacha boyimagan qashshoq keyin ham boyimaydi, qirq yoshgacha kasbini o‘zgartirmagan ovsar keyin ham o‘zgartirmaydi …».
Yuz yoshgacha yozilgan edi bashoratnoma, ammo qolganlarini tushunishmadi. Oxirgi jumlani ag‘darib, o‘zlari ham kulib yuborishdi. «Ayol - buyuk… aldovchi. Pand yemay desang, u bilan tanishishdan oldin ajralishni o‘yla».
Shu-shu bo‘ldi-yu, Marina undan ajralmaydigan bo‘lib qoldi. «Ashi, sen juda simpatichniysan: kitob o‘qisam, uning sahifasidan; televizor ko‘rsam ekranidan qarab turganday bo‘lasan» dedi ko‘p o‘tmay, dard bilan. Ashur unga nisbatan sovuqqonroq, loqaydroq bo‘lib yurdi. Yo‘q, kelajakda ajralish mushkul bo‘lishidan ko‘rqqani yo‘q, «sen go‘rkovning bolasisan, ko‘rpangga qarab oyoq uzat» degan mushohada uning etagidan tortib turardi. Marina esa uni jonu-holiga qo‘ymas: kinoga, muzqaymoqqa taklif qilaverardi. Shu qiz sabab bo‘lib, ruschani uncha-muncha o‘rgandi.
Mayli, gapni muxtasarroq qilaylig-u, tag‘in jilla orqaga qaytaylik.

* * *

Bu dunyoda ko‘p narsa, avval aytganimizdek, nisbiy yoki tasodifiydir. Jumladan, uning kollejga kirib o‘qishi ham.
U paytlarda (ehtimol, hozir ham shundaydir) yoshlarning aksari yurist yoki jurnalist bo‘lishni orzu qilardi. Ana shu fakultetlarga bir kishi o‘rniga o‘n-o‘n besh kishi hujjat topshirardi. Ashurali ham baland dorga osildi - yuristlikni tanladi. Bu niyatini ming istihola-yu, xavotir bilan otasiga aytgan edi, u sukut saqlab qoldi. Chunki qabrning lahatini qazishda o‘g‘li endi yoniga kirayotgandida.
- Kim bo‘lasan bitkazib?- so‘radi nihoyat.
- Prokuror.
- Ey-y,- ijirg‘indi otasi. - Bir prokuror bor edi, otasining go‘rini qazigan edim. Bir kuni keldi-yu, go‘r atrofidan ikki sotix joyni band qilib ketdi. Bu gapni oqsoqolga aytgandim, …ni yebdi - bir boshdan qaziyber, dedi. Shunda ham yarim sutixcha qoldirdim. Keyin o‘dag‘ayladi: «Qamatib yuboraman!» dedi. «Xo‘p,- dedim, ammo ichimda: Sen meni qamatolmaysan, lokinda men go‘ringni qaziyman», dedim. Boplabmanmi? Ikki yildan keyin o‘ldi. Toshkentdan kelayotganda, moshinning eshigi ochilib ketgan. Eshikka suyanib uxlab qolgan ekanda, sho‘rlik. Kim biladi - dushmani qilganmi… Otasining yonidan joy ko‘rsatishdi. Bir oz qazidim-u, shumligim tutdi: «Yer qattiqlik qilayabdi, go‘r yul bermayabdi», dedim, akasiga. Qo‘rqib ketdi: «Olganingni ol, ammo bu gapni chiqarma», dedi. Tag‘in ko‘nglimga shayton oraladi: «Lahatni kaltaroq qil, oyog‘ini bukib yotsin, qiztaloq», dedi. Ammo, Xudodan qo‘rqdim! Umrim bino bo‘lib bunaqa ish qilmaganman. Birovga falon so‘m berasan, ham deganim yo‘q. Uni ham berganini oldim. Bir sigirning pulini bergan ekan, shovvoz. Shu pulga haligi olani olgan edim, ammo sog‘dirgani qo‘ymadi. O‘zim sog‘sam indamay turardi-yu, boshqani yulatmasdi. Sigir sog‘ib yurish go‘rkovning obruyiga to‘g‘ri kelmaydi, deb sotdim. Pulni olib qo‘yibman - sen olaqol. Baribir, o‘qishga bepul olmaydi. Keyin…»
«Mayli, uzundan-uzoq tafsilotlardan tang bo‘lgan o‘g‘li uning gapini kesdi-, tursin, keyin olaman.»
Hech kim pul ta’ma qilmadi. Undan chandon baland ball to‘plaganlar ham hujjatlarini qaytarib olishga majbur bo‘ldilar. U ham navbatda turganida, devordagi umidbaxsh e’lonni o‘qib qoldi: « O‘qishdan qaytgan bo‘lsangiz, o‘ksimang. Biz sizga yordam beramiz. Meditsina kollejimiz sizga muntazir. Inson salomatligi uchun kurashishdan ko‘ra buyuk baxt bormi?..
- Prokurorlikni yomonladingiz, shuning uchun duxtirlikka kirdim,- dedi otasiga.
- Duxturning ham suprasi quruq,- dedi u,- Soli duxturga ozgina pul bergan edim - ikki yildan beri qochib yuradi. Ammo go‘rkovdan hech kim qochib ketolmaydi: bir kunmas-bir kun keladi. O‘zi kelmasa, galalashib ko‘tarib kelishadi.
O‘qishni bitirgandan keyin sil kasaliklari shifoxonasida ish borligini aytishdi. Marina ham unga ergashdi. Bu yerda ikki haftacha malakalarini oshirgach, uni navbatchi feldsherlikka, Marinani laboratoriyaga ishga tayinlashdi. Ashuralioxun mehr bilan, astoydil ishga kirishdi. Bo‘lim mudiri qatiqqo‘l, talabchan edi; har ertalab qisqa yig‘ilish o‘tkazar va ko‘proq mas’uliyat haqida gapirardi. «Gippokrat qasamyodida: «har bir bemorni otam, onam va jigarim deb bilaman» degan gapni yoddan chiqarmanglar» derdi u. Ha, mas’uliyatli edi Ashuralining vazifasi va ana shu omil uni ruhlantirardi ham. Og‘irlashib qolgan bemorlar palatasiga bir hafta kunduzi, ikkinchi hafta kechasi navbatchilik qilardi. Vrach belgilagan dorilarni berish, ukol qilish, ba’zida ovqatlantirish, zarur bo‘lganda, hojatiga ko‘maklashish uning zimmasida edi. Ammo maoshi yo‘lkira bilan tushlikka uchma-uch yetardi. Shuning uchun, dastlab dadasidan bir-ikki bor pul so‘radi-yu, keyin hamiyati yo‘l bermadi: ishdan keyin qabr qazish, duo-yu, fotiha o‘qishda davom etdi. U lahat o‘yayotganda, otasi yuqorida turar va tinmay gapirardi.
- Tugunni bir qo‘l bilan yechib bo‘lmaydi: lahatni ichiga kir, ayvondan turib qazima: tor bo‘lib qolmasin!
- Bilaman,- derdi u otasini tinchitish ilinjida.
Muysafid jilla tin olardi-yu, tag‘in o‘sha shang‘i ovozda davom etardi.
- Odamlar qurumsoq bo‘lib ketayabdi. Avvallari bergan pullari bir qop un bilan ikki kilo go‘shtga yetardi. Endi, mana bunga ham ( u bosh barmog‘ini haligidaqa qilib ko‘rsatdi) yetmaydi. Qara, marhumning begohi juma, yigirma, qirqida katta ziyofat berishadi - naq to‘yga aylantirishadi, shovvozlar. Million-million so‘mga tosh qo‘yishadi. Bilsang, bularning barini o‘lik uchun emas, o‘zlari uchun, obro‘ orttirish uchun qilishadi. O‘likning davosi esa - ko‘mmoq. Bundan boshqa bari bekor gap! A, go‘rkovni rozi qil, nomard!
Ashurali bu ishlarni pinhoniy bo‘lishini istar, ayniqsa, ishxonasidagilar go‘rkovligidan xabar topishlarini xohlamasdi.
- Oyliging qancha,- so‘radi bir kuni otasi xavotirlanish bilan.
U ikki hissa ko‘paytirib aytdi.
- Shu ham pulmi.- dedi muysafid,- birorta boyning go‘rini qazisam, ikki baravar ko‘p haq beradi. Mana shu mozorni o‘tini yaxshilab o‘rib olsang, ikkita novosni boqishga yetadi. Bu - falon so‘m bo‘ladi. Hozir odamlar duyu fotihaga ham yaxshi haq beradigan bo‘lgan…
Shifoxonada qariyb bir yil ishladi u. O‘sha tunda bir bemor og‘irlashib qoldi. Cho‘p-ustixonga aylangan, rangi o‘liknikiday zahil chol yoshini yashab, oshini oshab qo‘ygandi. O‘pkasining ozgina qismi sog‘ qolgani sabab havo yetmas, boz ustiga, vujudidagi og‘riq azob berardi. Gapdan, ovqatdan qolgandi, ammo yurakka quvvat beruvchi ukol, dorilardan keyin bir necha daqiqa shivirlab gapirardi. Xullas, Azroilning noxush sharpasi palatada bo‘lmasa hamki, yo‘lak yoki hovlida kezib yurgani aniq edi. Og‘zini kappa-kappa ochganicha «havo, havo», shivirlay boshladi bemor. U derazalarni ochib quydi, ammo muysafidning nolishi kamaymadi. Ashur uning og‘ziga kislorod rezinasini to‘g‘riladi; bemor jimidi. Ko‘p o‘tmay o‘zi ham mizg‘ib qoldi.
Tushida qator qabrlar emish. Kafanga o‘ralib yotganlar nuqul: «havo, havo» deb iltijo qilarmish. Nogahonda ulardan biri Ashuralioxunning oyog‘iga no‘qiyboshlabdi. O‘yg‘onsa, haligi chol, haqiqatan ham o‘pkasiga havo yetishmay zorlanayotgan, uning oyog‘iga ojizgina turtayotgan ekan. Kislorod yostiqchasi esa olib tashlagandi.
- Musulmonmisan,- dedi bemor zo‘rg‘a shivirlab.
U ajablandi, bosh silkib ma’qulladi.
- Bir savob ish qil, bolam.
- Xo‘sh?
- Meni bug‘ib o‘ldir - qutulay…
U nima deyishini bilmadi va inkor ma’nosida bosh tebratdi. So‘nggi iltijosi rad etilgan bemor o‘kindi, ko‘ziga yosh oldi,so‘nggi kuchini to‘plab shivirladi:
- Lahatga kirgur! Padaringga…
Chol kislorod rezinasini qayta og‘ziga olmadi va ertalab jon berdi. Ashuralioxun uning yuzida jamiki uqubatlardan bir umrga xalos bo‘lgan kishidagi mamnunlikni ilg‘aganday bo‘ldi. Intizomni birinchi o‘ringa ko‘yadigan bo‘lim mudiri kislorod yostiqchasi ancha narida yotganini ko‘rdi, buning ustiga marhumning osti ho‘l edi. Ashuraliga zahrini sochdi.
- Qarasang bo‘lmaydimi? Shuning uchun maosh olasan-ku!
U indamadi, ammo taqdir unga o‘gay o‘g‘ildek qaraganidan, eshigini omad umuman taqillatmay qo‘yganidan juda o‘kindi; kechqurun otasiga so‘nggi qarorini aytdi.
- Ishga bormayman! Siz bilan bo‘laman! Lahatga kiraman!
- Bizning avloddan go‘rkovlikni tashlab ketganning birortasi yolchimagan,- dedi otasi, jilla sukut saqlab, masalaning mohiyatiga yetgach,- chunki kasbi-korimizga duo ketgan.

