Zaynobiddin Omonov yangi ishga o‘tganidan beri haftaning uch kuni uyda bo‘lsa, to‘rt kuni safarda. Institutni tamomlab qariyb o‘n yil ishlagan. Ilgari shahardan chiqmasdi. Chiqishni o‘zi ham istamasdi. Har kuni soqol qirtishlab, vanna qabul qilishga o‘rgangan odam begona joyda yotib qolishni yoqtirmasdi. Ammo na iloj? Zamon o‘zgarib ketdi. Xo‘jayinning aytganini qilmasang, ishdan ajralib qolish hech gap emas. Shu xo‘jayinining gapini ikki qilmay mana, uch yilki, Olmaliqmi, Baliqchimi, Shahrisabz yo Vobkentmi, qayoqqa desa, ketaveradi. Uning safarlari ko‘proq haftaning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi, shan-ba, yakshanba ham shunga kirib ketadi. Bir. tomondan bu yaxshi. Shanba kuni qaerda bo‘lmasin, mezbonlar; o‘zbekchilik, uni olib qolishadi. Ertasiga kechga yaqin jo‘natishadi. Ilgarigi raykomlarning borlaridami yo o‘zlari apil-tapil ko‘targan bahavo, ko‘pchilik bilmaydigan xufiya mehmonxonalardami, bahonada bir dam olishadi. Zaynobiddin Omonov shunday joylarda yayraydi, yangi ishda ishlayotganidan xursand bo‘ladi.
. Yomon tomoni shuki, har kuni taxi buzilmagan ro‘molcha tutib, galstuk taqolmaydi, xotini uyda yolg‘iz qoladi. Tasavvur qiling, uch xonalik kvartirada (raykomda ishlaganining eng katta foydasi) yosh ayol narsa necha kun bir o‘zi qolib ketadi. Tag‘in ham Xursandxon tushunadigan, eriga hurmati baland ayol. Bo‘lmasa to‘polon qilib yuborardi. To‘g‘ri, ba’zida g‘inshib qo‘yadi. Lekin Zaynobiddin Omonov uning lovullab yonib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. G’inshigan paytidayoq darhol qo‘liga biron narsa tutadi. Shaharda topilmaydigan narsa chetda albatta topiladi. Shuning uchun qaerga bormasin, doim cho‘ntagida olib yuradigan, xotinining o‘zi tuzib bergan buyurtmalar ro‘yxatidan biron narsa olib keladi. Bechora Xursandxon. Birpasda hovridan tushadi. Erini quchoqlab o‘pgan bo‘ladi-da, narsani ko‘targanicha o‘z xonasiga kirib ketadi. Narsa loyiq kelsa, yoqsa, undan baxtli odam yo‘q. Zaynobiddin Omonov hech tashvishlanmay yana safarga tayyorlanaversa bo‘ladi. Xursandxon yo‘lini to‘smaydi. Aldagani bola yaxshi, deb to‘g‘ri aytishgan. Bozor munosabatlariga o‘tilayotgan hozirgi davrda xotinlar ham boladek aldanadigan bo‘lib qolishdi. Xo‘rozqand tutqazsang ham olishaveradi. Biron narsa bo‘lsa bo‘ldi. Zaynobidin Omonov albatta bu gapni hech kimga aytmaydi. Ichidagi, faqat o‘zigayu xotini Xursandxonga aloqador gap bu. Xotinning ko‘nglini olib, anchagina tinchib, ertasiga ishxonaga boradi.
Xo‘p g‘alati ishga duch kelib qolgan u. Komsomolda, keyin sovet partiya idoralarida ishlab yurgan paytlari, bir kun kelib, «Taqsim» degan qo‘shma firma paydo bo‘ladi, o‘shanda ishlaysan, turshakmayiz, bodom, pista, bolalar, xotinlarning ko‘ylak-ishtonlari bilan shug‘ullanasan, deb qolsa birov, qattiq ranjirdi, xafa bo‘lardi. Hammayoqni, hammani qo‘lida ushlab, titratib turgan kom-partiya endi yo‘q, sovet idoralari ham yo‘q. Shu idoralarda ishlashni u kasb, deb o‘ylagan edi, shu kasbga otasining, tanish-bilishlarning harakati bilan intilgan edi. Rayon ijroiya komitetidan raykomga instruktor bo‘lib o‘tganda uylandi. Xursandxonning ota-onasi uch-to‘rtta odamni rad qilib, Zaynobiddin Omonov tomonidan borgan sovchilarga rozilik berishdi. «Bugun instruktorsiz, ko‘p o‘tmay bo‘lim boshliri, keyin kotib bo‘lasiz, buni qudalarimiz yaxshi bilishadi» degan edi o‘shanda dadasi. Rad qilishganlardan bittasi hozir allaqanday shirkat boshlig‘i. «Mersedes»da yuradi. Ikkinchisi chet eldan beri kelmaydi. Yana bittasi hali yoshiga to‘lmagan o‘g‘liga atab pishiq rishtdan qo‘shqavatli uy qurdirib qo‘yibdi. Buxoro amirining qasri deysiz.
Ahyon-ahyon Xursandxon g‘inshib, shularni Zaynobiddin Omonovga eslatib qo‘yadi. «Siz ham o‘shalarga o‘xshasangiz-chi!» deydi. Aslida «Taqsim»da ishlayotganiga ham xotin sababchi. Bir kunda raykom yo‘q bo‘lib, u «Bilim» jamiyatiga o‘tganida rosa qiynalishdi. Ancha vaqt Zaynobiddin Omonov yuz bergan voqeaga, yangi ishga ko‘nikolmay yurdi. Ba’zan kechalari uyqusi qochib ko‘chaga chiqadigan, huvillab yotgan qop-qorong‘i qadrdon raykom binosini ko‘rib keladigan odat chiqardi. Bu binoda hech qachon chiroq o‘chmasdi, juda bo‘lmaganda uchinchi qavatdagi birinchi kotibning kabinetida tun bo‘yi charaklab yonib turardi.
«Raykom ishlayapti!» — derdi odamlar yorug‘ derazalarga g‘urur bilan qarab. Zaynobiddin Omonov ham shunday derdi. Hatto o‘zi ham, ayniqsa, bo‘lim mudiri qilib tayinlanganidan keyin ba’zi kunlari tong sahargacha raykomda qolib ketardi. Raykomda, undan andoza olgan ijroqo‘mda ham hech kim o‘rnatmagan, lekin qonun darajasiga chiqib ketgan tartib bor edi. Birinchi kotib ketmaguncha ikkinchi kotib joyida o‘tirardi. U joyida bo‘lgani sababli birinchi bilan birga uchinchi kotib ham ketmasdi. Unga qarab hamma bo‘lim boshliqlari joy-joylarida o‘tirishardi. Ko‘pincha birinchi kotibning o‘zi kimlar qolishi kerakligini aytardi. Ketadiganlar qoladiganlarga hasad bilan qarashardi. Birinchi kimni olib qolsa, yaqin vaqtda o‘sha odam ko‘tarilib ketar yo mustaqil ishga o‘tkazilardi.
Zaynobiddin Omonov partiyaviy ishda ko‘tarilishga ham, mustaqil ishga o‘tishga ham ulgurmadi. Raykomlar tarqalib ketdi. Shundan ikki oycha muqaddam bir yigit uning huzuriga kirdi. Ko‘zlarida yosh, ko‘llari titraydi.
— Tinchlikmi? Keling? — so‘radi Zaynobiddin Omonov hayron bo‘lib.
Yigit «Toshkent» mehmonxonasi restoranida milliy taomlar oshpazi ekan. Kimningdir chaquvi bilan uning partiya vznoslari tekshirilibdi va go‘yo daromadining yarmidan ko‘pini yashirgani ma’lum bo‘libdi. Boshlang‘ich partiya tashkilotida uni partiyadan o‘chirishga qaror qilishibdi. Ishi hozir raykomda ekan. Yigit yoshlik qilibdi, vznos to‘lashning siyosiy, muqaddas vazifa ekanligini tushunmay, shunday ahmoqlik qilib qo‘yibdi.
