OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Qadah (hikoya)

(To‘qilmagan hikoyalar turkumidan)


Bolaligimda buvim aytib bergan bir afsona hech yodimdan ko‘tarilmaydi. Umrim o‘tib qoldi, ammo yarim asr burun shu eshitgan afsonam, buvimning tovushi hamon qulog‘im ostida...
Bir sahoba har kuni maktabga borib, o‘g‘liga bitta olma berib kelar ekan. Bir kuni maktabga borishning hech iloji bo‘lmabdi. Nima qilishini bilmay, yo‘lda turgan ekan, yupun kiyingan bir odam oldidan o‘tib qolibdi.
Sahoba so‘rabdi:
— Mabodo maktabga ketmayapsizmi?
— Topdingiz, taqsir, maktabga ketayapman, — debdi yo‘lovchi.
— Unday bo‘lsa bir iltimosim bor... Maktabda o‘g‘lim o‘qiydi. Mana shu olmani berib qo‘ysangiz...
— Uni men qanday taniyman? — so‘rabdi yo‘lovchi.
— Kirishingiz bilak ko‘zingiz tushadi. Eng chiroyli bola mening o‘g‘lim.
Yo‘lovchi indamay sahoba uzatgan katta, qip-qizil olmani olibdi.
Sahoba kechqurun uyiga qaytsa, o‘g‘li yig‘lab o‘tirgan emish. Sababini so‘rabdi.
— Nega bugun olma olib bormadingiz maktabga?
Sahoba uni aldashganini aytib, o‘g‘lini yupatibdi. Ertasiga o‘sha odamni koyibdi.
— Siz, meni, o‘g‘limni xafa qildingiz. Nega olmani unga bermadingiz?
— Kechirasiz, — debdi yo‘lovchi. — Men sizni ham, o‘g‘lingizni ham xafa qilishni o‘ylaganim yo‘q. Siz, menga eng chiroyli bolaga olmani bering, dedingiz. Mening ko‘zimga o‘z o‘g‘limdan chiroyliroq bola ko‘ringani yo‘q. Shuning uchun olmani unga berdim.
Sahoba hech narsa deyolmabdi.
Men hech qaysi xalq, hech qaysi millatni kamsitmoqchi emasman. Lekin mening uchun mening xalqimdan chiroyli, sabr-toqatli, bag‘ri keng, ko‘li ochiq xalq yo‘q.
Bir voqeani aytib bermoqchiman. Voqeaning to‘qima emasligiga, har bir so‘zimning haqligiga guvohim bor. Bu guvoh do‘stim, ulkan yozuvchi Shukur Xolmirzaev.
Taxminan o‘ttiz yilcha burun meni O’zbekiston yozuvchilar uyushmasiga chaqirishdi.
— Uka, ancha-muncha hikoyalar yozib qo‘ydingiz, — dedi uyushma rahbarlaridan biri. — Poytaxtda chiqarishga qaror qildik. Zudlik bilan yig‘ishtirib olib keling. Yaxshi so‘zma-so‘z tarjima qiladiganlarga uyushma hisobidan haq to‘laymiz, keyin xat bilan jo‘natamiz!
Hikoyalarni to‘plab olib bordim. So‘zma-so‘z tarjima ham qilindi. Gapning qisqasi, o‘sha yili Yozuvchilar uyushmasining bosh rahbari atoqli yozuvchimiz Komil Yashin iltimos xati bilan hikoyalarim o‘sha yerga jo‘natildi.
Uch-to‘rt hafta hayajonlanib yurdim. Poytaxt nashriyotidagilar hikoyalarni olishlari bilan o‘qib chiqadilar. Darhol menga shartnoma loyihasini yuboradilar. Qarabsizki, yaqindagina adabiyotga kirib kelgan odamning uch yuz sahifali kitobi rus tilida chiqib turibdi! Ammo, uch-to‘rt hafta emas, yil o‘tib ketdi. Javob kelmadi. Ruscha chiqadigan kitobdan sovib ketdim, unutib ham yubordim.
