OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo‘chqor Norqobil. Yangi yil kechasida (hikoya)

U oyoq-qo‘li uvishinqirab, lohas bo‘lib uyg‘ondi. Zil-zambil boshini bazo‘r ko‘tarib, devorga orqa tiradi. To‘shakda o‘tirgan ko‘yi tashqariga razm soldi. Dala uyning birinchi qavatidagi xona derazasiga qor uchqunlari urilayapti. Anchaga dovur derazadan ko‘z uzmadi. Nigohi ilg‘agan hovli sathini, uzun devorning tunuka qalpog‘i, behi, olma, gilosni qor qoplagan. Baribir oqlik yaxshi-da. Ko‘ngil ravshan tortadi.
U o‘rnidan turayotib yelkasida yana og‘riq paydo bo‘lganini his qildi. Go‘yoki ikki kuragi orasiga kirib qolgan besh-olti dona chaqirtikan tag‘in qo‘zg‘alib, aynan tanasining yelka qismini kuydirib, chimillatib a’zoyi badaniga og‘riq berardi. La’nati chaqirtikanlar. Yelkasiga kirib olgan ana shu besh-olti dona chaqirtikan o‘ttiz yildan oshdiki azobini berib kelayapti. Ahyon-ahyonda qo‘zg‘alib qoladi. Na shifosi bor, na qutulishning boshqa iloji. O‘z dardi o‘zi bilan. Birovga aytolmaydi. Nima deb aytadi? Men sog‘man, hammasi mana shu, yelkamdagi chaqirtikanlarning azob-uqubati deydimi? Kim ishonadi. Yelkasida chaqirtikan ko‘tarib yurgan odamni kim ko‘ribdi? Aytib bo‘lmaydi, aytib bo‘lmaydi-ey, eshitgan quloqqa ham g‘alati. A’zoyi-tanangda qilning changiday oshiqcha nimarsa bo‘lsa darhol topib ko‘rsatadigan va tashxis qo‘ya oladigan tibbiyot uskunalari uchun sening yelkangdan (agar bor bo‘lsa) do‘lanaday-do‘lanaday keladigan chaqirtikan nima degani. Shuncha yildan (!) beri yelkangda o‘sib chiqmagani-yu, tibbiyot olamida tajriba maydoniga aylanib qolmaganingga shukr qilsang-chi, keyin ko‘r edi sharmandalikni. 
Nodir yuvinayotib o‘zini o‘zi shunday koyidi, bu bilan xayolidagi bema’ni o‘yni quvmoqchi edi. Yo‘q... Uddasidan chiqolmadi — yelkasi yana chimillab og‘ridi. 
Yemakxonaga tund qiyofada kirib keldi. Xotini, bolalari dasturxonga qo‘l urmay, kutib turishibdi. Kursiga horg‘in cho‘kdi. Uf tortdi. Dasturxonga qo‘l cho‘zgan bo‘ldi. 
— Qani oldik,  maktabga kech qolasanlar...
Xotini zimdan razm soldi:
— Tobingiz yo‘qmi?
U xotinining “yana” degan so‘zni qo‘shib aytmaganidan xursand bo‘ldi. 
— Charchabman, shekilli. Buguncha ishga boray, ertadan boshlab ta’tilga chiqaman.
Ziyodaning chehrasi yorishdi:
— Shunday qiling dadajonisi! Dam oling. Bu yog‘i Yangi yil ham kep qoldi.
Bolalarning ham dimog‘i chog‘, chuvillab qolishdi. 
— Dadajon, yangi yilni qaerda kutamiz? “Dom”dami, “Dacha”dami?
— Yangi yilni sizlar xohlagan joyda kutamiz... Xohlagan narsalaringni olib beraman.
Kenja qizi Zumrad onasi yonidagi kursidan tushib pildirab kelib Nodirning bo‘yniga osildi.
— Dada... Dadajon, menga, nima oberasiz?
— Senga quyoncha, oppoq quyoncha!
— Yo‘q. Oppoq ayiqcha olib bering...
— Xo‘p.
— Tush, pastga tush qizim, dadang ovqatlanib olsinlar.
— Tushmayman, oyi! Tushmayman.
— Qo‘y, mayli, indama. Ke, tizzamga o‘tirib ol, qizim. 
— Dadajon, anov kungiday yelkangizni silab qo‘yaymi?
Zumrad kichik qo‘lchalari bilan Nodirning bo‘yniga qo‘l solib yelkasini silay boshladi. 
— Dada, dadajon... Yelkangizga kirib olgan yulduzchalarni olib tashlaymi... Mana muncha, qulog‘imdagi sirg‘amning yulduzchalariga o‘xshash yulduzchalarni...
Nodir siniqqina jilmaydi. “Mayli” ishorasida bosh silkidi. Qizaloq nozikkina barmoqchalari bilan chimchilab yulduzcha tera boshladi:
— Mana, mana... Bitta, ikkita, keyin... keyin uchta, to‘rtta, keyin... besh... beshta! Op tashladim...
