OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pirimqul Qodirov. Shohruh Mirzoning mardligi (parcha)

Temuriylar sulolasini yuksaltirishda Sohibqiron Amir Temurning sadoqatli o‘g‘li Shohruh Mirzo qanday fidoyilik va donolik bilan faoliyat ko‘rsatgani bizga tarixiy manbalardan yaxshi ma’lum. Bu jarayon O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning yaqinda “O‘zbekiston” nashriyotida chop qilingan “Shohruh va Gavharshod” deb nomlangan yangi asarining markaziy mavzularidan biridir. Quyida ushbu tarixiy romandan bir parchani gazetxonlarimiz e’tiboriga havola qilmoqdamiz.

...Amir Temur, Bibixonim, Tuman oqo, nevaralardan Ulug‘bek va Ibrohim Mirzolar kelib tushgan Berdibekning O‘trordagi mehmonxonasida kechasi birdan yong‘in chiqdi. Bu yong‘in maxfiy josuslarning ishimidi yoki qattiq sovuqlardan haddan tashqari ko‘p o‘t yoqqanlari ham sabab bo‘ldimi, buni aniqlashga ulgurisholmadi. Yong‘in paytida Amir Temur uchun bexatar joyda chodir o‘rnatgunlaricha tungi qattiq sovuq va izg‘irin shamol unga yomon ta’sir qildi. Isitmasi ko‘tarilib, qattiq xastalanib qoldi. Shundan keyin hammaning xayoli Sohibqironni davolash bilan band bo‘ldi. Ammo muolaja kor qilmadi.
Sohibqiron o‘lim to‘shagida yotganida donishmand xotini Saroymulkxonim va ishongan amirlaridan Shohmalik unga Shohruhni bir necha marta eslatdilar, ulkan mamlakatni idora qilish faqat shu o‘g‘ilning qo‘lidan kelishini ishora qildilar.
Lekin qazo yaqinligini sezgan boshqa maslahatgo‘ylar ham Amir Temur atrofida parvonaday aylanishmoqda edi. Ayniqsa, devonbegi Xo‘ja Ahmad Tusiy, hakimi hoziq Fazlulloh Tabriziy, vazir Mas’ud Simnoniylar Sohibqiron olamdan o‘tgandan so‘ng Xalil Sultonni taxtga chiqarish tarafdori edilar. Ularning bu boradagi maxfiy maslahatlariga turonlik amirlardan Xo‘ja Yusuf va Samarqandda dorug‘a bo‘lib turgan Arg‘unshoh ham qo‘shilgan edi...
Xalil Sulton Shodimulkni o‘limga buyurmoqchi bo‘lganlardan ranjib yurganini uning tarafdorlari yaxshi bilar edilar. Bu dovyurak yigit hech kimdan — hatto olamni titratgan bobosidan ham tap tortmay sevligisini himoya qilgani Xo‘ja Ahmad Tusiy, Alaviddin Tabriziy, Mas’ud Simnoniy kabilarga juda yoqar edi.
Sohibqiron bilan doim shohmot o‘ynaydigan, goho unga atayin yutqizib berib, juda ustalik bilan xushomadlar qiladigan, qiziq-qiziq hangomalardan aytib, podshoni kuldira oladigan Alaviddin Tabriziy ham shu guruhga kirar edi.
— Hazratim, hali bahodir yigitdaysiz, mana, hakimi xosingiz mavlono Fazlulloh ham aytsinlar, siz Xitoydan yana bir olamshumul g‘alabaga erishib sog‘-salomat qaytgaysiz!
— Bo‘lajak g‘alabalaringiz faqirga tushimda ayon bo‘ldi! — dedi Xo‘ja Ahmad Tusiy. — Sizning oq fil minib Samarqandga qaytganingizni tushimda ko‘ribmen!
Xos hakim Fazlulloh Tabriziy ham bu yashirin guruhning bashoratlarini tasdiqlab, keksa sarkardaning qahraton qish sovuqlarida harbiy yurishga chiqishiga tarafdor edilar.
Sohibqironning atrofida girdikapalak bo‘lib yurgan bu odamlarning ko‘ngillarida boshqa orzular bor edi... Xalil Sulton yosh, birorta viloyatni ham boshqarib ko‘rmagan tajribasiz yigit. Xalil Sulton faqat Turon va Turkistonga podsho bo‘lish bilan qanoatlanishi mumkin. Uzoqdagi Tabrizu, Sherozlarni Samarqand taxtida o‘ltirib boshqarish uning qo‘lidan kelmasligi aniq.
