Odamzot paydo bo‘libdiki, tinimsiz ixtirolar qilish bilan band.
Ilk insonlar, aytishadiki, g‘orlarda yashashgan. Ular avvaliga, hayvonlarni ovlash uchun so‘yil, kaltak, nayzalarni, keyin go‘sht pishirish uchun olovni ixtiro qilishgan. Shundan so‘ng ish qurollari, kiyim-kechak va boshpana qurishlarni o‘ylab topishgan. Ixtirochilar tinch o‘tirmay va hokazo, va hokazo asbob-uskunalaru, qurilmalarni paydo etaverganlar. Mana, hozirga kelib, atrofga qarang: shunday zamonga keldikki, ularning ko‘pligidan, ko‘chalarni, uylarni to‘ldirib tashlaganliklaridan voy-dod deb, tog‘larga yoki dalalarga qochib ketgingiz keladi.
Sizda qanday hislar hukmron, bilmadimu, men shaxsan shundayman. Ko‘chaga chiqing: mashinalar tirband, tiqilinch. Yangi avlod haydovchilari qonun-qoidalarni pisand qilishmaydi. Asab sistemangizning mustahkamligini tekshirishni sevadiganlar juda mo‘l. Manzilingizga tinchgina yayov borganingiz durustga o‘xshab qoladi gohi-gohida.
Har kimning uyida albatta bir emas, bir qancha yupqami, qalinmi, boshqami, ishqilib, televizorlar bor. Ularni yoqing, ko‘rasiz va eshitasiz: Yer yuzining palon mamlakatida bir tajovuzkor o‘nta odamni otib tashladi, jangarilar jurnalistni namoyishkorona qatl etishdi, piston davlatda fuqarolar urushi davom etmoqda, yosh bolalar va ayollarni ayamay portlatishmoqda va hokazo, va hokazo. Esxonangiz chiqadi. Boshqa kanalni yoqsangiz, ikki yosh koreys qizi va yigiti munosabatlari Layli-yu Majnunni, Farhodu Shirinni mutlaqo esingizdan chiqartirib, yuragingizni ezadi. Yana boshqa programmaga o‘tasiz. Unda bir meksikalik ona o‘z farzandlarini o‘ziniki ekanligini yarim yildan beri isbotlay olmay, ayollarimizga uy yumushlarini qildirmayapti. Bechoraga hamma achinib, uning nodon, erka-tantiq va kaltafahm bolalariga qachon aql kirarkin deb, har kuni kechqurun miq etmay zangori ekran oldida o‘tirishadi. Tabiat kanalida esa yirtqich hayvonlar bechora ohularni yoki antilopalarni quvib o‘ldirayotganlarini va og‘zilari qon holda ularni yeyayotganlari namoyish etiladi. Kontsert kanaliga o‘tsangiz, barchasi deyarli bir xil kliplar ko‘rsatiladi. “Tipratikon, tipratikon – o‘yinga tush dikon-dikon!”, degandek.
Xattoki, eng yangi ajoyib ixtirolarning biri – internet qa’riga kiring. Birinchi o‘rindagi xabarlar albatta zo‘ravonliklar, jinoyatlar, o‘limlar to‘g‘risida bo‘ladi. Ularga istasangiz ham, istamasangiz ham ko‘zingiz tushadi va ongingiz yana salbiy informatsiyaga to‘ladi.
Xuddi shuning uchun men na TV, na internet bo‘lgan tog‘larga yo dalalarga chiqib ketishni orzu qilaman. Lekin, tirikchilik va boshqa vazifalarim bunga yo‘l qo‘ymaydi.
Darvoqe, gapimiz sal boshqa tomonga burilib ketibdi. Uzr so‘rayman. Mavzuimiz ixtirolar haqida edi. Bilasizmi, odamzotning eng muhim kashfiyoti nima? Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Toping-chi?..