Katta o‘g‘li bilan qizi kulishdi. Xotini:
— Bolaga g‘alati o‘yinlar o‘rgatasiz-a? — dedi.
Nodir og‘riq tursa shartta yuztuban yotib olardi-da besh yarim yashar qizi Zumradni yelkasiga chiqarib olardi:
— Qizim, yelkamdagi yulduzchalarni terib ol. Og‘ritayapti. 
Oiladagilar buni hazil, shunchaki o‘yin deb o‘ylashardi. Nodir ham o‘zini qizchasi bilan o‘yin o‘ynayotganday qilib ko‘rsatardi. Qizcha yulduzchalarni terardi... Shundan so‘ng, yo qudratingdan, Nodir birmuncha og‘riqni unutardi. Ey-ey, buni birovga aytib bo‘ladimi, o‘z uyingdagilardan yashirgan dardni o‘zganing tomida tog‘ora qilib bo‘larmidi? Nima deysan, nima deb aytasan, kimga aytasan. Shu besh yarim yashar norasida anglagan, his qilgan ahvoli ruhingni kap-katta odamlar tushunib yetmaydi, shunisi alam qiladi, yo‘q, bularga buni aytib bo‘lmaydi. Bular yozgan kitoblaringni o‘qishadi, qoyil qolishadi, maqtashadi. Sen yozgan sahna asarlarini eng nufuzli teatrlarda hayratu-hayajon bilan tomosha qilishadi, asarlaring asosida yaralgan kinolarni ko‘rishadi, tasanno aytishadi, gohida o‘zingda yo‘q sifatu-safsatalar bilan ko‘kka ko‘taradilar, so‘ngra yerga uradilar, gohida g‘iybatu-g‘urbat bilan yerparchin etadilar, elagiga ermak, kalishiga patak, ayoliga etak qiladiganlar topiladi. Biroq, shu norasida qizaloqning bilganini bilmaydilar, yelkangdagi og‘riqni tushunmaydilar. Aytma, aytsang shamolning shapalog‘ini yeysan!
Dardini bir marta aytgan. Aytganu mulzam tortgan. Shu-shu og‘zi berk. Og‘zi mahkam. Itni bog‘lab qo‘ysang turmaydigan joyda edi. Harbiy xizmatda, afg‘onda urushida edi. Yaralandi. Gospitalda qornini kesishdi, so‘l sonini kesishdi. Mayda-mayda temir bo‘lakchalarini olib tashlashdi. Kuni bor ekan, o‘lmay qoldi. Oyoqqa turdi. Sog‘inchdanmi yoki nimadir yodiga tushsa yelkasiga chaqirtikan qadalganday jizillatib, chidab bo‘lmaydigan darajada og‘riq berardi. Bir kuni palataga kirib kelgan harbiy do‘xtirga, yelkamda mayda-chuyda yulduzchalar (chaqirtikanning o‘rischasini bilmadi) qadalib azoblayapti dedi. Harbiy do‘xtir achinib qaradi:
— O‘g‘lim, yelkangdagi yulduzchalarni emas, boshingdagi yulduzchalarni olib tashlash kerak. Yulduzchalar boshingda joylashib qolgan. Biz olishimiz lozim narsalarni olib tashladik. Endi... boshingdagi yulduzchalarni faqat o‘zing olib tashlashing kerak. 
Harbiy do‘xtir ezg‘in qiyofada bosh chayqadi. Uf tortib chiqib ketdi. 
Tashqari sovuq. Qahratonning qahri qo‘zigan. Havodagi qor uchqunlarini uvillagan shamol o‘z ko‘yida o‘ynatib ko‘z ochirmaydi. Nodir hovli eshigi yonidagi xizmat mashinasigacha bo‘lgan yo‘lni hansirab bosib o‘tdi. Uydan o‘zini bardam va tetik tutib chiqishiga urinmasin, oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmayotgandi, ko‘z oldi qorong‘ulashib borardi. Qon bosimi ko‘tarilganini his qildi. Orqa eshikni bazo‘r ocharkan, o‘zini behol mashina o‘rindig‘iga tashladi. Xavotir aralash hovli darbozasi tomon o‘girilib qaradi. Boshida og‘riq turdi. 
Uni allaqanday bir kuch zimistonlik qa’riga tortib borardi. U o‘zini tag-tubi yo‘q chohga qulayotganday his qildi. Qovoqlari zil-zambil. Ko‘zini ocholmadi. 
— Shifoxonaga ... Shifoxonaga boramiz, — dedi haydovchiga zo‘rg‘a. 
