OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Mo‘min Xo‘ja. Yurak-bag‘ri butun (fantastik hikoya)

“Bu dunyoda bormikan-a
 yurak-bag‘ri butuni?...”
O‘zbek halq qo‘shig‘idan.

 Tinmay shiddatli yomg‘ir yog‘ardi. Shamol o‘z kuchini namoyish qilib, yomg‘ir tomchilarini yuzimga, egnimga, shimlarimga urib, hamma yog‘imni shilta-shalabbo etardi. Sovuq havo badanimga o‘tib, terimni junjiktirardi. Ammo, men bunga pisand qilmay olg‘a qadam tashlayverardim. Men bilardim, hozirgi payt bunday yurish ruhiyatim uchun zarur. Manzilga yetib olsam bo‘ldi – meni issiq uy, choy va xotirjamlik kutmoqda. Hamda, eng asosiysi, u yerda yuragimga, uning yaralarga malham bo‘la oladigan bir kimsa bor. U – mening baxtim! U – mening parchalangan yurak-bag‘rimni butun qilgan va yana butun qiladi.
 ***
 Ushbu sayyora menga yoqmadi. Bu yerda qandaydir bir noxushlik sodir bo‘ladigandek tuyulardi.
 Qayoqdan ham rozi bo‘ldim, bu koinot safariga. O‘zi, bu yerga oyog‘im unchalik tortmagandi. Lekin, bir dunyo pul topasan, u – qolgan umringga bemalol yetadi, ishlamasdan yallo qilib yurasan, deb mening boshimni aylantirishdi. Haqiqatdan ham, atrofimda bunday, ya’ni bir martagina noma’lum sayyorani tadqiq etishda qatnashib, eson-omon uyiga qaytib kelayotgan va mo‘maygina pul ishlab olayotgan kimsalar bor edi. Ba’zan-ba’zan, ularga havasim ham, hasadim ham kelardi. Qaniydi, meni ham shunday ishlarga chaqirishsa, deb orzu qilib yurardim. Yaxshi niyat – yarim mol yoki fikrlar – moddiylashadi, deganlaridek, orzuimdagi taklifni olgandim. Va ikkilanib, ikkilanib safarga chiqqandim.
 Men o‘simliklardan farmatsevtikada foydalanish bo‘yicha yetuk, yosh mutaxassislardan edim. Xizmat safarim ham shu yo‘nalishda bo‘ldi.
 Inson uchun yangi, o‘rganilmagan bu sayyorada nafas olish uchun yaroqli toza havo bor ekan. Ongli jonzotlari yo‘q bu zaminning nabotot dunyosi, tabiiyki, menga ham, sheriklarimga ham – noma’lum edi. Qaysi daraxt, qaysi o‘simlik beziyon, qaysilaridan xavf kutish mumkin, hech kim bilmasdi.
 Eshitgandimki, o‘tgan yili noma’lum sayyorada yurgan bir nabotot tadqiqotchisini daraxtdek keladigan bir o‘simlik novdalari va barglari bilan mahkam bag‘riga tortibdi. Uning changalidan bechora botanikni bir soat urinib ham, qutqara olishmabdi. U o‘ziga yaqinlashgan har bir kimsani ushlab olishga urinaberar ekan. Oxiri, ikki tadqiqotchi kemaga qaytib borib, kuchli, har qanday jismni bo‘lak-bo‘lak qilib tashlaydigan lazer nurli avtomat-miltiqni olib kelishibdi va botanikka tegib ketmasligi uchun juda ehtiyotkorlik bilan uning poyasini kesib tashlashga muvaffaq bo‘lishibdi. Zaminidan ajralgan tajovuzkor o‘simlik shu holatda ham changalini bo‘shatmas emish. Lekin, boshqalarni ushlab olish xususiyati yo‘qolibdi. Shuning uchun, unga qo‘rqmay yaqinlashib, har bir tajovuzkor novdani kesib-kesib, bechorani ozodlikka chiqarishibdi. Qutqarilgan botanik ikki kun hech kimga og‘iz ochib gapirolmabdi. Oyoq-qo‘llaridagi titroq faqat ertasiga bosilibdi. Shundan so‘ng, u umuman koinot safariga chiqmaslikka qasam ichibdi.