Ammo Shohruh Mirzo Sohibqirondan keyin podsho bo‘lsa Turon bilan birga Xuroson va Eronni ham otasi kabi yaxlit bir saltanat doirasida ushlab turishga kuchi yetardi. Shuni yaxshi biladigan Xo‘ja Ahmad Tusiy Amir Temur bergan vakolat bilan Hirotga borib, Shohruh Mirzoga yo‘q joydagi ayblarni taqib kelgan va ota-bola orasiga ataylab sovuqlik solgan edi.
Mana endi O‘trorda ham Xalil Sulton tarafdorlarining butun harakati Shohruh Mirzoni valiahd qilmaslikka qaratildi.
Suyukli nevarasi Muhammad Sulton vafot etganda Sohibqiron bobosi juda qattiq musibat chekkan edi. Akasiga o‘xshabroq ketadigan polvon taxlit Pirmuhammad Mirzoni bobosi bag‘riga bosib yig‘lagan edi:
— Endi sen akangning o‘rnini olgin, bolam! Akangni valiahd qilaman degan edim. Endi iloyo sen akangning o‘rniga valiahd bo‘lgin!
Qulog‘ini ding qilib bu so‘zlarni eshitgan beglar begi Ahmad Tusiy yonidagi xos hakim Habibulla Tabriziy va Mas’ud Simnoniyga ma’nodor ko‘z tashlab oldi. Shu uchovlari Sohibqironning bu so‘zlarini dillariga mahkam tugdilar. Amir Temur O‘trorda o‘lim to‘shagida yotganida ular Pirmuhammad Mirzoni Sohibqironga eng iliq so‘zlar bilan eslata boshladilar.
Ularning asl maqsadlari Xalil Sultonni valiahd qilish edi. Lekin Shodimulk voqeasidan keyin «Xalil Sulton valiahd bo‘lsin», degan gapni Sohibqironga mutlaqo aytib bo‘lmasligini bilishardi. Shohruhni valiahd qilmaslik uchun Pirmuhammad Mirzo nomzodini qo‘llab-quvvatlash vaqtdan yutish uchun qilinadigan bir chora edi.
Bu katta va qaltis o‘yinda Xalil Sulton tarafdorlari xuddi shohmotdagi keyingi yurishlarni ham oldindan ko‘rib dona surmoqda edilar. Chunki Pirmuhammad Mirzo hozir Kobul va Xaybar dovonidan naridagi uzoq va iliq bir maskanda qishlamoqda edi. O‘trordan jo‘nagan chopar qish kunida Hindikush tog‘idan oshib, Pirmuhammad Mirzoga o‘lim xabarini yetkazguncha kamida yigirma kun o‘tadi. U yoqda Pirmuhammad Mirzo qo‘l ostidagi viloyatlarni ishonchli odamlarga topshirib, Samarqandga yetib kelguncha undan ko‘proq vaqt ketadi. Bu orada Xalil Sulton Samarqandda taxtni egallab, mustahkamlanib oladi.
Ahmad Tusiy va uning sheriklari Sohibqiron O‘trorda o‘lim to‘shagida yotganda og‘ir musibat paytida nevarasi Pirmuhammadga «Endi sen qolding, bolam, marhum akangning o‘rnini sen olasan, valiahd sen bo‘lasan», degan so‘zlarini bir necha marta muloyim qilib eslatdi.
Tusiy Sohibqironning bir so‘zlik odam ekanini yaxshi bilardi. O‘sha og‘ir musibat paytida Pirmuhammadga aytgan so‘zlari Sohibqironning yodiga tushdi. Lekin Shohruhday azamat o‘g‘li turganda nevarani valiahd etib tayinlasa, adolatdan bo‘lmasligini sezib, bir oz ikkilandi. Shu payt Ahmad Tusiyning ishorasi bilan xos hakim Mavlono Fazlulloh qo‘lidagi sariq dori solingan oltin piyolani Sohibqironning labiga yaqinlashtirdi. Bir qo‘li bilan bemorning bilagidagi tomiridan tutib, xavotirli tovush bilan dedi:
— Hayajonlanmang, hazratim, yurak urishingiz tezlashib ketdi. Shu dorini iching, yaxshi bo‘ladi! Iching!
