OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Omadsizlik (hikoya)

Jug‘rofiy, iqtisodiy va hatto, tabiiy nuqtai nazardan qaralganda ham, taqdir jag‘alvoyliklarga o‘ng qo‘lini cho‘zgan, deyish mumkin bo‘ladi. Yuqori tomon - tog‘, bir tegirmoncha suv qishin-yozin sharqirab yotadi. (Bahorda quturib, yo‘l, ko‘priklarni vayron qilishi noxushroq, albatta). Bu yog‘i shaharga ham yaqin. Qishloqdan biror chaqirim pastdan esa ikki viloyatni bir-biriga bog‘laydigan shohko‘cha o‘tadi.
Shularni hisobga olib, jag‘alvoyliklarni tog‘ ham, shahar ham boqadi, deyishga asosimiz bor. Sho‘rolar davrida qishloq gohida o‘rmon xo‘jaligiga, gohida kolxoz hisobiga o‘tib turgan bo‘lsa hamki, tirikchilik tarzi qo‘shnilardan farq qilmagan holda, ichki bir qonuniyat asosida kechdi. Bu yillar davomida qishloq yonbag‘irlikdan, ancha pastga tushdi, uy va hovlilar sathi kengaydi, tomlar shiferlandi, xullas, tsivilizatsiya degan «mehmon» darvozalarni taqqillatmay qolmadi-ki, bularni sanab o‘tirish ortiqchadir.
Qishloq ahlini uzoq yillar davomida tog‘ boqqan - mollarini yonbag‘irlarda o‘tlatishgan, qishlik ozuqani ham tog‘dan o‘rib olishgan. Faqat shu emas: bahorda revoch, lola; yoz bo‘yi tog‘rayhon, bo‘znoch, bo‘yimodaron, mavrak singari dorivor giyohlar yig‘ishgan; kuzda pista, bex, tog‘piyoz deganlariday…
Yildan-yilga bu ne’matlar kamayib ketayotganligi sabab, hozir aksar yoshlar shahardagi korxonalarga, mardikor bozoriga borishadi; katta yo‘l bo‘yidagi oshxonalarda ishlashadi; Qozog‘iston, Rossiyadan non topib kelayotganlar ham anchagina.
Qo‘shni qishloq va kentdagilarning tirikchilik tarzi, saviyasi bulardan farq qilmasa hamki, jag‘alvoyliklarni andak andi, lakalovga chiqarish, ularning ustidan kulishni xush ko‘rishadi. Ikki chaqirimcha yuqorida Ayriqiya degan qishloq bor. Bu yerdagi odamlar jag‘alvoyliklardan shevasi, soddaligi bilan farq qilishadi. Shular ham: «Bir jag‘alvoylik…» deb boshlanadigan latifanamo gaplarda qo‘shnilarini jilla afandiga chiqarishga harakat qilishadi.
«Bir jag‘alvoylik hovlisiga devor urishdan oldin katta darvoza o‘rnatibdi. Har kun ishga ketayotganda, darvozani qulflab ketarkan, kechasi tamba qo‘yib yotarkan. Devor esa haligacha yo‘q ekan».
Hangomatalablarning biri boshlashi bilan ikkinchisi ulab ketadi: «Bunisini qo‘ying, bir jag‘alvoylik maxsumning devori ham, darvozasi ham bor ekan. Darvozani qulflab, kalitni ostona ostiga qo‘yarkan-u, balandroqqa chiqib, poda haydab ketgan o‘g‘liga baqirarkan: «Hov Qarashqul! Kalitni ostonaning ostiga qo‘ydim».
Uchinchisi ham jim turmaskan: «Bir jag‘alvoylikning o‘g‘li chorrahada turadigan mirshab bo‘lgan ekan. Otasi mast bo‘lsa garillab qolarmish: «Hey, bilasanmi? Shahardagi hamma moshinlar o‘g‘limning tayog‘i uchiga qarab yurishadi».
Bu gaplarning aksari o‘sha hangomatalablarning o‘ydirmasi bo‘lsa ajab emas. Ammo hazilda - ozgina hazil bo‘ladi, deganlaridek, jag‘alvoylilarni bot-bot chuv tushirib turishadi. Bir qallob kelib, qishloqqa gaz o‘tkazib berishga va’da bergan, loyiha-smeta hujjatlarini ko‘rsatgan va katta pulni olib, suvga cho‘kkan toshday yo‘qolib ketganini hamon gapirishadi. Surishtirib gaz idorasiga borishsa, yaramas morbozning ishdan haydalganiga ikki yil bo‘lgan ekan.
Qozog‘istonga mardikorlikka borgan jag‘alvoylilarni olti oy ishlatib, rosa do‘pposlab, haydab yuborishganiga nima deysiz?
Ularni ham tog‘, ham shahar boqadi, dedik, ammo ikki sigirni emadigan bu «buzoqlar» nisbatan nochorroq yashashadi. Guvala yoki paxsadan, shunchaki tiklangan, aksar hollarda polsiz, shifti vassali, oqlanmagan uylarda turishadi. Po‘stlog‘i chala-chulpa olingan to‘sinlarning ko‘pi akas, archa yog‘ochidan ekanligini sinchkovroq kishi darhol fahmlaydi va buning sabablari haqida keyinroq to‘xtalarmiz.
Qishloqda Navro‘z, Mustaqillik, Yangi yil bayramlari, hayitlar deyarli nishonlanmaydi. Faqat to‘ylarda miriqib xursandchilik qilishadi: yeyishadi, ichishadi, raqsga tushishadi, yoqalashishadi va hokazo. Keyingi yillarda, mardikorlik, chorakorlik qilib, ne-ne uqubatlarda topilgan pulga (nochor bo‘lishlariga qaramay) Toshkentdan dongdor artistlarni olib kelish ham odat tusiga kiryabdi.
Jag‘alvoylida juma kuni ham o‘ziga xos bayramga o‘xshab ketadi. Aksar ayol, erkak qir oshib, qo‘shni viloyat hududidagi Jumabozor degan joyga borishadi. Saharmardondan eshakli, otli, mototsiklli, mashinali bozorchilar karvoni o‘sha tomonga shoshilishadi. Kimdir sotadi, boshqasi xarid qiladi. Gohida, shunchaki, tomoshaga borib kelishadi. Keyin bir haftagacha Jumabozorning tandir kabobi, nosi va allanimalarini maqtab yurishadi. Faqat shu emas: oshna-og‘aynilarni ko‘rishadi, hangomalashishadi, turfa yangiliklardan boxabar bo‘lishadi.
Kolxoz paytida yaqinroqdan yangi bozor ham ochishdi; ayrim ishbilarmonlar kattagina pul sarflab, uning atrofiga do‘kon-u oshxonalar qurishdi, ammo odamlar negadir borishmadi; ko‘nikmalaridan voz kechishmay, olis bo‘lsa ham tog‘ oshishni ma’qul deb bilishdi.
Xullas, o‘zbekning ko‘pchilikka tanish, rasmana bir qishlog‘i.
U haqda tag‘in nima deyish mumkin?
Boshqa joylardagi singari, bu yerda ham boy bo‘lishni orzu qilgan holda, boylarni yomon ko‘rishadi.

* * *

Boylar (gazetachilarning daqqoq va rasmiy tili bilan aytganda, «yaxshi ta’minlangan oilalar») haqida gap ketar ekan, birinchi o‘rinda Yodgorxon akaning nomini (bu yerda u kishini «eshon», yoki «asalchi» ham deyishadi) tilga olishga to‘g‘ri keladi.
Bu odam oltmish yoshdan oshgan bo‘lib, o‘rtabo‘y, rangi toza, o‘zi ozoda; tinch turmaydigan, uddaburro, tejamkor, nigohlari quv, nimadandir zada bo‘lganday haddan tashqari ehtiyotkor, nabirasini ham «siz»laydigan; doimo jilmayib turishiga qaramay, uzib-uzib, dona-dona qilib gapiradigan, qattiq kuladigan va andak diltang, xudbinroq kishi. U ishi ko‘pligidan yoki shuni vaj qilib, choyxona, machitga chiqmaydi. Qishloqning katta-kichigi to‘planadigan ana shu ikki joyda bu odam haqida past-baland gaplar bo‘lib turadi-ki, bunga tabiiy bir hol, deb qarashga to‘g‘ri keladi. Machitdagilar uning payg‘ambar yoshidan oshgan, buning ustiga eshonzoda bo‘lishiga qaramay, peshonasini yerga qo‘ymasligini ta’na qilishadi. Choyxonada esa ko‘proq: «Eshonda «qizilcha» bor», degan sirli, shubhali gapni shipshib qo‘yishadi va bu gapga, negadir ishongisi keladi kishining.
«Qizilcha» deganda, oltinni nazarda tutishadi, albatta. Oltin esa bobosidan qolgan, deb taxminlashadi.
Yodgorxon akaning bobosi - Porsoxon eshon oktyabr inqilobidan ilgari qozimi, muftimi bo‘lgan ekan. O‘zi ma’rifatli bo‘lib, jadidlar bilan ham bordi-keldi qilarkan. Bolsheviklar u kishiningg mol-mulkini musodara etib, o‘zini Sibirga surgun qilishgan, bu yerda qolgan bola-chaqalarini ham rosa siquvga olishgan, xo‘rlashgan; otaxon esa bedarak ketgan.(Mustaqillik e’lon qilingandan keyin Yodgorxon aka bobosining Behbudiy bilan tushgan suratini kattartirib, mehmonxonasiga ilib qo‘yganligi rost).
Shu qishloq o‘rniga birinchi qo‘y qo‘rasini qurgan, Jag‘alvoyli degan uzoq qishloqdan uch-to‘rt oila qo‘ychivonlarni yollagan ham uning bobosi bo‘lgan ekan. O‘sha qishloq odamlari o‘pka silidan qirilib ketgan, bu yerdagilar tirik qolgan va o‘zlaridan ko‘payishib, qishloq vujudga kelgan, deyishadi.
Bobosining boshiga tushgan o‘sha qismat bu avlodni hozirgacha ta’qib ostiga olib kelayotganga o‘xshaydi. Yodgorxon akaning otasi ham bobosiday o‘qimishli kishi bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushiga ketib, qaytib kelmagan. O‘shanda u ona qornida bo‘lgan. Ko‘z yoshi va peshona teri ta’mini juda erta tatigan, taloto‘p zamonlarda ham bir burda baxti uchun sabot bilan kurashgan bu odamni hayotning o‘zi tirishqoq, tadbirkor, tejamkor qilib qo‘ygan bo‘lsa ajab emas. Yodgorxon aka bilan muloqotda bo‘lgan kishining xayoliga, beixtiyor: «U hali uzoq yashaydi», degan fikr kelishining sababi ham, ehtimol shudir.
Bolaligidayoq tog‘dan dorivor o‘tlar tergani, qo‘y boqqani, podachiga yordamchi bo‘lib, «oshhalol» aytgani, katta ko‘chaga suv chiqarib sotganini gapirib bersa, rahmingiz kelib ketadi.
Uning hovli-joyi boshqalarnikidan batamom farq qiladi: ichkari hovlidagi imoratlar pishiq g‘ishtdan qurilgan, shiftlar ganjkorlik qilingan, devor did bilan bo‘yalgan, poydevorlar ustiga oq marmar yopishtirilgan. Mehmonxona, hammom havas qilgudek; darvozaxonadagi oq «Neksiya» ko‘zni qamashtiradi. Tashqari hovlidagi aylanma ayvon ostida ot, sigir boqiladi, xo‘jalik ashyolari, yem-xashak, asalari qutilari, traktor qismlari, zarur bo‘lganda, tok beradigan motorli generator (bu yerlarda elektr tokining bo‘lganidan bo‘lmagani ko‘proq) norvon, zambilg‘altak, hafsala bilan maydalanib, odam bo‘yi sarjin qilingan o‘tin va ro‘zg‘orning boshqa ashyolari dargohda talabchan, intizomli kishi hukmronligidan dalolat berib turadi. O‘rtaroq joyda artezian quduq, yonida mo‘‘jazgina issiqxona. Qo‘shni qishloqdan xizmatkori ham bor.
Birinchi televizorni, o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida Yodgorxon aka olib kelgan. Butun qishloq kelib tomosha qilarkan o‘shanda. Keyin rangli televizorni ham lokatorli antennalarni, hattoki qo‘l telefonini ham, ilk bor shu asalchi xarid qilgan.
Ikkinchi jahon urushidan ilgari Genrix degan nemis kelib, bu yerda o‘rmon xo‘jaligining bir bo‘limini ochgan, Yodgorxonning otasini o‘rinbosar qilib olgan ekan. Ular tog‘ yonbag‘irlariga daraxt nihollari o‘tqazishni boshlashibdi. Hamqishloqlarni ishga olib, maosh berishibdi. Uch-to‘rt yil mobaynida tepadagi archazorlargacha akas, sarv, do‘lana, o‘rik, archa, olcha, bodom, xullas Genrix deganlari nimani topib kelsa, o‘shani o‘tqazishibdi. Tog‘begilar otda yurib, nihollarni qo‘riqlaydigan bo‘lishibdi. Urush boshlanib, ilk «qoraxat»lar kelishi bilan odamlarning boshliqqa munosabatlari o‘zgaraboribdi: «Nemis» degan birgina so‘zning o‘zi ularni larzaga soladigan, tutaqtiradigan hol yuzaga kelibdi. Bu noxushlikni sezgan va oqibatidan xavotir tortgan Genrix bir kechada gumdon bo‘libdi. Shunda qishloqda: «Genrix deganlari Gitlerning odami ekan, Moskvani olishi bilan, butun viloyatimiz xo‘jayinligini unga bermoqchi bo‘lgan emish», degan gaplar tarqalibdi.
Yodgorxon akaning dadasi bu yerga atigi bir yarim yil boshliq bo‘lgach, u kishini ham armiyaga olib ketishibdi.
Aynan urush yillari yonbag‘irdagi daraxtlar hosilga kirgan ekan: odamlar ozmi-ko‘pmi bahramand bo‘lishibdi. Keyinroq o‘tin, qurilish ashyolari ham shu yerdan chiqaboshlabdi.

