OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘ktam Mirzayor. Sovrin (hikoya)

Teshavoyning obi-diydasi Nortojining jigarini ezib yubordi. Ikki kunning birida shu ahvol — kallayi saharlab shilqillaganicha ostonada paydo bo‘ladi.
— Nor aka, nima qilay? Ayting, nima qilay, tentak bo‘lib qolmasmikan-a?! — deydi zorlanib.
Nortoji uni nima deb yupatishniyam bilmaydi. Sho‘rlikni bag‘riga bosib, o‘ziga kelgunicha yelkasini silab o‘tirishdan boshqa iloji yo‘q. Shunday kezlarda mol-hol bahonasida ularning yonida paydo bo‘ladigan Nortojining xotini — Arofat jonga oro kiradi.
— Teshavoy inim, aql inib qolar, ko‘p kuyinmang, Yaratganning o‘zi dardiga yarasha shifosini ham berar! Qo‘yavering, o‘ynab yuribdi-da, peshonasida biror yozug‘i bordir?!
— Checha, o‘lar bo‘lsam, o‘lib bo‘ldim, ortiqcha chiday olmayman, qaratmagan joyim qolmadi. — U ikki tizzasiga shappatilab, boshini chayqab-chayqab devorga suyandi, — onasi sho‘rlik o‘lib qutuldi-ya! Bu turishda elga sharmanda bo‘laman, checha! So‘fi azon aytmasidan, eshakpoyga o‘ynayman, deb xit qiladi badbaxt! Bolaligida eshakpoyga o‘ynab yiqilganidan beri shu ahvol! Hali zamonni ham to‘zdiradi bu ahmoq!
— Menga qarang, uka, bo‘lmasa birorta yuvoshroq eshak olib bering, xarxasha qilsa, mindirib ko‘chaga chiqarib yuborasiz, qorni ochsa o‘zi qaytib keladi.
— Chechang to‘g‘ri aytayapti, shunday qila qol Teshavoy, — dedi Nortoji dalda bergan bo‘lib, — irim qilma, bir eshakpoyga bilan zamon to‘zib qolmas... hali otdan o‘zadimi, yo‘qmi, Xudo biladi...
Teshavoy jonday qo‘shnisi Nortojining aytganini qildi. O‘n ikki yoshlarida eshakpoygada yiqilib, boshi lat yegan, shundan beri xayoli o‘ynoqi bo‘lib qolgan o‘g‘li Esanboyga eshak olib berib, qulog‘i biroz tinchiganday bo‘ldi.
Ammo... Esanboy ko‘chada mashinami, otmi, eshakmi minganni ko‘rsa, tirg‘alib, peshonasigacha xilacho‘pini o‘ynatib, xislanib boraveradigan bo‘ldi.
— Av, yur, oldimga tush, poyga o‘ynaymiz, — deydi iddao bilan.
Shunday kezlarda yo birovdan bir qamchi yeb nari ketadi, yo oldiga tushganni quvib, o‘zining sarsoni chiqadi.
Maymuntepaning tevaragida har kuni eshakpoyga. Esanboyning dastidan mol boqqani chiqqan bolalarga kun yo‘q.
Eshak, eshak-da! Yo‘rg‘asi tutib, poygada birinchi kelib qolsa bormi, egasining holiga voy! Esanboy o‘zidan o‘zib ketganga albatta, panalab borib, bir xilacho‘p tushirishi turgan gap... Shu bois kaltak yeyaverib, bezillab qolgan bolalar Esanboyni oldinga o‘tkazib, orqasidan “sen yutding, sen yutding”, deb qutulishadi.
Ana endi uning marradan bir o‘zi iljayib qaytishini ko‘raverasiz. Yetib kelgach, “Endi sovrinni ber!”, deydi xezlanib. Bolalar qo‘liga tushgan narsani sovrin qilib, poyganing rasm-rusumini joyiga qo‘yishadi...
“Qizqo‘rg‘onda ko‘pkari bo‘laymish”, degan gap tarqalgandan beri mo‘ylabi endi sabza ura boshlagan Esanboyning xalovati yo‘qoldi. Kechasi bilan uxlamaydi. Qulog‘i ding! Har kuni otasiga “Qachon ko‘pkariga boramiz?”, deb qichagani-qichagan. Buning ustiga qishloq bolalari ham “Eshagimni ko‘pkariga saqlayapman, bugun poygaga solmayman”, deb Esanboyning ichini qizdiradi.
— Bachalar to‘g‘ri aytibdi, sen ham eshagingga biroz dam ber, — dedi ota aslida o‘g‘lining biroz dam olishini istab.
Esanboy otasi aytganday eshagiga har kuni ertalab bir hovuch arpa berib, odamlarning Qizqo‘rg‘onga enishini poylab, kunni kech qilib yurdi.
Yakshanba kuni tongdanoq qishloq ahli Qizqo‘rg‘on tomonga selday oqa boshladi. Mashina, ot-ulov, piyodalar, sallasini kuvala-kuvala qilib o‘ragan boboylarni aytmaysizmi. Shunday kunda kim uyda o‘tiradi, deysiz.
 Esanboyning kuni tug‘di. Saharmardondan hozirlik ko‘ra boshladi — otasi bir paytlar ko‘pkari chopganida kiyadigan janda kulohni qaerdandir topib chiqdi. Quloqchinni bostirib, paxtali shim balan fufaykaning ustidan bir quloch arqonni sirmadi. Og‘zi qulog‘ida.
O‘g‘lining harakatlaridan Teshaboyning g‘azabi qo‘zidi. Ori keldi. Urib qaytara olmasligiga ko‘zi yetib, yalinishga o‘tdi.
— Jon bolam, borma, qayt, yanagi safar ikkalamiz birga boramiz, — dedi yo‘lini to‘sib.
— Boraman, chavandozlarni ko‘raman, hammasidan o‘zaman, baribir boraman.
Teshaboy chuqur “uh” tortib, yakkayu yolg‘izi, ko‘zining nuri-diydasi — Esanboyning ortidan mahtal bo‘lib, qarab qoldi.
 