Ahmad Tusiy ham:
— Iltimos, hazratim! O‘tinamiz! Iching! — deb yalindi. Sohibqiron dorini ichayotganda sal yengil tortgandek bo‘ldi. Lekin ko‘p o‘tmay bo‘shashib ketdi. Hamma narsaga befarq bo‘lib qoldi. Uning shu holatidan foydalanib, ikkovlashib dorini oxirigacha ichirishdi. Ahmad Tusiy ta’zim qilib:
— Aylanay Hazratimdan! — dedi. — Bu ulug‘ zot hech qachon aytgan so‘zidan qaytgan emaslar. Hozir ham qaytmaydilar! Baxt qushi Pirmuhammad Mirzoning boshiga qo‘nadi! Shundaymi, Hazratim?
Sohibqiron o‘ng qo‘lini sal ko‘tarib, tutila-tutila dedi:
— Shunday... So‘zim bitta!..
Endi xos hakim ham quvonib, Sohibqironga uch marta ta’zim qildi.
Ko‘p o‘tmay eng nufuzli beku a’yonlarni bemor yotgan xonaga chaqirdilar. Ularning orasida Bibixonim va shahzoda Ulug‘bek bilan Ibrohim yo‘q edi.
Shunda Bibixonim Xo‘ja Ahmadga yuzlanib yig‘lab gapirdi:
— Tepamizda Xudo bor, janob Tusiy! Shohruhday o‘g‘illari turganda nevarani valiahd qilish shariatga to‘g‘ri kelarmikin?
— Buni Sohibqiron bizdan yaxshi bilurlar. Sizni shahzodalar bilan keyinroq chaqiradilar, o‘zlari aytdilar.
«Aytmagan bo‘lsa ham bu makkor o‘zi to‘qib chiqaryapti!» degan so‘zlar Bibixonimning ko‘nglidan o‘tdi.
Kechki payt nufuzli beklar va sarkardalardan o‘n chog‘li kishini Sohibqiron yotgan xonaga boshlab kirdilar. Xonaga boshqa hech kim yaqinlashmasligi uchun qilich taqqan va nayza tutgan o‘ntacha soqchini maxfiy majlis bo‘layotgan xona atrofiga qorovul qilib qo‘ydilar.
Yig‘ilganlar uchun Sohibqiron o‘zining so‘nggi qarorini zaif, past tovush bilan aytdi. Qattiq bir yo‘taldan keyin ovozi sal ochilib, Pirmuhammadga sodiq bo‘lishni, bir yoqadan bosh chiqarib ish olib borishni tayinladi. «Shoyad davlatni men kabi adlu ehson bilan boshqarsalaring... mamlakat uzoq vaqt sizlarniki bo‘lg‘usidir...» — dedi.
Beklardan biri yig‘lab turib: «Sohibqiron hazratlari, jon kerak bo‘lsa biz o‘z jonimizni sizga bag‘ishlashga tayyormiz!» — dedi. Boshqalar ko‘zlariga yosh olib bu so‘zlarga qo‘shildilar. Shohmalik so‘zlashga ruxsat olib taklif kiritdiki, «Toshkent uzoq emas, hech bo‘lmasa Xalil Sulton kabi sarkardalarni chaqirsak, siz aytgan gavhar so‘zlarni o‘z quloqlari bilan eshitsalar» — dedi. Bu gapga Sohibqiron:
— Vaqt oz, — deb javob berdi. — Majol yo‘q! ... Ular ... yetib kelolmaslar. Ular bilan diydor ko‘rishish endi qiyomatga qoldi. Sizlar bilan hozir so‘nggi muloqot... Bihamdullo, diniy muloqotdan ko‘nglimga orzu qolmaydir. Magarkim farzand Shohruhnikim, hozir bu yerda ko‘rmadim...
Sohibqiron so‘nggi so‘zlarni armon bilan aytganini hamma sezdi. Uning Shohruhga aytadigan muhim gaplari bor edi. Shunday barkamol o‘g‘li turganda, uzoq yurgan nevarani valiahd tayinlagani unga endi xiyol mavhum tuyulmoqda edi.
Beku a’yonlar tarqagandan keyin Sohibqiron Ahmad Tusiyga:
— Endi shahzodalarni chorlang, — dedi. — Hazrat Bibixonim boshlab kirsin.
«Siz boshlab kiring» deyilmagan bo‘lsa ham Ahmad Tusiy muhim bir narsadan quruq qoladigandek, Bibixonim bilan shahzodalarni o‘zi boshlab kirdi.
Bibixonim bemorning oyoq tomoniga cho‘kkalab, kuyunib yig‘lagan holda:
— Mendan rozi bo‘ling, hazratim! — dedi. Sohibqironning ko‘zida ham yosh yiltiradi.