* * *

Go‘rkovlikdan or emas, faxr qilishim kerak, degan xulosaga keldi u va qabristondagi qorovulxonada muqimroq joylashdi.
Bir kuni uyga kirsa, onasi yig‘lab o‘tiribdi.
- Otam urdimi?- so‘radi andak qahrga minib.
- Bo‘yoqchinikiga borgandim… sovchilikka - aqalli eshigidan kiritmadi.
Ashuralioxun tutaqib ketdi.
- Xotinni men olamanmi, siz? Nega so‘ramaysiz? Bundan keyin hech yoqqa bormang - o‘zim topaman!
Odamlar, garchand, go‘rkovga ishlari muqarar tushishi, u bilan hisoblashish zarurligini bilishsa-da, azal-azaldan qiz berish, quda bo‘lishga or qilishlari uning ruhini ezardi.
- Bormang! Tamom! O‘zim topib qo‘yganman!- chala qolgan gapini muxtasar etdi u.
Onasi ko‘z yoshlarini artib, ajabtovur jilmaydi. Axir, eshikma-eshik yurak hovuchlab yurish unga ham oson emasdi-da. Tabiiyki, shundan keyin chol-kampir bo‘lajak kelin bilan astoydil qiziqib qolishdi. U ming bir hijolatvozlik, andisha bilan Marina haqida so‘z ochganda, dastlab jim turishdi. Birinchi bo‘lib otasi ovozini ko‘tarib qoldi.
- Bo‘lmaydi! To‘g‘ri kelmaydi! G‘ayridin ekan!
Ashurali juda o‘kinib ketdi, chunki qaysar muysafidni fikridan qaytarish qiyinligini yaxshi bilardi. Marina esa homilador bo‘lib qolgandi. Otasi shang‘i ovozda davom etardi.
- Bir jo‘ram shunaqa namoqul ish qilgandi: o‘risga uylangandi. O‘lgandan keyin go‘rini qazidim. Xotini aytibdiki, bu kishi partiyniy - o‘ris mozorga qo‘yasizlar. Shunday qilishdi. Bu yerdagi go‘r hozirgacha og‘zini ochib yotibdi.
- Bo‘ldi qiling,- eshitgisi kelmadi Ashuralining,- unday bo‘lsa xotin olmayman!
- Olmasang sadqai sar!- qisqa qildi otasi ham.
Sho‘rlik Marina uni rosa la’natladi, qarg‘adi; keyin bolasini oldirib tashladi va shukrki, ko‘p o‘tmay, baxti chopib, bir millatdoshiga turmushga chiqdi.
Shu orada, kutilmaganda musibat ro‘y berdi: ota arzimagan sabab bilan bandachilikni bajo keltirib qo‘ydi.
Ular ayvonda dam olishayotgandi o‘shanda. Otasi chanqagan ekan, shekilli, choynak jumragidan sovugan choyni simirdi-yu, ilkis seskanib tushdi, yuzi tanib bo‘lmas darajada burishdi. Keyin chalajon arini tuflab tashladi. Jumrakdagi ari uning tanglayiga nish sanchgan edi. Ashuralioxun qo‘rqib ketdi - chunki kekirdak yo‘li shishib, nafas o‘tmay qolishi mumkinligini bilardi.
- Turing, tezroq, duxturga boramiz, dedi.
- Ari chaqqanga ham duxturmi,- dedi ota.
Jonu holiga qo‘ymay, eski «Jiguli»siga mindirdi va tezlikni oshirdi. Otasi yo‘ldayoq xirillab qoldi. Doktorlar zudlik bilan o‘rtaga oldilar. Bunday paytda nafas yo‘liga bir qarichcha keladigan maxsus naycha suqib qo‘yilishi kerak ekan. Ammo butun boshli bir shifoxonadan o‘sha matoni izlab topisholmadi. Otasi shundaygina qo‘lida jon berdi. Bosh vrach doktorlarga baqirib berdi.
- Operatsiyaga yotqizish kerak edi!
Ashurali dard chekib yig‘ladi: otasiga, meditsinaning ahvoliga juda achingan edi u. Janoza-yu ma’rakalarni munosib qilib o‘tkazdi. Qabriston ham, ro‘zg‘or ham o‘ziga qolib ketdi.

Qabriston shahardagi besh mahallaga tegishli bo‘lib, bir yog‘i katta ko‘chaga tutash edi. Ana shu tomonda uning hashamatli, o‘ymakor darvozasi, nariroqda mo‘‘jazgina choyxona bo‘lardi. U shu yerdagi kartda o‘tirganda, qizchasini yetaklab kelayotgan juvonni ko‘rdi. Yo‘q, ayolga e’tibor bergan emas, bolasi juda jajji, shirin edi. Qizaloqning yaltiroq matodan tikilgan kalta, burama ko‘ylakchasi, qop-qora jingala sochlariga termulib qoldi. Allanimalar haqida shirinzabonlik bilan gapirib kelayotgan qizcha Ashuralioxunni kimgadir o‘xshatdimi, nigohlaridagi mehrni tuydimi, haytovur u tomon talpindi; Ashi qizchani bag‘riga bosdi. Ilk bor besamar o‘tib ketayotgan umri, zurriyot xususida uyladi. Qizaloqning nim tabassum qilib turgan onasiga bir sidra nazar tashladi.
- Siz dadasiga o‘xshar ekansiz,- dedi juvon mahzun bir takalluf bilan.
- Dadasi?..
- U kishi Koreyaga ishga ketganlar.
Ular ertasi ham xuddi shu vaqtda o‘tishdi. Ashurali shunday bo‘lishini ko‘nglidan o‘tkazgandi va cho‘ntagiga solib qo‘ygan konfetni qizaloqqa uzatdi.
Shu bilan ularni yoddan chiqarib, o‘z ishi bilan andarmon bo‘lib ketgandi. Ammo biror haftadan keyin juvon bolasini yetaklab, qabristonga kirib keldi. Bu nozanin bilan bog‘lanib qolishdan zohiriy xavotir tortgan bo‘lsa-da, qizchani erkaladi va beixtiyor ayol bilan gaplashib qoldi. Shaharga tutash qishloqda yasharkan, bolasini shu tomondagi bog‘chaga olib kelar ekan.
- O‘zim ham shu yerdagi bog‘chada tarbiyachiman,- dedi negadir qizaribroq. Garchand Ashuralioxun so‘ramagan bo‘lsa-da, so‘zamollik bilan gapga kirishib ketdi: oti Gulyuz ekanligini, qaynotasi shahar bilan qishloq tutashgan mahallada oqsoqollik qilishini aytib, maqtanganday bo‘ldi.
Ashurali unga zimdan nazar tashladi: yuzi nozik, nafis, chehrasi mayus, yoqimli edi, vujudidan sog‘lomlik barq urib turardi. Qora trikodan tikilgan kastyum va yubkasi qomatiga yarashib tushgandi.
«Eri Koreyada ekanligini nega aytdi», deb mushohada yuritdi o‘zicha. Uni kuzatib qo‘ydi-yu, dilida mehr o‘yg‘onganday bo‘ldi, bu gal kelsa, o‘zgacha ohangda gaplashishni ko‘ngliga tugdi.
Gulyuz bu gal bolasini qoldirib kelgandi. Hayajondanmi, hadikdanmi yuragi yengilgina urayotganligini fahmlash qiyin emasdi. Pomada surtilgan lablari bo‘saga ilhaqligini fahmlagan Ashuralioxun uni qorovulxonaga taklif etdi. «Keyin-keyin», dedi ehtirosdan ko‘zlarini yumib olgan juvon va vujudi birdan bo‘shashib ketdi.
So‘ng issiq ovqat, vino olib keladigan bo‘ldi. Shunday aziz joyda bema’ni ish bilan shug‘ullanish uvolligini, mahalladagilar bilib qolishsa, gap chuvalashib ketishini bilardi u. Shu bilan birga: «Sir saqlashda marhumlarga teng keladigani yo‘q», degan yupanch bilan o‘ziga taskin berardi. Bunisi ham mayli: shu orada Marina uni izlab keladigan bo‘ldi. «Seni ering bor, endi qo‘yaqol», desa, «Ashi, sen mening ko‘z ochib ko‘rganimsan» derdi. Oradan haftalar, oylar shu tariqa sho‘xlik bilan o‘tdi.

Bu gal tashrif buyurgan ayol haqida Ashurali ancha-muncha ma’lumotga ega edi. U arab mamlakatlaridan birida qolib ketganini, u yerdagi katta savdogarga to‘rtinchi xotin bo‘lganligini eshitgandi. Qoramag‘iz bu ayol boshdan oyoq qora libos kiygan, qo‘l va bo‘ynidagi oltin, brilliant taqinchoqlar meyordan ko‘proq edi. Qo‘lida bir dasta gul.
- Erimning xotirasiga duoi-fotiha qilsangiz,- dedi.
Bundan biror yil muqaddam o‘zini osgan yigit qabri boshida tin oldilar. U qiroat qildi, keyin ayolning o‘zi ham duo o‘qidi; erining xislatlarini xotirladi va ular osongina ajrashdilar.
U biror haftadan keyin tag‘in keldi va Ashuralining diliga nogahoniy g‘ulg‘ula soldi. Bu gal juvonning raftori batamom boshqacha edi: u surbetlarcha karashmalar, nozlar qilaboshladi. Ashur qorovulxonaga kirib kelgandi, orqasidan ergashdi. Mastona ko‘zlar to‘qnashdilar va Ashi tag‘in qasamni buzib qo‘ydi. Qo‘llari qaltirab, ayolning harir siynabandini nazokat bilan yechdi.
- Endi kelmaganingiz ma’qul,- dedi xayrlashishar ekan,- qabristonda uvol…
- Buni boshqa o‘ynashlaringizga ayting,- dedi anchayin shaddodlik bilan. - Aytmasangiz, o‘zim aytaman! Ularning ko‘pini taniyman.
Uning dili noxush va behuzur bo‘lib ketdi. Shu-shu Ashurali haqida noxush safsatalar ko‘payaboshladi. Bu gaplarni o‘sha yengiloyoq juvon tarqatayotganini u his etdi, ammo boisini tushunolmadi. Barini ayol makriga yo‘yib qo‘yar ekan, biz zamonlar og‘maxon olib bergan qog‘ozdagi « Ayol - buyuk aldovchi. Pand yemay desang, u bilan tanishishdan oldin ajralishni o‘yla» degan yozuvni esladi.
Mahalla yig‘ilishida mozor fohishaxonaga aylanganini aytishgach, Ashur bu yerdan nasibasi uzilganini fahmladi. Unga ancha yog‘li ishlarni ham tavsiya etdilar, ammo o‘z kasbi korini tashlab ketishga ko‘zi qiymasdi. Joniga oro kiradigan Gulyuz bo‘lishini esa kutmagan edi u.
- Go‘rkovimiz keksayib qolgan, o‘rniga odam izlashayabdi-, dedi. - Qaynotam bilan gaplashib, hal qilib beraman.