* * *

O‘tgan asrning yetmishinchi yillariga kelib, bu yerlar o‘rmon xo‘jaligi hisobidan kolxozga o‘tganda, daraxtzorlar ancha kamayib qolgan ekan. Rais katta yig‘ilish o‘tkazib, hamma amaldorlar singari, va’dalar beribdi. «Lekin, - debdi u, - daraxtzorlarni saqlab qolishimiz, ko‘paytirishimiz kerak! Bu borada hukumatimizning qarori bor. Imorat uchun archa bilan akasni qirqish bugundan e’tiboran man qilinadi!»
Shunda Yodgorxon aka so‘z so‘rab qolibdi.
- Mening nazarimda, - debdi,- bu daraxtzorlarni muhofaza qilishning yo‘li bitta: u ham bo‘lsa, odamlarga taqsimlab berish. Har bir xo‘jalik o‘ziga tegishli joyni bog‘ qilib olsin: meva-chevasini yesin, sotsin, ammo daraxtini qo‘riqlasin, unga javob bersin. Jonim achiydi - bularni otam o‘tqazgan…
Negadir o‘pkasi to‘lib, uyog‘ini aytolmay qolibdi. Bu gapni rais ham ma’qullabdi. Qo‘l ko‘tarishib, qaror qabul qilishibdi. Bir oy o‘tmay, kolxoz pastlikdan molxona qurishni boshlaganda, to‘sinni shu yerdan qirqib, tashiy boshlabdilar. Kolxoz, aslida talon-toroj degani - bu yog‘ochlar boshqalarga ham asqotadigan bo‘laveribdi.
Shunda Yodgorxon aka uch gektarlar chamasidagi daraxtzorni o‘rashga kirishibdi: simto‘r, tikanli sim, taxta, shox, ba’zi joylarga hatto tosh terib, bir necha oy davomida berkitib olibdi. Bunga ham qanoat qilmay, mol-holdan, daraxt o‘g‘rilaridan qo‘riqlash ilinjida chayla quribdi, ba’zan kechalari ham aylanib yuradigan bo‘libdi.
Undan ilgariroq - olmishinchi yillarda miltiqlar tortib olinganda ( bu yerda deyarli har bir oilada bo‘lgan), Yodgorxon aka o‘z miltig‘ini ixtiyoriy tarzda topshirgan ekan. Ammo ayrim tunlari uning bog‘i tomondan miltiq gumbirlashini eshitganlar zohiriy xavotirga tushib, bobosidan qolgan dumilani yashirib qo‘yganiga ishonch hosil qilisharkan.
Hozir Jag‘alvoyli qishlog‘i tepasida faqat ana shu uch gektar daraxtzor qolgan, xolos. Yodgorxon aka uning yonidan yigirma sotixlik tokzor barpo etaman, dedi-yu, boshqa yumushlari ko‘payib ketganidanmi, odamlarning malomatlaridan cho‘chibmi - so‘zining ustidan chiqolmadi.
Eh, shu bog‘ sabab kimlar bilan yaxshi-yomon bo‘lmadi u?!
Basirxon degan amakivachchasi bor uning. Andak ichkilikka berilganidan foydalanib, odamlar uni ko‘p gij-gijladilar. «Bobongdan qolgan tilloga sening ham haqqing bor: qurumsoq asalchi ulushingni berishi kerak». «Daraxtzor onasining mahriga tushgani yo‘q…». «Sen yeyishga non topolmaysan-u, u muttaham…».
Basirxon, ayniqsa, mast bo‘lganda, bu gaplar dilini o‘rtab yuborardi. Ammo amakivachchasiga oltin haqida so‘z ochishga andisha qilardi. Bog‘ masalasida esa ta’ma-yu shamalar qilishni avj oldira boshladi.
- Basirxon,- dedi bir kuni Yodgorxon,- mayli siz u yerdagi xashaklarni keragicha o‘rib oling, meva-chevalarni terib soting. Imorat qiladigan bo‘lsangiz, yog‘och ham topib beraman, bir tiyiningiz kerak emas, ammo orani buzib qo‘ymaylik. Eshonzodalarmiz! Ig‘volarga uchmang, uka!
«…Bir tiyiningiz kerak emas», deyishining boisi shundaki, asalchi boshqalarga ham o‘rik, do‘lana, yong‘oq, bodom terishga ruxsat berar, ammo ular bilan shu ne’matlar yoki pulini teng taqsimlashga shartlashardi.

* * *

Aslida Yodgorxon akaning asosiy daromadi bog‘dan emas; u kishi ko‘p yillardan buyon asalari boqadi.
Bunga ancha yil bo‘lgan. O‘shanda daraxtzor oralab boraturib, bir joyda asalari galasi gavjum, bezovta uchayotgani e’tiborini tortib qoladi. Tepasidagi akas daraxti shoxida esa arilar g‘uj bo‘lib, uzum boshiday osilib turardi. U bir pas nima qilishini bilmay, mo‘ljal izlaydi, keyin ehtiyotkorlik bilan sertikan shoxni qisqaroq kesib, qopga soladi va uyiga olib keladi.
Qo‘shni Andijoni qishlog‘ida…
Savollarga o‘rin qoldirmaslik uchun bu qishloq haqida andak kirish so‘z qilmasak bo‘lmas. Shaharga tutash bu deha ahli ikki yuz yillar muqaddam amir Shohmurod tomonidan Andijon tomonlardan ko‘chirib kelingan, degan taxminlar bor. Lekin shahar ta’sirida ular tamoman tojiklashgan. Maktablari ham tojikcha, uylarida shu tilda gaplashishadi.
Yodgorxon aka bu qishloqda yashaydigan Fazliddin asalchini yaxshi bilardi. Bog‘idagi akaslar gulga kirganda, arilarini ko‘chirib kelgandi. Xushfe’l va ulfatligi diliga o‘tirishgandi uning. Ana shu odamdan madad-u, maslahat izlab, Andijoniga yo‘l oladi u.
Fazliddin asalchi uni ko‘rib quvonadi, mehmon qiladi. Asalari boqishni o‘rgatish bilan kifoyalanmay, quti, chorcho‘p, «Asalarichilik» degan kitob ham berib yuboradi. Yodgorxon aka qishlog‘iga qaytib, ishga sidqidildan yopishadi. Ikki yil davomida asalari qutilari yigirmadan oshadi. Ammo o‘sha yili qish qattiq kelib, ularning bari qirilib ketadi. U tushkunlikka tushmaydi. Eng muhimi, tayyor qutilar bilan birga tajriba, ishonch bor edi, asalarichilik nonini ozmi-ko‘pmi tatib ko‘rgandi.
Arilar qaytadan, tez ko‘paytiriladi. Ularni bahorda toqqa olib chiqar va g‘o‘za gullaganda, Qashqadaryoning cho‘ldagi yangi sovxozlariga ko‘chirardi. Uchinchi yili hosilni ko‘tara sotib, telejka xarid qildi. Bu moslamaga o‘ttiz qutidan ko‘proq ari sig‘ar va orqadagi uychasida yashash uchun sharoitlar yaratilgandi. U xotini - Istodaxonni olib, cho‘l sahrolarga ketar, toza havolarda ari boqishni xush ko‘rardi. Er-xotinning shirin xotiralar, totli orzular haqidagi suhbatlari har gal davomli va maroqli bo‘lardi.

* * *

Ular qarindosh ham edilar. Yodgorxon akaning urushdan nogiron bo‘lib kelgan tog‘asi bor edi. Bir oyog‘i yog‘ochdan bo‘lishiga qaramay, tinim bilmas: yer chopar, daryodan baliq ovlar ( hozir baliqdan nom-nishon qolmagan), bog‘bonlik qilardi. Yaxshi odam edi, rahmatli. Istodaxon o‘sha kishining qizi bo‘lib, ularni unashtirish masalasi boshlanganda, «qarindoshlik» muammosi yuzaga chiqqandi. Ammo har ikki tomonning moyilligi sabab bo‘lib, to‘y qilishdi. U vaqtlarda Yodgorxonning ixtiyorida hali bog‘ ham, asalari ham yo‘q edi. O‘shanda ozgina guruch damlab, qishloqqa osh berishdi, xolos. Kelin-kuyov ham shu qashshoqqina hayotga qanoat qilgan holda, bir-birlariga mehr qo‘yib, sadoqat ko‘rsatib ro‘zgurzonlik qildilar. Ammo omad ularga o‘ng qo‘lini cho‘zmadi: yetti yilgacha farzand ko‘rishmadi. Ozgina topganlari ham doktor, tabib, azayimixonga ketdi. Doktorlar: bu - qarindoshga uylanishning oqibati ekanligini aytishsa hamki, umidlarini uzmay, bir-birlariga ta’na, malomat yog‘dirmay yashadilar.
O‘sha - asalari boqishga kirishgan yili xotini qulog‘iga sekin, g‘ayritabiiy shivirlab qoldi.
– Hayz ko‘rganimga ellik kundan oshib qoldi.
Yodgorxon behad quvongan bo‘lsa-da, hayajoninin yuzaga chiqarmadi. Keyin birinchi farzandni intiqlik bilan kutdilar.
Ammo tag‘in omadsizlik yuz ko‘rsatdi: bola o‘lik tug‘ildi. Noumid - shayton, debdilar; ular nomi chiqqan doktorlar, nafasi o‘tkir domlalarni izlab topdilar, o‘shalarga e’tiqod qo‘ydilar. Uch yildan keyin ayol homilador bo‘ldi. To‘qqiz oydan keyin dunyoga kelgan o‘g‘illariga bobolari nomi (Porsoxon)ni berishdi. Ammo bola g‘alati edi: loqayd, karaxt, harakati sust... Uni ko‘rgan kishi beixtiyor: «Bola bo‘lsa, sho‘x bo‘lsin» degan naqlni eslab qolardi. Porsoxon uch yoshga to‘lgandan keyingina qo‘rqa-pisa yuraboshladi. Zehni o‘tmasligidan maktabda ham o‘qiyolmadi: shunchaki borib keldi. Birov buyursa ishlar, bo‘lmasa kun bo‘yi o‘tirar, o‘zidan o‘n yoshlar kichik bolalar yoki qizlar bilan uynashni xush ko‘rardi. Biror savol yoki maslahat bersangiz. «Siz nima desangiz, shu…», degan iborani takrorlardi.
Oradan tag‘in yetti yil o‘tgach, (ular umidlarini uzib, doktor-u domlalarga bormay qo‘ygan edilar) Istodaxon tag‘in o‘g‘il ko‘rdi. Bunisiga otasining nomini (Buzrukxon) berishdi. Bolakayning ko‘zidan o‘t chaqnardi! Qorachiqlari, negadir, ko‘m-ko‘k edi uning. Yodgorxon avlodini ko‘z o‘ngiga keltirib, biror kishi ko‘k ko‘z bo‘lganini eslolmadi va miyasiga kelgan shum xayoldan seskandi. Ayolning makri ming tuyaga yuk bo‘ladi, degan naqlni eslab, gohida cho‘l, sahrolarda uni yolg‘iz qoldirganini, xotinining oldiga dala qorovullari, asal xarid qiluvchilar kelishini o‘ylab, xayolga toldi. Sanatoriyaga birga borishardi, ammo ayolini o‘sha yerda qoldirib, aridan xabar olishga ketgan paytlari ham bo‘lgandi.
Keyin, nogahonda bu noxush gumonlaridan nadomat chekdi. «O‘zing farishta bo‘lganingda ham mayli edi-ya, Yodgorxon», dedi ming‘irlab.
Buzrukxon fizika-matematika sohasida iqtidorli bo‘lib chiqdi. Maktabda muallimlar yecholmaydigan misollarning javobini osonlik bilan chiqarib berardi. Keyin hech kimning madadisiz institutga o‘qishga kirdi. Bitirgach, o‘sha yerga kompyuterchilar guruhiga ishga olishdi. Yil o‘tmay guruhga rahbar bo‘ldi.