 Men o‘z sherigim Maxsum Nazar bilan, lazer to‘pponcha va o‘tkir Chust pichog‘idan tashqari, uzun maxsus tayoq bilan qurollanib olgandik. Biror g‘alati o‘simlik ko‘rsak, unga avval tayoqni yaqinlashtirardik, o‘simlik hech qanday javob bermasa, uning oldiga cho‘chimay borardik va barglaridan va boshqa qismlaridan namunalar olardik. Ularni kemada tadqiq qilib, farmatsevtikada ishlatsa bo‘ladimi-yo‘qmi, deb xulosa yozardik.
 Yagona maqsadimiz – Yer yuzida yangi paydo bo‘lgan mudhish kasallikka dori topish edi. Keyingi uch-to‘rt yilda Afrika qit’asida vujudga kelgan “Umurtqa pog‘onasining bo‘shashishi” virusi butun dunyoga keng tarqala boshlayotgandi.
 Ushbu kasallikka davo topgan kimsaga yoki guruhga Birlashgan Davlatlar Ittifoqining “Umumjahon Farmatsevtika qo‘mitasi” Nobel mukofotini berishga va’da qilgandi. Butun dunyo olimlari jon-jahdlari bilan aytilgan virusni yo‘q qila oladigan dori topishga urinardilar, lekin hamon natija yo‘q edi.
 Virus yuqqan kimsalar o‘z gavdalarini ko‘tara olmay qolardilar. Umurtqalari qayrilib, sinib ketib, o‘lib ham qolardilar. Shuning uchun, kasallikning simptomlari sezildimi, bemor darhol to‘shakka yotib olishi va turmasligi lozim edi. Bu ofat – Afrikaning chorak aholisini narigi dunyoga jo‘natgandi. Amerika qit’asi mamlakatlari ham undan talofat ko‘rishni boshlashgandan so‘ng, darhol o‘z havo va dengiz portlarini afrikaliklar uchun yopib qo‘ydilar. Yevropa ham shunday qildi. Osiyoda juda katta miqyosga ko‘tarilib, yetakchi o‘ringa chiqib olgan O‘zbekiston ulardan avval bu ishni amalga oshirgandi.
 Koinot tadqiqoti sohasida yetakchi o‘rinlarda borayotgan o‘zbek olimlari nihoyat ushbu ezgu ishga qo‘l urishga qaror qildilar va buning uchun kerak bo‘ladigan dorini faqat o‘zga sayyoradan izlash kerak, degan xulosaga keldilar.
 Mana, ko‘rib turibsizki, men, ushbu maqsadda uyushtirilgan uchinchi ekspeditsiya a’zosiga aylandim. Bundan avvalgi ikki urinish muvaffaqiyatsiz chiqqandi va bu galgi koinot safariga katta umid bog‘lanyotgandi.
 Sayyora yuzasiga qadam qo‘yishdan oldin fazoviy kema boshlig‘i tadqiqotchilarni ikki kishilik guruhlarga bo‘lib chiqdi. Barcha o‘ziga ajratilgan maydonda faoliyat yuritishi lozim edi. Men, yuqorida aytganimdek, Maxsum Nazar ismli o‘zim kabi mutaxassis bilan sherik qilindim.
 Navbatdagi o‘simlikdan namuna olganimizdan so‘ng, Maxsum Nazar menga so‘z qotdi.
 – Komil Po‘lat, bugunga yetar endi. O‘n besh xil namuna bir kechada tadqiq qilishga yetadi.
 – Mayli, – dedim men. – Faqat, ho‘v anavi, ko‘zimga balodek ko‘rinayotgan odam bo‘yidan ham baland o‘simlikdan ham namuna olaylik.
 – Nega u senga balodek tuyulyapti? – so‘radi u.