— Sinab ko‘rishsin, kechirishsin! — dedi ko‘ziga yosh olib yigit. — Yana xato qilib qo‘ysam keyin mayli, o‘chirishsin. Partiyasiz hayot men uchun hayot emas. O’zimni osib qo‘yishim mumkin, Zaynobiddin aka! Yordam qiling! Jon aka! Mening kimligimni umr yo‘ldoshingiz Xursandxon biladilar. Bir maktabda o‘qiganmiz. Men yettini bitirib, savdo texnikumiga ketib qolganman. Jon Zaynobiddin aka! Martabangiz bundan ham baland bo‘lsin. Meni bu sharmandalikdan qutqarib qoling.
— Bo‘ldi, bo‘ldi. O’zingizni bosing. Partiyani aldabsiz, yaxshi bo‘lmabdi, — urishgan bo‘ldi Zaynobiddin Omonov, ammo xotinining ismini tilga olganidan unga yordam qilgisi keldi. — Ikki kundan keyin keling. Gaplashib ko‘rarmiz.
Iigit ko‘zlarini ishqalab, minnatdorchilik bildirdi, yergacha bukilib xonadan chiqdi. Zaynobiddan Omonov uning ishini sektorda qayta ko‘rib chiqishga olib, vaqtincha seyfiga solib qo‘ydi. Hech kim undan hujjatlarni qayta so‘ramadi. O’zidan-o‘zi bu ish yo‘q bo‘lib ketdi. O’shanda yigit ikki kun o‘tgandan keyin Zaynobiddin Omonov ishdalik payti uyga keldi. Xursandxonga minnatdorchilik bildirib, ikki kassetalik magnitofon tashlab ketdi. Zaynobiddin Omonovning jahli chiqdi. Xotinidan adresni surishtirib magnitofonni qaytarib berishga axd qildi.
— Esingizni yebsiz, — dedi o‘shanda Xursandxon. — Bu odamga bitta magnitofon pista po‘chog‘iday gap. O’zingizni uyaltirmang. Bilmagandek bo‘lib yuravering. Manitofonni keyin menga berib ketdi, sizgamas.
Zaynobiddin Omonov bir-ikki g‘ijinib yursa ham xotiniga quloq soldi. To‘g‘ri-da, katta boshini kichkina qilib, magnitofoningizni mana, olib keldim, deydimi? Indamay olib qolsa ham mayli, ustidan kuladi. Erkak odamning bunga chidashi qiyin. Zaynobiddin Omonov hech kimga o‘zini mazax qilishga yo‘l qo‘ygan emas, yo‘l qo‘ymaydi.
Ana shu partiyadan o‘chib ketishiga bir qadam qolgan, ikki kassetalik yapon magnitofoni tashlab ketgan odam uning hozirgi xo‘jayini, «Taqsim» qo‘shma firmasining prezidenti Valijon Sadirovich Sadirov edi. Avvalo u bilan tanishishiga, shu firmaga ishga kirib ketishiga xotini sababchi bo‘ldi. Kunlarning birida Xursandxon ishdan kechroq qaytdi. Kela solib ovqatga unnaydigan odam bu gal erining oldiga quruq non-choy qo‘ydi. Daromadining mazasi ketganligidan ichida ezilib yurgan Zaynobiddin Omonov indamadi. Xotini o‘ychan va nimadandir qattiq hayajonga tushgan edi. U bolalar poliklinikasida ishlardi. Bosh vrach, o‘zi tengi Qo‘qondan erining ketidan kelgan juvon bilan oralari chatoq edi. Xursandxon uning ko‘p ishlaridan norizo edi, qattiq jahli chiqqan paytlari: «kelgindi!» deb qarg‘ardi. Yana ikkovi urishgan bo‘lsalar kerak, deb o‘yladi Zaynobiddin Omonov.
— Tinchlikmi?
— Ertaga ertaroq keling. Mehmonga boramiz. O’zlari olib ketishadi.
Xursandxon eriga qaramay gapirdi. Suvi qochgan nonni lablarini burishtirib sindirdi-da, choyda ivitgan bo‘lib og‘ziga soldi.
— Kim chaqiryapti?
— Valixon Sadirovich.
Zaynobiddin Omonovga bu ism-sharif tanishdek tuyuldi, lekin kimligini eslolmadi.
— Magnitofon bergan odam-chi, maktabdoshim, — tushuntirdi Xursandxon. — O’g‘lini olib keldi. Qulog‘iga suv kirgan ekan. Sizni so‘radi. Salom aytdi. Ertaga Qibraydagi bog‘lariga nozik mehmonlarni chaqirayotgan ekan. Siz ham xo‘jayin bilan albatta borarsiz, dedi. O’zim mashina yuborib oldirib ketaman, dedi. Boraylik, yangi chiqqan boylarning qanday yashayotganini ko‘rasiz.
Xursandxon «qurs» etkazib qotgan nonni tishladi. Zaynobiddin Omonovga xotinining gaplari emas, ana shu, suvi qochgan nonni zarda bilan tishlashi ta’sir qildi, e’tirozi ichida qoldi. Bo‘lmasa borgisi, xotini aytayotgan yangi chiqqan boylarning hayotini ko‘rishga mutlaqo xohishi yo‘q edi. Albatta ilgarigi ishi bo‘lganida o‘nta Valixon Sadirovich chaqirmaydimi, bormasdi. Xotinining qosh-qovog‘iga qarab o‘tirmasdi. Zaynobiddin Omonov ichidan bir zil ketdi. Ammo bildirmadi.
Ertasiga xotini aytganini qilib, uyga ertaroq qaytdi. Xursandxon kiyinib bo‘lib, yuz-ko‘ziga pardoz berayotgan edi.
— Kiyinaqoling darrov! — buyurdi oynadan ko‘z uzmay.
Zaynobiddin Omonov beixtiyor egniga razm soldi.
— Yangi kostyumizni, qora tuflingizni kiying! — dedi xotini.
Zaynobiddin Omonov yelkasini qisib qo‘ydi-da, o‘rnidan turdi. «Avval bir piyola choy bersa bo‘lardi» — xayolidan o‘tkazdi u, ammo gapni choy o‘rnida yutib, xotini aytgandek qildi.
Eshik ko‘ng‘irori chalinib, ular asta tushishganda, ko‘chaning labida kumushrang «Volvo» turardi. Ularni ko‘rishi bilan shofyor mashinadan chiqib, aylanib o‘tdi-da, orqa eshikni ochdi.
— Marhamat!
Xursandxon mashina ohista, ovozsiz joyidan qo‘zg‘algan-da, eriga qarab, boshini sarak-sarak qilib qo‘ydi.
Valixon Sadirovichning Qibraydagi bog‘iga yarim soatda yetib borishdi. Bog‘ kimniki — Zaynobiddin Omonov anglamadi. Kattaligidan, to‘rt-besh joyga alohida-alohida pishiq g‘ishtdan imoratlar qo‘ndirilganidan uning nazarida bitta odamning xususiy bog‘i emas edi. Tag‘in kim biladi, hech narsaga hozir ajablanib bo‘lmaydi.
Gup etib dimoqqa urilgan muzdek havo, rayhon hidi, har yer-har yerda otilib turgan fontanchalar Zaynobiddin Omonovning biroz chehrasini ochdi, uzokdan ularni ko‘rib, qarshilariga qo‘llarini yozib kelayotgan tanish odam, partiyadan o‘chib ketishiga bir bahya qolgan, ikki kassetalik yapon magnitofoni tashlab ketgan, xotinining maktabdoshi Valixon Sadirovichni ko‘rib, kelganiga hatto xursand bo‘lib ketdi.
Valixon Sadirovich Xursandxon bilan bosh qimirlatib ko‘rishdi-da, eski qadrdonlardek Zaynobiddin Omonovni quchog‘iga oldi.
— Mana, nihoyat ko‘rishdik, haloskorim!.. — Uning ozgina kayfi bor edi. Ammo nima ichganini Zaynobiddin Omonov bilolmadi.
— Xursandxon! Do‘stimizni olib kelganingiz juda yaxshi bo‘libdi. Bir kun albatta uchrashishimiz kerak edi. Rahmat.
