Har kungi odatimni kanda qilmay, gazeta sotadigan kioskadan yangi gazeta olib varaqladim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, to‘rtinchi betda bir yozuvchi oshnam to‘g‘risida yarim betlik maqola chiqib turibdi-da. Kioskadan uzoqlashmay, gazetani yutoqib o‘qishga tushdim. Obbo, do‘stim-ey! Qoyil, qoyil! Molodets! Gazetada uning yangi kitobi chiqib, kitobxonlar qo‘liga tekkani haqida yozilib, so‘ng muallif kitob ichidagi hikoyalarga sharhlar yozgan, umuman rosa maqtagan edi. Go‘yo mening kitobimni maqtagandek rosa xursand bo‘lib ketdim. Ozgina gina ham qildim. Axir, yaxshimi-yomonmi bordi-keldi qilib yurardik, kitobi chiqib allaqachon kitobxonlar qo‘liga tegibdi-yu, men endi, yana tag‘in gazetadan bilib o‘tirsam-a. Yana o‘zimga “hay” berdim. Do‘stlarda gina bo‘lmaydi. Tezlikda hali uydan chiqmasdan borib uni tabriklab kelaman. Do‘st degan otimiz bor-a. Taksi ushlab unikiga uchdim. Yettinchi qavatga halloslab chiqib, qo‘ng‘iroqni uzoq bosib turdim. Do‘stim hovliqib eshikni ochdi va meni ko‘rib:
– Ha, tinchlikmi? – dedi.
– O‘zingdan so‘rasak, tinchlikmi yoki ... – dedim uni kulib bag‘rimga bosarkanman, – E, do‘st ham shunday bo‘ladimi. Men yaqin do‘st bo‘laturib yangiliklarni ko‘chadan, gazetalardan o‘qib bilsam-a. Tabriklayman-e...
Men unga gazetani uzatib, to‘rtinchi betni ko‘rsatdim. U gazetani qo‘limdan shoshib oldida bunday ko‘z yugurtirib, birdan ko‘zi olayib ketdi:
– Nima? E, e, e ... Hali ...
U shunday degancha apil-tapil ko‘cha kiyimlarini kiya boshladi.
– Ha, ha, tinchlikmi? – hayron bo‘lib qoldim.
– Men hozir, – degancha u uydan otilib chiqib, zinapoyadan pastga qarab o‘qday otilib tushib ketarkan menga qaramasdan baqirdi:
– Uzr, hali kitobim chiqqani yo‘q...
Men izidan angrayib qoldim...
So‘ng eshitsam, u gazetadagi bir do‘stiga kitobi haqida o‘zi taqriz yozib, “nomingdan chiqaraver” deb tayinlab qo‘ygan ekan. Do‘stimning do‘sti tushmagur sal shoshibdi...
Men do‘stimga ishonaman.
Ayb do‘stimning do‘sti-da...