* * *

Bu yerdagi qabriston darvozasi peshtoqiga Pahlavon Mahmudning mashhur ruboiysi katta harflar bilan yozib qo‘yilgandi:
Ey xoja, tu az in jahon bexabari,
Shabu-ro‘z dar hirsi simu-zari.
Dastmoyai tu az in olam yak gaz kafan ast,
On ham gumon: yo bari, yo nabari…
Qabriston qadimiy, katta bo‘lib, bir o‘zbek qishlog‘i bilan tojik qishloqqa qarashli edi. O‘zbeklar yashaydigan qishloqda Gulyuzning qaynotasi, tojiklar turadigan dahada esa hamma «muallim» deb murojaat qiladigan, kayvoni amaki oqsoqol edilar. Ashuralining o‘shalarga rioya qilishi talab etilardi.
- Ruslarda: «Nezamenimыx ne bыvaet» degan naql bor,- dedi muallim,- u bilan uchrashganda,- hammaning o‘rniga odam topish mumkin: oqsoqolmi, hokimmi - ammo go‘rkov deganni almashtirib bo‘lmaydi. Uning o‘rniga odam topish mushkul. Rosa izladik. Sizga nasib etgan ekan, ehtiyot bo‘ling: bu yerda aziz odamlar yotishibdi.
Darvozaxonadagi uzun ayvondan tashqari, zarur jihozlari bekamu ko‘st bo‘lgan uy, dahliz, xullas bir oila uchun sharoit muhayyo qilingandi. Bundan tashqari, qabriston tashqarisidagi mu’jazgina hovli-joy ham Ashuralioxun ixtiyoriga topshiriladigan bo‘ldi. Boshqa joylardagi singari, bu yer ham so‘nggi yillarda ancha obod bo‘lgan: yo‘lkalarga olti qirrali beton plitalar yotqizilgan, ignabargli daraxtlar zichlab o‘tqazilgan, hatto qadimiy chinorlar ham o‘zgacha manzara kasb etganday edi. Yangi manzilgohni topganidan quvongan bo‘lsada, tanish, notanish ayollarning nogahoniy tashrifidan dilida zohiriy xavotir uni bot-bot bezovta qilardi
U mahalla oqsoqollari, atrofdagi qo‘ni-qo‘shnilar, tashqaridagi machit ayonlari, do‘kondorlar bilan tez kirishib ketdi. Ayollar bilan xufyoniy aloqalarni batamom uzaman, deb turganda telefoni jiringladi, sotkada Marinaning tanish nomerini ko‘rib, bir chekkaga o‘tdi.
- Yaramas!- dedi u, odatdagidek ruschalab,- unutib yubording. Ish joyingni yangilabsan - hidini chiqarmaysan.
U gunohkorona sukut saqladi. Marina esa davom etardi. - Erim bilan ajralishdim, u Rossiyaga ketdi. Sen bevafoni deb shu yerda qoldim.
- O‘zim boraman, bu yoqlarga kelma, hammasini o‘sha yerda gaplashamiz!- atrofga o‘g‘rincha qarab javob berdi u.
U ayollar bilan aloqani batamom uzishi, ularni bu yerga yo‘latmasligi kerakligini bilardi. Juda zarur bo‘lganda Marinani uyiga borish, Gulyuzga barini obdon tushuntirish va qoramag‘iz ayol bilan orani ochiqchasiga uzish kerak, degan qat’iy xulosaga kelgandi. Bunga anchayin erishdi ham, ammo Gulyuz…
- Azizim, tushunsangchi,- iltijo qildi Ashi,- bu yer - sening qishlog‘ing. Sezib qolishsa, ikkalamizni ham toshbo‘ron qilishadi! Axir, oilang bor...
- To‘g‘ri, to‘g‘ri, - dedi u ham. Ammo bir-birlariga qarab, nigohlaridan batamom boshqa fikr-u, mayllarni uqib oldilar.
Shunday bo‘lsada, u o‘zida kuch topib, qorovulxonaga kirib ketdi. Biror soatdan keyin chiqsa, Gulyuz hali ham tashqarida mung‘ayibgina o‘tiribdi.
- Mayli, kelaqol-, dedi, ammo bu - oxirgisi…

* * *

Bahorda qabristonlar turfa maysalar, anvoyi gullarga burkanishi; o‘zgacha tarovatli, fusunkor bo‘lishiga e’tibor berganmisiz? Qish qahratonida qabrlarni qor qoplaydi, yoz jaziramasida xas-xashak bosadi va ular mung‘ayib qolganday bo‘ladi; buning ustiga o‘z tashvishlarimizga o‘ralashib, marhumlar yoddan chiqib ketishadi. Ziyoratchilarning aynan ko‘klam paytida ko‘payishining boisi, ehtimol shudir. Qorovulning yumushlari ham tabiiyki ko‘payadi: har bir ziyoratchiga ehtirom ko‘rsatish, kimgadir belkurak, boshqa birovga supurgi, paqir topib berishga to‘g‘ri keladi.
Ashuralioxun qavmlarning bahoriy tashriflaridan behad quvonar, ularning qo‘llaridagi guldastalarni faqat marhumlarga emas, qabristonga ham ehtirom o‘rnida qabul qilardi. Shu bilan birga, darvozaga ro‘baro‘ bo‘ladigan har qanday notanish ayol bilan oraliq masofa tutishga harakat qilardi.
Bu gal tashrif buyurgan xonimning raftori o‘zgacha edi: uning nopisandligi, kalondimog‘ligi manaman deb turar, so‘nggi modadagi kalta shim, oldi ochiq kofta kiygandi. Ziyoratga kelganligi sabab, boshiga omonatgina qilib qora ro‘molcha tang‘igandi. U pardoz qilmagan, buning ustiga o‘zi ham chiroyli emasdi. Ko‘zlari kichik-kichik, bo‘yi pastroq qora ro‘molcha ostidan chiqib turgan sochlari sap-sariq - bo‘yalganmi yoki tabiiymi - anglash qiyin edi. Lekin o‘ziga, aqliga, zehniga ishonishi, dadil va jadallikni yaxshi ko‘rishi, rahbarlarga xos sinchkovligi sezilib turardi. Juvon shoshib ichkari kirdi, Ashurali hurmat yuzasidan u bilan izma-iz bordi.
Nogahoniy mehmon o‘tgan yil dafn etilgan sobiq hokimning qora marmar bilan zeb berilgan, zarrin harflar bilan «Ziyaxanov Q.Z.» deb yozilgan; tug‘ilgan, vafot etgan yillari aks ettirilgan qabri qarshisida tin oldi, boshini xiyol egib turdi. «Ruschalab yozilganiga avval e’tibor bermagan ekanman, o‘ylardi Ashuralioxun, ismu sharifini to‘la yozishsa bo‘lmasmikin». Balki Qudrat Ziyoxonovichdir yoki Qilichmikin, ehtimol, Qahhor Ziyoxonovichdir…
Inson fikriday ozod narsa yo‘q, deyishadi. Uni hech kim ta’qiqlamaydi, muhokama qilmaydi. Ashurali odatiga ko‘ra, oxirgi ikki harfni xayolan sharhlashga kirishdi. Balki «qiztaloq», «zang‘ar» deganidir yoki «qaynonasi zo‘r»mi, balki «Ziyoxonov qaynsinglisini zo‘rladi», deganidir.
Shu fikrdan keyin yodiga qaynsinglisining nomusiga tegib qo‘ygan tanish imom-xatib tushdi. Qishloqdan o‘qishga kelgan va opasinikida turadigan qiz ayni balog‘at yoshida bo‘lgan. O‘sha kuni uyda pochcha ikkovlari qolishgan. Kutilmaganda pochcha qaynsinglisiga tashlangan…
Aslida har qanday qiz, juvonda, ayniqsa erkak bilan yolg‘iz qolganda, tabiiy instink - xavotirlanish oshadi. Ammo aksar qizlar go‘l - pochchaning bunday qabohatga qo‘l urishini tasavvur qilisholmaydi. Buni esa hayvoniy hirs, deb qo‘yibdi! Yakkama-yakka qolgan vaziyatda insoniy tafakkur ustidan aynan hayvoniy hirs g‘olib kelishi mumkinligini quvai hofizalariga sig‘dirisholmaydi, boyaqishlar. Albatta, haligi «hangi» o‘lguday pushaymon ham bo‘ladi, turfa bahonalar to‘qiydi, barini inkor etadi va hakozo. Ammo, harchand qilmasin, qilmishni yashirib bo‘lmaydi.
Qiz bolani zo‘rlash esa, bir donishmand aytganday: chol yoki bolani o‘ldirishday og‘ir gunoh. Ashur bu xususda nega o‘ylab ketganini o‘zi ham tushunolmay qoldi. Shu payt juvon u tomonga o‘girildi.
Uning qarashida avvalgi ayollardek xushdorlik emas, mardikor olayotgan kishining sinchkovligini ko‘rganday bo‘ldi u. Faqat ko‘ngilxushlik emas, bu ayol oila uchun ham yaratilmaganligini anglab olish qiyin emasdi. Unda qandaydir pinhoniy maqsadlar borligi va ular kayfu-safo qilish; er, bola-chaqali bo‘lishga xalaqit berishi sezilib turardi.
- Siz qorovulmi?- sovuqqina qilib so‘radi juvon.
- Ham qorovul, ham go‘rkov.
Oraga jimlik cho‘kdi.
- Dadamni bilarmidingiz?
U bilmasa hamki, ma’qul ishorasida bosh tebratib qo‘ydi.
- Konstantin Ziyaxanovich deyishardi. Ajoyib edilar: odamlarga ko‘p yaxshiliklar qilganlar. -
- Otlari Konstantin bo‘lganmi?- qiziqishini yashirolmadi Ashur.
- Aslida Qutbiddin bo‘lgan-u… shunaqa. U yoqinqiramay, gap o‘zanini boshqa tomonga burib yubordi. - Qabrning to‘rt tomoniga to‘rtta banan o‘tqazmoqchiman. Bir joyda ko‘rdim - zo‘r bo‘larkan.
- Bunday qilib bo‘lmas..,- beparvogina rad etdi Ashuralioxun.
- Nega?
- Banan suvni juda ko‘p talab qiladi.
- Solasiz, haqingizni beramiz, - dedi, andak hukmfarmolik bilan u.
- Gulga suv solganim uchun pul olmaganman!
Ular jimib qolishdi.
- Qanaqa gul ekishni maslahat berasiz?- bir zina pastga tushdi juvon.
- Gulxayri bilan rayhon,- bir lahza o‘ylab olgach javob berdi Ashurali. - O‘n kunda bir bor sug‘orsa ham bo‘laveradi.
Beixtiyor gaplashib qolishdi, mehmon uning qaerda o‘qigani, ishlagani, maoshi, oilaviy ahvoli bilan, kadrlar bo‘limining mudiridek, jiddiy qiziqdi.
- Yo‘q, yo‘q, bu noto‘g‘ri, dedi beg‘ubor kulib, Ashurning «O‘ttizgacha uylanmagan, keyin ham uylanmaydi» , degan doimiy aqidasini eshitib.
Ketish oldidan ayol zohiriy kalondimog‘lik ila vizitkasini uzatdi. Ashuralioxun ham odob yuzasidan telefoni nomerini yozib berdi. Tashrif qog‘oziga «Ziyaxanova Kamara Kutbidinovna (Konstantinovna)» deb yozilgan, chet tillar institutining dotsenti, xotin-qizlar kengashining raisi ekanligi qayd etilgandi.
Ashur uni tez unutdi. Ammo ko‘p o‘tmay, juvon telefon qildi.
- Shu yerdamisiz? Men rayhon bilan gulxayri urug‘ini topdim - olib boraman.
- Rayhonning urug‘i ekilmaydi, ko‘chati o‘tqaziladi; bozorda bor,- qisqa qildi u.
Qamara ko‘p kuttirmadi: ikkovlashib ishga kirishib ketdilar: qabr atrofini yumshatib gul qadashdi. Ashurali so‘rayvermagani sabab bo‘lsa kerak, o‘zi otasi haqida uzuq-yuluq ma’lumotlar beraboshladi.
- Dadamning xizmatlari katta bo‘lgan, u kishi rahbarlar orasida ajralib turardilar: rayon gullab ketgandi o‘shanda. Odamlarni ishlatabilardilar. U kishining qabrlari ham ajralib turishini istayman. Bu atrofga hech kimni qo‘ymang!
- Insonga bir gaz yer yetadi, deb eshitganmisiz? Bunda tiriklar emas, marhumlar nazarda tutilgan. Ularga haqiqatan ham bir gaz yer kifoya.
Ashurali shunday dedi-yu, suhbatdoshiga qaradi, lekin uning yuzidan biror ifodani uqib olish qiyin edi.
- Darvoza tepasidagi yozuvni o‘qidingizmi?- davom etdi u.
- O‘qidim, bu ruboiy Xayyomga tegishli deb yurardim, Pahlavon Mahmudning fors-tojikcha yozganini xayolimga ham keltirmaganman.
- Ma’nosini yaxshi tushundingizmi?- suhbatdoshining bilim-saviyasini chamalab ko‘rgisi kelardi uning.
Qamara qoshini norozi chimirdi, uning tafakkuriga go‘rkovning shubha bildirishi diliga o‘tirishmadi
- Axborotingiz uchun aytib qo‘yay: men faqat o‘zbek, tojik, rus tillarinigina emas, ingliz, frantsuzchani ham ona tilimday bilaman,- dedi yengilgina zarda bilan. Hayotda kim bo‘lganidan qat’iy nazar, bu yerda huquqlar teng, demoqchisiz, nazarimda. Ammo unutmangki, qarol bilan qirolning farqi bitta harf bo‘lsa hamki, ular orasidagi tafovut yer bilan osmoncha!
Ashurali andak hushyor tortdi: intellektual salohiyati anchayin baquvvat kishi bilan yuzma-yuz bo‘lganini fahmlab quvondi va andak tanaffusdan keyin javob berdi.
- Juvonmard bilan juvonmargning ham farqi bitta xarf, ammo ularning birinchisi tilga olinganda - tirik, ikkinchisi aytilganda - o‘lik nazarda tutiladi.
Qamara javob qaytarmadi, ammo suhbatdoshiga tag‘in qiziqish bilan qaradi. Ular boshqa mavzularda suhbatlashib qoldilar.
- Arraning ham tishi bor,- dedi u, - chaynaydi-yu yutmaydi. Shuning uchun oriq. Urchuq qancha tez aylansa, qorni shuncha tez qappayadi. Mening shiorim shu.
Ashuralioxun bu gaplarning tub mohiyatini tushunmay qoldi.
-Biz gaplashib turishimiz kerak ekan ,- dedi Qamara jo‘nab ketar ekan.
Garchand, erkak zotining shahvoniy ishtahalarini qo‘zg‘atmasa va avval aytganimizdek, oila uchun yaratilmagan bo‘lsa-da, bu kibor hukmfarmo bilan gaplashish o‘zgacha gashtli; avvalgi tanishlar, suhbatdoshlardan farqli o‘laroq, istalgan mavzuda suhbatlashish, bahslashish mumkin edi.