 – Insonda qandaydir bir yashirin sezgi hissi bor. Kerak paytda u yuzaga chiqadi va tanani falokatdan asraydi! – donolik qildim men. – Uni, baribir, bugun bo‘lmasa ertaga tekshirishimiz lozim. Kel, shu yoqimsiz ishni bugun bajarib, ertaga yengil bo‘lib yuraylik!
 – Bo‘pti! – dedi u. – Sendagi xavotirlik menga ham yuqdi. Ehtiyot bo‘lib yaqinlashamiz.
 Kutganimdek, bu o‘simlik oddiy emas, antiqa qirrali ekan. U tayog‘imizni o‘z novdalaridagi tikonli uchlar bilan ushlab olishga harakat qildi. Maxsum Nazar uni bazo‘r tortib oldi. So‘ng, menga savolomuz boqdi.
 – Falokatdan nari bo‘lish uchun poyasini qirqamiz! – xitob qildim men.
 – Qanday qilib yaqinlashasan unga? Axir quchoqlab olsa, changalidan qutilib bo‘bsan!
 – Nima, sen Chust pichog‘ini ishlatmoqchimisan? Lazer nurli to‘pponcha bizga nima uchun berilgan?
 – Yirtqich hayvonlar uchrab qolsa, ularni o‘ldirish uchun-da!
 – Yirtqich o‘simlik uchrab qolsa-chi? – so‘radim men.
 Maxsum Nazar bu savoli bilan, o‘tgan yildagi voqeani eshitmaganini namoyish qildi. Vaholanki, har qanday mutaxassis-fazogir hamma ekstremal voqealarni bilishi va ularni tahlil qilib ulgurgan bo‘lishi kerak edi. Hozir unga dars berish payti emasdi, shuning uchun darhol amaliy ishga o‘tdim.
 Lazer to‘pponchamni chiqarib o‘simlikning poyasini mo‘ljalga oldim va tepkini bosdim. O‘simlik zamindan ayrilib, yoniga ag‘darildi.
 – Ana bo‘ldi, u o‘ldi! – hayqirdi Maxsum Nazar, tezgina u tomon yura boshladi.
 – To‘xta! – qichqirdim men. – Uning o‘lgan-o‘lmaganligini tekshirish kerak oldin!
 Ammo, u bu paytda o‘simlikning yoniga kelib bo‘lgandi. Qulagan yirtqich o‘simlik o‘z bag‘riga yaqinlashayotgan insonga novdalarini uzatib, uni mahkam ushlab oldi va ulardagi nishlarini tanasiga tiqib, sherigimning qonini so‘ra boshladi. Maxsum Nazar qattiq ingradi.
 – Komil Po‘lat!.. Yordam ber...
 Men nima qilish kerakligini bilmasdim. Qanday tadbir qo‘llash lozim? O‘simlik darhol o‘lmabdi. Qulasa ham yirtqichligini qo‘ymayapti. U Yer yuzida yashaydigan ayrim odamlarga o‘xshar ekan. Bundaylar tirikliklarida barchaga yomonlik qilib, ularning qonlarini so‘rib yashaydilar-da, o‘lganlaridan keyin ham yaratib ketgan asoslarida va boshqa qandaydir vositalarda yomonliklari davom etaberadi.
 Yaqinlashsam, o‘zim ham asirga va majburiy donorga aylanaman. Paysallasam, o‘simlik Maxsum Nazarning qonini so‘rishni to‘xtatmaydi va u o‘lib qolishi mumkin. Sherigimni qanday qutqaray?!
 Men birinchi navbatda, ratsiyamni chiqarib, kema boshlig‘iga xabar berdim. Yordam va maslahat so‘radim. U biron jo‘yali fikr bildirmadi va tezda ikki qutqaruvchini yuborishini ma’lum qildi.
 Xo‘sh, ular qachon keladilar? Maxsum Nazar qonsizlanib, bu dunyoni tark etgandami? Bunga kim aybdor bo‘ladi? Xulosalarda, ehtiyotsizlik tufayli halok bo‘ldi, oilasiga palon miqdorda kompensatsiya puli to‘lansin, deb yozilsa-da, mening vijdonim ongimni do‘pposlayveradi.