Valixon Sadirovich ikkovini qo‘ltiqlab, ro‘paradagi ikki qavatli uyning orqasiga olib o‘tdi. Mehmonlar shu tomonda, dasturxon shu tomonda yozug‘lik edi. Zaynobiddin Omonov bog‘ning etagida baland temir o‘choq ustida xuddi quduqning g‘altagidek sekin aylanib turgan butun qo‘yga ko‘zi tushib, birdan qizarib ketdi. Arabcha pishirilayotgan qo‘yni ko‘rganidanmi, yo dimog‘ini kabob hidi qitiqlay boshlaganidanmi, u bilolmadi, ammo o‘zini noqulay sezib, yurishini sekinlatdi. Xursandxon hayron bo‘lib unga qarab qo‘ydi. U aksincha, o‘zini juda erkin his qilaboshlagan edi. Hatto uning kulishida, qarashlarida Zaynobiddin Omonov hech mahal ko‘rmagan, eshitmagan dadillik, sho‘xlik paydo bo‘lgan edi.
Valixon Sadirov ularni uzun, atrofiga stullar qo‘yilmagan, turli noz-ne’matlarga to‘la stol yonigacha olib bordi. Mehmonlar o‘zlari bilan o‘zlari ovora, ularga qarashmadi.
Uy egasi ham ularni hech kim bilan tanishtirmadi. Zaynobidtsin Omonov stoldan ko‘zini uzib xotiniga qaraguncha, mezbon g‘oyib bo‘lgan, uning o‘rnida esa katta patnisda turli ichimliklar ko‘tarib, ofitsiant yigit turardi.
— Nima ichasiz? — so‘radi Zaynobiddin Omonov xotinidan.
— Shampan! — Xursandxonning ko‘zlari o‘ynab ketdi.
Zaynobiddin Omonov bunday hozirjavoblikni kutmagan edi, turli rangdagi ichimliklarga jovdirab qarab qoldi. Shampan vinosi solingan fujer hadeganda ko‘rinavermadi. Ofitsiant yigit esa haykaldek qotib turardi. Shampan bo‘lmasligi mumkin emas. Patnisda o‘ndan ortiq fujer, rumkalar turardi. Zaynobiddin Omonovning burni ustida ter tomchilari paydo bo‘ldi. Xursandxonning o‘zi yordamga keldi.
— Qo‘lingizni ostida, patnis chetida, — tushuntirdi u. Shundagina Zaynobiddin Omonov ko‘pirib turgan fujerni ko‘rdi, olib xotiniga uzatdi. Xursandxon beparvolik bilan shivirladi.
— O’zingizga ham bir narsa olsangiz-chi!
Zaynobiddin Omonov uyalinqirab jilmaydi. Tanlab, bir fujerni qo‘liga oldi.
— Chanqadingizmi? — yana shivirladi Xursandxon.
— Yo‘q, — dedi Zaynobiddin Omonov va shundagina fujerga qaradi. U shuncha ichimlik qolib, Toshkent suvi olgan edi. Beixtiyor yoniga o‘girildi. Patnis ko‘targan ofitsiant allaqachon stolning narigi boshiga ketib qolgan edi. Shu tob ikkinchi bir ofitsiant tugmadek-tugmadek tandir somsa ko‘tarib keldi. Xursandxon taqsimchani eriga uzatdi.
— Ikkita bo‘ladi.
Zaynobiddin Omonov suvni stol ustiga qo‘yib, xotini aytganini qildi. O’ziga ham ikkita oldi. Og‘ziga solishi bilan erib ketadigan dumbalik somsa edi. Shundan keyin ovkat ustiga ovqat ulanib ketdi. Ikkitadan xamirida kun ko‘rinadigan manti tortildi. Ketidan kosaning tagida no‘xatlik palov. Arabcha kabob pishirayotgan ikkita yigit, qizarib jigarrang tus olgan qo‘yni o‘choq yonidagi stol ustiga olib qo‘yishdi. Mehmonlardan bittasi taqsimcha ko‘tarib, ularning oldiga bordi. Kabobpaz qo‘yning sonidan bir bo‘lak kesib, uning taqsimchasiga soldi. Yangicha kabobdan totib ko‘rmoqchi bo‘lganlar bitta-bitta o‘sha tomonga yurishdi.
— Yuring, — buyurdi Xursandxon.
Zaynobiddin Omonov ikkita taqsimcha olib, xotinining orqasiga o‘tdi. Unga kabob o‘tirishmadi. Go‘sht yumshoq, yog‘liq bo‘lsa ham, o‘zimizning six kabob unga ma’qulroq edi. Hursandxon ham yemadi. Yo o‘zini ayadi, yo yoqmadi. Zaynobiddin so‘ramoqchi bo‘lganida notanish odam uning tirsagidan ushladi.
— Zerikmayapsizmi, Zaynobiddin aka?
Zaynobiddin Omonov novcha, ingichka mo‘ylov qo‘ygan bu odamni qaerdadir ko‘rganday bo‘ldi-yu, lekin eslolmadi. Yigit o‘zini tanitdi.
— Valixon akaning muovinlariman. Alisher Nurmatov. Alisher deyavering. Opa, akamlarga bir bog‘ni ko‘rsatib chiqaman, maylimi?
— Bemalol, — dedi jilmayib Xursandxon va nigohida birdan paydo bo‘lgan mehr bilan eriga qarab ko‘ydi.
— Xavotir olmang, — dedi Alisher Nurmatov Zaynobiddin Omonovning xotiniga qaraganini o‘zicha tushunib. — Opamlar yolg‘iz qolmaydilar.
Zaynobiddin Omonov shu zahoti xotinining yoniga bir ayol kelayotganini ko‘rdi. Alisher Nurmatov uni bog‘ning ichkarisiga boshladi.
— Valixon akamiz ajoyib odam, ajoyib rahbar, — u Zaynobidin Omonovning tirsagidan ushlaganicha borardi. — Turgan-bitganlari aql desam, xato bo‘lmaydi. Firmamizning asoschisi shu kishi bo‘ladilar. Yigirmaga yaqin mamlakat bilan aloqamiz bor. Valixon akaning tashabbuslari bilan firmamiz o‘z ishini marmartosh chiqindisidan boshlagan edi, jumhuriyatimiz xo‘jaligining zarur bir bo‘lagi bo‘lib ketdi. Firma qilmagan ish yo‘q. Bitta misol. Valixon akaning takliflari bilan Polsha orqali Frantsiyaga o‘zimizning cho‘l toshbaqasini sotayapmiz. Bilasizmi, bitta toshbaqa necha pul? O’n dollar! Biz yig‘ib qo‘yamiz, o‘zlari olib ketishadi. Muzeylar ekspeditsiya uyushtirib, xalkdan qo‘lda tikilgan palak, dorpech, atlas, shularga o‘xshash narsalarni arzon-garovga sotib olib ketarkan. Valixon aka shuni bilib qolib, narxni ikki baravar ko‘tarib yubordilar. Xalqning o‘zi bizga olib kelib beradi tikkan narsasini. Chet elga nima qiziq? Kim tikkani, kim to‘qigani qiziq! Chiroyli po‘lat plastinkalarga mualliflarining nomini yozib, Olmoniyaga olib bordik. Talash bo‘lib ketdi. To‘rtta palak olib borgan edik, yuzta zakaz tushdi. Xullas, ko‘z tegmasin, «Taqsim» Valixon aka rahbarligida gurkirab ketayapti. Zerikmayapsizmi?
Alisher to‘xtab, Zaynobiddin Omonovning ko‘zlariga tikilib qaradi. Zaynobiddin Omonovga u aytayotgan gaplar ma’lumdek tuyulsa ham qiziqish bilan quloq soldi. Palak, dorpechlarga chetda qiziqish kattaligini, Yevropada toshbaqalarimizning narxi baland ekanligini eshitgan edi, ammo hech kim bu ishlar bilan shug‘ullanmas edi. Shug‘ullansa ham shunday qo‘l uchida shug‘ullanardi. Valixon Sadirov firma tashkil qilib yuboribdi. Yo‘kdan bor qilish, pulni pulga chaqish deb, shuni aytsalar kerak. Shunday firma tashkil etish, shunday ishlar bilan shug‘ullanishga uning ham aqli yetuvdi-ku, nega shunday qilmadi? Shunday qilganida Valixon Sadirovich emas, Zaynobiddin Omonov shu bog‘da, balki undan ham go‘zalroq joyda ziyofat berardi, bittamas ikkita butun qo‘yni kabob qildirardi. Uning Valixon Sadirovga, yonida tinim bilmay gapirib kelayotgan, Valixon Sadirovning soyasiga ham salom berishga tayyor muovini Alisher Nurmatovga rashki keldi.
