OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Orif Hoji. Oppoqqina qushginam (hikoya)

Yolg‘iz qushni, irim qilib,
otmas merganlar...
Xalq dostonidan.

Mustafo sevib uylandi. Harbiy xizmatdan yelkalari to‘lishib, muskullari shishib qayroqdek yigit bo‘lib qaytdiyu qishloq qizlarini birma-bir nazardan o‘tkaza boshladi. Uning lochin ko‘zlari shu yil o‘ninchini tugatgan Gulyuzda to‘xtadi.
Gulyuz suluv qiz. O‘rtabo‘y. To‘lishgan yuzlari Samarqandning shirmoy nonidek. Hiloliy baxmal qoshlar ostidagi bir juft cho‘g‘ yuraklarni o‘rtaydi. Uzun-uzun quyuq kipriklari nozik qayrilib, gul qaboqlarga tig‘ o‘qtaladi...
Xullas, Mustafo oshiq bo‘ldi, Gulyuz ma’shuqa. Erta bahorda boshlangan ishqiy doston muqaddimasi Mustafoning necha-necha bedor kechalari evaziga, maktab yoshiga yetmagan singilcha tinmay tashigan ishqiy maktublar va nihoyat amma-xolaning yordami bilan kech kuzga borib yakun topdi. To‘y bo‘ldi. Gulyuz to‘ydan keyin yana-da ochilib ketdi.
Mustafo kunda-kunora bir yig‘ilib, gap-gashtak qiladigan yoru jo‘ralarini ham unutib, ertayu kech kelinning atrofida girgitton. Tiramohning uzun-uzun tunlari ham nechundir bu yil yoz tunlariday qisqa.
Kelin-kuyov kelajak kunlar rejasini tuza-tuza xo‘roz qichqirganini bilmay qolishadi. Tong otadi. Gulyuz “Meni yana uyqudan qoldirdingiz-a” deganday nozli va arazli nigoh tashlab tashqariga chiqadi. Qaynona-qaynotaga tahorat suvi berib, supur-sidir bilan mushg‘ul bo‘ladi.
Bu sokin hayot bir hafta davom etdi. Bir kuni “nonushtani tushda” qilib endi choshgohlik uyquga ketayotgandi, ko‘cha eshik taqillab Karim fermer kirib keldi.
— E-e, bu uylandim deb uyda tuxum bosib yotaverarkan-da odam degan? Yaxshimisan? Sog‘liging durustmi? Dimog‘ing chog‘mi? — shunday deya negadir mo‘ylabini uchirib, boshini sarak-sarak qilib kulib qo‘ydi fermer.
— Yaxshi, rahmat, o‘zingiz tuzukmisiz? Yuqoridan o‘ting, — xushlamaygina taklif qildi Mustafo.
— O‘tirishga vaqtim yo‘q, — osongina rad qildi fermer ham. — Men bir ishminam keldim. Shu-u... dalada, enangni yegur, bir qush paydo bo‘lgan. Bug‘doydi yeb ketyapti, bu yil anchagina joyga bug‘doy ekuvdik, shu ikki quloq, uch quloqqina bo‘p chiquvdi. Haligi qush shuni ildizginasiminam shundoq cho‘qib, yo‘q qilib ketyapti. Bunaqa qushdi, men odam bo‘lib ko‘rmagan edim. Xudoni yuborgan balosimi, bilmadim, dalani ship-shiydon qilib ketyapti-e. Endi sendan iltimos, uka, shuni otib berasan. Sendan boshqa merganimiz yo‘q, bilasan.
— Bo‘pti, — dedi Mustafo osongina qutulganiga quvonib, — bir qushakan-ku, o‘zi bittami? Bugun nest qilamiz, aka.
— Rahmat-e, shuni yo‘qotib ber, o‘zi bitta-yu naq yuho-da. Yana uch kun tursa bir kiloyam bug‘doy ololmayman. Baraka top, uka, baraka top, men ketdim.
Mustafo kechga yaqin yelkasiga qo‘shotarini osib, dalaga chiqdi. Kuz bo‘lishiga qaramay, havo iliq. Yalang‘och tutzorlar qurshagan dala qo‘ng‘irtob yashillangan. Bug‘doy avj qilgan joylar yam-yashil. Osmon tiniq, tip-tiniq. U yer-bu yerda palag‘da bulut parchalari yengil suzadi. Oqshomgi yomg‘irdan hosil bo‘lgan ko‘lmaklar suvi oynaday yorug‘. Unda-bunda tikkaygan quruq cho‘plar va siyrakkina tut xazonlarini demasa, tabiat bahoriy libosda tovlanib, kishini sarxush qiladi. O‘ng‘ayroq do‘nglik topib, Mustafo choponini to‘shadi va yonboshlagancha xayolga cho‘mdi. Albatta, kelinchagi haqida...
