— Istam, ho, Istam,— degan ovoz eshitildi.
Qornini yerga berib kitob o‘qiyotgan Istam “Obbo, yana kim keldi”, degandek, boshini bir zum ko‘tarib, ovoz kelgan tomonga quloq solib turdi.
— Istamboy!
Otasining xirillagan ovozi. Dik etib o‘rnidan turdi. Qo‘lidagi kitobini o‘ngiri sal osilgan eshik yonidagi eski g‘aladon ustida turgan “Rekord” televizorining yoniga qo‘yib, tashqariga chiqdi. Ammo xayoli hali kitobdan uzilmagandi.
Istam darvozaxonaning yonidagi o‘rik ostida nogironlik aravasida bir burda bo‘lib o‘tirgan otasining yoniga keldi. Ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘lib, qiltillab turgan bo‘yniga osildi. Yuziga yuzini ishqab, erkalandi.
— Otajon, isingizga bir to‘yay...
— Nari tur-e, po‘rim! Is qoptimi, — dedi otasi xirillab, so‘ng tomog‘iga bir narsa tiqilgandek qiynalib yutindi. Uzun barmoqlarini bir-biriga kiyishtirib, chuqur xo‘rsindi.
Istam otasining shu og‘ir xo‘rsinishidan “kunlarim sanoqli bo‘lib qoldi”, degan ma’noni angladi. Onasining vafotidan keyin otasining birdan munkillab cho‘kishi Istamni tashvishga sola boshlagandi. Ukalari “Ishingizdan qolmang, otamga o‘zimiz qaraymiz”, deyishsa ham g‘animat dunyoda ota mehriga to‘yib qolay, keyin o‘qirman, deb o‘z hisobidan muddatsiz ta’til olib, otasining oldiga ko‘ch-ko‘ronini orqalab keldi. Kimdir: “Yaxshi qilibdi”, desa, yana kimdir: “Shuncha yil o‘qib, go‘r ham bo‘lmabdi-da, mana, qaytib kelib otasining kulbasiga tiqilyapti”, dedi.
Istam miq etmadi. Po‘rim kiyimlarini kelgan kuniyoq yig‘ishtirib, g‘ilofiga tiqdi, o‘zini astoydil otasining xizmatiga shayladi. Choy, desa choy, non desa nonni muhayyo qildi. Oyog‘ini yuvdi, tirnog‘ini oldi. Soch-soqolini tarashladi. Nima qilsa ham otamning ko‘nglini olay, dedi. O‘tgan yili onasi to‘satdan vafot etganida yuragini armon o‘rtab yuborgandi. Eslasa onaizorini biron marta yumshoq ko‘rpachalarga o‘tqazib, bir piyola choy uzatmagan ekan. Shu sabab akasiyu ukalari, opasiyu singlisiga “Ishlaringdan qolmanglar, uy-uylaringga jo‘nanglar, endi navbat meniki”, deb otaning xizmatiga qattiq bel bog‘lab turgan joyi edi.
— Otajon, hammomga o‘tin qalaganman, cho‘miltirib qo‘yaymi?
— O‘tgan kuni cho‘mildik-ku, bolam! Ey, ey, anavi Qosimboymi? — dedi chol asfalt yo‘lga xavotirli ishora qilib. Istam ko‘chadan velosipedini g‘izillatib o‘tib ketgan odamni orqadan tanimadi. Lekin uning g‘alati harakatlarini ajablanib kuzatib qoldi. Yoshi oltmishni qoralasa-da, qilig‘i bolalarnikiday bu echkisoqol chol boshida eski qalpoq, oyog‘ida yirtiq kalish, rangi oftobda unniqib ketgan keng, uzun ko‘k kuylak-ishtonini shamolda hilpiratgancha velosipedini haydab borardi. Nafas bobo:
— Qosim, o‘zimizning Qosimboy. Biror korihol bo‘ldi-yov, tajangligi tutib qopti, — dedi chol biroz ma’yuslanib.
— Ota, menda nima ishingiz bor edi?
— Kel, o‘tir bolam, kursichani bundayroq sur, — dedi ota yoniga bir dam kelib, chaqchaqlashib o‘tadigan hamqishloqlari uchun aravacha qarshisiga qo‘ydirgan kursichaga imo qilib, — yegan-ichganing o‘zingniki, ko‘rgan-boqqaningdan gapir.
— Kitob o‘qiyotuvdim, yaxshi yozuvchi akamiz bor. “Pakananing oshiq ko‘ngli” degan kitob yozibdi. Endi boshlovdim...
— O‘zing qachon yozasan? — dedi otasi dabdurustdan.
