OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Qaytim (hikoya)

- Otangizning boshiga borib kelsak, - dedi Hojar buvi iymanibgina. Buvining odati shunday – birovdan qarz so‘rayotganday, qisinib-qimtinib, eshitilar-eshitilmas ovozda, ohista gapiradi. –Vaqtingiz bo‘larmikan, bolam?
Avji saratonda shahardan horib-charchab qaytgan o‘g‘lining jahli chiqib, baqirib-chaqirib ketishidan hadiksirab turgan edi. Insof berdimi yo o‘sha kuni Jobirning ishlari baroridan kelganmikan, qovoq-tumshuq qilmadi.
- Nega bo‘lmas ekan, - dedi royishlik bilan sirli tovoqdagi muzday ayrondan huzur bilan simirar ekan. – O‘n chaqirim yo‘l cho‘t bo‘ptimi, ena. Boramiz-kelamiz... Yoningizga yana ikki-uch odam chiqsa, tag‘in ham yaxshi.
-Ikki-uch odam?.. Chiqib qolar... Hayit-ku.
Chiqmadi.“Ziyorat qochib ketmas”, deyishdi qizlari. “Salqin tushgandan keyin, Qurbon hayitida borarmiz”, deyishdi kelinlari. Bir hisobga, qizlarining, kelinlarining bormagani ham yaxshi. Avval hammasi to‘yga chiqayotganday yasan-tusan qiladi, so‘ng yig‘i-sig‘i, undan keyin tum-taraqay issiqdan qochadi, shoshadi.
Kampir iftorlikda qo‘shnilariga kishi bilmas gap soldi. Ikki ayol ikki nevarasini ham yoniga oladigan bo‘ldi.
-Boriga – baraka, - dedi Jobir onasiga. –Siz oldida o‘tirasiz.
 Yengil tortgan ona shosha-pisha bosh irg‘adi. Jobir – to‘rt o‘g‘lining uchinchisi, farzandlarining o‘ninchisi.Urush yillari yaqinlaridan judo bo‘lib, birovlarning bo‘sag‘asida ham yetimlik, ham yolg‘izlik alamini tortib ulg‘aygan ayol bechora “tish bergan - rizqini ham beradi,” deb tug‘averibdi, tug‘averibdi. Bir kuni qarasa, uch xonali paxsa uyi choygumday qaynab yotibdi.Bozorga o‘xshaydi!Endi birov farzandlarining nechtaligini so‘rasa, uyaladi. Omon bo‘lishsin, o‘n ikkitagina, deydi va so‘ragan odamning yuz-ko‘ziga qaramaslikka, iloji bo‘lsa, gapni darhol boshqa yoqqa burishga urinadi. Qaragudek bo‘lsa, ko‘ngli xira tortadi. Chunki suhbatdoshi, kim bo‘lmasin – kattami-kichikmi, erkakmi-ayolmi - istehzoli jilmayib turganini ko‘radi: “Yo‘g‘-e? Buncha oz!”Otasidan erta ayrilgan bo‘lsa ham, shukr, bolalarining birovga og‘iri tushgan joyi yo‘q. Bir-biriga suyanib, bir-biriga tayanib oyoqqa turdi. Bugun birovdan – balanddir, birovdan – pastroqdir, hammasi elga qo‘shildi, uyli-joyli, bola-chaqali. Kampir nevara-chevaralarining ayrimlarini tinimaydi. Irim qilib sanamaydi ham.
 Xo‘jalikda hosilot bo‘lib ishlagan rahmatli erini eslaganida kampirning dili yorishib, entikib ketadi. Birov bexosdan turtib yuborsa, aybdordan o‘zi kechirim so‘raydigan, ko‘ngli ham, qo‘li ham ochiq odam edi, rahmatli. Tilidan tushmaydigan gapi: “Qo‘li ochiqning – yo‘li ochiq”. To‘ladan kelgan, barvasta, basavlat bo‘lsa-da, go‘dakday sodda, beg‘ubor edi. Umri qisqa ekan, farzandlarining yaxshi kunlarini ko‘rolmay ketdi. O‘limi oldidan ayoliga: Jobir bilan bo‘lgin, deb tayinladi, shu bolang chaqqonroq. O‘zini tezda eplab ketadi...
 -Bir gap, - dedi Jobir orqa o‘rindiqda o‘tirgan kampirlarga. - Yo‘lda qo‘l ko‘targan chiqsa, surilamiz. Momolar nevarasini tizzasiga oladi.
