OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. G'aznachining savobi (hajviya)

Mana nihoyat, ishxona xodimlari yanvar oyligini bugun — mart oyining oxirida oladigan bo‘lishdi. Nega bunaqaligini yolg‘iz olloh va pul tarqatishga mas’ul odamlar biladi-da. Lekin xodimlar shunisiga ham ming shukur qilib, birin-ketin g‘aznachi oldidan maoshlarini olib chiqishar, juda xursand edilar. 
Odmigina kiyingan bir ayol qimtinibgina g‘aznachi xonasiga salom berib kirdi. Stulda yalpayib o‘tirib olgan xo‘ppasemiz, mo‘ylovlik, kal boshiga ola do‘ppi ilib olgan, ko‘zoynak taqqan g‘aznachi, oldidagi ro‘yxatdan bosh ko‘tarmasdan so‘radi:
— Familiyang?
— Topiboldieva.
— Hm-m, Topiboldieva Salimami? O’ttiz ming ekan.
— Yo‘g‘-e? — Cho‘chib tushdi ayol.
— Ha, ko‘pmi?
— Men yanvar oyida to‘rtta navbatchilikka turganman-ku, aka. Oz chiqibdimi deyman... 
— Shunaqami? Endi, buni borib tabel yozgan hisobchilardan so‘rab bilasan. Men manavi qog‘ozga yozilganini bilaman. Shuni beraman. 
— Xo‘p akajon, shuni beraqoling. Hozircha ... uyog‘ini keyin surishtiraman. 
— Xo‘-o‘sh, singlim, o‘ttiz ming chiqibdi senga. Endi manovi ro‘yxatlarga bir qara, ba’zi narsalarga pul ushlab qolyapmiz. Mana ... 
G’aznachi shunday deb bir ayolga, bir oldidagi qog‘ozga qaragancha o‘qiy ketdi: — Hamma qatori... Obunaga o‘n ming so‘m.
— Aka, shoshmang...
— Endi o‘zing bilasan, obuna bu ixtiyoriy-majburiy... Xo‘-o‘shsh, yana, yaqinda ishga loyiqligi yuzasidan toifalashdan o‘tgan ekansizlar. To‘g‘rimi? Ishqilib, imtihondan qiynalmay o‘tdingmi? Ha-a, yaxshi. Hay’at a’zolariga choy-non uchun uch mingdan ushlashim kerak ekan. Bu ro‘yxatni kattalar bergan...
— Akajon, sabr qiling...
— Hozir, hozir, xo‘-o‘shsh, qaysi kuni viloyatdan kelgan tekshiruvchilar bo‘limlaringga kamchiliklar uchun jarima solib ketibdi. Kattaning buyrug‘i, jarimani o‘rtalik to‘lash uchun har biringizdan to‘rt mingdan ushlab qolishim shart...
— Aka-ey, axir... 
— Bu oyda ikkita sunnat to‘y bor. Hozirdan uch mingdan yig‘ishga kelishganmiz. Yaxshi bir gilam obormoqchimiz. Hamma rozi bo‘lgan. Ha endi to‘yniki to‘yda qaytadi, qolib ketmaydi. Shunga olti ming ushlayman...
— Uf-f, akajon...
— Bo‘limdagi xonalarga kuyib qolgan elektr lampochkalar o‘rniga yangisini olish va sovun uchun ming so‘mdan yig‘ayotibmiz. Birinchi navbatda tozalik kerak. Axir ishxona ham ikkinchi uyimiz...
— Akajon, to‘xtang...
— Hay aytgancha, bo‘limga yangi televizor olmoqchi edik-ku. Dam olish xonasiga qo‘yib quysak, bo‘sh vaqtda Tangem-pangemni ko‘rib turasizlar. Bu axir madaniyat ... ikki ming so‘m...
— He, aka-ey,...
— Hozir singlim, hozir, mana bu yerda yana nimagadir ming so‘mdan ushlash kerak deyilgan...ta-ak, ha, bir xodimizning yaqinda yuzga kirgan momosi o‘lgan, o‘shanga yordam uchun... Biz ham o‘sha kampirning yoshiga yetib yuraylik. 
— Aka, shoshmang axir...
— Xo‘sh, nima deysan? Gapir endi...
— Akajon, shu marta mendan ushlamay turing, iltimos! Kichik o‘g‘lim shamollab, kasal bo‘lib qoldi. Unga dori olishim kerak. 
