OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Kechikkan sevgi... (hikoya)

Sekretar xotin barakning brezent eshigini ko‘tarib ichkariga kirdi. Ismoiljon tikka turganicha alyumin krujkadan labini cho‘chchaytirib qaynoq choy ho‘plardi. Sekretar stolga qog‘oz qo‘yib indamay chiqib ketayotgan edi, Ismoiljon uni to‘xtatdi.
— Bu nima?
— Bashoratning arizasi. Ishdan bo‘shatishingizny so‘rab yozibdi.
— Nega o‘zi kirmadi?
— Bilmasam.
U yelkasini qisib qo‘ydi.
— O‘zi kirsin!
Sekretar chiqib ketdi.
Bashorat qurilishda desyatnik. O‘zi uncha chiroyli bo‘lmasa ham allaqaeri odamga juda yoqadi. Istarasi issiq deganlari shumikin? Ismoiljon shu to‘g‘on qurilishiga bosh injener bo‘lib kelganda ham Bashorat shu yerda edi. Ular bir-birlari bilan juda ko‘p gaplashishgan. Negadir Bashorat Ismoiljon bilan ochilib gaplashmasdi. Biroq nima aytadigan bo‘lsa betiga qaramay yergami, botinkasining uchigami tikilib turib aytardi. Uning bu qilig‘idan ko‘pincha Ismoiljonning ensasi qotardi. Ammo Bashorat ishiga pishiq qiz. Buni qurilishdagilarning hammasi ham tan olishadi.
Brezent eshik ko‘tarilib sekretar xotinning yuzi ko‘rindi.
— Kirmasmish, qo‘l qo‘yib beraversin, deb aytdi.
Ismoiljon arizani olib yana o‘qib chiqdi. Aytarli tuzuk-quruq gap yo‘q. O‘z ixtiyorim bilan depti. U qo‘liga qalam olib arizaning chetiga yozmoqchi bo‘ldi-yu, yana to‘xtadi. Bu nima qilgani, meni pisand qilmayaptimi? Gaplashishni ham istamaydi.
— O‘zi qaerda?—dedi Ismoiljon hamon brezent eshikni paranjiga o‘xshab boshiga tashlab turgan sekretar xotinga.
— Tashqarida o‘tiribdi.
Ismoiljon xotinning ketidan chiqdi. Oyoq tovushini eshitib Bashorat o‘rnidan turdi. Uning qovog‘idan qor yog‘ardi.
— Nima bo‘ldi, nega bo‘shaysan?
— Ketyapman,—dedi u Ismoiljonning betiga qarab emas, yerga o‘tirib etigini boshqatdan kiyayotgan ekskavatorchiga qarab.
— Ketishingga biron sabab bormi?
— Sabab yo‘q. Shundoq. Boshqa qurilishga ketaman.
— Birontasi xafa qildimi?
Bashorat bosh chayqadi.
— Arizamga qo‘l qo‘yib bering, gapni aylantirmang! Vassalom!
Ismoiljonning zardasi qaynab ketdi. Qurilish bosh injeneri bilan shunaqa gaplashadimi? Haddan oshib ketibdi-ku, bu qiz!
— Xo‘p, hozir qo‘l qo‘yib beraman.
U shunday dedi-da, ichkariga kirib ketdi. Birpasdan keyin Bashoratni sekretar chaqirib buyruqni berdi. Bashorat buyruqqa qarab turib seskandi. Ko‘zi tindi. Nahotki ikki yil ishlab mehnati singan joyni tashlab ketadi?
— Hisob-kitobni boshqarmaga borib qilasan,— dedi sekretar va boshini sarak-sarak qilib barakka kirib ketdi.
Bashorat yolg‘iz qoldi. U bosh injenerning baragiga ma’yus qarab turdi-da, bitta-bitta qadam bosib yo‘liga ketdi.