 Ayollar rozi bo‘lishdi:
 -Mayli, oynam, mayli. Shu kunlarda benzin jonivor ham tortilib qolgan, deyishadi-ku.
 -Faqat benzin bilan ish bitsa mayli edi.
 -Aytgancha, yangi xaridingiz qulluq bo‘lsin, Jobirjon! Iloyo, buyursin!
 -Qulluq!
 -Yangimi? Yo ozroq minilganmi?
 -Minilganini boshimga uramanmi!..
 Hojar buvi labini tishladi. Ozib-yozib mashinasiga chiqqan kampirlarga o‘g‘lining he yo‘q, be yo‘q, yo‘l kirani pisanda qilgani yoqmadi. Shu iddaosiz ham hech kim qo‘lini quruq qo‘ymaydi. Hozir hamma tushinadi. Biladi. Shunday bo‘lsa-da, ona Jobirni yaxshi ko‘radi. Chetdan qaraganda dag‘alroq ko‘ringani bilan ko‘nglida kiri yo‘q. Allakimlarday ichimdagini top, pismiq yo mayda gap emas. Dilidagi – tilida. Faqat halovati yo‘q. Doim tahlikada. Kimdir quvib kelayotganday qayoqqadir shoshilgan, hovliqqan, asabiylashgan. Diltang odam tez charchaydi. Charchagani, asabiylashgani uchun boshqalarni ham bilib-bilmay ranjitib qo‘yaveradi.
“Jigarimiz bo‘lsayam aytamiz, ena-a, deb kuyinadi ba’zan qizlari momoga. Shu inimizning nafsi yomon. Hamma “inga-inga” deb tug‘ilsa, Jobiringizning tanglayi “tanga-tanga” deb ko‘tarilganga o‘xshaydi. Boriga shukr demaydi! Biz-ku mayli, sadqai sar. Otamiz rahmatlik bilan sizniyam yomon otliq qilyapti, ena!..”
Bunday zorlanishlarni eshitib, onaning nafasi ichiga tushib ketsa, o‘g‘ilning fig‘oni falakka ko‘tariladi:
“Moshinimga chiqqan qarindoshdan pul olmasam, qanday kun ko‘raman, ena? – deydi kirakash farzand. -Qishloqning hammasi qarindosh-urug‘, tanish-bilish bo‘lsa. – So‘ng miyig‘ida istehzo paydo bo‘ladi: - Pensiyangiz erkatoy qizlaringizdan ortmasa...”
“Qarindosh-urug‘ ham vaqti soati bilan qaytarar, bolam. Qolib ketmas...”
Jobir norozi bosh irg‘aydi.
“Yutganim - o‘zimniki, ena, chaynayotganim – gumon, - deydi. - Nasiyani o‘g‘ri chiqargan!.. Menga birovning haqi kerak emas. Bir bo‘rda nonimni halollab yeyman...”
“Mayli, - deydi ona. - Halolidan bersin, bolam!”
Jobir shu topda onasi ma’yus tortib qolganini sezib, mahmadonalik qilib, ranjitib qo‘ymadimmi, degan o‘yga bordi. Ertalabdan beri aytgan-eshitganidan, yegan-ichganigacha, ko‘rgan-bilganidan, qilgan-qilmaganigacha -hammasini birrov xayolidan o‘tkazdi, lekin onasining dilini siyoh qiladigan arzirli asos topolmadi. Odamzot qabristonga ashula aytib bormaydi-ku, deb o‘yladi. O‘limni eslaganida hamma ma’yuslanib qolishi tabiiy.
 U yengil tortdi. Hali o‘rindiqlaridagi tsellofan g‘ilofi ham olinmagan (shoshilib nima qiladi - odamlar uning yana yangi mashina olganini ko‘rsin, bilsin, ko‘zi o‘ynasin), kabinasidan plastmassa hidi anqib turgan mashanasini haydab borar ekan, o‘zining uddaburonu mehnatkashligidan huzur tuydi. U tengi ko‘p yigitlarning hali mashina narida tursin, eshagi ham yo‘q. Xayoliga bunday muqoyasalar kelganida u o‘zini rostdan ham badavlat his qiladi. Ismiga “boy” so‘zini qo‘shib aytsangiz, iq tomonidan kelib gapirsangiz, sizga jonini ham berguday bo‘ladi. Gap orasida nafaqat aka-uka, opa-singillarini, balki butun qishloq ahlini dog‘da qoldirib ketganini ta’kidlagisi kelaveradi. Kimning ichi kuysa, tuz yalasin, tuz!