 “Yotib qolguncha, otib qol!”, degan dono halqimiz.
 Ongim yashin tezligida ishlay boshladi. Menda hozir uchta qurol bor: lazer to‘pponcha, Chust pichog‘i va uzun maxsus tayoq. Pichoq – bu sharoitda keraksiz matoh. Shuning uchun, uzun maxsus kaltakni va lazer to‘pponchani ishlatish zarur.
 Men ag‘anagan o‘simlikka bexavotir masofada yaqinlashdim. Maxsus tayog‘imni uning novdalariga tekkizdim. Ular darhol chimraldilar va tayog‘im iskanjaga tushdi. Endi, birgina yo‘l – lazer to‘pponchani ishlatish qolgandi. Oxirgi qurolimni chiqardim-da, tayog‘imni qamragan novdalarni aniq mo‘ljalga olib otdim. Kuchli nur Maxsum Nazarga tegmasligi shart edi. Novdalar chirt uzildilar.
 “Yaxshi!”, fikr qildim men va tayog‘imni tortib oldim. Endi, sherigimni qamragan novdalarni mo‘ljalga olishim kerak.
 – Maxsum Nazar! Qimirlamay tur! Nur senga tegib ketmasin! – dedim men.
 U shundoq ham bemajol edi, xatto so‘zlay olmasdi. Boshqa iloji ham yo‘q edi. Mening tavakkal qilishga ma’naviy haqqim bor edi. Aks holda, sherigim o‘ladi.
 Men Maxsum Nazarni qamragan eng yo‘g‘on novdaning asosini mo‘ljalga oldim-da, tepkini bosdim.
 Armiyada xizmat qilganimda, bizning rotani ilk bor sinov otish maydoniga olib borishgani esimga tushdi. O‘shanda qo‘limga o‘tgan asrlarda yaratilgan “Kalashnikov” avtomatini tutqizib, turli siluetlarni yakka-yakka o‘qlar bilan otishni buyurishgandi. Birinchi tepkilardayoq barcha mo‘ljallarga aniq otgandim. Harbiy boshliq o‘shanda menga hayrat bilan boqib, “Barakalla!” degandi.
 Bu gal ham mo‘ljalga aniq otdim. Novda cho‘rt uzildi. “Barakalla, Komil Po‘lat!” dedim o‘zimga o‘zim. Chunki, oldimda meni maqtaydigan boshqa kimsa yo‘q edi. So‘ng, boshqa novdani mo‘ljalga olib otdim. Va yana o‘zimga o‘zim tashakkur e’lon qildim.
 To‘rt baquvvat novda uzilgandan so‘ng, Maxsum Nazarga sal jon kirdi. U qimirlay boshladi.
 – Qimirlama! – qichqirdim unga.
 – Boshqa otma! Meni o‘ldirib qo‘yasan! – bazo‘r so‘z qotdi u.
 – Qimirlamasang, o‘lmaysan. Balki, qutilasan! – dedim men.
 – Yo‘q, yo‘q! Otma... – ingradi u.
 Unga so‘z tushuntirib bo‘lmasdi. Yana ikki novdani uzsam, uni yirtqich o‘simlik changalidan qutqarish oson kechardi. U esa...
 – So‘tak! Jim bo‘l! – jahlim chiqib, qattiq qichqirdim men. – Buncha kaltafahmsan!
 Nihoyat, u qimirlashni bas qildi. Fursatdan foydalanib, navbatdagi ikki novdani uzdim. Va Maxsum Nazar qo‘llarini ishlatib, kamarida osilib turgan Chust pichog‘ini qinidan sug‘urdi-da, boshqa mayda qonxo‘r shoxchalarni shahd bilan kesib tashladi. Oyoqlarini ham bo‘shatib menga vajohat bilan o‘shqirdi.
 – Sen – ablah ekansan! Sal qolsa meni otib tashlarding! Senga nima yomonlik qilgandim?!