Kimlar o‘zi ular? Qaerdan paydo bo‘lib qolishdi? Nima uchun birdan ularning ishi yurishib ketdi, bularga boylik qo‘ndi? Zaynobiddin Omonov shunday o‘ylar ekan, bir narsani fahmladi. Beish qolib, boshiga og‘ir kunlar tushganda ham oyoqlari ostidagi toshbaqalar, muzeylarda, xonadonlarda kuya yeb yotgan palak, dorpechlar xayoliga kelgani yo‘q. Xususiy firma, do‘kon ochishni matbuot jar solib yotgan bo‘lsa ham o‘ylamadi. Valixon Sadirovlarga esa jon kirdi, birdan ochilib ketishdi.
Ular bir soatdan ziyod bog‘ni aylanishdi. Alisher Nurmatovning turgan-bitgani gap edi. Bir daqiqa tinmadi. Zaynobiddin Omonovga og‘iz ochtirmadi. Qaytishayotganda Zaynobiddin Omonov har qayoqdan, to‘g‘ridagi qo‘shqavatli uydan ham ikkita-ikkita — bir ayol, bir erkak bo‘lib, chiqib kelayotgan shirakayf mehmonlarni ko‘rdi. Yana dasturxon yozilgan uzun stol yoniga yaqinlashayotganda odamlar ichidan xotinini qidirdi, ammo ko‘rinmadi. To‘g‘ridagi uyda birin-ketin chiroqlar o‘chib, hozirgina yorishib turgan gulpardalik derazalar qoraya boshladi. Zaynobiddin Omonov birdan joyida to‘xtab qoldi. Ikkinchi qavatdagi yorug‘ deraza oldida xotinining boshi paydo bo‘ldi. Qalin va qora sochlari orqasiga tugun qilib bog‘langanidan, bo‘ynidagi bir qatrr tilla zanjir yaraqlab ketganidan tanidi. Xursandxon uni ko‘rgandek va negadir o‘zini chetga olgandek bo‘ldi. Zayyobiddin Omonov bo‘shashib ketdi.
— Nima bo‘ldi? — so‘radi Alisher Nurmatov yana diqqat bilan unga ko‘z tikib.
— Yo‘q, hech narsa.
— Yuring, o‘zimizni six kabobdan yeymiz endi. Alisher Nurmatov uni dasturxon to‘riga boshladi. Ichimliklar tortilib, bitta-bitta kabobdan yeb bo‘lishganda uy egasi Valixon Sadirovich paydo bo‘ldi. U qo‘lidagi viski solingan muzli stakanni sezilar-sezilmas ko‘tarib, hamma bilan ho‘shlashib chiqdi va Zaynobiddin Omonov yoniga keldi.
— Kamchilik yo‘qmi?
— Rahmat. Hammasi joyida. — Zaynobiddin Omonov beixtiyor qo‘liga fujer oldi, og‘ziga olib borib xo‘pladi. Oq vino edi ichayotgani. Ichimliklarga u befarq bo‘lganidan, vinoligini ham sezmadi. — Uyingizda bo‘lganimdan xursandman.
Valixon Sadirovich boshini egdi.
— Bu uy hali qarovsiz. Yangi olganman. Bugungi yig‘i-lishimizni hovli to‘yi desak bo‘ladi. Faqat yaqin odamlarnigina aytdim.
— Rahmat, — dedi Zaynobiddin Omonov minnatdor ohangda. Uy egasining uni o‘z yaqinlariga qo‘shganidan xursand bo‘lib ketgan edi.
Valixon Sadirovich cho‘ntagidan vizit qog‘ozini chiqarib uzatdi.
— Ishingizni o‘zgartiring. Birga ishlaymiz. Kutaman.
Valixon Sadirovich stakanni ohista ko‘tarib urishtirgan bo‘ldi, javob kutmay, hatto unga qaramay boshqa mehmonlar tomon yo‘l oldi.
Zaynobiddin Omonov xotini yonida qayoqdan paydo bo‘lib qolganini sezmadi. Xursandxon butun og‘irligini unga tashlab suyandi va o‘zining juda nozik, hayajonli daqiqalarda qiladigan qarashidan qilib unga qaradi:
— Qayoqqa ketib qoldingiz, Zaynobiddin aka? Xotiningiz borligini unutib yubordingiz-ku?
Uning noz bilan aytgan gaplaridan Zaynobiddin Omonovning dili yorishdi, qo‘lini issiq beliga yuborib, o‘ziga tortdi.
— Valixon Sadirovich birga ishlashni taklif qilyaptilar, — dedi boshqalar eshitmaydigan qilib va xotinining qo‘liga shampan solingan fujer tutdi.
— Nima dedingiz? — beparvo so‘radi xotini.
— O’ylab ko‘rish kerak.
O’zini taroziga solgandek salmoq bilan gapirdi Zaynobiddin Omonov.
Erining fe’lini yaxshi bilgan Xursandxon cho‘rt kesdi-qo‘ydi:
— O’ylashga balo bormi? Ko‘chaga kiyadigan bitta shu ko‘ylagim qolgan xolos. Ertaga yalang‘och chiqamanmi?!
U gap tamom degandek shampandan bir xo‘pladi-da, fujerni stol chetiga qo‘ydi. Shu tob Zaynobiddin Omonov uning ingichka, uzun bo‘ynining ikki joyida uzunchoq-uzunchoq qizil dog‘ ko‘rdi. Bunday dog‘ nimadan keyin qolishini u yaxshi bilardi. Boya deraza ortida uni ko‘rgan paytidagidek oyoqlarigacha bo‘shashib ketdi. Bu nima, qaerda eding, deb so‘rashga esa botinmadi. Xotini ko‘pchilikni ichida uni izza qilib qo‘yishi mumkin edi. Ammo diliga shubha tushdi. Yana boya olib kelgan «Volvo» olib borib qo‘ydi. Shu shubha bilan uyga qaytdi. Faqat o‘rindagina shubhasi tarqadi. Xotinining o‘zi tarqatdi. Yoniga keldi, erkalandi, yaxshi ko‘rishini, boshqa odam unga kerakmasligini ta’kidladi. Xotinini u yaxshi ko‘rar edi. Shubhasini haydadi, dog‘larini chivin chaqqaniga yo‘yib, o‘zi ham erkalanib ketdi...
Valixon Sadirovichga «Bilim» jamiyatidagidan uch baravar yuqori maosh tayinladi, o‘sha zahotiyoq kassir ayol uni tabriklab, konvert uzatdi. Hali ish boshlamay avans oldi.
Kechqurun er-xotin ancha vaqt gaplashib o‘tirishdi. Zaynobiddin Omonovning hozirgi topishi bir oyning betash-vish yemoq-ichmog‘i u yoqda tursin, kiyim-kechagiga ham bemalol yetardi. Xursandxon nimalar olishni, albatta, avvalo eriga uzoq gapirdi. Zaynobiddin Omonov yo‘q, avval sizga, desa ham quloq solmadi.
— Siz endi hech narsaga zorligi bo‘lmagan ishbilarmonlar orasida bo‘lasiz, yaraqlaydigan, g‘ichirlaydigan emas, ko‘zga tashlanmaydigan, ammo-lekin qimmatbaho, asl narsalar kiyishingiz kerak. Charm kurtka, bo‘lsa jigarrang, bo‘lmasa qora, keyin yumshoq, ipsiz tufli, sidirg‘a oq ko‘ylak, pochasi bilinar-bilinmas toraygan kulrang qora shim. Yaxshi kamar. Yaxshi kamarda gap ko‘p...
Xotiniga quloq solib o‘tirib, Zaynobiddin Omonov to‘qchilik odamni o‘zgartirishiga, mehr-oqibatli qilishiga yana bir bor ishondi va yangi ishga o‘tganiga suyundi.
