OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rahmat Fayziy. Sen yetim emassan (kinoqissa)

Bepoyon, qoramtir osmon. Pag‘a-pag‘a bulutlar bir-birini quvib, quyuqlashib boradi. Quyuqlashadi-yu, osmon torlik qilib noliganday bir yerda to‘xtab, motamsaro sukut saqlaydi. Qoramtir osmon...
Shu payt fashist samolyoti qora chaqmoqdek bulutni yorib, pastga sho‘ng‘iydi. Uning dahshatli ovozi yeru ko‘k sukutini chil-chil qilib, tobora zo‘raya boradi va nihoyat kuchli portlash bu ovozni yutib yuboradi. Sal o‘tmay yana samolyot sho‘ng‘iydi, yeru ko‘k larzaga keladi, yana portlash...
Onda-sonda daraxtlar qaqqaygan, uzoqda uylar ko‘rinib turgan keng ko‘kalamzor yalanglikni kesgan so‘qmoqda bolasini bag‘riga bosib olgan ayol qo‘rquv bilan qochib, chopib ketadi. Shamol durrasini uchirib yuborgan, olataroq sochlari to‘zg‘igan bu xotinning ko‘zlarida va vujudida dahshat, qo‘rquv...
Samolyotdan yog‘ilib, yerni cho‘qilayotgan o‘qlardan biri xotinga tegadi. Ayol bolasini qattiqroq bag‘riga bosadi, to‘xtaydi. Keyin oyoqlari qaltirab, bir-ikki odim tashlaydi-da, qayin daraxtiga suyanib yiqiladi.
Yana samolyot ko‘rinadi. Daraxtzor yonidagi sayhonlikda chopib borayotgan bola ovozi boricha qichqiradi. Samolyot pastga sho‘ng‘iydi. Bola dodlab yiqiladi.
Samolyot yirtqich hayvonday yo‘l yoqalab borayotgaya jajji qizni quvlaydi. Samolyotning qop-qora ko‘lankasi qizning ustiga tushadi, tushadi-yu, qizning gavdasi yer bag‘irlab qoladi, so‘nggi da’fa «oyi!» deb qichqiradi.
Burqsib yonayotgan uy. Ko‘lankadan qochayotgan bola qo‘rquv bilan «oyi!» deb dodlaydi.
Tanklar bostirib keladi. Bolalar «oyi!» deb qichqirishadi.
Bug‘doyzor o‘t ichida. Bir to‘da bolaning «oyi!» deb yig‘lab, chuvvos solgani eshitiladi.
Xalqning fashist bosqinchilariga bo‘lgan g‘azab va nafratini aks ettiruvchi muzika sadolari yangraydi. Bombalarning portlashi, o‘t ichida qolgan shahar, qishloqlar, ko‘chalarda to‘da-to‘da bolalar, xotinlar, keksalarni ko‘ramiz.
Yo‘llarda bolalar, mashinalarda bolalar, aravalarda bolalar... Iflos, kiyimlari yirtilgan, yarador bolalar...

* * *

Qoramtir osmon yorishib, tiniq ko‘kda oq bulut parchalari ko‘rinadi. Muzika sadosi uzoqlashib tinadi. Osmonda uchib borayotgan to‘rg‘aylarning sayrashi eshitiladi. Ko‘kda suzib yurgan bulutlar ustida quyidagi so‘zlarni o‘qiymiz:

Bu kinopovest Ulug‘ Vatan urushi yillarida fashist bosqinchilariga qarshi olib borilgan janglarda halok bo‘lganlarning yetim qolgan bolalaridan o‘n to‘rt norasidani — turli millat o‘g‘il-qizlarini o‘z tarbiyasiga olgan toshkentlik temirchi Shoaumad Shomaumudov oilasiga bag‘ishlanadi.