 U bemalol harakatlana olmasdi. Lekin, til-jag‘i yaxshi ishlayotgandi. Menga yana allambalolar dedi. Hammasi shaxsimga qaratilgan salbiy gaplar edi. Uning a’zoyi badani bo‘zarib-ko‘karib ketgandi. Terisining ochiq joylarida suqilgan o‘simlik nishlarining izlari, ularda qotayotgan qon tomchilari yaqqol ko‘rinib turardi. Sherigimga achindim. Yana uch daqiqa kechiksam, u ko‘p qon yo‘qotib, aniq halok bo‘lardi. Darhol mo‘‘jaz dori-darmon qutimni ochib, bint va leykoplastir oldim-da, uning ust kiyimni yechib, barcha yaralariga yod surtib, bog‘lab qo‘ydim. U esa tinmay nolir, ota-bobolarimning go‘riga g‘isht qalardi.
 Men nima g‘amdaman-u, u qanday qayg‘uda! Ajab... Lekin, undan xafa bo‘lmadim, chunki u hozirgina ekstremal holatdan chiqqandi. Es-xushi normal holatda emasdi. Bir-ikki soatda tinchlanib, aytgan gaplariga afsus qilsa kerak.
 Yarim soatlarda ikki qutqaruvchi yetib keldi. Ular Maxsum Nazarni darhol sayyorayurar mashinalariga o‘tkazib, qolgan tibbiy yordamni berish uchun kemaga olib ketishdi.
 Men, nihoyat, tajovuzkorligini yo‘qotgan o‘simlik poyasidan, novdalaridan va barglaridan namunalar oldim. Uni suratga tushirdim. So‘ng, bir do‘ngalakka o‘tirib tin ola boshladim. O‘z ishimdan xursand edim. Sherigimni falokatdan qutqardim. Muqarrar o‘limdan olib qoldim. Bunda menga tabiat in’om etgan merganligim asqotdi. Merganlikni armiyada o‘rganmaganimda nima bo‘lardi?..
 Ekstremal xollarda hayajonlanish va tez harakat qilish insonning ancha kuchini oladi. Shuning uchun, asablarimni joyiga tushirgachgina, ohista kema tomon yo‘lga tushdim.
 Kemada meni “Xizmat vazifasi paytida ko‘rsatgan topqirligi va sherigini naqd o‘limdan qutqarib qolganligi uchun tashakkurnoma” emas, aksincha kutilmagan tuhmatona savollar kutib turgan ekan.
 Fazoviy kema boshlig‘i meni o‘z xizmat bo‘lmasiga taklif qildi. Kirib ko‘rsatilgan kursiga o‘tirganimdan so‘ng yuzimga nafrat ifodalangan nigohini qaratdi.
 – Xo‘sh, Komil Po‘lat, menga ro‘yi-rost ayting-chi, siz nega, bilaturib, sherigingizni yirtqich o‘simlik bag‘riga itarib yubordingiz?!
 Hayratdan tilim kalimaga kelmay qoldi. Lom-mim deyolmadim.
 – Nega indamaysiz? – yana so‘radi kema boshlig‘i.
 Amallab ikki ibora ayta oldim.
 – Xizmatga tuhmatmi?
 – Hali biz tuhmatchi ham bo‘lib qoldikmi? Maxsum Nazarni so‘tak, kaltafahm deb so‘kkaningiz ham yolg‘onmi?
 – Bunisi rost. Yirtqich o‘simlikni novdalarini lazer nurida kesmoqchi bo‘lgan paytimda tek turmadi, shunda keskinroq gapirishimga to‘g‘ri keldi.
 – Qutqarish bahonasida uni o‘ldirmoqchi bo‘lganingizni ham inkor etasizmi?
 – Bu ham g‘irt tuhmat! Aksincha, men uni naqd o‘limdan qutqarib qoldim.
