OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Buzoq (hajviya)

(A. Qahhorning g‘azabiga uchragan hikoya)

Sotimjonni ko‘rmaganimga roppa-rosa yigirma sakkiz yil bo‘pti. O’rta maktabni bitirganimizda ikkalamiz ham o‘n yettida edik.
Ittifoqo uni shu bugun uchratib qoldim. Semirib ketibdi, negadir labidan, og‘zidan eski xurmachaning isi keladi.
Bundan yigirma sakkiz yil oldin uning qanaqaligini aytib beray.
Birinchi sinfdan to o‘ninchigacha Sotimjon bilan yonma-yon turib o‘qiganmiz. To‘g‘risini aytsam, u o‘lgudek noshud, yo‘lini topib yurolmaydiganlardan edi. Matematika darsida masalani men yechib berardim. Rasm darsida-ku, sharmanda bo‘lardi. O’rdakning suratini ishlasa, laylakka o‘xshab qolardi. Mayli, bularni ham gapirmay qo‘yaqolay. Uning antiqa bir qilig‘i bor edi. To o‘rta maktabni bitirgunimizcha ham u onasini emardi.
Katta tanaffusda hamma bufetga kirib ketsa, u uyiga chopardi. Onasini miqillatib to‘yib emib, yana chopib qaytib kelardi.
Mabodo onasi to‘ygami, azagami ketgan bo‘lsa, o‘shaqqa borib yo‘lakka chaqirtirardi, eshik orqasida tikka turgancha emib, yana bo‘talokdek o‘ynab ketardi.
Sotimjonning dadasi u yettiga kirganda o‘lgan edi. Yolg‘iz qo‘l ona, tirikchilik ekan, ancha qiynalib qoladi-yu, oradan uch yil o‘tkazib boshqa erga tegadi. Unchalik katta to‘y bo‘lib, surnay chalinmasa ham, harqalay odamlar kelishgan, yallachilar qo‘shiq aytishgan edi. To‘y tugab, kelin chimildiqqa kirgan edi. Biz bilan raqqosani tomosha qilib turgan Sotimjon xumor qilib, birdan o‘zini chimildiqqa uradi. Kuyov oldida uyalib o‘tirgan onasiga hiqillab, kuyovning ensasini qotirib, to‘yib emib oladi.
Yettinchini bitirganimizda butun sinfimiz bilan bolalar oromgohiga yuborishgan. U paytlarda bolalar oromgohlarida juda qattiq intizom bor edi, bolalarni tashqariga chiqarishmasdi. Sotimjon bir kundayoq ozib cho‘p bo‘lib qoldi. Onasiga odam yubordik. Kelib emizib ketdi. Shundan keyin bechora ona har kuni kelib zavtrak va tushlik oldidan emizib, xotirjam uyiga ketadigan bo‘ldi.
Mana, oradan qancha vaqt o‘tib ketdi. Bu orada qancha voqealar bo‘ldi. Yigirma sakkiz yil deganda uni endi uchratdim.
Rayon veterinariya uchastkasiga ishga o‘tdim-u «Ilg‘or» kolxozidagi mol fermasida ikkita sigir harom o‘libdi, deb eshitib, akt tuzgani bordim.
Buni qarangki, Sotimjon shu yerda ferma mudiri ekan. Quchoqlashib ko‘rishdik. Hatto, o‘pishdik ham. O’pishganda labidan, mo‘ylabidan hali ham eski xurmachaning isi kelardi.
Onasini so‘radim. Bechora bundan o‘n bir yil oldin qazo qilgan ekan.
Endi ish to‘g‘risida gap ketdi. Ferma xodimlarini chaqirib, ikkala sigirning qanaqa qilib o‘lganini surishtirdim.
— Biri anchadan beri kasal edi. Qarib qolgandi-da, — deyishdi. — Ammo govmush o‘ladigan emasdi. Mana, mudirimiz Sotimjon akamizdan so‘rang, yaxshi govmush edi. Sotimjon akamiz faqat shu govmushning sutini ichardilar.
Uning gapini boshqasi tuzatib qo‘ydi:
— Ichardilaring nimasi, emardilar, degin.
— Shundoq, shundoq. Bechora juda yuvosh edi, emayotganlarida xuddi o‘zining buzog‘idek indamay, turib berardi.
Masala menga ravshan bo‘ldi. Ammo o‘limining sababi ravshan emasdi.
— Nima bo‘lib o‘ldi?
— Menimcha o‘limiga sabab yelini iyib qolgani. Sotim akam dom otdixga ketgan edilar. O’n besh kun hazil gapmi?! Sog‘ay desak, o‘n yildan beri sog‘ilmagan sigir — oldiga odam yo‘latmaydi. Boshqa sigirning buzog‘ini yuborsak, tepib tashlaydi. Sotimjon akamga o‘xshatib mo‘ylab yopishtirib emgani borsak ham tepib tashlayverdi. Ikki marta Sotimjon akamga telegramma yubordik, yetmapti. Bechora govmush o‘n besh kun sog‘ilmay, emizmay yelini irib ketdi-yu, to Sotimjon akam kelgunlaricha dunyodan o‘tdi. Sotimjonning ko‘zlarida yosh yiltiradi.
— Shundoq bo‘ldi, govmushimdan ayrilib koldim.
U shunday dedi-yu, birdan yig‘lab yubordi. Uni yupata boshladim:
— Govmushim deb yig‘lama, oq sut bergan onam deb yig‘la.
Ana shundagina uning labidan, mo‘ylabidan nima uchun xurmachaning isi kelganiga tushundim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.