-Momoginalarim, - dedi o‘g‘li manzilga yetganlarida. - Har qabrning oldida ikki soatdan ko‘z yoshi to‘kib o‘tirishimiz shart emas. Yig‘i-sig‘ini qancha tez tugatsak, shuncha yaxshi.
Hech kimdan sado chiqmadi. U yon telefoniga qaradi.
-Soat sakkizda shaharga ketishim kerak. Bir yarim soat qopti. Uch odamim yo‘lda kutib o‘tiribdi.
 Nevaralarining qo‘lidan tutgan ayollar atrofi sim to‘r bilan omonatgina o‘ralgan mozor eshigidan kirib, o‘zlariga tovun qabrlar tomon bo‘linib ketishdi. Hojar buvi bu makonga qadam qo‘yganida negadir boqqa kirgandek bo‘laveradi. Aslida bog‘ bilan mozorning qanday o‘xshashligi bor, o‘zi bilmaydi. Lekin qabriston kampirga maydagina tepachalar, supachalardan iborat xilvat bog‘ni eslataveradi. Balki juda sokinligi uchundir. Balki eri rahmatli ayni ko‘klamda, ushoq mollar o‘tga to‘yib, qo‘zigullar ochilgan paytda qazo qilgani, qabridan tezda ko‘m-ko‘k maysalar bodrab chiqqani uchundir. Balki atrofi biyday dala, havosi doim toza, saratonda ham salqin shabada esib turgani uchundir. Shu yerga kelsa, erining nafasini, taftini tuygandek, ovozini eshitgandek bo‘lavergani, choli bilan dardlashgisi kelavergani uchun balki kampirga shunday tuyular.
 Har ne bo‘lanida ham, Yaratgan Egam avval bandasiga sekin-asta bor ne’matini berar ekan, deb mulohaza qiladi ba’zan kampir. Onadan tug‘ilgach, nafas olishni, ko‘rishni, eshitishni, yeb-ichishni o‘rganadi. Tili, oyog‘i chiqadi. O‘nadi-o‘sadi. Uyli-joyli, farzandli bo‘ladi. O‘g‘il-qizining yaxshi kunlarini ko‘ray, deb yeladi-yuguradi, haq-nohaq ishlarga qo‘l uradi va bir kun qarasa, o‘zi qarib-qartayib qolgan bo‘ladi. Yaratgan endi undan berganlarini birma-bir qaytarib ola boshlaydi. Belidan quvvat, ko‘zidan nur ketadi. Kecha tosh kelsa - kemirib, suv kelsa simirib yurgan bandasi endi dori kapalashdan boshqa ishga yaramay qoladi. Ojizlikda yana go‘dakka aylanadi. Tobi qochsa, falon joyim og‘riyapti, deb aytolmaydi. Chaqaloq tili chiqmagani, keksa - istihola qilgani uchun. Birovni tashvishga qo‘yishdan uyalganidan emas. Gap-so‘zlardan yuragi bezillaydi. Dardini aytsa, eshitgan quloqning –farzandlarining ham, do‘xtirlarning ham – hammaning ensasi qotgandek bo‘ladi: “Ha, endi buyog‘i keksalik-da, momo!..” Bu - bo‘ldi, degani. Yana nima istaysiz, bu dunyoga ustun bo‘lmoqchimisiz, degani. Narigi dunyoning g‘amini yeng, degani. U dunyoning eshigi esa shu yerda - supachaning tagida.
 O‘g‘lining ortidan qurib-qovjirab yotgan o‘t-o‘lan, yontoqlar oralab borayotgan Hojar buvining oyog‘iga tikan kirganday bo‘ldi. Achishtirdi. U kalishiga qalinroq patak solmaganiga achindi. Allaqachon cho‘kib, atrofi g‘isht bilan o‘ralgan marmartoshi qiyshayibroq qolgan, g‘aribgina qabr oldida to‘xtadilar. Kampir qo‘lidagi ohori ketgan ko‘rpachani xazonlar ustiga to‘shadi. Ko‘rpacha to‘shalgan shu to‘rt qarichgina bo‘sh joy – kampirniki. Cholining yonidan o‘ziga joy saqlatib qo‘yibdi.
 -O‘tiring, - dedi o‘g‘liga. – Sig‘amiz.
-Siz bemalol, - dedi o‘g‘li va onasining yoniga cho‘nqaydi. Cho‘nqaydi-yu, tizzalarida darhol og‘riq sezdi.
 -Qani, ena, o‘qing!
 Hojar buvi pichirlagancha tilovat qilishga kirishdi. “I’yaka na’budu va i’yaka nastayi-in”, ya’ni faqat Senga sig‘inamiz, faqat Senga iltijo qilamiz, degan suraga yetganida tanglayi qurib, tili aylanmay qoldi. Ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi.