 – Maxsum Nazar sizning xatti-harakatlaringizdan shikoyat qilib, rasmiy arznoma berdi. Men uni ko‘rib chiqdim. Siz arznomada bayon etilgan ayblarni inkor qilyapsiz. Asl voqea qanday bo‘lganligini tiklash mening vazifamga kirmaydi. Uni faqat Maxsus Taftish qo‘mitasigina aniqlashga haqli. Qo‘mita esa Yerda. Shuning uchun, qaytganimizga qadar men sizni har qanday vazifadan ozod qilaman. Shu paytdan boshlab kemani tark etishga haqqingiz yo‘q. O‘z bo‘lmangizdan faqat mening ruxsatim bilangina chiqa olasiz. Tushunarlimi?
 – Maxsum Nazarning ahvoli qanaqa? U ko‘p qon yo‘qotgandi.
 – Tibbiy xodimlarimiz yordam berishdi. Plazma quyishdi. Ancha o‘ziga keldi. Va arznoma bitdi. Hozir tinchlantiruvchi dori ichib, uxlayapti.
 – Biz ikkimiz o‘n beshta o‘simlikdan namuna olgandik. Keyin, o‘zim oxirgi o‘sha qonxo‘r o‘simlikdan ham namuna oldim. Ularni tadqiq qilishimga ruxsat berasizmi?
 Kema boshlig‘i boshini qashladi. Menga tikilib turib, javob berdi.
 – Yo‘q, Komil Po‘lat. Namunalarni boshqa tadqiqotchilarga bering. Ular tekshirishadi. Siz esa o‘z bo‘lmangizda hech qayoqqa chiqmay o‘tiring. Boring, suhbatimiz tugadi.
 Ikki hafta o‘tgach, fazoviy kemamiz vatanimizning “Zarafshon” kosmoportiga qo‘ndi. Meni Maxsus Taftish qo‘mitasi a’zolari kutib turishgan ekan, darhol mashinaga o‘tkazib, idoralariga olib ketishdi.
 Afsuski, mening Maxsum Nazarning aybnomasiga qarshi ishlata oladigan dalilim yo‘q edi. Hamisha ish safarimda yoqilgan holatda turadigan diktofonim ham o‘sha kuni ishdan chiqqani uchun yonimda yo‘q edi. Boshidanoq menga ola qaragan taftishchi yigit so‘zlarimga ishonmadi. U har qanday insonni qora rangga bo‘yab qo‘yishga ustasi farang ekan. Buning ustiga, Qo‘mita raisining sevimli shogirdi hisoblanarkan. U meni to‘liq aybdor deb xulosa chiqardi. Natijada, men bir umrga koinot bilan bog‘liq ishlaridan chetlatildim. Xizmat haqimni ham berishmadi.
 Shunday qilib, Maxsum Nazar va Maxsus Taftish qo‘mitasi mening yurak-bag‘rimni parchalashdi.
 Hayotda odamlarga yaxshilik qilishning oqibati, o‘z vazifasiga sidqidildan yondoshishning javobi bunday bo‘lishini aslo kutmagandim. Ustozlarim, doimo yaxshilikka yaxshilik qaytadi, deb o‘qitishgandi. Afsus.
 Ustiga ustak, o‘sha yirtqich va qonxo‘r o‘simlikdan ajratib olingan modda “Umurtqa pog‘onasining bo‘shashishi” kasalligiga davo bo‘lib chiqdi. Jahon ahli yengil tin oldi. Biz tadqiq qilgan sayyoraga “Najotkor” nomi berildi. Nobel mukofoti esa, tantanali marosimda, o‘sha, men naqd o‘limdan qutqarib qolgan Maxsum Nazarga topshirildi. Uning nomi va rasmlari butun dunyo matbuotini to‘ldirib tashladi. U yovuz sherigining yashirin va manfur niyatlarini yengib o‘tib, olamshumul qahramonlik qilib, yirtqich o‘simlik bag‘ridan ustalik bilan, Chust pichog‘ini ishlatib, qutilib ketganini hikoya qilaberib charchamasdi. Natijada, butun dunyoda Chust pichog‘iga talab ortgandan ortdi. Vodiylik pichoqchilar rosa pul ishlab olishdi.