Oradan yana ancha vaqt o‘tdi. Esimda yo‘q, bir kuni ishdan kelsam, xotinim pochta qog‘ozini ko‘rsatdi.
Banderol. Kitoblar bo‘lsa kerak. Yozuvchilar do‘koniga iltimoslarimizni yuborgan edik. Pochtaxonaga bordim. Banderol ancha og‘ir edi. Sezib turibman, qog‘ozlikka qog‘oz-ku, lekin kitob emas.
Er-xotin ochdik. Poytaxtdan kelgan banderol — hikoyalarim edi. Ichida nashriyotning xati bilan ikkita, har biri besh-olti qog‘ozdan iborat taqriz ham bor. Avval nashriyotning xatini o‘qib chiqdim: Hikoyalaringiz, taqrizlarni yuboryapmiz. Nashriyot bunday hikoyalarni chop etolmaydi. Xatning mazmuni taxminan shunday edi. Keyin taqrizlarni o‘qib chiqdim. Ularda hikoyalar hayot haqiqatidan yiroq, bunday voqealar bo‘lishi mumkin emas, deyilgan edi. Adashmasam, taqrizlarni bittasi Toshkentdan jo‘natilgan edi.
Er-xotin biroz xafa bo‘ldik, jahlimiz chiqdi. Lekin nashriyot bilan bahslashishni o‘zimizga ep ko‘rmadik. Buning ustiga xuddi shu paytda markaziy gazeta va jurnallarda hikoyalarimning ba’zilari bosiladigan, hatto bosilib ham turgan edi.
Yoz kunlarining birida o‘sha, Markazda hikoyalarimni kitob qilib chiqarish tashabbuskori bo‘lgan akamiz uyushmada meni ko‘rib qolib sevinib ketdi.
— Uka, juda yaxshi bo‘ldi sizni ko‘rganim. Mashinangiz bor-a? Ishxonangizdan ruxsat olib beraman. Markazdan bir redaktor kelgan. Tarjimonlik ham qiladi. Shuni ikki kun aylantirib kelmaysizmi? Iltimos sizdan!
Men Shukur Xolmirzaevga qaradim. Birga edik. Shukur ixtiyor o‘zingizda, degandek yelkalarini sezilar-sezilmas ko‘tarib qo‘ydi.
— Mayli, — dedim men. — Mehmon qaerda?
— Mehmonni hozir pastga tushiramiz. Mening xonamda o‘tiribdi.
Ko‘p o‘tmay uylarimizga xabar qilib, mehmonni oldik-da, dovon orqali Farg‘ona vodiysiga qarab yo‘l oldik.
Mo‘ljalimiz bo‘yicha kechqurun to‘qqizlarda Qo‘qondan Farg‘onaga o‘tish, mehmonxonada tunab, ertasi kun bo‘yi vodiyni aylanish va kechki salqin bilan Toshkentga qaytish edi. Mehmon ham rejamizni ma’qulladi. U biz tengi yigit edi. Katta-katta yozuvchilarga o‘rganib qolgan bo‘lsa kerak, uyushmamiz rahbari bizni tanishtirganda, anchagina sovuq ko‘rishdi. «Kunim senlarga qoldimi?» degandek tutdi o‘zini. Mashinaning orqasiga o‘tirib olib, xuddi har kuni Farg‘onaga borib keladigan odamdek ko‘zlarini yumib uxlab ham oldi. Tag‘in qiziq odati bor ekan, hech narsa bilan qiziqmaydi, so‘rasangizgina javob beradi.
Bu odati Shukur bilan bizni mutlaqo ranjitgani yo‘q. Ikkalamiz maza qilib gaplashib ketdik.
Toshkentdan jo‘nayotganimizda mehmon bizdan jindek ranjib ham oldi.