Mashina o‘rnidan jilgani, dala bog‘ning tor yo‘laklaridan chayqalib borayotganini tusmollab, elas-elas tasavvur qilib bordi. Shamolning guvillashi, allanimalarning qum kabi qaerlargadir charsillab urilishi tubsiz jarlik sari sho‘ng‘iyotgan Nodirning tasavvur oynalarida elas-elas namoyon bo‘lar, u ayni damda falakdan o‘ynab tushayotgan muz qotgan qor uchqunlarini ham ko‘rishni istar, tamoman xastalikka tobe bo‘lmagan tafakkur yolqinlari qorong‘ulik bilan kurashib borardi. So‘ng o‘sha tasavvuri osmonida yulduzday miltillab turgan so‘nggi shu’la ham so‘nib g‘oyib bo‘ldi. Nodir choh tubiga gursillab kelib tushganini his etdi, bo‘g‘ziga nimadir kelib tiqilganday bo‘ldi-da, a’zoyi badani qizib, borliq endi chinakamiga charsillab uchayotgan qip-qizil uchqunlarga to‘lganday bo‘ldi. U tepasida lovullab yonayotgan osmonni, osmondan bodrab-sachrab tushayotgan olov parchalarini ko‘rdi. Guvillagan shamol to‘zg‘itgan olov parchalaridan yerga qip-qizil son-sanoqsiz cho‘g‘ to‘kilardi... Shu mahal Nodir choh tepasida qo‘lida tolning uzun novdasini tutib turgan bolakayni ko‘rdi. Bola jilmayib, qo‘lidagi yam-yashil tol novdasini choh tubiga tashladi. Ko‘kdan yog‘ayotgan olov uchqunlari bolaga umuman ta’sir qilmas, uning atrofini zangor va moviy rang nurlar qurshab turardi. Bolaning ust-boshi jiqqa ho‘l edi. Nodir novdaga tirmashdi, bola kuchli, epchil edi, uni choh qa’ridan tortib oldi. Nodir ham bolani qamrab-qurshagan nur og‘ushida qoldi. Bolaning tabassum yugurgan, yoniq chehrasiga boqib, hayratga tushdi. Bu o‘zining bolaligi, o‘sha, o‘n ikki yoshli Nodir edi. Nodir shuni payqagani hamono bolakay g‘oyib bo‘ldi. Nodir moviy to‘lqinlar ichra tip-tiniq ko‘lda qirg‘oq sari intilayotgani, endi o‘zi ham bolaga aylanib qolganini his qildi. 
Nodir sohilga qadar suzib keldi-da, holdan toygan ko‘yi, qizigan tuproq ustiga chalqancha tushib yotdi. Tog‘ ortida botib borayotgan quyosh nurlarida qirmizi tusga kirgan osmonni ko‘rdi. Alvon bulutlarni esa iris qandning qip-qizil tilla qog‘oziga o‘xshatdi. Bola yotgan joyida ko‘kdagi tilla qog‘ozlarga qo‘l cho‘zdi. Yonida kimdir qiqirlab kulib yubordi. 
— Zumrad... Zumrad, — dedi bola. — Qara, osmonga qara... Osmonga tilla chiqdi, Zumrad. Zumrad hamon qiqirlab kulardi. 
— Zumrad... Zumrad... 
... Boshida allaqanday g‘ala-g‘ovur. Elas-elas sharpalar suzib yuribdi. Qovoqlarini bir og‘ir kuch bosib, ko‘z ochishga majoli yo‘q. Nimadir taraqladi. Kimdir g‘udrandi. Allanechuk gap-so‘zlarni shamol olis-olislarga olib ketadi. 
— Z... Z... Zum...; — dedi u zo‘rg‘a ko‘zini ochib. 
— Hayriyat-ey, o‘ziga keldi, — dedi kimdir. 
— Yurak urishi yaxshi. Xudoga shukr o‘tib ketdi, — dedi yana kimdir.  
— Nima ketdi?... Kim ketdi? Zumrad qani? — dedi bemor ihrakli tovushda bo‘g‘zi quruqshab. So‘ng tepasida turgan notanish qiyofalarni ko‘rdi. 
— Men qaerdaman?
— Shifoxonadasiz. Tinchlaning. Hammasi ortda qoldi. 
To‘rt kundan so‘ng bemorni jonlantirish bo‘limidan alohida nufuzli palataga o‘tqazishdi. Nodir xona derazasidan tashqarida o‘ynab uchayotgan qor uchqunlarini kuzatib yotardi. Qalbini qoplagan vahimali qorong‘ulik yorishgan, endi hayot bilan yuzma-yuz kelib turganidan ko‘nglida taskin va shukrona tuyg‘usi to‘lqin urardi. Tepasida osma ukol tayyorlayotgan hamshiraga ko‘ngli uchun ham iliq gap aytgisi, o‘zining tetikligi bois minnatdorchilik tuyg‘usini izhor etgisi keldi:
— Yangi yilga ham oz qolayapti. Xudo xohlasa, Sizga juda chiroyli narsa sovg‘a qilaman. 
Hamshira ham ochiq ko‘ngil, hushchaqchaqqina ekan: 
— Nima, masalan?
— Xo‘sh, nimani xohlaysiz?
