OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Karnay (hajviya)

Muzeyni tomosha qilgani kelganlar «Muzey berk, remont» degan yozuvni o‘qib, qaytib ketaverishardi. Ammo soqoli ko‘ksiga tushgan, ikki lunji filning qulog‘iga o‘xshab osilgan bir chol eshikni ochasan, kirib karnayimni ko‘raman, deb ikki oyog‘ini bir etikka tiqib turib oldi. Qorovul tushuntirsa ham tixirlik qilib tushunmay turaverdi.
Kiraman, ko‘raman, vassalom!
Oxiri qorovul uni ichkariga kiritishga majbur bo‘ldi.
— Boring, direktor bilan o‘zingiz gaplashing.
Chol ichkariga kirdi. 
Direktor qog‘ozlarga ko‘milib nimalarnidir yozib o‘tirardi. U boshini ko‘tarib cholga qaradi.
— Keling, otaxon!
— Men Buvaxon karnaychi bo‘laman.
— Juda soz, — dedi direktor. — Karnaychi chaqirganimiz yo‘q edi-ku. To‘y qilish niyatimiz ham yo‘q.
— Buvaxon karnaychini bilmasang, dunyodan bexabar odam ekansan-ku. To‘yga emas, karnayimni ko‘rgani keldim.
Direktor qoshlarini kerdi.
— Qanaqa karnay?
— Muzeyingda karnay bormi axir?
— Bor, — dedi direktor.
— O’sha mening karnayim bo‘ladi. Ellik yil chalganman uni.
Darhaqiqat, muzeyda bitta eski karnay bor edi. Bu karnayning qayoqdan kelib qolganini, nima xosiyati borligini hech kim bilmasdi. Muzey ilmiy soveti bu noma’lum karnayni ekspozitsiyadan olib tashlamoqchi edi.
— E, shunaqa demaysizmi? Qani o‘tiring, otaxon, — deb direktor unga termosdan choy kuyib uzatdi. — Kelganingiz juda yaxshi bo‘ldi. O’zingiz kimsiz, bu karnay qanaqa karomat ko‘rsatgan, bir boshdan aytib bering.
Direktor Buvaxon karnaychi piyoladagi choyni ho‘plaguncha stol chetida turgan magnitofonning tugmasini bosib qo‘ydi.
— Oh, otaginang aylansin, biz ko‘rgan karnaychilar endi qayoqda deysan. Hozirgilar karnay puflasa, lunji shishmay turib nafasi biqinidan chiqib ketadi. Karnay deganni puflaganda qorin chilimning belidan ingichka bo‘lib ketishi kerak. Hozirgilar puflaganda kindigi pup etib ko‘ylagini turtib chiqadi. Yo‘q, bu bolalardan risoladagi karnaychi chiqmaydi...
Aslini olganda, karnaychilik muhim kasb emas. Karnay degan to‘yda, hayit-ma’rakalarda chalinadi. Azada chalib bo‘lmasa. Xonaki bazmlarda dutor-tanburga o‘xshatib ulfatlarning ko‘nglini olishga yaramasa. Kimga qiyin, karnaychiga qiyin. Ammo Buvaxon karnaychining aytishicha, yil-o‘n ikki oy karnaybop ish topilib turgan.
Otaginang aylansin, gapimga ishon. Lunjim biron kun bekor turganini bilmayman. Kechasiyu kunduzi puflaganim-puflagan. Nima bo‘ladi-yu, vokzaldagi temir yo‘l zovutining gudogi buzilib qoladi. U paytlarda odamlarda soat degan narsa bo‘lmasdi. Hamma ertalab o‘sha zovutti gudogi bilan uyg‘onardi. O’sha paytda Nekalayning zovutiga Buvaxon akang kerak bo‘lib qolgan. Sahar paytida qo‘sh otli izvosh bilan olib ketishardi. Vodaqashqaning tepasiga chiqvolib shaharning to‘rt tarafiga qarab bir puflardim, yo bafarmoni xudo, bu tomoni Xasti imom, bu tomoni Jarariq, bu tomoni Zangi ota, bu tomoni Yalang‘och pirim alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketardi. Toshkent viloyatida qanchaki it bo‘lsa bab-barobar akillavorardi. To gudok tuzalguncha bir yarim oy Toshkentni o‘zim uyg‘otib turganman. E, senlar nimani bilasanlar...
Buvaxon karnaychi piyola tagida qolgan choyni ho‘plab, tomog‘ini namlab olgandan keyin gapini davom ettirdi:
— Nekalay poshsho o‘lgudek xasis odam edi. Tuproq-qo‘rg‘ondagi kreposda askarlar turardi. O’qu zambaraklari ham o‘sha yerda edi. Har kuni tushlik paytida to‘p otilardi. Buning ma’nosi abid vaqti bo‘ldi, degani edi. Odamlar to‘potar mahali bo‘ldimikan, deb kutishardi. Xotini taloq oq poshsho endi bas, to‘p otilmasin, girmon urish boshladi, porox isrof qilinmasin, deb prikaz qipti.