Firmada uning qiladigan ishi asosan filiallardan xabar olib turish edi. Qaysi filialga borib kelishni Valixon Sadirovga ko‘proq bevosita boshlig‘i Alisher Nurmatov aytardi. Safarga jo‘nash chorshanba yo payshanbaga to‘g‘ri kelardi. Chunki dushanbada ishlar rejalab olinardi, kim qayoqqa qanday topshiriq bilan borishi belgilanardi. Zaynobiddin Omonov shu tartibga ko‘nikib ketdi. Safardan qaytib, dushanba kuni shoshmasdan hisobot tayyorlaydi. Ko‘chirtirib rahbarlarga topshiradi. Seshanba kuni rahbarlar ko‘rib chiqishadi. Asosan ma’qullashadi. Chorshanbada qayoqqa ketishi ma’lum bo‘ladi. Yo o‘sha kuni jo‘naydi, yo ertasi ertalab. Xotini ham shunga ko‘nikib qolgan. Lekin baribir xotin — xotin-da. Yolg‘iz qolgisi kelmaydi. Birpas g‘inshiydi, meni ham olib keting, deb xarxasha qiladi. Zaynobiddin Omonov ichida sevinadi. Ammo bildirmaydi, o‘zicha urushgan bo‘ladi, ism-sharifi muhrlangan jigarrang diplomatiga kerakli narsalarni solib, uydan chiqadi. Kuzatgani qo‘ymaydi.
Safarda filiallarning xodimlari uni deyarlik urin-tirishmaydi. Avvalo uning kelishini bilib tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishadi. Qilgan ishlari, navbatdagi rejalarni bitta papka qilib, kelishi bilan qo‘liga tutqazishadi. Zaynobiddin Omonov shoshmasdan tanishadi. Keyin filial boshlig‘i yo uning o‘rinbosari bilan joylarga boradi. Hujjatlar bilan amaldagi ishlarni solishtiradi. Joylarga borish, suhbat, ovqatlanishlar bilan kunlar tez o‘tib ketadi. Qaytadigan vaqt ham kelib qoladi. Qaerga bormasin, Zaynobiddin Omonovning qiladigan bitta ishi bor. Xoti-niga biron narsa olish kerakligini u odamlarga aytadi. Ammo o‘zi borib, o‘z puliga oladi. Firmaga o‘tganidan beri pul masalasida u qiynalmaydigan bo‘lib ketdi. Safar puli shunday ishlatilmay qoladi. Bundan tashqari unga xuddi boshliqlarga qilingandek yaxshigina cho‘ntak puli ham berishadi. Qaytganida esa mukofot oladi. Shuncha vaqtdan beri u bir oy ham mukofotsiz qolgani yo‘q. Mukofot bilan maoshini xotiniga beradi. Safar va cho‘ntak pullardan ba’zan o‘ziga bir narsa oladi. Ko‘pincha esa odamlar oldirishmaydi. Uyat, deb o‘zlari istagan narsasini olib berishadi. Ammo Xursandxonga u o‘zi oladi. Filiallardagilar uning bu odatini bilishadi. Bu narsa xotinimga deyishi bilan o‘zlarini chetga olishadi.
Zaynobiddin Omonov qaytishdan oldin bevosita boshlig‘i Alisher Nurmatovga telefon qiladi, qaytayotganini aytadi. Alisher Nurmatov o‘ta madaniyatli odam. Qaytishga ruxsat bergandan keyin o‘zi Xursandxonga telefon qilib, Zaynobiddin Omonovning qaytayotganini, xavotir olmasligini aytib qo‘yadi. Xursandxon erini xursandlik bilan kutib oladi. Safardan och qaytmasligini bilsa ham oshning sabzi-piyozini bostirib kutib oladi. U yaxshi ko‘radigan issiq patir non olib kelib qo‘yadi. Xursandxon o‘sha kuni kechasi ham undan o‘z mehrini ayamaydi.
Zaynobiddin Omonovga yangi ishining qanchalik daromadli bo‘lmasin, bitta o‘tirishmaydigan joyi bor, u ham bo‘lsa rakamlar, hisob-kitob. Yaxshi hamki, safarlarda hujjatlarni — molning hajmi, narxi, foydasi, xarajatlari, qo‘yingki, nima topshiriq bilan ketayotgan bo‘lsa, shu topshiriqqa hamma javobni filiallardagi odamlarning o‘zlari tayyorlab qo‘yishadi. Ammo qaytgandan keyin safar, yo‘l xarajatlari hujjatlarini o‘zi buxgalteriyaga topshirishi kerak. Zaynobiddin Omonovning shunga toqati yo‘q edi. Ammo buning ham yo‘li topildi. Shahardalik paytida ya’ni dushanba, seshanba kunlari firmada u ikkita juvon bilan bir xonada o‘tirardi. Bittasi Rayhon, ikkinchisi Gulbahor. Firma AQShga ko‘chib ketgan badavlat yahudiy doktorning uyiga joylashgan edi. Katta hovli, ikki qavatli uy. Ikkinchi qavatda Valixon Sadirovich o‘z yordamchisi va bosh buxgalter bilan o‘tirishardi. Deyarli hech kim u yoqqa ko‘tarilmasdi. Zaynobiddin Omonov ham atigi bir marta ishga kirish uchun kelganida ko‘tarilgan edi, xolos. Hamma bo‘limlar birinchi qavatda edi. Chaqiriladigan majlislar, mehmondorchiliklar birinchi qavatda, katta zalda o‘tar edi. Zaynobiddin Omonovga Alisher Nurmatovning yonidagi de-razasi ko‘chaga qaragan xonadan joy ajratib berishdi. Ilgari qizlarning o‘zlari o‘tirishar ekan. Endi oralariga u kirdi. Avval byrmuncha siqilib o‘tirishdi. Pardoz-andozga boshqa xonalarga chiqishdi, hatto choyni ham tortinib ichishdi. Ammo Zaynobiddin Omonovning kamtar, tortinchoqligini ko‘rib, undan asta-sekin uyalmaydigan bo‘lib ketishdi. Oldida choy ichishadi, bemalol sumkalariga oynalarini tirab, qosh-ko‘zlarini, lablarini bo‘yashadi. Hatto achchiq-chuchuk latifalar aytishadi.
Birinchi gal «Gulichka» uning avans hisobini ko‘rib berdi. Ko‘ra turib qoshlari chimirilib ketdi:
— Nega yo‘l xarajatlarini, mehmonxona, sutochniylarni yozmaysiz?
— Ishlatmadim-da, o‘zlari to‘lashdi. — Rostini aytdi Zaynobiddin Omonov. — Faqat borishga bilet oldim, xolos.
— Voy, sodda odam! Bergan pulni qaytarasizmi?! Bunaqada hammamizni qaytarib beradigan qilib qo‘yasiz-ku? Kim sizdan shuni talab qilyapti? Oshib-toshib ketganmisiz?
Zaynobiddin Omonov qizarib ketdi.
— Hammasini yozamiz. Ikkinchi bunaqa qilmang!
Gulbahor birpasda mashinkada chiqillatib tashladi. U tayyorlagan hisobot bo‘yicha safarga berilgan pullarning hammasi ishlatilgan, hatto mehmonxonaga jinday yetmay ham qolgan edi.
Zaynobiddin Omonov qarshilik bildirmadi. Ilgarigi ishi bo‘lganda, shaddod ayolni urishib berardi. Insofli-diyonatli bo‘lishga, davlatni aldamaslikka chaqirardi, lekin firma davlat emas, bu qizlar ham ilgarigi u bilan ishlagan odamlar emas edi. Buning ustiga u ko‘pchilikka qarshi chiqib bo‘lmasligini yaxshi bilardi. Qaysi bir yili pok, bir so‘zli, xalq, davlat, partiya ishiga sadoqatli bir direktor kollektivning talabi bilan raykom byurosida ishdan olib tashlangan edi. Uning nohaq ishdan olinayotganini hamma byuro a’zolari bilishardi. U zavoddan kerakli, qimmatbaho narsalarni lipalariga qistirib olib ketayotgan odamlardan to‘rtta-beshtasini tutib olib, sudga bergan edi. Kollektiv uning ustidan xat yozib, qobiliyatsizlikda, qo‘pollik, shafqatsizlikda aybladi. Byuro ko‘pchilikka qarshi chiqolmadi. Shu voqea Zaynobiddin Omonovning esida edi. «Gulichka» aytgandek qilmasa, ko‘pchilikni o‘ziga qarshi qaratib qo‘yardi. Qaytarilmagan safar pullariga olingan ovqatlari bir necha kun tomog‘idan o‘tmay, kiygan kiyimlari badanini kuydirgandek bo‘lib yurdi. Lekin odam nimalarga ko‘nikmaydi? Zaynobiddin Omonov ham ko‘nikib ketdi.
