OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oybek. Bola Alisher (qissa)

Kaftiga quyosh qo‘ndirilganday charaqlagan, keng chorxari mehmonxonada yangi yavmud gilam ustida tig‘iz davra qurgan qo‘noqlar, yaqin do‘stlar samimiy suxanvarlik ila suhbat qilurlar. Katta kashmiriy shol dasturxon uzra pista-bodom, mag‘iz, asal, xilma-xil holvalar to‘kilgan. Mehmonlar oshab ichish ila turli qiziq voqealardan gaplashurlar; majlisda xush suhbat bir dam uzilmas edi. G’iyosiddin Kichkina — kamtar, muloyim fe’lli, ko‘zlari aqlli, kalta soqoli o‘ziga yarashgan, jussasi kichik kishi. Ko‘pchilik uni G’iyosiddiy Kichkina der, ammo yaqin do‘stlari ko‘pincha Kichik bahodir der edilar.

Xuroson o‘lkasida moliya ishlarida muhim mansabni egallagan, Sabzavor hokimi ham bo‘lgan G’iyosiddin Kichkina yuksak mavqeli beklardan edi. O’lkaning turli viloyatlarida yura-yura, nihoyat, osmoni go‘zal moviy nurga cho‘mgan, o‘zining sevimli shahri Hirotdagi hovlisida istiqomat qilur edi. Hovli ham Hirotning shimoli sharqida, serdaraxt, xush bir manzilga qurilgan edi.

Sharaqlab qaynab turgan, qornida quyosh jilvasi o‘ynagan katta mis qumg‘onni ko‘tarib kirgan mulozim choynakka xo‘shbo‘y choyni damlagach, tavoze ila xo‘jasiga uzatdi-da, yengil yurib chiqib ketdi. G’iyosiddin Kichkina piyoz po‘sti kabi yupqa nafis Xitoy piyolalariga choy suzib, do‘stlariga bir-bir uzatar edi.

Majlis ahlidan biri, yetmishlardan oshib, saksonlarga borgan qariya, barloslardan edi. Qosh-qovog‘i osilgan bu kishi dastavval odati bo‘yicha bir yo‘talib olgach, so‘zlarini qo‘rg‘oshin salmoqligi ila donalab gapira boshladi. Yoshligida Temurning jasur jangchilaridan, sevimli mard yigitlaridan bo‘lgan qari barlosning yuzidagi qayg‘u ko‘lkasini shu tobda do‘stlari ochiq ko‘rar, chuqur his qilar edilar.

— Turkistonning, Xuroson mamlakatining ahvoliga bir nazar tashlangiz... Bilmadim, oqibati ne bo‘lur?! Hazrat Temur yaratgan davlat chil-chil buzildi. Temurdan so‘ng xiyla vaqt shahzodalarning‘ boshi jangdan chiqmadi, har biri hamisha muttasil, o‘z nafsini o‘ylaydi, Sulaymon taxtini yolg‘iz o‘ziga ravo ko‘radi. Ha, shunday shahzodalarning ona suti hanuz og‘zida bo‘lgan eng kichigi ham, otning oldingi oyog‘i o‘zim bo‘laman, deydi. Muddaolari shu barchasining. Hech bir aqli komil sohibning ishi emas bu. Davlatning ildizi bir bo‘lmasa, xalq jabr dengiziga botib ketgusi muhaqqaq. Qarshimizdagi foje ahvol shuldir. Bu yanglig‘ andishalar kaminaning ko‘ngliga kundan-kun anduh to‘ldirib borur. Butun jahonni titratgan xoqon Temurning tan-tanasini ko‘rgan biz kabi qariyalarning bunday falokatga zarra qadar bardosh bermog‘i mutlaqo qiyindir. Buningdek dahshatli falokatni daf etmoq tadbirini axtarish — barchamizning burchimiz.

Quyuq tuman kabi o‘rtaga cho‘kkan sukunat bir necha daqiqa davom etdi. Keksa barlosning aytganlaridan ta’sirlanib chuqur xayolda o‘tirgan ma’murlardan biri sovib qolayozgan choyni tez-tez ho‘pladi-da, piyolani dasturxonga qo‘ydi. Belida xanjar, boshida suvsar telpak, gavdasi miqti ma’mur siyrak soqolini bir silab olgach, quyuq qoshlarini ko‘tarib, teran joylashgan kichik ko‘zlarini keksa barlosga tikdi:

— Ayttanlaringiz ma’qul, taqsir, ulug‘ xoqonimiz Temur oftob kabi olamda yolg‘iz edilar, jahonni ko‘p qamragan edilar. Hazrat Shohruh Xurosonda jang bo‘roni, qon daryosi oqizib ham bir nav tartib joriy etolmadilar. Temur davlatining etak-etaklari kesildi-da, qo‘lda qolgani qoldi. Endi hazrat Shohruh keksaydilar. Shahzodalararo tag‘in nizolar, jang-qirg‘inlar alangalanib ketmagay, deb gumon qilurmiz. Lekin amin bo‘lsinlarki, Samarqand taxtida o‘ltirmish Ulug‘bek hazrat bobosiga munosib ilm-ma’rifat mash’alini baland ko‘tarmish olim xoqondir. Ortiqcha ishtibohlar ila behuda iztirob chekmagaysizlar.

Gap Ulug‘bek ustiga ko‘chganidan sevinib keggan Mirsaid sabrsizlik bilan so‘z kutardi. Ma’mur gapiga nuqta qo‘yishi bilan Mirsaid darhol so‘zini ilib oldi. Ajoyib rangdor uslub egasi, turkiy she’rlar ila mashhur Qobuliy taxallusli, ellik yoshlardagi bu shoir Alisherning tog‘asi edi. Oppoq chaqnagan takyasini boshida bir aylantirib olgach, kulimsirab, dedi:

— Janoblar, Ulug‘bek hazratlari jahonda ilmning eng ulkan koni deya ming daf’a faxrlansak hamki ozdir. Rasadxonasi bu olamda yakka, misli yo‘q. Men Samarqand safarimda rasadxonani ko‘rgach, aql-hushimni yo‘qotdim.

 Saqlab olish

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.