OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O'ktam Mirzayor. Kuyov (hikoya)

Zafarxo‘jaev domla tilidan ilindi. O’zimizga o‘xshagan-da. Xotini Floraxonim bilan suhbatlashib o‘tirib, bir-ikki shogirdini maqtab qoldi:
– Bunaqa shogirdlar hech kimda bo‘lmagan, ular ishimning davomchilari, shu paytgacha o‘ttiz nafar shogird tarbiyaladim, ammo bular boshqacha-millatimiz boyligi! Har biri ikki, uch xorijiy tilni biladi. Kompyuter texnikalarini-ku o‘zlari yaratgandek buzib, tuzishadi, – endi xotirjamman, – dedi so‘lish olib, g‘urur bilan.
– Hih, padumaesh, xotirjam bo‘lishga balo bormi, – deya da’fatan shang‘illadi Flora. So‘ng, labini burib, chaqchaygancha eriga tikilib ko‘nglidagini to‘kishda davom etdi: – Dinaraga kuyov topishni qachon o‘ylaysiz? Shogirdlarim, shogirdlarim deysiz nuqul. Qirq ikki yoshingizda ko‘rgan qizingiz-a! Peshonangizda bori shu, – u o‘tirgan joyida beliga chap qo‘lini tirab, o‘ng qo‘lining ko‘rsatgich barmog‘ini havoda o‘ynatib, ovozini xirillagunicha qo‘yib dona-dona qilib ta’kidladi, – Bo‘y... yetib...qoldi! Bundoq, uning taqdirini ham o‘ylash kerak. To‘xtang-to‘xtang, shogirdlaringiz orasida pichoqqa ilinadigani bormi o‘zi? Hammasi ham o‘zingizga o‘xsha¬magandir-a?! 
Zafarxo‘jaev gap nimadaligini anglab, dovdirab qoldi. Yo‘q desa, maqtanib qo‘ydi. Bor desa, bechoralardan birining sho‘ri qurishi turgan gap. Floraning hijjakilashiga qaraganda astoydil kirishganga o‘xshaydi. Ishqilib, bo‘lajak kuyov ham o‘ziga o‘xshab kafedrada yotib yurmasaydi. Ey, Xudoyim-ey, bu nima ko‘rgilik-a? Bu xotinda or bormi o‘zi? 
Zafarxo‘jaev katta chinni bakalini ko‘tarib, yumshoqqina shippagini shippillatib, munkayganicha lapanglab, xonasi tomon borayotgandi, Floraxonim chaqqon o‘rnidan turib, mushukday yaltoqlana boshladi. 
– Menga qarang, domlajon, shogirdlaringizni bir ko‘rsatmaysizmi-a?
– Nima qilasan ularni, – dedi eri zorlanganday,- bizga to‘g‘ri kelmaydi. Birovining uyi yo‘q, boshqasining puli. Ilmning orqasidan quvib yurgan go‘daklar-da.
– Nima qilibdi. O’zingiz avliyomidingiz. Sizni odam qilgan mana men, – u haligina havoda qilichday o‘ynatib turgan barmog‘ini ko‘ksiga qadadi, – men bo‘lmaganimda... ux, neblogodarniy odamning xunigi, esingizdan chiqibdi-da, a? – dedi vajohat bilan cho‘zib.
Xonim shu darajada g‘azablangan ediki, hatto uning asabiy xatti-harakati belidan pastiga larzon soldi. 
– Qo‘ysang-chi.., – chol qo‘l siltab, yo‘lida davom etdi. 
Alamdan Floraning ko‘zlari qisildi. U ko‘zini ochishni ham unutib, telefon go‘shagi tomon intildi. Chap qo‘lida go‘shak, o‘ngi bilan telefon daftarini varaqlay-varaqlay raqamlarni terishga ham ulgirdi. 
– S. S. S. Sobirov, mana, hozir so‘raymiz... – Alo, Sapar Nazarovich! Vaalaykum assalom, xizmatlar bilan charchamayapsizmi ukajon? – dedi u ayyorona, – domlangiz bilan suhbatlashib o‘tirib, bir fikr kallaga keldi. Shogirdlaringizdan tuzukrog‘i bormi? Voy o‘lay, unday demang, domlangizning shogirdlari siznikiyam, o‘sha juldurvoqilarni oyoqqa qo‘yish uchun ozmuncha mehnatingiz singayaptimi. Bunday, pichoqqa ilinadigani bo‘lsa, degandim. Qaerdan bo‘lishi shart emas, odam qilib olamiz. Maqsadmi? Keyin aytaman. Yo‘q, lavozimga emas, bo‘sh joy yo‘q-ku opovsi, shaxsiy masalada. Yuboraymi, deysizmi. Yaxshi bo‘lardiyu, ammo ularning hammasini biror bahona bilan to‘plab, bir-bir solishtirib, ko‘rsam, tanishsam, devdim-da. Biznikidami? Yo‘q, kerakmas, yubormang, dasturxon, choy-poy deganday. Mehmon kutadigan avvalgi quvvatim yo‘q, ukajon, mayli, bir ilojini toping, xayr.