Tanishib bo‘lganimiz, qayoqqa borishimizni gaplashib olganimizdan keyin, mashinaga taklif qildim. Mehmon hech ikkilanmay oldingi eshikni ochib, o‘tira boshladi. Bu joyda har doim, hozir ham uyoq-bu yoqqa boradigan bo‘lsa, Shukur o‘tiradi. Orqa o‘rindiqqa o‘tirib qalin sochlari to‘zg‘ishini va hammaning oldida tarashni, umuman taroq tutishni u yomon ko‘radi. Sezib qoldim, jahli chiqib, qoshlari bir pastda chimirilib ketayapti. Lekin-gapirishga ulgurmadi.
— Iltimos, Siz orqaga o‘tiring, — dedim mehmonga. Keyin hafa qilmaslik uchun qo‘shib qo‘ydim, — yo‘l-yo‘lakay biz marshrutni, yo‘llarni maslahatlashib ketamiz.
Shukur tinchib, yonimga o‘tirdi.
Dovonga ko‘tarilmasdan Tangatopdi qishlog‘iga kiraverishda, shunday suvning bo‘yida shinamgina choyxona bor. Shu yerga yetib borganimizda, Shukur ikkalamiz beixtiyor bir-birimizga qaradik. Tushdik. Kabobpaz zira xidi anqib turgan qo‘y go‘shtini sixlarga tortayotgan ekan. Choyxonachi yigit bizni salqin bir joyga o‘tkazib bitta ko‘k, bitta pamil choy keltirdi. Tandirdan yangi uzilgan ikkita barkashdek-barkashdek joydari non qo‘yib ketdi.
Kabobpaz kaboblarni ko‘ra ustiga terib oldimizga keldi:
— Ozgina achchiq-chuchuk ham qilib ham beraymi?
 Minnatdor bo‘ldik. Achchiq-chuchuk bor joyda, ozgina bo‘lsa ham ichiladi. Mashinaga bir-ikkita shisha solib olgan edik, bittasini keltirib, vodoprovod ostiga qo‘yib qo‘ydim.
— Umarbekov! Bu qanday bo‘lar ekan? — dedi Shukur jiddiy ohangda. — Siz ichmaysiz, ruldasiz. Bu odamni men birinchi marta ko‘rishim. Indamay u bilan ichaveramanmi? Keyin nima bo‘ladi?
— Farg‘ona tong otguncha bo‘ladi, — dedim men hazillashib, keyin unga o‘xshab jiddiy ohangda qo‘shib qo‘ydim. — Agar mehmon ichmasa, siz ham ichmaysiz-da. Shu ham tashvishmi?
— Bu gapingiz ham ma’qul. — dedi Shukur. — Lekin fahmlashimcha, yaxshilab taklif qilinsa, rad etmaydi.
Men kulib yubordim. Kulgining boisini mehmonga tushuntirdim. Birinchi marta uning chehrasi yorishganini shunda ko‘rdik.
Achchiq-chuchuk, barra kabob, muzdek aroq, issiq non, buloq suvi... Buning ustiga g‘ir-g‘ir esib turgan tog‘ shamoli... Ancha qolib ketdik choyxonada. Mo‘ljal buzildi. Marshrutni o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Kechasi soat o‘n ikkilarda Katta Farg‘ona kanalining Kuyganyordagi bo‘limiga kirib bordik.
Bo‘lim boshlig‘i No‘‘monjon degan ajoyib yigit edi. Said Ahmad aka tanishtirgan. U bilan so‘rashdik. Kimdir mototsiklda kelib biz bilan ko‘rishdi-da, orqamda yuringlar, deb mototsikliga o‘tirdi. Ko‘p yurganimiz yo‘q. Ikki ko‘cha aylanib, Usmon Yusupov muzeyi va shu yerdagi kichkina mehmonxonaga kirib bordik.
Ko‘p o‘tmay, No‘‘monjonning o‘zi yetib keldi. Quchoqlashib ko‘rishdik. Shukurni, mehmonni tanishtirdim.
Mehmonxonaga ko‘tarildik. Achchiq choy, ketidan katta bir laganda osh keldi.
