OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Daqqiyev dakki yedi (hajviya)

Qo‘shni tumanga poytaxtdan bir guruh mashhur shoirlar kelishgan. Tumanning bir necha madaniyat uylarida muxlislar bilan bo‘lgan uchrashuvlar, she’rxonliklardan so‘ng mezbonlar mehmonlar sharafiga soya-salqin bog‘dagi katta hovuz bo‘yiga dasturxon yozishdi. Bu yerga mehmonlar bilan birga shu hududda yashab, ijod qilayotgan keksa qalamkashlar ham taklif etilgan.
Tegirmon boshi tumanining shu nomli gazetasida muxbir bo‘lib ishlayotgan Daqqiev ham shu yerda. Qorachadan kelgan, sochlari jingalak, ko‘zlari bitko‘z, lablari do‘rdoq, qorni birov osilgan gavdalik Daqqiev yoshligida qulog‘idan yiring kelaverib, o‘ng qulog‘i kar bo‘lib qolganidan bildirmaslik uchun birovni lavozimida ishlab, rahbarlarning “yugur-yugur”ini do‘ndirib yurar, so‘ng kimningdir tavsiyasi bilan “o‘sib”, gazetaga yaqinda o‘tirgan edi. O‘z gazetasi uchun yarim betlik material yig‘ish vazifasiga kirsa ham, aslida, o‘zi ixlos qilib, suratlarni yig‘ib, she’rlaridan yod olib yuradigani, yosh bo‘lsa ham ancha mashhur bo‘lib qolgani sobiq vohadoshi – "shoiri zamon" bilan qo‘l berib ko‘rishish, suhbatidan bahramand bo‘lish, yonma-yon suratga tushish va dastxati yozilgan kitobidan olish kabi bir talay orzu-istaklar uni bu yerga yetaklab kelgan.
Poytaxtdan kelgan mehmonlar tuman rahbarlari bilan alohida stolga o‘tirishdi. Qolganlar uchun esa 15-20 metrlar nariroqdagi katta chinor tagiga supachaga joy qilingan. Dasturxonlar to‘kin. Daqqiev uchrashuv mobaynida o‘zining niyatlariga to‘liq erisholmagan bo‘lsa ham ushbu o‘tirishda qatnashib, supaning bir chetidan joy tekkaniga xursand. Ancha-muncha odam bog‘ eshigidan tashqarida qolib ketdi, axir.
U bilan supada o‘tirganlarning aksariyati sochlariga oq tushgan keksalar ekan. Hamma o‘zini dasturxonga urdi. Qo‘llar harakatga kelib, og‘izlar chapillashga tushdi. “Omonxona”, “Fanta”lar vishillab ochildi. Daqqievga bu juda kulgili tuyulardi. Axir bu yerga buyuk shoirlar bilan uchrashib, she’rlaridan eshitishga kelishgan-ku, lekin manovi chollar esa... Ular go‘yo bu yerda o‘zlaridan buyuk hech qanaqa odamlar yo‘qday bemalol gaplashib, kulishib o‘tirishardi. U esa “olib o‘tiring”ga ham parvo qilmadi. Go‘yo surati shu yerda-yu, siyrati narigi stoldagilar bilan. Supadagilarning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘iri esa uning jig‘iga tegardi, xolos. Shu payt yonida o‘tirganlardan biriga so‘z berildi. Yoshi yetmishlarni qoralagan, do‘ppi kiygan, jikkakkina odam – keksa shoir Nizomiy mineral suv to‘ldirilgan piyolani qo‘liga olib,
– Aziz o‘rtoqlar! Mana bugun, – deb salmoqlab gap boshlagan edi hamki Daqqiev unga tomon og‘zini yopmoqchidek qo‘lini uzatdi.
– E-e-e. Jim, jim! ... Gapirmang! – dedi to‘satdan. O‘tirganlardan kimdir uni taniydi, kimdir tanimaydi, hamma unga hayron bo‘lib tikildi. Ikki ko‘zi mehmonlar o‘tirgan stolda, Daqqiev yonidagilarga qaramasdan yana o‘shqirdi: 
– Jim bo‘lsalaring-chi... U yoqda buyuklar gapiryapti...
Keksa shoir mulzam bo‘lib, gapini yo‘qotdi. Hamma mehmonlar tarafga qarab qoldi. Lekin u yoqdan kimningdir g‘o‘ng‘illagan ovozidan bo‘lak hech narsaga tushunib bo‘lmadi.