Xullas, u o‘z turmushidan rizo, xotini Xursandxon undan xursand edi. Lekin oyning o‘n beshi yorug‘ bo‘lsa, o‘n beshi qorong‘u degan gap bor. Zaynobiddin Omonovning boshiga ham hech kutilmaganda tashvish tushdi. Seshanbalarning birida, o‘shanda Andijondanmi, Qo‘qondanmi qaytgan edi, adashmasa, Qo‘qondan qaytgan edi. Alisher Nurmatovning huzuridan ko‘ngli to‘lib chiqayotib, xonasiga kirmoqchi bo‘lganda birdan to‘xtab qoldi. Ichkarida Rayhon bilan Gulbahor uning g‘iybatini qilishayotgan edi. Eshikni ochishi bilan qulog‘iga ularning gaplari chalinib qoldi.
— Zaynab qo‘shmachiga yana mukofotni oshirib yozishibdi! — Bu Rayhonning ovozi edi. — Maniki o‘tgan oydanam kamayib ketibdi.
— Shuni ham tushunmaysanmi? — dedi Gulbahor. — Xursandxon borgan sari ochilib ketyaptilar. Egnilarida hozir faqat frantsuzcha kiyim. Bu o‘zi bo‘ladimi?
— Er bo‘lmay o‘l! — Rayhon nimadir deb o‘rtog‘ining qulog‘iga shivirladi. Zaynobiddin Omonov eshitmadi, ikkalovi kulishdi, keyin ovoz chiqarib qarg‘adi. — Bilmay o‘lsin! Biladi! O’zi qo‘shib qo‘ygan! Shunday yashagandan ko‘ra, men o‘zimni osardim!
Zaynobiddin Omonov muz bo‘lib ketdi. Keyin quloqlarigacha qizarib yona boshladi, peshonasi, burnini ter qopladi. Ichkariga kirish-kirmasligini bilmay joyida ancha turib qoldi. Ayollar boshqa gapga ko‘chishdi. U bo‘lsa orqaga qaytishni, hozir ular bilan uchrashmaslikni lozim topib, hovliga tushdi. Hovlining etagiga, baland o‘rikning ostiga dam oladigan joy qilib qo‘yilgan edi. Shu yerga borib o‘tirdi. «Nahotki, nahotki, ularning gapi rost bo‘lsa?» Zaynobiddin Omonov o‘ylanib ketdi. Yangi ishga o‘tganidan beri xotini anchagina o‘ziga oro beradigan bo‘lganini esladi. Ba’zan kech qaytadi ishdan. Bo‘sh qoldi deguncha vositachi magazinlarga yuguradi. Lekin bularning hammasi to‘qlik alomati. Uning egri yurishiga kelganda, Zaynobiddin Omonov buni payqamagan. Qizlar xotinini kimga taqashdi? Buni ular og‘izlariga olishmadi. Demak, ikkalovi ham biladi. Uning xayoliga Valixon Sadirovich keldi. Qibraydagi bog‘ uyga mehmon bo‘lib borishganini esladi. O’shanda Alisher Nurmatov uni bog‘ ichiga yetaklab, uzoq aylantirdi, tinmay gapirdi. Aslida u bunchalik sergap odam emas ekan. O’shanda uni chalg‘itgan bo‘lsa-chi? Bog‘dan qaytganda xotini biroz kayf bilan paydo bo‘ldi. Ko‘zlari yalt-yalt yondi. Bo‘ynidagi ingichka qizil dog‘chi? Chivin bunday chaqmasligini, nimadan so‘ng bunday iz qolishini Zaynobiddin Omonov albatta bilardi. Ammo bilib o‘zini bilmaganga soldi. Hozir shuni eslab, u yana qizarib ketdi. Nahotki, Valixon Sadirov bilan xotini... aloqada bo‘lsa?.. Shuncha vaqtdan beri uni aldab kelayotgan bo‘lsa? Nima dedi? «Egnida hozir faqat frantsuzcha kiyim». Darhaqiat, bu o‘zi bo‘ladimi?
Zaynobiddin Omonov o‘sha kuni uyiga ertaroq qaytdi. Xotini hali kelmagan edi. Keyin shkaflarini ochib, xotinining kiyimlarini titkilay boshladi. Tanish, yoqimli hid, xotinining hidi dimog‘iga urildi. «Tuhmat, bu tuhmat», — deb yuborgisi keldi shunda u va qilayotgan ishidan uyalib ketdi. U hech mahal xotinining ishlariga aralashmagan, narsalariga tegmagan, hozirgidek titkilamagan edi. Bitta koftani ola turib qayta joyiga ilib ham qo‘ydi. Ammo o‘zini to‘xtata olmadi. Beixtiyor ikkinchi bir narsaga qo‘lini uzatdi. Bu gulli qora ko‘ylak edi. Zaynobiddin Omonov zarhal yoqasini ilgagidan chiqarib qaradi. Shoshib yana bir ko‘ylakni oldi. Unda ham shunday yozuv bor edi. Atir-upa ustidagi xilma-xil shishalar ham shu firmaning shishalari edi. Demak, ayollarning gapi tuhmat emas, rost...
Zaynobiddin Omonov xotiniga hech narsa demadi. Nima ham derdi? Qanday isbot bor uning qo‘lida? Faqat gap. Vositachi do‘konlarda mol tiqilib yotibdi. Pul bo‘lsa bo‘ldi. O’zining topgani, unga berayotgani bu narsalarning hammasiga yetadi. Xursandxon albatta shunday deydi.
Balki urushadi, to‘polon solib yuboradi. Shubhalarga chek qo‘yadigan, agar rost bo‘lsa, aniqlaydigan boshqa yo‘l topish kerak. Qanday yo‘l? Zaynobiddin Omonov kechasi uyqusi qochib ketib o‘yladi. Ammo biron fikr xayoliga kelmadi. Ertalab ishga borganida, yana safar ustidan chiqdi. Sevinib ketdi. Uch-to‘rt kun xotinini ko‘rmaydi, ko‘zlariga boqmaydi, ilgari eshitib to‘ymaydigan, endi esa birdan tok urgandek bo‘lib ketadigan chiyildoq ovozini eshitmaydi. Nahotki ilgari ovozi ingichkaligini u payqamagan? Zaynobiddin Omonov hayron bo‘ldi, shu sabab xotinining fe’lidan, gaplari, odatlaridan kamchiliklar qidira bosh-ladi. Ammo qidirgani sari unga mehri orta bordi. Topgan kamchiliklari ijobiy fazilatlariga aylanib keta boshladi. Ingichka ovozi yana ilgarigi holiga qaytib holvaytardek mayin, shirin tuyulib ketdi. Uyga oshiqdi. Safardan qaytib kelib xotiniga boshqacha, sinovchan ko‘z bilan qaradi. Ammo hech qanday o‘zgarish sezmadi.
