OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Ma’ruza (hajviya)

Ertalabdan beri kallasi xumday, qorni meshday Mallaev uyida. o‘zi mag‘rurlanib "kabinetim" deb ataydigan, kitoblarga liq to‘la bir necha javon va stol-stullar bilan to‘ldirilgan kichkina bir xonada ertaga katta yig‘inda o‘qiydigan ma’ruzasiga tayyorlanib o‘tiribdi. Xotini ketma-ket damlab kirayotgan issiq ko‘k choydan xo‘plab-xo‘plab, tarelkadagi "rachki" konfetidan chaynab-chaynab ishlamoqda. Ertangi yig‘inga yuqoridan xam "kattalar" qatnashadi degan gap bor. Shunga yarasha tayyorlanmasa ham bo‘maydi-da, Oldida Ibn Sino, Navoiy, Umar Xayyom, Suxomlinskiy, Makarenko asarlari, Qur’oni sharif, hadislar to‘plami va yana bir qancha kitoblar u yer-bu yeridan varaqlari buklangan holda qalashib yotibdi. U oppoq qog‘ozga hali u kitobdan, hali bu kitobdan kerakli joylarini ko‘chirar va ba’zan o‘zidan ham to‘qib, qo‘shib yozib qo‘yardi.
"...Yosh bola bilan muomala qilganda qo‘pollik qilmaslik kerak. Xuddi katta kishilar bilan gaplashgandek e’tibor bilan gaplashish kerak. Chunki, yosh bola o‘ta ta’sirchan, ko‘ngli nozik bo‘ladi. Arzimagan bir gap va xarakat bilan yosh bolaning asablarini yoshliqdan mayib qilib qo‘yish mumkin. Shuning uchun...
Shu payt xona eshigi ochilib ikkinchi sinfda o‘qiydigan qizi kirib keldi. U nimalarnidir berilib yozayotgan otasiga qarab, gapiraymi, yo‘qmi deb biroz taraddudlanib turdi-da, so‘ng sekingina dedi:
– Dada. Matematikamni ko‘rib bering. Manovi misolni yecholmayotibman.
– Obbo...
Axir har lahza ganimat bo‘lib, fikrlar endi jamlanib, ishi yurishib turgan vaqtda birovning halaqit berishi ortiqcha edi, albatga.
Mallaevning rangi bo‘zarib-qizarib ketdi. Yozuvdan bosh qo‘tarmay, o‘shqirdi:
– Yo‘qol. Kallamni achitma. Ish qilyapman. Vaqtim yo‘q.
Qizi nima qilishini bilmay yig‘lab yubordi. So‘ng chiqib ketdi.
"Matematika deydi-ya. Bu yerda olamshumul gaplar bitilayotgan bir paytda-ya. He, sadqai sar yig‘lasa. Qiz bola yig‘lasa, ko‘zi qora bo‘ladi..."
Mallaev yana fikrini jamlab, ilhomi jo‘sh urib, ma’ruzani yozishda davom etdi: "...ya’ni masalan o‘tkan allomalarimiz aytishlaricha yosh bola tarbiyasi o‘ta nozik masalaki..."

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.