Bag‘ishlovning so‘nggi satrlari tugashi bilanoq xotin kishining yuraklarni ezuvchi yig‘isi, yig‘i aralash uning so‘zlarini eshitamiz:
— Bolaginam, meni tashlab qayoqqa ketyapsan?.. Pastakkina devor. Ikki tavaqali ko‘cha eshik ochiladi. Qotmadan kelgan baland bo‘y, olov yallig‘idan yuzlari qoraygan, baroq qosh, ko‘rinishidan elliklardan oshgan, og‘ir tabiatli kishi — Mahkam aka o‘g‘li Botirning yuklarini ko‘tarib, eshikdan chiqib keladi. Ketidan ozg‘in, qorachadan kelgan xotini — Botirni quchoqlab olgan Fotima opa chiqadi. U o‘g‘lini bag‘ridan qo‘ymaydi... Yig‘i aralash shiddat bilan deydi:
— Meni ham olib ket!..
— Oyi!.. Oyijon! Qo‘ying, yig‘lamang.
Qo‘shni eshikdan chiqqan chol ohista odim tashlab ularga yaqinlashadi. Yuraklariga taskin bermoqchi bo‘lib, otaga, onaga bir qarab oladi-yu, hech narsa deyolmay boshini egadi. Nima ham deya olardi u? Ko‘chaning narigi betidan chopib kelgan qiz bola, Botirning yoniga kelib taqqa to‘xtaydi, ko‘zlarini javdiratib qotib qoladi. Yon eshikdan to‘ladan kelgan, barvasta ayol chiqib keladi... Bir nafas ichida Botir va uning onasini odamlar o‘rab olishadi... Ularning chehrasida achinish, g‘amginlik... To‘planganlar orasidan shunchaki yig‘i ovozini eshitib chiqqanlar ham yo‘q emas.
Fotima opa yig‘idan o‘zini bosolmaydi. O‘g‘lini bagridan qo‘ymaydi.
Botir qo‘shnilari oldida o‘zini noqulay sezib, onasining qo‘llarini bo‘ynidan olmoqchi bo‘ladi. Turganlarga ishora qiladi:
— Bo‘ldi, oyijon, qo‘ying... Yig‘lamang! Xayr! Mahkam aka «bo‘ldi» deganday xotiniga qaraydi.
Fotima opa noiloj o‘g‘lini bag‘ridan bo‘shatadi. Botir dadasiga o‘giriladi:
— Xayr, dada. Qolavering. Oyimlarni ovuting! Ota-bola yuzma-yuz tikilib qolishadi. Xuddi shu daqiqani bir umr eslarida saqlab qolishga uringandek bir-birlaridan ko‘z uzisholmaydi.
Mahkam aka o‘g‘lini bag‘riga bosib, qattiq quchoqlaydi. Ko‘z yoshini unga sezdirmaslik uchun teskari buriladi.
— Xayr, o‘g‘lim. Omon bo‘l!— deydi o‘pkasi to‘lib. Botir yukini yelkaga olib, tez yurib ketadi. Qo‘shni xotinlar Fotima opani o‘rab olib, uni yupatishadi. Yon qo‘shnisi barvasta ayol Buvnisa xola pinagini buzmay baralla deydi:
— Yig‘ining foydasi bormi, aylanay? Ko‘pga kelgan to‘y. Bitta sizning o‘g‘lingizmas-ku.
Fotima opa uning gapini eshitmaydi. Duv-duv oqayotgan yoshlari orasidan o‘g‘liga tikilgancha qotib qoladi. Uning ko‘zlari, yuzlari, butun vujudini hozir jumlai jahondagi barcha onalarga tushunarli va tanish bo‘lgan hayajon va qo‘rqish tuyg‘usi chulg‘ab olgan edi. Birdan u o‘g‘lini tag‘in bir nafasgina bo‘lsa ham to‘xtatib turish, uning diydoriga to‘yish iloji topilganidan quvonib, ovozi boricha qichqiradi:
— Botirjon, bolam, shaftoli esimdan chiqibdi.
Botir to‘xtaydi. Orqasiga qaytadi. Ona ham quloch yozib, o‘g‘li tomon boradi:
— Ma, muzdakkina. O‘rtoqlaring bilan yeb ketarsan...
Botir shaftoli solingan savatchani olib, yerga qo‘yadi. Onasiga bir nafas tikilib turib, go‘dak vaqtdagidek uning bag‘riga otiladi, mahkam quchoqlaydi. O‘pkasi to‘lib keladi-yu, o‘zini bosadi.
Botir onasini bag‘ridan bo‘shatib, savatchani oladi. Eshigi oldida turganlarga yana bir qo‘l silkib xayrlashadi. Ko‘chaning o‘rtasidan yurib borarkan, ikki yonda qator o‘sgan teraklar ham barglarini shitirlatib, u bilan xayrlashayotganday bo‘lardi.

