yoki
DARAXTGA DO’NGAN ODAM
Nega bir tupgina daraxt tikishgan ekan? Bi-i-ir tupgina!.. Uchta, to‘rtta, yo‘q, o‘n-ta, o‘n beshta tikishmaydimi? Qalin o‘rmonga aylantirib tashlashmaydimi… Eh-h... Ana, yana bittasi kelyapti. Ishqilib, uni ko‘rib qolmasa edi. Ko‘zi tushdimi, inda-may o‘tib ketavermaydi. Xuddi unga aqalli ikki og‘izgina gap qotmasa, to‘yxonaga yaqin yo‘latishmaydiganday...
U garchi o‘ylayotgan bo‘lsa-da, tilini tishladi. Tili og‘rimadi. Katta ko‘cha tomonda sharpa sezib, o‘zini tezgina yolg‘iz so‘ppaygan daraxt ortiga oldi.
“Otasiga balli shu yigitlarning...”
E, Xudo, uniyam daraxtga aylantirsang-chi!.. O’shanda hech narsani eshitmasdi, hech narsani ko‘rmasdi...
“... Odamlar bor, topganini yetti joyidan tugib, sandiqqa tashlaydi. Bir tiyin-ni puflab-puflab, cho‘ntakka urishadi.Endi bu azamatlarning himmatini ko‘ring, yetim bolalarning qo‘lini halollashyapti-ya!”
“Bir kungina ilgari omonatingni olsang bo‘lmasmidi, xudoyim! – Masrur quloqlarini berkitdi. – Bu yorug‘ dunyoda boshimni yerga yopishtirib yurish uchun asrading-mi, meni...”
“Endi yaratganning o‘zi bu olihimmat bandalarining ko‘ngliga solgan-da...”
Masrurning ichiga kirpi terisiga o‘ralgan fildek bir “dod”qamalib oldi-da, goh ayamay ko‘ksini yuldi, goh bo‘g‘zini timdaladi, oyoqlaridan madorini o‘g‘irlayotib, iligiga chang soldi. To‘rt tomoniga tikan qadalgan “dod” hali tanining bir yerida-gi og‘riq to‘xtamasdan, ikkinchi yoqqa yumalar, miya demay, yurak demay, ignalarini ayovsiz sanchardi. Bo‘g‘ziga yetib kelganda, qattiq qadalgancha uzoq qimirlamas, nuqul “qah-qah”lab kulardi.
“Nega ustimdan kulyapsanlar? Aqalli sengina kulmasang, bo‘lmasmidi?”
“Meni qo‘yvor... qo‘yvor... o‘z holimga qo‘ygin! O’shanda kulmayman... yig‘lamay-man... Qafasda qiynalyapman...”
“Qo‘limdan kelmagan ishni so‘rama! Seni qo‘yvorsam... o‘zganing mulkiga aylana-san. Unda men qanday chidayman?..”
“Bo‘pti. Bo‘g‘zing tilinishini, yuraging zirqirashini, ichingni tipratikanlar uya-ga aylantirishini istasang, o‘zing bilasan!..”
Masrur ko‘zini ochsa, boshini daraxtga to‘xtovsiz uryapti. Mo‘ltirab turgan daraxtga ichi achidi.
“Kechir meni, daraxtjon! Sen menga panoh berding, lekin men joningni og‘rit-dim. Asli noshukur banda ekanman. Noshukur! Bilaman, sen mening gaplarimga tushunmaysan. Balki, tushunsang-da, eshitishni istamaysan. Bu dunyoda har kimning dardi o‘ziga yetib-ortadi.”
Daraxt ortida kimdir shivirladi. Masrur hozir ming bekinishni istamasin, ovoz egasini ko‘rgisi keldi. Nega u baralla gapirmayapti? Shivirlayapti... Shivirdan biron ma’no anglash uchun quloq tutdi. Hech narsa ilg‘ay olmadi. Bor vujudi - sochlaridan tortib tirnoqlarigacha quloqqa aylansa-da, hatto bittagina so‘zni ajrata olmadi. Hafsalasi pir bo‘lib, sochlari sochga, tirnoqlari tirnoqqa do‘nayotgan mahal haligi berahm shivir qiqirladi. Daraxt ortidan soya uzildi. Uni Masrur ko‘rgan. Ko‘rgan. Qaerdadir... Aniq ko‘rgan...