— Qani olib turaylik, — dedi No‘‘monjon va o‘zi birinchi oshga qo‘l uzatib boshlab berdi. — Rostini aytinglar. Uyqu bosayaptimi, yo‘qmi?
— Nima edi? — so‘radim tushunmay.
— Baliq ovlasak nima deysizlar? Tungi baliq ovining zap gashti bo‘ladi-da!
Men mehmonimizga aytuvdim, xursand bo‘lib ketdi.
O’rnimizdan turganimizdan to‘g‘onning bir tarafidagi suv chiqarilib tizza bo‘yi qolgan edi. Fonarlar, oy nurida kumushdek tovlanib, o‘zini har yoqqa tashlayotgan baliqlarni qo‘l bilan tutsa bo‘lardi. Shunday qildik. Tutganimizni chelakka solib uzatamiz, zum o‘tmay, qovurib kelishadi... Yana tutamiz. Xullas, oyoqlar muzlaguncha ov qildik.
— Men birinchi marta qo‘l bilan baliq tutishim! — dedi mehmon. — Aytib bersam, o‘lay agar, ishonishmaydi!
No‘‘monjon kulib qo‘ydi. O’sha kuni u bizni xursand qiladigan yana bir ish qilib qo‘ygan ekan. Buni ertalab bildik. Mehmonxonaning katta dahliziga dasturxon yozib, bizni taklif qilishdi. Bog‘da burnining uchlarigacha sharbat bosib shaftoli, uzum, yeb yurgan mehmonni yetaklab, ko‘tarildik.
Dahlizda No‘‘monjon bilan birga farg‘onalik hamkasb do‘stlarimiz Oxunjon Hakimov, Yo‘ldoshali Sulaymonov turishardi. Peshinda Quyganyordagi mashhur, Oxunboboev, Usmon Yusupov, Yusufjon Qiziqlar tabarruk qilib ketgan Qoradaryo ustidagi choyxonada devzira palov yeb, Farg‘onaga jo‘nadik.
— To‘g‘ri Adham akanikiga boramiz. Sizlarni kutib o‘tiribdilar, — dedi Yo‘ldoshali.
Turgan-bitgani afsona, latifa, hazildan iborat bo‘lgan, og‘zaki tom-tom kitoblar yozib tashlagan atoqli yozuvchi, urush qahramoni, vodiyning erka farzandi Adham Hamdam bilan ko‘rishmasdan bo‘lmasdi. Avvalo u xafa bo‘lardi. Keyin u bilan bir daqiqa bo‘lishni faqatgina biz emas, ko‘pgina qalam axli quvonch deb bilardi.
Adham aka hazul-huzul gaplar bilan bizni kutib oldi. Birpas Farg‘ona rahbarlari haqida sho‘x, kulguli, ammo hech kimni haqorat qilmaydigan latifalardan aytib berdi.
Kelinoyimiz yarim kosa-yarim kosadan serqatiq mastava olib keldi.
Keyin ikkita mashinaga o‘tirib, baland kumushbarg teraklar soyasidagi tekis ko‘chalardan yurib, ozoda, odamning bahrini ochadigan shaharni aylandik. Adham aka mehmonni tarixiy o‘lka muzeyiga olib kirib chiqdi. Soat beshlarda pedagogika institutida bordik. Zal to‘la odam edi. Bizni picha kutib qolishibdi. Shu sababli rektorning kabinetiga kirmay, uchrashuvni boshlab yubordik. Oxunjon hammamizni, shu jumladan mehmonimizni ham tanishtirib chiqdi. Savol-javob, rejalar haqida gapirib qorong‘i tushganini bilmay qoldik. Adham aka aralashmasa, uchrashuv tongotargacha cho‘zilishi mumkin edi. U kishi jiddiy ishlarni bahona qilib, kechani tugatdi. Rektorning kabinetida choy ichdik. Hammamizning yelkamizga to‘n tashlandi.