* * *

Terak shoxlarida qolgan sap-sariq yaproqlar tanasidan judo bo‘lib, erinchoqlik bilan havoda muallaq o‘ynar, keyin ohista pastga tushib, namiqqan tosh ko‘chaga chippa yopishib qolardi. Daraxtlar yalang‘och bo‘lib, o‘z husnini yo‘qotgan, endi ular shivirlashib, o‘zaro suhbat qurishmasdi. Fotima opa o‘g‘lini kuzatgan ko‘chaning ko‘rinishi ham ancha o‘zgargan. Botir ketganidan buyon shirin xotira va g‘alati tushlar, umid va noumidlik bilan to‘la bo‘lgan qanchadan-qancha qayg‘uli sog‘inib ko‘z tikilgan kunu tunlar o‘tib ketdi. Fotima opa bo‘lsa hamon kutadi...
Mana u hozir ham ostonada yolgiz o‘tiribdi. Shol ro‘moliga o‘ralib olganicha qimir etmay, ko‘chaga xomush tikilib o‘tiribdi.
Ko‘chadan yo‘lovchilar — har birining chehrasida o‘z dardi, qayg‘u-alami, ammo hammasi yurt tashvishi bilan yashayotgan yoshu qarilar, yakka-yolg‘izlar, hamrohlar o‘tib borishardi. Ularning o‘zaro suhbati yulinib-yulqinib Fotima opa qulog‘iga chalinardi.
— Kecha Smolenskni aytishgan edi, ertagachi...— derdi asabiylashib keksa harbiy kishi hamrohiga.
— ...Uch jonga bir qadoq non nima bo‘ladi... O‘ylang...— derdi o‘tib borayotgan ayol yonidagisiga.
Ko‘chadan bir to‘da bolalar chopib o‘tishadi.
— Bilasanmi, Baxtiyorning dadasi kim? Serjant!
— Ol-a. Leytenant-ku. O‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.
Yengil shabada qaerdandir radio diktorining ovozini olib keladi:
«...To‘rtta tank... Granatalar tashlandi!.. Qahramonlarcha halok bo‘ldi...»
Fotima opa ko‘chada uzoqlarga tikilganicha o‘tirardi. U, erining kelganini, tepasida turganini ham payqamaydi. Chaqirganidagina cho‘chib tushadi.
— Ie, dadasi,— deganicha o‘rnidan turadi,— kech qoldingizmi bugun?
— Haliyam shu o‘tirishmi?
— Nima qilay? Ne ilojim bor...
Ular hovliga kirishadi, Supa yonidan o‘tib, ayvonga chiqishadi.
— Hovli o‘lguram shuncha huvullaydimi. Yutaman deydi-ya. Biram sovuqki...
Horib-charchagan Mahkam aka ko‘rpachaga o‘tiradi, Fotima opa sandiqdan mo‘yna quloqchinni olib, eriga ko‘rsatadi:
— Yamab qo‘ydim. Yuborsakmikan deyman. Kiyar-a?
— Yosh bolami o‘g‘ling. Kichkina keladi endi bu. Sig‘maydi.
— Bo‘lmasa bozorga tushib, sig‘adiganini olaman.
— Hojati yo‘q. Hamma narsasi bor. Kiyimlari but.
— Borlikka bordir-a... Faqat ona, onaizorining mehri yo‘q-da...
Fotima opaning o‘pkasi to‘ladi,— qaerlarda yurganikin, bolaginam?..
— Ha, sendagi mehr bamisoli daryodagi suvdek — yigirmata o‘g‘ilning qalbini sug‘orsang bo‘ladi. Hammasiga yetadi.
— Koshkiydi. Qani, bittasiyam yo‘q,— deydi xo‘rsinib Fotima opa.
Ikkovlari ham o‘z o‘ylari bilan jim qolishadi. Ko‘cha devor orqasidan bolalarning shovqin-suroni eshitiladi.
— Ur, Fattoh, darvozaga ur!