Qochib borayotgan sharpa ortiga bir lahza o‘girildi. Masrurning tomog‘iga boyagi “dod” tikanlari yanaada qattiqroq qadaldi. Undan ikki uch qadamcha narida o‘zi, fa-qat yetti-sakkiz yosh kichikroq Masrur turardi. Qarashlari yurakni teshaman deydi.
Masrur najot izlab daraxtga yopishdi. Daraxt siltab tashladi. Qayga qochsa? Qa-erga yashirinsa? Atrofda mana shu bir tupgina daraxtdan o‘zga biron panoh ko‘rin-maydi. To‘yxona-chi? Ana, atrofini baland-baland daraxtlar qurshab olgan choy-xona. Ichkariga kirvolgach, uni topib bo‘lishibdi. Qo‘shhovuz atrofidagi ikki qator tikilgan ulkan tollardan panoh so‘raydi. Tepasiga chiqvolib, qalin, serbarg shoxlari orasiga ko‘miladi...
Choyxona – to‘yxona tomondan karnay “vat-vat”lab, Masrurning daraxt tanasiga yopishgan qo‘llarini itarib tashladi. Qish o‘tib, bahor o‘tib, pishiqchilik kelgach, u to‘y qilmoqchi, o‘g‘ilchalarining qo‘lini halollash bahona, elga osh bermoqchi edi. Boshqalar to‘yga ikkita karnaychi aytsa, u to‘rtta karnay opkelishni o‘ylardi. Ikki karnaychi ko‘chaning bir tomonidan, ikkisi boshqa tomonidan chalib kelaveradi. Ikki tarafdan to‘yxona oldiga yaqinlashib kelishgach, u o‘g‘illarini yoniga oladi-da, miriqib o‘yinga tushadi. O’ynaydi, o‘ynayveradi. Karnaychilar charchaydi, lekin u charchamaydi...
Shoshma, hozir karnayga kim o‘ynayotgan bo‘lsa?! Tanasiga urilgan bosh daraxtning jonini og‘ritdi. Shoxlari ingradi. Uzoq vaqtgacha karnay ovozidan o‘zga ovoz qulog‘iga kirmayotgan Masrur bu ingrashni sezmadi. Boshi daraxtning bujur tana-siga qayta yaqinlashayotganda ingroqni ilg‘adi-yu, boya shashti pasaygan “dod” yana ot-ga mindi.
“Qo‘y, muncha jigar-bag‘ringni ezma, Xudo ko‘rsatmasin, agar bir narsa bo‘lsa, sen-ga kim kuyadi?”
Masrur qarshisida bemalol chordona qurgancha o‘tirgan yetti-sakkiz yosh kichikroq Masrurga horg‘in tikildi.
“Men adashdim. O’shanda yelkamga quruq choponni tashlab chiqib ketmasimdan, unga uch oylik bo‘lsa-da, o‘g‘limni o‘rab ketishim zarur ekan. Men adashdim. O’sha qanjiq-qa jahl qilib...”
“Aadashgan sen emas, menman-ku. Ko‘z qonga to‘lgan mahal hatto farzanding ham ko‘rinmas ekan. Aslida mendan o‘tgan. La’natini shartta tilkalab, bolani opket-maymanmi? Men... men... endi uni abadul abad yuvsam-da, tozalanmaydi, degan xayol-ga borganman...”
“Odam yashayverarkan. Men uning javdiragan ko‘zlarini, mitti qo‘lchalarini, yuragimni orziqtiradigan shirin bo‘yini uzoq vaqt unutolmadim. Keyingi xotin birinchi o‘g‘ilni tuqqanida Umidjonning mitti qo‘lchalarini, ikkinchi o‘g‘il ko‘rganimizdan keyin esa, shirin bo‘yini unuta boshladim. Butunlay unutvoraman, deb o‘ylagandim. Ammo, tushlarimga o‘sha javdiragan ko‘zlari kirib chiqadi. “Menda ne gunoh” degandayin naq qorachiqlarimga qadalvoladi...”
“Otini yaxshi niyatlar bilan Umid qo‘ygandim... U-miiii-id... Men Umidimni bir yaramasning qo‘liga tashlab ketaveribman. Endi bolamni – Umidimni kimlarga xor qip qo‘ydim...”
“Sen faqat alam chekkansan, xolos. O’tgan – o‘tmishga aylandi-ketdi. Men-chi? Meni o‘ylasang-chi! El-yurt orasida endi qanday bosh ko‘tarib yuraman? Men tirik
turib, pushti kamarimdan bo‘lgan farzandni allakimlar to‘y qilib, yetti yot alla-qaysi boyvachchalar qo‘lini halollasa? Aytgin, men qanday bosh ko‘tarib yuraman!”