Ilib qolgan choyni ijodxonasida ho‘plab o‘tirgan domla eshik tirqishidan xotinining shahdini ko‘rib o‘rnidan turdiyu kirpidek u yoqdan bu yoqqa g‘imirlab borib kela boshladi.
Kirishgan ishini oxiriga yetkazmasa ko‘ngli tinchimaydigan bu jodugar bir baloni boshlamasaydi. Endi lo‘ttiboz Sobirovni qo‘lga oladi. 
Sobirovga Ilmning «i» harfi ham begona. Har yili bir-ikki takasaltangni o‘qishga tiqib kun ko‘radi. Eshikdan haydasang teshikdan bosh suqadi. Xufya rejalar bobida Floraning ittifoqdoshi. Strategiyani Flora belgilaydi, amaliyot Sobirovniki. Imtihon paytida gaplashilganlarni “bunkir” qilish, “shatakka olish”, yana allambalo usullarni o‘ylab topganlar ham shular. Flora barcha qaltis ishlarini ana shu lo‘ttiboz Sobirov orqali bitiradi. 
Yaramas Flora! Domla hademay nafaqaga chiqadi, o‘rniga sizni tavsiya etamiz, deb uni umid bilan qo‘rquv orasida saqlaydi. O’l, ahmoq, ishonib yuribdi. Floraga esa gah desa qo‘liga qo‘nadigan ana shunday yugurdak kuyov kerak. Chol hammasini biladi. Ammo kech. Biror chora ko‘ra olmaydi.
Shu shogirdida adashdi-da! Tuppa-tuzuk maqolalar yozib yurardi, keyin bilsa, ular “changlatilgan” ekan. Bir kuni uning ta’zirini bermoqchi bo‘lib, nomzodlik ishi uchun manba bo‘lgan kitoblarni to‘pladi. Qarshisiga o‘tqazib olib, ayamay tuzladi. Oxiri vujudidan sovuq ter chiqib ketgan Saparvoy: “Domla, odamdan odam tug‘ilganidek, kitobdan kitob tug‘iladi-da” deb tullaklik yo‘liga o‘tdi. Biror chora ko‘rishga kechikkan domla uning ilmiy ishi kunlari deyarli tilini tishlab yurdi.
Ilmiy kengash domlaning hurmati uchun Sobirovning ishini qabul qildi. Bu nuqsonlarga Zafarxo‘jaevdan boshqa hech kim ahamiyat bermadi. Domlaning odam bo‘lib qilgan gunohi shu. Shu-shu undan ko‘ngli sovigan. O’sha kezlari Floraning yo‘l-yo‘rig‘i bilan rahbariyatga odam qo‘yib, katta o‘qituvchi ham bo‘lib olishga ulgurdi. Vaqt oliy hakam, degan aqidaga amal qiladigan Zafarxo‘jaev uning katta o‘qituvchi bo‘lishiga ortiqcha monelik qilmadi. 
Bora-bora u domlaga sezdirmay orqavoratdan ham ish bitiradigan qiliq chiqardi. Pul gapirganda haqiqat jim turadi, degani shu bo‘lsa kerak-da! Afsus!
Domla o‘zini Floraning qolipiga tushib qolganini juda kech bildi. Avvallari hammasi risoladagidek edi. Domla navqiron, bir so‘zli, shijoatkor, butun umrini iqtisodiyot ilmiga bag‘ishladi. G’amxo‘r domlalari qurshovida yetimligini ham unutdi. Ilmiy ishini yoqlaganidan so‘ng domla Kamronovning xotini Zubayda aya unga onalik qildi – o‘zi bosh bo‘lib, uzoq qarindoshining o‘tirib qolgan qizi – Floraga uylantirdi. 