Birdan tunukaning taraqlagani eshitiladi. Tomning tarnovi ko‘chib, yerga tushadi. Mahkam aka irg‘ib o‘rnidan turadi, ko‘chaga chiqib ketadi. Bir ozdan keyin hovliga kirmayman deb tixirlik qilayotgan bir bolaning qo‘lidan ushlab, boshlab kiradi.
— Amaki, bilmay qoldim, futbol o‘ynayotgan edik, jon amaki, endi qilmayman,— bola shunday deb ho‘ngrab yig‘lab yubordi.— Amakijon...— Mahkam aka bolani siltab, ayvonga olib chiqadi, jahl bilan so‘raydi:
— Nima qilsa bo‘ladi, seni-a, tirrancha? 
Fotima opa yugurib kelib, bolani to‘sadi, hayajonlanib eriga yalinadi:
— Hech narsa qilish kerakmas. Bilmagan-da, amakisi. Shundaymi? Oting nima?
— Fattoh,— deydi bola yig‘i aralash.
— Juda yaxshi. Kimning o‘g‘lisan?
— Dadamning.
— Dadang kim?
— General. Frontda eng kattakon komandir.
— Oying qaerda?
— Fabrikada ishlaydilar. Uyimizda endi eng katta erkak men bo‘laman.
— Katta erkak degin. Quloqchiningiz teshilib qopti-ku, katta erkak?— Fotima opa mehribonlik bilan bolani boshdan-oyoq ko‘zdan kechirib chiqadi.
— Urush-urush o‘ynovdik. O‘shanda shu yerimga o‘q teguvdi, teshilib qoldi.
— Qorning ham ochdir-a, Fattohjon?
— Ha. Sag‘al.
— Bo‘lmasa o‘tir, birga ovqatlanamiz.
— Yo‘q, o‘rtoqlarim qarab turishibdi... Koptokni bering, jon xola, endi qilmaymiz..
— Beraman, beraman. Sen avval ovqatlanib olgin. O‘rtoqlaring birpas qarab turishadi.
Ularning suhbatini diqqat bilan eshitib turgan Mahkam akaning g‘amgin ko‘zlarada qandaydir yangi, muhim va quvonchli o‘y chaqnab ketadi.
— Shoshma, birpas o‘tira tur. Bilasanmi, men senga nima bermoqchiman? Quloqchin. Mo‘yna quloqchin,— Fotima opa bolaga shunday deydi-da, Botirning quloqchinini unga beradi,— ma, qani kiyib ko‘r-chi.
Fattoh quloqchinni kiyib ko‘radi. Katta keladi.
— Katta ekan-a?— deydi Fotima opa achinib.— Hechqisi yo‘q, ho-ozir chetini burib, boshingga loyiq qilib beraman.
— Yo‘q. Men ketaman.
— Qayoqqa shoshasan. Borarsan.
— Buncha endi bolaga yopishib olmasang? — Jo‘rttaga yasama norozilik bildirdi Mahkam aka,— o‘tira tur, ovqatlanib ol, qayoqqa shoshasan... Sening mehr-shafqatingga zormi u.
Fotima opaning astoydil jahli chiqadi.
— Tosh yuraksiz-da. Bekorga temirchi bo‘lmagansiz. O‘shani bilasiz, siz, xolos.
— Men ketsam maylimi?— deb yalinadi Fattoh.
— Bor. Ikkinchi bu yerda futbol o‘ynaganingni ko‘rmay! — deya nasihat qiladi Mahkam aka.
Fotima opa bo‘lsa Fattohning qo‘liga bitta kulcha tutqazadi.
Fattoh xursand bo‘lganicha, chopib ko‘chaga otiladi. O‘rtoqlari uni qichqirishib, «ura» deb qarshi olishadi.
Mahkam akalar hovlisiga boyagidek og‘ir, zerikarli sukunat cho‘kadi.
— Nima qilaringni bilmay qolasan-a, kishi,— deydi o‘zicha Fotima opa.
Mahkam aka indamaydi. Miyig‘ida kulib qo‘yadi.