Hayolingizga kelgan ilk fikr g‘irt noto‘g‘ri! O‘zim aytaqolay: u – pul! Agar shu, ketayoganda til chiqarib, “Meni o‘zingda olib qol!”, deb qichqirmaydigan oldi-sotdi vositasi bo‘lmaganda, Yer yuzidagi rivojlanish hali feodalizm darajasiga ham yetib bormagan bo‘lardi. Ba’zilar pulni yomonlik deydilar. Aslo unday emas. Halol topilsa, u faqat yaxshilik olib keladi.
Mening bir tanishim, balki og‘aynimdir, balki do‘stimdir, bilmayman, chunki uning qalbiga hali kirib ko‘rmaganman, rosa pul topishga usta. Har kuni bankka tonnalab pul topshiradi. E’tibor qiling, pochkalab, boylamlab emas, tonnalab. Chunki ka-atta do‘koni bor. Zamoniviyroq nomi supermarket! Jarangdor-a?! O‘zbekchaga tarjima qilsa, ulkan bozor! Shuning uchun, topadigan puli ham ulkan-da!
Xullas, bir kuni men uning qabulxonasiga kirdim va so‘radim.
– Do‘stim, senga xizmat ko‘rsatayotgan bankning pul tashuvchi mutassadilari rosa qiynalishayotgandir-a?
– Ha, kunda bir necha bor qatnashadi. Mashina ichida va atrofida qurollangan minisalar hamroh, ularning ham jonlari halak, yo‘lda mashinalar tirband, bankka yetib borgunlaricha xavotirga to‘lalar.
– O‘sha bank boshliqlariga ayt, men bir mashina ixtiro qildim. Pul tashuvchi mashina. Bir kunlik tushgan pulingni, u necha tonnaligidan qat’i nazar, bexavotir manzilga yetkazib bera oladi. Ishlatishsa, faqat baraka topishadi.
Do‘stim, u balki shunchaki tanishdir, yana bilmadim, menga qarab jilmaydi.
– Qachondan beri mashina ixtiro qiladigan bo‘lib qolding?! Hazillashyapsanmi?
– Nega endi? Jiddiy gapiryapman. Istasang, ko‘rsataman.
– Qachon?
– Kechqurun uyimga kel, ko‘rasan.
– Men kech soat o‘ndan keyin bo‘shayman.
– O‘n ikkigacha kelsang, bo‘ldi. Xuddi shu vaqtda uxlashga yotaman.
– Bo‘pti, kelishdik. Faqat, hazillashayotgan bo‘lsang, bir choyxona-palov qarz bo‘lasan!
– Juda soz! Gapim jiddiyligiga amin bo‘lsang, choyxona-palov o‘zingdan!
Kechki payt, soat o‘n yarimda ko‘cha jing‘irog‘i chalindi. Borib eshikni ochdim. Qarasam, do‘stim, balki tanishimdir, yana bilmadim, jilmayib turibdi. Qo‘lida “Kaptiva”sining kalitini o‘ynayapti.
– Xo‘sh, qani o‘sha pul tashuvchi mashina? Ko‘rsatasanmi? Yoki ertaga choyxona- palovmi? – dedi u.
– Ichkariga kir! – da’vat qildim men va hovli burchagi tomon yo‘l tutdim.
U yerda mening ustaxonam joylashgandi. Barcha ixtirolarim ana shu yerda tug‘ilgandi va qurilgandi. Biz ustaxonaga kirdik. Chiroqni yoqdim. Do‘stim, balki tanishimdir, yana bilmadim, ustaxonamga sinchiklab nazar soldi.
– Qani u? – so‘radi u.
– Nima? – dedim men.
– O‘zing aytgan pul tashuvchi mashina-da! Ustaxonangga mashina sig‘maydi-ku!