Zafarxo‘jaevning boshqa iloji ham yo‘q edi. Yoshi o‘ttizdan oshgan, cho‘ntagida nomzodlik diplomidan boshqa hech vaqosi yo‘q. Yotoqxonama-yotoqxona ko‘chaverib joniga tekkan edi. Uylandiyu suyagi tinchidi. Butun kuchini ilmiy izlanishlarga bag‘ishladi. Zubayda ayaning maslahati bilan Floraning ota-onasidan qolgan hoyhotday kottejga ko‘chib o‘tdi. Floraxonim ham shunday talantli erga tegib, yuzi yorug‘ bo‘lganidan xursand. Ancha paytgacha yoshligida yetisholmagan davrini surish uchun farzand orttirmay yurdi. Kap-katta xotin bo‘lganida yaqinlarining qiyin-qistovi bilan qizchalik bo‘ldi. O’sha damlardagina domla Zafarxo‘jaev haqiqatdan ham baxtli edi. 
Xotini bir-ikki yil uyda o‘tirib zerikdi. Har xil mashmashalarni o‘ylab topadigan bo‘ldi. Hayotdan orqada qolib ketyapman, ishga kiraman deb xarxasha qildi. Tanishlar erining hurmati uchun uni bankka ishga joylab qo‘yishdi. Bu orada Zafarxo‘jaev onasiday g‘amxo‘r, maslahatgo‘yi Zubayda ayadan ayrildi. Ayadan so‘ng domla Kamronov ham uzoq yashamadi. Shunday qilib, Florani tergab turadigan hech kimi qolmadi. Flora esa bu paytga kelib erining hurmatidan foydalanish hadisini olgan, katta oxurning mazasini tatib ulgurgandi. Ziyofatlar, tantanalar, hasham kiyim-kechaklar, zebu ziynatlar – bularning hammasi uchun jaraq-jaraq pul kerak bo‘lardi. Domlaning narxi esa ulardan ham qimmat edi. Flora ana shu bebaho yombini quchoqlab yotgan mor edi. 
Domla ish bilan ovora bo‘ldimi yo peshonada bori shu ekan-da dedimi, har holda xotinini jilovlashga kuch ham, jur’at ham topa olmadi. Umuman, qattiqqo‘llik uning tabiatiga zid edi. Ayniqsa, xotin kishiga. Olmaning bo‘shini qurt yeydi, degani shu bo‘lsa kerak-da!
Domla, qizi Dinarani qancha yaxshi ko‘rmasin, Flora o‘ylaganidek, shogirdlaridan kuyov qilish niyati yo‘q. Buning ustiga qizini kuyovga berishdan ko‘proq Flora manfaatdor – er qariyapti, unga esa «bo‘ladigan» kuyov kerak. Kuyovning orqasidan kerilish, iloji bo‘lsa uni kattaroq lavozimga o‘tqazib qo‘yib, bir umr e’zozu e’tiborda ayshini surish Floraning azaliy orzusi.
Yaqinda institut bo‘yicha “Yosh tadqiqotchi” klubi a’zolarining ma’ruzalari tinglanadi. Hoy-nahoy, Sobirov Florani xabardor qiladi. U esa, bir narsani bahona qilib, kuyov tanlashga boradi. Voy yaramas..!
Zafarxo‘jaev ertalab kafedra eshigi oldida Abdurashidni uchratdi. 
– O’g‘lim, bir daqiqa vaqtingizni olaman.
– Marhamat domla, qulog‘im sizda, – dedi Abdurashid qo‘ltig‘iga qisib olgan kitob-daftarlariga tartib berib.
– Shu desangiz, sizni bir-ikki haftaga Zarafshonga yuborsak, nima deysiz?. 
– Mayliku-ya domla, anjuman kuni ma’ruzam bor-ku!
– Bilaman, ma’ruzangiz bilan tanishdim, yaxshi. Hammasi joyida. Lekin mo‘ljallab qo‘ygan o‘ta muhim ishlarimiz ham yo‘q emas. Zarafshonda bir korxonaning ishlab chiqarish suratini tahlil qilish kerak bo‘lyapti. O’sish suratlarini ilmiy asoslashimiz zarur. Yuqoridan shunday topshiriq olganmiz. – U ko‘rsatkich barmog‘ini tepaga qaratdi. – O’zim bora olmayapman. o‘rnimga sizni yubormoqchiman. Juda muhim topshiriq. Kelajagingiz uchun ham yaxshi bo‘ladi. Qolaversa, tajriba orttirasiz.
