Men roppa-rosa o‘n yil qimmatbaho toshlarning tabiiy xususiyatlarini o‘rganish bilan shug‘ullandim. Ularni tadqiq etishda ishlatiladigan, hozirgi paytda Ittifoqning zargarlik sanoatida keng qo‘llanilayotgan bir qancha asboblarning muallifi ham bo‘ldim. Tadqiqotlar mobaynida qimmatbaho toshlarning juda ajib xossalari mavjudligiga, katta axborot manbai ekanligiga ishondim. Ularning qalbni qitiqlovchi ohanrabo nurlari, turli jilvalarida nafaqat she’riyat, nafaqat sevgi va muhabbat, balki hayotning, shafqatsiz, hiylakor hayotning dramatik nasri, bo‘yalmagan tarixi ham mujassamligiga imonim komil bo‘ldi.
Biroq, afsuski, qimmatbaho toshlar, ayniqsa noyob tarixiy toshlar siz bilan biz kabi so‘zlashib, o‘z qalb nolalarini izhor eta olmaydilar. Ularni gapirtirishning faqat birgina usuli bor: hujjatlar, qo‘lyozmalar va kitoblar. Ana shulargina toshlarni tilga kiritadilar, sizni ajib dunyoga boshlaydilar.
Qimmatbaho toshlarga bag‘ishlangan bir qo‘lyozmada javohirlar sultoni — olmos to‘g‘risida mana bunday deyilgan ekan:
«...inson olmosni chap tomonida olib yurishi lozim, toki u yurakka quvvat va darmon bersin. Olmos er kishiga matonat va mardlik baxsh etib, uning jismoniy qudratini asraydi. Agar u haq ish uchun kurashayotgan bo‘lsa, dushmanni yengishga yordam beradi. Olmos aqlni ham peshlaydi, g‘amu kulfatni nari suradi va insu jinslarni haydaydi. Kimda-kim olmos egasini baloga giriftor qilmoq istab sehr-jodu ishlatsa, barcha ko‘rgiliklar uning o‘z boshiga tushadi. Olmosi bor insonga hech bir yirtqich yaqinlashishga jazm etolmaydi. Bu billur odamni faqat ezgu ishlarga undab, ba’zi kasalliklardan ham forig‘ etadi. Biroq olmosni faqat to‘g‘rilik va oliyjanoblik bilan qo‘lga kiritish joizdir, qalloblik va zo‘ravonlik evaziga egallangan billurning ta’siri yo‘q. Gunohga va noshar’iy ishlarga moyil kishining olmos olib yurishi befoydadir...»
Men G’arbda «Buyuk Amir Temur yoquti» deb atalgan g‘oyat noyob javohir tarixini tilga olmoqchiman. Sharqda esa u «Chirog‘i olam» nomi bilan shuhrat qozongan. Afsuski, xalqimiz bu ajib toshning mavjudligini, u tariximizning bir bo‘lagi ekanligini bilmaydi.
* * *
«Chirog‘i olam» butun dunyo tarixidagi eng noyob yoqut hisoblanadi. Hajm va og‘irlik bo‘yicha uning yarmisichalik ham keladigan yoqut shu vaqtgacha topilmagan. Uning vazni 361 karat (1 karat - 0,2 gramm). Undan ajoyib taqinchoq yasalgan. «Chirog‘i olam» o‘zidan kichik uchta yoqut, bir qancha yirik dur va zumradlar qadab yasalgan san’at asarining markaziy qismidir.
Bobomiz Amir Temur Sohibqiron, o‘zlarining gaplari bo‘yicha, «butun dunyodagi razil jinoyatkorlarning yostig‘ini quritish niyati bilan» umr kechirar ekanlar, 1398 yili Dehli shahrini o‘z tasarruflariga olgan paytlarida bu javohir u kishiga tuhfa etilgan.
* * *
Janubiy o‘lkalarda ko‘p noqis ishlar bo‘layotganmish. O’g‘li Pir Muhammaddan noma keldi. U o‘zi idora qilayotgan yerlarni kengaytirishga urinib, Sind diyorining katta shaharlaridan biri Multonni ishg‘ol qilibdi. Bu joylarda mo‘min-musulmonlar kam-u, otashparast va kofirlar mo‘l emish. Ular mo‘minlarga ola qararmishlar. Albatta, undaylar o‘z jazosini olishi, haq yo‘lga kirishi darkor. Amir dini islom yo‘lida ko‘p zahmatlar chekdi, qiyinchiliklarga ko‘ndi. Harakatsiz, rohat-farog‘atda yashash unga yot. U haqiqat uchun, Muhammadning qutlug‘ bayrog‘ini yuqoriroq ko‘tarish uchun qo‘shin surishdan charchamaydi.
1398 yil buyuk Amir safarga otlandi.
Amirga Hind o‘lkasidan ham xabarlar keldi. Dehli sultoni Feruzshoh mangulik dunyosiga ketgandan so‘ng ro‘y berayotgan hodisalar ham Sohibqironning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Hindistondagi ko‘p shaharlar va viloyatlardagi butparast, otashparast kofirlar musulmonlarni chiqishtirmay qo‘yibdilar, ezib, yancha boshlabdilar.
Amir Temur qo‘shini Dehliga yaqinlashar ekan, yo‘l-yo‘lakay barcha yerlarda haqqoniy tartiblar o‘rnatilib, yomonlar jazolanib bordi. Nihoyat, 1398 yil 11 dekabrda Sohibqiron Dehli ostonalariga yetib keldi. Bu yerda katta jang bo‘lishi kerak edi. Buyuk Amir 13 dekabrda shahzodalarni, amirlar, sarkardalar, saroy a’yonlari va o‘n ming kishilik xos navkarlarni Feruzshoh maqbarasi oldiga yig‘ib majlis qurdi.
Sohibqiron, dushman bilan qay taxlitda va qay usulda jang olib borish, uni qanday qilib esankiratish hamda qay yo‘l bilan jang girdobidan chiqish lozimligini tushuntirdi. Har bir kishining jang paytidagi vazifasini, kim markazda, kim chap va o‘ng qanotda yurishini belgiladi. Dushman hujumini qay usulda daf etishni anglatdi.
— Dini islom yo‘lidagi kurashlarda, tilyog‘lama, badbin kishilarni jazolash janglarida o‘z hayotini qurbon etishni bo‘yinga olish — buyuk qonun va qoidadir! — dedi Amir majlis so‘ngida.
Odamlar tarqalgach, Sohibqiron munajjimlardan yulduzlarning ne alomat ko‘rsatishayotganini so‘radi. Ular aniq bir fikr izhor qila olmadilar. Ertasi bomdod namozidan so‘ng, Buyuk Amir tangrining mehribonligiga ishonib, Qur’onni ochdi va fol ko‘rdi. Unda ushbu sura namoyon bo‘ldi: «Haqiqatdan ham bu — Yerdagi hayot nimaga o‘xshaydi? U osmondan yog‘adigan, o‘simliklar shimadigan, odam va hayvonlar ichadigan suvning o‘zi. Yer yuzi chiroyli yashil liboslar kiyganda, ular (odamlar) bu ishni o‘zlariniki deb xayol qiladilar, holbuki, bu narsa bir kunda bizning amrimiz bilan ro‘y bergan va oldin bunday emas edi». Bu sura raqiblarning yanglish fikrlari va xatolariga, hind qo‘shinlari sarkardasi bo‘lmish Malluxon o‘y-niyatlariga ishora edi. Buyuk Amir yana bir bor fol ko‘rib, «Nahl» («Asalari») surasidagi ushbu so‘zlarni ochdi: «Olloh bundoq bir misol keltirur: hech narsaga kuchi yetmaydigan egalik qul bilan Biz O’z tarafimizdan chiroyli mo‘l rizq berib, o‘sha rizqdan yashirin yo oshkora infoq-ehson qilayotgan bir kishi barobar bo‘lurmu? Hamdu sano Allohnikidur. Lekin ularning ko‘plari buni bilmaydilar». Sohibqiron bu ikki surani tahlil qilib, o‘zining baxt yulduzi yarqirayotganini his etdi.