Mehmon yelkasidagi banoras to‘nga havas bilan qarab, mendan so‘radi.
— Pulini kimga berish kerak?
— Shukurga, — dedim men. — Uning zakazi bilan olib kelishgan, yoqdimi?
— Juda ham, — dedi mehmon. — Yana bitta sotib olsam bo‘ladimi?
— Bo‘ladi, — dedim men.
Farg‘onalik hamkasblarimiz bilan terakzor tak’yada o‘tirganmizda Shukur yonimga keldi.
— Umarbekov, bu to‘n necha so‘m turarkan, bilmaysizmi?
— Nima edi?
— Mehmonimiz qiziqayapti.
— Adham akadan so‘rab ko‘ring.
— Hafa bo‘ladilar. Sovg‘aning ham bahosini surishtirasanmi, deb, koyiydilar.
— Mehmonga xuddi shunday tushuntiring. Aftidan men nojo‘ya hazil qildim. Endi yaxshilab rostini tushuntirish kerak.
Shukur kulib yubordi.
Yarim kechada mehmon meni uyg‘oq o‘tirganimni ko‘rib yonimga keldi.
— Bugungi uchrashuv planlashtirilganmidi?
— Yo‘q. Eskpromt.
Mehmon indamadi. U nimalarnidir o‘ylar, mulohaza qilar, ammo aytishga iymanardi.
— Yozuvchilarni yaxshi ko‘rishar ekan.
— Ha, bizda adabiyotni, san’atni sevishadi, — dedim men.
Ertalab nonushtadan so‘ng, uch-to‘rt mashina bo‘lib, Shohimardonga ketdik.
U yerdan qorong‘ida qaytib Qo‘qonda tunadik.
Mehmonimiz shu kunlar ichida sezilarli o‘zgarib ketdi. Avvalo oftob tegib, yuzlari, qo‘llari qoraydi. Ozgina to‘lishdi ham. Lekin gap bunda emas, gap uning birdan afsona ichiga tushib qolganligida va bu holatni yashirmayotganida edi. Biz, Shukur ikkalamiz unga ma’qul kelib qoldik, nima uni qiziqtirsa, xayratga solsa, eng yaqin do‘stlaridek bizga murojaat qilar, bilib olar, uchchalamiz qolganimizda o‘zining, onasining hayotidan ba’zi, o‘zi uchun qiziq tuyilgan voqealarni aytib berardi. Yolg‘iz o‘g‘il ekan. She’riyatga qiziqib, adabiyotchi bo‘libdi. Ammo undan shoir chiqmabdi. Yashash kerak, kasalmand onani boqish kerak. Nashriyotga shuning uchun ishga kiribdi. Hali yoshligini, shoir bo‘lib ketishi mumkinligini aytib, biz uni yupatdik.
Xullas, ikki kunga yo‘lga chiqqan odamlar, to‘rt kun vodiyda qolib ketdik.
Tushlikda yana Qo‘qon tak’yalaridan birida osh yeb yo‘lga tushdik. Yo‘ldoshali bizning mashinamizda Pungangacha bordi. Shu yerda u bilan xayrlashdik. Yana bir marta hammaga salom va minnatdorchilik bildirib, qo‘yishni mehmonimiz bizdan oldin iltimos qildi. Yo‘lga tushdik. Niyatimiz kechki salqinda Toshkentga kirib kelish, biznikida ovqatlanib, tarqalish edi.
Dovonga yetganimizda mehmon yelkamga qo‘lini qo‘ydi.
— Biron salqinroq joyda to‘xtasak bo‘ladimi?
— Marhamat, — dedim men.
— Yo‘ldoshali, Adham akalar mashina orqasiga nimalarnidir qo‘yishdi. Aftidan ichadigan narsalar ham bo‘lsa kerak?
— Bor, — dedi Shukur. — Hali o‘zimiz Toshkentdan olganlarimiz ham turibdi.
— Men ichmoqchiman. — dedi mehmon.