– Domla, balki, anjumandan keyin...– dedi nafasi ichiga tushib. Shu dam o‘zini ilmda raqobatlashib yurgan do‘stlaridan yengilib qoladiganday his etdi.
– Shoshilmang, o‘g‘lim, hali ma’ruza qilishga xo‘b ulgirasiz. Bu gal bo‘lmasa, boshqa safar. Bemalol borib kelavering. Ha aytganday, uydagilarni ham ko‘rib kelasiz. Hujjatlarni ertaga beraman. Rahbariyat bilan kelishib qo‘yganman. Bizdan otangizga salom ayting. 
Abdurashid domlaning ra’yini qaytara olmasdi. Uning “o‘zimning o‘rnimga”degani ko‘nglini sirli o‘rtab o‘tdi. Ajabtovur fikrlar kun bo‘yi oromini buzib yurdi. Nusxa ko‘chirish uchun qoldirgan «Iqtisodda muvozanatning buzilish oqibatlari» mavzusidagi ma’ruza matnini olib, bir nusxasini kengash hay’atiga qoldirgach, yotog‘iga ketdi. 
Odamzod peshonasiga yozilganidan qochib qutulmas ekan. Abdurashidning Zarafshondagi ishlari bir zumda bitdi. Qaytayotib, uyiga kirishga ham ulgurdi. Ota-onasidan xabar oldi. Hamma ishlar joyida. Ko‘ngli tog‘day bo‘lib, kengash o‘tadigan kuni g‘ozday kerilib Toshkentga yetib kelsa bo‘ladimi? 
Domla Zafarxo‘jaev o‘z kabineti yonida Abdura–shidni ko‘rdiyu tomog‘iga qiltiq tiqilgandek, g‘alati bo‘lib ketdi. Uning safarda qilgan ishlari yuzasidan bergan hisoboti ham qulog‘iga kirmadi. «O’zingdan ko‘r, bola», degandek bir ola qarab, xonaga kirdi. Domlaning ketidan soyaday ergashib yuradigan Sobirovgina unga yoqimli munosabatda bo‘ldi. Ma’ruzasini maqtadi. Ikkinchi yo uchinchi bo‘lib minbarga chiqasan, dadil bo‘l, deb g‘ayratlantirdi. 
Abdurashidning yuragida doimgiday birinchi bo‘lish ishtiyoqi yolqinlanar, shusiz ham yod bo‘lib ketgan ma’ruzasini orqa o‘rindiqda varaqlab, jangga shay sherday g‘o‘ddayib o‘tirardi. 
Yig‘ilganlar orasida xotin-qizlar ham anchagina edi. Ularning ayrimlari oldingi qatordagi yumshoq o‘rindiqlardan birida ko‘zida qora ko‘zoynak, bir qop bo‘lib o‘tirgan Floraxonim bilan «cho‘lpillashib» ketardi. 
Hay’at raisi ma’ruzachilarni nomma-nom minbarga taklif etdi. Sobirov esa Floraning biqiniga qapishib, agentlik faoliyatini boshlab yuborganiga ancha bo‘lgandi. Ma’ruzachilarning kiyinishidan tortib, notiqligigacha, bo‘yi-bastiyu... xullas hamma o‘lchamlari tahlil etilmoqda...
– Kelajagini o‘zimiz yaratamiz, Xudo xohlasa, – dedi aya Sobirovga. Ammo kimning kelajagini o‘zlari yaratishini aytmadi mug‘ombir.
Bu orada Floraxonim suvilonday buralib, domlani oldiga solib, «Buxoroga o‘tayotib», Abdurashidning otasi Nafas tog‘ani ham bir necha marta «ziyorat» qilib qaytdi. Gap orasida otaga o‘g‘li ishonchli qo‘llarda, shaxsan domla Zafarxo‘jaevning qo‘l ostidaligiga sha’ma qildi, Zartepaning qatig‘ini maqtadi, xullas, Abdurashidning qarindoshlarini o‘ziga rom etib qaytdi. O’g‘lining muvaffaqiyatidan Nafas tog‘aning boshi aylanib, g‘ururi oshdi. 
Bir yil davomida domla-shogirdlik falsafasining oxiri Dinarani sevib qolish bilan yakun topdi. Ancha so‘zamol, uzoqni ko‘ra biladigan, katta- kichikka birday yoqadigan Abdurashid Nafasovni uylanish borasida hech kim ahdidan qaytara olmadi. Uning aql ko‘zini yo ayol zotining makri, yo shuhrat tojining yog‘dusi basir qilib qo‘ygandi. Ha, xom sut emgan banda-ya!