* * *

Bu orada bir-ikki bor telefonda bog‘lanishdi: hol-ahvol so‘rashdi, ish va zarurat yuzasidan savol-javoblar qilishdi, xolos. Biror oydan keyin esa kutilmaganda, Qamara uni uyiga, o‘z iborasi bilan aytganda, «hamfikr do‘stlar suhbatiga» taklif etdi. Ashurali bunisini kutmagandi - noo‘ng‘aylikdan fikrlari alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi: nima munosabat bilan chaqirdi ekan, u yerda kimlar bo‘ladi, kiborlar davrasida o‘zini qanday tutish kerak, go‘rkovligini bilib, birortasi nopisandlik qilmaydimi?
O‘sha kuni yuvinib, yangi liboslarini kiyganda ham ana shunday mushohadalar uni tark etmagandi. Mayda-chuyda xarid qilib, aytilgan manzilga, belgilangan vaqtda yetib bordi.
Uy-joylar bir vaqtlar hashamdor bo‘lganligi, endi esa andak ulug‘vorligini yo‘qotgani bilinib turardi. Shunga qaramay, undagi salobat odamlarni tabaqaga bo‘lganday, kamsitganday tuyulardi. Qamaraning unga peshvoz chiqishi, ehtirom bilan kutib olishi dilidagi zohiriy g‘ashlikka barham berdi.
Stol atrofida o‘nga yaqin erkak, ayol bo‘lib, ularning aksari Qamara bilan ishlaydigan, uni ko‘p hollarda Klara deb ataydigan hamkasblar ekan. Tanishishdi. To‘rda oltmish yoshning nari-berisidagi, birov bilan gapirganda, u tomonga engashib, suhbatdoshining ko‘ziga juda ham tikilib qaraydigan, chetdan kuzatganda, xuddi ziddiyatga borganday ovozini ko‘taradigan, bir vaqtlar amaldor bo‘lgan, shu sabab, o‘tmishni ko‘proq ulug‘laydigan va gap orasida «men»ni bo‘lar-bo‘lmasga qo‘llaydigan, bunday paytda andak oshirib yuborayotganligi sezilib qoladigan domla. Bu odamni orqavorotdan «deputat domla» ham deyisharkan. Boisi: bir bor deputatlikka nomzodini o‘zi tavsiya etib, rosa mablag‘, vaqt sarflagan, ammo o‘tolmay qolgan ekan.
Uning yonida o‘ttiz yozlardagi ko‘zoynakli, chuvakkina faylasuf o‘tirardi. U suhbatdoshini inkor etishga, nigilistik kayfiyatini namoyish qilishga moyil edi. Birovga gapirayotganda, ko‘zoynagini qo‘liga olishi va gapi tugashi bilanoq shoshilinch o‘rnatishi g‘ayritabiiy va g‘alati edi. Ashuralini ana shu domlaning yoniga taklif etishdi. Shu payt yoshiga nisbatan qorni kattaroq (bunday fizionomiya kishida noxush taassurot o‘yg‘otadi) beparvo: qomatli, oppoq qo‘llari, silliq yuzi va butun borlig‘i ko‘z yoshi va ter ta’mini tatib ko‘rmaganidan dalolat beradigan mehmon kirib keldi, Ashuralining yonidan joy oldi. Uning yuzi ifodasiz edi - xuddi niqob kiyganday biror mushagi qilt etmasdi. Bu odam o‘zini kamtarin tutishga harakat qilsada, nigohlarida zohiriy nopisandlik manaman deb turardi. Ashuralioxunga keyinroq ayon bo‘lishicha, uning nomi Oxun bo‘lib, Xitoydan yuk olib keladigan ancha yirik savdogar ekan, Bu odamning mazkur davrada ne sababdan ishtirok etayotganligi o‘tirishning oxirigacha unga ayon bo‘lmadi. Bu odam kim fikr aytsa, o‘shani ma’qullash bilan cheklanardi, o‘z fikrini aytmas, ehtimol, o‘zini fosh qilishni istamasdi. Shunga qaramay, unga o‘zgacha ehtirom ko‘rsatishardi.
Bundan tashqari, davrada ahyon-ahyondagina tatarcha talaffuzda ruscha, o‘zbekcha gapirib qo‘yadigan amaki va boshqalarni ko‘rish mumkin edi.
Ayollar orasida, yoshligida ancha-muncha «sho‘xliklar» qilganligi sezilib turgan, endilikda tarovatini yo‘qotgan bo‘lsa-da, buni tan olmay, gap talashadigan, hech tap tortmay millat nomidan gapirishga, uni chuchmallik bilan ulug‘lashga ko‘nikib qolgan, bot-bot she’r o‘qishga ijozat so‘raydigan shoira ham bor edi. Uning ham institutda dars berishi ayon bo‘ldi. Yoshi o‘tgan bo‘lishiga qaramay, ishva-yu, karashmalar qilganda, talay erkaklarning yodiga yoshliklari tushishi tabiiy edi. «Vaqtida ko‘plarning boshini aylantirgan bo‘lsa kerak, o‘yladi Ashur, o‘shanda duch kelganda, o‘zim ham qorovulxonaga olib kirardim». Shuningdek, bu qatorda eriga bot-bot dashnom berib turadigan, ko‘zoynakli domlaning uvoqqina xotini, Qamaraning onasi va boshqalar o‘tirishardi.
Sho‘rolar davrida, ayniqsa kiborlar davrasida na ruslashgan va na o‘zbek bo‘lib qolgan oralik bir avlod paydo bo‘ldiki, ularni har qadamda uchratish mumkin. Bu yerdagilarning aksari ana shu toifaga mansub edilar. Hatto uyni jihozlash, dasturxon bezash, o‘zaro munosabatlarda ham ana shu asoratlar ko‘rinar, inchunin, ruscha-o‘zbekcha qorishiq gapirishni fazilat deb bilishar, hatto o‘zbekcha gapirganda ham ruscha talaffuz manaman deb turar yoki o‘zbekcha boshlab, ruscha davom ettirishardi.
Qamara, garchand kechroq bo‘lsada, Ashuralini mehmonlar bilan tanishtirishning ancha o‘ng‘ay, ayyorona usulini qo‘lladi.
- Bu kishi Ashuralioxun aka. Nomlari shunaqa etajli. Men Ashi aka, deyman. O‘zlari marhumlar shahrining meri.
Tabiiyki, mehmonlar tushunishmadi yoki hazilga yo‘yishdi va savol nazari bilan Ashuraliga qarashdi. U to‘ldirishga majbur bo‘ldi.
- Go‘rkovman, qabriston qorovuli…
- Ha, demak, arxeologsiz,- dedi domla va javob ham kutmay, savolda davom etdi: - Nega Afrosiyobda frantsuzlar ishlayabdi? O‘zimizda arxeolog yo‘qmi? Ularga ishonib bo‘ladimi?!
- Frantsuzlar dunyoning o‘nlab mamlakatlarida ishlashadi,- Ashurali uchun javob berdi chuvak domla,- ularning tajribasi katta; arxeologik boyliklar esa butun insoniyatga tegishlidir.
- Haqiqatdan shunday,- ma’qullab qo‘ydi Ashurali.
Domla tag‘in e’tiroz bildirdi.
-Yerosti boyliklarini hech kimga ishonish mumkin emas!
Qamara esa yakun yasaganday bo‘ldi:
- Rossiya geologlari bizda kon qidirishadi, yaponlar avtomobilchiligimizni taraqqiy etirishadi-ku; shunga o‘xshash gap.
Mehmonlar Qamaraning tug‘ilgan kuni (yigirma sakkiz yoshga to‘lishi) munosabati bilan to‘planishganini Ashuralioxun birinchi qadah ko‘tarilgandan keyin fahmladi va xijolat chekdi.
- Biz Qamaraxonning eng yaqin do‘stlarimiz,- so‘z boshladi deputat domla,- men bu qizda juda katta maqsad, istiqbol borligini bilaman. Darhaqiqat, avvalo katta maqsadlar kerak! Bu qiz shu yoshda institut xotin-qizlar kengashining raisi. Yetakchilik qilish esa uning qonida bor: otasi tug‘ma rahbar edilar. O‘zim birinchiga kirib, u kishini rayonga tavsiya etgandim. Qamaraxon tez ko‘tariladi va taxminimcha, avval viloyat xotin-qizlariga rahbar bo‘ladi. Keyin Tashkent, (u shunday talaffuz qildi) parlament va hakozo…
Davrada shivir-shivir boshlandi. Ayollar, negadir xotin-qizlar qo‘mitasining hozirgi raisini g‘iybat qilaketishdi: ruyi-rost buzuqlik, ta’magirlikda ayblashdi. Notiq ularga ta’nali nazar tashlab olgach, davom etdi:
- Hozirgi rahbar sovuqqon, makkorroq bo‘lishi kerak.. Bo‘lmasa ish ketmaydi. Bizning davrimiz boshqacha edi: partiya biletini olib qo‘yishlaridan o‘lguday qo‘rqardik. Hozir aldam-qaldam qilishdan boshqa chora yo‘q. Xullas, shu yo‘lda unga omad bersin!
Ular qadahlarni bo‘shatishdi.
Davradagilar bir tan bo‘lib, gaz va elektr tokidagi uzilishlarni muhokama kilib ketishdi va hozirgi rahbarlarning barini poraxo‘rga chiqarishdi. Shundan keyin ko‘zoynakli domlaga so‘z berishdi. U o‘zgacha ohangda gapirdi.
- Barimiz rus klassiklarini o‘qib katta bo‘lganmiz. Tolstoy, Turgenev, Chexov asarlarida pomeshchiklarining ajoyib obrazlari bor. Ularning aksari Peterburgda yashadi, qishloqda esa falon desyatina yeri, yuzlab qarollari bor edi. Istaymizmi-yo‘qmi shunday davr qaytib keldi. Albatta, o‘zgacha shaklda. Qadimgi yunon faylasuflari jamiyat rezbasimon shaklda taraqqiy etishini isbotlashgan. O‘sha davr aylanib keladi, ammo jilla baland bo‘ladi. Domlamiz Klaraning o‘rni rahbarlik dedilar. Nazarimda uning kelajagi o‘z davrining pomeshchigi, hozirgi zamon iborasi bilan aytganda, ishbilarmoni bo‘lishdir. U Arabqishloqni to‘lasincha o‘z tasarrufiga oladi. U yerdagilarni baxtli qilish niyati bor. «Insonni baxtli qilish uchun hamma narsasini tortib olib, keyin oz-ozdan berish kerak», deydi bir donishmand.
Ular kulishdi, o‘zaro gaplar boshlandi. Davradagilar unchalik istashmayotgan bo‘lishsada, faylasuf davom etdi.
- Arabxonada yer, arzon ishchi kuchi bor. Klara shu imkoniyatlarni ishga solib, katta daromad olishni rejalashtirgan. Bizning zamonda jamiki eshiklarni lang ochadigan qudrat pul ekanligini bu qiz baloday biladi.
Tatarcha talaffuzda gapiradigan amaki deputat domla bilan faylasufning fikrlarini uyg‘unlashtirgan bo‘ldi. Rossiyada ko‘pgina oligarxlar rahbarlik bilan ishbilarmonlikni qo‘shib olib borishayotganini, deputatlar orasida katta xoldinglar, aktsionerlik jamiyatlari, konlar, zavodlar, yer egalari ko‘pligini gapirdi. Qamaraga xuddi ana shunday istiqbol tiladi u.
Shu payt shoira Ashurali bilan Oxun o‘rtalariga kelib tiqildi.
- Oxunjon, Xitoyga nuqul Klarani olib borasiz, bizning gunohimiz nima?- dedi allaqanday qochirimlardan keyin. Ashurali fikrga shung‘idi: «Bu ho‘kiz Qamarani behudaga Xitoyga olib bormagandir».