* * *

Yodgorxon aka katta o‘g‘li - Porsoxonni uylantirishi tafsilotini gapirishdan oldin, undan yigirma yillar muqaddam sodir bo‘lgan qiziqarli voqeani hikoya qilib berishga to‘g‘ri keladi.
O‘sha yili yozda asalarilarini Karshi cho‘liga ko‘chirgandi. Bir tomoni yangidan o‘zlashtirilib, g‘o‘za ekilgan, bir yog‘i ufqqa tutashib ketgan, hali o‘zlashtirilmagan sahro edi. Yumushlar er-xotin o‘rtasida o‘z-o‘zidan taqsimlangandi - Yodgorxon aka arilarni ko‘zdan kechirar, mashinasi bilan do‘kon-u bozordan zaruratlarni xarid qilar, asalni ko‘tara oluvchilarga sotardi. Istodaxon esa o‘sha qutichaday xonada ovqat pishirar, dasturxon bezardi. Katakday keladigan taxtali uychada hamma sharoit yaratilgandi: toza suv, ballonli gaz o‘choq, mashina ( eskigina «Jiguli»si bor edi o‘shanda) akkumlyatoridan kuch oladigan televizor.
Istodaxon ilgariroq bel, oyoq, buyrak og‘rig‘iga duchor bo‘lgandi. Kechqurunlari Yodgorxon atrofga alanglab olgach, xotinini bel, oyoqlarini uqalab qo‘yishdan or qilmas, shunda ayoli daf’atan yengil tortib, uni o‘pib olardi.
Shu atrofda, omonatgina chaylada istiqomat qiladigan dala qorovulidan bo‘lak zog‘ ham bo‘lmasdi. Yodgorxon aka har yakshanba tuman markazidan xarid qilgan ne’matlaridan ularga ham berib turardi.
Istodaxon qo‘li gul pazanda edi. Xo‘jayini olib kelgan masalliqlarni shunday ham mazali va rango-rang qilib pishirardiki, har qanday xo‘randaning tahsin aytmay iloji yo‘q edi. O‘sha kuni kechquran u qoni sizib turgan mol jigarini andak tuz, murch, ziraga aralashtirib oldi, keyin suvi silqishi uchun bir muddat lattaga o‘rab qo‘ydi, piyozni maydalab to‘g‘radi va shu barobarinda qozonni qizitdi. Yodgorxon aka arilarga qo‘shimcha chorcho‘b qo‘yguncha, jigar kabobni dasturxonga tortdi, yoniga issiq choy, turfa gazaklarni qatorlashtirdi. Toza chinni tovoqcha, sochiq, pichoq, sanchiq o‘z joyini topdi.
Xo‘jayin yuvinib olib, xonachaga kirdi-yu, kabobning ishtahani ochib yuboruvchi hididan, stoldagi ne’matlardan zavqi jo‘shib ketdi va dasturxonga imlab: «Bu ayshni topolmas jahon sultoni», dedi. U o‘rnashib olgandan keyin Istodaxon shoh qarshisidagi kanizakday yengilgina ta’zim aylab:
- Dadajonisi, buyuring, bakalashkani olib kelaymi?- dedi, xazilomo‘z va shohista tavoze bilan.
Shu o‘rinda, shoirlar tili bilan aytganda, qitday lirik chekinish qilishga ijozat bersangiz.
Yodgorxon aka tabiatan ichkilikka qarshi - uning araq ichganini hech kim ko‘rmagan. Ammo har yili o‘z qo‘li bilan qora uzumdan vino tayyorlab, eman daraxti yog‘ochidan yasalgan, yigirma besh litrli bochkasini to‘ldirib qo‘yadi. Yil bo‘yi mehmonlarga suzib beradi, asalarini olib chiqqanda, uch-to‘rt bakalashka olib ketadi.
Istodaxon, boya nimani nazarda tutganini a’lofahm o‘quvchi fahmlab olgandir, albatta. Zero, «dadajonisi» ham zukko odam edi - she’r bilan lutf ayladi.
- Men mayni dilxushlik uchun ichardim, Bugunchi yonimda siz bor, ichmayman!
«Siz bor» degan jumlani aytganda, Istodaxon tomon nozik imlab yuborgani uchun bo‘lsa kerak, babbaravariga qah-qah otib kulishdi.
Bir holatga e’tibor berganmisiz? Xotin ham ko‘pincha hatti-harakatlari, fe’li bilan eriga o‘xshagan bo‘ladi yoki yillar o‘tib, unga moslashadi. Istodaxon ham bundan mustasno emasdi. U ham xo‘jayini boya ikki misrani andak o‘zgartirib qiroat qilgani uchunmi, yoki yodidan chiqqan ekanmi - ayrim so‘zlarni qo‘shib she’r o‘qidi.
- Yigit omon bo‘lsa, xavf-u xatar yo‘q, Qo‘rg‘on but, asal mo‘l, men ham salomat…
Ular tag‘in qah-qah otishdi. Eh, shirin edi - bularning bari!
- Taslim bo‘ldim,- dedi Yodgorxon aka ikki qo‘lini ko‘tarib,- meni yigitga chiqarganingiz uchun ichmasam bo‘lmaydi! Ammo mastligim chatoqligini unutmang.
- Yoqmay o‘lsin,- dedi ayoli o‘ziga xos karashma bilan.
U piyolani bo‘shatib, og‘ziga gazak solishi bilan xalloslaganicha dala qorovuli kelib qoldi. U favqulodda hol ro‘y berganini taxminlab, hushyor tortdi.
- Eshon bovo (U Yodgorxon akaga shunday deb murojaat etardi) keliningizni dard tutdi…
«Eshon bovo» ham vaziyatni tushundi, xotiniga nimalarnidir tayinlab, mashinasi motorini o‘t oldirdi. Chaylagacha mashina borolmasdi - yo‘l yo‘q edi. Ayolni yetaklab chiqishdi. U «Jiguli» rulini tuman markazi tomon burdi. Yarim yo‘lga borganda, ayolning bezovtaligi oshdi. Yodgorxon xavotirga tushib, tezlikka tezlik qo‘shganda, panadan Davlat avtomobil nazorati noziri chiqib, iddao aralash tayoqchasi bilan yo‘lning chekkasini ko‘rsatdi. Boya shoshib, jomakori bilan yo‘lga chiqqani, hujjatlari, puli u cho‘ntagida qolib ketgani, buning ustiga, jilla kayfi borligini eslab, borini qimorga tikkan kishiday nadomat chekdi.
- Haydayvering! Enasini buni…!- dedi xotinining yonida o‘tirgan dala qorovuli, tang bo‘lib.
Yodgorxon aka yo‘l mirshabini urib ketmaslik uchun tezlikni bir oz susaytirib, uning yonidan o‘tdi-yu, gazni bosdi.
Aslida Yodgorxon aka odob va tavozelarnigina emas, qonun-qoidalarni ham o‘rniga qo‘yadiganlardan edi. Yoshligida qiyinchilik bilan voyaga yetgani, turli joylarda har xil feldagi kishilar bilan yuzma-yuz bo‘lganligi uni shu ruhda tarbiyalagandi. Ammo hozir mashinani to‘xtatsa, ayol…
Bu holni nopisandlik deb bilgan yo‘l noziri jahl bilan mototsikliga minib, uni ta’qib qilaketdi. Rostini aytganda, o‘sha paytlarda bu hududdagi militsionerlar anchayin zolim va johil bo‘lishardi. Shunga qaramay, uning quvib o‘tishi uchun yo‘l bermadi: oldingga o‘tsa, yo‘lni to‘sishi, vaqt boy berilishidan cho‘chidi. Faqat shifoxona (tug‘ruqxona ham shu yerda edi) hovlisiga kirgandan keyingina tormozni bosdi va shasht bilan ichkariga yugurdi. Hademay hamshiralar chiqishdi va galalashib ayolni ichkariga olib kirdilar. Yodgorxon aka tashqariga chiqsa, ko‘zi qonga to‘lgan nozir mashina oldida turibdi. Noxushlik ruy bermasligi uchun uzoqdan turib kechirim so‘ragan bo‘ldi.
- Dokument?- talab qildi u javoban.
- Ukajon, o‘zingiz ko‘rdingiz-ku,- zorlangan bo‘ldi Yodgorxon aka,- shoshgandan hujjatlarni ham ololmabman.
- Kalitni bering, moshinni olib ketaman,- dedi u o‘sha jahl bilan.
Shu payt ichkaridan chiqib kelgan dala qorovuli bu mashmashani ko‘rib, darg‘azab bo‘ldi.
- Hov milisa uka,- dedi yarim iltimos, yarim dag‘dag‘a ohangida, sizda insof bormi?
Yodgorxon aka uni tinchlantirdi, nozirga benzin datchigini ko‘rsatib, uqdirishga kirishdi.
- Qarang, benzin tugagan, nariroq borib, yo‘lda qolib ketasiz.
Aslida benzin bor edi, ammo moslama buzuqligi sabab uning strelkasi nolning ustida turardi.
U jilla uylanib, ikkilanib turdi.
- Unday bo‘lsa nomerni yechib olaman,- dedi va mototsiklidan ombir olib kelib uni yechishga kirishdi. Zanglab ketgan boltlarning bittasini yechishga ulgurmasdanoq, ichkaridan hamshiralar yugurib chiqishdi.
- Suyunchi beringlar, suyunchi!
Hammalari sarosimalanib qolishdi.
- Mana bu kishi tog‘asi bo‘ladilar,- dedi Yodgorxon aka noiloj nozir tomon imlab,- suyunchini shu kishi beradi.
Militsioner labining bir chekkasi bilan iljaydi va allaqanday hijolatvozlik bilan mototsikliga minib, jo‘nab ketdi.
Yodgorxon aka hamshiralarni quruq qoldirmadi: kabinadagi bir paqir (sotishga mo‘ljallab qo‘ygandi) bolni qizlarga uzatib yubordi.
Shundan keyin qizaloqning nomi bu yerda Asaloy bo‘lib qolgan ekan; keyinroq ota-ona ham shu nomni tanlab qo‘yaqolishibdi.
Har yil yoki yil oralab o‘sha tomonlarga arilarni olib borishganda, ular Asaloyga ham sovg‘a-salomlar olishar, tanish chaylaga kirib, qizaloqni mehr bilan bag‘rlariga bosishar, sog‘lig‘i, o‘qishlari bilan qiziqishardi.
- Maktabni bitirsang, o‘zim o‘qishga kiritib qo‘yaman,- derdi asalchi amaki.
Shunday bo‘ldi ham: Asaloy o‘rta maktabni bitirgach, meditsina kollejida ishlaydigan tanish o‘qituvchining uyiga bir paqir asal olib borib, iltimosini aytdi. U ham yordamini ayamadi.
Oradan uch yil o‘tgach, er-xotin yangi liboslarini kiyishdi, atirlar sepishdi, ungacha xizmatkor mashinaning ichi-tashini yaltiratib tozaladi. Ular bu gal o‘sha tanish chaylaga sovchilikka yo‘l olgandilar. Yo‘q, o‘g‘illarining andak karaxtligi va bu orada hech kim unga qiz bermasligini nazarda tutib, noilojlikdan shunday yo‘l tutishgan, deyishimiz noo‘rin bo‘lardi. Ular Asaloyni, uning ota-onasini bilishardi va garchand, qorachadan kelgan, bo‘yi past bo‘lsa ham cho‘l sharoitida katta bo‘lgan mehnatkash, serbardosh qiz ularning koriga yarashini, qo‘lidan ish kelmaydigan farzandlarining og‘irini yengil qilishini, unga nopisandlik qilmasligini nazarda tutishgandi. Porsoxonning layoqatsizligini bo‘lajak quda yoki kelindan pinhon tutib ish ko‘rish ilinji ham yo‘q edi ularda: Asaloyning ota-onasi ham, uning o‘zi ham bo‘lajak kuyovni bir necha bor ko‘rgan, gaplashgan edilar.
- Eshon bovo, bizar qoracha-ku,- buyog‘i qanday bo‘ladi?- dedi Asaloyning otasi uzoq sukutdan keyin.
- Bobomizning ayollari ham eshonzodalardan bo‘lmagan,- javob berdi u,- barimiz ham Xudoning bandasimiz.
Yodgorxon aka katta to‘yga, isrofgarchilikka, ichkilikka qarshi bo‘lsa hamki, bu taomilni buzdi: atrofdagi qishloqlarga ham xabar yubordi, araq deganlarini to‘ldirib tashladi, Toshkentdan nomdor artistlarni olib keldi, kurash bo‘ldi.
Asaloy bu xonadonga avvaldan ozmi-ko‘pmi ko‘nikkani uchun ( u ayrim dam olish kunlarini shu yerda o‘tkazardi) bo‘lsa kerak, tez kirishib ketdi. Qaynotasiga «Mullaamaki», yoki shunchaki «Dada», qaynonasiga «Ayamullo», eriga «To‘ram» deb murojaat qiladigan bo‘ldi. Yodgorxon aka birinchi haftadayoq yangi kelinchakni asalari qutisi oldiga olib borib, saboq bergani sira yodidan chiqmasa kerak.
- Asalari deganlari begona odamni chaqadi, mabodo tanish kishisi ham bilibmi-bilmaymi noxush munosabat qilsa, ayab o‘tirmaydi. Shuning uchun har ehtimolga qarshi, boshingizga mana bu to‘rni kiyib oling. Qopqoqni sekin ochish kerak: mabodo taqirlab ketsa soqchi arilar bezovta bo‘ladi. Mana bunday. Endi arining holati kuzatiladi: chorcho‘b olinib, diqqat bilan qaraladi. Mana bu - ishchi ari, bunisi - shoh, mana bu tekinxo‘rlar - erkaklar. E’tibor bilan qaraysiz: arilar tuxum qo‘yayabdimi, asal to‘playabdimi. Bekorchixo‘ja erkaklar ko‘payib ketmayabdimi.
- Ko‘payib ketsa nima qilish kerak?
- O‘ldirish kerak!
Bu yumushlarni u tez o‘zlashtirib oldi. Shu bilan birga gohida otga minib, bog‘ tomonga yo‘l olar, u yerda kimlar meva terayotganini nazorat qilar, kalitlar shodasini sharaqlatib, yerto‘laga, narigi hovliga yugurar, qo‘li-qo‘liga tegmasdi, Kelinini kuzatib, Yodgorxon aka ichki bir mamnuniyat bilan jilmayib qo‘yardi.
Yil o‘tar-o‘tmas u birayo‘la ikki o‘g‘il tug‘di. Taqdir ota-onasidan qisgan omadni Porsoxonga berganga o‘xshardi. Garchand Asaloyning o‘zi, avval ta’kidlaganimizdek, past bo‘yli, qorachadan kelgan bo‘lsa-da, o‘g‘illari oppoq, gavdali, sog‘lom, sho‘x edilar.
- Ikkovi ham bobomga o‘xshaydi,- derdi Yodgorxon aka har gal Hasanxon, Husanxonni entikib ikki qo‘liga olarkan, sevinchini yashirolmay.
- Kelin, siz endi bolalarga qarang, ro‘zg‘or ishlarini boshqalar bajaradi,- dedi u bir kun.
- Mullaamaki, unisini ham, bunisini ham uddalayman,- deb javob berdi Asaloy, boshini xam qilganicha.
Bolakaylar oilaga cheksiz quvonch ato etib, voyaga yetaboshladilar. Yodgorxon aka nabiralarini yaxshi ko‘rar, har kun bir-ikki bor ko‘rmasa turolmasdi. Oila uchun eng shirin davron boshlanganday edi. Dasturxon boshida duo qilganda, Yaratgandan ana shu totli damlardan benasib etmasligini iltijo qilib so‘rardi u.
- Sizlar kimning toychog‘i?- so‘rardi endigina tilga kirgan nabiralaridan.
- Sizzi toychog‘ingiz,- deyishardi ular bab-baravariga.
- Qani, erkaklarga bir ot bo‘laylik, derdi. So‘ng qo‘llari, tizzalariga tayanib, chorpo bo‘lar, o‘g‘liga buyurardi.
- Erkaklarni otga mindirib qo‘ying-chi.
- Siz nima desangiz - shu,- derdi u, sekin-sekin odimlab.