Dunyoda shunaqa ishlar borligini Nafas tog‘a ham o‘ylamagan ekan. Noiloj rozi bo‘ldi. Afsuski, Zafarxo‘jaevning xatosi takrorlandi. Bunda domlaning zarracha aybi yo‘q.
Magistrlik ishi mavzusini tasdiqlatib olgach, Abdurashid oldida to‘y masalasini ham bir yoqlik qilish istagi paydo bo‘ldi. Zartepa – Toshkent o‘rtasidagi qatnovlardan so‘ng as’asayu dabdaba bilan uylanish kompaniyasi boshlandi. Biroq barcha harakatlar qancha tez boshlangan bo‘lsa, shuncha tez va kutilmaganda sustlashdi. 
Hamma ishlar kelin-kuyovning to‘ydan keyin qaerda turishi masalasiga borib taqalgach, orqaga keta boshladi. To‘yning barcha xarajatlarini o‘zim hal qilaman, siz aralashmang, deb kerilgan Floraxonim mum tishlab oldi. 
Xullas, navbatdagi uchrashuvlarning birida Dinara Abdurashidni Chilonzor metrosining shunday yonidagi ko‘pqavatli uylardan biriga boshlab bordi. Uchinchi qavatdagi ikki xonali shinamgina kvartirada hech kim yo‘q edi. Qizning daf’atan yolg‘iz joyga andishasiz boshlab kelishi bo‘lajak kuyovning ko‘nglida shubha uyg‘otdi. Bilagidan ham ushlamagan qiz bilan yolg‘iz qolish yigitni biroz esankiratdi. 
– Buncha shalviraysiz, – dedi Dinara hali xayolini yig‘ib ulgurmagan qaylig‘ining bo‘yniga osilib. – Mana shu uy endi bizniki. To‘ydan keyin shu yerda mazza qilib yashaymiz. Oyimlardan bizga sovg‘a. Qalay, sizga yoqdimi? Yaqinda ikkalamiz uchun ataylab sotib oldilar:
– Nega endi? Biznikida turmaymizmi? – dedi ajablanib kuyov.
– Qaerda? Qishloqdami?
– Nima qipti? Toshkentda ham to‘y qilamiz, qishloqda ham. To‘ydan keyin chillamiz chiqqunicha u yerda turamiz, keyin o‘qish tugagunicha bu yerda, – dedi Abdurashid ko‘ngli g‘ashlanayotganini sezib shalvirabgina. 
– Undan keyin-chi?
– Undan keyinini vaqt ko‘rsatadi.
– Chilla-pillangizni qo‘ying, Abdurashid aka, oyim eshitsala xafa bo‘ladila. Bilasizmi? – dedi Dinara chimirilib, so‘ng qandaydir sirli xabarni aytishga chog‘landi. Ammo birdan shashti o‘zgardi.
– Nimani? – dedi Abdurashid ovozini balandlatib. Endi u o‘zini ancha tutib olgan, jiddiylasha boshlagandi.
– Oyim sizni juda yaxshi ko‘radilar, ularni xafa qilmang, iltimos. To‘y o‘tguncha nima desalar xo‘p deng. Qolaversa, bittayu bitta qizman, o‘lib qolsalar ham bunga rozi bo‘lmaydilar. 
– Ey, nima, men ichkuyovmidimki... Yo‘q-yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Hoziroq bu masalani bir yoqlik qilish kerak. Ijarada tursak, turamizki, bu yerda turmaymiz. Meni shunchalar orsiz, deb o‘ylayapsizmi?
Dinara Abdurashidni harchand tinchlantirishga harakat qilmasin, uddasidan chiqa olmadi. Ne-ne umidlarda qallig‘ini xilvatga boshlab borgan Dinara oqshomning oyog‘ida suvga bo‘kkan bulkaday uyiga kirib keldi. Oyisiga bo‘lgan voqeani aytib, ko‘z yoshi qildi.
Hoziroq yotoqxonaga borib, yalangoyoq kuyovning tonobini tortib qo‘ymoqchi bo‘lgan Florani qandaydir kuch to‘xtatib qoldi. U uzun uf tortib, stolga o‘tirib oldi. 
Domla Zafarxo‘jaev esa shunga o‘xshagan muammolar ko‘ndalang bo‘lishini bilardi. Chunki shogirdi unaqa yigitlardanmasdi. 