— Iloj qancha, Bibijon... taqdir shu ekan... Men sendin mingdan-ming rozimen. Sen bilan o‘tgan umrimga shukrona aytamen.
Bu so‘zlardan Bibixonim o‘zini tutolmay o‘kirib yig‘ladi. Nevarasi Ibrohim uni ikki qo‘lidan olib:
— Buvijon, og‘ir bo‘ling, jon buvijon! — deb yalinib tinchitdi.
Hushyor turgan nevarasidan Sohibqiron mamnun bo‘lib, Ibrohimning boshini siladi:
— Ilohim baxtli bo‘l, umring uzoq bo‘lsin! — deb duo qildi.
Sohibqiron o‘ng yonidagi Ulug‘bekka yuzlandi:
— Endi meni Ulug‘bek bilan yolg‘iz qoldiringlar. Shu nevaramga aytadigan gapim bor...
Ulug‘bek bobosi bilan yolg‘iz qolganidan keyin uning o‘ng tomoniga o‘tib, qulog‘ini bobosiga yaqin tutdi.
— Otangga o‘xshaysan, Ulug‘bek. Shohruhni sog‘indim. Qani hozir yonimda bo‘lsa?!
— Otam ham sizni jondan aziz ko‘radilar, hazratim!
— Ahmad Tusiy menda yomon shubha uyg‘otgan edi. Karaxt qiladigan dori ham berdimi nima balo?! Endi sal xayolim tiniganday bo‘lyapti. Men hozir bir gap aytaman. Yaxshi eslab qol. Bir so‘z qoldirmay otangga borib ayt.
— Jonim bilan aytamen!
— Agar Pirmuhammad valiahdlikni eplasa durust, eplolmasa, hokimiyatni Shohruh qo‘liga olsin. Ko‘pchilik beku sarkardalar Shohruhga moyil. Men ham Shohruhga ishonaman, oq fotiha beraman. Faqat aql bilan, tadbir bilan qon to‘kmay ish ko‘rsin. Bu gaplarni otangdan boshqa hech kimga aytma. Xo‘pmi?
— Xo‘p, Hazrat bobojon!
Sohibqiron uning peshonasidan bir o‘pdi-da, so‘zida davom etdi:
— Shohruh menga «biror yil dam oling» deb to‘g‘ri aytgan ekan. Yetti yillik urushdan keyin dam olmay Xitoyga yurish boshlash... Buni menga otam rahmatli ham tushimga kirib eslatdi... Qalin o‘rmon orasida otim bog‘loqlik turgan ekan. Birdan otam paydo bo‘ldi. Indamay, men tomonga o‘girilib ham qaramay egarlog‘lik otimning oldiga bordi. Ustidagi egar-jabdug‘ini yechib oldi-da, yo‘lning naryog‘iga eltib qo‘ydi. Keyin bir payt otam g‘oyib bo‘ldi. Cho‘chib uyg‘ondim. Chodirda sovqotib yotibman. Tushundingmi? Otning egarini olib, yaydoq qilib ketgani «harbiy yurishga bormagin, yutqizasan!» deganlari ekan. O‘g‘lim Shohruh xuddi shu gapni menga muloyimroq qilib aytgan ekan. «Biror yil dam oling» deganda men unga piching qilgan edim. «Charchagan bo‘lsang, sen dam ol, Xitoyga men o‘zim qo‘shin tortaman» degan edim. Lekin Shohruh haq ekan! Haq! Sen buni otangga borib ayt. Har qalay Shohruh o‘g‘lim oldida dilimni pokladim, buni ham borib ayt!

* * *

Yo‘lda qattiq charchagan Ulug‘bek ota-onasi bilan Vog‘i Safedga kelib tushdi. Hammomda yuvinib, toza kiyimlarini kiygach, dasturxon ustida ota-onasiga bo‘lgan hodisalarni bir-bir aytib berdi.
— Hazrat bobom menga muhim bir gap aytganini makkor Ahmad Tusiy sezdi. Shuning uchun bittasi Samarqandga kelgunimcha og‘zimni poylab keldi. Buxoroda bo‘lsa “tutib olib hibs qilinsin”, degan farmon bor ekan. Amu bo‘yigacha taqib etib kelishdi-ku! Xayriyat, niyatlariga yetitisholmadi noinsoflar!
— Yaratganga shukur, — dedi Shohruh. — Panohida asrapti.