1398 yil 17 dekabr kuni ul zot otga mindi va qo‘shinni safladi. Asosiy otliq qo‘shin markazga tizildi. Uning oldida ilg‘or qism — jangni boshlab beruvchilar, orqasida esa qarorgoh bilan zahira askarlar joylashtirildi. Buyuk Amir qanotlarga ham e’tibor berdi. Ikkala tomonga alohida bo‘linmalardan tashkil topgan otliq jangchi qismlarni — kanbullarni safladi. Odatda, markaziy qo‘shin asosiy jangni olib borar, kanbullar esa dushmanning o‘ng va chap qanotini yorib kirishga va aylanib o‘tib orqadan zarba berishga urinardilar. Kanbullar eng botir va tajribali jangchilar edi. O’ng qanotni shahzoda Pir Muhammad, shahzoda Sulaymonshoh va boshqa amirlar, chap qanotni shahzoda Sulton Husayn, shahzoda Xalil Sulton, Jahonshoh va boshqa amirlar, ilg‘or qismni shahzoda Rustam, amir Shayx Nuriddin, amir Shoh Malik, Ollohdod va boshqa amirlar jangga soldilar. Sohibqiron qo‘shin markazida turdi.
Sulton Mahmud Dehlaviy va sarkarda Malluxon o‘n ming otliq, yigirma ming saralangan piyodalarni safladilar. To‘fon paytidagi dengizdek pishqirib turgan 120 ta urush fillarini ham jangga hozirladilar. Har biri tog‘dek keladigan bu fillarning ustidagi taxtiravonlarda kamon otuvchilar joylashtirildi. Fillarning xartumlari bir-birlari bilan bog‘langan, ular orasidan yorib kirish mushkul edi. Hind qo‘shinlarida yana bir qurol bor ediki, Sulton Mahmud Dehlaviy unga katta umid bog‘lagandi. Bu uzoqdan turib ham dushmanni ajal komiga ravona qilaberuvchi «o‘q otar» edi. «O’q otar» Temur qo‘shinini esankiratib qo‘yadi, xayol qildi hind sultoni. Biroq, u yanglishgandi. Sohibqiron bunday qurolni 1379 yildayoq Urganch qamali vaqtida ishlatgan, shu bois qo‘shini undan zarracha ham cho‘chimas edi.
Sohibqiron Baxali tepaligiga qarorgoh qurib, saroy xodimi mavlono Nasriddin Umarga joynamoz solishni buyurdi va ikki rakat namoz o‘qib, Ollohdan jangda madadkor bo‘lishini so‘radi.
Va nihoyat, ikki dengiz junbushga kelib chayqaldi va katta jang boshlandi. Amirning ilg‘or qismi fillar qatoriga hujum qilib, bu harakatlanuvchi tog‘larning orasidan yorib kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ular filbonlarii, kamonchilarni yiqita boshladilar, kallalar chavgon to‘plaridek tuyoqlar orasiga dumalab tushar, qonlar favvoradek otilardi. Hindlar ham qattiq qarshilik ko‘rsatib, matonat bilan jang qilardilar.
Bu kurashni to‘laqonli tasvirlashga til ham, qalam ham ojiz. Botirlik va ayovsizlik, tajriba va g‘o‘rlik, bahodirona hayqiriqlar-u, qilich-nayzalarning jarangi, kesilgan boshlar-u, daryo-daryo qon oqimlari — barchasi ayqash-uyqash bo‘lib ketdi. Fillarning bo‘kirishlari, yaradorlarning oh-dodi chor atrofni tutdi.
Ha, urush ko‘ngli yumshoq, zaif kishilarning ishi emas. Zaiflar, ko‘ngli bo‘shlar, qo‘rqoqlar insoniyatning butun tarixi mobaynida qullikka mahkum bo‘lib kelganlar. Qo‘ydek beozorlik, hiylakor dushmanning so‘zlariga laqqa ishonib yuraberish har qanday xalqni, ayniqsa o‘z tarixini, insoniy izzatini unutib qo‘ygan xalqni boshqalarga qaram qilib qo‘yadi. U paxta ekib, bir parcha chitga zor bo‘ladi, bug‘doy undirib, non yeyolmaydi, oltin kavlab chiqarib, chaqaga zoriqadi.
Dushman qarshiligi bora-bora susaydi. Sulton Mahmud va sarkarda Malluxon bir siqim askarlar bilan qochib qoldilar. Biroq, keyinchalik ular Amir Temur xoki-poyiga bosh urib, qarshilik ko‘rsatganlari uchun kechirim so‘rab keldilar.
Jang tugadi. Dehli taslim bo‘ldi. Shaharga kirish marosimi ertangi kunga belgilandi.
18 dekabr kuni Sohibqiron o‘z a’yonlari bilan Dehlining Maydon darbozasiga yaqinlashdi.
Bu yerda uni tantana bilan shahar saidlari, ulamolari, kazo-kazolari kutib olishdi. Ular Buyuk Amirning xoki-poyiga ko‘zlarini surtib, noyob sovg‘alar topshirdilar. Bundan buyon Dehlida haqiqat, tinchlik, baxt-saodat hukm surishiga ishonch bildirdilar... Sovg‘a-tuhfalar orasida duru-javohirlar ham mo‘l edi. Ularning ichida juda katta, olovdek yonib turgan, qip-qizil, yoqut «Chirog‘i olam» ko‘zni qamashtirardi.
Bu yoqut Sohibqironning Samarqanddagi yigirma besh ming noyob javohirlari qatoridan joy oldi.
«Chirog‘i olam» yuziga buyuk Amir nomi o‘yib yozib qo‘yildi.
Qani o‘sha yigirma besh ming noyob javohir? Qaylarga yo‘qoldi ular? Ha, vaqt deb atalmish to‘fon nafaqat ularni, xalq orasidagi inju javohirdek kishilarni ham ezdi, yanchdi, olib ketdi... Faqat o‘zini panaga olganlar, yovga qulluq qilganlar qoldi.
* * *
Amir Temur o‘z vasiyatida amirzoda Pir Muhammadni Samarqand taxtiga valiahd va qoyim-maqom deb e’lon qildi. Huzurida turgan barcha farzand va a’yonlarga mamlakat va millatning, xalq hamda lashkarning ahvolidan boxabar bo‘lib turishni buyurdi.
Biroq har qanday ezgu tilak va niyatlar hamisha ijobat bo‘lavermas ekan. Temuriyzodalarda oqayotgan buyuklik qoni o‘z ishini qildi. Bir Buyuk ikkinchi Buyukka bo‘ysunishni istamadi. Qarindoshlik, aka-ukalik bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yildi. Natija ma’lum: Buyuk Amir Temur imperiyasi — Qora, Egey va O’rta dengizlardan to Hindistonning sharqiy chegaralari, Mo‘g‘iliston va Xitoyga, Hind okeanidan boshlab Moskvani, Dnepr bo‘ylarini o‘z ichiga olgan hududdagi davlat birligini yo‘qotdi.
«Chirog‘i olam» Samarqand taxtini egallagan amirzoda Shohruh Mirzo qo‘liga o‘tdi. Yoqut yuziga uning ham nomi bitildi.
1409 yilda Shohruh Mirzo o‘z davlati poytaxtini Hirotga ko‘chirdi va Samarqand hukmronligini o‘g‘li, o‘n besh yoshli Mirzo Ulug‘bek Muhammad Tarag‘ayga topshirdi. «Chirog‘i olam» o‘zining munosib egasini topdi.