Mehmon amri vojib. Chodakdan o‘tgandan so‘ng, yo‘lning chap tomoni salqin edi. Tuzukroq joy qidirib o‘tirmasdan mashinani to‘xtatmoqchi bo‘ldim, mehmon ko‘nmadi.
— Kabob yegan joydek joy bo‘lsa yaxshi bo‘lardi.
— Sizdan shoir chiqishiga shubha yo‘q, — dedi Shukur. — Men ham chiroyliroq joyda to‘xtasak deyman. Siz-chi, Umarbekov?
— Kemaga tushganning joni bir.
Dovondan tushaverishdagi buloq boshida to‘xtadik. Shu yerda choyxona bor edi. Lekin choyxonadan idish-tovoqdan bo‘lak narsa olishga to‘g‘ri kelmadi. Hamma narsani Farg‘onalik do‘stlarimiz ikkita tugun qilib, mashina orqasiga joylab qo‘yishgan ekan. Yaxna go‘sht, meva, ichimliklar, katta sopol tovoqda polov osh, non...
Shunga qarmay, choyxonachi amaki taomil deb, issiq non, qand-qurs keltirib qo‘ydi. 
Mehmon sabrsizlik bilan idishlarga ichkilik quyilishini kutardi. Nihoyat hamma tayyorgarlik ko‘rib bo‘lingach, Shukur piyolalarga to‘latib aroq quydi.
— Mana, mehmon, oling.
— Mening gapim bor, — dedi mehmon. — Iltimos qilaman, eshitinglar. Men Toshkentga kelib sizlar bilan uchrashishimni bilganim yo‘q edi. Ammo uchrashganimdan xursandman. Endi xursandman. Shukur, sizning oldingizda men O’lmasdan kechirim so‘rashim kerak. Uning hikoyalarini men qaytarib yuborganman. Ichida taqrizlar ham bor edi. Nashriyotning xati ham bor edi. O’lmas, olganmisiz?
— Ha, — dedim men.
— O’qiganmisiz hammasini?
— O’qiganman.
— Mendan xafa bo‘lsangiz arziydi, Nashriyotning xati ham, uyushtirilgan ikkala taqriz ham hikoyalaringizga, eng muhimi, xalqingizga tuhmat. Siz, o‘zbek yozuvchilari shunday ko‘ngli ochiq, kamtar, yozuvchiga hurmati baland xalqingiz bilan faxrlansangiz arziydi. O’lmas, hikoyalaringiz, qahramonlaringizga ishonchsizlik bildirib biz gunoh qildik. Men gunoh qildim. Qo‘lyozmalaringizni olib ketaman. Kitobingizni chop etishni talab qilaman. Biz Toshkentdan borgan bir taqrizga qattiq ishonib yubordik. Meni kechiring. Shu qadah o‘zbek xalqi uchun, O’lmas, Shukur siz baxtli yozuvchilarning qahramonlari uchun ichaman!
Mo‘ljalimiz qaytishda ham buzildi. Dovonda uzoq qolib ketib, Toshkentga yarim kechasi kirib keldik.
Bu voqeani men hikoyalarimni maqtash uchun gapirib berayotganim yo‘q. Siz ham, hurmatli o‘quvchi, men ham, bir narsaga sevinishimiz kerak.
Ajoyib xalqimiz bor. Uning aql-idroki, qadoq qo‘llari bilan hozirgi qiyinchiliklardan eson-omon chiqib ketamiz, har bir xonadonda «ochil dasturxon»lar paydo bo‘ladi, tanishmi, notanishmi, hamma mehmonlarni izzat-ikrom bilan kutib olamiz. Eshik oldidagi odamga: «Kim kerak edi sizga?» demay, «Qani, ichkariga kiring», degan xalq hech qachon kam bo‘lmaydi.
Xalqim! Olis, mashaqqatli yo‘ling bexatar bo‘lsin! Omad va baxt hamisha senga yor bo‘lsin!

1994, may

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.