Gap uqmas Floraxonim insof, diyonat bobida ancha tarbiyalanadigan bo‘ldi. Ishqilib bola sinmasin-da! Bir xiyol domla Abdurashidni yoniga olib, nasihat qilsammikan, deb o‘yladi. Ammo g‘ururi yo‘l qo‘ymadi. Aralashmay qo‘ya qoldi. Vaqt – oliy hakam! Abdurashid ham odob yuzasidan ko‘zga tashlanmay qo‘ydi. Flora bilan kuyov orasida Sobirov chopar. 
Vaqt esa o‘tib borar, ilmiy ishlar bilan ovora bo‘lib, yotoqxonaning to‘rtinchi qavatidagi xonada qog‘ozlarga ko‘milib olgan Abdurashidning huzuriga Floraxonimning xos elchisi Sobirov domla kelib-ketaverib charchadi. Bir kuni Dinaraning o‘zi keldi.
– Roziman, siz nima desangiz shu, – dedi ko‘zida yoshi bilan.
Onasi shunday o‘rgatgan edi. Qizni o‘z izmiga bo‘y- so‘ndirganidan ko‘ngli o‘sgan Abdurashidning shu orada mansabi ham o‘sib qoldi. Yosh bo‘lishiga qaramay, kafedraga yetakchi mutaxassis lavozimiga taklif qilindi. Diplom himoyasidan keyin to‘y ham boshlanadigan bo‘ldi. To‘ydan oldin undoq qiladurman, bundoq bo‘ladur, deb kerilgan Floraxonim el ko‘zi uchun avval Talabalar shaharchasidagi kafeda kamtargina, keyin qishloqda to‘y o‘tkazishga qaror qildi. Muborak bo‘lsinga xotin-xalaj, qo‘ni-qo‘shni yig‘ildi, deguncha Floraxonim to‘tiday bitta gapni takrorlaydi: “To‘yni kattaroq o‘tkazaylik, el ko‘ziga kamtarroq bo‘lgani yaxshi, domlaga gap tegib qolmasin...” 
Bir o‘zi to‘y tashvishi bilan u yoqqa, bu yoqqa yuguraverib, Floraning yuragi dog‘lanib ketdi. Er jonivorning so‘ligan savlati jigarini ezdi. Kuyovidan ololmagan o‘chini to‘ydan keyin domladan olib, shu dog‘ni «o‘xshatib» yuvishni diliga tugib qo‘ydi. Ammo shu kunlarda to‘yning tashvishi bir o‘ziga qolib ketgani bois, ko‘zini shasht bilan qisganicha, kalovlanib, “ux, neblogodarniy odamning xunigi”, deya u xonadan bu xonaga zuvillab borib kelib yuribdi. Qarindosh-urug‘siz to‘y qilish oson deysizmi?! Sobirov bechora mardligi tutib: “Siz to‘yni boshlayvering, xizmatni mana, men qilay-da” deb kerilgan edi. O’ylamay gapirgan og‘rimay o‘lar, deganidek, xotini bilan ertadan to shomga qadar shuncha harakat qilmasin, to‘yning tashvishini ado qila olmayapti. Hali unisi kam, hali bunisi...Floraxonim masalaning bu jihatini o‘ylamagan ekan! Shunday kunlarda yonida turadigan maslakdoshlari, aka-ukasi, jonkuyar singlisi bo‘lmaganidan o‘ksidi. Yolg‘izlik alami dilini kesdi. Ammo ichiga yutdi... 
Mana to‘y o‘tganiga ham uch oy bo‘lyapti. Ochig‘ini aytganda to‘y mashmashasi boshlanganida kalavaning uchini yo‘qotib, qochgani go‘r topolmay qolgan Floraxonim endi uning qanday o‘tganini eslayolmay o‘tiribdi. 
Qo‘ni-qo‘shnilar qarab turishmadi. Oriyat kuchlilik qildi. Unisi u yoqdan, bunisi bu yoqdan deganday Flora gangib qolganida joniga oro kirishdi.
Shu kunlarda cholu kampir hamyonini oldirgan lo‘liday bir-biri bilan dam arazlashib, dam yarashib kunni o‘tkazishmoqda. 