* * *

Asalarichilikda «razvedka» degan tadbir bor. Ya’ni asalarini ko‘chirishdan oldin, qaerda, qanaqa o‘simlik gullaganini aniqlashga to‘g‘ri keladi. Bizning tasavvurimizcha, giyohlar va dov-daraxtlar faqat bahorda gullaganday bo‘ladi. Aslida esa, tabiatda yil davomida gul bo‘ladi va arilar nektarsiz qolmaydi. Ko‘klam chog‘i daraxtlar, tog‘dagi o‘t-o‘lanlar chechak ko‘rsatsa, jilla keyinroq pasttekislikdagi chuchmomalar, lolaqizg‘aldoq, bo‘tako‘zlar o‘ziga chorlab qoladi. Yozda esa gul degani, bahordagidan ham serob bo‘ladi: g‘o‘za, kungaboqar, yantoq, oqquray…xullas, sovuq tushguncha davom etadi bu hol.
Bugun Yodgorxon aka, odatdagidek, Istodaxonni yoniga o‘tqazib, mashina rulini Baxmal tomonlarga burgandi. Bir kun oldin esa xotini uning ko‘ylagi, kostyum, shimlariga dazmol bosdi; yo‘lga chiqish oldidan o‘zi ham ohori to‘kilmagan plashini kiydi, yangi sharfini boshiga tashladi. Xizmatkor mashinani oynaday qilib yuvdi.
Ikkovlarining bog‘lar, sayxonliklarni ortda qoldirib, olg‘a intilishlari, u yerdagi eski tanishlari bilan uchrashishlari hamisha shavqovar, unutilmas bo‘lardi. Yo‘lda ham ular bir-birlariga gal bermay, xotiralar, yaxshi odamlar haqida gapirishni xush ko‘rishardi. Bunday lahzalarda ularni ko‘rgan kishi: Xudo ana shu er-xotinni, atayin bir-birlari uchun yaratgan, degan fikrga kelardi.
Aslida bu yerlardagi har bir soylik yoki yonbag‘irlar ularga tanish. Ammo ari qo‘yiladigan joylarni birov band qilgan yoki vaziyat o‘zgargan bo‘lishi ham mumkin-da.
Mashina olg‘a qarab intilar, Yodgorxon aka esa nabiralari haqida to‘lib-toshib gapirardi.
- Kechagina toychoqlarga ot bo‘lardim: chap qulog‘imni burasa, chapga, o‘ng qulog‘imni burasa, o‘ngga qayrilardim. Endi ikkalasi ham she’r aytadigan bo‘lgan. Ikkovi ham aridan qo‘rqmaydi. Bunday boladan arichi chiqadi! Men bunga ishonaman!
- Lekin umringdan baraka topgur, kelinimiz binoyi chiqdi,- gapga qo‘shiladi xotini, sizni bir pas ko‘rmasa xavotiri oshib izlab qoladi. Tinim bilmaydi o‘zi ham.
- Nimasini aytasiz? Bahosi yo‘q-ku buning…
Shu payt Yodgorxon akaning qo‘l telefoni musiqa chalib qoladi va suhbat uziladi. U mashina tezligini susaytirib, telefonni qo‘lga oladi. Nari tomondan ayol kishining rus tilidagi savoli eshitiladi.
- Eto vы? Mojno govorit?
Yodgorxon aka andak sarosimalanadi, nima deyishini bilmay, duduqlanadi va ikkilanib javob beradi.
- Ni tuda popali.
- Ponyatno,- deydi ayol javoban.
Ular jimib qolishadi. Sukunatni Istodaxon buzadi
- Xo‘jayin, bu - Kristinaning ovozi-ku…
«Xo‘jayin» andak noo‘ng‘ay vaziyatga tushadi.
- Ha, o‘sha,- deydi, noiloj.
- Avallari kelib turardi, daragi bo‘lmay ketdi,- davomini eshitgisi kelib, tergab qo‘yadi, sal hayallikdan keyin Istodaxon.
Yodgorxon aka nima deyishni bilmay qoladi.
Kristina deganlari qirq yoshdan oshganiga qaramay, to‘ladan kelgan, suluv ayol. U veterinariya laboratoriyasida ishlaydi. Bundan to‘rt−besh yil ilgari viloyatda asalarilar ko‘plab nobud bo‘laboshladi. Sinchiklab tekshirishsa, ularni yapon kanasi nobud qilayotgan ekan. Faqat lupada ko‘zga tashlanadigan bu zararkunandaga qarshi Yaponiyadan dori olib kelishdi. Uni ilk bor Yodgorxon akaning arilariga o‘sha Kristina degan ayol sinab ko‘rgandi. Kanalar yo‘qotildi, ammo Kristina tez-tez kelib turadigan bo‘ldi. Keyinroq tirik ishchi arilardan yigirma-o‘ttiztasini shisha idishga solib, olib ketadigan odat chiqardi. Ayon bo‘lishicha, podogra kasalligini ari chaqdirib davolashni o‘rgangan ekan. Kristina arichilikni nazariy jihatdan yaxshi bilardi. Bu borada u o‘qimagan kitoblar kam edi. Ularni amaliyotga joriy etish uchun esa Yodgorxon akaday sofdil, izlanuvchan kishi zarur edi. Ularni ilk bor birlashtirgan narsa ana shu intilish bo‘lsa ajab emasdi. Bu yog‘ini esa Xudo biladi.
Kristina qaybiram kitobda ari oilasini jadal usulda ko‘paytirish yo‘llarini o‘qiganini aytib berganda, Yodgorxon aka darhol o‘zlashtirib oldi. Usul anchayin jo‘n bo‘lsa-da, samarali edi. Buning uchun asalari kataklaridan biriga qalamning orqasini suqib uni kengaytirish, so‘ng unga boshqasidan shprits bilan ozgina asalari suti olib tomizish talab etilardi.
Garchand hikoyamizning ayrim o‘rinlari arichilik haqidagi qo‘llanmani eslatsa hamki, «asalari suti», degan iboraga sharh berishimiz lozimga o‘xshab qoldi.
Asalari degan jonivor bol, propolis degan shifobaxsh ne’matlardan tashqari sut ham beradi va u tabobatda juda qadrlanadi. Odatda ari bolalariga ozuqa bo‘lishi uchun inning tubiga zarragina sut qoldiradi: tuxum va g‘umbaklar shu hisobda o‘sib, voyaga yetishadi.
Xullas, Yodgorxon asalchi shu tariqa sun’iy inlardan shoh ari chiqarishni o‘rganib oladi. Shoh ari chiqdimi, uni bir rom ishchi arilar bilan ajratib olinsa, yangi oila paydo bo‘ladi.
Bahor paytlari Yodgorxon akaning qo‘l telefoni tinmay jiringlar, hatto boshqa viloyatlardan ham asalari oilasiga xaridorlar chiqar va u yaxshi daromad olardi.
Bu orada Istodaxon tag‘in bir holni idrok etganini ta’kidlamoq kerak: Kristina kelganda, erining kayfiyati ko‘tarilar, ko‘zlari yashnab ketar, xuda-behudaga kulaverardi. Hayallab qolsa, xavotirga tushar, ustma-ust telefon qilar, gohida bir banka asal ko‘tarib, uni izlab borardi.
Istodaxon erini zohiriy rashk qilardi, albatta. Ammo buyragi va beli og‘rigani bois, uning shahvoniy talabini qondirolmas va shu sabab erkak zotini tushunish lozim, degan mujmal va mavhum mushohadalari ham yo‘q emasdi.
Kristinaning eri Rossiyaga ko‘chib ketgani, o‘zi esa qizi bilan shu yerda qolganidan xabardor edi. Bu ayol asalari zaharini yangicha usulda olish tashvishida yurganda, Istodaxonning istehzoli nigohlaridan cho‘chidi va qadamini deyarli uzdi.