G‘ijjakning nolishiday hazin tovushdan o‘ziga keldi. Qarasa dalaning qoq o‘rtasida ajabtovur bir qush. Yirik. Oyoqlari, bo‘yni, tumshug‘i uzun, boshi kichkina, butun vujudi oppoq. Bir qushki, qarab ko‘z to‘ymaydi. Biroz tomosha qildi. Keyin fermerning nolishlari esiga tushib, miltig‘ini oldi. To‘g‘rilab mo‘ljal ola boshladi. Qush mutlaqo bexabar, yerga bir-ikki tumshuq urdi. Boshini ko‘tarib u yon-bu yon qaradi. Yana shoshib, yerga egildi, ko‘m-ko‘k barra bug‘doy maysasini yutoqib yuta boshladi. Mustafo tepkini qaytardi. Yaxshilab mo‘ljal oldi. Tepkini paypaslab, endi bosmoqchi edi. Qush boshini ko‘tardi, avval u tomonga, keyin teskari tomonga hayron bo‘lgandek tez bir qarab oldi. So‘ng boshini yuqori ko‘tarib chunonam sayrab yubordiki beixtiyor Mustafoning qo‘li pastga tushdi. Otolmadi. Qushning ovozi biram chiroyli, biram shirali edi-ki, u aslo bunday yoqimli navoni eshitmagandi. Qush uzoq sayramadi. Go‘yo “Otib bo‘psan!” degandek u yon-bu yon mag‘rur qarab qo‘yib, yana o‘z “ishi” bilan mashg‘ul bo‘ldi. Mustafo bir oz kutib, yana mo‘ljal oldi. Qush yana sayradi. Yana qo‘li tepkiga bormadi. Qush yana yutoqib maysa yuta boshladi... Yana mo‘ljal... Yana kuy...
Oxir bor-e, dedi-yu, etak silkib uyiga ketdi. «Bitta qush yegan bilan don kamib qolibdimi? Karim akayam qiziq odam». Mustafo o‘z-o‘zidan jig‘ibiyroni chiqib, so‘kinib uyga qaytdi.
— Otolmadim! — dedi Gulyuzga yolg‘iz qolishgach, — biram chiroyli qush ekanki, asti qo‘yaver. Buning ustiga ovozini aytmaysanmi. Naq g‘ijjak navosiday. Mo‘ljalga oldim. Bir-ki nola qildi, bir-ki nola qildi. Qo‘lim bormadi.
— To‘g‘ri qilibsiz, — erini gapini ma’qulladi Gulyuz. — O‘zi nega sizga aytishadi? Ularning donini yesa, o‘zlari otishavermaydimi? Sizga nima?
Ertasiga fermer yana keldi. Mustafoning gapini eshitib hayron bo‘ldi. «Bu yurakminam chegarada qanday xizmat qilding», deb hazillashgan bo‘ldi. Yalindi-yolvordi. Bechora qushni rosa yomonladi. Oxiri ko‘ndirdi. Kechga yaqin, Mustafo borib bir o‘q bilan qushni otib keldi. Kayfiyati yomon buzildi. Kechki ovqatniyam yemadi. Kirib miltig‘ini devorga ildiyu joyiga cho‘zildi. Gulyuz keldi. U yoqdan-bu yoqdan gapirib, kuldirib, nozlanib ko‘nglini yozdi. «Sizni botir mergan deyishuvdi-ku? Birgina qushga shunchami?» deb hazillashdi. Ikkovlashib shiringina kulishdi. Ertalab, Mustafo tuman bozoriga otlandi. «Gulyuz yur, seniyam olib boray, aylanib kelasan», dedi. U ham bormoqchi bo‘ldi. Biroq aksiga olib, bugun havo sovuqroq ekan. Bormay qo‘ya qoldi. Mustafo bozorga ketdi.
...Kechki avtobusdan uylari oldiga tushgan Mustafo hayron qoldi. Darvozalari oldida g‘ij-g‘ij odam. Ichkarida yig‘i-sig‘i, dod-faryod. ”Buvimmikan?“ ko‘nglidan o‘tgan birinchi fikr shu bo‘ldi. Odamlarni yorib o‘tib, ichkari kirdi. Qaynonasi faryod solib kelib, bo‘ynidan quchdi.
— Bolam! Guliynan ayrilib qoldik!
Xona o‘rtasida qonga belanib bir murda yotardi. Ustiga yopilgan choyshab qip-qizil qon yuqi.
— Vidolash bolam, baxtingminam, — deb qaynona buvisi choyshab chetini ko‘tardi.
Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, uning Gulyuzi!.. Yuzining bir cheti majaqlangan. Qip-qizil qon. Ikkinchi tomoni esa, oppoq. Sovuq va ifodasiz. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, quloqlari shang‘illay boshladi. So‘ng hamma narsa ayqash-uyqash bo‘lib qorishdi va chirpirak bo‘lib aylana boshladi. Yuragi «shuv» etib, hech narsani eshitmay, ko‘rmay, his qilmay qoldi.
O‘ziga kelganda boshida onasi yolg‘iz yig‘lab o‘tirar. Odamlar tarqalishgan, o‘zlari qolishgandi. Narigi xonada ayollarning hiqqillagani, erkaklarning bosiq taskin beruvchi ovozlari g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir quloqqa chalinardi.
— Gulyuzga nima bo‘ldi? — uning birinchi gapi shu bo‘ldi. Onasi bolamlab-bo‘tamlab, avval unga taskin berib, so‘ng bo‘lgan voqeani bayon qildi.
Mustafo bozorga ketgach, qaynisi Sattor opasini ko‘rgani keladi. Opasi bilan gaplashib o‘tirib, devordagi miltiqqa ko‘zi tushib qoladi. Bolalarcha qiziqqonlik bilan qo‘liga olib, opasiga to‘g‘rilaydi va hazillashib «Seni otaman» — deydi. Opasi «Qo‘y, o‘qtalma, qurol qonsiraydi», desa ham ko‘nmaydi. Tepkini qayirib «chiq» etkazib, qo‘rqitmoqchi bo‘ladi. Biroq... miltiq o‘qlangandi. Mustafo undagi ikkinchi o‘qni chiqarib qo‘yishni unutgan edi... O‘q dunyodan bexabar quvnoq Gulyuzning o‘ng chakkasiga tegadi... Oqqushning ham o‘ng chekkasiga tekkandi. Oqqush ham hech narsadan bexabar, sho‘x boqib turgan edi dunyoga...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.