- Sizga ishimiz tushsa, bu kishiga o‘xshab chap bermaysizmi- dedi u bir mahal Ashuralioxun tomon o‘girilgancha, ko‘zlarini suzib.
Bu savolni eshitib qolgan Qamara qah-qah otib kuldi.
- Ilohim, u kishiga ishingiz tushmasin!
- Demak, xirurg ekansizda… - keling, o‘shalar uchun ichaylik…
Shu orada yoshi katta domla ko‘zlarini chaqchaytirib, institut rektorini la’natlab ketdi.
- «Hozirgi siyosatshunos o‘qituvchilarimiz Mustaqillik haqida dars o‘tishadi-yu-, imtihonda ta’magirlik qilishadi. Aytinglar: bu qabohat emasmi» dedi-yu, menga qarab qo‘ydi. Yoshi ulug‘lar endi nafaqaga chiqishlari kerak,» dedi tag‘in. Keyin so‘z oldim. «Dunyoni mendan qizg‘anmang, o‘zim sig‘inar mozorlarim bor!» dedim. «Siz sho‘rolar davrida «Xudo yo‘q» deb dissertatsiya yoqladingiz. Hajga borib kelganingizdan keyin darsda uning borligini isbotlashga harakat qilayabsiz» dedi. «Tashkentda og‘aynilar ko‘p» dedim. Keyin jimib qoldi.
Ashurali rektorga zohiran achindi. Shundan keyin institutning sobiq rektorini ulug‘lab ketishdi. Yuksak madaniyatli, bilimli ekanligi; kim bilan qanday muomala qilishni bilishi, bir nechta tilda gapirishi, har qanday vaziyatda haqiqatni aytishdan cho‘chimasligini; hozir esa poraxo‘rlik avj olganligini so‘zlashdi.
- O‘sha odamni viloyatga hokim qilib qo‘ysa, hammayoqni gullatib yuborardi,- dedi keksa domla.
-Men bunga ishonmayman,- e’tiroz bildirdi faylasuf,- u juda radikal edi. O‘ng qo‘lini faqat konservatorlarga cho‘zadigan bizning jamiyatda bundaylarning ishlashi oson kechmaydi.
Garchand xotini bot-bot tergab qo‘yayotgan bo‘lsada, bu chuvak domla kurashga tashna polvonday raqiblarini chorlashi Ashuralioxunga ma’qul bo‘ldi. Uning fikrlari keskin, gohida qaltis, ammo mantiqli edi, shuning uchun inkor etish oson kechmasdi.
Shu orada shoira she’r o‘qimoqchi bo‘ldi, ammo negadir avval axloq, odob haqida gapirdi, yaxshi oshini, yomon boshini yeyishini ta’kidlab, ko‘zoynakli mehmonga kinoyali nazar tashlab qo‘ydi.
- Vatanni faqat bayramlarda sevish ozlik qiladi. Aynan Qamara bunaqalardan emas, u yurtning bir hovuch tuprog‘ini, o‘zga mamlakatlarning duru-gavhariga ham alishmaydi,- dedi. Qamaraga bag‘ishlagan she’rida ham shularni takrorladi. She’r faylasufning diliga o‘tirishmagani, chuchmal hamdu-sanodan iborat, shaldiroq gaplar bo‘lib tuyulganini uning burun jiyirishidan anglab olish qiyin emasdi.
- Umrimda,- dedi u, hay’atga chiqib o‘tirmaganman, birovning tobuti ustida nutq so‘zlamaganman va she’r yozmaganman! Bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaman! Ammo ba’zida beboshlik qilib dilimga juda o‘tirishgan she’rlarni tarjima qilganman. Shulardan birini o‘qiyman:
Egilgan boshni ham kesadi qilich,
Dunyoda hammasi, hammasi nisbiy.
Yaxshi boshin yeydi, yomon oshini,
Xasis deb ayblanar Hotamdek saxiy.
Deputat domla she’rning mazmunini tushunibmi-tushunmaymi qarsak chaldi; u tin olgach tag‘in bir-ikki kishi shunday qildi.
- Shunday kishilar borki, bir latifaga uch bor kulishadi,- davom etdi faylasuf. - Birinchi marta hamma kulgani uchun, ikkinchisida, latifaning mazmuni yetib borgani sabab va ertaroq kulib qo‘ygani yodiga tushib, tag‘in tirjayadi.
Gap o‘z-o‘zidan rahbarlik masalalariga o‘tdi. Domla o‘zi ishlagan paytdagi sarkotibni ko‘klarga ko‘tarib maqtayboshladi.
- Umrim bino bo‘lib, bunday iqtidorli sarkotibni ko‘rmaganman. O‘zim Oliy partiya maktabini bitirganman, rahbarlik nazariyasini ham yaxshi bilaman. Lekin bu odamda rahbarlik taktikasi, strategiyasi bor edi. Aktivni safarbar etardi. Odamni sehrlab qo‘yardi.
Ko‘zoynakli kishi uni ham ayamadi.
- Mo inkor namekunem, lek in kor namekunem, degan naqlni eshitganmisiz. Lekin men inkor etaman. Biz barimiz bolalarcha go‘lmiz, ammo ularday samimiy bo‘lolmaymiz. Nima qilasiz, o‘shani maqtab? Bu - nosamimiylik-ku! Ashaddiy xotinvoz, qo‘shib yozuvchi, badnafs edi! Tashnalik qonadi, ammo ochko‘zlik qonmaydi, deyishadi.
Bu gap domlaning hamiyatiga andak tegib ketdi: suhbatdoshiga tanbeh bergan, koyigan bo‘ldi va davom etdi:
- Siz hammani inkor etasiz, ammo aytingchi, nigilizm najot yo‘li bo‘lganmi? Odatda barini inkor etgan kishi: «Men o‘shalardan ustunman» demoqchi bo‘ladi. Siz esa… ha, mayli qo‘ying. So‘ng o‘zi boshlagan mavzuda davom etdi: - Obkomda ishlaganimda, barimiz: «Shu odam menga biror ish buyursa-yu, qoyillatib uddalasam», deb o‘tirardik. «Joningni ber», desa, «Faqat shuginami?», deyishga tayyor edim o‘zim ham. Chunki u odamning mehri ham, sehri ham, mavqei ham o‘zgacha edi.
- Mening dadam ham shunaqa edilar, - ulab ketdi Qamara, bir gapni aytdilarmi, muhokama qilib o‘tirishmasdi. Bu ham Xudo bergan tug‘ma iste’dod. Gohida o‘zimda ham ana shunday kuch borligini sezib qolaman. Dadamdek qat’iyman, ammo adolatliman! Birov bilan ishlaydigan bo‘lsam, uni izmimga solib, plastilinga aylantira olaman!
Davradagilar xo-xolab kulishdi.
- Hozir shunaqa afsungar zamon,- qo‘shildi faylasufning xotini,- hatto tovuq ham ayyorlik bilan don yeydigan bo‘lgan.
Odamlar tag‘in kulishdi
- Xo‘sh, tovuq nima bo‘ldi?- Qamara tomon o‘girildi tatar amaki.
- Bu haqda keyin,- istamadi u.
Davradagilar marhum Ziyoxonovga hamdu sano o‘qishda davom etdilar. Bu odam hozirgi amaldorlardek nopok bo‘lmagani, rejalar har yili oshig‘i bilan bajarilganligi, kamtarinligi…
Mavzu axloq-odob masalasiga kelganda, Ashuralioxun ham qo‘shilib turdi. Faylasuf televidenieni zararli deb topdi.
- U asosan yupanch vazifasini o‘tayabdi, yuz yillik saqichni chaynashdan nariga o‘tmayabdi. Qalam ahli, amaldor zotini tig‘ ostiga olmas ekan, ular ijodkorlarni oyoq ostiga olishlari tabiiy. Televidenieda esa tish yo‘q. Odamlarning oila davrasida tarbiya bilan shug‘ullanadigan, kitob o‘qiydigan eng qimmatli vaqtlarini o‘g‘irlash bilan ovora. Aslida, ma’naviyat ommani g‘oyalarga esh qilishi, kurashlarga chorlashi shart! Eng og‘ir tarbiya - o‘zingni tarbiyalash ekanligini shior qilmas ekanmiz, va buning uchun o‘z-o‘zini tanqid yo‘lga qo‘yilmas ekan, hech nimarsaga erisholmaymiz. Ommani ishontirish kerak, ishonqiratish emas! Tag‘in: odamlarni faqat o‘tmish, tarix bilan emas, yangi kashfiyotlar, g‘oyalar, maslaklar bilan olg‘a chorlash zarur. Chunki, Shopengauer aytganidek: «Har qanday tarixda haqiqatga nisbatan uydirmalar ko‘proq bo‘ladi». Aslida tarix, andak tingan shov-shuvlardir.
Deputat domla unga qarshi chiqdi:
- Bizning tariximiz juda boy, uni sevish kerak, deymiz. Ammo sevishning o‘zi kifoya emas, himoya qilabilish kerak! Ayniqsa, mana bunaqa faylasuflardan!
Keyin kitob o‘qish, uning foydasi haqida gap ketdi.
- Gazetadan o‘qib qoldim,- davom etdi faylasuf,- hozir badiiy kitob o‘qish bo‘yicha qorovullar birinchi o‘rinda turisharkan.
- Qabriston qorovuli hammi?- so‘radi Qamara atay Ashuraliga ko‘z qirini tashlab.
- Albatta,- davom etdi faylasuf,- keyin yolg‘izlar, bemorlar, dam oluvchilar, yo‘lovchilar, turistlar. Xullas televidenie ko‘rishi andak cheklangan kishilar. Jamiyatning yetakchi kuchi bo‘lgan ziyolilar esa kitobga qaramay qo‘yishdi. Eng kam kitob o‘qiydiganlar yozuvchilarning o‘zlari ekan.
Tag‘in ichishdi va dadillashib, odamlarni tabaqalarga ajratish masalasida bahslashib qolishdi.
- «Odamlarni tenglashtirish - dahshatli xato, deydi nemis faylasuflaridan biri, chunki biz bir-birimizdan farq qilish ishtiyoqi bilan yashaymiz», davom etdi ko‘zoynakli olim. Bozor iqtisodi, davrida bolshevikcha fikr yuritish yaramaydi.
- To‘g‘ri,- qo‘shildi Qamara, - masalan, men o‘zimni arabqishloqlik o‘g‘rivachchalar bilan tenglashtirishni sira istamasdim.
Tatar mehmon bu gal rus tilida ancha mantiqli gapirdi. Uning mulohazalarini tarjima qiladigan, sharhlaydigan bo‘lsak, bu o‘tkinchi dunyoda inson baxtu saodatidan ustun narsaning o‘zi yo‘q. Hammasi shunga xizmat qilishi kerak. Odamlarni tabaqaga ajratish va shunga yarasha muomala qilish - dahshatli xato.
Xomsemiz savdogar avval: «Odamlar allaqachon tabaqaga ajralib bo‘lgan, buni muhokama qilish ortiqcha», degandi, keyin o‘zini inkor etdi - hamma ham Odam Ato bilan Momo Havoning farzandi ekanligini, o‘lgandan keyin go‘rkov bir xil qabr qazishini aytdi.
Ashurali esa o‘ylanib qoldi: «Xo‘sh, odamlar nimasiga qarab tabaqalanishi mumkin? Qadimdagi singari boy, kambag‘alligimi yoki o‘qigan, o‘qimaganligi inobatga olinishi kerakmi? Shunday bo‘lganda, uning o‘zi qaysi tabaqaga mansub bo‘ladi? Bir go‘rkov bo‘lsa…Men ularning doirasiga mansubmanmi, mayl va qarashlarim to‘g‘ri keladimi?»
Shundan keyin, o‘rtaga otalarning gunohi o‘zi bilan ketadimi yoki farzandlarga meros bo‘lib qoladimi, degan savol tashlandi. Uni allamahalgacha muhokama qilib, bir to‘xtamga kelisholmadi.
- Gunohini bilmayman-u, ammo savobi tegadi,- dedi Qamara,- dadam qilgan savob ishlarning sharofatini har qadamda his qilib turaman.
Ziyofat kech tugadi.