— Aytaymi?
— Ayting...
— Menga atab bitta she’r yozasiz...
— Bu juda oson, mushkulimni oson qildingiz...
Qiz kuldi.
— Mayli, sog‘-salomat bo‘ling. Boshqa dard ko‘rmang. Kitoblaringizni o‘qiganman. “Qordagi lola” qissangiz menga yoqadi. Sizga bir savol bersam maylimi?
— Mayli... 
— Operatsiya paytida “Zumrad, Zumrad” deb alahladingiz... Zumrad kim?
Nodir tolmovsiradi. Duduqlandi. Tuyqus quvonib, chehrasiga kulgu yoyildi. 
— Zumrad, qizim! Kichkina qizimning ismi Zumrad!
— Yaxshi ko‘rarkansiz-a?
— Judayam. 
— Xo‘sh endi yonboshga o‘giriling, ana shunday... Yaxshi!
Hamshira osma ukolni ham ulab chiqib ketdi. 
Yangi yil kirib kelishiga ham uch kun qoldi. Nodir shifokorlarga o‘zini batamom tuzalib ketganday ko‘rsatishga urinardi. Oyoqqa turdi. Palatada, yo‘lakda bemalol yura boshladi. Do‘xtir baribir biladi-da. Bosh shifokor Nilufar Ahmedovna bugun emas, ikki kundan keyin javob berishlarini aytganda, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib shalviradi qoldi. 
— Yurak bilan hazillashmang, – dedi bosh shifokor, qat’iy. — Qolaversa, siz hali yoshsiz, shu yoshingizda infarktga yo‘l berib o‘tiribsiz... Bo‘ldi, yana ikki kun nazoratimizda bo‘lasiz, tashxislar ma’lum bo‘lgach, shunga qarab ish ko‘ramiz... 
— Axir, Yangi yil... 
— Hechqisi yo‘q. Hali ko‘p Yangi yillarni qarshi olasiz.
— Uyda, bolalarim... 
— Aytdim-ku, Nodir Sobirovich, tashxislar ertaga chiqadi. Yaxshi bo‘lsa albatta indinga sizga javob beramiz. 
Nodir qat’iyati mehrga yo‘g‘rilgan bu ayol qarshisida lom-mim deyolmadi. Labini tishlab, bosh silkib qo‘ya qoldi. 
Bosh shifokor hamshira keltirgan allaqanday qog‘ozlarga sinchiklab nazar tashlarkan, bexosdan Nodirning yuzi burishib ketganini, ihrab yuborganini sezdi. Nodir o‘ziga pichirladi: 
— La’natilar, kuydirib og‘ritayapti, yana harakatga kep qolishdi... 
Bosh shifokor Nodirga yalt etib qaradi. 
— Nima bezovta qilayapti. Nima bo‘ldi? Nima harakatga keldi? 
Nodir ko‘zini olib qochdi. 
— O‘zim shunchaki. — Kulgiga oldi. — Yelkamni nimadir qitiqlaganday bo‘ldi.
Bosh shifokor bemorga ajablanib qaradi. Anchagacha yuzidan nigohini uzmadi. Ayol kishining sinovchan nazariga dosh berishdan yomoni yo‘q. Hamshira Nodirning qon bosimini o‘lchadi. Joyida. Yurak harakati ham me’yorida. 
— Siz mendan nimanidir yashirayapsiz. Sizni nima bezovta qilayapti? 
— Aytdim-ku, soppa-sog‘man. Shunchaki... bu... bolalik, yoshlik bilan bog‘liq xotiralar asorati shekilli. 
Bosh shifokor bu g‘alati bemorga, elga taniqli adibga yanayam qiziqsinib qaradi. 
— Xo‘sh, yoshlik xotiralari bilan bog‘liq xastalik asoratini biz davolay olmaskanmizmi? Faqat sizga ma’lum bo‘lgan bu kasallikka tashxis qo‘yolmaymizmi?
— Nilufar Ahmedovna, vaqti-soati kelganda albatta, bu haqda bir hikoya yozib qo‘lingizga tutqazaman. 
Bosh shifokor endi samimiy jilmaydi. 
— Yo‘q... yo‘q. Bu yerga qaytib tusha ko‘rmang. Biz sizga ruxsat bermaymiz. Hikoyangizni birorta jurnalda chop ettirsangiz o‘zim o‘qib olaman. Nodir Sobirovich, endi biroz uxlang. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. 
Nodir palatada o‘zi yolg‘iz qolarsan, to‘shakda chalqancha yotgan ko‘yi o‘ziga g‘udrandi: “Hikoya emish, qanaqa hikoya?! Dardu doston deb atasa yaxshidir, balki...” Chindan ham u bolalik xotiralari, yoshlik hayajoni-yu, yelkasida manavi la’nati chaqirtikanlar huruji haqida yozib nimaga erishardi? 