– Ie, eshitilmayapti-ku?! Bizning gapimiz ham shu-da... Qolaversa, har kim o‘z davrasiga xo‘jayin. Gapiravering, aka, – dedi supa to‘rida o‘tirgan sochlari oppoq, ko‘zoynakli kishi. Keksa shoir avvalgi shashti yo‘q, bo‘shashibgina, past ovoz bilan gapida davom etdi:
– Bugun mana o‘zimizdan chiqqan va poytaxtda yashab ijod qilayotgan mashhur shoirimiz – shogirdimiz bir guruh shoirlar bilan kelishi bahonasida bu yerga yig‘ilgan ekanmiz, avvalo ularga uzoq umr, omad, ijodida yangi parvozlar tilayman. Qolaversa, ularning shu darajaga erishishida bu yerda o‘tirganlardan qay birimiz maktabda o‘qitganimiz, qay birimiz ilk she’rlarini tahrir qilib, oq yo‘l tilab gazetalarga chiqarganmiz. Biz ustozlar shogirdlar parvozidan shodlanishimiz kerak. Birga o‘tirishga joy yetishmagan bo‘lsa ham ko‘nglimiz bir, ularning sog‘liklari uchun olamiz, – dedi-da qo‘lidagi piyolani og‘ziga bir tekkizib qo‘ydi. Boshqalar ham. Daqqiev uning gapiga uncha e’tibor bergani ham yo‘q. Birov katta lavozimga ko‘tarilsa, mashhur bo‘lsa uning og‘aynilari, ustozlari ham ko‘payib qoladi-ya deb, kulib qo‘ydi ichida. O‘zi esa og‘zini yarim ochganicha, quloqlarini ding qilib, mehmonlar tomon tikilib o‘tirardi. Qani endi imkon bo‘lsa-yu, o‘sha yerda bo‘lib qolsa, yoki shaxsan “shoiri zamon”ning o‘zi uni yoniga chaqirib qolsami... Eh-he-e... Yo‘q. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora.
Shu payt mehmonlar tomondan kulgi ovozi eshitilgan edi, u ham beixtiyor kulib yubordi. O‘tgan-ketganlardan gaplashib, kulishib o‘tirgan supadoshlari unga hayron bo‘lib qarab qo‘yishdi-da, yana gurunglarini davom ettiraverishdi. Bu Daqqievga yoqmadi, oldidagi choynak qopqog‘ini chiqirlatib,
– Ho‘-o‘, akalar, sekinroq. U yoqdagilarga halaqit beryapsizlar, axir, – dedi zarda bilan. Supadagilar biroz vaqt jim bo‘lishdi-da, so‘ng yana pastgina ovozda gapda davom etishaverdi. Keyin yana kimdir qadah so‘zi aytmoqchi bo‘ldi. Daqqiev birdan:
– Stop. Gapirmay turing. U yoqda buyuk shoirimiz qadah so‘zi aytayotibdi. Ana, tik turibdilar. Jim... – dedi va butun vujudi quloqqa aylanib, og‘zini katta ochganicha o‘sha tomonga tikilib qoldi. Darhaqiqat, mehmonlar guruhi rahbari “shoiri zamon” tik turganicha nimadir deyayotgan ekan. Afsuski, so‘zlarini tushunib bo‘lmasdi. U$ o‘tirgach, supadagi so‘z olgan kishi o‘z so‘zini davom ettirmoqchi edi Daqqiev yana unga:
– Sekinroq gapiring. Qisqaroq bo‘lsin, – dedi o‘qrayib.
Supaga sukunat cho‘kdi. Mehmonlar tarafdan esa ovozlar baland-baland chiqa boshlagan. Har zamon-har zamon qah-qah otib kulib yuborishganda, Daqqiev ham tirjayib qo‘yardi. Nihoyat, supada o‘tirganlardan baland bo‘ylik, qotmadan kelgan, tepakal kishi – bir vaqtlar o‘tkir felüetonlari bilan mashhur bo‘lgan keksa jurnalist chidab turolmadi.
– He, tuzuk, tuzuk gurung qilaylig-e. Bu yerda begona emasmiz-ku. Kimdan iymanamiz o‘zi?! Qani, Nizomiy aka, anchadan beri ko‘rishmay qolvudik. Yangi she’rlardan o‘qing-e, eshitaylik, – dedi baland ovozda. Boshqalar ham jonlanishdi.