* * *

Chamasi ikki haftalardan keyin Qamara telefon qildi, odatdagidan jilla ko‘proq hol-ahvol so‘radi, kutilmaganda, uyiga taklif qildi, muhim gapi borligini yashirmadi.
U mashinasi rulini o‘sha tomonga burar ekan, fikrlar gujg‘on edi. «Nima gapi bo‘lishi mumkin? Nechun unga bog‘landim? Oqibati nima bo‘larkan?»
- Sizga muhim gap bor,- dedi, salom-alikdan keyin ishchan kayfiyatda,- mashinangizni shu yerda qoldirasiz, meniki bilan Arabxonaga boramiz.
- Yaxshi, nima qilamiz u yerda?
- Borgandan keyin aytaman!
Ular yo‘lga tushishdi.
- Dadam rahbar bo‘lganda, o‘sha yerdan o‘ttiz gektar yer olib, nomimga o‘tkazib qo‘ygan edilar,- davom etdi yo‘lga tushgach. - Bino, sug‘oriladigan yer, ishchi kuchi, biznes-reja bor. Barining ixtiyorini sizga topshirmoqchiman. Arablar ko‘p narsalarni o‘marishgan; qorovulni yangilaysiz! Sizga ikki mingta jo‘ja olib beraman. O‘n mingta olishni maslahat berishgandi-yu, ammo risk kerak emas. Suv bor, odam topasiz, makkajo‘xori ekasiz.
Ashurali andak kalovlanib qolgandi: tomdan tarasha tushganday edi bularning bari. Barini taroziga solish, mushohada qilib ko‘rish talab etilardi. Aslida tinchligini buzgisi yo‘q, bular bari malolli edi. Qamara esa davom etardi. - Boringki, shu jo‘jalarning bir ming besh yuztasi voyaga yetib tuxum bersin. Hozir tuxumning narxi yuz so‘m. Bu - bir yuzu ellik ming so‘m bo‘ladi. Mayli, ellik mingi xarajatga ketsin. Qolgan yuz mingi ikkalamizga kunlik foyda.
U javob berishga shoshilmadi, dastlab barini rad etgisi keldi-yu, Qamaraning hisob-kitoblarini chamalab ko‘rib, undan xato topolmadi. - Bir oy o‘yladim, obdon hisob-kitob qilib ko‘rdim, bu sohaning odamlari bilan maslahatlashib, shu fikrga keldim,- davom etardi Qamara. - Bunga sizdan ko‘ra tuzukroq ishboshi topishim mushkul. Rosa chamalab, o‘ylab ko‘ring: pishmagan joylarini, gumonlaringizni ayting. Lekin unutmang: vaqt pul deyishadi-ku, aslida u puldan ham noyob: pulni topish mumkin, vaqt topilmaydi. Ulgurishga ulgurish kerak!
- O‘ylab ko‘rishim kerak, u yoqda qabriston…,- dedi shunga qaramay.
- Sizning o‘rningiz qabriston emas! O‘ylab ko‘ring: tayyor bo‘lmasangiz, rad etmang, shubha bildirmang,- oldini oldi u buyruq ohangida. - Ishni sizga topshirayotganim bejiz emas. Talabgor lak-lak.
Toqqa tutash Arabxona qishlog‘ini ta’riflashdan avval, sohada sodir bo‘lgan o‘zgarishlar haqida to‘xtalishga to‘g‘ri keladi. Shaharga yaqin, bozorga yonbosh, ishbilarmonlari ko‘proq, aholisi savdo- sotiq bilan shug‘ullanadigan yoki chet ellarga ketgan dahalarda ikki-uch qavatli uylar tiklandi, ko‘chalar asfaltlandi. Suv va ekin maydonlari cheklangan, odamlari azaldan ancha qashshoq bo‘lgan, gazetachilar iborasi bilan aytganda «kam ta’minlangan» qishloqlar past tabaqaga tushib qoldi.
Arabxona ham imkoniyatlari cheklanganlardan edi.
Qishloqdan hiyla o‘tishlari bilan paxsadan qurilgan fayzsiz, beso‘naqay bino ko‘zga tashlandi. Ular qiyshayib qolgan temir darvoza qarshisida to‘xtadilar. Kolxoz davrida molxona bo‘lganligi uchun u yerdan hamon tappining hidi anqirdi. Ichkaridan o‘rta yoshlardagi oriq, ko‘kragi cho‘kkan, mo‘ylovi shalviragan va unga qo‘shilib labi lunji ham pastga osilganday taassurot qoldiradigan amaki chiqdi. Bunday basharaga qarash kishining dilini xufton qilardi. Qamaraning uni yo‘qotish borasidagi ko‘rsatmasida jon bor, deb o‘yladi.
«Bu yerda haqiqatan ham o‘n mingta tovuq boqsa bo‘larkan», o‘yladi o‘zicha Ashurali binoni ko‘zdan kechirgach quvonib va odatiga ko‘ra qo‘llarini bir-biriga ishqab, mayin kulib qo‘ydi. Molxonaning yonginasidagi ariqdan tiniq suv oqib o‘tishi, katta maydon uning ixtiyorida bo‘lishi diliga umid soldi va sherik qilib olgani uchun Qamaraga mehri oshdi.
Har qanday sharoitda ham inson o‘z manfaatlaridan kelib chiqib fikr bildirishini takrorlab o‘tirishimiz, ehtimol ortiqchadir. Ashur yaqin kelajakda o‘n ming jo‘ja boqishni, ulardan yetti-sakkiz mingi voyaga yetib, tuxum berganda ham daromad falon so‘mga yetishini va uning ulushi oz bo‘lmasligini nazarda tutgandi, albatta.
U parrandachilik haqida kitoblar topib o‘qish; tovuq, jo‘ja boqqanlar bilan maslahatlashishga kirishdi. Bu ishni obdon biladigan vetvrach topishni maslahat berishgandan keyin mutaxassis izladi. Avval parrandachilik fabrikasida ishlagan, u xususiylashtirilgandan keyin nafaqaga chiqqan oriqqina, gaplari keskin muysafid unga xayrixohlik bilan quloq solib, moyillik bildirib turdi-yu, xo‘jayin Ziyoxonovning qizi ekanligini eshitgach, avzoyi o‘zgardi.
- Bu - haqiqatan, o‘sha hokimning qizimi?- so‘radi qaytadan.
Ashuralining ma’qul ishorasidan keyin fikridan qaytdi.
- Yo‘q, meni qo‘ying,- dedi sovuqqina qilib. Lekin noumid qoldirmadi: o‘zi bilan ishlagan vetvrachning manzilini berdi.
- Intizomli odam, bizda partkom ham bo‘lgandi,- qo‘shib qo‘ydi.
Qorachadan kelgan, pakana otaxon (pakanalar o‘z ishiga puxta bo‘lishini Ashurali yaxshi bilardi) avval imkoniyatlar, sharoitlarni obdon surishtirdi. Ashurali bu gal Ziyoxonov haqida so‘z ochmadi. Shunga qaramay, u tovuqxonani ko‘rgandan keyingina biror to‘xtamga kelishini aytdi.
- Tuzukroq maosh to‘lasalaring, haftada ikki-uch kun ishlashim mumkin,- dedi u nechundir ko‘ngli chopmagan kayfiyatda. - Lekin bu yerni, eng avvalo, jo‘ja boqishga moslashtirish kerak.
Amaki binoni suvash, oqlash, dizenfektsiya qilish, simto‘r bilan ajratish haqida maslahatlar berganda, Qamara ham erinmay barini yozib oldi. Hafta davomida, qorovulning ikki o‘g‘li bilan qipiq to‘shash, tashqarida maydoncha tayyorlash singari yumushlarni bajarishdi.
Garchand Qamara ro‘yxushlik bermagan bo‘lsa-da, Ashur qishloq oqsoqoli bilan tanishib oldi. Makkajo‘xori ekish uchun traktor, seyalka kerak edi. Buni faqat o‘sha odam hal qilishini aytishdi.
Sho‘rolar davrida kolxozga raislik qilgan, orden, medallarga sazovor bo‘lgan, bu muzofotda o‘rtoq Shaymonov deb ehtirom etilgan, endilikda saksonni qoralagan muysafidning o‘ychan ko‘zlari, kayvoniligi diliga o‘tirishdi, u bilan maslahatlashib turishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Qamara bu odamlarni nechun yoqtirmasligini, oqsoqolga Shaytonov deb laqab qo‘yishi boisini fahmlolmay ajablandi.
- Siz makkayi ekmang, bug‘doy seping, otajon,- maslahat berdi u,- chunki bug‘doyni qo‘lda sepasiz, sug‘ormay, o‘g‘itlamay yozda yig‘ishtirib olasiz; tovuqqa tayyor don. Gap traktor bilan seyalkada emas, ammo makkani o‘g‘itlash, ishlov berishni ham o‘ylang. Hosilni kech kuzgacha kutishga to‘g‘ri keladi.
Maslahat Ashuraliga ma’qul tushdi.
Parrandachilik fabrikasidan jo‘ja olishga kelishganda, qulansa hid dillarini behuzur qilgani ustiga, pashsha shuncha ko‘p va xira ediki, bu yerda odamlar qanday qilib ishlashadi, deb o‘ylab qolardi kishi. Ular jo‘jalarni olib, tezroq jo‘nash tashvishiga tushdilar. Rasmiyatchiliklar esa cho‘zilib ketdi. Pulini sanab olgach, jonivorlarni maxsus mashinaga ortib berishdi. Shundan keyin esa vetvrach amaki allaqanday hujjatlarni titkilab, jig‘i-biyron bo‘lib ketdi.
- Bizni aldashibdi! Bular kasalikka qarshi emlanmagan! Olmaymiz! Gap bitta - Xudo bitta! Tushiringlar!
Qamara toqat qilolmay ketib qoldi, ammo Ashur chidadi va bu yumush ertaga qoldirildi.