“Baribir sen faqat o‘zingni o‘ylayapsan. Vaqti kelib, Xudo uzoq umr bersa, Umidim ulg‘ayar. Katta yigit bo‘lib, el yurtga qo‘shilganda, odamlar “Anovining qo‘lini falon-falon boyvachchalar yonidan xalqqa to‘y berib, halollagan” deyishsa, qanday chidaydi? O’shanda o‘?lim uchun yer yuzi, yorug‘ dunyo zulumotga aylanmaydimi?”
“Iltimos, ming iltimos, boshqa gapirma, yana bir og‘izgina... bir og‘iiiizgina... gapirsang, boshim tars-tars yorilib, ming... ming bir bo‘lakka aylanadi... Ilti-mos..!”
Qarshisidagi yigit kulimsiragancha Masrur tomon yurdi. Quchog‘ini ochgancha yaqinlashaverdi. Masrurni quchoqladi-da, xuddi havoga evrilganday yo‘qoldi-ketdi. Kimsasiz tevarakka alanglarkan, Masrurning yuragi shuvilladi. Endi bitta o‘zi nima qiladi? Yana karnay chalishsa, quloqlarini chirt-chirt uzvolmaydimi? Hey, qanisan? Qaerga ketding? Shunchalik bag‘ritoshmisan?
- Uka, hey, uka...
Masrur daf’atan ovozning qaerdan kelayotganligini anglay olmadi.
- Betta nima qip turipsiz?
U yonginasida o‘ziga achinganday qarab turgan kishini ko‘rib, yashirinishga joy izladi.
- Bu qanday turish, uka, - haliyam nigohidagi achinish yo‘qolmagan kishi qo‘ynidan oq qiyiqcha olib, yuz-ko‘zini artdi. – Bu qanday turish, deyapman senga. Choy-xonaga yursang-chi! Butun qishloq to‘yxonaga ko‘chib kelsa-yu, sen xuddi birovdan qochganday pisib turibsan. Bu to‘yga xizmat qilish nari tursin, bir cho‘qimgina oshidan totinsang ham savob bo‘ladi-ya...
- Mayli, siz boravering... Men... bir kishini kutayotgandim, - Xudodan daraxt bag‘rining kavakka, kavakning g‘orga aylanishini so‘rayotgan Masrur tiliga kelgan kalimadan quvonib ketdi. – Birga kiramiz, degandi, o‘shani kutayotgandim...
- Unda o‘zing bilasan. Bordi-yu, biron sabab bilan og‘ayning kelmay qolsa, savobdan benasib qolma, tag‘in...
“Indamay ketaversangiz, bo‘lmasmidi, tog‘a! Savob deysiz-a, tag‘in. Gunohimni qanday yuvishni bilmay, do‘zax o‘tida yonyapman-u... Men-ku endi quruq tanamni sud-rab yuraveraman. O’g‘lim-chi!.. O’g‘-liiim?.. Bu so‘z tilimga qanday keldi? Xudoyim, nega meni soqovga aylantirmayapsan, nega?”
“Bir marta soqov bo‘lib ko‘rganding-ku, o‘sha yetarli emasmi, o‘g‘lim?”
Masrur rahmatli otasining ovozini tanidi. Uni sog‘ingandi, ko‘rgisi kelayotgandi, lekin u hozir otasini qidirmadi, yuragini g‘ijimlagancha turaverdi.
“Esingdan chiqqan emasdir? Nimalar deyapman, besh oygina oldingi gapni unu-tarmiding? O’g‘lim, ko‘zim tirigida bolalaringni to‘yini ko‘rib ketay. Kimsan falonchi nevaralariga osh bermay ketdi, deyishsa, go‘rimda qanday tinch yotaman, degandim...”
“Dadajon, men g‘ofil ekanman...”
“Gapimni bo‘lma. Esingdami, katta o‘g‘lingniyam opkelasan, ikkita ukasiga qo‘shib to‘yini o‘tkazamiz, deganimda, tilingni tishlavolganding.”
“Dada. Hali to‘yga tayyorgarligim yo‘g‘idi. Agar, men sizning... boshimga bu kunlar tushishini bilganimda...”
“Otamni chaksa kepakka sotardim, de!”
“Dadajon!..”