– Menga qara, do‘stim! – dedim unga. – Mashina deganda sen to‘rt g‘ildirakli, benzinni yonishidan vujudga keladigan kuch yordamida yuradigan qurilmani tushunasan. Men esa, odam tomonidan boshqariladigan, ma’lum bir funtsiyani bajara oladigan mexanizmlar yig‘indisini anglayman. Mana, o‘sha senga aytgan mashinam!
Unga katta stol ustida turgan kattagina, tomonlari bir metrdan chiqadigan ikki temir shkafni ko‘rsatdim. Unga o‘tgan kuni xafsala bilan kul rang bo‘yoq purkagandim, chiroyli bo‘lib, yarqirab turardi.
– Shumi, mashinang?
– Ha!
– Bu qurilmangga mening bir soatlik tushum pulim ham sig‘maydi-yu!? Uning g‘ildiraklari qani? Yoki bular yuk mashinasiga ortiladimi? Agar, shunday bo‘lsa, bu narsangning menga umuman keragi yo‘q!
– Sen – savdogarsan! Chayqovchisan! Sening kallangni faqat pullarning tasviri egallagan! O‘ylaganing – qanday qilib bo‘lsa ham foyda olish. Atrofingda pul bilan bog‘liq bo‘lmagan qancha antiqa voqealar ro‘y beryapti, qiziqmaysan ham. Sen o‘z fikrlash doirangdan tashqariga chiq! Bu qo‘lingdan kelmasa, so‘ra.
U xijolat bo‘lgandek boshini qashidi va so‘z qotdi.
– Xo‘sh, aytchi, ushbu shkafchalaring qanday qilib tonnalab pullarni bankka olib borib berishadi?
– Mana shu, sen “shkafchalar” deb nomlagan mashinaning ishlash printsipi juda oddiy. Supermarketingning kassiri birinchi shkaf ichiga sanalgan pullarni qo‘yib to‘ldiradi. Keyin eshikchasini yopadi va mana bu yashil tugmani bosadi. Zum o‘tmay bu pullar bankning maxsus xazina xonasiga o‘rnatilgan ikkinchi shkafcha ichida paydo bo‘ladilar. U yerda o‘tirgan boshqa kassiring pullarni olib bank xodimiga topshiraveradi. Tushundingmi?
– Ha! – dedi u. – Biroq, shkafchangning hajmi kichik-ku! Tonnalab pullarni sig‘dirolmaydi!
– Do‘stim! Axir bu jarayon bir marta emas, har o‘n minutda amalga oshirib turiladi. Sakkiz ish soatida qirq sakkiz marta pul yuborish mumkin. Har bir jo‘natmani kamida yuz kilogramm hisoblasak, oqibatda bir kunda besh tonna atrofida pul uzatish mumkin. Bu senga kammi?
– Yo‘q, o‘rtacha uch-to‘rt tonna pul jo‘nataman.
– Ana ko‘rdingmi? Sen buni ishlatib tur. Keyingi pul tashuvchi mashinam hajmi kattaroq bo‘ladi. Bu axir, birinchi tajribaviy qurilma.
– Shkafchalaringni sinab ko‘rish mumkinmi?
– Albatta! Qani cho‘ntagingdagi barcha pullarni chiqarib, birinchi shkafcha ichiga qo‘y! Bir so‘mi yo‘qolsa, men kafil!
– Yaxshi, pullarim g‘oyib bo‘lsa, hammasini to‘laysan!
– Roziman. Agar shundoqligicha qolsa, yarmi meniki! Kelishdikmi?
– Bo‘pti. U holda kamroq pul qo‘yaman.
Do‘stim, balki u shunchaki tanishimdir, yana bilmadim, cho‘ntagidan bir boylam besh ming so‘mlik chiqardi-da, uning yarmidan kamrog‘ini ajratib, shkafcha ichiga qo‘ydi. Eshikchasini yopdi. Keyin menga yuzlandi.
– Mana shu tugmani bosamanmi?