 “Boshlandi, - deb xayolidan o‘tkazdi o‘g‘il. –Ko‘z yoshi degani o‘ttiz yildayam tinmas ekan-da”.
 U chap tovonini ko‘tarib, miqti gavdasining og‘irini o‘ng oyog‘iga soldi.
 “I’yaka na’budu va i’yaka nastayi-in”. Uchinchi marta takororladi kampir.
 “Adashib ketdi, - deb o‘yladi o‘g‘li. – Saksonni qoralagan momoga saratonning issig‘ida shuncha tashvish zarilmikan...”
 -Ilohi omin! Qilgan tilovatimizdan hosil bo‘lgan savoblardan shu dargohdan osoyish topgan duotalab barcha mo‘minlarni, xususan,bolaginalarimning otasini O‘zing bahramand qilgin. Ularni O‘zing rahmatingga olib, gunohlarini mahfirat etgin! Bolaginalarimni O‘zing to‘g‘ri yo‘lingdan toydirmagin! Elimizni, yurtimizni, bolalarimni O‘zing panohingda asragin, Yaratgan Egam!..
 O‘g‘ilning oyoqlari uvishib, zirqirab ketdi. Endi og‘irini chap oyog‘iga tashladi. Betoqat xo‘rsindi. Pishilladi.
 -Siz boravering, bolam! Men hozir...
 O‘g‘il bir zum serrayib turdi-da, qabrtoshlarni tomosha qilgancha mashinasi tomon ketdi.
 -Meniyam tezroq qoshingizga chaqirsangiz bo‘lardi, buvasi! – Pichirladi kampir.- Teng-to‘shimizning hammasi ketib bo‘ldi. Yolg‘iz o‘zim so‘ppayi-ib qoldim. Omonatini ochiq-sochiqqina kunida, qiynab-netib o‘tirmasdan, osongina olsa. Bolalarimizga dardisar bo‘lmasdan, qoshingizga osongina yetib olsam, buvasi. Meni oldingizga tezroq chaqiring, tezroq olib keting, sadag‘angiz ketay!...
 Xiralashgan ko‘zlaridan obdastadan quyilganday tinimsiz yosh oqayotgan kampirning nazarida eri obodu oson bir joyga ketganu jufti halolini zor-intizor kutib yotganday, tezroq uning huzuriga borsa, barcha tashvishlari barham topib, dardlari yengillashadiganday, murodi hosil bo‘lib, eri bilan yoshligidagi kabi yana tinch-xotirjam, baxtli-saodatli yashab ketadiganday tuyuladi. Foniy dunyodan umidlari uzilganning bir g‘ami qoladi – narigi dunyo saodati.
 Kampirning yenglari, ro‘molchasi xo‘l bo‘lib ketdi. Qabrning ustidagi qovjiragan o‘tlarni yulmoqchi bo‘lgan edi, terisi ko‘hna ko‘rpachaning astariday yupqa tortib, modorsizlanib qolgan qo‘llarining kuchi yetmadi.
-Erta bir kun oyog‘im toyib ketsa, - deb pichirladi u qabrlar oralab iziga qaytar ekan , - mening supachamni ham shuytib xazon bosib yotadimi? Bosganda-chi?.. O‘lding – o‘chding. Tiriklarning tashvishi o‘ziga yetib ortadi...
Hamrohlari allaqachon mashinada o‘tirishardi. Hamma, hatto bolalar ham ma’yus tortib qolgan. Ko‘zlari qizargan. Faqat Jobir rulni doira qilib chalmoqda edi.
-Bugun mayrammi, momolar, yo motam kunimi?
Hech kim javob bermadi. Yigit radioning murvatini buradi. Xonandaning xonishi eshitildi:
“Bog‘ o‘rtasi - shohsupa, yonidan o‘tganmisiz?..”
Uyga yaqinlashganlarida ayollar Jobir bilan hisob-kitob qilishga kirishdilar:
-Necha puldan beraylik, aylanay?
-Qancha bo‘lsa, rozi bo‘lib beringlar. Ko‘p berdinglar, deb xafa bo‘lib qolmayman! Ha-ha-a!..
-To‘rt mingdan yetadimi? – deyishdi kampirlar. - Yo manavu go‘dakkinalargayam olasizmi?
-Yetadi.