* * *

Asfaltlangan keng ko‘chada binolarning yozuvlari-ga qarab, alanglab borayotgan Mahkam aka, tepasiga «Bolalar uyi» deb yozilgan katta darvoza oldida to‘xtaydi. Hayajonlanadi. Darvoza yonidagi eshikni ohista ochib, ichkari kiradi.
Dovlining bir chekkasida front yaqinidagi shahar, qishloqlardan ko‘chirib keltirilgan, ota-onasiz qolgan bolalar — judayam yosh norasidalar uymalashib turishibdi. Bolalarning yuzlarida yotsirash, hayajon, ba’zilari — hali bu dahshatning nimaligiga fahmi yetmaydiganlari beparvo kulib turishibdi. Devor tagiga o‘tirib olgan qiz bola ovozi boricha yig‘laydi. Yoniga borib ovutmoqchi bo‘lganlarni itarib tashlaydi. Tarbiyachi ayol uni ovutolmaganidan xunob bo‘ladi, bolaga achinib, xo‘rligi keladi.
Bolalarning kiyimlari iflos, biriniki yirtiq, oyoq yalang, birining qo‘li doka bilan bog‘langan, birining tizzasi. Birining qo‘lida iflos qo‘g‘irchoq, birida rasmli kitobcha.
Darvozadan kiraverishda, bir to‘da xotin-xalaj, chollar turishibdi. Ularning ba’zilari bolalarga yaqinlashadilar. Biri konfet berib, yana biri xo‘rozqand tutqazib, bolalarni gapga soladi. Turganlar o‘zaro allanimalar haqida suhbatlashishadi.
Hovlining bir chekkasiga stol qo‘yilgan. Bolalar uyining direktori — egniga ko‘krak burma ko‘ylak kiyib boshiga durra tang‘ib olgan o‘rta yoshlardagi durkungina juvon stol yoniga keladi. Bir daqiqa stoldagi qog‘ozga tikilib qoladi, hayajonlanadi. Ohista so‘z boshlaydi:
— Opalar, ota-onalar! Shu topda shunday bir daqiqani kechiryapmizki, so‘zlab o‘tirishning ham hojati yo‘q. Shunga qaramay ikki og‘iz gapirmasang ham ko‘ngling to‘lmaydi, urush ko‘plab bolalarni ota-onalaridan judo qildi. Mana urushning dahshatli oqibatlaridan biri.
Uymalashib turgan bolalarni ko‘ramiz.
— ...Ammo xalqimizning bag‘ri keng, himmati zo‘r, mehri quyoshdek issiq. Kecha, bolalar kelgandan beri telefon qilib, o‘zlari kelib, iltimos qilayotganlar juda ko‘payib ketdi. Hammalari: bag‘rimizga olamiz, ona bo‘lamiz deyishadi. Mana, o‘zlaringiz...

 Saqlab olish

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.