Qani, qani, eshitaylik... 
– Hoy, hoy. hoy. Ie, bu nima degan gap?! Bozor qilmangizlar-e. Kap-katta odamlar... Sal odob saqlab, sekin gaplashsangiz-chi... – dedi Daqqiev ko‘zlari ola-kula bo‘lib. – U yoqda zamonamizning buyuklari...
– Uka, nega hadeb og‘zimizga uraverasiz? Bizning davramiz yoqmayotgan bo‘lsa, o‘sha yoqqa borib o‘tiring, iltimos... – dedi keksa jurnalist zarda bilan.
– Faqat men emas. U tomondan ham, “sekin gapiringlar, jimlik saqlansin”, deyishyapti. Ana, qaranglar. Halitdan beri ishora qilishyapti. Ovozlaring juda baland-da, – deb Daqqiev iyagi bilan mehmonlar tomonni ko‘rsatdi. qaradilar. Haqiqatdan ham mehmonlardan biri bu tomon qarab qo‘li bilan imo-ishora qilib, nimadir deyayotgan ekan.
– Ana, aytmadimmi... Sizlar bo‘lsa, xuddi yosh boladek chuvillashasizlar... – dedi Daqqiev g‘olibona ovozda. 
Supaga yana jimlik cho‘kdi.
Bir mahal haligi ishora qilayotgan mehmon yigit turib shu tomon kela boshladi. Daqqiev turasolib unga peshvoz chiqdi-da,
– Men bularga ming marta aytdim, aka. Jim bo‘linglar, sekin gapiringlar, buyuklarning gurungiga xalaqit beryapsizlar desam ham gapimni olishmayapti. Nima qilay, menda ayb yo‘q. Aka, mening sizlarga hurmatim baland, she’rlaringizni yodlab yuraman... – dedi yaltoqlanib. Mehmon unga hayron bo‘lgandek qaradi-da,
– Tushunmadim, – deb yelka qisib qo‘ydi. So‘ng uning yonidan o‘tib supada o‘tirganlar yoniga kelib, salom berdi-da:
– Qani, ustozlar, zerikmay o‘tiribsizlarmi?! – dedi.
– Rahmat. Keling. Biz bilan o‘tiring, – dedi supadagilar baravariga.
– Mayli... Hali gurung qilamiz. Sizlar bemalol... Men haligi, – u Daqqievga o‘girilib, ta’na qilganday dedi:
– Do‘stim, halitdan beri sizga imo-ishora qilaman. Qarab turibsiz-ku, hech tushunmaysiz-a... Biz minib kelgan “Neksiya”ning haydovchisiga ham choy-non qilishdimikan? Bir xabarlashsangiz degandim...
– A?! Haydovchi?..
Daqqiev avval qizardi, so‘ng bo‘zardi. Do‘rdoq lablari battar osilib, ko‘zlari baqrayganicha mehmon yigitga bir zum tikilib qoldi. So‘ng birdan tirjaydi. Qo‘li ko‘ksida, yarim bukilib:
– Ha-a. Haydovchimi?! E-e-e, shunaqa deng. Hozir, aka, hozir tashkil qilamiz. Bemalol buyuravering. Jonim bilan bajaraman. Hozir, hozir... – deganicha bog‘ eshigi tomon katta gavdasiga yarashmagan holatda beo‘xshov lapanglab, chopib ketdi. Mehmon ham o‘tirganlardan uzr so‘rab stoli tomon qaytdi. Supadagilar bir-biriga qarab kulib yuborishdi.
– E-e, gap bu yoqda ekan-ku. Muxbir ukamiz esa hadeb bizning og‘zimizga qopqoq bo‘lgani bo‘lgan...
– Men uni davramizga kimdir ataylab o‘tirg‘izib qo‘yganmi deb o‘ylab turuvdim. Xayriyat-e, ketdi...
– Ha-a, laganbardorlikni qotirarkan. Bizning safimizga adashib kirib qolganlardan bu...
– Qani yangi she’rlardan eshitaylig-e, shoir aka. O‘qing...
Shu bilan supadagi sukunat buzildi. Daqqiev esa ... qaytib kelmadi. Supadagilar ham go‘yo uni allaqachon unutgan edilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.