Balki... Balki, o‘n yoshiga qadar buyuk bobosi bilan jangu jadallarda birga yurgan, Sohibqironning sevikli va dono ayoli Bibixonim qo‘lida tarbiya topgan zot o‘sha mashhur «Chirog‘i olam» bilan bolaligida ham muloqotda bo‘lgandir. Yoqutning yuzidan, vujudidan taralayotgan nur va jilo yana bir buyuk kishi — olim va amir Mirzo Ulug‘bek qalbiga sehrli ta’sir ko‘rsatib, koinot sirlarini o‘rganish istagini solgandir. Balki, Amir Temurning baquvvat vujudi va ruhiy kuchlarining ma’lum qismi toshga joylashgandir, keyinchalik o‘sha kuchlar buyuk nabiraga shiddat va bilim, ishtiyoq va ishonch ato etgandirlar. Kim bilsin...
1449 yil oktyabrning oxirida Mirzo Ulug‘bek o‘ziga hamroh qilib berilgan Hoji Muhammad Xisrov bilan Samarqandni tark etdi. U hajga otlangan edi. Kuni-kecha qudratli hukmdor va buyuk olim bo‘lib davr surayotgan zotni bir nechagina navkar kuzatib borar edi. Shunga qaramay, Mirzo Ulug‘bekning ko‘nglidagi bir mavhum tosh eriyotgandek, undagi g‘ashlik va g‘ubor tarqalayotgandek tuyulardi. Otliqlar birinchi dovondan o‘tib ulgurmagan ham edilarki, orqadan chopar yetib keldi. U mirzoga yangi hukmdor — o‘g‘li Abdulatifning farmoyishini topshirdi. Bunga ko‘ra, Ulug‘bek podshohlarga xos anjomlarga ega bo‘lsin uchun qo‘shni qishloqqa kirib kutib turishi lozim edi. Ulug‘bekning kayfiyati buzildi. Nachora! Bo‘ysunmaslikning iloji yo‘q. Bugun u — mag‘lub.
Ular qo‘nishgan qo‘rg‘on huvillab yotardi. Tevarak-atrof jimjit. Havo sovuq. Etni junjiktiradi. Navkarlar hovliga gulxan yoqib, qozon osishdi. Go‘sht solingan sho‘rva biqirlab qaynay boshladi. Qaniydi tezroq pishsa. Ovqatlanishardi-da, uyquga ketishardi. Sobiq hukmdorning avzoyi buzuq edi. Ko‘nglida yana noxush his paydo bo‘ldi. U tarqalavermas, yuragini kemirardi. Shu vaqtda hovliga Ulug‘bekni hushlamay yuruvchilarning biri — Abbos sherigi bilan kirib keldi va shohga tashlandi. Ikki yil avval Mirzo uning otasini katta gunohlari uchun o‘limga buyurgandi. Ulug‘bekning navkarlari va Hoji Muhammad Xisrov qo‘rqib ketib, uyning burchagiga berkindilar. Hamrohlar o‘z burchlariga sodiq qolib, tajovuzkorlar bilan kurashish o‘rniga jonlarini ayab buyuk zotning kallasi olinishiga ko‘zlarini mo‘ltaytirib qarab tura berdilar... Ular, kamida uch-to‘rt qurollangan kishi bo‘laturib, ikki yollanma qotilga qarshi chiqishga botinmadilar...
* * *
Ha, botinmadilar!
Xalqimizda keyinroq ham botinmaganlar ko‘p bo‘ldi. Hozir ham juda mo‘l. Botinolmaydiganlar, botina oladiganlarni doimo tomosha qilib keldi. Ularni sotib, bola-chaqa boqdi. Botinuvchilar ko‘pincha jazoga mustahiqlar. Ular qullik mehnatini qoyillatib yuzimni yorug‘ qildim, deyishdan ko‘ra shuni afzal ko‘radilar. Qaysi xalqning botinuvchilari ko‘p bo‘lsa, u g‘olib xalqdir!..
* * *
«Buyuk Amir Temur yoquti!» Sen juda ko‘p yillar temuriyzodalarning mulki hisoblanib, Samarqand xazinasining ko‘rki bo‘lib turding. Cho‘g‘dek yuzingga uchinchi yozuv ham tushirildi. Imonim komil, sen bu harflar tizmasidan faxrlangansan. Chunki, Mirzo Ulug‘bek nomi faqat senga emas, falakdagi yulduzlarga ham bitilgan.
* * *
«Chirog‘i olam» yuziga bitilgan keyingi nom Eron va Ozarbayjonda hukmronlik qilgan safaviylar sulolasining vakili — Abbosshohga tegishlidir. Safaviylar turk qavmidan bo‘lib Ordobilda (Hozirgi Eron hududida) yashovchi shayxlardan chiqqanlar. «Buyuk Amir Temur yoquti»ning ular qo‘liga tushishi, menimcha, ushbu holatda ro‘y bergan. Bu vaqtda Movarounnahr yerlarida temuriylar, shayboniylar hukmronligi tugab, ashtarxoniylar siyosat yurita boshlagandilar.
* * *
1599 yilda shayboniyzodalarning oxirgi vakili — Abdulmo‘min halok bo‘ldi. Movarounnahrda yana o‘zaro urushlar avj oldi. Bu hol safaviylar shohi Abbosga qo‘l keldi. U Sabzavor bilan Mashhadni bosib oldi. Keyinroq Hirotga ham hujum qildi. Toshkent tomondan qozoq sultoni Tavakkal qo‘shin tortib keldi. Xonsiz qolgan o‘lka talon-taroj bo‘lish arafasida edi.
Shayboniylar davlatining arboblari Buxoroda istiqomat qilayotgan ashtarxonlik (astraxanlik) Jonibek Sultonni xon qilib ko‘tarishga kelishdilar. U 1583—1598 yillarda hukmronlik qilgan shayboniyzoda Abdullaxonning singlisiga uylangandi, shu bois unga qarindosh hisoblanardi. Lekin Jonibek Sulton taxtdan voz kechdi. Natijada, uning katta o‘g‘li Dinmuhammad xon etib saylanadi. Bu paytda u safaviylar qamal qilib turgan shahar — Obivarda edi. U Buxoroga yetib kela olmadi — halok bo‘ldi. Shundan so‘ng, ikkinchi o‘g‘il Boqiymuhammad xonlikka ko‘tariladi, uchinchi farzand Valimuhammad esa valiahd deb e’lon qilinib, odatga ko‘ra Balxga noib etib jo‘natiladi.
* * *
Valimuhammad chuqur o‘yga cho‘mdi. Falak o‘yini juda ajab ekan. Mana olti yildirki, Movarounnahr toj-taxti o‘ziniki. Mamlakatning butun boyliklari, xazinasi o‘zining azmi ixtiyorida. Sandiq-sandiq oltinlar, sandiq-sandiq duru javohirlar har qanday kimsaning boshini aylantirib qo‘yadi, bularga ega chiqish havasini uyg‘otadi. O’z qarindoshi Imomqulixon shu ko‘yga tushibdi. Barcha amirlarni o‘z tomoniga og‘diribdi. Endi suiqasd qilib, taxtni egallamoqchi. Hozir kuch uning tomonida. Nima qilsa ekan?
Kech bo‘lib qolganiga qaramay, xon xazinachini va shahzodalarni huzuriga chaqirdi...
Vaqt yarim kechadan o‘tar-o‘tmas ular qiyofalarini o‘zgartirib, bir necha sodiq navkarlar bilan shahardan chiqishga ulgurdilar...
Safaviylar davlatininig poytaxti Tabriz ularni iliq chehra bilan kutib oldi. Shoh Abbos Safaviyning muhtasham saroyi Valimuhammadxonning poyi-qadamiga muntazir ekanligini bildirdi. Valimuhammadxon o‘zi bilan olib kelgan qimmatbaho sovg‘alarni shohga topshirdi. Eng noyob javohirni esa alohida tortiq qildi.