Gap ohangidan Istam shuni aniq bildiki, otasi uning yozuvchi bo‘lishini juda-juda istagan. Ammo Xudoyim iste’dod bermagan bo‘lsa, nima qilsin...
— Ey, ey, jinni bo‘lganmi, anaviga qara, qara! — dedi bir payt Nafas buva cho‘pday qurib qolgan uzun barmoqlarini yana asfalt tomon cho‘zib. — Qaytar, qaytar badbaxtni! Hozir bir baloni boshlaydi. Yana kampiri bilan janjallashganmi, deyman-da...
Qosim amaki uzun ishton-kuylagini shalviratib, hovliqqanicha velosipedini zuvillatib o‘tib ketdi. Istam to‘xtatishga ulgurmadi. Yo‘lga chiqib, ortidan kuzatib qoldi, xolos.
— Shokirlarnikiga burildi, ota.
Nafas buva birdan so‘lishdi, so‘ng: “Yana kimdir qaytish qilibdi-da”, dedi qadoq qo‘llarini juftlab, yuziga fotiha tortarkan.
Istam otasining nafasi ichiga tushib ketganini aniq sezdi. Nima ham qilsin, bechora. Yoshi to‘qsonni qoraladi, qishloqda biron-bir tengdoshi qolmadi. Har safar kimdir qazo qilsa shu ahvol. Soatlab bir nuqtaga tikilib o‘tiradi.
— Biz tomonga kelyapti, — dedi Istam ko‘chadan ko‘z uzmay.
— A?! — dedi ota.
Istam yo‘lga chiqib, qo‘li bilan “to‘xtang”, degandek ishora qildi. Qosim amaki ko‘prik yoniga kelib to‘xtadi. Tashvishli nigohi buvaga tushib, xo‘rligi kelgan boladek o‘pkasi to‘lib, obi-diyda qildi:
— Nafas buva, endi nima qilaman?
— Ha, ha, Qosimboy, tinchlikmi? Nima g‘alva?
— Toshturdi tog‘aning xotini bandalikni bajo keltirdi. Nasim Karmanaga ketgan. Padarla’nati Shokir o‘lguday mast. Endi nima qilaman, buva? Go‘rkov yo‘q.
— Boshqa birovni yoningga ol, bo‘lmasa.
— Hech kim yo‘q-da, hozir kimam go‘rkovlik qilardi, bir o‘zim eplay olmayman, — dedi Qosim amaki tajangligi tutib. — Mayit mahtal bo‘lib qoladi. Ey, Xudoyim-ey, bu qishloqning erkagi o‘lgan, qirilgan.
— Menga qara, Qosimboy, — dedi Nafas buva xotirjam, — kap-katta odamsan, o‘zingni bos. Iloji topilar, ana Istamni yoningga ol bo‘lmasa, bir amalla, uka. Katta bir qishloqda go‘rkov topilmasa, uyat-a!
— Yo‘q-da, yo‘q... Yoshlar bo‘yin bermaydi, bundayrog‘i o‘ziga ep ko‘rmaydi. Ikki-uchta alkashga kunimiz qolgan...
Biroz sukutdan so‘ng:
— Ukam qarashib tursa, bir amallardim, — dedi sal o‘zini bosib.
Istam turgan joyida taxtaday qotib qoldi. Bir ahvolda:
— Ota-a, — deyoldi xolos.
— Qishloqchilik bolam, boraqol, savob bo‘ladi, — dedi Nafas buva sovuqqina, “gap tamom” degandek, yana panjalarini bir-biriga kiyishtirib, yutindi.
Istam otasining gap ohangidan “Yozuvchi bo‘la olmaganingdan keyin go‘rkov bo‘lasan-da”, degan istehzoni aniq uqdi. Qaydam, ota bechora shu ko‘ngilda gapirmagandir. Ammo Istamning xayolidan naq shunday fikr o‘tdi.
* * *
Qosim amakining tajangligi rost ekan. U bilan o‘rlashib bo‘lmasligi ko‘rinib turibdi. Istam yo‘l-yo‘lakay bir-ikki og‘iz gapirib, pand yedi. Gapni qisqa qilish kerak. Iloji bo‘lsa, indamagani ma’qul.
Tajang o‘ziga-o‘zi g‘o‘ldirab, velosipedini biltanglatib, qabriston tomonga burildi. Istamning inon-ixtiyori unda. Qabristonga yetgunicha achigan ter hidiga bir amallab toqat qilib bordi.