Vaqt samarasiz o‘tgani sayin Floraxonim siqilib ketyapti. Bu yoqda Chilonzor metrosi yonidagi qiziga atab olgan uy ham huvillab yotibdi. Kuyov jonivor hech kimning gapiga kirmaydi. Loaqal ko‘ngli uchun “Oyijon, ovora bo‘libsiz-da” ham demadi. Odamni sharmanda qilib, ijarada yashayapti. Shularni eslagani sari xonimning ichagigacha achib ketadi. “ O’rgildim g‘ururingdan! Hali burningdan to‘qamni o‘tkazib olay, ko‘rsataman sen galvarsga. Kimning orqasidan odam bo‘lib yurganingni bilmabsan ...” degan fasodli g‘azab avval miyasining orqa tomonini jazillatib, so‘ng ko‘zining gardishini achishtirib, qoracho‘g‘ida o‘tday yashnadi. Xonim shunday damlarda yo‘liqqanni yeb-yutishga tayyor arslonday hurpayib ketadi. Joyida soatlab qilt etmay o‘tiradi. 
Hozir ham oynavand ayvonda kuz oftobining taftiga toblanib, zahar to‘plab turganida bir nuqtaga tikilib turgan ko‘z qiri shart ochilgan darvozaga tushdi. Vaqt peshindan oshgandi. Sobirov iljayib, o‘zi uchun qadrdon bo‘lib qolgan tanish xonadonning tanish eshigi tutqichiga shahd bilan qo‘l cho‘zdi.
– Obbo, – dedi xonim eshittirmay. 
– Assalomu alaykum ayajon!
– Vaalaykum assalom, keling Saparjon, bormisiz, – dedi Floraxonim to‘ydan charchab chiqqanga yo‘yib, odamning rahmini keltiradigan ohangda inqillab, uning yelkasiga qo‘l uchida qoqarkan. – O’zingizning charchog‘ingiz chiqdimi, ukajon, kelinim tuzukmi? Baraka topinglar, sizlar bo‘lmasangiz naq abjag‘im chiqar ekan, rahmat o‘rgilaylar, rahmat, yaxshiliklaringga qaytaray! – U yonidagi o‘rindiqqa imo qildi.
– Rahmat, ayajon, rahmat. Sizdan hech yomonlik ko‘rmaganmiz. Qo‘limizdan kelganicha-da! 
Ayasi Sobirovning bunday tanish yaltoqlanishidan xiyol hushyor tortib, xushlamay turdi. Shunchaki xabar olgani kelmagandir, yo, to‘yda qilgan xizmatlari esdan chiqmasdan biror nozikroq iltimos bilan kelgan.... Yo... 
– Aya, suyunchi bering, – dedi Saparvoy ortiqcha cho‘zmay yaltoqlanib.
– Nima gap, birov ishdan ketdimi? – dedi Flora muhim yangilikdan tezroq xabar topish uchun qulog‘i naq Saparvoyning burniga tekkudek beo‘xshov engashib. Shu dam uning qoshi, ham ko‘zi ham birvarakayiga bir necha marta uchib tushdi. 
– Hech kim ishdan ketgani yo‘q,, – yoyilib iljaydi Saparvoy, – aksincha, kuyovingizni ishga taklif qilishyapti.
– Voy, qaerga, og‘zingizga moy, nega men bilmayman?
– Yuqoriga, – Saparvoy bosh barmog‘i bilan tepaga imo qildi, – yuqoridan so‘rashyapti. Ishxonada g‘ala-g‘ovur gap. Gazetada chiqqan maqolasi kattalarga yoqib qolibdi.
– Rostdan-a?! Yashshamagurning o‘zi ham balo-da! Gap-so‘zlari biram botir. Buni qarang-a? Qaerga ekan?
– Bilmaymiz, domlayam yaqinda eshitdilar. Ertalab rektorning naq o‘zlari xarakteristika yozibdi. Prorektor ham, dekan ham xalloslab tavsifnoma yozib yurishibdi. Sir tutishyapti. Xullas, hammamiz hayron. Siz bilarsiz, deb keluvdim.
– Ertami-kechmi shunday bo‘lishini bilardim, – dedi aya so‘lish olib. – Ammo bunchalik tez niyatimga yetaman, deb o‘ylamagandim. – U ichidan qisib kelayotgan quvonchini yashirishga harakat qilib, iljaydi. – Abdurashidjonning o‘zlari biladimi? – u yonidagi telefon go‘shagini qo‘lga olib, raqamlarni bosa boshladi.
– Bilmasa kerak, domla ham, men ham qo‘ng‘iroq qilib bog‘lana olmadik.
– Javob bermayapti. Dinara-chi? Uniyam telefoni o‘chiq. 
– Shoshmang, aya, kerak bo‘lsa topishadi. Avval qaergaligini bilaylik.
– Domla qaerda?