Xayol baribir aql tizginini uzdi. Xayolida ma’sum o‘smirlikning tiniq xotiralari tiklana boshladi.
... Nodir Zumradni ilk bor ko‘rgan kunni esladi. U hamisha o‘sha kunni qalbi ajib hislar girdobiga xotirlaydi. Mana shuncha yil o‘tibdi hamki, kechagina yuz berganday, yo‘q, shu voqea hozir bo‘layotganday tuyulardi. Sinfga Zumradni o‘qituvchisi boshlab kirdi. Zangor maktab ko‘ylagi ustidan oq fartuk kiyib boshiga, atirgulday qip-qizil bantik taqqan qizni ko‘rib Nodir boshqacha bo‘lib ketdi. 
— Bolalar, tanishinglar, Zumrad! Bugundan boshlab Zumrad bizning “A” sinfimizda o‘qiydi. 
Nodir birinchi sinfga borganiga hali o‘n kun ham bo‘lganini yo‘q, lekin, “A” sinf bilan “B” sinfning tafovuti borligini sezganday bo‘ldi. Zumrad hozircha o‘qituvchining yonidagi stulda o‘tirib turarkan, o‘qituvchi opa unga alohida mehr ko‘rsatayotganday tuyuldi. Zumrad chindan ham chiroyli, kiyimlari ham chiroyli, qip-qizil sumkasi ham hech kimda yo‘q — chiroyli edi. 
O‘sha kecha tush ko‘rdi. Tushiga Zumrad kirdi. U sinfga qip-qizil maktab kiyim kiyib kelibdi. Keyin uning yoniga kelib o‘tirdi. 
Ertasiga maktabga Zumrad kecha Nodir tushida aniq-tiniq ko‘rgan qizil forma kiyib keldi. O‘qituvchi opa uni Nodirning yonimga o‘tqizdi. 
Ular bir partada o‘tirishdi. U xursand edi. Shu-shu, Zumrad bilan do‘st bo‘ldi. Yillar o‘taverdi. U uy vazifalarini Nodirdan ko‘chirar edi. Agar u besh baho olsa, o‘zida yo‘q sevinardi. U Nodirga qarab jilmayardi. Unga shuning o‘zi kifoya edi. Ayniqsa, matematika darsini o‘lguday yomon ko‘rsa ham uyga berilgan misol-masalalarni Zumrad uchun ishlardi. Zumrad ko‘chirardi, jilmayardi, “besh” baho olardi, yana jilmayardi. Zumradga hammaning havasi kelardi. Hamma hushomad qilardi. Hatto o‘qituvchilar ham Zumradga ovozini balandlatib gapirolmasdi. Zumradning otasi tumandagi eng kattakon odamlardan biri edi. Kimsan falonchi ijroqo‘mmi, ispolkommi, bir balo! Xullas, hamma soyasiga salom beradigan odam! 
Kim biladi deysiz, Zumrad ham shuning havosini oldimi yoki qiz bolaning aqli erta “pishishi” chinmi, ishqilib, o‘zini boshqalardan ancha baland qo‘yadigan bo‘ldi. Biroq, Nodir bilan o‘sha-o‘sha! Matematikami, tarixmi, nima darsdan ko‘chirish kerak bo‘lsa, dastyor tayyor, Nodir yuragini tutganday qo‘shqo‘llab unga daftarini ko‘chirishga beradi. Sinfdagi o‘g‘il bolalarning ko‘pi bunga g‘ashi kelardi. Nodir faqat Zumrad uchun o‘qiydi, deb mazax qilishardi. Nima deyishsa, deyishmaydimi, gapirganlar gapirib, ichi kuyib qolaverardi. Xullas, ular yetti yil bir partada o‘tirishdi. Yozgi ta’tilda Zumrad Qrimga Artekka ketdi. Nodir uyda qoldi. Otasiga yordamlashdi. Ochig‘i, otasi bilan kishilarning devorini urib, uyini tiklab, og‘ilini butlab, yerini yumshatib mardikorlik qilishdi. Uch oy qora mehnat bilan o‘tdi. Nodir uzun yoz tunlarida o‘zidan olislarda, Artekda dam olayotgan Zumradni eslab yuragi hapqirib, ichi yonib borar, botinidan nimadir uzilib ketganday bo‘lardi. O‘zi bilan Zumrad o‘rtasida ulkan jarlik, o‘tib bo‘lmas masofa mavjudligini endi anglayotgandi. Hayotning bu nomutanosibligi bois qalbida endi nish urayotgan balog‘at chechaklari umidsizlik ayozi ostida qolib ketayotganga o‘xshardi. 