Kishi o‘z mehnatining ilk samaralarini ko‘rsa xursand bo‘ladi, albatta. Ertasiga keltirilgan sap-sariq jo‘jalarning chiyillab, duch kelganning ortidan ergashib ketaverishi shavqovar edi. Ammo, nadomatlar bo‘lg‘aykim, bu o‘ta nozik vujudlar birinchi kundanoq nobud bo‘la boshlashdi. Jonivorlar g‘uj bo‘lib, suv ichgani kelishar va orqadagilar oldingilarni itarib, suvga cho‘kdirib yuborardi. Sobiq partkomning ko‘rsatmasi bilan Ashurali shaharga tushib, plassmasadan yasalgan maxsus yuza idishlar topib keldi.
Xarajatlar masalasida meniki, seniki deyishmasdi, bari o‘rtada, degan tushuncha bunga monelik qilardi, albatta. Ammo chiqimlar, muammolar kun sayin oshib boraverdi. Yerda yovvoyi mushuk, osmonda kalxat payt poylaydigan bo‘lishdi.
Nihoyat qorovul ham topildi. Avvalgisini Qamara haydab yuborgani sabab Ashurning o‘zi kechasi yotib qolayotgandi.
- Ko‘p joylarda ishlaganman - menga ishonishgan,- dedi o‘rta yoshlardagi, barmoqlari bilinar-bilinmas qaltirab turadigan, qizg‘ish burni negadir kartoshkani eslatadigan, ko‘rinishidan beg‘am, beparvo, ammo hazilkash, arabbashara kishi.
- Shu qishloqda turasizmi, bola-chaqangiz bormi?- aniqroq tasavvurga ega bo‘lish uchun so‘radi Ashuralioxun.
- Bola bor-u, chaqa yo‘q,- hazilga oldi u.
Bu odamning bolalarga qo‘shilib, ishtiyoq bilan ishga kirishib ketishi Ashurni quvontirdi, ishonchini oshirdi. Ammo ikki kundan keyin kelgan Qamara noroziligini yashirmadi, unga Qarashqul deb laqab qo‘ydi.
- Qorovulni boshqa qishloqdan olish kerak edi - bularga ishonib bo‘lmaydi! Buning yaltoqlanishi ham jig‘imga tegayabdi.
Qamara ham qorovulga yoqmaganini anglab olish qiyin emasdi.
- Ayollar nega erkaklardan ko‘proq yashashini bilasizmi? - so‘radi u Qamara jo‘nab ketgach, hazilomuz ohangda.
- Xo‘sh?
- Ularning xotinlari bo‘lmaydi! Tag‘in: ikkalamizga ham Xudo burundan qarashganiga shukur qilishimiz kerak. Bir shoir: «O‘ksima, burni katta erkaksan, xotinlarga shuning uchun keraksan», deb yozgan.
Bir kuni ertalab Qamaraning «Neksiya»si bilan ishga kelishdi-yu, qorovulni g‘irt mast holda ko‘rishdi.
- Ehtiyot bo‘ling, hech narsa demang,- uni nogahoniy ko‘ngilqorachilikdan himoya qilmoqchi bo‘ldi Qamara. - Hushyor bo‘lsa, keyin haydaymiz bu Qarashqulni!
Jo‘jalarni oziqlantirish uchun bug‘doy, makkajo‘xori, soya kunjarasi, oq moy, vitaminlar obdon aralashtirib berilishi talab etilardi. Ularni yanchib, aralashtiradigan mexanik tegirmon ham sotib olishdi, ammo elektr tokidagi uzilishlari ishni murakkablashtirar va ko‘p hollarda bu yumushlarni Ashurali bolalar bilan bajarardi.
Shu orada tovuqxonada sichqon bilan kalamush paydo bo‘ldi va tez ko‘payib, ozuqa omborini g‘orat qilaboshlashdi. Negadir ularga qarshi dorilar kor qilmas va maxluqlar hech kimdan cho‘chimay, ozuqaning barakasini uchirishardi. Nuqul o‘tmishni ulug‘laydigan, bugungi kunda qalloblar ko‘payganidan shikoyat qilishni xush ko‘radigan sobiq parkom bariga veterinariya aptekasidagi noinsoflarni ayblardi.
- Xudo sichqon bilan kalamushni yaratib, o‘zi ham nega bunday qilganidan ajablangan,- dedi bir kuni o‘ziga xos hazilkashlik bilan qorovul. - Men ertaga mushuk olib kelaman - barini qiyratib tashlaydi.
Ammo u olib kelgan mushuk kalamushga yaqinlashmadi, jo‘jalarni esa qiyrataboshladi.
- So‘xtasi sovuq Qarashqulga ayting: mushugini ko‘tarsin-u, bu yerdan daf bo‘lsin!- dedi Qamara.
Ashurali qanday qilib yangi qorovul topishni o‘ylab qoldi.
Vetvrachning maslahati bilan badbo‘y hid taratadigan kreolin olib kelishdi, ozuqa atrofiga ariqcha qazib, o‘shandan quyib chiqishdi. Ochofatlar ozuqa tomon o‘tolmaydigan bo‘lishdi. Bu kashfiyotlaridan mamnun bo‘lib turishganda, kalamushlar ham anoyi emasliklarini ko‘rsatishdi: ozuqadan voz kechib, jo‘jalarga hujum uyushtirishdi va chiyillatgancha inlariga sudrab ketaboshlashdi.
Jo‘ja degan, jajji, ammo himoyasiz jonivorning dushmanlari buncha mo‘lligini kim ham xayoliga keltiribdi deysiz.
Bunisini esa hech kim xayoliga ham keltirmagandi: bir mahal jo‘jalar halqa bo‘lib, bezovta chiyillashga kirishdi. Qarashsa, o‘rtada katta ilon boshini ko‘tarib turibdi. Sarosimaga tushib, nima qilishlarini bilmay qolishdi. Jonivorlar esa qochish o‘rniga tobora kushandalariga yaqinlashardi. Kutilmaganda, gazanda keskin hamla bilan jo‘jalardan birini tutib oldi va shoshilmay yutaboshladi, xademay uning tomog‘i hayratomuz darajada qappayib ketdi. Keyin qorni to‘ydimi, odam hidini tuydimi, ketishga shaylandi. U yo‘lga tushishi bilan jo‘jalar ham g‘uj bo‘lib uning ortidan yugurdilar. Ilonni o‘ldirib bo‘lmadi - u devor kavagiga kirib ketdi, o‘ljalari uning ortidan chirqillab qolishdi. Vetvrach amaki izohladi.
- Bular - inkubatordan chiqqan: ona ko‘rmagan, shuning uchun har qanday jonivorni panoh tutib, unga ergashishadi.
Gazandaga yem bo‘lgan va qolganlari uning ortidan chirqillab ergashgan jo‘jalar bir necha kungacha Ashuralioxunning ko‘z o‘ngidan nari ketmadi.
U qabristonni, garchand ukasining ixtiyoriga topshirib qo‘ygan bo‘lsa-da, janoza bo‘lib qolsa, qabr tayyorlashga vaqt ajratardi. Lekin ayni kunlarda qabristondan topgani ham ochofat jo‘jalarga yem bo‘layotgandi.
O‘sha kuni ishga kelib, ikki bola kutib turgani ustidan chiqdi.
- Amaki, jo‘ja olasizmi,- dedi ulardan biri,- uyda ochdirganmiz, arzon qilib beramiz.
«Harholda, nobud bo‘lganlar o‘rnini to‘ldirish kerak, bundan Qamara ham quvonar», o‘yladi u va xarid qildi. Ertasi, indini jo‘ja olib keladigan bolalar ko‘payishdi.
Qamara bu gal kelib, ( ilon, kalamush hamda badbo‘y hiddan cho‘chib, kam keladigan bo‘lgandi) jo‘ja sotayotgan bolalarni ko‘rdi, jig‘ibiyroni chiqdi.
- Qanaqa odamsiz? Axir, tanimadingizmi - bular o‘zimizning jo‘jalar-ku!
Ashurali ura qochayotgan bolakaylardan birini chaqqonlik bilan tutib oldi.
- Qaerdan olding?- so‘radi uning qulog‘ini cho‘zib.
Bola yig‘lab yubordi va Qarashquldan olganligini yashirolmadi. Qorovulning esa kayfi baland edi. Ular g‘azabga minishdi.
- Necha bor aytdim sizga: shu Qarashqulni yo‘qoting, deb. Qatiqqo‘l bo‘lmasangiz ish ketmaydi,- dedi va qorovulga o‘girildi: - Menga qarang,- dedi ancha andisha bilan, - sizga javob! Jo‘nang!
Mudom hazilkashlik qilib yuradigan qorovulning qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi.
- Qayoqqa jo‘nayman? Sizlar jo‘nanglar! Bu - bizning yerimiz. Ota-bobolarimizdan qolgan! Biz muttaham emasmiz!
Zahru zardasini sochganiga qaramay, tushdan keyin ko‘ch-ko‘lonini ko‘tardi.
- Bu yerda ishlash itimga - or, mushugimga - nomus,- dedi ketaturib.
Ammo bular bari holva ekan - jo‘jalarning turli yuqumli kasalliklari boshlandi va ular har kuni o‘nlab emas, yuzlab qirilaboshladi. Bu holni ko‘rish kishining dilini xufton qilardi. Jo‘ja degan jonivorning nyukasl, parranda chechagi singari o‘nlab yuqumli kasalliklari borligini ikkovlari ham tasavvur qilib ko‘rishmagandi. Vetvrachning yelib yugurishi, qimmatbaho dorilar kor qilmay qo‘ygandi.
Oxir-oqibatda balo-qazolardan omon chiqqan jo‘jalar besh yuztadan ham oshmadi.
- Mayli,- ovutdi uni Qamara,- shular har kuni bir donadan tuxum bersa ham…
U erinmay hisob-kitob qildi, chiqadigan foydani isbotlashga harakat qildi, ammo Ashuralioxun bularni eshitgisi kelmas, nimagadir ishonmas, loaqal sarflagan pullariga kuyib qolishidan, qandaydir noxushliklardan xavotir tortar, aldam-qaldam to‘riga tushganday, Qamaraning iborasi bilan aytganda, uning qo‘lidagi plastilinga aylanganday bo‘lar, kasbu korimga xiyonat qilayotganim uchun shu jazoni tortayotgan bo‘lsam, ajab emas, deb o‘ylardi; baridan voz kechib ketishga esa ayol kishining malomatidan andisha qilardi.