Keyin tashrifi sabablarini bayon etdi.
— Oliyhazrat! — dedi Abbosshoh ko‘zlari chaqnab, yuziga tabassum yugurib. — Siz yordamga muhtoj bo‘lib qolgan ekansiz, biz buni darig‘ tutmasmiz. Istagan kuningiz yetarli qo‘shin va sarkardalar azmi ixtiyoringizda bo‘lur.
Bu voqea 1611 yil bo‘lib o‘tdi. «Chirog‘i olam»ga Abbos Safaviyning nomi bitildi.
Valimuhammad boshchiligidagi safaviylar qo‘shinining yaqinlashib kelayotganini ko‘rgan Buxoro sarosimaga tushdi. Imomqulixon darhol qozoqlarga chopar yuborib yordam so‘radi. Ular qo‘shin jo‘natdilar. Jang juda dahshatli bo‘ldi. Bunda safaviy qo‘shinlari yengildilar. Valimuhammadxon asir olinib o‘ldirildi...
* * *
Abbos Safaviy o‘z davlati chegaralarini kengaytirishga, hokimiyatni mustahkamlashga katta ahamiyat bergan hukmdorlardan edi.
Ma’lum vaqt kelib u butun diqqat-e’tiborini muhim savdo yo‘li, boy-badavlat o‘lka markazi hamda harbiy jihatdan ahamiyatga ega bo‘lgan Kandahorga qaratdi. Bu o‘lka o‘sha paytda boburiylarga — Akbarshoh o‘g‘li Jahongirshohga tobe edi.
1612 yili Abbosshohning elchilari boburiylar saroyiga sovg‘a-salomlar bilan kirib keldilar, o‘z niyatlarining chindan ham do‘stona va samimiy ekanligini isbotlash uchun boshqa qimmatbaho tuhfalar qatori «Chirog‘i olam»ni ham in’om etdilar... Bu javohir yana temuriylar qo‘liga o‘tdi. Abbosshohning elchisi Agrada ikki yil yashadi. Atrofni obdan kuzatdi. Saroydagi gap-so‘zlardan, past-balandliklardan xabardor bo‘lib turdi. 1613 yili boburiylar ham javob elchilarini Tabrizga yubordilar. Safaviylar ikki yil o‘tgach, yana o‘z odamlarini Hindistonga jo‘natdilar. Bu bilan cheklanmay, 1617 yili Abbosshoh yana katta sovg‘alar bilan Jahongirshoh huzuriga elchilar jo‘natdi. Ammo Ozar va Eron elining shohi aslo qoniqmadi. Uch yildan so‘ng uning vakillari yana Hindiston safari tadorikini ko‘rdilar. Abbos Safaviy bu yo‘l bilan ikki quyonni urdi, ya’ni o‘zining munosabati samimiy ekanligiga boburiylarni ishontirdi va Hindistondagi ichki vaziyatdan boxabar bo‘lib turdi. Haqiqatan ham, bu paytga kelib Jahongirshoh Kandahor himoyasiga yaxshi e’tibor qilmay qo‘ydi, saroy esa o‘zaro ichki janjallar girdobiga tushib qoldi. Bunday vaziyatdan foydalanmaslik mumkin emas edi. 1622 yil Abbosshoh kutilmaganda Kandahorni qamal qildi va qirq besh kun deganda shaharni egalladi!
Jahongirshoh o‘g‘li Shoh Jahonga katta qo‘shin topshirib Kandahorni qaytarib olishga farmon berdi. Shoh Jahon esa betob yotgan otasini tashlab uzoqqa ketsa, toji-taxtdan ajrab qolishini o‘ylab, bu farmonga bo‘ysunmadi.
* * *
Nuriddin Muhammad Jahongirshoh qattiq iztirobda edi. Abbos Safaviyning makkorligi uni qahr-g‘azabga to‘ldirdi. Nahotki, inson shunchalik darajada tilyog‘lama bo‘lsa?! Axir, u ham musulmon-ku! Dushman baribir dushman. Shohlar buni yaxshi bilishlari lozim. Uning sovg‘a-salomlariga, do‘stona nomalariga uchmaslik kerak edi!
Jahongirshoh huzuriga hech kimni kiritmaslikni buyurib, u yoq-bu yoqqa yura boshladi. U juda odil shoh deb nom chiqargan edi, lekin jahli chiqqanda haddan tashqari qattiqqo‘l bo‘lib ketishi hech gap emasdi — shuning uchun ba’zilar uning g‘azabidan cho‘chinqirab turishardi. Jahongirshoh tabiatni, go‘zallikni sevar, nozik his-tuyg‘ularga boy, jon-dili adabiyot edi, o‘z qo‘li bilan «Tuzuki Jahongiriy» asarini bitardi.
Nihoyat, u ozroq chalg‘ish niyatida qo‘lini qalamga uzatdi. Biroq ichini mushuk timdalayverdi. Qalamni qo‘yib, o‘yga cho‘mdi. Yodiga javohirotlar tushdi. Ha, ularning jilvasi qalbidagi g‘uborni oz bo‘lsa-da tarqatishi mumkin. U noyob toshlarni vaqti-vaqti bilan tomosha qilib zavqlanib turishni kanda qilmasdi. Shu zahotiyoq xazinachini chaqirib, javohirotlarni keltirishni buyurdi.
Mana bu «Ko‘hinur»! Ya’ni, nur tog‘i. Bundan taralayotgan nozik jilva, sehrli ohangni qarang-a! Mana kuch, mana qudrat!.. Go‘zallik hamisha katta kuchdir. G’oyat noyob tosh. Bundagi ajib nurlar har qanday dilg‘uborlikni haydaydi, tanga quvvat, qalbga ishonch baxsh etadi... Bunisi «Chirog‘i olam»! Juda antiqa yoqut! Haqiqatan ham olam chirog‘i! Mana, yuzasiga yozuvlar ham bitilgan: «Buyuk Amir Temur», «Shohruh Mirzo», «Mirzo Ulug‘bek» — barchasi o‘zining bobokalonlari. Iya! Anavi itning nomi nima qilib yuribdi, bu joyda? «Abbos Safaviy»!? Bu qanday mal’unlik?! Ul nomuborak qizilboshning nomi tezda yo‘qotilishi lozim!
Jahongirshoh xizmatga shay bo‘lib turgan mulozimga buyurdi:
— Tezda saroy zargarini chaqir; Zargar zudlik bilan yetib keldi.
— Sen manavi yoqutdagi la’nati qizilboshning nomini o‘chir! Uning o‘rniga otam Akbarshoh va mening ismimni bit. Tezlikda!
Jahongirshoh shunday darg‘azab qiyofada, keskin buyruq berdiki, zargar biron bir ortiqcha so‘z aytishga jazm etmadi. Faqatgina, «Xo‘p bo‘ladi, hazratim!», deya oldi va yoqutni olib ustaxonaga yo‘naldi.
Evoh! Zargar shoh amrini yaxshi anglamay qolgan edi. U «Chirog‘i olam»dagi barcha yozuvlarni o‘chirdi! Barcha yozuvlarni o‘chirdi...
Shunday qilib, buyuk Amir Temur, Shohruh Mirzo va Mirzo Ulug‘beklarning muborak nomlari buyuk yoqutni tark etdilar.
* * *
«Chirog‘i olam»ga keyinchalik ko‘pchilik boburiy shohlarning nomlari bitildi. 1628 yilda Shoh Jahonning ismi Sohibqironi Soniy shaklida yozilgan. 1659 yili Shoh Olamgirning nomi, 1713 yil Muhammad Farrux Sayyorning nomi bitilgan. 1739 yilda esa yoqutni Eron hukmdori Nodirshoh olib ketdi.
