OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otabek Yo’ldoshev. Bir piyola choy ustida (hajviya)

Darsdan qaytsam, xonadoshim Sherali:
-Ertaga jahon chempionati boshlanadi. Nima qilamiz?-deb qoldi.
Biz taqdir taqazosi bilan Sherali ikkimiz institutimizning yotoqxonasida birga turamiz. Juda sergap bo’lsa ham yaxshi bola. Ko’cha tili bilan aytganda, “boqsa odam bo’ladi”. Ikkita futbolning ashaddiy ishqibozi bitta xonada yashasa, ularning suhbati ham albatta futbol haqida bo’ladi. Ba’zida baxslashib, ba’zida garovlashib, hatto arazlashib yuramiz. O’zining aytishicha, qishlog’ida futbol maydonida unga teng keladigani yo’q emish. Men esa uning beso’naqay va qo’pol gavdasiga qarab kulib qo’yaman. Jahon chempionati boshlanishini ikki oydan buyon kutib yurgandimu, buyog’ini o’ylamagan ekanman. Axir xonamizda televizor yo’qku. Ex, shunday o’yinlarni ko’rish nasib etmagan shekilli. Kechqurun tinib-tinchimas Sherali yangilik bilan keldi:
-Ko’chaning narigi tomonidagi kafeda katta televizor o’rnatib, futbolniyam ko’rsatisharkan!
-Lekin buning uchun kafeda nimadir buyurtma berish kerak-da, - dedim men xafsalam pir bo’lib.-Menda bo’lsa pul yo’q. 
-Qo’yaver, og’ayni, buyog’iniyam o’ylab qo’ydim, -dedi u bir ko’zini qisib. 
Shunday qilib, ikkimiz ham o’yin boshlanishini kutib, asta tashqariga chiqdik. Sezib turibman, Sheralining ham puli yo’q, hisobi. Lekin nimaga ishonib kafega boshlayapti xayronman. 
Kafe eshigi oldida turgan ofitsiant bizni yengil tabassum bilan kutib oldi va ichkariga taklif qildi. Men Sheralining orqasidan ergashdim. Biz joyimizni egallagach Sherali ofitsiantga qarab:
-Bir o’rtog’imiz ham kelishi kerak edi. O’sha kelgandan keyin buyurtma beramiz,- dedi.
Kafega odam sig’maydi. Ko’pchilik bugungi o’yinni ko’rish uchun mana shu shinamgina kafeni tanlagan. Ofitsiantlar qo’li-qo’liga tegmay, uyoqdan buyoqqa yugurib pivoxo’rlarga peshma-pesh pivo yetkazib turibdi. Kafening qoq o’rtasiga katta televizor o’rnatilgan bo’lib, odatdagiday reklama bo’lyapti. “Bunday shovqin-suronda futbol ko’rib bo’larmikan”, debo’ylanib turgandim. Yo’q, futbol boshlanishi bilan xo’randalaru pivoxo’rlar jim bo’lishdi. Konditsionerni yoqishdi, shekilli, salqin shabadadan yayrab ketdim. Sherali ham goh tirjayib, goh qoshlarini chimirib televizorga ko’zini tikkan. Men bo’lsam Sheralining uddaburonligidan hayratlanib o’tiribman. Birinchi taym tugar-tugamas boyagi ofitsiant yana bizni yo’qlab keldi:
-Akalar, nima bo’ldi? Buyurtma berasizlarmi?
Sherali menga qaradi. Men esa yelkamni qisdim.
-Ha, mayli, bizga hozircha bir choynak achchiq ko’k choy olib keling. Og’aynimiz negadir kechikyapti, -dedi Sherali sir boy bermay. 
Zum o’tmay choynakda choy keltirib berishdi. 
-Qani olsinlar, mexmon,- dedi Sherali piyolada choy uzatarkan.
-Menga qara, sen ko’pam aljirama. Puling yo’qligini bilaman,-dedim Sherali tomonga engashib.
-Har holda bir choynak choyga yetadigan pulim bor,- dedi u ayyorona iljayib.
-Hozir shuncha odamning orasida sharmandamizni chiqarishadi. Undan ko’ra tur o’rningdan. Ketdik, -dedim yana zardam qaynab. 
-Qayoqqa? Axir ikkinchi taym bo’ladi-ku.
Baribir futbolga qiziqishim ustun kelib, o’rnimdan qo’zg’almadim. Shunday qilib, ikkinchi taym ham boshlandi. Ofitsiant bo’lsa har daqiqa oldimizda paydo bo’laverdi. Oxiri Sheralining ham toqati toq bo’ldi, shekilli:
-Namuncha kley bo’lib qoldingiz. Birpasgina sabr qiling. O’rtog’imning mashinasi buzlib qolibdi. Hozir keladi,-dedi ovozini balandlatib.
-Aka, meniyam tushuning, mijoz ko’p. Lekin joy yetishmayapti. Sizlar bo’lsa ikki soatdan beri bir choynakkina choy zakaz qildingiz, xolos, -dedi ofitsiant.
-Birpasgina kuting, -dedim men ham gapga aralashib.
Oxiri ofitsiant bizdan bezib ketganday oldimizga kelmay qo’ydi. Xo’randalar bir-birlariga parvo ham qilishmaydi. Hammaning ko’zi televizordagi futbolga qaratilgan. O’yin ham oxirlab qoldi. Kimdir sevimli jamoasiga qarsak chalib qo’ysa, kimdir chuqur uf tortadi. Yana kimlardir asablarini joyiga keltirish uchun sigaret tutatgan. Bir maxal Sherali meni turtkiladi:
-Ana endi ketsak bo’ladi, dedi u mamnun jilmayib.
Barcha xo’randayu pivoxo’rlar futbol ko’rish uchungina kelishganga o’xshaydi. Futbol tugagach, deyarli hamma o’rnidan qo’zg’aldi. Ko’chaga chiqqach asta Sheraliga gap qotdim:
- Ofitsiant baqirmadimi, ishqilib?
- Orqamdan vovullab qoldi,- dedi u va ovozi boricha kulib yubordi.
- Endi ertangi o’yinni qayerda ko’ramiz?-dedim men bo’shashib.-Eng yaxshi o’yin ertaga bo’ladi-da. Har holda endi bu kafeda ko’rolmasligimiz aniq.
- Tashvishlanma, og’ayni. Boshqa kafe ko’pku. Yana bir choynak choy mening hisobimdan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.