- Endi gapning kelishi-da, o‘g‘lim...O’shanda qulog‘ingni kar qilib turmaganingda, bu kunlarga qolmasmidik? Men-ku, nevaralarimning qo‘lini halolla-yolmay, armonda ketdim. Aqalli, sen... otam katta o‘g‘limning to‘yini ko‘rishni istagandi, deya mening armonimni vasiyat o‘rnida bilmading. Endi qishloqda falonchining nevarasini, falonchining o‘g‘lini begonalar to‘ylab berishipti, deyishsa, qandoq chidaymiz!”
“Dada! Dadajon!”
“Qo‘y endi, ortiq soqov bo‘lma, kar bo‘lma! Eshitdingmi, o‘g‘lim!”
Otasi armonini so‘zlayotgan daraxtga evrilishni istayotgan Masrur ustma-ust tavba qildi. Anovi... bu... shu hodisaga otasi go‘rida tinch yota olmagan ekan, tirik bo‘la turib, u qanday chidaydi? To‘yni to‘xtatishi zarur! Yo‘qsa, bir umr armon ortidan ergashib, yurak-bag‘rini kemiraveradi. To‘xta, to‘yni qanday buzadi? Beshta bolani to‘y qilamiz, deb xabarlab ketishmaganmidi? Be-esh-ta bola! Ikkitasining otasiyam, onasiyam yo‘q, g‘irt yetim deyishadi. Bittasining yolg‘iz onasi borakan, qo‘li kaltalik qilib, uzoq vaqtdan beri to‘y qilolmay yurgan ekan, deyishadi. Yana bittasining... To‘yni buzish insofdan emas. Lekin... to‘ybolalar orasida uning o‘g‘liyam bor. Otasiyam, onasiyam tirik bola. U hali katta bo‘lgach...
- To‘xtanglar, birpas dam olaylik...
Masrur shoshgancha daraxtning boshqa tomoniga o‘tdi.
- Yursangizchi, yana bitta-ikkita ko‘rganlar to‘ydan ko‘ngil uzolmasdan turishibdi, demasin.
- Qiziqsiz-a, qo‘shni, ko‘ngil uzmasak, qaytib kiraveramiz-da. Nima, birov quvib chiqararmidi. Ko‘rmadingizmi, itniyam, bitniyam qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, izzat-ikrom bilan kutvolishyapti.
- Mayli-mayli, ukalar, arzimagan gapga aytishmanglar. Nafsi yomon hayitda o‘ladi, deganlariday, oldimga qo‘yganlarini tushiraveribman-tushiraverib-man, qornim shishib ketdi. Birpasgina nafasimni rostlay, keyin jilamiz.
- Mayli-yu, shunaqaykan, o‘shatta choyni maydalab o‘tirsak bo‘lardi, usta. Ustiga manovi qo‘shnim shoshirdi, xuddi bir soatgina bormasa, g‘o‘zalari chan-qab, qurib qoladiganday.
- Sizlarni turdik, deya shoshirganim rost. Lekin o‘zing ko‘rding-ku, odam degani turnaqator kep turipti. Joy yetishmay qolmasin, dedim-da.
- Bunisi kallamga kelmapti. Naq besh-olti yuz kishiga joy qilishibdimi. Dasturxonni qarang, dasturxonni. Joningizdan boshqa narsa bor-a. Pista-bodom deysizmi, mayiz-yong‘oqmi, olma-uzummi... Hozirgi uncha-muncha odamlar haftasiga ikki marta qozon osayotgan mahal... Uchta to‘yqozonda osh damlaship-timi?
- Shunisini aytaman-da, uka, mana san davlatning bir idorasida savlat to‘kib o‘tirasan, rostingni ayt, yetti yot begonalar tursin, o‘zingni bolalaringga shunday katta to‘y qilarmiding?
- Usta yo‘q joydagi gaplarni topasiz-da. Naq bilagimgacha yog‘ oqib, maza qilib osh yedim, deya kimning to‘yida aytgandingiz?
- Buyog‘i minnatga o‘tdi-ku!
- Kulmang qo‘shni, ustaning tagdor gaplariga ilon po‘st tashlaydi. Hamma ko‘rpasiga qarab oyoq uzatadi-da. Nima, men uchta emas, bitta qozonda osh damlatgan bo‘lsam, birontasi to‘yimdan to‘ymay ketibdimi?!
- Mayli, endi o‘zingiz aytmoqchi, biz oddiy bir suvchimiz, sizlarning dumli gaplaringizga qandoq tishim o‘tsin? Lekin men boshqa narsani o‘ylayapman: bir kun kelib, boyvachchalarimiz sunnat to‘yingni men qilib bergandim, deya yigit-chalarning bo‘ynini egishmasa edi...