* * *
«Bu, Isfahonga 1153 yil Hindistondan olib kelingan yoqut, shohlar shohi Sulton Sohibqironning yigirma besh ming asl javohirlaridan biridir».
Bu yozuv Eron hukmdori Nodirshohga tegishli. Uni 1739 yilda (hijriy 1153 yilda) yoqut yuziga bittirgan. Ana shu bitik keyinchalik javohir taqdirida ma’lum ahamiyat kasb etdi.
Nodirshoh turkiy bo‘lib, afshar urug‘iga mansub. Xurosonlik. Uni yoshlikdan namoyonlashgan noyob sarkardalik iste’dodi, botirligi va ziyrakligi yuksaklarga olib chiqdi. 1726 yilda safaviylar sulolasining eng oxirgi vakili Taxmosibshohga bu ajoyib sarkarda yigit juda yoqib qoldi. Uni o‘z xizmatiga olib, Taxmosibqulixon degan yangi ism berdi. So‘ng mamlakatga tajovuz qilayotgan afg‘on urug‘larining adabini berib qo‘yishni topshirdi. Nodir 1729 yilda Xurosonga kelib o‘rnashib olgan afg‘onlarni jangda yengdi, 1730 yilda Eronga qaytib ketdi. Bunga usmonli turklarning safaviylar yeriga hujum qilgani sababchi edi. Afg‘onlarning abdali urug‘i hokimi Zulfiqorxon fursatdan foydalanib, yana Hirotni egalladi va o‘zini shahar hokimi deb e’lon qildi. Nodir orqaga qaytishga majbur bo‘ldi. U o‘ttiz ming askar bilan yana Hirotga hujum qildi va egalladi. Zulfiqorxon Nodirning kuchini yaxshi bilgani uchun, hokimlikni o‘ziga qarshi fitna tayyorlayotgan Olloyorxonga topshirib, Kandahorga ketishga ulgurdi. Biroq Kandahor hokimi Husaynshohga Olloyorxonning mag‘lubiyati xabari yetib kelgach, u Zulfiqorxondan shubhalanib, uni va ukasi Ahmadxonni zindonga tashlatdi. Ahmadxon akasidan yigirma besh yosh kichik bo‘lib, onasi boshqa edi.
Nodir Hirotni qayta olayotgan bu vaqtda Taxmosib usmonlilar bilan shunday bir sulh tuzdiki, u ko‘pchilikning, shu jumladan Nodirning ham g‘ashini keltirdi. 1732 yilda Nodir Isfahonga keldi va barcha sarkarda-a’yonlarni yig‘ib, qurultoy o‘tkazdi. Qurultoy Taxmosibni taxtdan tushirib, uning sakkiz oylik o‘g‘li Abbosni shoh deb e’lon qildi. Nodir esa Abbosshoh III nomidan ish yuritishni o‘z zimmasiga oldi.
U hukmronlikni juda muvaffaqiyatli boshladi. 1733—1735 yillarda Turkiya bilan zafarli urush olib bordi. Kavkaz, Kaspiy oldi yerlaridan rus askarlarini quvib chiqardi. Eronning barcha tarixiy yerlarini o‘ziga bo‘ysundirdi. 1736 yili Mug‘on cho‘lida Katta Qurultoy chaqirildi. Qurultoyga yig‘ilgan barcha sarkardalar, saroy a’yonlari, din peshvolari buyuk ishlar qilayotgan Nodirdan Eron taxtini rasman egallashni iltimos qildilar. Nodir bunga rozi bo‘lmadi, shart qo‘ydi. (Aksari tarixiy kitoblarda bu juda hayratlanarli shart haqida yozilmagan). Shartning mazmuni shu ediki, barcha shia mazhabidagi oliy va oddiy kishilar sunniylikni qabul etishlari lozim. Faqat ana shundagina Nodir taxtga o‘tirish azobini tortishga rozidir. Hech kim bu shartga qarshi chiqmadi va 8-mart kuni Nodirga toj kiydirildi. Bu voqea Nodirshohning faqat buyuk sarkardagina emas, katta siyosatdon ekanligini ham ko‘rsatadi.
1738 yilda Nodirshoh Kandahorni egalladi va Hind sari yuzlandi.
* * *
Bu davrdagi boburiylar davlatining shohi Muhammad Go‘rxon o‘rnatgan hokimiyat bo‘sh-bayovgina edi. Nodirshoh, hattoki, Muhammadshoh qo‘shinlarining kuchsizligini, landovurligini ko‘rib hayratga tushgan. Saroy a’yonlarining tilyog‘lama, beburdligidan jahli chiqqan. U Muhammadshohga bunday a’yonlardan, xususan, Nizom ul-Mulk va Saodatxondan voz kechish lozim, degan maslahatni ham bergan.
Nodirshoh Dehliga yaqinlashguncha jiddiy qarshilikka uchramadi. U Panjob viloyatini egallagachgina, Nizom ul-Mulk boshchiligidagi Muhammadshoh qo‘shinlari Karnal qal’asida mustahkamlandilar. Nodirshoh bu qo‘shin bilan jangga kirishmadi, ularni aylanib o‘tib, Panipatni oldi va Dehli bilan Karnal o‘rtasidagi aloqani uzdi. Faqat shundan so‘ng, ikki qo‘shin o‘rtasida jang boshlandi. Nodirshohda ellik besh minglik, boburiylarda yetmish besh minglik lashkar bor edi. Jang uch soat davom etdi, bunda, asosan, hindlar «emish» bo‘ldilar, ulardan sakkiz ming kishi halok bo‘ldi. Shundan keyin, tomonlar sulh tuzishga kelishdilar. Boburiylar besh million rupiy tovon to‘lashga, Nodirshoh esa bu pul evaziga o‘z qo‘shinini olib chiqib ketishga rozi bo‘ldilar. Ammo Muhammadshoh saroyidagi g‘alamislik bu sulhni buzdi. Ayni shu kunlarda boburiylar saroyining a’yoni Xon Davron vafot etib, uning o‘rniga Nizom ul-Mulkning katta o‘g‘li o‘tqazildi va Nodirshoh qarorgohida garovga ushlab turilgan boshqa a’yon, asli nishopurlik Saodatxonning bunga g‘ayirligi keldi. U Nodirshoh qabuliga kirishni so‘radi.
* * *
— Hazrat! — dedi Saodatxon tiz cho‘kib, ta’zim qilar ekan. — Siz Hindistondan arzimas o‘lja bilan ketayotirsiz!
— Nahotki? — Nodirshohning qovoqlari uyuldi. — Bu qanday ish bo‘ldi? Meni chalg‘itishmoqchimi? Qani eshitaylik-chi.
— Gapiravering, tortinmang, muhtaram Saodatxon!
Saodatxon iltijoli, mute va ayni paytda ochko‘zlik, alam yaltirayotgan ko‘zlarini Nodirshohga qaratdi.
Hazratim! Siz Dehliga kirmay chakki ish qilayapsiz! Sizga va’da qilingan besh million rupiy ham o‘lja bo‘libdimi? Dehli xazinasidan kam deganda ikki yuz million rupiylik tilla olasiz. Javohirotlar esa olamda yagona. «Ko‘hinur» olmosi, «Chirog‘i olam» yoquti, «Shoh» ismli yaxlit olmoslar juda ajib! Shunday narsalarni indamay tashlab ketaberasizmi?!
Nodirshoh hayrat og‘ushiga cho‘mdi. Nahotki!? Bu mal’un aldamayotirmi? Maqsadi ne? Agar bunikg gapi chin bo‘lsa, shuncha boylikni olmaslik ham ahmoqlikdir.
— Muhtaram Saodatxon! Men chuqur hayratdaman. Nega siz shohingizga xiyonat qilib, meni yana jangga undayotirsiz? Maqsadingiz ne?