Xursandxon avvalgidek quvnoq, mehribon, erini sog‘ingan suyukli xotin edi. To‘rt kunni safarda qanday o‘tkazganini bilmagan Zaynobiddin Omonov ancha o‘ziga keldi. Xotinlar o‘zi kimning g‘iybatini qilishmaydi? Xursand-xon, uning xotini kelishgan, oqi-oq qizili-qizil juvon, bilib kiyinadi, bilib gaplashadi. Gulichkalarning unga havaslari kelgan bo‘lishi kerak. Qaerdadir ko‘rishgandir? Eshitishgandir? O’shanda Qibraydagi mehmondorchilikda Zaynobiddin Omonov hamma ayollar ichida yosh, chiroylisi, eng yoqimlisi xotini ekanini ko‘rgan, qaytadan unga muhabbat izhor qilgisi kelib ketgan edi. Anchagacha gaplashib o‘tirib, hech narsa sezmadi. Zaynobiddin Omonov yarim kechada baribir yuragi dukurlab urib, uyg‘onib ketdi. Uning tinchligi, huzur-halovati yo‘qolgan edi. Pastga tushdi, baland-baland qayrag‘ochlar soqchilardek uyg‘oq turgan hovlini aylandi, ko‘chaga chiqdi. Undan boshqa hech kim hovlida ham, ko‘chada ham ko‘rinmadi. Hamma uyquda edi. Faqat uyga qaytayotganda chiroqlarini dam u, dam bu tomonga tashlab bitta «Jiguli» o‘tib ketdi. «Mast», xulosa qildi Zaynobiddin Omonov va o‘zining ham mast bo‘lgisi, og‘ir o‘ylarini unutgisi kelib ketdi.
Ertalab Xursandxon oldiga shakar sepilgan shirguruch olib kelib qo‘ydi, boshidan o‘pganda, dili yana ravshan tortib ketdi. Tungi azoblari xayolidan ko‘tarildi.
Ishxonasiga yaqin qolganda firma darvozasi oldiga tanish «Volvo» kelib to‘xtaganini, Valixon Sadirovich undan tushganini ko‘rib qadamini sekinlatdi. Ammo Valixon Sadirovich uni kutib turdi. Quyuq so‘rashib ayvondagi jimjimador yog‘och zinadan o‘z kabinetiga ko‘tarildi. Zaynobiddin Omonov unda ham g‘ayritabiiy hech narsa sezmadi. O’sha-o‘sha ilgarigi nazar, ilgarigi samimiy munosabat. Ayollarning g‘iybatiga parvo qilish kerak emas, gapirishdi-qo‘yishdi-da. Alam-alam ularda. Xursandxonning kiyimlaridan yo‘qligi alam! Boshqa hech narsa emas.
Bundan tashqari u ishbilarmon odamlar bunday qilmasliklariga ich-ichidan ishongisi kelardi. Ishbilarmon to‘g‘ri, toza qo‘l bilan ishlaydi. O’g‘rilik, xiyonat, aldamchilik bilan emas, aql-idrok bilan pul topadi, davlat orttiradi, o‘z nomiga DOR tushirmaydi. Shuning uchun hukumat ularga hamma yo‘llarni ochib qo‘yayapti. Ishla, insof bilan, aql bilan ishla, top, topganing o‘zingga ham, xalqqa ham buyursin, dasturxonini mo‘l, uyini obod qilsin, deyapti. Valixon Sadirovich nahotki necha asrlardan beri avloddan-avlodga o‘tib kelgan ishbilarmonlik qoidalarini bilmasa?! Biladi, bilmasa, firmaning ishlari bunchalik yuri-shib ketmasdi. Aldamchi, qalloblar bilan kim munosabat qilgisi, ish yuritgisi keladi? Keyin, ishbilarmon boshliq hech mahal o‘z xodimini aldamaydi, haqqiga xiyonat qilmaydi. Bitta xodimini aldagan boshliq, hammani aldaydi. Unda kim u bilan ishlaydi?
Zaynobiddin Omonov o‘ziga taskin beradigan yana ko‘p narsalarni topdi, xonasidagi juvonlarga hech narsa bildirmadi.
Lekin na chora? O’zi sezmagan holda parishonxotir bo‘lib qoldi, uyqusini yo‘qotdi. Tunlarni bedor o‘tkazish, xotiniga bildirmay pastga tushib, hovlini, ko‘chani aylanish odatga aylandi.
Bir kuni uyning shunday tagidagi qariyalarning domino stoli yonida o‘tirganda, bir-birlari bilan shoshmasdan gap-lashayotgan ikkita ayolning ovozi shunday qulog‘i tagida yangrasa?!. Ovozlar tanishdek tuyuldi. Beixtiyor quloq soldi. Ayollar uni gapirishayotgan edi.
— Bunaqada jinni bo‘lib qoladi, ana, o‘tirishini qara. Rangiboshi xuddi o‘likning o‘zi, — dedi bitta ayol.
Ovoz tepadan keldi. Zaynobiddin Omonov boshini ko‘tardi. Bironta derazada chiroq yonib turganini ko‘rmadi. Ovozning tepadan, shunday boshi ustidan, birinchi yoki ikkinchi qavatdan kelayotgani aniq edi.
— Jinni bo‘lmay ketsin. Ayb o‘zida, — dedi ikkinchi ayol. — Hammani o‘ziga o‘xshagan to‘g‘ri, sodda, deb bilmasligi kerak. Shunaqa yengil xotining bo‘lgandan keyin orqa-o‘ngingga qarab yurishing kerak. Birov bola-chaqa qilgisi keladi, birovning ishlagisi. Bu kishiga yurish bo‘lsa, kiyinish bo‘lsa. Er sho‘ring qurg‘ur, har gal safarga jo‘nashi bilan uyning chirog‘i o‘chib, eshigiga qulf tushishini bilmaydi!
— Hozir ham hech narsaning tagiga yetolmay o‘tiribdi. Qara, qoradori yegan odamga o‘xshaydi, lanj.
— Tagiga yetish juda oson, — birinchi gap boshlagan ayol, aftidan, savol kutib gapidan to‘xtadi.
— Qanday qilib? — so‘radi ikkinchi ayol.
— Bir gal safarga ketdim, deb ketadi-yu, kechqurun qaytib keladi. Panada turib kutadi. Qorong‘u tushishi bilan tanish mashina keladi. Xotini unga o‘tirib jo‘naganini ko‘radi.
— Bu unga yetarli emas. Xotinining xiyonatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi kerak.
— Ikkalamiz uning ko‘zini astoydil ochmoqchi bo‘lsak, yo‘lini topsak bo‘ladi. Rozimisan?
— Roziman, — dedi ikkinchi ayol.
Zaynobiddin Omonov shunda uni tanidi. Gulbahor edi. Birinchi ayol esa Rayhon, shubhasiz, Rayhon. Bular qanday qilib kelib qolishdi bu yerga? Qaerdan gapirishayapti?
Zaynobiddin Omonov atrofiga qaradi. Hammayoq hamon qorong‘ulik og‘ushida. Bironta odam ko‘rinmasdi.
— Rozi bo‘lsang, bunday qilamiz. Oldiga bir siqim yungimizdan tashlab ketamiz. Istagan payti bir qismini ikki qo‘li orasiga olib ishqalasa, bizga o‘xshagan mushuk bo‘lib qoladi. Ana shundan keyin mashinaning bir chetida xotini borgan joyga boradi, hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Ikkinchi qismini asl holiga qaytmoqchi bo‘lganda ishlatadi. Yerga yoyib uch marta ustida dumalaydi.
Zaynobiddin Omonov shu gapni eshitishi bilan boshini ko‘tardi. Oldidagi qandaydir shifer tomda ikkita olamushuk unga qarab o‘tirardi. Bittasi hatto unga ko‘zini qisib ham qo‘ydi...
Allaqaerda xo‘roz qichqirdi. Katta bir it tinmay vovullay ketdi. Zaynobiddin Omonov tong yorisha boshlaganini sezmay qoldi. Beixtiyor oldidagi stol ustiga qaradi. Bir siqim qoramtir mayin mushuk yungi shunday oldida oq qog‘oz ustida turardi. Hovuchiga oldi-da, hozirgina mushuklar o‘tirgan tomga qaradi. Ammo ular yo‘q edi.
Zaynobiddin Omonov mushuklar aytganidek qildi. Navbatdagi safarni xursandchilik bilan qabul qilib, yo‘l taraddudini ko‘ra boshladi. Avvalo idoradagilarning hammasi bilan negadir xayrlashib chiqdi. Albatta Valixon Sadirovichning oldiga kirmadi. Alisher Nurmatovga. uchradi. Topshiriqlarni hijjalab surishtirdi. Xonasiga qaytib:
— Mana, aytganlaringdek qilaman bugun. Ammo gaplaring yolg‘on chiqsa, ko‘rasizlar! — demoqchi edi, o‘zini tutib qoldi. Ikkala juvon xuddi hech narsa bo‘lmagandek, hech narsa bilmagandek boshlarini qog‘ozdan ko‘tarmay o‘tirishardi.