— Bobom menga qarab: “Temuriylar sulolasini iloyo otang bilan sen davom ettiringlar! Omin!” — deb yuzlariga fotiha tortdilar.
Bu gaplarni eshitganda Shohruhning ko‘zidan yosh oqib ketdi, yuziga fotiha tortganda kafti ho‘l bo‘ldi. O‘zini tutolmay o‘kirib yig‘lay boshladi:
— Voy otajonim-ey! Shunchalik tanti, ulug‘ odam endi yo‘q! Qabr toshi ostida! Voy, bunga qanday chidab bo‘ladi?!
Ulug‘bek ham otasiga qo‘shilib: “voy bobojonim-ey!” deb yig‘lay boshladi. Ularning yig‘isiga Gavharshod begim qo‘shildi. Ular o‘sha kundan boshlab ko‘k kiyib aza tutdilar. Yaqin-yiroqdan xesh-aqrabolar, yoru birodarlar yig‘ilib, aza ochdilar.
Mahalla-ko‘ylarda, jome masjidlari oldida qo‘ylar so‘yilib, el-yurtga xudoyi oshlar tortildi.

* * *

Vaziyat juda noziklashib ketdi. Valiahd Pirmuhammad Mirzo Balxga yetib keldi-yu Shohruh Mirzo bilan maslahatlashmay, achchiq ustida bir elchini quyidagi qisqa maktub bilan Samarqandga, Xalil Sultonga jo‘natdi:
— Janob Xalilbek! Ulug‘ bobomiz Amir Temur ixtiyoridagi valiahdlikni sizga kim berdi?
Albatta, bu achchiq so‘zlar Xalil Sultonning jon joyiga borib tegdi. U yanada achchiqroq bir javob yozib yubordi:
— Janob Pirmuhammadbek! Amir hazratlariga taxtu mamlakatni bergan qodir egam endi menga ham inoyat qildi.
Bu javobni o‘qigan beku ayonlar Xalil Sultonning juda katta ketganini, o‘zini Amir Temurdan ham baland qo‘yib, hatto bobosining nomi-yu, Sohibqironligini ham qalamga olmaganini ko‘rgandan keyin “endi qirg‘in urush bo‘ladi”, deb bexatar joy izlab qoldilar.
Shohruh Mirzo podsholarga xos bir bosiqlik bilan o‘z yerida salobat saqlab turar edi. Betaraf turgan tajribali sarkardalar eng bexatar joy deb Shohruh Mirzo mulkini tan oldilar va to‘p-to‘p bo‘lib Hirotga kela boshladilar.
Vaqt — adolatli hakam — Xalil Sultonga qarshi ishlayotganini ko‘pchilik sezib turardi. Pirmuhammad Mirzo ham hozirgi temuriylar orasida eng munosib voris Shohruh Mirzo ekanini tan olmasdan, shoshqaloqlik qilmoqda edi. Undan boshqa odam bo‘lsa, avval yoshi katta Shohruh Mirzoning maslahatini olishi kerak edi, keyin Xalil Sulton bilan olishsa, biron natija bo‘lishi mumkin edi... Hozir u ham o‘z kuchiga ortiq darajada ishonib, darhol qilich yalang‘ochladi.
Ularning jangi qadimgi Nasaf yaqinida, daryo bo‘yida bo‘ldi. Ikkovining ham botir yigitlari ko‘p edi. Lekin Pirmuhammad Mirzoning yigitlaridan bir necha ming kishi g‘alabaga ishonmasligi tufayli urushmasdan Xalil Sulton tomoniga oq bayroq ko‘tarib o‘tib ketdi. Xalil Sulton iste’dodli sarkarda edi. Qo‘shini ko‘payganidan ustalik bilan foydalandi. Jang uning g‘alabasi bilan tugadi. Pirmuhammad Mirzo Balxga chekindi.
Uning yonida yurgan vaziri Ali Toz Balxning Hinduvon qal’asida “G‘alaba bizniki bo‘ladi!” deb katta ziyofat tayyorlatgan, ajoyib xonandalar va Hindistondan olib kelingan raqqosalarni bazmga chaqirtirib qo‘ygan edi.
Alamzadalikdan ichishga o‘rgangan Mirzo Pirmuhammad qal’aga qaytgandan keyin o‘tkir mayinobdan bir kosa ko‘tardi. Shu bilan ziyofat va ichkilikbozlik tong otguncha davom etdi.