— Hazratim! Muhammadshoh butunlay Nizom ul-Mulk izmiga tushib qolgan. Bizdek sodiq, mehnatkash a’yonlarning chekkan zahmatlari inobatga olinmay, obro‘-e’tiborlarimiz toptalayotir. Shu bois, men sizning buyuk, jasoratga to‘liq va bahodirona siymongizni ko‘rib, xizma-ingizga o‘tkali shaylandim. Shoyadkim, ushbu xizmatim tufayli, siz Muhammad Go‘rxonni yanchganingizdan so‘ng, menga loyiq bir mansab bersangiz, sizga itdek sodiq bo‘lib qolar edim. Mening asl Vatanim ham Erondir.
Nodirshoh yana o‘yga cho‘mdi. O’z piriga sodiq bo‘lmagan kimsa, boshqa birovga vafo qilarmidi?
— Muhtaram Saodatxon! Qimmatli ma’lumotingiz uchun katta tashakkur. Biz albatta Dehliga kiramiz, osori-atiqalarni tomosha qilamiz. O’zimizga atalgan tuhfalarni olamiz. Lekin, Muhammadshohni yanchish mening dilimda yo‘qdir. Ul zot shohlar shohi Sulton Sohibqiron avlodidandirlar. Dini islom yo‘lida ulkan xizmatlar qilgan buyuk temuriylar sulolasini tugatishni istamasman. Tarixda bunday nom qoldirish aslo joiz emas... Sizning xizmatingizga minnatdorchilik ramzi sifatida bizning tuhfamizni qabul eting.— Nodirshoh o‘z mulozimlariga o‘girildi:
— Zarbof chopon!
Saodatxon yelkasiga sarupo yopildi. U ta’zim qildi-da, «Qulluq, hazrat!» deya orqasi bilan yurib qarorgohni tark etdi.
* * *
Bir necha kundan so‘ng, Nodirshoh Muhammad Go‘rxonni o‘z qarorgohiga taklif qilib, mehmondorchilik uyushtirdi. Lekin, boburiylar shohining darhol qaytib ketishiga yo‘l qo‘ymay olib qoldi. Qisqa muzokaradan keyin, ikki shohning vakillari hind qo‘shinlariga yaqinlashib, yangi sulh tuzilganligini, hammaning tarqalishi mumkinligini aytishdi. Hindlar uylariga ravona bo‘ldilar. Shundan so‘ng Nodirshoh Muhammad Go‘rxonga ijozat berib, yaqin kunlarda Dehlini ziyorat qilish niyatida ekanligini barchaga aytdi.
1739 yil 20 mart kuni u Dehliga kirib bordi. Uni katta dabdaba bilan kutib oldilar.
Bir necha kun avvalgi muzokarada ikki shohning qanday suhbat qurganlari bizga noma’lum, biroq Dehlidagi uchrashuvda Nodirshoh Muhammad Go‘rxonni Hindiston hukmdori sifatida tan olishini e’lon qildi. Muhammadshoh esa minnatdorchilik bildirib, saroy xazinasidagi oltin-kumushlarni va duru javohirlarni Eron shohiga in’om etdi. 21 mart kuni bomdod namozida Nodirshoh nomi xutbaga qo‘shib o‘qildi.
Nodirshoh oltin, kumush va javohirotlarni qo‘shib hisoblaganda Hindistondan yetti yuz million rupiylik o‘lja olib qaytdi. Boburiylarning g‘arbiy yerlari uning davlatiga qo‘shib olindi.
Shunday qilib, «Ko‘hinur», «Shoh» olmoslari, «Chirog‘i olam» yoquti Isfahonga qarab yo‘l oldi. Shu bilan «Buyuk Amir Temur yoquti» temuriylar qo‘lidan bir umrga ketdi.
* * *
Nodirshoh Hirotda dam olar ekan, yangi bir yurish to‘g‘risidagi o‘y unga tinchlik bermay qo‘ydi. U usmonlilarning adabini berdi — yaqin orada bosh suqishmaydi, o‘rislarni Kaspiy bo‘ylaridan haydadi — u yerlardagi mo‘min-musulmonlar juda minnatdor, Hinddan katta o‘ljv olib qaytdi — o‘zlaridan ko‘rishsin. Afg‘on yurti ham o‘ziniki — odamlari sadoqatli chiqdi. Endi bir Buxoro-yu, Xevaga tashrif buyurib kuchini ko‘rsatib qo‘ysa, davlatining chegaralari ancha kengayardi. Bunga quvvat yetarli. Lashkar jangga shay. Yangi-yangi o‘ljalar ishtiyoqida yonib turibdi. Yaqinda qo‘shilgan afg‘on jangchilari ham katta kuch. Afg‘oniy sarkarda Nurmuhammad Xilzoy ularni yaxshi boshqaradi. Unga yordamchilar ham zarur. O’zi topa qolsin. Ammo, baribir, ularni o‘zi nazardan o‘tkazishi lozim. Ha, aytganday, Ahmadxonni ham unutmaslik kerak.
Nodirshoh Kandahorni egallaganda, sakkiz yildan beri zindonda yotgan Zulfiqorxon va uning ukasi Ahmadxonni ozod qilgan edi. Zulfiqorxonni mana Mozandaronga jo‘natdi. Ukasi esa Nodirshohdan ajralishni istamayotir. U nasl-nasabli, yaxshi tarbiya olgan.
Nodirshoh huzuriga Nurmuhammad Xilzoyni chaqirib, u bilan suhbat qurib bo‘lgach, mulozimlariga buyurdi:
— Ahmadxonni yo‘qlang!
Ahmadxon kirib ta’zim qildi-da, salom berdi.
— Men sizning botir yigit ekanligingizdan xabarim bor,— dedi Nodirshoh.— Shu bois, sizni afg‘on qo‘shini bo‘linmalarining biriga boshliq qilib tayinlashni lozim topdim.
— Qulluq, hazratim! O’la-o‘lgunimcha xizmatingizdadirman. Ishonchingizni sharaf bilan oqlashga intilurman.
Nodirshoh o‘t-olovdek yonib, asov otdek pishqirib turgan, ayni kuch-g‘ayratga to‘lgan bu yigitga qarab jilmaydi.
— Biz yaqinda Buxoro tomon yurish qilamiz. Agar janglarda shijoat va matonat ko‘rsatsangiz, mavqeingiz yanada oshadir.
— Qulluq, hazratim!
Ahmadxon faqat Buxoro yurishida emas, Armanistonni zabt etishda, Dog‘istondan kofirlarni quvish janglarida ham yuksak mahorat va jasurlik ko‘rsatdiki, natijada u Nodirshohning eng ishonchli kishilaridan biriga aylandi. U afg‘onlarning abdali qabilasi jangchilarigagina emas, o‘zbek otliq askarlariga ham qo‘mondonlik qila boshladi.
* * *
1747 yilga kelib Nodirshohning siyosati ba’zi eroniy namoyondalarga xush kelmay qoldi. Buni his qilgan Nodirshoh o‘ziga ko‘proq afg‘onlarni, turkiylarni yaqin ola boshladi. Bu esa eroniylarning yanada g‘ashini keltirdi. Ular Nodirshohni yo‘qotish payiga tushdilar. Bundan xabar topgan shoh ularning ba’zilarini jazolashga qaror qildi. Lekin ulgurmadi. 20-iyunda, qo‘zg‘olon ko‘targan kurdlarni tinchitish vaqtida, Fathobod yaqinidagi tepalikka qarorgoh qurgan Nodirshoh o‘ldirildi (bu tepalik hozir ham Nodirtepa deb ataladi). Bundan xabar topgan qo‘shinning eroniy qismi Nodirshohning doimo o‘zi bilan olib yuruvchi harami va xazinasini talash maqsvdiga tushdilar. Lekin Ahmadxon afg‘on jangchilariga va o‘zbek otliq askarlariga tayanib, pirining haramini tarojdan saqlab qoldi. Eronliklar jasur o‘zbek va afg‘on lashkariga qarshi chiqishga jazm qila olmadilar. Bundan minnatdor bo‘lgan Nodirshohning sevikli xotini Ahmadxonga o‘z hurmatini izhor etib sovg‘alar jo‘natdi. Vo ajab! Bu tuhfalar ichida olamga dong taratgan «Ko‘hinur» va «Chirog‘i olam» bor edi!..