* * *

Asalchi, bir o‘ris ayolni «Neksiya»siga mindirib yurgani, choyxonada ham gap bo‘lgandi.
- Boboy hali dajam,- dedi kimdir bu gapni eshitib.
- Bir devorzan, beliga belbog‘ini bog‘lab olib, yettinchi paxsaga loy otarkan,- rivoyat aytishga kirishdi Nasriddin traktorchi deganimiz, maroqli mavzudan ilhomlanib,- sheriklari qarashsa, belbog‘ning ichida yettita tillo tanga bor ekan. Haligilar bildirmay tangalarni olishibdi. Shundan keyin polvon to‘rtinchi paxsaga ham loy otolmay qolibdi. Tangani joyiga qo‘yishsa, tag‘in avvalgi holiga kelibdi. Dilga ham, belga ham, undan pastiga ham quvvat ato etadigan narsa, o‘sha - «qizilcha».
Ular gurillab kulishdi va boshqa mavzuga o‘tib ketishdi.
Yo‘q, qishloq choyxonasini g‘iybatxona deyish noo‘rin. Aksar erkaklar bekorchixo‘ja bo‘lgandan keyin qaerga ham borishsin, nima ham qilishsin? Mol-holni podachi boqadi, ro‘zg‘or yumushlari ayollar zimmasida. Biror tashabbus boshlash, masalan, biznesga qo‘l urish uchun saviya, malaka, sarmoya, elekr toki kerak. Bunday paytda gapdan gashtak yasab o‘tirishdan o‘zga nimaga ham yaraydi kishi?!
Bu yerda ikki xona bo‘lib, birida yoshlar narda, shaxmat, shashka surishadi. Ikkinchisida yoshi kattalar gapxonlik qilishadi, karta o‘ynashadi. Ko‘proq elektr tokidagi uzilishlarni muhokama qilishadi: allaqanday amaldorlarni ro‘yi-rost, boloxonador qilib so‘kishadi. So‘kmay bo‘ladimi: so‘xtasi sovuqlar, ertalab ikki soat, kechqurun ikki-uch soat tok berishadi, xolos. Avvallari qishloq ahlining elektr ta’minoti idorasidan katta qarzdorligini vaj qilishardi. Pul yig‘ib, qarzlardan qutulgandan keyin ham ahvol tariqcha o‘zgarmadi.
- Shu svetchilarni katta itiga ham kirdim,- deydi hamma Do‘m bovo deb ehtirom ko‘rsatadigan otaxon, «katta» so‘ziga urg‘u berib,- «Simlarni yangilash kerak, ular o‘n besh o‘rniga qirq yildan beri ishlayabdi - jilla kuchlanishga ham tob berolmayabdi», deydi. «A, yangilang!» desam: «Buning uchun falon million kerak», deydi.
Ishsizlikdan ham nolib qolishadi. Atrofdagi tog‘lardan katta kon chiqib, hammaning ishli bo‘lishini orzu qilishadi. Siyosat haqida gap boshlab qolishsa, AQShning zo‘ravonligi, Rossiya prezidentining xushfe’lligi, Eron sarvarining jasurligi ham e’tibordan chetda qolmaydi. Jumabozorda nima arzon, nima qimmatligi, uning sabablarini ipidan-ignasigacha muhokama qilishadi. Shu bilan birga, o‘zga yurtlarga ishga ketgan bolalari, qavmlari, ularning nasibaga yarasha topishayotganligi, ishboshilarning nopisadligi yoki odamoxunligini sanab o‘tishadi.
Bu yerda araq ichish, hatto nos chekish ham mumkin emas, ichganlarni rosa yomonlashadi, lekin goh-gohida, ayniqsa harifona qilishganda, o‘shanda ham choynakda, qitday-qitday qilishadi.
Aslida g‘iybat, ig‘vo ham araqqa o‘xshaydi: uni qoralashadi-yu, beixtiyor u tomonga og‘ib ketishadi.
Nazarimizda, g‘iybat va ig‘voning talay sabablari bor. Birinchidan, buning tagida allaqanday zohiriy manfaatlar yotadi. Ana shu manfaatlar to‘qnashganda, g‘iybatga yo‘l ochiladi. Balki bu birinchisi emasdir. Yuqorida aytganimizdek, hammamiz boy bo‘lishni istaymiz, ammo boylarni yoqtirmaymiz. Shu sabab ularni g‘iybat qilishga moyildirmiz. Balki mentalitetimiz shunaqadir.
Bilmadim, bilmadim, bilmadim…
- Shu kecha Eshon bovoning bog‘idan miltiq gumburladi: kim eshitdi?- dedi Nasriddin traktorchi, mavzuni avvalgi o‘zanga burish ilinjida.
Aslida gap miltiq tovushida emasdi. Miltiq ayrimlarni hurkitib qo‘yish maqsadida otilishini va bu ko‘plarning diliga o‘tirishmasligini Nasriddin yaxshi bilganligi uchun shu gapni aytgandi. Choyxonaning doimiy muxlislaridan biri - Basirxon ham buni yaxshi tushungandi. Ammo uning o‘z manfaatlari bor edi: «bobomdan qolgan «qizilcha»dan mening ulushimni bermayabdi», degan zohiriy ta’ma hamon uning ich-ichini tatalardi.
- Qo‘yinglar, bizning amakivachchani,- dedi u,- foydasi yo‘q. Birov Xudoning bandasi, birov xotinining.
Buni o‘tga o‘tin qalash, desa, ehtimol o‘rinliroq bo‘lardi.
- Bu gap to‘g‘ri,- davom etdi traktorchi,- xotininig oyog‘ini uqalaganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman…
- Yo‘g‘-ey!- bir necha kishi hayratlanib, u tomonga o‘girilishdi.
Nasri deganimiz, avallari o‘rmon xo‘jaligining «Belarus» traktorini haydardi. Keyin bu texnika kolxoz hisobiga o‘tdi. Kolxozlar tugashi arafasida Yodgorxon aka uni sotib oldi. Shinalari, motorining ayrim qismlarini yangilashga to‘g‘ri keldi.
- Nasriddin, traktorni o‘zingiz haydayverasiz, ammo tomorqa-pomarqa degan gap yo‘q,- dedi u. -Telejkani sudrab borasiz, olib kelasiz, traktorga yaxshi qaraysiz, u bizning hovlida turadi. Kolxozga qaraganda ikki hissa ko‘p haq to‘layman!
Ammo Nasriddin deganlari juda loqayd, ishyoqmas edi, zamon o‘zgarganligini, endilikda bu traktor xususiy mulkka aylanganini idrok etmas yoki buni tan olishni istamas, traktorni ta’mirlab turish, tozalashni xayoliga ham keltirmasdi. Tomorqalarni haydash hisobiga cho‘ntagiga tushadigan to‘rt-besh so‘mdan mahrum qilinishi esa dard ustiga chipqon bo‘lgandi. Xullas, ana shu illatlar sabab bo‘lib, Yodgorxon aka uning bahridan kechdi, Tangriberdi degan kishini ishga oldi.
Tangriberdi deganimizga ta’rif beradigan bo‘lsak, uning o‘ttiz yoshlarning nari-berisida ekanligini, anchayin ishchanligini ta’kidlab o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Bu arabbashara yigit Qozog‘istonda ikki yilcha ishlab kelgandan beri anchayin uddaburro, tejamkor, vaqt va pul deganning qadriga boradigan bo‘lgan. Nachora, musofir bo‘lmasang, musulmon bo‘lmas ekansan-da. O‘zining aytishiga qaraganda, u yerda bedana tuxumini ko‘paytirib sotadigan bir qozoq cholning xizmatini qilgan ekan.
- Men ikki yil uning tuzini tatidim, g‘iybat qilishim uvol-u, ammo uyiga gado kelsa, ushlab uradigan nojins edi. Bizni inson o‘rnida ko‘rmasdi: hojatxonasigacha tozalatardi. U yerda ishdan or qilmaysan, chunki seni tanish-bilishlaring ko‘rmaydi. Bu yerda qo‘lingni sovuq suvga urishdan nomus qilasan. Alam suyak-suyagimga o‘tib ketgandan keyin boyning biznesini o‘rganishga ahd qildim: bedanani ko‘paytirish, ularni oziqlantirish, dori berish asrorlarini «o‘g‘irladim».
Tangriberdi qishloqqa qaytib, bedana ko‘paytirishga kirishdi: mardikorchilikdan topib kelgan puliga qimmatbaho inkubator, simto‘r, ozuqa, vitaminlar, dori-darmon sotib oldi. Jonivorlar tez ko‘paydi, ko‘pchilik borib tomosha ham qildi. Bu haqda gazetalarga yozishdi. Ammo nogahonda omad yuz o‘girdi: bedanalar endi tuxumga kirayotgan paytda allaqanday kasalikka chalinib, qirilib ketdi.
- Bariga o‘zim aybdor,- deydi bu haqda gap ketganda,- hali ishni boshlamasdan, olamga jar soldim, kim borsa, ko‘rsatib maqtandim. Qozoq chol pashshani ham yo‘latmasdi: «ko‘z tegadi», derdi. O‘shaning aytgani bo‘ldi.
Tangriberdi hozir tog‘dan tog‘piyoz (anzur) yig‘ish, uni qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. Aniqrog‘i, tog‘piyozni obdon yuvib, avval bir muddat namakobga, so‘ng sirko, yoki uksus kislotasiga solib qo‘yadi. Ma’lum muddatdan (buni sir tutadi) keyin bankalarga joylab, og‘zini berkitadi. Bozorda bu noyob gazakning narxi falon pul. Aytishlaricha, qand kasalligini davolashda tengi yo‘q emish. Avval bozorga chiqarardi, hozir savdogarlar uyidan ko‘tara olib ketishadi. O‘zi hech kimga sir bermaydi, ammo ma’lumotlarga qaraganda, hozir tog‘piyoz urug‘ini ekib ko‘paytirayayotgan ekan. O‘tgan yil yaxshi hosil olgan, deyishadi. Shu bilan birga traktorni ham shaylab qo‘yadi - zarur bo‘ldimi - o‘t oldiradi. Lekin o‘z xo‘jasi haqida yaxshi gap ham, yomon gap ham gapirmaydi. Bu odamning kelajak haqidagi taxmini, tasavvuri juda noxush, sovuqroq ekanligini ham aytib o‘tishga to‘g‘ri keladi.
- Qishloqlar yo‘qolib ketadi: uchta-to‘rtta boy, uning besh-o‘nta xizmatkori qoladi, xolos. Boshqalar non izlab ko‘chib ketishadi: shaharlarga, o‘zga yurtlarga… Chunki boqimonda hech kimga kerak emas! Bir zamonlar Porsoxon eshon bovo uch-to‘rt oilani ko‘chirib kelmaganda, bu qishloq ham bo‘lmasdi: zurriyotimiz sildan nobud bo‘lib ketardi. Endi bizni faqat boylar saqlab qolishi mumkin.
Uning bu gapi ko‘pchilikka yoqmaydi va tabiiyki, ko‘plashib unga qarshi chiqishadi, muhokama qilishadi.

* * *

Yuqorida Do‘m bobo degan oqsoqol haqida so‘z yuritgan edik. Bir vaqtlar kolxozga, keyin qishloq Sovetiga (u paytlar shunday nomlangan) rais bo‘lgan bu otaxon bir kuni Yodgorxon akani ko‘rib, andak insofga chorlagan, gilalagan bo‘ldi.
- Eshon bovo, bu lesxoz zamonida ham, kolxoz payti ham shu traktor odamlarning koriga yarab turardi…
- U paytlar egasi yo‘q edi-da - jamoaniki edi, Do‘m bovo, moshiningizni odamlarning xizmatiga berib qo‘ymaysiz-ku..
- Berib qo‘yganman, Eshon bovo, berib quyganman,- dedi u kishi, vazminlik bilan,- birortasining to‘yi bormi, ta’ziyasi bormi - moshin tayyor. Axir, qishloqchilik…
Do‘m bovo to‘g‘ri aytgandi: bu odam borini qishloqdoshlari bilan baham ko‘rardi, o‘zi ham ularning xizmatidan foydalanardi: hamon yerini haydab, jo‘yak olib berish, xashagini o‘rish, tashish hamqishloqlar zimmasida edi.
Lekin Yodgorxon aka vazminlik qilib, ma’qullab qo‘yaqolgandi.
Choyxonada asalchi haqida gap qo‘zg‘algani uchun bo‘lsa kerak, Do‘m bobo nogahonda o‘sha guftugo‘ni xotirlab qoldi.
- Traktor topiladi, dedim, ammo qishloqdoshlardan ayro tushish yaxshi emas! Tirigimiz ham, o‘ligimiz ham shu tobutkashlar bilan…
- Kim nima desa desin-u,- dedi tag‘in birov,- asalchi, suv ham qattiq joyda turishini biladigan odam: birovga tiyinini ravo ko‘rmaydi. Zarur bo‘lganda, qarz so‘rab ko‘ring - undan pul o‘ndirish ignaning teshigidan tuya o‘tkazishday gap!
Bu gapni g‘iybatga yo‘yish, ehtimol o‘rinsizdir. Asalchining birortaga qarz bermasligi - bor gap. Buning sabablari esa uning o‘ziga va Xudoga ayon. Yo‘q, falon-falon kishilarga qarz berib, rosa nadomat chekkan, deb oqlash ham o‘rinsiz. Qarz bermaydi, vassalom! Ammo uni qurumsoqliqda ayblagan ana shu odam uch yil davomida bog‘idan yong‘oq, do‘lana terib sotganini, asalchiga tegishli haqni chala-chulpa berganini aytib o‘tish ortiqchalik qilmaydi. Buni boshqalar qatori, Basirxon ham yaxshi bilardi, albatta.
Bu orada mavzu boshqa tomonga − qimmatchilik masalalariga burilib ketgan edi, ammo kimdir Yodgorxon akaning qishloqdan birorta shogird tayyorlamaganini ta’na qilgach, suhbat tag‘in shu mavzuga qaytdi. Basirxon fikr yuritib qoldi: darhaqiqat, amakivachchasining yillar osha birorta shogird chiqarmaganini qanday izohlash yoki oqlash mumkin? Bu ichiqoralik, o‘taketgan xudbinlik emasmi? Buning ustiga qurumsoqligi, xasisligini to‘g‘ri ta’kidlashdi-ku. Agar shunday bo‘lmasa, unga tegishli oltinni berib ko‘yardi-da. Balki xotini aybdordir bariga. «Qizilcha» o‘sha yalmog‘izning ixtiyoridadir…
Lekin masalaning boshqa tomonlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Bir vaqtlar Basirxon katta o‘g‘lini unga shogirdlikka bergandi. Bola paqir birinchi bor ari chaqqandan keyin u yerga yo‘lamay qo‘ydi. Hozir bozorda aravacha haydaydi. Undan keyingi ayrim shogirdlar ari zahriga tob berib, o‘rganishdi, ammo quti, asalari va boshqa ashyolarni sotib olish uchun sarmoya topolmay, boshqa sohalardan panoh izlashdi; Yodgorxon akaning imkoni bo‘laturib, ularni qo‘llab-quvvatlashni xayoliga keltirmadi.
Barimizda ham nimxohish, ya’ni yarim istak degan bir illat bor. Balki buni nimnoxohish desa to‘g‘riroq bo‘lar. Boshqalar singari Basirxon ham amakivachchasini g‘iybat qilishlariga nimxohish bilan munosabatda edi. Yo‘q, Yodgorxon unaqa emas, deyishga o‘sha qosirlik to‘sqinlik qilardi.
Bizni, aslida barbod qiladigan illat − nimnoxohish emasmikin, deb qolasan kishi bunday paytda.
- Qancha tillosi bor, deb o‘ylaysizlar shu Yodgorxonning? O‘n kilo bormi?
Davraga tashlangan bu savol, ko‘proq Basirxonning dilini o‘rtantirish uchun aytilganini u sezdimi-yo‘qmi, bilib bo‘lmasdi. Shunda Tangriberdi oraga kirdi.
- «Qizilcha» deganlari kilo bilan o‘lchanmaydi. U tanga holatida bo‘ladi. Men ko‘rganman: o‘sha qozoq cholda bor edi - ko‘zimizni o‘ynatib maqtanardi, qiztaloq! Qo‘limga olib ko‘rganman: bir tomonida Nikolay podshoning rasmi, orqasida ikki boshli qush. Mullaakamizning bobosidan qancha ana shunaqa tanga qolgan-qolmaganini uning o‘zi biladi. Birovning cho‘ntagiga mo‘ralash yaxshi emas!
Bir tomonida Nikolay podshoning, ikkinchi tomonida esa ikki boshli qushning rasmi aks ettirilgan tillo tangalar! Ular Basirxonning dilini mushuk bo‘lib tatalayotgani, sichqon bo‘lib kemirayotganini anglash qiyin emasdi. Do‘konchining mash’um daftaridagi qarz esa kundan-kunga oshib borayabdi, Jumabozordagi dalloldan qarz ko‘targaniga bir yildan oshdi… U ortiq toqat qilolmadi:
- Qo‘yinglar, shu gaplarni!- dedi.

* * *

Basirxon choyxonadan chiqib uyi tomon ketayotganda, soyning nari tomonida, otda xayol surib ketayotgan Yodgorxon akani ko‘rib qoldi. Uning xuddi shu vaqtda bog‘ni aylanib kelish odati borligini bilardi. Dilini esa mavhum g‘ashlik egalladi.
- Aka, to‘xtang!- ham ovozi, ham qo‘lini ko‘tardi u.
Shu bilan birga nojo‘ya ish qilyabman, degan pushaymonlik, xavotir ham bosdi uni. Soyning katta-katta toshlari terib qo‘yilgan joyidan ehtiyot bo‘lib o‘tar ekan, gapni nimadan boshlashni o‘ylar, munosabatlarni buzib qo‘yishdan cho‘chirdi.
U odatdagidan quyuqroq salom berdi, hurmat yuzasidan otning jilovidan ushlagan, uning yuganiga ilinib qolgan xasni qoqib tashlagan bo‘ldi. Yodgorxon akani ham mavhum bir noxushlik, shubha seskantirganday bo‘ldi; shunga qaramay, nimtabassum qilib turdi.
- Aka, bu do‘konchidan qarzlar ko‘payib ketdi.
«Demak, qarz so‘raydi, o‘yladi o‘zicha Yodgorxon aka, araq ichguncha qarzni to‘lasa bo‘lardi, xumpar». Shunga qaramay, vaziyatini o‘zgartirmay turdi. - Aka, bizning ulushni qachon berasiz?
- Qanaqa ulushni?
- Bobomizdan qolgan Nikolay podshoning tangalarini aytayabman-da… Haligi, bir tomonida ikki boshli qushning surati…
Yodgorxon aka bir lahza tin olib turdi. So‘ng butun qahru g‘azabini ichga yutgan holda, o‘sha yumshoq ohangda iltimos qildi.
- Yuganni qo‘yvoring.
Basirxon yuganni qo‘ldan chiqarishi bilan, u otiga qamchi bosdi. Bu hol Basirxonning izzat-nafsiga tegib ketdi.
– Xudodan qo‘rqing, Xudodan! - dedi.
Amakivachchasining hamon miq etmay ketaverishi uni battar tutaqtirdi. - Teshib chiqadi!
Bu gap suyak-suyagidan o‘tib ketdi Yodgorxon akaning. U eng avvalo, choyxonadagi g‘iybatchilarni birma-bir ko‘z o‘ngiga keltirdi. So‘ng, asabi qaqshamasligi uchun, ko‘p yillik ko‘nikmasini ishga solib, xayolini boshqa tomonlarga chalg‘itish harakatida bo‘ldi.
U turli tuman, viloyatlarga asalari olib borib, musofirchilik, adolatsizlik sitamlarini rosa tortgan kishi edi. Ammo bugungi zarba baridan oshib tushganday bo‘ldi. Asabi qaqshagani sabab bo‘lsa kerak, o‘sha nohaqliklarning ayrimlari ko‘z o‘ngiga keldi.