- Sizga nuqul shunaqa gaplar bo‘lsa, uka, - usta deyotganlari gapini davom et-tira olmay, ustma-ust kekirdi. – Savob ishdan ham qing‘irlik izlaysiz-a. To‘rt tomonga qishlog‘imizning dong‘i ketishini o‘ylasangizchi buning o‘rniga. Ana, kinochilargacha suratga olishyapti... Bir emas, yettita bolani to‘ylashyapti. To‘yning daragini eshitib, bitta xotin ikkita o‘g‘ilchasini yetaklab kepti...
- To‘g‘ri-yu...
- E, qo‘ying-e! Yana o‘zingiz bilgandan qolmaysiz. Turinglar, ketdik, betta o‘tiraversak, sasib-bijiyveramiz, shekilli.
Uchovlon uzoqlashib, qoralari ko‘rinmay qolgach, Masrurning yelkasidagi tegirmontosh pastga surildi-da, haligi suvchi yigitning “boyvachchalarimiz sunnat to‘yingni men qilib bergandim, deya, yigitchalarning bo‘ynini egishmasa edi”, degan so‘zlariga osilib, naq bo‘yniga minib oldi. Haligi uchovlon ketgan tomondan toshchalar yog‘ilib kelaverdi: ” ... yetti yot begonalar nari tursin, o‘zingni bolalaringni shunday katta to‘y qilarmiding?” “... yigitchalarning bo‘ynini egishmasa edi”. “...egishmasa edi”, “egishmasa edi...”
Masrur qo‘liga yonarmoy to‘la idishni oldi-da, choyxona atrofiga tutilgan chodirga sepib chiqdi. Gugurt chaqib otgandi, chodir gurillab yondi. Karnay ovozini qiy-chuv bosib ketdi. To‘yxona olov ichida qoldi.”Dadajon, meni qut-qaring, yonib ketyapman, meni qutqaring!..”
Qizib turgan beti ivib, Masrur choyxona tomon ezgin tikildi. Yo‘q, u bunday qilmaydi, qila olmaydi... hech qachon!... Toshchalar esa hamon boshiga to‘xtovsiz urilardi: ”...yigitchalarning bo‘ynini egishmasa edi...”. “egishmasa edi...”
Masrur to‘g‘ri to‘yxonaga bostirib bordi. Tavoze bilan ko‘ksiga qo‘lini qo‘yib turganlarga ham, “keling, mehmon, bu yoqqa o‘ting”lab yo‘l boshlayotganlarga ham e’tibor bermay, o‘g‘lini qidirdi. Topdi-yu, bag‘riga mahkam bosgancha ko‘chaga otildi:” O’g‘lim, seni boshingni egmaydilar, egolmaydilar. Men o‘zim to‘y qilib beraman, bundan katta to‘y qilaman!”
- Amaki, to‘yxonaga kirmaysizmi?
Masrur qarshisida ko‘zlarini katta-katta ochgancha tikilib turgan o‘n uch-o‘n to‘rt yoshli bolani ko‘rdi.
- Menmi?.. Men kirib chiqdim.
Bola indamay uzoqlashayotganda, Masrur xayoliga kelgan fikrdan yig‘lab yuboray dedi: unga aytib, Umidni chaqirtirsa-chi!
- Ukajon, menga qaragin!
Bola xuddi shu gapni kutayotganday iziga qaytdi.
- Bitta xizmat qilasanmi?
- Qo‘limdan kelsa, bemalol, - bola kattalardek salmoqlandi.
- To‘yxonaga kirasan-da, Umid degan bolani, anovi to‘ybolalardan birini ay-tib kelasan. Ko‘chada seni... bitta amaking poylab turibdi, juda zaril gapi
borakan, degin.
- Yig‘layotganingizni aytmaymi?
- Men yig‘lapmanmi? Qiziq bola ekansan-ku...Aytib kelasanmi?
- Bo‘pti.
“O’g‘lim, bolajonim! Men sening boshingni birovlarga egdirib qo‘ymayman. O’zimning boshim... Agar... nima degan odam bo‘laman!..”
- Mana, opkeldim...