Amaki qabristonning temir darvozasini ochgach:
— Assalomu alaykum, mayitlar! Oxirat yaqin, oxirat yaqin, oxirat yaqin, — dedi salmoqlab. Avval ham bu yerga kelib ketgan chog‘i, darvozaning orqasiga yotqizib qo‘yilgan sopi kalta lopatka, ketmon va teshani qo‘liga olib lahad qazish uchun joy izlay boshladi, u yer-bu yerga ketmon urib ko‘rardi.
Sherigining ovozidan hali-beri o‘ziga kela olmagan Istam “po‘killab” turgan yuragini hovuchlab, mung‘ayib yotgan qabrlarni oralab, unga ergashdi.
Bu yerda bemalol yurib bo‘lmas ekan. Oyoq ostidagi har bir do‘nglikning tagida qaysidir hamqishlog‘ining loshi yotganini xayolan tasavvur qilgan Istam nihoyatda ehtiyotkorlik bilan qabr oralab, bazo‘r o‘ziga yo‘l topib yurdi. Oxirgi marta bu yerga onasi olamdan o‘tganda aka-ukalari bilan kelgandi.
Qosim amaki joy topgunicha Istam onasining qabriga borib, tilovat qilib qaytdi. Tajang ungacha joy topib, eni-bo‘yi bir quloch keladigan yerni xashak, o‘t-o‘landan tozalab qo‘ygan ekan. Istamni “bu yoqqa kel” degandek imladi va yulingan xashaklar ustiga o‘tirib, pichirlab oyat o‘qidi. So‘ng birgalashib ishga tushib ketdilar.
— G‘ayrat qil, ukajon, tuprog‘ini bu yoqqa tashlaysan, — deb o‘ng tomonni ko‘rsatdi va o‘zi gursillatib chuqur qaziy boshladi Qosim amaki.
Ikkalasi galma-gal, miq etmay, terlab-pishib ishladilar. Hash-pash deguncha to‘rt burchakli chuqur hosil bo‘ldi. Istam oxirgi hovuch tuproqni tashqariga chiqarganida peshonasidan reza-reza ter oqar, ust-boshi namiqib ketgandi. Tuproqning xushbuy hidi biram yoqimli ediki, agar bu yer qabriston bo‘lmaganida Istam uzoq vaqt bu bo‘yni to‘yib hidlashga tayyor edi. Ammo chuqurdan chiqiboq, kayfiyati buzildi. Atrofdagi qabrlarga ko‘zi tushishi bilan eti seskandi. Endi Qosim amaki chuqurga tushib pastki chap burchakning qoq o‘rtasidan tuynuk ochdi. Tuynuk bora-bora ichkariga qarab kengaya boshladi. Ha demay go‘rkov ko‘rinmay qoldi. Har zamon-har zamonda ichkaridan uning inqillab tesha chopayotgani eshitilardi, xolos. Chuqurlik lahaddan chiqqan tuproqqa to‘ldi.
— Ukajon, — dedi amaki teshikdan tuproqqa belangan boshini yumronqoziqday chiqazib, — ha de, ha de, oz qoldi.
Istam chuqurga tushib, jon holatda tuproqni tashqariga ota boshladi. U qora terga botgan edi. Lahaddan bir maromda teshaning “to‘q-to‘qi” eshitiladi. Istam uning ovozini daraxt tanasidan qurt-qumursqalarni terayotgan qizilishtonning ovoziga o‘xshatdi. Bir payt tepada kimdir:
— Biz ham sherik, — dedi cho‘zib.
Istamning yuragi “shig‘” etib ketdi. Cho‘chib qaradi. Ukasi Rustam ekan.
— Savobga bizni ham sherik qilinglar, — dedi Rustam tizzalariga qo‘l tirab, pastga engashgan ko‘yi.
— Otam yubordilarmi? Eplayolmaydi, degan-da, a?
— Urinib qolmasin, dedilar, qani bu yoqqa chiqing, — dedi ukasi akasini chuqurdan chiqazib olish uchun qo‘l cho‘zar ekan.
Istam “Shunday deyishlarini bilardim”, degandek indamay ishida davom etaverdi.
Rustam chuqurga tushib, akasini qistadi:
– Chiqing, o‘zim oxiriga yetkazib qo‘yaman, siz ust-boshingizni qoqib oling, odamlar ko‘rsa uyat bo‘ladi, aka, chiqing!
— Hozir, — dedi Istam, so‘ng lahadning ichiga qo‘rqibgina bosh suqdi. Keng-kovul yerto‘lada Qosim amaki tiz tushib, yon devorlarni tesha bilan taroshlardi.
— Qosim aka, yordamchi keldi, —dedi Istam.
— Baraka topsin, — dedi Qosim amaki pishillab. — Yana bir ha, desak tugallaymiz, pardozi qoldi.