* * *

O‘shanda arilar cho‘ldagi bedapoyaga qo‘yilgandi. U «Jiguli»si bilan bozorga borayotganda, qarshisida «Neksiya» paydo bo‘ldi. Mashina, xuddi beshiktebratardek, ko‘chaning goh chap, goh o‘ng tomoniga borib-kelayotganini ko‘rgan Yodgorxon aka rulda mast o‘tirganini taxminladi va cho‘chib, mashinasini bir chekkaga oldi, tormozni bosdi. Zum o‘tmay, «Neksiya» uning naq ustiga bostirib keldi. So‘nggi soniyada haydovchi rulni keskin burdi, shekilli, «Neksiya» yonboshi bilan «Jiguli»ning orqa eshigiga borib urildi, bir ag‘darilib, tag‘in o‘z holiga keldi. Yodgorxon aka yugurib borib, uning eshigini ochdi: ruldagi o‘smir hushidan ketgan edi. Orqa eshikni ochgandi, ikki yigitcha cho‘loqlanib chiqishdi-yu, Yodgorxon akani mushtlay boshlashdi. U avval o‘zini himoya qildi, so‘ng chekindi. Shu payt g‘alati hol ro‘y berdi: haligi jo‘jaxo‘rozlar o‘z-o‘zidan behush bo‘lib yiqildilar. Odamlar to‘planishdi, militsiya, «tez yordam» yetib keldi, protokollar tuzildi.
Ruldagi yigitchaning mastligi, oyog‘i singanligi aniqlandi. Uning otasi avval katta lavozimda ishlagan, ayni paytda notarial idora xo‘jayini ekanligini aytishdi. Yodgorxon aka oradan ikki-uch kun o‘tkazib, loaqal orqa eshikning xarajatini undirish ilinjida sobiq amaldorga uchrashishga qaror qildi. U befahm esa to‘ng-u takabburlik bilan, ruyi-rost po‘pisaga o‘tdi:
- Siz ikki bolani urib, hushidan ketgizgansiz!
- Yo‘q, taqsir,- bor gapni aytmoqchi bo‘ldi Yodgorxon aka,- ular issig‘ida dardni bilishmagan, keyin ta’sir qilgan, buni doktorlar ham tasdiqlashdi.
Yodgorxon aka shunday dedi-yu, suhbatdoshining sigir yeliniga o‘xshagan basharasidan biror ma’noni anglab ololmagach, xayrlashib qo‘yaqoldi.
Bunisi ham qo‘shni viloyatda bo‘lgandi. U asalarilarni ko‘chirib ketayotganda, katta maydonda kungaboqar qiyg‘os gullab yotganini ko‘rib qoldi. Traktorchiga to‘xtash ishorasini qildi va suvga yaqin, o‘ng‘ayroq joy topib, telejkani joylashtirdi. Istodaxon atroflarni tozaladi, suv olib keldi, kechki ovqatga unnayboshladi.
Gap shundaki, arilar bu o‘simlikdan juda ko‘plab gulchang olishadi. Ayrim o‘simliklarda nektar bor-u, gulchang oz; kungaboqar esa teskarisi. Ari, aynan o‘sha nektarni gulchangga obdon aralashtirib asal tayyorlaydi. Bundan tashqari u o‘ziga xos qurilish materiali hamdir. In qurishda asosan gulchanglarni ishlatadi. Ari har bor uchganda, tumshug‘iga nektar, oyog‘iga esa gulchang olib keladi.
Xullas, ular ishni saranjomlayotganda, bir shirakayf otliq paydo bo‘ldi. O‘zini brigadir deb tanishtirgach, po‘pisaga o‘tdi.
- Arini bu yerga qo‘yishga kim ruxsat berdi?
Garchand Yodgorxon aka bunday vaziyatlarga bot-bot duch kelgan bo‘lsa-da, ayni paytda nima deyishini bilmay qoldi. Odatda shunaqa toifalarning oldiga suyak tashlash - aniqrog‘i, bir banka asal berish bilan qutilardi. Bu ho‘kizning muomalasi esa lo‘lilarga qilinadigan to‘nglikka o‘xshab ketgandi.
- Arilar mana bu kungaboqaringizni changitib beradi, mag‘zi to‘q bo‘ladi,- dedi yumshoq ohangda.
- Ko‘taring, bu yerdan!
Yodgorxon aka xotinidan hijolat bo‘lib, yuqori ko‘tarilganda, negadir brigadir ham sarkashlik qilib, ortidan ergashdi va shunda arilar yoppasiga unga tashlandilar. Sho‘rlik otini ham olmay, qochib qoldi.
Arining tabiati shunaqa - araq hidiga toqati yo‘q. Umuman o‘tkir hidni hazm qilolmaydi. Yodgorxon aka hatto soch oldirganda, sartaroshga atr sepmaslikni oldindan iltimos qilib qo‘yadi. Bir shogird olgandi: sho‘rlik ko‘p terlardi. Ari esa ter hidiga toqatsiz. Shu sabab, boshqa kasb tanlab ketishga majbur bo‘lgandi.
Yodgorxon aka ana shu noxushliklarni xotirlar ekan, amakivachchasining muomalasi, aniqrog‘i, ta’masi baridan oshib tushganiga ishonch hosil qildi va bir afsonani esladi. Qaybiram zamon-u makonda zolim podsho bir begunohni toshbo‘ron qilib o‘ldirish haqida farmoni oliy beribdi. Shahar ahli hukmfarmo aytganidek, saflanib, haligi sho‘rlikka tosh ota boshlabdilar. Ittifoqo, shu odamlar orasida uning yaqin qavmi ham bor ekan. U boyaqish tosh otmabdi-yu, choponining yirtig‘idan bir laxta paxta olib itqitibdi. Shuncha zarbalarga tob bergan jabrdiyda bunisiga chidolmay, dod deganicha yiqilgan ekan.
Basirxonning yemagan somsaga pul talab qilayotganligi ham shunga o‘xshash alamli edi. Eng og‘ir zanjir oltin zanjir, deganlaridek, eng og‘ir vasvasa ham «qizilcha» vasvasasi ekanligini u yaxshi bilardi. Basirxonning mastligidan foydalanib, bundan keyin ham uni gij-gijlaydigan topilib turishi xavotirli edi, albatta. U xafa bo‘lib ketdi.
Darvoza oldida o‘g‘lining mashinasini ko‘rib ham dili yorishmadi. Unga peshvoz chiqqan Buzrukxon…

Mantiqni madadga chaqiradigan bo‘lsak, shu o‘rinda kichik o‘g‘il - Buzrukxon haqida andak qo‘shimcha ma’lumot berish talab etiladi.
U institutda kompyuter buyicha katta mutaxassis. Chet eldan qimmatbaho kompyuterlar, matbaa uskunalari olib kelishsa, avval shu yigitga murojaat qilishadi. U o‘z sohasini suv qilib ichgan mutaxassislardan. Qishloqda kim to‘y qilsa, rangli taklifnomalar tayyorlab beradi, bilimga andak ishtiyoqi bo‘lgan bolalarni o‘qishga olib ketadi, ammo biror kishidan tiyin ham ta’ma qilmaydi.
Ammo har to‘kisda bir illat, deganlaridek, o‘ta ishonuvchanligi, tavakkalchiligi, dangalligi dadasini zohiriy xavotirga solib turadi. Nachora, bizda iste’dodlar qusursiz bo‘lishmaydi. Uning ham oxir-oqibatini o‘ylamay ish tutadigan, so‘ng, ishkal chiqarib qo‘yadigan odati yo‘q emas. Buzrukxonda hamisha nimadir kamday yoki ko‘pday bo‘lib tuyuladi. Buning ustiga hech kimni tan olmaydigan - nigilist, sarkash. Olimlar haqida gap ketganda: «Ular qadimgi yunonlar kashfiyotini takrorlashdan narigi o‘tishgan emas», deydi; shoirlar xususidagi fikri ham pessimistik: «Aksariyati qishloqni ulug‘lab turib, shaharga qarab qochadigan yolg‘onchilar, haqiqatni aytolmaydigan qo‘rqoqlar», deb hisoblaydi. Televideniedan norozi - uning kelajagi yo‘q, deb biladi: «Atigi besh-olti yilda qo‘l telefoni televizorning barcha yumushlarini o‘z zimmasiga oladi», deydi.
Hozirgacha (yigirma yettiga kirdi) uylanmay yurganining sababi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bundan ikki yilcha oldin o‘zidan yoshi katta, eridan ajralgan, bolali ayolning domiga tushib qolganini gapirishga to‘g‘ri keladi. Shu ayolga uylanmoqchi bo‘lganini eshitib, ota tutaqib ketdi: avlodiga isnod keltirsa, oq qilishini aytdi.
«Unday bo‘lsa boshqasiga ham uylanmayman», dedi u.
«Uylanmasang, sadqai sar, ammo mening uyimga bu ayolni olib kelmaysan», degandi o‘shandi Yodgorxon aka uni sen-senlab.
Ungacha esa bir necha qizlarni tavsiya etganda, burnini jiyirgandi. Harqalay ayol chet elga ishga ketib, mashmasha oxiriga yetganday bo‘ldi.
Hayotda Buzrukxonga o‘xshagan kishilarni uchratish qiyin. Uning o‘z falsafasi, tarixi, iqtisodi borki, u boshqalarnikidan batamom farq qiladi. Shularning bariga qaramay, pala-partish yashaydi, hamkasblardan bot-bot pul qarz oladi.
U yaxshi ishlaydi, yaxshi kiyinadi, yaxshi yeb-ichadi…Lekin shularning bariga qaramay, nimadandir qoniqmay, norozi bo‘lib yuradi. «Qadim zamonda bir badfe’l podsho bo‘lgan ekan,- hikoya qilib qoladi gohida,- uning qashshoqqina yashaydigan, go‘rkov tanishi bo‘larkan. Bir kuni podsho o‘sha hududdan o‘taturib, go‘rkovning holidan xabar olgisi kelibdi. Qarasa, u juda boyib ketgan emish: ko‘p qavatli imoratlar, faytunlar, xizmatkorlar…deganday. «Demak, davlatim ko‘lankasida fuqarolarimning hayoti juda yaxshi», o‘ylabdi hukmdor. «Xo‘sh, qanday qilib, boyib ketding»,- so‘rabdi go‘rkov bilan uchrashgach. «Sizning sharofatingiz bilan,- debdi u, odamlar ochlik, muhtojlikdan ko‘p o‘lyabdi - daromadim oshyabdi.»