* * *

Qorovul topisholmagani sabab, gohida tovuqxonada tunab qolish Ashuralining joniga tekkandi. Shu bois oqsoqolni izlab choyxona tomon yo‘l oldi. Bu yerdagilar esa u kishini qabristonga ketganini aytishdi.
Qabriston - qishloq ahli ancha yupun yashashidan dalolat berardi: darvoza pastqam, tosh qo‘yilgan qabrlar barmoq bilan sanarli, atrof sim bilan o‘ralgan. Ammo yo‘lak va atroflarning tozaligi, xas-xashaklarning o‘rib olinganligi bu yerning jonso‘z egasi borligini ko‘rsatardi. O‘zi qorovul bo‘lgan maskanga zohiran taqqoslab, u yerning obodligi, hatto ulug‘vorligidan faxrlanib ham qo‘ydi. Ammo tirik jon ko‘rinmasdi, eshiklari lang ochiq qorovulxona ham bo‘m-bo‘sh edi. Chekkaroqdagi chuqurlikdan bot-bot tuproq uloqtirilayotganligini ko‘rib, kimdir go‘r qaziyotganligini taxminladi va o‘sha tomonga yo‘l oddi. Sakson yoshlarni qoralagan, jikkak muysafid qabr o‘yardi. Cholning dastasi kalta maxsus ketmonchani zarb bilan urishi, qorayib ketganligi, chaka-chandirligi otasini yodga soldi, aksar go‘rkovlar nimasi bilandir bir-birlariga o‘xshashliklarini xayoldan o‘tkazib ajablandi.
- Hormang, otaxon!
Uning qulog‘i og‘ir ekan, shekilli, o‘girilib qaramadi.
Ashuralioxun bir pas kuzatib turdi-yu, unga mehri jo‘shib ketdi, muysafid bilan gaplashgisi, unga ko‘maklashgisi keldi.
- Hormang, deyabman,- ovozini picha ko‘tardi u,- sizga yordamga keldim. Muysafid boshini ko‘tardi, alik oldi. Bir oz ikkilanib turgach, o‘rnidan turdi. Uning tashqariga chiqmoqchi bo‘lganini sezgan Ashuri qo‘lini cho‘zdi. Cholning serpay qo‘llari baquvvat edi.
- Rais bovo kelganmidi,- suradi u,- o‘rtadagi begonasirashga chek qo‘yish va suhbat uzilib qolmasligi uchun.
- Ha, tushgacha qabrni tayyorla, dedi-yu, rayonga ketdi. Bolani shuyoqqa olib kelisharkan. Ashurali kimdir uzoqroqda vafot etganligini taxminladi.
- Nima bo‘libdi sho‘rlikka?
- Qozoqqa mardikorlikka ketgandi - yakka o‘g‘il edi…Sizni rais yordamga yubordimi?
Ashurali ma’qul ishorasida bosh silkib qo‘yaqoldi.
- O‘zim qaziyman, degandim, lahatga kirolmay qolganman.
- Mana men kiraman.- dedi u avval ham qaziganman. -
- Yerlaring qattiqmi?- qo‘lini bir-biriga ishqar ekan kulib so‘radi.
- Yerimiz - tillo. Amudaryo tomonga bir janozaga borgandim, yeri shunday suv ekan. Mayitni sho‘r suvga qo‘yishdi. Shundan beri shukur qilaman. Bekor turmay, bitta yarimta chuqur qazib qo‘yaman. Bir mullamiz bor edi - bunday qilish uvol: go‘r odamni chaqiradi, dedi. Ko‘rsat, qaerda yozilgan, dedim.
Otaxon qorovulxonadan jomakor olib keldi. Ashurali chuqurga tushdi, muysafid yuqorida qolib, gapini davom ettirdi. - Kolxoz paytida ariqlarda suv toshib oqardi.
- Hozir suv chatoqmi?-
- Suv - chatoq,- ilg‘ab oldi otaxon. Chashmaning suvi yozda qurib qoladi. Borini Ziyoxonovning qizi qaytarib oladi.
- Ashurali hushyor tortdi. Muysafid chalg‘ib ketmasligi uchun savol berdi.
- Ziyoxonov deganingiz…
- Rayonni so‘rardi,- gapini bo‘lib, javob berishga kirishdi u. - O‘ldi. Lokinda yerimizni qiziga olib bergan ekan. Shoymonov yig‘ladi! Ko‘p yugurdi, yozdi - bo‘lmadi. Tirikchiligimiz shundan edi. Endi ish yo‘q - bolalarimiz mardikorchilikka ketgan. O‘zimning o‘g‘lim ham... Endi yonimga kirgan edi. Go‘rkovlik bilan kun ko‘rib bo‘lmay qoldi.
Oraga bir necha soniyalik jimlik cho‘kdi, Otaxon tag‘in davom etdi. - Lokinda xalqning haqi teshib chiqadi! Baraka topmaydi. Bultur qo‘y boqmoqchi bo‘ldi. Lakalov ishboshisi yerga beda ekmoqchi bo‘libdi. Shoymonov: «Otajon, arpa qo‘yni tez semirtiradi, ikki oyda pishib yetiladi, o‘ylab ko‘r», debdi. Chunki beda eksa, qishloqqa suv o‘tmay qoladi-da. Keyin arpa sepdi, ammo mollar payxon qildi. Qo‘ylari ham o‘ldi, yo‘qoldi.
Ashurali o‘sha lakalov ishboshidan ham battar bo‘lganini o‘ylab, nadomat chekdi.
- Ziyoxonovni o‘zingiz tanirmidingiz?- gap o‘zanini to‘g‘rilab qo‘ydi Ashuralioxun.
- Ha, birinchi ayoli bizning qishloqdan edi. Lokinda nomardlik qildi, dayus! Uyida mehmon bo‘lgan qayinsinglisini ishini chataq qilib qo‘ydi. Ham g‘arlik, ham peshgirlik deganlaridek: «Xotinim qiz chiqmagan edi, shuning alamini oldim», debdi. Lokinda bu gapi yolg‘on ekan, o‘sha qiz o‘zini osib qo‘ydi, ayol ham alamdan o‘ldi.
Ashurning yodiga, avval ta’kidlaganimizdek, donishmandning: «Qiz bolani zo‘rlash - bola yoki muysafidni o‘ldirishdek og‘ir jinoyat» degan gapi tushdi. Bir vaqtlar Ziyoxonovning qabr toshidagi harflarni sharhlaganini eslab, miyig‘ida kulib qo‘ydi.
U ishni tugatdi-yu, qorovulxonaga kelib, apil-tapil yuvinib oldi, sarosimalanmay Qamaraga telefon qilishga kirishdi. Ishi ko‘payib ketganini vaj qilib, orani ochiq qilishni rejalashtirgandi. Bu makkorning qo‘lidagi plastilinga aylanganidan o‘kindi, uning changalidan chiqish, avvalgi - oyog‘i yengil xotinlardan ko‘ra qiyin kechmasmikin, degan xavotir tinchlik bermay qo‘ydi.
«Abonent xizmat doirasidan tashqarida». Nadomatlar bo‘lg‘aykim, kechgacha bu javob o‘zgarmay qoldi.
U go‘shasiga qaytdi, barini yoddan chiqarishga ahd qildi, ammo xashak o‘rsa ham, qabr qazisa ham bir ko‘ngli o‘sha yoqda bo‘laverdi. Shuncha dovu daskani vetvrach bilan tovuqboqarlarga topshirib ketishi vijdonini bot-bot bezovta qilardi. Deyarli har kuni telefon qiladigan Qamara uni batamom yoddan chiqargani ham g‘alati edi. Biror haftadan keyin vetvrach amaki sim qoqib qoldi.
- Tovuqxonadan telefon qilayabman, - dedi u. Bu yerda to‘polon-ku. - Tez yetib keling!
Odamlar endigina boshoq tortgan g‘allazorni tap tortmay payxon qilishar, mol boqishardi; birov yer o‘lchasa, boshqasi chuqur qazirdi. Molxona buzilgan va g‘alatisi, odamlar behad xursand edilar. U atrofga alanglab vetvrachni izladi, ammo topolmadi.
Odamlar halqa bo‘lib olgan joyga borib, o‘rtada rais bilan xomsemiz savdogar (Oxun)ni ko‘rdi. Qutilardan omonatgina stol qilingan, kursilar qo‘yilgandi. Kimdir mamnun pul sanar, boshqa birov ochiq chehra bilan ariza yozardi. U bilan sovuqqina salomlashishdi.
- Menga qara, otajon,- dedi rais ko‘rinishidan ziyoli, oriqqina kishiga,- shuncha yil maktabda ishlaysan-u, ariza yozolmaysan-a. Bizda yer sotish mumkin emas: molxonami, buzilgan binomi, shiyponmi deb yoz; «h» bilan «x»ning ham farqiga bormas ekansan.
Muallim hiyla xijolat bo‘lib, arizasini qaytarib oldi.
- Yo‘q,- dedi rais bu gal, qarshisidagiga ovozini andak ko‘tarib,- olti sotixdan bir metr ham ko‘p bermaymiz! Shunga imorat qurasanmi, tomorqa qilasanmi - sening ishing! Lekin boshqalarni ham o‘yla!
- Puli tayyor, deyabman-ku,- jim turmadi u ham.
- Menga qara,- unga jiddiy tikildi rais,- boshqalar ham bepul olayotgani yo‘q! Faqat keyinroq hisob-kitob qilmoqchi. Hozir puli yo‘q. Tushunsangchi.
Ashurali mulk sotilganini fahmladi va yuragi uvishib ketdi. «Nega mendan yashirishdi? Xarajatlarim nima bo‘ldi? Qamara qaerda? Naxotki shu qadar munofiq bo‘lsa?! Tovuqlar qani?»
- Yerimizni qaytarib oldik.- dedi rais quvonib. Qimmat oldi-yu, mayli…
- Qamara qaerda?
- Ie, xabaringiz yo‘qmi?- ajablandi Shaymonov bobo. - Amerikaga ketdi! Bu kishi vakil,- xomsemiz tomon imlab qo‘ydi oxirida.
- Tovuqlar…
- Ularni ham sotdik,- dedi Oxun, sovuqqina qilib.
- Qamara hech nima demadimi?,- so‘radi xarajatlarini o‘ylab.
- «Insonni baxtli qilish uchun, bor-budini tortib olib, keyin oz-ozdan qaytarib berish kerak», dedi. Ashi zo‘r berib, ana shu gapni avval qaerda eshitganini eslamoqchi bo‘ldi-yu, yodiga kelmadi. ( Qamara tug‘ilgan kunda bu gapni faylasuf aytganini, muhtaram o‘quvchi xotirlasa kerak.)
Bir mahal oqsoqol bilan Oxun gapga borib qolishdi. - Menga qarang,- o‘dag‘ayladi Oxun,- ishni to‘g‘rilab bergani uchun hokimga ikki ming beramiz, dedikmi? Dedik! Shuni arralaymiz, dedikmi? Dedik! Nega endi tonasiz? A? Muysafid odamsiz…
- Tonganim yo‘q, tonganim yo‘q! Ming dollar deysiz… Bu odamlar dollar deganini qo‘liga ushlab ko‘rgan emas! Qaerdan topadi? Ko‘rayabsiz: sigiri, echkisini sotib, qarz ko‘tarib, olti sotixga ega bo‘layabdi.
- Siz - neblagadarniy odamsiz! Qamara behudaga familiyangizni…
- Bilaman, bilaman,- otajon,- uning so‘zini kesdi Shaymonov. - Lekin o‘z xalqini talaydigan, ezadigan hokimlar, hokimvachchalarga ham Xudoning jazosi bordir?! Bolalarimizning o‘ligi kelayabdi. Shu yerda kulbasi, bir parcha yeri bo‘lsa …eb borarmidi u tomonlarga…
U shunday dedi-yu, o‘pkasi to‘lib ketdi. Shosha-pisha ro‘molchasini izladi, uni topolmay, ko‘z yoshlarini yengi bilan sitib tashladi. Hamqishloqlarning chehralaridagi mamnunlik o‘rnini vajohat egalladi - Oxunga yeb qo‘yguday bo‘lib qaray boshladilar. Buni sezgan otaxon zudlik bilan dilsiyolikning oldini oldi.
- Ayb bu kishidamas, bu kishidamas!- dedi shosha-pisha. - Bu kishi - vakil. Hamma ishiga borsin! Muallim, kimga aytayabman? Jo‘nanglar!
Ashurali o‘zini orqaga oldi. Davradagilardan kimdir: «Biz o‘zbekmiz, arab emasmiz! Arab bo‘lganimizda boshqacha bo‘lardi», dedi.
«Prujinani qisganing sari uning qarshiligi ortib boradi, o‘yladi o‘zicha Ashurali, demak, avval otasi, keyin qizi bu odamlarga adolatsizlik qilgan, kamsitgan. Inson tabiati esa zulm va kamsitishni hazm qilolmaydi. Shuning uchun bular ham jim o‘tirishmagan: nafratlarini bot-bot namoyon qilishgan».
Aslida bu mug‘ombirdan qutilishni chamalab yurganda, Xudoning o‘zi qo‘llaganidan quvondi ham, ammo Qamaraning munofiqligini o‘ylar ekan, beixtiyor otasining gapi yodiga tushdi: «…go‘rkovdan hech kim qochib ketolmaydi: bir kunmas-bir kun keladi. O‘zi kelmasa, galalashib ko‘tarib kelishadi».
Yo‘l-yo‘lakay, ko‘z o‘ngidan bir paytlar og‘maxoni bilan uning taqdiridan hadiksirab fol ochgan lo‘li ayol, o‘ljasini tiriklay yutgan ilon, kushandalari ortidan chirqillab ergashgan jo‘jalar, ko‘z yoshlarini yengi bilan sitib tashlagan oqsoqol va boshqa voqealar kino lentasidan bo‘lib o‘tdi.
U tezlikni oshirdi.

2007

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.