Bu voqeaning tafsilotlari Shohruh Mirzoning Balxdagi xufyalari orqali o‘sha kuni kechgacha Hirotga ham yetib bordi.
Samarqandga g‘alaba bilan qaytgan Xalil Sulton Sohibqiron bobosi o‘nlab yillar davomida yiqqan eng katta oltin xazinalarini ochdirdi. Jangda g‘alaba keltirgan beku navkarlarga oltin tangalardan hovuchlab mukofot berdilar. Xazina juda katta ekan, shuncha oltin ulashsalar ham tagi ko‘rinmas edi. Shundan keyin Shodimulk begim oltin tangalarga to‘ldirilgan chelaklarni xizmatkorlarga ko‘tartirib, baland qal’a devorining ustiga chiqdi. Pastda turgan va olqish aytayotgan minglab odamlarga oltin tangalarni xazon yaproqlariga o‘xshatib socha boshladi. Bu uning g‘alaba shodiyonasiga atab el-yurtga ulashayotgan sovg‘asi edi.
Bu g‘alabadan keyin Xalil Sulton bosar-tusarini bilmay, hovliqib, ayshu ishratga berildi. Davlat ishlarini xotini Shodimulk begim boshqardi, Bobo Turmush degan bir qarindoshini vaziri a’zam qilib ko‘tardi. Bobo Turmush Balxdagi Pirmuhammad Mirzoning vaziri Pir Ali Toz bilan yashirin aloqa o‘rnatdi. Bobo Turmushning qutqusi bilan Pir Ali Toz Mirzo Pirmuhammadni Balx qal’asida kechasi uxlab yotgan paytda xotinini ham unga qo‘shib qilichdan o‘tkazdi. Bu qotillik evaziga Samarqanddagi Bobo Turmush Xalil Sulton nomidan Pir Ali Tozni Balx va Badaxshon hukmdori qilib ko‘tardi.
Xiyonatkorlarga bunchalik erk berib qo‘yilsa, temuriylar sulolasi halokatga uchrashi mumkin edi. Shuni sezgan Shohruh Mirzo Hirotdan Balxga Pir Ali Tozga qarshi qo‘shin tortdi. Pir Ali Toz Balxdan Badaxshonga qochdi. Shohruh Mirzo uni ta’qib etib Badaxshonga kelayotganidan xabar topgach, qotil Samarqandga borib, homiylaridan ko‘mak so‘radi. Xalil Sulton Pir Ali Tozni deb Shohruh bilan urushishni istamadi. Shundan so‘ng Pir Ali Toz Afg‘onistonda yashaydigan hazoralar tomonga qochib o‘tdi. Shohruh Mirzo uni ta’qib etib, hazoralar ustiga qo‘shin tordi. Hazoralarga maxsus elchilar yuborib, Pir Ali Tozni tutib berishni talab qildi. Shohruhdan hayiqadigan hazoralar Pir Ali Tozning boshini kesib, terisiga somon tiqib, Shohruhning elchisiga berib yubordilar.
Shu tarzda Pirmuhammad Mirzoning qasdini olgan Shohruh Mirzo Balxga uning katta o‘g‘li Qaydu Mirzoni hokim qilib tayinladi. Endi Balx va uning atroflari ham Shohruhning qalamraviga kirdi.
Bu hodisa Shohruhning qudrati va nufuzini qanchalik oshirgan bo‘lsa, Samarqandda turib Pir Ali Tozga yon bosgan Xalil Sulton va Bobo Turmushlarning obro‘siga shunchalik putur yetkazdi. Xalil Sultonga toju taxtni olib bergan Amir Xudoydod Husayniy va Amir Arg‘unshoh Bobo Turmushni hokimiyatdan chetlatishga urinib ko‘rdilar. Ammo Shodimulk begim bunga yo‘l bermadi, aksincha, Xudoydod bilan Arg‘unshohning o‘zlarini bir chetga surib tashladi. Xalil Sultonga ona o‘rnida tarbiya bergan Saroymulkxonim sirli bir tarzda to‘satdan vafot etdi. Unga Bobo Turmush zahar berib o‘ldirgani haqida ovozalar tarqaldi. Ular yana Amir Temurning xotirasini behurmat qilib, uning sadoqatli bevasi Tuman oqoni Shayx Nuriddinga majburan nikohlab berib, Samarqanddan chiqarib yubordilar.