* * *
Men bu ma’lumotdan hayratga tushdim. Mening hayot tajribam, o‘qiganlarim, kuzatishlarim ko‘pincha sadoqat va jasurlik, piriga bo‘lgan hurmat va e’tiqod kabi xususiyatlarning bunday darajada taqdirlanishini ko‘rsatmagandi. Aksariyat, makr-hiyla, xiyonat, zo‘ravonlik g‘alaba qilishini kuzatgandim. Nega bu yerda hayotning achchiq qonuni o‘z kuchini ishlatmvdi? Malika ikki og‘iz minnatdorchilik nomasini yuborib ko‘yaqolsa bo‘lmasmidi? Yoki Ahmadxon biror narsa ta’ma qilarmidi? Menimcha, yo‘q. Mulohaza qilib ko‘rsam, hayotdagi har bir qonunning bajarilishida, xuddi fizika qonunlariga monand, ma’lum bir chegaralar mavjud ekan. Agar, ana shunday chegaraviy shartlar avvaldan kiritilib, unga qat’iy amal qilinsa, kerakli natijani olishing mumkin ekan. Ushbu hodisotda Ahmadxonning ko‘ngli pokligi, sadoqati, e’tiqodi va pirining oliyjanobligi, nasl-nasabliligi aytilgan chegaraviy shartlardir.
Ahmadxon kelgusida yanada buyuk ishlarni amalga oshirdi. Uni haqiqatdan ham pirining ruhi qo‘lladi.
* * *
Nodirshohning o‘limidan so‘ng, Ahmadxon va Nurmuhammvd Xilzoy Eronning ichki ishlvriga aralashishni istamay barcha qo‘shinlari bilvn Kandvhorgv qaytdilvr va mustaqil vfg‘on dvvlvtini tuzishga qaror qildilvr. Oldinda Afg‘oniston podshohini saylash muammosi ko‘ndalang bo‘lib qoldi. Buning uchun barcha afg‘on qabilalvrining svrdorlvri Kvndahorgv yig‘ildilvr.
Jirg‘a o‘n kun mobvynidv bir qvrorga kelolmadi. Svylvnajak podshoh qatnashuvchilarning yarmidan ko‘pini emas, hammani qanoatlantirishi kerak edi. Ko‘pgina yirik qabilalarning boshliqlari, xususan, Nurmuhammad Xilzoy ham o‘z nomzodlarini o‘tkazolmadilar. Shuncha kun mobaynida Ahmadxon o‘z nomzodi haqida churq etib og‘iz ochmadi. Biroq o‘ninchi kun qatnashuvchilarning biri — Kobul hokimi Sobirshoh Ahmadxonni podshoh etib saylashni taklif etdi. «U,— dedi Sobirshoh,— qalbi pok inson, katta harbiy va hayotiy tajribaga ega!» Bu tvklifga hech kim qarshi fikr bildirolmadi. Shunday qilib, yigirma besh yashar Ahmadxon Afg‘oniston podshohi etib saylandi. Bu 1747 yilning oktyabr oyida sodir bo‘ldi.
Ahmadshohning nomi faqat «Chirog‘i olam»ning yoniq yuzidagina emas, Afg‘onistonning, butun O’rta Osiyoning tarixida o‘chmas iz qoldirdi. O’sha davrdan beri Afg‘oniston o‘z mustaqilligini yo‘qotmadi.
Ahmadshoh ajoyib inson bo‘lgani uchun Duri Davron, keyinchalik Durroniy deb ataldi. U afg‘on podshohlarining durroniylar sulolasini vujudga keltirdi. Ahmadshoh Durroniy 1773 yilda vafot etib, o‘zidan so‘ng qirq million aholili, katta xazinali va kuchli qo‘shinga ega bo‘lgan davlatni o‘g‘li Temurshohga qoldirdi.
* * *
Temurshoh Durroniy poytaxtni Kandahordan Kobulga ko‘chirdi. Xazina, shu jumladan «Ko‘hinur» va «Chirog‘i olam» ham u yerga olib ketildi.
1793 yil Temurshoh vafot etdi. Taxtga uning yigirma uch o‘g‘lining beshinchisi Zamon Mirzo o‘tirdi. Shu vaqtdan durroniylar davlatida notinchlik hukm sura boshladi. Panjob viloyati qo‘ldan ketdi. U sikxlarga qaram bo‘lib qoldi. 1799 yil Zamonshoh o‘n to‘qqiz yoshli sikx rojasi Ranjit Singx bilan qo‘shilib Panjobni qayta egallashga urindi, lekin natijaga erisholmadi. Ranjit Singx esa Lohurni zabt etishga muvaffaq bo‘ldi. Zamon Mirzoning hukmdorligi uzoqqa cho‘zilmadi. 1800 yili ukasi Mahmud uni taxtdan qulatib, ko‘zlariga mil torttirdi. Biroq u ham, uch yil o‘tgach, boshqa uka — Shuja ul-Mulk tomonidan ag‘darildi. Shuja ul-Mulkni xalq va saroy ahli xush ko‘rmadi. U kuchli shaxs emasdi. Ziyraklik va hushyorlik kabi xislatlar unga yot edi. Tez orada xazina ham bo‘shab qoldi. Natijada 1813 yili saroy a’yonlari taxtga yana qayta Mahmudni chiqardilar. Shuja ul-Mulk Lohurga, Ranjit Singx panohiga qochishga majbur bo‘ldi. U o‘zi bilan «Chirog‘i olam» va «Ko‘hinur»ni olib ketdi. Vaqti kelib sikx rojasi javohirlardan xabar topdi va boshpana evaziga ularni o‘ziga berishni talab qildi.
* * *
Shuja ul-Mulk rozi bo‘lmadi. Bu javohirlardan ajrash — omad va baxtdan ajrash demakdir.
— Marhamatli roja, afsuski, siz mendan bajarish mumkin bo‘lmagan narsani so‘rayapsiz. Men sizga jonimni berishga tayyorman, lekin «Ko‘hinur» va «Chirog‘i olam»ni berolmayman.
Ranjit Singx g‘azablandi. Bu qanday ko‘rnamaklik! Men uning hayotini asrab qolgan bo‘lsam, boshpana berib shohona turmush kechirishiga barcha imkoniyatlarni yaratsam-u, u mendan javohirlarini qizg‘ansa?! Yo‘q, bu ko‘rnamakdan javohirlarni kuch bilan bo‘lsa-da, tortib olish kerak.
— Oliyzot Shuja ul-Mulk! Biz axir do‘stmiz. Mening uyim — sizning uyingiz. Mening boyligim, qudratim — sizning ham boyligingiz, kuch-quvvatingizdir. Nahotki, siz o‘z do‘stingizdan qandaydir bir javohirlarni ayasangiz?
Shuja ul-Mulk boshini xam qildi.
— Ming bor uzr, marhamatli roja! Bu javohirotlar bobom Ahmadshohdan esdalikdir. Toshlar bobomizga omad va baxt, tanalariga kuch, dillariga bardamlik baxsh etganlar. Ular menga ham shunday tole keltirishiga ishonaman. Javohirlarni yo‘qotish — o‘zligimni yo‘qotishdir. Mayli, istagan boshqa narsalarimni oling, biroq bu ikki toshni aslo hadya etolmayman...
Rojaning toshlarga bo‘lgan havasi yanada ortdi. Demak, «Chirog‘i olam» va «Ko‘hinur» oddiy noyob javohir emas, sehrli xususiyatga ham ega ekan-da! U holda, ularni albatta tortib olish darkor.