 Ushbu Mukofot aslida meniki edi. Lekin, bunga da’vogarlik qilib, g‘avg‘o ko‘tarib, aslo foyda topmasdim. Bu ish aksincha, o‘zimga yanada zarar keltirardi. Shuning uchun, miq etmadim.
 Har qanday odam bunday paytda tushkunlikka tushib ketadi. Menda ham shunday bo‘ldi. Lekin, ko‘p mushohadalar qilib, falsafiy kitoblar o‘qib, ruhimni ko‘tardim. Uzoq tariximizda yashagan tasavvuf ahli hayoti va ularning o‘gitlari bilan tanishib, aniq bildimki, Borliq bir kunmas bir kun barcha ishlarni o‘zining joy-joyiga qo‘yuvchidir.
 Boshqa sohaga o‘tib, faoliyat yurita boshladim. Lekin, yurak-bag‘rim butun emasdi. Qalbimni Buyuk Ifloslik oldidagi ojizligim o‘qtin-o‘qtin tirnab turardi.
 Ammo, Borliq meni ovutishni istadimi, qalbimga boshqacha o‘t tashladi. Bu o‘t asta-sekin alangaga aylandi. Men sevib qolgandim. U – butun koinotdagi yagona nafis, soliha va go‘zal qiz edi. Endi, men qandaydir pastkash, ablah va noshukur kimsalarni o‘ylamay qo‘ydim. Ko‘z oldimda faqat u turardi. Uxlasam – tushimga kirardi, uyg‘onsam – so‘zlari qulog‘im ostida jaranglay berardi, tasavvurimdan uning jamoli ketmasdi. Faqat shu ajib hilqat bilan muloqot qilishni istardim. Kunda-kunora ro‘y beradigan uchrashuvlarimiz menga kam edi. Shuning uchun, undan menga turmushga chiqishini so‘radim.
 Nafis, soliha va go‘zal qiz rozi bo‘ldi.
 Borliq menga Nobel mukofoti o‘rniga, undan million marta yuksakroq mukofotni berdi. Endi, mening yurak-bag‘rim butun edi. Ko‘nglim qaytadan yana nurga, orzu-umidlarga to‘ldi. Yangi-yangi rejalarni tuza boshladim.
 Insonning hayot jarayoni hech qachon tekis, ravon kechmaydi. Ushbu postulatga muvofiq, to‘satdan meni Maxsus Taftish qo‘mitasiga chaqirib qolishdi. Aytilgan kunda va soatda kechikmay borishim shart emish.
 Hayolimga nimalar kelmadi. U yaramas taftishchilar mendan yana nimalarni istashayapti? Endigina tinch va baxtli hayot kechirishni boshlagandim-a!
 Ko‘rsatilgan vaqtda, Qo‘mita binosiga kiraverishda meni kutib olgan xos xodim, to‘g‘ri rais xonasiga boshlab kirdi.
 Rais meni jilmayib qarshi oldi. Atrofiga muovinlari-yu bo‘lim boshliqlarini ham yig‘ib olgan ekan. Meni vajohat bilan so‘roq qilgan, tuhmatlar yog‘dirgan, meni aybdor deb xulosa chiqargan taftishchi yigit ham shu yerda turardi. Ko‘zlarimga qarolmadi.
 Rais tomoq qirdi-da, tik turgan holda menga yuzlanib gap boshladi.
 – Hurmatli Komil Po‘lat! Men Maxsus Taftish qo‘mitasi nomidan ishimizda ro‘y bergan xatolik uchun uzr so‘rayman! Qaxramonlikni Maxsum Nazar emas, siz qilgan ekansiz. Biz uning yolg‘on ayblarga to‘la arizasiga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lgan ekanmiz. Uzrimizni qabul qiling.
 Men hangu-mang bo‘lib qoldim. Avval tuhmatdan tilim lol bo‘lib qolgan bo‘lsa, bu gal haqiqat yuzaga chiqqanidan esankirab qoldim.
 – Qanday aniqlay oldingiz? – deya oldim xolos.
 Rais atrofdagi laganbardorlariga bir-bir qarab oldi-da, javob berdi.
