OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otabek Yo’ldoshev. O’zimizning “Maxaradze” (hajviya)

Qishloqdagilar Turdiqul cholni “Maxaradze” deyishardi. Yosh o’smirlarku Maxaradze kim ekanligini unchalik farqlay olishmaydi. Lekin cholning kamsonli tengdoshlari uni juda yaxshi bilishadi. Chol bilan suhbatlashgan odam xoxlasa-xoxlamasa uning uzundan-uzun futbolga oid suhbatiga “sho’ng’ish”ga majbur bo’lardi. Qishloqning bir chetidagi kamtaringina xovlida yolg’iz yashaydigan Turdiqul chol yoshligida jismonan baquvvat bo’lgan ekan. Kampiri Turdiqul cholni bu dunyoda erta tashlab ketgan edi. Yoshi bir joyga borib qolgan oqsoqollarning aytishlaricha, tabiatan hazilkashroq futbolga o’ch chol kampiri olamdan o’tgan kuni shahardagi o’yingohda futbol tomosha qilib o’tirgan ekan. Qitmir ishqibozlar choldan:
- Bobo, yolg’iz kelibsiz. Qarang-a butun stadionda eng yoshi ulug’i siz ekansiz. Lekin eng yolg’izi ham sizsiz. Birorta hamroxingiz yo’qmidi?-deyishibdi. Shunda “Maxaradze”  pinagini buzmay:
- Kim bilan kelishim kerak?-debdi savolga savol bilan.
- Masalan… kampiringiz bilan.
- Kampirim o’lib qoldi, debdi chol jiddiy.
- Haa… unda do’stlaringiz bordir birga kelgani? Yoki ular futbolga qiziqishmaydimi?
- Qiziqishga qiziqadiya, lekin ular hozir kampirimning azasida o’tirishibdi, debdi chol. 
Albatta, oqsoqollarning bu ta’rifi haqiqat chegarasidan biroz uzoqda. Ammo cholning futbolga mukkasidan ketgancha qiziqishi bor gap.
Bir kuni cholni uyi oldidagi daraxt tagida Mamat oqsoqol bilan quyuq suhbati ustidan chiqib qoldim. Chol odatdagiday futbol haqida gapirardi:
- Eee, Mamatvoy, kecha turklarning o’yinini ko’rmabsan-dunyoga kelmabsan. Braziliyani yanchib tashlashiga ozgina qoldiya,- dedi va timirskilanib nosqovog’ini oldi. – Baribiram qoyil qoldim-ey. Zo’r-bazo’r yutib oldi brazil qurg’urlar. 
- Ha, nabiramdan eshitdim, dedi Mamat oqsoqol beparvo oxangda. Uning bu gapi cholni yanada ilxomlantirib yubordi:
- Shu turklarda Xasan Shosh degani bor ekan. O’ylanib qoldim. Shu bolani urug’i Toshkentdanmasmikin-a?-dedi Turdiqul chol tilla topib olgan gadoyday ko’zi chaqnab.
Cholning gapidan yuzimga tabassum yugurdi. 
- Sen kulma, bolam. Yo gapim noto’g’rimi? Men sendaqa o’qimishli bo’lmasamam harqalay savodsiz omilardanmasman. Toshkentni eski nomi Shosh ekanligini dilbizorda eshitganman. Sen shu bola haqida haligi boru… -dedi peshonasini tirishtirib. – Insititutda yozadiku… Nimaydiya oting qurg’ur… 
- Bitiruv ishimi?-dedim “Maxaradze” boboning nima demoqchiligini anglaganday bo’lib.
- Haa, bitiruv ishimi? O’shanaqa yizgin. Mana meni aytdi dersan shu bolaning ota-bobosi toshkentlik bo’lib chiqadi.
Cholning aytganiday dissertatsiya yozishga so’z berib, xayrlashdim. Ketarkanman orqavarotdan ikki cholning xazilomuz gaplari elas-elas quloqqa chalindi:
- Shu Ronaldo bilan Ronaldino degani aka-uka ekan deb eshitdim. Qaysi biri akasiyu qaysinisi ukasi ekanligiga hech aqlim yetmadi-da. Dilbizordayam aytishmaydi.
- Buni dilbizorda aytamasyam bilib olsa bo’ladi. Ronaldoning sochi to’kilib ketganku. Demak, uning yoshi katta.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.