Noroziliklar tobora kuchayib, oxiri katta bir guruh amirlar va navkarlar Xalil Sultonga qarshi isyon ko‘tardilar. Samarqandning kun chiqish tomonida Sheroz degan qishloq yonida Xudoydod Husayniy boshliq isyonchilar Xalil Sulton qo‘shinini tor-mor qilib, o‘zini asir oldilar.
Asl voqeadan bexabar odamlar “Shohruh Mirzo Xalil Sultonnni urushda yengdi. Samarqand taxtini undan tortib oldi”, degan mish-mishlarga ishonadilar. Vaholanki, Shohruh Mirzo Xalil Sulton bilan biron marta qilich yalang‘ochlab jang qilgan emas, Xalil Sultonni taxtga chiqargan amirlarning o‘zi Xudaydod boshchiligida uni taxtdan tushirdilar. Uning xotini Shodimulk begimni ham kanizlari bilan asir olishib, Shahrisabzga yetib kelgan Shohruh Mirzo huzuriga jazolash uchun yubordilar.
Amir Xudoydod tojsiz podsho bo‘lish niyatida edi. Buning uchun marhum Muhammad Sultonning o‘g‘li bo‘lgan o‘n ikki yoshlik bo‘shanggina Muhammad Jahongirga Samarqand taxtini berib, davlatni uning nomidan o‘zi boshqarmoqchi edi.
Shohruh Mirzo otasining poytaxtini Xudaydodga osongina berib, qarab turadigan anoyilardan emas edi. U qat’iyat bilan Xudoydodga qarshi hamla qildi.
Amir Xudoydod Shohruhga bas kelolmasligini sezib Samarqandni jangsiz tashlab chiqdi va Xo‘jand orqali Andijonga qochdi. U yerdan Mo‘g‘iliston podshosi Muhammadxonning huzuriga borib ko‘mak so‘radi.
Bundan oldinroq Shohruh Mirzo Muhammadxonga elchilar va nodir sovg‘alar yuborib, ikki orada yaxshi munosabat o‘rnatgan edi. Xudoydodga o‘xshagan bitta qochqin tufayli Shohruh bilan orani buzish Muhammadxonning manfaatiga to‘g‘ri kelmas edi. “O‘z valine’matlariga shuncha xiyonatlar qilgan Xudoydod bizga vafo qilarmidi?” deb, uning boshini kesdirib Shohruhga jo‘natib yubordi.
Xalil Sulton Xudoydodning asoratidan qutulgandan keyin Turkiston tomonga qochib ketdi. U Shohruh Mirzo huzuriga borishdan qo‘rqardi. Chunki Shohruh Samarqandda ko‘p yovuzliklar qilgan Bobo Turmush bilan Amir Arg‘unshohni qatl ettirganini Xalil Sulton eshitgan edi.
Shodimulk begim Shohruh Mirzo dargohiga keltirilganda o‘limga hukm bo‘lishidan qo‘rqib dag‘-dag‘ titrardi. Gavharshod begim oraga tushib, shafoat so‘radi:
— Hazratim, bu ayol qilgan gunohlari uchun ming bor uzr so‘ramoqda! Bir lahza arzini eshiting!
Shohruh Mirzo Shodimulk begimni qabul qilganda bu chiroyli juvon yum-yum yig‘lab, yergacha bosh egib, iltimos qildi:
— Men gumrohlik qildim! Mayli, meni o‘limga buyuring, podshoyi olam! Lekin Xalil Sultonni qutqaring! Uning dushmani ko‘p! Biron joyda o‘ldirib ketmasin! Bechorani qutqaring!
Yosh ayol bosh egib shunday so‘zlarni aytgandan keyin Shohruh Mirzo uni biron jazoga buyurishni o‘ziga ep ko‘rmadi.
Turkiston tomonlarda yurgan Xalil Sulton Dashti Qipchoqdagi ko‘chmanchi chingiziylarning quroliga aylanib qolish xavfi bor edi. O‘sha tomonlarda yangi bir fitna qo‘zg‘alishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Shohruh Mirzo qo‘shin tortib Turkistonga bordi va Uzun Ota degan joyda Xalil Sulton bilan uchrashdi.
— Endi o‘tgan ishga salovat, siz mening jigarimsiz! — deb, quchoq ochib Xalil Sulton bilan yarashdi.
O‘zaro suhbatda Xalil Sulton otasi Mironshoh hukmronlik qilgan Isfahon va Ozarboyjon tomonlarga hokim bo‘lib borish istagini bildirdi.