Ana shunda nima bo‘ldi, degin. Toshkentdek shahri azimda kecha bilan kunduzning farqi qolmadi. To‘p otilmagandan keyin vaqt qay mahal bo‘lganini kim qayoqdan bilsin? Ana shundoq og‘ir kunlarda yana Buvaxon karnaychi kerak bo‘ldi. Eshigimning oldiga izvosh keldi. Ikki sallot izzat-ikrom bilan olib ketdi. Kreposiga kirganimda qarasam, Qozi kalon ham o‘sha yerda ekan. Kimdir: avval uning qornini to‘ydirish kerak, bo‘lmasam karnay puflashga holi kelmaydi, deb qoldi. Mis tog‘orachada qaziga o‘xshagan bir taom keltirishdi. Darrov bildim. Moya musilmon chalavek, kalbasa ne kushayt, dedim. Shunda Qozi kalon: az zaruratan kalbasaga tanavvuli joizdir, deb qoldi. Ichimda, uvolini sen, savobini o‘zimga bag‘ishladim, deb pok-pokiza qilib tushirdim. Durust, yomon taom emas ekan. Yonboshiga to‘nponcha taqqan pogonli semiz kishi, boshla, dedi. Kalbasani quvvatimi, yo o‘zimda bir kuch paydo bo‘ldimi, ikki lunjimni qo‘yning dumbasidek qilib karnay jonvorni bir pufladim. Toshkentda qancha qarg‘a, qancha kaptaru musicha bo‘lsa hammasi osmonga patirlab ko‘tarildi. Itlar akillavordi. Qo‘y-qo‘zilarning ma’rashini aytmaysizmi?! Bu ham mayli-ya, eshak o‘lgirga hangrashni kim qo‘yipti?
Shunday qilib, salkam ikki yil izvoshga tushib kreposga bordim, to‘p o‘rniga karnay chalib xalqimga xizmat qildim.
Inqilob bo‘lgandan keyin ham bir kun bekor turganim yo‘q. Qaerda metinka bo‘lsa, qaerda yig‘in bo‘lsa Buvaxon akangning karnayi bilan lunji ish beraveradi. Hozirgi Sverlov teatri Yupatov serki edi. Katta majlislarga odam yig‘ib bering, deyishdi. Tomga chiqib qadrdon lunjim bilan karnayimni ishga soldim. Bedabozordagi Dom dehqonga Butunittifoq oqsoqoli kelganlarida ham karnay chalib, odam yig‘ib berganmiz. E, senlar nimani bilasanlar? Buvaxon otalaringni boshidan nimalar o‘tmadi-yu, ko‘zlari nimalarni ko‘rmadi. Toshkent atroflarida kolxoz tuzilib birinchi hosildan «Qizil karvon» qilib shaharga qovun-tarvuz olib kelingan. O’shanda ham Buvaxon akang karvon oldida Chig‘atoy darvozadan to Eski jo‘vagacha tinmay karnayini vatillatib kelgan. O’shanda Oxunboboev karnayimga lenta taqib qo‘yganlar.
Sen nimani bilasan, ustalda o‘tiribsan, biz bo‘lmasak senga bu ustal qayoqda edi? Tekstil kombinati ishga tushganda ham Buvaxon akang karnayini chalib, odamlarni ishga chaqirgan. Gidroistansa ochilganidayam, Selmash zovuti bitgandayam, qishloq xo‘jaligi Vistavkasi ochilgandayam shu Buvaxon akang karnay chalgan. Budyonniy I. Rahmatni otga mindirganda ham Buvaxon akang istadionda rosa karnay chalgan.
Yigitlarimiz Gitlerning onasini Uchqurg‘ondan ko‘rsatib, g‘alaba bilan qaytganlarida bir oy vokzalda qolib ketganman. Moskov tomonidan kelayotgan poezdki bor, yo‘lida turib olib, rosa karnayimni chalganman, akasi, meni kim deb o‘tiribsan? Uyog‘ini so‘rasang, bu karnay Hamza bilan Xorazmdan to Qoraqalpoqqacha borgan. Bu karnay Muhiddin qori truppasi bilan Farg‘ona vodiysini aylanib Tamaraxonimni yo‘rg‘alatgan.
«Xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» unvonini har kimgayam beravermaydi. Farg‘ona kanalining ikki yuz yetmish kilometr masofali trassasida karnay chalaverib, lunjlarim dirijabil bo‘lib ketgan. Bo‘lmasam, Usmon Yusupov bekordan-bekorga «BFK» nishonini ko‘kragimga taqib qo‘yarmidi?
Qo‘y, ukam, meni ko‘p javratma. Eshikni och. Qadrdon karnayimni bir ko‘rib ketay. Iloji bo‘lsa, ruxsat ber, bitta puflab qo‘yay.
— Yo‘q, otaxon, mumkin emas, muzeyning yonboshida tug‘uruqxona bor. Homilador xotinlar bola tashlab qo‘ymasin.
Direktor magnitofon tugmasini bosib, o‘rnidan turdi.
— Yuring, ota, o‘sha qadrdon karnayingizni ko‘rsatib qo‘yay.
Ular bo‘yoq va nam ohaq hidi anqib turgan yo‘lakdan o‘tib «San’at tarixi» degan katta zalga kirishdi. Chol oynavon javonda yashil duxoba ustiga yonboshlatib qo‘yilgan karnayini darrov tanidi. Ko‘zlari yashnab, beixtiyor, bormisan qadrdon, deb yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi.
To‘qqiz kundan keyin muzey ochildi. Shu paytgacha noma’lum bo‘lgan karnay qo‘yilgan zalda har kuni bir necha marta Buvaxon karnaychining magnitofonga yozilgan ovozi yangraydigan bo‘ldi.
«Oh, otaginang aylansin, u paytdagi karnaychilar...», — deb boshlanardi uning so‘zlari.
Oradan sal kun o‘tmay xorijdan kelgan bir turist muzeyning esdalik daftariga shunday yozuv qoldirdi:
«...Oddiy karnaychisi shuncha ish qilgan bo‘lsa, olimi, ishchisi qanaqa ishlar qildiykin? Yo‘q, bunaqa xalqni yo‘ldan urib bo‘lmaydi...»

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.