“Go‘dakkinalargayam olasizmi?” Kampir bu piching o‘g‘lidan ham ko‘ra, o‘ziga qaratilganini sezdi. Bolangizning qanchalar mumsikligini ko‘rib qo‘ying, Hojar buvi. Loaqal hayit kuni insof qilsa, pul olmasa bo‘lardi. Bu dunyoda savob degan aqidalar ham bor. Yeb to‘ymagan, yalab to‘yarmidi.
Diydasi shunchalik qotib, bez bo‘lib ketganmikan, o‘g‘li pichingni sezmadi yo o‘zini ataylab sezmaganga oldi. Garangsidi, chog‘i. Kampir hamrohlaridan emas, o‘g‘lidan xafa bo‘ldi. Gapiray desa, iloji yo‘q, gap cho‘valashadi. Bilib-bilmaslikka, ko‘rib-ko‘rmaslikka olay desa, orqa o‘rindiqdagi ayollar ona-bolaning ustidan baralla kulayotir.
Besaranjom buvi gapni hazilga burgisi keldi. Napormon kamzulining cho‘ntagidan oq kalava o‘ralgan bir yumaloq besh yuztalikni sezdirmaygina chiqardi va birdan o‘ylanib qoldi. Mabodo, olsa-chi? Yo‘g‘-e, olmaydi. Bolam-ku. Lekin olsa - o‘lganim! Bu dunyoda yurgiligim qolmaydi. Mayli, badgumon bo‘lmayin. Bari-bir olmaydi.
-E-e, ena? – O‘g‘li ajablangandek ko‘ringani bilan pulga ko‘zi tushib, yayrab ketgani sezildi. – Sizam pul berasizmi?
-Menga nima bo‘pti? –Hojar buvi o‘zini majburlab kuldi va kulish asnosida ovozi bunchalik dadil va tabiiy chiqqaniga o‘zining ham ishongisi kelmayotganini sezdi. – El qatori-da. Xudoga shukr, otning kallasiday pensiya olaman!
- Ha, mayli! – O‘g‘li pulni oldi. – Sizniki- tabarruk, ena... Xo‘-o‘sh, topib olsang ham, sanab ol!
Jobir pulni rul ustiga qo‘ydi va shoshilmay sanadi. Sanar ekan bir pulga, bir yo‘lga qarab ketaverdi. Buni kampir ko‘zining bir cheti bilan kuzatib turdi. Shu lahzalarda boshqalar – orqada o‘tirgan ikki qo‘shnisi nima qilayotganini ko‘rgisi, bilgisi keldi. Lekin ular tomonga o‘girila olmadi. O‘girilmasa ham, ko‘rmasa ham, ular Hojar buvi o‘z o‘g‘liga yo‘l kira berganini, Jobir uni hech bir ikkilanmay, hatto og‘zi qulog‘iga yetib olganini aniq-ravshan ko‘rishdi. Balki ular avvaliga kampir hazillashayotgandir, degan xayolga borgandir. Lekin o‘g‘li onasi bergan pulni sanashga tushgach, nafasi ichiga tushib ketgan bo‘lsa kerak. Ko‘z qorachiqlari kattarib ketganini, bu qanday gap bo‘ldi, degandek, bir-biriga ajablanib qaraganini, so‘ng ma’noli ko‘z urishtirib olganini, yuzlarida yana istehzo paydo bo‘lganini sezdi. Endi ular mashinadan tushar-tushmas hammadan suyunchi oladi. “Bir gapni aytsam, ishonmaysiz! Hech ishonmaysiz-a, egachi! Hojar buvining o‘g‘li bor-ku, Jobir... Pul desa, enasiniyam!.. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim-a...”
- Mana, ortiqchasini oling, ena.
O‘g‘il onasiga ilvirab qolgan ikkita besh yuzlik qaytardi. Kampir bir zum nima qilarini bilmay, ikkilanib qoldi. Bor-yo‘g‘i bir zum. So‘ng go‘yo yetti yot haydovchi unga qaytimini berayotganday pulni dadil oldi. Oldi-yu o‘g‘li tomon o‘girildi va pulni peshonasiga surtdi. Insofli-diyonatli, ammo begona bir haydovchini, taksichini duo qilayotganday, nuroniy onaxonlarga xos nazokat bilan minnatdorlik bildirdi.
-Sizniki ham tabarruk, bolam! – dedi. - Rahmat!.. Ming rahmat!.. Barakat toping!.. – Yutindi. So‘ng o‘ziga-o‘zi gapirganday, siniqqina ovozda qo‘shib qo‘ydi: - Bu pulga endi nevaralarimga hayitlikka holva olib beraman-da...

“Hurriyat” gazetasi, 2016 yil 6 mart.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.