Teshikning og‘zi tor bo‘lishiga qaramay, ichkarisi yarim oy shaklida, odam bo‘yi uzunlikda kovak qilingandi. Qosim aka hovuchlab-hovuchlab tuproqni tashqariga chiqarib tashladi. Istam ukasi bilan o‘rin almashdi. Rustam kalta dastali lopatka bilan uyulgan tuproqni peshma-pesh tepaga ota boshladi. Tuproqning rangi ikki xil edi. Chuqurdan chiqqan tuproq oddiy — qo‘ng‘irtop, lahaddan chiqqani esa sap-sariq oltinday, buning ustiga mayin edi. Bir payt Qosim aka lahadning ichiga uzala tushib, yotib oldi. Tepada yumshoqqina tuproqqa yastanib o‘tirib olgan Istam “Bunisi nimasi?” degandek, ichkariga ajablanib qaradi. Amaki yotgan joyida lahadni ko‘zdan kechirdi. U shu topda ajabtovur mehribon va muloyim bo‘lib qolgandi. O‘z ishidan mamnunligi yuz-ko‘zidan bilinib turipti. Tajang yotgan joyida iljayib:
— Tuproqning hidiga qara, jonivor-ey, xudo degan ayol ekan, – dedi chap qo‘li bilan tuproqni uqalab, — soz chiqdi, hidi biram shirin!
Qosim amaki o‘ziga o‘zi gapirib, yana tirjaydi. Uning o‘raday og‘zida qolgan yakkam-dukkam tishlari ko‘rinib ketdi.
— Qosim aka, bo‘b qoldimi? Men nima qilay? — dedi Istam, “Menga ish qolmadi-ku” degandek.
Amaki, yotgan joyidan turib, tizzaladi. Tanasidan oqqan jiqqa ter bilan qorishib, loy bo‘lgan bilagini qoqib, endi bilganingni qil, degandek, Istamga orqasini o‘girib oldi va lahadning u yer-bu yerini taroshlay boshladi. Rustam esa miq etmay, chuqurdagi tuproqni tepaga otardi.
Istam o‘rnidan turib, ust-boshini qoqdi va onasining qabri tomon ketdi. U yerda ancha o‘tirib qoldi. Mayitni olib kelishganida borib olomonga qo‘shildi. Bir chekkada turib, boshqalar qatori dafn marosimini kuzatdi. Odam ko‘p edi. “Qishloqda shuncha odam bor ekanu bitta go‘rkov topilmasa-ya” degan fikr o‘tdi dilidan. Qosim amaki esa dadillashib qolibdi. Go‘r og‘zida yumshoqqina tuproqqa cho‘kkallab, odamlarga aql bo‘lib o‘tiribdi. Haligina vahima bosib, nima qilarini bilmay, shalvirab turgan odamdan asar ham qolmagandi. Hamma uning izmiga bo‘yin ekkan. Hassakashlar mayitni chaqqonlik bilan qo‘lma-qo‘l qilib lahadga uzatishdi. Tajang endi mayit egalariga gap uqdira boshladi:
— G‘ishtni unday emas, bunday qala, eplayolmasang, chiq bu yoqqa.
— Qosimboy, o‘zingiz qalang, nurab ketmasin.
— Nuramaydi, — u chuqurga tushib, butini kerib, lahadning teshigi og‘ziga cho‘nqaydi, — g‘ishtni bunday qo‘yadi. Ber bu yoqqa, — u bilag‘onlik qilib, chaqqonlik bilan lahadning og‘ziga g‘isht qalay ketdi. — Sen uzatib tur....
Bir pasda lahadning og‘zi yopildi. Bundan bir-ikki soat burun ne mashaqqat bilan qazilgan go‘r, zum o‘tmay to‘ldi, hatto haligina tep-tekis bo‘lib yotgan yerda bir uyum do‘nglik paydo bo‘ldi. Qabr boshida avval mayitning haqqiga duo qilindi. Odamlar tarqaldi. Qosim amaki ham asbob-uskunalarini qo‘ltiqlab, qabristondan chiqdi. U mamnun edi.
Istam ukasi bilan hovliga qaytganida Nafas buvani kimdir o‘rikning quyuq soyasiga ko‘chirib qo‘ygan ekan. Ota munkayib, pinakka ketibdi. Istam kafti bilan og‘zini to‘sib, ukasiga “sekinroq” degan ishorani qildi. O‘zi esa ehtiyotkorlik bilan aravacha qarshisidagi kursichaga cho‘kdi, boladay pishillab uxlayotgan otasiga tikildi. “Xudoga shukur!” — dedi huzurlanib.