— Hoqoni Sayyid, Samarqandda biz elning nazaridan qoldik, bobomiz poytaxtiga Ulug‘bek Mirzo munosibdirlar, — dedi.
Xalil Sultonning tantilik qilgani Shohruh Mirzoga yoqib tushdi. U Samarqand taxtini o‘g‘li Ulug‘bek Mirzoga inoyat qildi-da, Xalil Sultonni xotini Shodimulk begim bilan Hirotga birga olib borib, bir necha kun mehmon qildi.
Podshoning iliq munosabatidan dillari yumshagan Xalil Sulton va Shodimulk begim Hirotning Bog‘i Safedida mehmon bo‘lib turgan kunlari kimlarning qutqusiga uchib Sohibqiron bobolari vasiyatiga qarshi isyon qilganlarini batafsil so‘zlab berdilar.
— Biz, oshiq-ma’shuqlar, — deb Xalil Sulton o‘zlarini istehzo bilan tilga oldi: — Birimiz podsho, birimiz malika bo‘lib, juda katta ketgan ekanmiz. Keyin bilsak, hokimiyat uchun kurashgan qimorbozlar “gartkam!” deb, bizni oshiqqa o‘xshatib, o‘rtaga tashlagan ekanlar. O‘yin tugagandan keyin oshiq kerak bo‘lmay qolganda birimizni Xudoydod bandi qilib Xo‘jandga olib ketdi, birimizni Keshga sizning huzuringizga asira qilib olib kelishibdi.
Xalil Sulton Shohruh Mirzodan yetti yosh kichik — endi yigirma oltiga kirgan edi. Lekin so‘nggi yillarda uning yuzi allanechuk so‘lib, qarimsiq bo‘lib qolgan, soch-soqoliga oq tushgan edi.
— Amirzodam, mardona lutf qildingiz, — deb Shohruh Mirzo oshiq-ma’shuqlik bilan qimorbozlar oshig‘i haqidagi so‘z o‘yinidan zavqlandi.
— Xayriyat, toleimizga Xoqoni Sayyid, siz bilan hazrat begim, siz bor ekansizlar, — deb Shodimulk begim erining so‘zlarini qo‘llab-quvvatladi. — Sizlarni parvardigor bizga najotkor qilib yuborgan ekan. Bo‘lmasa dushmanlarimiz bizni allaqachon o‘ldirib yuborishardi.
— Har bir ish Xudodan. Bobo Turmush bilan Arg‘unshohlar jazosini oldi-ku.
— Biroq sizga dushmanlik qilgan Xo‘ja Ahmad Tusiy yonidagi Tabriziylar bilan birga qochib qutilib ketdi, — dedi Xalil Sulton. — Men asir tushganimda ular xazinada qolgan oltinu javohirlarni o‘marib, Tabriz tomonlarda hukmron bo‘lgan Qora Yusuf huzuriga qochib o‘tibdir.
— Reyga hokim bo‘lib borsangiz, balki ular huzuringizga qaytib kelishar? — dedi Gavharshod begim.
— Agar qaytib kelishsa, men ularni tuttirib Hoqoni Sayyidning hukmlariga topshirgaymen. Qora Yusuf bilan ham alohida hisob-kitobim bor. Ikki yil burun uning odamlari mening otam Mironshoh bahodirni Sultoniya yaqinida qiynab o‘ldirganlar. Ularga qasos qaytmog‘i kerak!
— Iloyo yaxshi niyatlaringiz ro‘yobga chiqsin! — deb Shohruh Mirzo suhbatni yakunladi.
Shundan keyin Shohruh Mirzo tajribali amirlardan Po‘latbek, Hamzabek, Said Hasan deganlarni o‘n ming kishilik lashkar bilan Xalil Sulton ixtiyoriga berib, uni Reyga hokim qilib jo‘natdi.
Lekin Reyda ham Xalil Sultonning ishi yurishmadi. Sohibqiron bobosining arvohini chirqiratgani, valiahd tayinlangan Pirmuhammad Mirzoning o‘limiga sabab bo‘lgani tufayli uning ruhida qandaydir sinish va yemirilish yuz bergan, sog‘lig‘i ham yomonlashgan edi. Reyda u og‘ir xastalikka uchrab, uch kun to‘shakdan turolmay yotdi-yu, yigirma yetti yoshida vafot etdi. “Bobosining arvohi urdi” degan gaplar tarqaldi.
Yigirma to‘rt yoshlik Shodimulk begim sevgilisi Xalil Sultonsiz yashashni istamay, zahar ichib olamdan o‘tdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.