 – Ma’lumki, surishtiruv chog‘ida, siz ish paytida yoqilgan holatda turishi lozim bo‘lgan diktofoningizni buzilib qolganligini aytib, uni bizga topshirmagan ekansiz. Taftishchimiz ham o‘z navbatida bunday diktofonni Maxsum Nazardan so‘ramagan. Bu xatoimizni ishlarimizni nazorat qilib turadigan yuqori idora ko‘rsatib berdi. Darhol o‘sha diktofonni topdirdik. Unda barcha haqiqat yozilgan ekan. Taftishchimizga ushbu kamchiligi uchun xayfsan e’lon qildik. Bor gap shu!
 Men indamadim. Nima ham derdim. “Hammang davlat mablag‘ini, anavi yirtqich, inson qonini ichuvchi o‘simlikdek, so‘rib yotibsanlar! Undan ko‘ra go‘ng titkanlaring yaxshi emasmi, keksa tovuqlar!”, deb hayqirgim keldi. Ammo, bundan aslo foyda yo‘q edi. Mening hayotimni larzaga keltirib, ag‘dar-to‘ntar qilgan, butun jahonga meni qora qilib ko‘rsatgan taftishchi bor-yo‘g‘i xayfsan olibdi. Va u yana o‘z “ish”larini davom etdiradi.
 Rais so‘zlarini davom etdirdi.
 – Sizga, koinotda g‘oyatda mushkul vazifalarni bajarganingiz, jonbozlik ko‘rsatganingiz uchun koinot safari oldidan va’da qilingan haq to‘liq beriladi. Bundan tashqari, Nobel mukofoti qo‘mitasi bilan gaplashdik va maxsus xat yubordik. Ular Maxsum Nazarga berilgan mukofotni bekor qilishadi va uni tez orada sizga topshirishadi. Tabriklaymiz!
 Men yana indamadim. “O‘z mukofotimni olib bo‘lganman!”, o‘yladim men.
 – Ertaga siz O‘zbekiston Markaziy TV sida intervyu berishingiz kerak. U butun dunyoga translyatsiya qilinadi. Tayyor turing! – dedi yana rais va atrofdagilarga yuzlandi. – Komil Po‘latni bir olqishlab qo‘yaylik!
 Xonada gulduros qarsaklar yangradi. Qaerdandir paydo bo‘lgan kotiba ayol qo‘limga chiroyli guldasta tutqizdi.
 – Endi menga ruxsatmi? – so‘radim men.
 – Ha! Ertaga albatta shu yerdagi gaplarni jahon ahliga bayon qilasiz degan umiddamiz!
 Rais xos xodimga buyurdi.
 – Qahramonimizni kuzatib qo‘ying va mening haydovchimga ayting, uygacha olib borib qo‘ysin!
 Tashqariga chiqqach, xos xodimga o‘zim yakka-yolg‘iz ketishni istayotganligimni aytdim. So‘ng, guldastani chetda turgan axlat qutisiga tashladim-da, havo buzilganiga qaramay, piyoda uyimga yo‘l oldim. Raisning axboroti negadir meni quvontirmadi. Aksincha, yurak-bag‘rimni qayta parchaladi.
***
 Tinmay shiddatli yomg‘ir yog‘ardi. Shamol o‘z kuchini namoyish qilib, yomg‘ir tomchilarini yuzimga, egnimga, shimlarimga urib, hamma yog‘imni shilta-shalabbo etardi. Sovuq havo badanimga o‘tib, terimni junjiktirardi. Ammo, men bunga pisand qilmay olg‘a qadam tashlayverardim. Men bilardim, hozirgi payt bunday yurish ruhiyatim uchun zarur. Manzilga yetib olsam bo‘ldi – meni issiq uy, choy va xotirjamlik kutmoqda. Hamda, eng asosiysi, u yerda yuragimga, uning yaralarga malham bo‘la oladigan bir kimsa bor. U – mening baxtim! U – mening parchalangan yurak-bag‘rimni butun qilgan va yana butun qiladi.
 
 Chax-Cham qishlog‘i. 26.04.15. 23:00.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.