— Xo‘p, xayr, — dedi Zaynobiddin Omonov diplomatini yopib, o‘rnidan turar ekan.
— Yaxshi borib keling, — dedi Gulbahor.
— Yaxshi dam olib keling, — dedi Rayhon.
Zaynobiddin Omonov jilmaydi...
Xuddi mushuklar aytgandek, qorong‘i tushishi bilan tanish «Volvo» ularning uylari oldiga kelib to‘xtadi. Shofyor o‘ng tomondagi ikkala eshikni ochib qo‘yib, oynalarni arta boshladi. «Zaynobiddin Omonov» lip etib, mashinaga chiqdi-da, orqa o‘rindiq bilan shofer suyanchig‘i orasidagi bo‘sh joyga joylashib oldi. Xursandxon uni ko‘rmadi.
«Zaynobiddin Omonov» xotinining shuncha yildan beri qadrdon, aziz bo‘lib qolgan hididan mast bo‘lib borar ekan, mashinani to‘xtatgisi, qaltis, iflos yo‘ldan qaytargisi keldi, ammo o‘z qiyofasida emasligi esiga tushib, niyatidan qaytdi.
Mashina firma darvozasi oldida to‘xtadi. Xursandxon turib, ichkariga kirdi-da, dadil qadam tashlab ayvondagi burama zinadan ikkinchi qavatga ko‘tarildi.. «Zaynobiddin Omonov» Valixon Sadirovich kabinetiga kiradi, - deb o‘ylagan edi. U yoqqa kirmadi. Ro‘paradagi eshikni sumkaspdan kalit olib ochdi. Bu tor yo‘lak edi. Xursandxon chap tomondagi eshikni itarib ichkariga kirdi. Uning ketidan «Zaynobiddin Omonov» ham kirdi. O’rtada dumaloq stol. Devorlarga suyab yumshoq kreslo-divanlar qo‘yilgan. Hammasi bir rangda, sarg‘ish duxoba bilan qoplangan.
Xursandxon mehmonxonaning etagidagi eshikni ochib, orqasiga o‘tdi. «Zaynobiddin Omonov» yugurib borib qaradi va uyalib ketdi. Xursandxon yechinib, uzun shohi xalat kiyib oldi. Bu xalatda hech mahal uyda yurmagan edi. Demak, faqat shu yerda kiyadi. Bitta odam uchun kiyadi...
Xursandxon mehmonxonaga qaytib, birpasda stolni yasatib tashladi. Nima qaerda turganini u yaxshi bilardi. Sumkalar, qog‘oz paketlardan stolning ustiga issiq tandir noni, patir, somsa, ho‘l meva, tovuq olib qo‘ydi. Servantdan taqsimchalar, pichoq, vilkalar oldi. Katta muz qutini ochib, nima borligini tekshirdi. Bir shisha Toshkent suvini olib ochdi-da, shoshmasdan, xo‘plab-xo‘plab ichdi.
Shu payt to‘rdagi eshik ochildi. Valixon Sadirovich kirib keldi. Xursandxon yugurib borib, uni quchoqladi.
Servant ustiga chiqib olgan «Zaynobiddin Omonov» chidolmadi. Shunday Valixon Sadirovning boshiga o‘zini tashladi, sochlarini yulib, yuzlarini timdalay boshladi. Xursandxon dod solib, qochib ketdi. Valixon Sadirovich «Pisht! Pisht!» deb qo‘llarini silkitdi, boshini, yelkalari ichiga olib ingray boshladi. Zaynobiddin Omonov uning ko‘zlariga chang solmoqchi bo‘lib orqaga tisarildi. Ammo qonga belangan basharasini ko‘rib, jirkanib ketdi. Stol ustiga sakrab o‘tdi-da, shu yerdan derazaga otildi. Oyna chil-chil bo‘lib sindi. Ko‘p o‘tmay u o‘zini ko‘chaning o‘rtasida ko‘rdi. Qulog‘iga xotinining chinqirgan ovozi eshitildi. Ammo unga ta’sir qilmadi. Na achindi, na g‘azablandi.
Uyga derazaning ochiq ko‘zidan tushib, krovatga cho‘zildi. U tinch, xotirjam edi. Shiftga qarab anchagina yotdi. O’z qiyofasiga o‘tib olishi esiga kelib, o‘rnidan turdi. Olamushuklar yungining qolgan qismini oq qog‘ozga o‘rab, ko‘k shimining cho‘ntagiga solib qo‘ygan edi. Shimi stul suyanchig‘iga osig‘liq edi. Ikkala cho‘ntakni qaradi, hatto ag‘darib ko‘rdi, yung yo‘q edi. Shkafni ochib, hamma shimlarini titkilab chiqdi, topilmadi. Yuragi orqasiga tortib ketdi. Endi nima qiladi? Shunday o‘ylab turib, birdan kulib yubordi. U yangi bir qarorga kelgan edi. Derazaning ochiq ko‘ziga sakrab chiqdi-da, undan tarnovga o‘tdi. Tarnovdan besh qavatli uylarning tomiga ko‘tarildi. Olamushuklar shu yerda, yoki narigi uylarning tomlarida yurgan bo‘lishsa kerak. Uch-to‘rt uydan o‘tganda katta maydonning oldidan chiqib qoldi. Maydonning narigi tomonida yana shunday, ko‘p qavatli uylar boshlanardi. Uylarning juda ko‘p derazalarida chiroqlar yoqilgan edi. Odamlar yo hali yotishmagan, yo tong ota boshlaganmi, u anglolmadi. Tarnovdan derazalar tokchalariga, tokchalardan teraklarga sakrab o‘tib pastga tushdi va oldinda yonib turgan chiroqlar tomon yugurib ketdi...
* * *
Xursandxon eri bedarak ketganidan keyin yarim yil o‘tgach, janoza ochdirdi. Barcha qarindosh-urug‘larni chaqirdi. «Taqsim» firmasining xodimlari ham kelishdi. Uch xonali uy hali qish tugamagan bo‘lsa ham birpasda isib ketdi. Osh tortilayotgan mahali, Valixon Sadirovichning taklifi bilan uyning derazalari ochildi. Osh kelib, Valixon Sadirovich qo‘liga qoshiq olay deganida, ochiq derazalarning birida katta olamushuk paydo bo‘lib, uning ustiga sakradi. Boshiga o‘tirib olib, yuzlari, quloqlarini timdalay boshladi. Odamlar o‘zlariga kelib, uni haydash lozimligini anglagunlaricha ochiq derazaga yana sakrab o‘tib, g‘oyib bo‘ldi.
Bu voqea tez orada shaharga tarqaldi. Birov Valixon Sadirovichni shundan keyin jinni bo‘lib qolibdi desa, birov uni qamaldiga chiqardi. Ammo bir narsa aniq edi: Valixon Sadirovich ishdan ketgan, firmaga yangi odamlar kelgan edi.
Xursandxon uydan chiqmaydigan bo‘lib qoldi. Ishdan kelib u-bu yegan bo‘ladi, deraza oldida o‘tirib, ko‘chaga tikiladi, yo hovliga tushib, eri aylangan joylarni aylanadi, domino stoli yonida yuziga kaftlarini tirab, uzoq-uzoq xayol surib o‘tiradi. Bahaybat olamushuk esa uni tomning ustidan kuzatadi, ba’zan orqasida yuradi. Ammo o‘zini ko‘rsatmaydi. Xursandxon deraza oldida paydo bo‘lmagan, pastga tushmagan kunlari olamushuk chaqaloq yig‘lagandek qattiq-qattiq miyovlab yig‘laydi. Uning ovozini eshitgan tunlari Xursandxon junjikib ketadi, butun vujudi, dilini qo‘rquv bosib mijja qoqmay chiqadi...
O‘lmas Umarbekov. Olamushuk (hikoya)
1994 yil