Masrur haligi bola yonida turgan, zar tikilgan qora kimxob chopon kiygan, boshida zar salla, oyog‘ida yaltiroq etik to‘ybolani ko‘rdi-yu bag‘riga bosdi. Shoshganicha oldi-ortiga qaramasdan yugurdi. Katta ko‘chaga chiqmadi. Bog‘lar oralab, oyoq ostida ezilib ingranayotgan za’faron yaproqlarga quloq tutmay, dalalarda – makkapoya ildizlarining boldiriga sanchilishiga parvo qilmay yuguraverdi. Bola to‘xtovsiz “Qo‘yvoring! Meni qayoqqa olib ketyapsiz? Qo‘y- voring!” derdi. Masrur uning ovozini eshitib qolmasliklari uchun bag‘riga qattiqroq bosardi.
Yugurgan sari yo‘li unmayotgandek tuyulaverdi. Nazarida hozir to‘yxonada-gilar ortidan quvib kelishadi. Haligi bola choyxonaga kirib “Umidni bir kishi opqochdi,” deya vahima qilgan. Bu xabarni eshitib, butun to‘yxona oyoqqa turgan. Tezroq chopishi kerak, yo‘qsa, hozir yetib kelishadi. Quvib yetishgach, o‘g‘lini tortib olishadi. Keyin... ko‘rpaga dumalatishadi... Usta avrab-aldab... Yo‘-o‘q!..
Masrur bolaning chirillashiga quloq solmay qo‘ydi. Bir zumgina nafas rost-lamasdan chopaverdi.
Bunday qarasa, kimsasiz, huvillagan bog‘da turibdi. Qishloq chetidagi bu ov-loq joyni tanidi. Bolani yerga qo‘ydi. Chap qo‘li bilan bo‘ynidan quchgancha unga uzoq termuldi. Bola dir-dir titrar, soqoli o‘sgan, ko‘zlari jiqqa yosh odamga qo‘rqibgina qarab turardi.
- Umid! Umid, o‘g‘lim, hali men senga shunday to‘y qilib berayki...
- Kerak emas. Hech qanaqa to‘ylaring kerakmas. Manovilarni kiymayman, dedim, oyim zo‘rlab kiygazdilar, - bola ustidagi to‘nni, boshidagi sallachani yechib uloqtirdi. – Bergan moshinchalariniyam buzib tashlayman...
- Umid, men senga hammasidan zo‘r to‘n, ka-at-ta moshin oberaman.
- Kerakmas!
- Umid, meni tanimaysan-a?
- Tanimayman. Nega tanishim kerak sizni?
Besh yashar bolaning gaplaridan Masrurning yuragi uvishdi:”Tavba, kattalar-ga o‘xshab so‘zlaydi-ya...”
- Oting Umidmi?
- Ha. Nimaydi?
- Men... men... dadang bo‘laman...
- Dadam?! Mening dadam o‘lib qolganlar...
- Unday dema, o‘g‘lim. Bolam... oying meni... aldagandir seni...
- Nega ishonmaysiz? Bir yil bo‘ldi. Go‘ristonga men ham hassa tayanib borgan-man. Dadamning o‘lganini ukam bilmaydi, men bilaman. Nega meni opqochdingiz?
- Ukam dedingmi? Ukang bormi, seni?
- Ha, men yettiga kirdim, u endi ikkiga kirdi. Oti – O’tkir. Biz Yodgor deb chaqiramiz. Uniyam to‘y qilishyapti. Nega meni opqochdingiz? – bola yig‘iga tushdi. – Lekin baribir o‘zim qochmoqchiydim.
Masrur boshini changalladi. Ukam deyapti, dadam o‘lgan deyapti. Nahotki, u bosh-qa bola bo‘lsa?!
- Oting Umidmi?
- Ha, dedim-ku! Muncha so‘rayverdingiz?
- Onang... onang bormi? – Masrur bolaning biyronligidanmi yoki yuragiga bos-tirib kelayotgan g‘ashlikdanmi, dovdiradi.
- Bor. Hali aytdim-ku, anovi kiyimlarimni zo‘rlab kiygazdilar, deb. Mendan boshqa yana bitta Umidni to‘y qilishyapti. Sizning o‘g‘lingiz o‘sha Umiddir...
Masrurning quloqlari og‘ir shang‘illadi. Qarshisida tinmay bidirlayotgan, haligi titrog‘ini o‘ziga ko‘chirgan bolaga tikilgancha qarab qoldi. “Ajab bo‘ldi, xo‘b bo‘ldi,” karnay oldida eshilib o‘ynayotgan birinchi xotini tinmay Masrurga ko‘z suzardi. Atrofida esa bujur tanli daraxtlar kavakka imlar edi...