— Oliyzot Shuja ul-Mulk! Gaplaringiz dilimni yumshatdi. Ammo, ayting-chi, ularga nazar tashlash ham mumkin emasmi?
— Marhamatli roja! Keling, shu toshlar haqida gaplashmaylik.
Ranjit Singxning g‘azabi qaynadi.
— Oliyzot Shuja ul-Mulk!! Tuzni ichib tuzluqqa tupurmang! Javohirlarni qaerga yashirgansiz?!
— Afsuski, marhamatli roja, bu narsani aytolmayman.
Ranjit Singx mulozimlariga o‘girildi. Uning qoracha yuzi yanada qorayib ketgandi.
— Mana bu ko‘rnamakni zindonga tashlang! Ovqat va suv bermang!
Shuja ul-Mulk bandi qilib olib chiqib ketildi.
Ikki kun o‘tgach, holsizlanib qolgan quvg‘indagi shoh yana roja huzuriga keltirildi.
— Xo‘sh, oliyzot Shuja ul-Mulk, endi aytarsiz javohirlarning qaerdaligini? Ogohlantirib qo‘yay, agar yana o‘jarlik qilsangiz, mulozimlarga buyuraman, sizni o‘lasi qilib kaltaklashadi.
Shuja ul-Mulk kirtayib qolgan nursiz ko‘zlarini unga tikdi. Suvsizlikdan yorilgan lablarini qimtidi.
— Marhamatli roja, mayli kaltaklating...
Roja mulozimlarga imladi. Ular shu zahotiyoq quvg‘in afg‘on shohini olib chiqib rosa kaltaklashdi. So‘ng roja huzuriga sudrab kelishdi. Ranjit Singx Shuja ul-Mulkka yaqinlashdi.
— Nega?— dedi u darg‘azab ohangda.— Nega aytmayotirsiz? Axir o‘lib ketasiz-ku!
Shuja ul-Mulk o‘zi boqiyga rixlat qilsa, roja javohirlarni topa olmasligini bilar edi. Ranjit uni o‘ldirolmaydi. Shuning uchun, ko‘zlarini yumib ochdi. Bu, «mayli, o‘lsam o‘laqolay», degani edi. Roja buni yaxshi angladi. U boshqacha qarorga keldi.
— Oliyzot Shuja ul-Mulk! Endi o‘zingizdan ko‘ring. Sizni o‘ldirtirmayman, lekin jazosiz ham qoldirmayman. Men sizning ko‘zlaringizga mil torttiraman. Shundan keyin ko‘rasiz, o‘sha javohirotlar sizga qanday omad va baxt keltirishini! — Ranjit Singx mulozimlarga o‘girildi.— Jallod! Ayting, buning ko‘zlarini o‘ysin!
Jallod hozir bo‘ldi. Milni ushlab, Shuja ul-Mulk ko‘zlarini o‘ziga qaratdi. Ayni shu damda quvg‘indagi shoh bazo‘r so‘z qotdi:
— To‘xta... Rojani chaqir... Aytaman...
Shu bilan, «Chirog‘i olam» va «Ko‘hinur» sikx rojasi Ranjit Singx qo‘liga o‘tib qoldi. Shuja ul-Mulk esa inglizlar tomonidan zabt etilgan yerlarga — Ludxianaga ketdi. Ular quvg‘indagi shohga boshpana berib, nafaqa tayinladilar.
* * *
Ranjit Singx o‘z yerlarini to 1823 yilgacha kengaytirib bordi. Balki, chindan ham unga javohirotlar omad va qudrat bag‘ishlagandirlar?! Biroq u inglizlar bosib olgan yerlarni tortib ololmadi. U afg‘onlardan Kashmirni, Peshovarni olib qo‘ydi. Uning davlati kengayib, ancha mustahkamlandi.
Ranjit Singx 1839 yili vafot etdi. Uning valiahdi Kxaran Singx ko‘p podshohlik qilolmadi, 1840 yili omonatini topshirdi. Taxtga Ranjit Singxning ikkinchi o‘g‘li Sher Singx o‘tirdi. U 1843 yildagi ichki to‘polonlarda o‘ldirildi. Shundan so‘ng, taxtga Ranjit Singxning eng kichik farzandi olti yoshlik Dalip Singx o‘tqazildi.
Bu davrda inglizlarning Hindistondagi kuchlari oshib bormoqda edi. Ularning bosqinchi qo‘shinlari Panjobni ham istilo qilishga uzoq urinishdi. Va nihoyat, 1849 yilda Lohur egallandi. O’n ikki yoshli roja Dalip Singx bir umrlik nafaqa evaziga taxtdan va xazinadan, shu jumladan javohirotlardan voz kechish «sulh»iga qo‘l qo‘yishga majbur etildi. «Chirog‘i olam» va «Ko‘hinur» inglizlarning mustamlakachi Ost-Ind kompaniyasi qo‘liga o‘tdi.
Bu kompaniyaning mutaxassislari «Chirog‘i olam»ning o‘ta noyob tarixiy tosh ekanligini anglay olmadilar. Ular asosan «Ko‘hinur»ga e’tibor qilib, uni Ingliziston qirolichasi Viktoriyaga tuhfa etdilar. 1851 yilda Londonda barcha talon-taroj qilingan javohirlarning katta ko‘rgazmasi uyushtirildi. U yerga qo‘yilgan «Chirog‘i olam»ga mana bunday izoh berilgandi: «to‘rtta katta shpinel — yoqutdan iborat taqinchoq». Shu bilan «Chirog‘i olam»ning o‘zi ham, nomi ham bir necha o‘n yilliklarga unut bo‘lib ketdi.
Oradan oltmish yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. 1912 yili ingliz javohirshunosi Jeyms Xerbert Smitning diqqatini ulkan yoqutdagi yozuvlar tortdi. Undagi eng yirik bitiklarni arabcha alifbo biluvchilarga o‘qitib ko‘rdi va tarjima qildirdi: «Bu, Isfahonga 1153 yil Hindistondan olib kelingan yoqut, shohlar shohi Sulton Sohibqironning yigirma besh ming asl javohirotlaridan biridir». «Demak, u yoqut buyuk Amir Temurning javohiri ekan!» — xulosa chiqardi javohirshunos va uni shu nom bilan atay boshladi. Nodirshohning bitigi yoqutga yangi nom berilishiga sabab bo‘ldi. Keyinchalik uning dunyoga mashhur «Chirog‘i olam» ekanligi aniqlandi. Baribir, hozir u G’arbda «Buyuk Amir Temur yoquti» deb atalib kelinadi.
* * *
Goho-goho menga uzoqlardan, aniqrog‘i, sertuman Albion deb ataluvchi Britaniya orolidagi qirol oilasi istiqomat qiluvchi Bukinxem saroyidan bir nido kelayotgandek tuyuladi. «Meni buyuk Amir Temur avlodlari yashayotgan serquyosh, nurli o‘lkaga olib keting!— iltimos qiladi u nido.— Men olam chirog‘i bo‘lganim bilan, yorug‘ nurlarni to‘yib emib turmasam, nozik jilolar taratolmayman...» «Afsuski, biz buyuk Amir Temurga munosib avlod emasmiz,— o‘ylayman men.— Bu peshona emas, ko‘rgilikdir. Biz kelgusi avlodlar oldida ham jazoga mustahiqmiz. Bizni kechir, bu ish qo‘limizdan kelmaydi. Senga egalik qilishga, ma’naviy ojizligimiz tufayli, aslo haqqimiz yo‘q... Ammo mening qalbim, bu satrlardan sening mavjudligingni bilgan xalqimning ham qalbi sen bilan birgadir».
Lekin u nido mening o‘ylarimga quloq tutmaydi...
«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 10-son.