* * *

Nortoji mertik belini avaylab, peshingacha zo‘rg‘a uyda o‘tirdi. Ko‘pkari tomoshasiga ham bora olmadi. Ko‘ngli sezgan ekan! Teshaboy bilan gurunglashib qaytarman, deb oqsoqlana-oqsoqlana qo‘shnisining darvozasidan bosh suqdi. U bostirma ostida mol-holini saranjomlab yurgan ekan. Salom-alikdan so‘ng, ayvondagi yog‘och chorpoyaga o‘tishdi. Shu payt tashqaridan eshak tuyog‘ining ovozi eshitildi. Teshaboy qaddini tiklab, darvoza tomonga qaradi.
— Ota, — dedi Esanboy bor ovozda, oq bo‘xchani bag‘riga bosganicha eshagidan sakrab tusharkan, — men yutdim, eshagim mashinadan ham o‘zdi, otdan ham o‘zdi.
Esanboy olib kelgan sovrinini otasiga tezroq ko‘rsatish uchun oq qiyiqchaning tugunini shoshib yecha boshladi. Tugundagi yelim xaltadan uloqning kalla-poychasi ko‘rinib turardi. Oraga jimlik tushdi. Esanboy tilini chappa tishlagan uloqning kallasini olib, siltab-siltab qichqirdi:
— Mana mening sovrinim! Mana mening sovrinim!
— Buni kim berdi?! — dedi Teshaboy deyarli og‘zidan tupugi sachragudek chinqirib.
Esanboy qo‘rqib ketdi. Kaltak yemaslik uchun ikkala qo‘li bilan boshini berkitdi.
— Jani bakavul...
— Ha, onachasini... aka, — dedi Teshaboy chorpoyaga hali o‘tirib ulgurmagan Nortojining yelkasiga yopishib. —Qorayolni ko‘pkariga solmaganmidingiz?
— Yo‘q, uyda, jiyaning Toshkentdan yetib kelolmadi.
— Iltimos, menga bering, men shu enag‘arlarga sovrin qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yay, — dedi Nortojining yelkasidan tutganicha titrab.
— Teshaboy uka, o‘zingni bos! — Nortoji uni bag‘riga bosib tinchlantirmoqchi bo‘ldi.
— Akajon, bir akalik qiling, yo‘q demang, bu nima ko‘rgilik-a?! — dedi Teshaboy cho‘zib, yelkasi osha o‘g‘li tomon ishora qilarkan.
Esanboy yana uloqning kalla-poychasini siltab dikonglashga tushgandi...
— Mana mening sovrinim! Mana mening sovrinim!
Teshaboyning xo‘rligi kelib, ko‘chaga otildi. Nortoji uning ortidan chopib ergasholmadi. Zum o‘tmay, Teshaboyni Qorayolning belida ko‘rdi. Teshaboy ovozi boricha o‘kirib borar, shamol uning zorini uzoq-uzoqlarga yetkazardi: “Yo, xudoyo! O‘zing madad ber, shu bolamga o‘zing shifo ber! Sharmanda qilma, xudojon!..”.
U uzangiga bor kuchi bilan oyog‘ini tirab, egardan qaddini ko‘targanida yuzini quyunday uchib borayotgan otning yollari silar, vujudiga g‘oyibdan kuch yog‘ilardi. Ko‘zlaridan porillab oqayotgan yoshni shamol belgisiz tomonlarga olib ketar, hatto ko‘z yoshining muzday tomchilari quloqlarining ichiga ham sizib kirgandi.
Uning o‘kirigi Qizqo‘rg‘on tomondan kelayotgan chavondozlarning hayyo-huytiga qo‘shilib ketdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.