— Obbo, yaxshi bo‘mabdi-ku. Ha, xudo shifosini bersin. Boshingda ering yo‘qmi? Ota bo‘lgach davolatsin-da...
— He-e aka-ey, o‘zingiz bilasiz-ku, erim poytaxtga ish izlab mardikorchilikka ketgan. Uch oydan beri daragi yo‘q. To‘rtta bolam, uy-joy bir o‘zimga qolgan. Tirikchiligim arang kechib turibdi. — Ayol yig‘lab yubordi, qo‘li bilan yuzini to‘sib biroz hiqillab turdi: — Mayli, anovi momosi o‘lganga yordam pulini oling-u, qolganini bering, jon aka. Rahm qiling, iltimos!
G’aznachining ham unga rahmi kelib, ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. Unga tikilganicha bir yutinib oldida, dedi:
— Singlim, men nima qilay? Sendan ushlamasam boshqalar hozir janjal ko‘tarishadi. Hozir hammaga qiyin, lekin chidash kerak. Kattalar ham shu pullarni ushlamasang yoningdan to‘laysan degan. Hech ilojim yo‘q. Ushlab qolmasam, bo‘maydi. Meni to‘g‘ri tushungin sen ham ...
— Akajon, — ayol yig‘lab gapirdi: — Bolam kasal axir, doriga pulim yo‘q. Mahalladan bergan yordam puliga un bilan yog‘ oldim. Kasalchilik bo‘lmaganda mayliga edi. Akajon, iltimos, yordam qiling...
— Tushunyapman, tushunyapman, — bosh chayqadi g‘aznachi yerga qaragancha: — O’lay agar singlim, menga bog‘liq bo‘lsa umuman ushlamasdim. Majburman... 
U shunday deb yonidagi kalkulyatorni qo‘lga olib, hisoblay boshladi. 
—Xo‘-o‘shsh, Mana, senga qoladi-i, uch ming so‘m. Ma, ol pulingni. Mana bu yerga qo‘l qo‘y... Shunga ham ancha dori beradi aptekachi. Yetmasa qarzga yozdirib olaver, berishadi. Ularga savdo kerak. Keyin berasan-da. Ha aytmoqchi, duxturga ayt, arzonroq, dorilarni yozsin. Ularning tili bir. Biri qimmat qimmat dorilarni buyuradi, birovi qimmatiga sotadi. Ahvolingni tushuntir. Ular ham odam-ku, tushunar...
— Jon aka, pulimni to‘liq bering, jon aka...
— Ilojim yo‘q dedim-ku senga, imzo qo‘y mana bu yerga, pulimni oldim deb...Bo‘l tez, vaqtimni olma, boshqalar kutib qoldi... 
Ayol uning uzatgan qog‘ozining “o‘ttiz ming so‘m” deb yozilgan joyiga “oldim” deb istar-istamas imzo chekadi. So‘ng yalina boshlaydi. 
— Akajon, yordam qiling, o‘lay sizga...
— Uf-f, he singlim-e, iloji yo‘q, deyapman-ku... Tavba! Nega bu hamshiralar bilan farroshlarning maoshi buncha kam bo‘masa-ya. Eng qora ishlarni shular qilishsa... Bu bechoralarni kim o‘ylaydi o‘zi? Uf-f... Mayli senga bir yordam qilaman. Shundan boshqasi qo‘limdan kelmaydi... 
— Baraka toping, akajon...
— Hammadan g‘aznachining haqqi deb besh yuz so‘mdan ushlab qolayotgan edim. Mayli, shuni sendan ushlamayman. Bolangni dorisiga ishlata qol. Menga xudo bersin. Boraqol endi, singlim. Shunga ham shukur qil. Bor, bor. Ayt, navbatdagi odam kirsin. Uf-ff...
— Rahmat aka, shunga ham rahmat. Bolalaringizni huzurini ko‘ring, ilohim. Ko‘p yashang... — Ayol qo‘li ko‘ksida, ko‘zlarida yosh, g‘aznachiga qayta-qayta ta’zim qilib, chiqib ketdi. G’aznachi ham qilgan savobidan ko‘ngli ancha taskin topib navbatdagi kirgan kishidan kimligini so‘rab, oldidagi ro‘yxatga engashdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.