Ha, mayli, mavzudan chetlashib ketmaylik…
- Dada sizning asabingiz buzuq,- dedi u salom-alikdan keyin, mehribonona xavotirlik bilan,- nima gap? Yodgorxon aka Basirxon bilan bo‘lgan guftigo‘ haqida gapirishni sira istamagandi, ammo o‘g‘lining yakravligi, tutganini qo‘ymasligini xayolidan o‘tkazdi.
- Anavu amakivachcham jig‘imga tegayabdi,- dedi nihoyat va bor gapni batafsil gapirib berdi.
Buzrukxon taajjublandi, anchayin fikrga cho‘mdi.
- Men ilojini topaman,- dedi, nimadir yodiga tushganday, daf’atan ochilib. Boplaymiz, bachchag‘arni!
- Qanday qilib?
- Og‘ziga pul bilan uramiz! Men grantga katta pul yutganman!
Yodgorxon aka odamlar grantga pul, mashina va boshqa buyumlar yutishayotganini televizordan eshitgan bo‘lsa-da, buning mohiyati, tafsilotini yaxshi bilmasdi. Shuning uchun so‘ramay qo‘yaqoldi.
Ertasiyoq Buzrukxon bir tsellofon xaltani to‘ldirib pul ko‘tarib keldi.
- Bu yerda uch million,- dedi,- bering barini. Men hozir qaytishda uni aytib yuboraman. Xafa bo‘lishga arzimaydi. Minba’d g‘ing demasligi haqida tilxat ham yozdirib oling!
U chiqib ketgach, oradan ko‘p o‘tmay Basirxon o‘zgacha odob, tavoze bilan kirib keldi. U soqolini olgan, yuvingan, yangi kiyimlarini kiygan, batamom hushyor edi.
- Aka, kechirasiz,- dedi salom-alikdan keyin,- u kuni sizni xafa qilib qo‘ydim. Padariga la’nat shu araqning!
- Yo‘q, yo‘q,- dedi Yodgorxon aka,- siz, haqsiz. Haqsiz! Shuning uchun odam yuborgandim.
Oraga mavhum sukunat cho‘kdi. Amakivachchasi «siz, haqsiz», deganda nimani nazarda tutayotganligini o‘ylab qoldi. Jimlikni tag‘in Yodgorxon aka buzdi.
- Bobomizdan bir oz tillo qolgani rost edi: o‘shani sotdim. Endi sizning haqingizni berib qo‘ymasam, insofdan bo‘lmas…
Basirxon ishonib-ishonqiramay, sukut saqladi. Yodgorxon aka davom etdi: - Ayting, qarindosh, qancha beray?
Bu gal u ishondi va nogahonda qo‘li kattagina pul ko‘rishidan behad quvondi, his-hayajonlarini jilovlab:
- Ixtiyor o‘zingizda,- dedi.
- Bir million bersam bo‘ladimi? Bu – ming dollar degani.
U quloqlariga ishonmadi, lekin vazminlikni qo‘ldan bermay turdi.
- Ixtiyoringiz…
- Siz bitta tilxat yozing: «Men Porsoev Basirxon amakivachcham Faloncha Falonchaevdan million so‘m oldim. Unga boshqa da’vom yo‘q» deng.
U shunday dedi-yu, Basirxonning oldiga daftar bilan ruchka qo‘ydi. Nogahoniy omaddan hayajonlangan va xavotirlangan Basirxonning qo‘llari qaltirar, fikrini jamlab ololmasdi. Shunga qaramay qing‘ir-qiyshiq harflar bilan qog‘ozni qoralab, amakivachchasiga uzatdi. Yodgorxon aka uni olib o‘qidi-yu, tag‘in qaytarib berdi.
- Basirxon, Xudodan qo‘rqishim kerak: o‘ylab ko‘rsam, sizga bir yarim million berishim lozim ekan. Boshqatdan yozing: tag‘in qo‘shib qo‘ying - «odamlarning mashmashasiga ishonmayman, qavmimni g‘iybat qilgan nojinslarning og‘ziga uraman,» deng.
Yodgorxon aka pulni, yuziga habashning aksi tushirilgan tsellofon xaltaga solib, amakivachchasiga uzatdi. Xushu xursand xayrlashishar ekan, «Bu yaramasning oldiga katta suyak tashladim, endi g‘ing demaydi», deb o‘yladi. Shu bilan birga Basirxonning quv nigohlaridan: «Qari tulki, shuncha yildan beri hidini chiqarmading-a!» degan ifodani uqib oldi. Ular xayrlashish uchun chiqishganda, tashqarida nafratangez osudalik hukm surar, havodan kuygan rezina hidi kelardi.
- Kimdir ballon yoqayabdi,- dedi Basirxon.
- Noinsoflar,- dedi Yodgorxon aka.

* * *

Nabiralari bilan birga bo‘lganda u bolaga aylanib ketardi.
- Xo‘sh, sizlar kimning toychog‘i?
- Sizning toychog‘ingiz!
- Men o‘rta barmog‘imni yashiraman: kim topsa, otga minadi,- dedi u zavq bilan.
- Men topaman,- dedi Hasanxon.
- Avval men topay,- dedi Husanxon.
U chap qo‘l barmoqlarini yashirdi, ammo nabiralarining ikkalasi ham topolmadi. Bu holni zavq bilan tomosha qilib turgan Istodaxon erinig zavqiga zavq qo‘shmoqchi bo‘ldi.
- Eshitdingizmi, Basirxonni milisa olib ketibdi. «Demak, mast bo‘lib kim bilandir janjallashgan, fikrladi o‘zicha Yodgorxon aka, nogahoniy bir yarim million endi u sho‘rlikni turfa kuylarga solishi tabiiy.»
- Janjallashibdimi?- fikrini tasdiqlatmoqchi bo‘ldi u. - Yo‘q, yonidan yasama pul chiqibdi, bari qalbaki ekan, nomeri bir xil emish…
Yodgorxon avval e’tibor bermadi, so‘ng ajablandi, keyin esa daf’atan hushyor tortdi.
- Pulni kimdan olgan ekan?
Xotini yelka qisdi. U umr yo‘ldoshining gapini kesib, o‘rnidan turdi va mehmonxonaga qarab shoshildi. Ko‘rpani ko‘tarib, shoshilinch, pullarning nomeriga qaradi: ularning bari bir xil edi. Yodgorxon aka juda mudhish jinoyatga qo‘shilib qolganini his qildi va qo‘rqib, vujudiga titroq kirdi. Negadir, bobosining ham otasining ham qabri yo‘qligini eslab qoldi, bu achchiq qismat uni ham ta’qibga olganday edi. Rangi-quti uchib, nima qilishini bilmay, ancha o‘tirgach, qo‘l telefonidan o‘g‘lining nomerini terdi. «Abonent xizmat doirasidan tashqarida» degan javob esa hafsalasini batamom pir qilib yubordi.
U sarosimalanib qolgandi. Keyin esa, qolgan pulni yashirish kerak, degan fikrga keldi. Qog‘ozga o‘ralgan pulni zudlik bilan narigi hovliga olib borib, sheluxaning ostiga ko‘mib qo‘ydi.

* * *

Uni izlab kelganlar uch kishi bo‘lib, ular orasidan faqat uchastka militsioneri tanish edi. Garchand, bu tashrifni tabiiy hol, mantiqiy oqibat deb bilgan bo‘lsa-da, uning dilini had-hududsiz g‘ussa bosdi, shuncha yillik toat-ibodati bir pul bo‘lganligini o‘yladi, kekirdagigacha botqoqqa botgan kishiday ruhi tushib ketdi.
Kelganlar u bilan yaxshi munosabatda bo‘lishdi. Salom-alikdan keyin birgalikda, beixtiyor yotog‘iga kirdilar.
- Yodgorxon aka,- dedi tanish militsioner ,- sizda Basirxon akaning tilxati bor ekan, shuni bersangiz…
U e’tiroz bildirmay, stol tortmasidan buklangan tilxatni olib uzatdi. Uni o‘qib ko‘rishdi va papkaga solib qo‘yishdi.
- Endi pulning qolganini ham topib berasiz,- dedi kelganlarning yoshi kattarog‘i, sirli andisha, makkorona tabassum bilan.
- Menda pul yo‘q,- dedi u.
- Sizda pul bor!- dedi haligi kishi ishonch bilan, biz uni, baribir topamiz,- lekin, o‘z ixtiyoringiz bilan bersangiz, yaxshi bo‘lardi.
Ular chala-chulpa tintuv o‘tkazgandan keyin, haligi kishi tanish militsionerga imlab yubordi va u Yodgorxon akaning qo‘liga kishan soldi. «Hammasi tamom, hammasi barbod bo‘ldi», o‘ylardi boyaqish asalchi. Nahotki mening ham qabrim o‘zga yurtlarda qolib ketsa».
Uni mashinaga mindirishayotganda, qaerdandir Asaloy paydo bo‘lib qoldi. Qo‘liga kishan solib, olib ketilayotgan qaynotasini ko‘rib, bechora chinakamiga dahshatga tushdi, bu hol katta adolatsizlik, nohaqlik, zolimlik bo‘lib tuyuldi. Negadir, avval qaynonasini o‘yladi: umr yo‘ldoshini shu alpozda ko‘rsa, qo‘rqib, o‘lib qolishidan cho‘chib ketdi. So‘ng o‘zini idora etolmay, dod solganicha Yodgorxon akaning bag‘riga otildi, cho‘kkala tushib, uning ikki oyog‘ini quchog‘iga oldi.
- Dadajon, bu xudobexabar, zolimlarga nima yomonlik qilgandingiz, nima yomonlik? Og‘zi-burnidan qon kelsin bularning, qon kelsin!
Yodgorxon aka ham ko‘z yoshlarini tiyolmadi. Negadir kelinini birinchi bor «sen-sen»lab dardu-hasratlari, so‘nggi ilinjlarini to‘kib soldi.
- Asaloy! Hamma umidim sandan, onajon! Go‘rim boshqa yerlarda qolib ketmasin! Pulni ayama! Bolalaringni ehtiyot qil! Zurriyotlarimni xo‘rlatmagin! Kampirim sening umidingda, onajonim!
Istodaxon shovqun-surondan xavotir tortib, tashqariga chiqqanida, erini olib ketishgan, kelini esa qaqshab yig‘lardi. Asaloy o‘zini tutolmay, qaynonasini quchoqlab oldi.
- Ayamullojon, mulloamakimni olib ketishdi! Qirg‘in tekkurlar! Go‘ringga olov tushgurlar! Endi nima qilamiz? Nima qilamiz? Nima qilamiz?
- Kim olib ketdi? Nimaga olib ketadi?
Tafsilotni chala-chulpa eshitgan Istodaxon ham o‘zini tutolmadi: negadir o‘girilganicha, ezilib-ezilib yig‘layboshladi.
- Yuzingizni o‘girmang, birga yig‘laymiz,- zorlandi Asaloy.
Yillar osha xotirjam ro‘zguzaronlik qilayotgan oila tashvish, tahlika, g‘ussa og‘ushida qolgandi; hayot tizgini qo‘ldan chiqib ketganday edi.
Ular o‘zlarini bosib olgach, endi nima qilish kerakligini maslahatlashgan bo‘lishdi.
- Avval do‘m bovoga boraylik, maslahat olaylik,- fikrini aytdi Istodaxon, ovozi qaltirab.
Bir zamonlar bobokalonlari Porsoxon otani ham aynan uch kishi olib ketganini va u zoti sharifning na o‘ligi va na tirigidan darak yo‘qligini o‘ylab, dili xufton bo‘lar, ammo bu noxush alomatni keliniga aytishni istamas, aksincha, unga dalda berish, ko‘nglini ko‘tarish payida bo‘lardi.
- Vaqtimiz ziq - to‘g‘ri milisaxonaga boramiz,- unamadi Asaloy.
Ikkovlari apil-tapil kiyinib, katta ko‘chagacha sukut saqlab, piyoda borishdi.
Ular mingan avtobusda odam ko‘p emasdi, tanishlar ham uchrardi va qaynona, kelinga zohiriy shafqat nazari bilan ko‘z tashlayotganday bo‘lib tuyilardi. Notanishlar esa, allaqanday qalbaki pul, uni tayyorlaganlar haqida gapirishar, muhokama qilishardi.
- Stalin zamonida bundaylarni chiqarib otardi,- dedi keksatob kishi.
- Hozir endi, pul bilan hammaning og‘ziga ursa bo‘ladi,- uni qo‘lladi yonidagisi,- asalchi bekorga boy bo‘lmagan ekan-da - o‘g‘li pul yasab beravergan, bu … Barining nomeri bir xil emish.
Asaloyni nogahonda tok urganday bo‘ldi. Gap qaynotasi haqida ketayotganligini fahmlab qolgandi u. Qo‘rquv va hijolat aralash, diqqat bilan quloq soldi. Ammo keksalar Stalinni maqtash bilan ovora bo‘lib ketishdi.
U Stalinning kimligini aniq bilmasdi ham. Shuning uchun e’tibor bermay qo‘ydi. Mullaamakisining qalbaki pul masalasida ayblanishini esa tasavvuriga sig‘dirolmas, bunga ishonmasdi.
Militsiya eshigida turgan darbon ularni ichkariga qo‘ymagan, bu xususda biror ma’lumot bermagan bo‘lsa hamki, beg‘araz maslahatini ayamadi.
- Sizlar bu yerlarda yurmanglar - bitta zo‘r advokat topib, o‘shani ko‘nglini olinglar, vaqt ketmasin!
Ertasi tag‘in bir noxushlikkka guvoh bo‘lishdi. Kechagi uch kishi kelib, ha yo‘q, be yo‘q, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqari hovliga o‘tishdi, sheluxani kovlab, pulning qolganini olishdi, o‘sha yerda sanab, akt tuzishdi. Keyin esa oila sardori yotog‘iga kirib, tag‘in tintuv o‘tkazishdi. Bular ham Porsoxon eshondan «qizilcha» qolganiga ishonganga o‘xshashardi. Bularning bari mudhish oqibatlardan darak beradiganday, juda ko‘ngilsiz hol edi.
Asaloy tanish-bilishlarning maslahati bilan bir vaqtlar prokuror bo‘lib ishlagan, endilikda advokatlik idorasi ochgan Mallaev degan kishiga uchrashadigan bo‘ldi. Birinchi borishidayoq bir paqir asal ko‘tarib bordi. Bu soha odamlariga ishi tushmagani sabab, ularni juda qo‘rs, nopisand deb tasavvur qilardi u. Ammo Mallaev deganlarining xushfe’l, ashraf va ochiqko‘ngilligi manaman, deb turardi. U Asaloyni issiq qarshiladi, gapiga ixlos bilan quloq tutdi, ammo uning xo‘rligi kelib gapirolmadi. Aslida qo‘polroq yoki rasmiyroq zabonda gaplashganda, bu hol ro‘y bermagan bo‘lardi. Advokatning aynan mehribon ohangini his qilib, «yolg‘iz emas ekanmiz, suyanchig‘imiz bor ekan» degan umid sabab diydalari shashqator bo‘lgandi bechoraning. Asaloy o‘zini bosib olgach, Mallaev qaynotasining familiya, nomi, tug‘ilgan yilini suradi. U so‘zini tugatar-tugatmas, eminlik ila ilib ketdi:
- Asalchimi? Bo‘ldi! Men u kishini bilaman,- dedi, yaxshi odam!
Qalbaki pul tayyorlashga aralashib qolganini eshitgandan keyin ham, daldakor ohangda davom etdi. - Bo‘yi mushk pinhon namemonad, deyishadi, tojiklar. Adolat yuzaga chiqadi! Qutqarib olamiz! Mabodo ish chigallashganda ham, olti oydan ko‘p saqlashmaydi: yoshi ulug‘ ekan - dekabrda amnistiya e’lon qilinadi. Nimadan qo‘rqasiz? Stalin zamoni emas-ku! Sibirga surgun qilmaydi-ku!
Asaloyning yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Har yili amnistiya e’lon qilinishi va unda oltmishdan oshganlar avf etilishini eslab, halovatli qoniqish his etdi. Dunyoda xuddi shodlik batamom yo‘qolganday, haftalab kulgi nimaligini bilmagan sho‘rlikning yuziga ilk bor tabassum yoyildi. Barmoqlarini birin-ketin bukib, dekabrgacha atigi olti oy qolganligiga ishonch hosil qildi. Jon siquvchi mudhish kunlar ortda qolganga o‘xshardi. Nigohlarida avvalgi o‘ktamlik qalqiganday, nur paydo bo‘lganday edi. Hozirgacha Stalinning kimligi bilan qiziqmaganidan, negadir nadomat chekdi.
- Delo bilan tanishay, keyin aniq javobini beraman,- dedi, advokat solihlik bilan.
- Bolalaringizni rohatini ko‘ring!- keksalarga o‘xshab duo qildi u va bir olam umid, quvonch bilan tashqariga yo‘l oldi. Shu payt Mallaev uni to‘xtatmoqchi bo‘ldi:
- Qizim, to‘xtab tur - men paqiringni bo‘shatib beray.
- Yo‘q,- dedi u shoshib,- satil ham sizniki!
Gohida miyamizda shunday tuyg‘ular jo‘sh uradi-ki, uni tilimizga tarjima qilib bo‘lmaydi. U xuddi shu holatni boshdan kechirayotgandi: uyiga dilga taskin beradigan xushxabar olib borayotganidan mamnun va sarosimada, fikrlari alg‘ov-dalg‘ov, sarkash edi.
Keyingi hafta uning fikrini ayrim jumboqlar juda band etgandi: mabodo qamoqxonadagi mahbus vafot etsa, jasadni qavmlariga berishadimi, yo‘qmi? Sibirga jo‘natishmaydimi? Ammo bu noo‘ng‘ay, nojo‘ya gaplarni kimdan ham so‘rash mumkin? Shu gal, mavrudini topib, Mallaevga savol bermoqchi bo‘lgandi, lokinda uning umidbaxsh gaplarini eshitib, quvondi va so‘ramadi. Yo‘lda ketaturib, bu xususda og‘iz ochmaganidan mamnun bo‘ldi.
Ayamullosining ezilganini ko‘rib, o‘zining ham dili dardga to‘lib ketgandi, bechoraning. Shuning uchun eshikdan kirishi bilan, qaynonasini quchoqlab, gapga kirishib ketdi.
- Biz behuda g‘ussa chekib yurgan ekanmiz: Mullaamakimning ishlari yengil ekan - ko‘pi bilan olti oyda chiqarisharkan. Mallaev amaki: «Bu Stalin zamoni emas - Sibirga jo‘natmaydi», dedilar.
- Buzrukxonchi, o‘g‘limchi,- so‘radi ayol.
- U kishining advokatini ertaga ko‘raman,- va’da berdi Asaloy.