Nodir otasiga achinardi. Oiladagi to‘qqiz jonni boqaman deb o‘zini o‘tga-cho‘qqa urayotgan otasi ancha yillar ilgari o‘qituvchilik qilgan, otasi maktab direktori va ayrim o‘qituvchilarning ba’zi bir qallobliklariga chiday olmay (xullas, bu yog‘i bizga qorong‘u) senlar ishlagan maktabda ishlamayman, deb qo‘l siltab chiqib ketgan deyishadi. Shu-shu maktabga qaytib bormadi, boshqa maktabdan ish izlamadi. Qaysarligi qiyiqni qirq yorib — aytganini qildi. Mardikorlikni o‘ziga ravo ko‘rdi. Nodirning ko‘ngli o‘ksikligi ham shundan. Biroq, otasining yuziga tik qarab biror gap aytib bo‘larmidi. Harom topishdan, harish yeyishdan xudo asrasin. 
Chillaning chillakini yorgan jaziramasi. Quyosh tikdan turib tos manglaydan urgan mahali, boshingga tig‘ sanchilayotganday bo‘lardi. Qishloqni qoq ikkiga bo‘lgan katta yo‘l yoqasida yangi tushgan tomorqa atrofida ota-bola devor tiklashayapti. 
Nodir bir yarim quloch balandlikdagi devor ustida o‘tirib, otasi pastdan belkurakda uzatgan loy bilan devor ko‘tarayapti. Oftob atrofni yondiradi. Nafasi qaytadi. Boshidan aft-angoridan shovullab ter oqadi. Jayraning sixiday tip-tikka bo‘lib o‘sgan sochlari ham oftobda kuyib, sarg‘ayib ketgan. Kechgacha yana bir paxsa urib, egasi bilan hisob-kitob qilishlari kerak. Nodir devor ustida turib sarobday jimirlab turgan katta yo‘l adog‘iga qaradi. Olisdan nimadir qorayib ko‘rindi. Ota loy uzatdi, Nodir payqamadi, loy yerga qaytib tushdi. Ota g‘udrandi. Nodir tishini-tishiga qo‘ydi. Ichida bunday hayotga ming la’nat o‘qidi. Shu payt olisdagi mashina — qop-qora Volga devor yoniga kelib to‘xtadi. Ichidan qotmadan kelgan, daroz, yozgi kostyum-shim kiyib, bo‘yinbog‘ taqqan shlyapali kishi tushib ularga yaqinlashib kela boshladi. Otasi turgan joyida qotib qarab turdi, so‘ng so‘kindi: “Enag‘ar, bu nimaga keldi?”. Olifta va savlatdor daroz ularga yaqin keldi. Bir devor ustidagi Nodirga, bir otaga qaradi: 
— Ha, arpangni xom o‘rganmidim, salom ham bermaysan?! O‘zing qolib endi bolangni ham xoru-zor qilyapsanmi?
— Ishing bo‘lmasin! Menga yordam berayapti. Sendan hech narsa so‘ramayman, — dedi otasi ham ijirg‘anib yerga boqarkan. 
Nodir bu holatga hangu-mang bo‘lib qarab turardi. Haligi shlyapali kattakon miyig‘ida kulib, zaxarxandalik bilan kesatdi: 
— O‘shanda gapimga kirganingda edi, ishlab yurarding. Qaysarligingdan go‘r ham bo‘lmaysan, sen ahmoq. 
Otasiniki tutib ketdi, battar o‘shqirdi: 
— Nima qilishim kerak edi? Kolxozchining bolasiga berilishi kerak bo‘lgan oltin medalni anavi, gumashtang, sovxoz direktorining o‘g‘liga berishim kerakmidi?
— O‘zingni bos! Itning orqangi oyog‘i bo‘lib o‘lib ket, menga desa!...
Otasi jahl ustida yerdan bir changal loy olib haligi kattakonning yuziga tushirdi. Kattakon chayqalib yiqilib tushdi. Shlyapasi boshidan uchib yo‘l bo‘ylab gildirab ketdi. Shu tobda qora oynavand Volganing orqa eshigi ochilib, bir qiz chinqirab yubordi. 
— Ota-a-a! Ota-a-a..., — qiz gandiraklab shlyapasini olayotgan kattakon tomon chopib borardi. Bu Zumrad edi. 
Devor ustida o‘tirgan Nodirning ko‘zi tinib, boshi chirpirak bo‘lib aylanib, bo‘g‘ziga nimadir tiqilib, nafasi qaytdi. Tuyqus muvozanatini yo‘qotib, devor ustidan “shilq” etib chaqirtikan ustiga quladi. Yelkasiga tig‘ sanchilganday, yelkasini nimadir kuydirayotganday, ko‘zidan olov chiqib, boshida chaqin chaqqanday bo‘ldi. U holsizu hushi uchgancha yotgan joyida kattakonning: 
— La’nati, men seni yo‘qotaman, turmada chiritaman, — degan do‘q-po‘pisasini eshitdi.
Otasi Nodirning ustidan yarim chelak suv quyib o‘ziga keltirdi. Alamidan dag‘-dag‘ titragan ko‘yi o‘g‘lining nam boshini bag‘riga bosib o‘kirib yig‘lab yubordi. Nodir otasining bunday ahvolda ilk bor ko‘rishi edi. 