– Ha, qo‘rqma. Hozir natijani ko‘rasan.
U ohista ko‘rsatkich barmog‘i uchini tugmaga taqadi-da, uch-to‘rt soniya o‘ylab turgach, shartta bosdi.
– Endi, ikkinchi shkafcha eshigini och, – dedim men.
U aytilgan joyda turgan pullarini ko‘rib, xursand bo‘lib ketdi.
– Voy! Aldamabsan! Haqiqatdan ham mashinang pul tashir ekan!
– Ko‘rdingmi? Endi pullaringni sanab ko‘r, kamaymabdimi?
– Axir, sanamasdan qo‘ygandim-ku!
– Baribir, sana! Yarmisini menga berishing kerak! – xitob qildim men.
U jilmaydi.
– Bu pul tashuvchi mashinangni qanchaga sotasan?
– Senga sotmayman. Shundoq beraman!
– Nega? Axir bunga qancha mehnating singgan-ku!
– Og‘ayni! – tabassum qildim men. – Bu dunyoda eng zo‘r munosabatlar pulga, ta’magirlikka bog‘liq bo‘lmagan munosabatlardir. Sen axir mening do‘stimsan. Lekin, buni aniq bilmayman, balki shunchaki tanishimdirsan. Buni kelajak ko‘rsatadi.
– Nega unday deysan, necha yillik qadrdonmiz-ku!
– Chunki, sen puling ko‘payib o‘zgarib qolgansan. Ulfatimizdagi nochorroq do‘stlarimizni goho-goho mensimaysan. Bu narsa o‘zingga bilinmas, lekin tashqaridan yaqqol ko‘rinadi.
– Yo‘g‘-e, rostdanmi?
– Ha. Lekin, yana bir narsani bilib qo‘y. Qaynotang katta amaldor bo‘lmasa, o‘zing supermarket emas, kichik do‘konchani ham yurgizolmasding, bildingmi?
– Ja, pastga urma, og‘ayni.
– Sen atrofga ko‘zingni katta ochib qara. Agar noto‘g‘ri uylanganingda,
ka-atta do‘koningni allaqachon olib qo‘yishgan bo‘lishardi.
– Kel, do‘stim, falsafani yig‘ishtiraylik. Muddaoni ayt!
– O‘tgan hafta televizorda rossiyalik, lekin millati o‘zbek bir milliarder bilan jurnalist suhbatini namoyish etishdi. O‘sha ulka-an tijoratchi aytdiki, olimlarning ixtirolarini tijoratchi olib, hayotga tatbiq etmasa, u ixtironing qiymati bir pul. Shu g‘oyat donolarcha fikrga asoslanib, senga pul tashuvchi mashinani tekinga beraman. Sen uni hayotga tatbiq et!
– Do‘stim, rahmat! Ammo, bank bu shkafchani uning xonasiga joylashtirishimga rozi bo‘larmikan?
– Men senga aytdim-ku, kengroq mushohada qil deb! O‘sha bankingning sendaka tonnalab pul topshiradigan mijozi nechta? Axir, u sening supermarketingdan kelgan mablag‘lardan foiz olib, taralla-yalla qilib yuribdi. Boshqa bankga o‘taman, deb bir og‘iz ayt – tipirchilab qoladi!
– Ha, sening boshing yaxshi ishlaydi. To‘g‘ri aytasan. Qani, g‘iring deb ko‘rsin-chi, menga yalinib yurgan banklar qancha! Buning ustiga, bu shkafchalar orqali bank inkassatorlar xizmatidan, mashina benzinidan, yollanma minisa-qoravullaridan ancha pul tejaydi.
– Ana, ko‘rdingmi? Xullas, kelishdik-a!
– Ha, kelishdik! Ertadan ish boshlayman. Yuk mashinasini qaysi payt jo‘natay?