– Ishxonada.
– Menga qarang, tezlik bilan harakat qilish kerak, bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermaylik... 
– Nima qil, deysiz? Axir qaergaligi hali noma’lum-ku! 
– Biladiganlarning og‘zini iskang, domlangizga qarab o‘tirmang, olamni suv bossa ham u kishining to‘pig‘iga chiqmaydi. Ishxonaga qaytib boring, xabarlashib turaylik. Biror jo‘yali fikr chiqsa o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman. Yo‘q, to‘xtang, topdim, – Floraxonim ko‘rsatkich barmog‘ini havoga tirkadi, – topdim. Ertaga domlangizning tug‘ilgan kuni. E ha-ya! To‘ydan keyin ortiqcha chiqim bo‘lmasin, devdim. Baribir iloji yo‘q ko‘rinadi. Bo‘ldi, shunday qilamiz. Ro‘yxat tuzing. Shu bahonada xabari bor hammani ertagayoq chorlaymiz. Biridan bo‘lmasa, biridan gap chiqadi, mana ko‘rasiz...
– Domla nima derkin?
– Ey, bu yog‘ini menga qo‘yib bering...
Ittifoqchilar shunday qarorga kelib tarqalishdi. Floraxonim domla ishdan qaytgunicha ich-etini yeb bo‘ldi. Kelganida ham u kishidan biror jo‘yali gap ola olmadi.... Floraxonim marosim haqidagi qarorni oshkor etay, deb turganida,.kuyov bilan kelinning o‘zi bir quchoq gul, sovg‘a-salom ko‘tarib kirib kelishdi. 
Yoshlar baxtli edi. Biri gapirib, biri kulardi. Ularning baxtiyorligi Floraxonimga ham ko‘chdi. Birinchi marta rosmanasiga kuyovini bag‘riga bosib, astoydil suydi. 
– Onang o‘rgulsin, bo‘ylaringga qoqindiq. Hozir yo‘qlab turuvdik-a! Qani, qani, marhamat...
Ularni hamisha mehmonga muntazir turadigan uzun, aylana stolning to‘riga taklif qildi. Domla ham ko‘rishish uchun kuyoviga quchoq ochdi.
– Suyunchi beringlar, suyunchi, – dedi Dinara yosh qizchalardek tantiqlanib.
– Voy, tinchlikmi? Nima gap? – dedi Floraxonim toqatsizlanib, guyo o‘sha sirli yangilikdan xabar topish mavridi kelganligiga amin bo‘lib. 
– Biz chet elga ketyapmiz....
– Voy! – Filoraxonimning boshidan sovuq suv quyganday stol atrofidagi duch kelgan stulga o‘tirib oldi.
– Shunaqa bo‘lib qoldi, – dedi Abdurashid avval qaynotasini to‘rga o‘tqazib, so‘ng yonidan o‘zi joy olarkan, – Bir yil davomida avval Yaponiyadagi nufuzli banklarda navbati bilan malaka oshirib qaytadigan bo‘ldim. Ilmiy ish mavzusi juda to‘g‘ri tanlangan ekan. Internet orqali anketa to‘lg‘izgandim, savol-javoblar bo‘luvdi.... Rasmiy taklifnoma ham yuborishibdi.... 
– Ha, iqtisodda muvozanatning buzilishi haqidagi tezislaringiz qaltisroq edi. Vaqt ko‘rsatdi. Baxtingizga dunyo iqtisodiyoti eski aravaga o‘xshab shaldirab, sizning qarashlaringiz asosli ekanini isbotladi. 
– Dinara-chi? U ham birga ketadimi? – so‘radi Flora quvonishini ham, quvonmasligini ham bilmay.
– Birga ketamiz, – dedi Dinara onasini tinchlantirish uchun bo‘ynidan quchib.
Bu yangilikdan Floraning ko‘ngli to‘lmadi. Yanada oydinroq fikr eshitish uchun o‘smoqchiladi:
– Bu yoqda lavozimga ham taklif qilishibdi, deb eshitdik....
– Ha, shunday bo‘luvdi, – dedi Abdurashid jiddiy tortib, – ammo maqsadimni eshitishgach, qo‘llab- quvvatlashdi. 
Flora ikkinchi marta sapchib tushdi. Bir yillik o‘qishni deb shunday taklifdan voz kechgan kuyovini bundan keyin hech qachon jilovlay olmasligiga ko‘zi yetib, uni suyib-ardoqlashdan o‘zga chorasi qolmaganini angladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.