— Tur, o‘g‘lim. Tur, uyga ketdik... 
Ota o‘g‘lining qo‘ltig‘idan suyab turg‘azdi. Uning yelkalarini siladi. Yelkasiga qadalib qolgan chaqir tikanlarni kafti bilan silab tushirib tashladi. Yelkasining chaqir tikan kirgan joylari qontalash bo‘lib, chizillab qon sizildi. 
Nodir uyda bir hafta alahsib yotdi. Oftob urib, holdan toygan ekan, deyishdi. Dardi bir o‘ziga, bir xudoga ma’lum bo‘ldi. U oyoqqa turgach, otasining qarori bilan oilasi cho‘lga ko‘chdi. Nodir ikki yil cho‘l maktabida o‘qidi. Shu ikki yil ichida Zumradni bir kun ham xayolidan chiqarmadi. Uni eslaganda yelkasida nimadir chimillab og‘riq berib qo‘yardi. 
Cho‘ldagi maktabni tamomlab Nodir Toshkentga o‘qishga ketdi. Qishki imtihon payti qishloqdan kursdoshi gap topib keldi, Zumrad erga tegdi. Otasi qizini o‘zidan ham kattakon odamning bolasiga uzatibdi. Yoshlikning billur umidlari chilparchin bo‘ldi. 
Oradan ko‘p o‘tmadi. Zumradning otasi qamaldi. Nodirning otasi oilasini olib cho‘ldan qishloqqa qaytdi. 
...Nodir bolalik xotiralari og‘ushida taqdirning notanti o‘yinlari mohiyatini xuddi tashqarida aylanayotgan qor zarralariga uzoq termulib uqib olishi mumkinday, og‘ir o‘yga botib derazadan ko‘z uzmay yotardi. U ancha paytgacha xona derazasidan ko‘z uzmadi. Oqib o‘tayotgan umr daryosi haqida o‘yladi. O‘lim bilan hayot oralig‘i bir qadamligini anglab yetganday bo‘ldi. Boru yo‘g‘idan bexabar bu dunyoda zarra boshida ne-ne sinovlar charxi aylanganini ko‘z oldiga keltirdi. Keyin... keyin nigohi toliqdi, ko‘zlarini yumdi. Zum o‘tmay uyquga ketdi. 
...Bugun o‘ttiz birinchi dekabr.
Yangi yil kirib kelayapti. Ko‘zi eshikda, hamshiraning kirib kelib, sizga javob bo‘ldi, deyishini kutayapti. Tushdan keyin ikkita osma ukol olsa, bas, agar tashxislar yaxshi chiqsa (yaxshi chiqsin, ishqilib) uyiga ketadi. Xona eshigi ochilib hamshira kirib keldi. Yuzida tabassum. U eshik hatlashi hamono bosh barmog‘ini tik qilgan holda “zo‘r” ishorasini qildi: 
— Tashxisingiz vo! Mana bunday. Tushdan keyin osma... So‘ng uyga javob! 
Nodir o‘zini uzoq yillardan beri shifoxonada yotganday his qila boshlagan edi. Boshidagi tuman tarqadi, ketdi. Shu mahal qo‘l telefoni jiringladi: 
— Ha, Nodirvoy, qalaysan? Bayram bilan yo‘qlamaydiyam deb o‘pka-gina qilib tursam, shifoxonaga tushib qolganingni eshitdim... Nima gap, tinchlikmi?... Sog‘liging durustmi? O‘zim seni ko‘rgani bormoqchi bo‘p turibman... 
Ustoz. Xalqning ardoqli, ulug‘ shoiri qo‘ng‘iroq qilib turibdi. Nodir hayajonlanganidan kalimasini topolmay turdi: 
— Rahmat, ustoz. Ming rahmat. Mana chiqayapman... Yaxshiman. Javob berishdi. O‘zim Sizni ko‘rib o‘taman, ustoz. Minnatdorman! 
Ko‘ngli tog‘day ko‘tarildi. Katta boshini kichik qilib qo‘ng‘iroq qilgani uchun Ustozdan minnatdor bo‘ldi. 
Yo‘lning ikki chetida o‘rnatilgan simyog‘ochlar chiroqlari nurida tovlanib tushayotgan qor zarralari ko‘ngilga allanechuk zavq-shavq bag‘ishlaydi. Nodir mashina oynasidan nur og‘ushida yarqirab aylanib uchayotgan qor uchqunlariga ko‘tarinki kayfiyat bilan qarab borardi. U xuddi hayotini yangidan boshlayotganday, shu fayzli yangi yil tunidagi hamma yaxshi narsalar faqat unga atalganday edi, go‘yo.