– Avval, buxgalteriyangdagi xushyorroq bir kassiringni jo‘nat. Men unga mashinada ishlash yo‘llarini yaxshilab o‘rgatay. Do‘koningda mashinamni har kim o‘ynab buzib qo‘ymasin. Ha, aytganday, kassiring chiroyli bo‘lmasin. Xotinim o‘lgunday rashkchi!
Do‘stim, u balki shunchaki tanishdir, yana bilmadim, menga sinovchan tikildi.
– Sening onging yaxshi ishlaydi, shuning uchun ham ixtirochisan. Menga bir narsani tushuntirib ber. Buni hech hazm qila olmayapman. Ya’ni, nega sen menga tep-tekinga yangi ixtiroingni beryapsan? Bu sovg‘angning tagida nimadir bor!
– Sen yomon tijoratchisan desam, xafa bo‘lasan. O‘ylab ko‘r. Bu mashinani ishingga tatbiq qilsang, nima bo‘ladi? Ovoza vujudga keladi. Mish-mish tarqaladi. Barcha yirik “Bo‘ri” va “Anakonda” do‘kondorlar senga qo‘ng‘iroq qilishadi. Sen mashinani mendan olganingni aytasan. Men esa ularga yangi yaratgan pul tashuvchi mashinalarimni ka-atta pulga sotaman. Angladingmi?!
– Ha-a, bunday demaysanmi? Juda ayyorsan! Bo‘pti, o‘zim boplab reklama qilib beraman! Mashinalaringni sotib, maza qilib yurasan!
– Inson maza qilib yurish uchun emas, ishlash uchun, vazifasini bajarish uchun yaratilgan.
– Mayli, u yog‘iga ixtiyor o‘zingda. Aytganday, mana bu ikkinchi shkafga o‘tgan pullarning yarmisini emas, hammasini olaqol. Roziman.
– Juda soz! Olaveraman. Juguddan jizza. Ertaga osh qaysi choyxonada?
U o‘ylanqiradi.
– O‘sha, odatdagi choyxonada bo‘laversin, kechki payt. O‘rgangan joyimiz.
– Osh necha kishilik bo‘ladi?
– Kel, barcha ulfatlar yig‘ilib qo‘ya qolaylik. Bahonada bir yayraymiz. Mendan xafa bo‘lganlardan uzr so‘rayman.
– Bo‘pti, ulfatlarga o‘zim ma’lum qilaman. Vaqt allamahal bo‘lib qoldi. Men endi yotishim kerak. To‘yib uxlamasam, ixtirolar qila olmayman.
– Mayli, unda menga ruxsat. Ketdim.
Do‘stimni, u balki shunchaki tanishdir, yana bilmadim, ko‘chagacha kuzatib chiqdim. U “Kaptiva”siga o‘tirdi-da, g‘izillab uyiga jo‘nadi.
Qaytib ustaxonamga kirdim. U yerda haqiqiy, har qanday sharoitda ishonsam bo‘ladigan, umuman pulli aloqam yo‘q, o‘zga sayyoralik do‘stim o‘tirardi. Supermarket egasi bilan suhbatlashayotganimda u ko‘rinmas bo‘lib olgandi. Odatdagi och yashil rangiga sal qizillik kiribdi. Gugurt qutisidek keladigan ko‘zlari chaqnoq. Odatda osilib turuvchi quloqlari dik. Shundoq ham katta og‘zi yanada quloqlarigacha cho‘zilib turardi. Olti barmoqlik qo‘llarini chalishtirib olgan.
– Ha, nega xursandsan? – so‘radim men.
– Nechun quvonmay, ishimiz deyarli bitdi-ku! – dedi u.
– Ha, – uning fikriga qo‘shildim. – Deyarli bitdi. Yaqinda hayot yanada o‘zgaradi. Ushbu ixtiro natijasida.
– Balki, bu voqeani nishonlarmiz? – taklif kiritdi u.