* * *

Sud boshlanadigan kun Asaloy qaynonasini olib borishdan andisha qildi: o‘g‘li bilan umr yo‘ldoshini panjara ortida ko‘rish uning uchun og‘ir kechishi, kasallanib qolishidan xavotir tortdi. Busiz ham qon bosimi oshib qolgandi, boyaqishning. Advokat bilan maslahatlashib, u aytgan vaqtda yetib borganida, bir nechta qurolli askarlar qaynotasi, qaynukasi va tag‘in ikki yigitcha (Buzrukxonning jinoyatga aralashib qolgan shogirdlari)ni panjara orasiga olib kirgan edi. Asaloy qaynotasining ma’sum yuziga, jovdiragan ko‘zlariga boqib: «Men sizlarga nima yomonlik qildim? Nega bu kuyga solib qo‘ydilaring?» degan mahzun nolishni uqib olganday bo‘ldi va tag‘in yig‘ladi.
Hademay, kazo-kazolar ham kelib, o‘z o‘rinlaridan joy olishdi. Sud anjumani ochilib, aybnomalarni o‘qishga kirishildi. Qora kursidagilarni qalbaki pul tayyorlash va undan foydalanishda ayblashdi. Ayon bo‘lishicha, Basirxon jumabozorlik bir dalloldan qarzdor ekan. O‘sha odam, mazkur pulga un xarid qilayotganda, qo‘lga tushibdi. Tabiiyki, pulni kimdan olganini aytib beribdi va hakozo.
Shu payt, Buzrukxonga advokatlik qiladigan (o‘zbekchani suv qilib ichgan) oriqqina koreys, jinoyat kodeksining turli sahifa va moddalariga ko‘rsatgich barmog‘ini no‘qib, aybnomaning nomlanishga qarshi chiqdi.
- Bular Yaponiyadan keltirilgan yangi apparatni sinab ko‘rish uchun, shunchaki qiziqish sabab bo‘lib, ana shu ishga qo‘l urishgan,- dedi u. - Puldan foydalanishmagan. Shuning uchun ishning nomlanishi va moddalarini o‘zgartirishni taklif etaman!
- Qo‘limizda shu qalbaki pullardan foydalanganlik haqida hujjat va asoslar bor,- dedi javoban prokuror o‘rinbosari, davomli mubohasalardan keyin, zalda guvoh sifatida o‘tirgan Basirxon bilan dallol tomon ishora qilib.
Ertasi, indini ham shu tariqa mayda-chuyda tafsilotlargacha so‘roqlar berildi, turli holatlarga ravshanlik kiritildi. Buzrukxon aybini qisman bo‘yniga olgan holda, pulni yangi moslamani sinash uchun yasab ko‘rganini, dadasining nogahoniy noxushliklardan xalos etish uchun haligi yo‘lni tutganini aytdi. Otasida gunoh yo‘qligini ta’kidlab, uni ozod etishlarini talab ( ha, talab) qildi.
Otaxon uchun esa ko‘proq advokat gapirdi. Uning begunohligini talay hujjatlar, asoslar bilan isbotladi ham. Shundan keyin hay’atdagilardan biri:
- Porsoev Yodgorxon, pulning qalbakiligini bilmagan bo‘lsangiz, nega uni sheluxa ichiga yashirdingiz?- deb so‘radi.
Yodgorxon akaning javobi uzuq-yuluq, dudmal bo‘ldi.
- Men mayli-yu, o‘g‘limga jabr qilmanglar,- dedi, zorlanib.
Hayot, insonga in’om etadigan arzimas shodlik, farovonlik evaziga juda ko‘p haq talab qilishini o‘ylashning o‘zi alamli bo‘ladi, bunday daqiqalarda.
Nihoyat, hukm o‘qildi. Garchand prokuror Buzrukxonga o‘n yil, Yodgorxon akaga besh yil va ikki yigitchaga uch yildan so‘ragan bo‘lsa-da, talay yengillashtiruvchi holatlar hisobga olindi. Bosh aybdorga yetti yil, qolganlarga ikki-uch yildan tegdi. So‘nggi so‘z berishganda, Buzrukxon o‘zini anchayin beparvo tutib, avvalgi talabini takrorladi.
- Menga farqi yo‘q - yetti yil umrimni bu yerda o‘tkazdim nima-yu, u yerda o‘tkazdim nima? Busiz ham ozodlikdan mahrum edim! Ma’naviy jihatdan. Lekin dadam bilan shogirdlarimga nisbatan fashistlik qildilaring!
Shogirdlardan biri esa Buzrukxonni ro‘yi-rost haqoratladi.
- Shu yaramas ko‘kko‘zni deb hayotim barbod bo‘ladimi?! U aytdi - men qildim! Bu pulga loaqal, bitta sigaret ham olganim yo‘q! Men prezidentga yozaman!

* * *

Ko‘p o‘tmay, Asaloy qamoqxonadagi ma’murlarning ham yaqin kishisiga aylanib qoldi. U qorovul, kichik komandirlarga asal tashib, ularning e’tiborlarini qozongandi. Asaloy kelganda, ularning aksari quvonib ketardi. Unga bir necha bor qaynotasi bilan uchrashish imkonini ham yaratishdi.
Oila esa nuqul kun sanar - olti oyning tezroq o‘tishini zoriqib kutardi. Amnistiya haqida farmon chiqqandan keyin ham otaxonga bir oygacha javob berishmadi. Boshqalar pul cho‘zishayotganini anglab, Asaloy bunisiga ham rozi bo‘ldi. Chunki dunyodagi eng mehribon kishisini tezroq uyga olib borishdan ko‘ra muhim va ezgu ish yo‘q edi uning uchun. Ammo undan pul ta’ma qilmay, qamoqxona boshlig‘i uchun bir paqir «mayskiy» asal olib kelishni buyurishdi. U boshini xiyol egib, ehtirom bilan: «Xo‘p bo‘ladi, xo‘p bo‘ladi», dedi va u yerdan chiqasolib, do‘kondan sirlangan, qopqoqli paqir sotib oldi. “Kerak bo‘lsa, tag‘in olib kelaman”, dedi, ertasi, asalni haligi kishiga topshirarkan.
Oradan tag‘in biror hafta o‘tgach, Yodgorxon akaga javob tegadigan bo‘ldi. Asaloy bu gal Tangriberdini izlab bordi.
- Aka, sizdan iltimos,- dedi, bilinar-bilinmas ta’zim qilib,- ertaga dadajonimga javob berishyabdi. Moshinni haydaydigan odam topolmayabman.
- Gap yo‘q!- qisqa qildi u.
Asaloy shosha-pisha ko‘z yoshlarini artib oldi. O‘sha kuni bolalarini yuvib-taradi, ertalab ularga yangi liboslar kiygizdi. Ayamullosini ham yasantirdi va ular ezgu umidlar ila oila sarkorini olib kelishga jo‘nadilar.
- Bobojoning eshikdan chiqishlari bilan yugurib borib quchoqlanglar, «biz - sizning toychog‘ingiz», denglar, uqdirdi ularga. Ammo turli rasmiyatchiliklar sababli, u kishining chiqishi ancha hayalladi. Nihoyat, qadrdon qiyofa paydo bo‘ldi va bolakaylar shiddat bilan yugurib ketishdi. Keyin Asaloy bilan Istodaxon ham ko‘z yoshlarini tiyolmay, qadrdonlarini quchoqlab olishdi.

* * *

Yodgorxon asalchi endi batamom boshqacha odam bo‘lib qolgandi: kamgaplikdan tashqari, allaqanday hurkak, xayolchan, odamovi ham edi. Biror gapni so‘rasangiz, javob qaytarar, boshqa vaqt sukut saqlab o‘tirishni afzal bilardi. U hovlidan tashqariga deyarli chiqmas, chiqqanda ham biror kishining qorasini ko‘rsa, o‘zini ichkariga urardi. Asalari, bog‘, ot haqida so‘z ketganda to‘lib-toshib gapiradigan odam, endilikda gapni shu o‘zanga burishganda ham loqaydgina tabassum qilib qo‘yardi. Otaxon aksar vaqtni yotog‘ida o‘tkazar, ovqatini ham o‘sha yerga olib borishardi. Bularning bari, bechoraning ruhiyati falaj bo‘lib qolganidan dalolat berardi.
- Bu hol tezda o‘tib ketadi,- deyishdi tanishlar,- milisalar boshiga urgan bo‘lishi mumkin…
Uydagilar ham allamahalgacha shu umidda yurishdi. O‘zgarish bo‘lavermagach, Asaloyning xavotiri oshib eriga dedi:
- To‘ram, yuring, bolalarni dadajonimning oldilariga olib boraylik, zora shularni ko‘rib ochilib ketsalar.
- Siz nima desangiz shu,- dedi va Hasanxon bilan Husanxonni olib kirishdi. Chol nabiralarini ko‘rib, sovuqqina bosh silkib qo‘yaqoldi. Bu holni kuzatib turgan Asaloyning tag‘in o‘pkasi to‘lib ketdi.
- Dadajon, nega: «Siz kimning toychog‘i, deb so‘ramayabsiz? Nega? Nega? Sizni pajmurda qilib tashlaganlarning og‘zi-burnidan qon kelsin, uyiga o‘t tushsin! O‘t tushsin, iloyim!- dedi va uning yelkasiga bosh qo‘yib, tag‘in yig‘lashga tushdi. So‘ng ko‘z yoshlarini chala-chulpa artib, qo‘shib qo‘ydi. - Mayli, mayli, sog‘ bo‘lsangiz - bas! Uyda tog‘day bo‘lib turganingizning o‘zi ham - bizning baxtimiz! Hali tuzalib ketasiz. Ayamullojonim bilan razvedkaga borasizlar, bolalarimga ot bo‘lasiz! Shunday-a, shunday-a?- tasdiqlatib oldi u.

* * *

Asaloy hamon tin olmaydi: ertalab dasturxon tuzatadi, hammani choyga taklif etadi. Keyin sigir sog‘adi, mollarga ozuqa beradi; xizmatkor-u mardikorlar ishini nazorat qiladi. Kalitlar shodasini sharaqlatib, yerto‘laga, omborxonaga shoshiladi. Asalari qutilari qopqog‘ini sekin ochib, ulardan xabar oladi, bekorchixo‘ja erkak arilar ko‘paygan bo‘lsa, ularni o‘ldiradi. Kechki payt xuddi Yodgorxon akaday, shoshmay otni egarlaydi, bog‘ni aylanib keladi. Gohida tunlari uyg‘onib, mulloamakisi, ayamullosi yotoqlaridan xabar oladi, ular tinchgina uxlashayotganiga ishonch hosil qilgach, pichirlab shukronalar aytadi.
Ayrim paytlar yonbag‘irdagi bog‘ tomondan miltiq gumburlaganini eshitgan jag‘alvoyliklar yengilgina seskanib qo‘yishadi.

2008

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.