Haydovchi mashinani dabdabali ko‘p qavatli savdo majmui yonida to‘xtatdi. Odam gavjum. Hamma bayramga O‘zbekiston Respublikasibu narsa xarid qiladi, hamma uyiga shoshiladi. Nodir kenja qiziga kattakon o‘yinchoq oq ayiq sotib oldi. Xotiniga besh dona qip-qizil atirgul xarid qildi. Ustozinikiga ham quruq qo‘l bilan kirib o‘tishni ep ko‘rmadi. Tort va qimmatbaho vino oldi. O‘z ishidan ko‘ngli to‘lib mashinaga o‘tirdi. 
— Avval Ustozning uyiga hayda. Yarim soat o‘tiramizda, keyin uyga qaytamiz. Qo‘rqma, bayramga ulguramiz! 
Eshikni notanish ayol ochdi. Nodir aft-angoridan xizmatkor ekanini angladi. U Nodirga uzoq tikilib turdi. Ko‘zlari shunchalar mahzun ediki, tim qora qoracho‘g‘lari qa’rida allanechuk sirli bir joziba yashiringandi. Ayol ko‘zini yerga qadadi-da, shart burilib oshxona tomon ketdi. 
Bayramona dasturxon. Oila jamuljam. Yemak-ichmakning kami yo‘q. Ustoz bayram tilagini aytdi. Nodir ichmadi. Axir, to‘g‘ri shifoxonadan kelyapti. Ahvoli o‘ziga ayon. 
— Ustoz, men qaytsam... 
— To‘xta, yarim kosa qaynatma sho‘rva ichib ket, — so‘ng yangaga qaradi. — Zumrad ham kelsin, o‘tirsin! — Ustozning o‘zi oshxona tomonga ovoz berdi: — Zumrad! qolgan ishni keyin qilaverasan! Dasturxonga kel! — Nodirga qarab qo‘shib qo‘ydi — Darvoqe, bu ayol sen tomondan. Yangangning singlisi olib keldi. Qo‘shni turisharkan. Biroz qiynalib qolibdi. Ha, mayli, dasturxonga qara! 
Shu mahal qo‘lida likopcha va bir talay sanchqi ko‘tarib haligi ayol kelib, chetdagi kursiga omonat cho‘kdi. Nodir unga yana diqqat bilan razm soldi. Birdan yuragi gupillab urib ketdi. Ko‘z oldi oniy holatda bir qorong‘ulashib yorishganday bo‘ldi. Nafasi tiqildi. Lablari pirpiradi. O‘ziga-o‘zi pichirladi: “Zumrad... Zumrad...” Nodir og‘ir uf tortdi, bazo‘r o‘zini tutib turardi. Tomog‘iga bir o‘krik tiqilib turardi. Zumrad dasturxon chetidagi omonat kursida omonatgina bo‘lib o‘tirardi. 
— Ustoz, — dedi Nodir ovozi qaltirab, — Men endi boray...
— Ha, tobing bo‘lmayaptimi?
— Shunday... 
U zo‘rg‘a oyoqda tik turib hovli eshigiga chiqdi. 
— Tezroq hayda, — dedi haydovchiga ovozi xirillab, — old oynani ochib qo‘y!..
— Sovuq-ku, shamollaysiz... 
— Och. Ochib qo‘y! 
Mashina ichiga shamol qor uchqunlarini haydab kirdi. Dala bog‘ etagiga yetgach, Nodir mashinani to‘xtatishni buyurdi. 
— Nima bo‘ldi, xo‘jayin? Tobingiz qochdimi? 
— Bilmadim, a’zoyi badanim yonib borayapti. Yelkam achishayapti.
U mashinadan tushdi. Egnidan paltosini, kostyumini yechdi. Haydovchi angrayib qarab turardi. 
— Nima qilyapsiz, xo‘jayin, axir, axir...
Nodir parvo qilmadi. Oppoq qor ustiga yelkasi bilan chalqancha yotib oldi. Yelkasini jizg‘anak bo‘lib kuydirayotgan og‘riq tina boshladi. Qor uchqunlari Nodirning yuzini ohista siypalab qo‘yardi. U anchagacha shu alfozda qor ustida osmonga qarab yotdi. 
Keyin og‘riqdan xalos bo‘lgan ko‘yi o‘rnidan turdi. Haydovchiga kiyimlarimni ber ishorasini qildi. 
Nodir hozirgina o‘zi qor ustida chalqancha yotgan joyga yana bir bor qaradi. Ayniqsa, ikkala kurak o‘rtasidagi yelka chuqurchasi izi uni seskantirib yubordi. Qordagi yelka chuqurchasi izida qon tomchisi ko‘zga tashlanardi. Ular beshta edi. Shu beshta qon tomchisi oppoq qorda go‘yo miltillab turardi. Nodir yelkalari yengil tortganini payqadi. 
— Qutildimmikan?, — dedi o‘ziga o‘zi. 
Mashina chirog‘ining o‘tkir nurlari quyuq qor uchqunlarini yorib oldga intiladi. Orqa o‘rindiqqa boshini mashina oynasiga tirab olgan Nodirning ko‘zlaridan duvillab yosh oqardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.