– Senga, nima, sharbat quyib beraymi? Aroq ichmaysan-ku!
– Sharbatingning to‘qson foizi kimyoviy modda! – ta’kidladi u. – Bunday “ixtiro sharbat”ni ichish sog‘liqqa o‘ta zarar. Yaxshisi, toza, gazsiz “Shaffof” mineral suvi ber. Shu suv uzoq sayyoramizdan kelganlarga juda yoqadi.
– Yaxshi, do‘stim. Hozir olib chiqaman. O‘zimga ham yoqadi.
Men shunday deb oshxonaga yo‘naldim.
Suvli pet-butilka va ikki piyola ko‘tarib kelganimda,uning ko‘zlari yanada chaqnab ketdi.
– Rahmat! – dedi u piyoladagi suvni ichib olgach. – Endi, men ketaman. Sen bu yerda qolib, yangi-yangi teleportatsion pul tashuvchi mashinalarni ishlab chiqaraver. Korxona rasmiylashtir. Soliq to‘la. Topadigan puling halol bo‘lsin.
– Xo‘p bo‘ladi! – javob qildim men, suvni miriqib ichib.
– Men endi ikki yildan so‘ng kelaman. Senga boshqa ixtiro olib kelaman. Uni ham hayotga tatbiq etamiz.
– Keyingi ixtiro nimadan iborat bo‘ladi?
– Vaqtni cho‘zish mashinasi!
– Bu qurilma nimaga kerak? – taajjub bilan so‘radim.
– O‘zing o‘yla! Boshqalarga gapirasan, kallangni ishlat deb. Bilib qo‘y, har bir ixtiro insonning hayotini yaxshilash, jamiyat rivojlanishini to‘g‘ri tomonga yo‘naltirish uchun xizmat qilishi kerak.
– Bir savolim bor, bersam maylimi?
– Aytaqol, do‘stim!
– Hozirgi paytda hayot jadallashib, fan va texnika juda rivojlanib ketdi. Ellik yil avval yashagan inson davrimizga kelib qolsa, juda hayron qolsa kerak. Bularning hammasi tinmay qilinayotgan ixtirolar natijasidir. Ana shu ixtirolarga sayyorangiz vakillarining aloqasi bormi?
– Ha, bor! Yer yuziga kelib yangi g‘oyalar berayotgan, insonni harakatga majbur qilayotgan faqat men emasman. Biz, ongi to‘g‘ri ishlaydigan olim odamlarni topib, ular bilan muloqotga kirishamiz va yangi cho‘qqilar tomon sudrab chiqamiz.
– Nima sababdan? Sizga Yer yuzidagi hayotning rivojlanishidan nima naf bor?
– Biz sizga do‘stmiz. Beg‘araz, pulli munosabatlarga asoslanmagan do‘stmiz. Tushundingmi? Sizda hayot rivojlansa, quvonamiz. Yoki sening ham onging shunday do‘stlik bo‘lishiga ishonmaydimi?
– Ishonmaydi!
– Javob noto‘g‘ri. Shunday fikrlasang, boshqa oldingga kelmayman.
– Hazillashdim, – dedim men. – Albatta ishonaman. Men seni kutaman.
Haqiqiy do‘stim hovliga chiqdi-da, yulduzli osmonga boqdi. Olti barmoqli qo‘llarini yuqoriga ko‘tardi. Uning tanasini fazodan tushgan yorug‘lik qamradi. U menga qarab qo‘l silkidi va oxirgi so‘zlarini aytdi.
– Men o‘zimning birinchi vazifamni bajardim. Uni qiyomiga yetkazish sening qo‘lingda. Senga ishonaman. Biz bir umrga do‘stmiz. Xayr!
Shundan so‘ng, u fazoga ko‘tarilib, yorug‘ nuqtaga aylandi-da, yulduzlar orasiga singib ketdi.
Chax-cham qishlog‘i. 08.01.2015. 14:56