Ekskavatorlarning shovqini olamni to‘ldirgan. Skreperlar qiyqillaydi. Elektr payvandi oftobda shisha sinig‘idek yaltiraydi. Samosvallar har gal shag‘al ag‘darganda momaqaldiroqqa o‘xshagan ovoz chiqadi. Beton qoruvchi mashina qaldir-quldir qilib quloqni bitiradi. Mashinalar hamma yoqni changga to‘ldirib u yoqdan-bu yoqqa o‘tib turibdi.
Bu shovqinlarga Bashorat ko‘pdan ko‘nikib ketgan. Endi qayoqqa boradi? Nima qilmoqchi o‘zi? Buni o‘zidan boshqa hech kim bilmaydi. Faqat shu yerdan ketsa bo‘lgani. Qancha tez ketsa shuncha yaxshi.
Bashorat baxtini boshqa yerdan izlamoqchi. U bu yerdan baxtini topolmadi. Izzat-nafsi koyigan qiz shu shovqin-suronga to‘lgan joydan ketyapti.
U ma’yus qadam tashlab do‘ng oshganida qarshisida to‘zon ko‘tarib gazik kelardi. Bashorat darrov tanidi. Bu Ismoiljonning mashinasi, Bashorat qo‘lini ko‘tardi. Gazik to‘xtadi. Hali egnidagi harbiy gimnastyorkasi eskirmagan shofyor bola kabinadan boshini chiqardi.
— Ha, opa, tinchlikmi? Qayoqqa ketyapsiz?
— Bitta xat yozib beraman, xo‘jayiningga berib qo‘yasan.
— Xo‘p, xo‘p, opa.
Bashorat chamadonchasidan daftarchani olib mashina kapotiga qo‘yib nimadir yozdi, o‘chirdi, yana yozdi. Yozganini yirtib tashladi. O‘ylab turib boshqatdan tez-tez yozdida, buklab shofyor bolaga berdi.
— O‘ziga ber!
Bola xatni yon cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Mashina u yoqqa, Bashorat bu yoqqa ketdi.
Iyul quyoshi adirga tegay-tegay deb turibdi. Yana bir intilsa adir orqasiga dumalab tushib ketadi. Atrof qorong‘ilashadi. Qurilish maydonida sonsiz chiroqlar yonadi. Projektorlarning nurli barkashi do‘ngdan do‘ngga sakrab o‘ynaydi. Elektr payvandning chaqini bir daqiqadayoq olis-olislarga yetadi-da, hamma yoqqa yashil nur purkab so‘nadi.
Bashorat mana shu nurli, mana shu shovqinli hayot orasidan baxtini qidirgan edi. Uni topgan ham edi. U baxt deb diliga quvonch, ko‘ngliga ishonch-ilinj tug‘dirgan narsa baxti emas ekan. Ana shuning uchun ham u ketyapti.
Balog‘at yoshiga yetib, dilida muhabbat hislari uyg‘ongan qiz bolaning noumid bo‘lishidan og‘irroq narsa yo‘q. Bo‘lmasa kattadan kichigi qadrdon bo‘lib qolgan joydan ketish osonmi? Qim biladi, hali ham bo‘lsa iziga qaytgani durustmidi? Yangi joy, yangi odamlar, yangi muhabbat... osonmi? Umr — oqar suv. Huv etadi oqadi, ketadi.
Shu xayol uni bir daqiqa to‘xtatdi. Qiz atrofga qaradi. Quyosh adirga yarim belidan botib turibdi. Azamat teraklarning uchi shamdek yonib ko‘zni olmoqchi. Ufqda ikkita uzun-uzun kimxob kamardek bulut qimirlamay turibdi. Osmoni zaminda bitta laylak aylanyapti. Uning qanoti xuddi shamga o‘xshab yonadi. Gohi-gohida u, xuddi shishadan yasalganga o‘xshab ketadi.
Teraklar uchidagi shamlar o‘chdi. Atrofni nim qorong‘ilik bosdi. Faqat laylak chiroqqa o‘xshab hamon porlaydi.
Qurilish shovqini ham eshitilmay qoldi. Uni dam-badam orqangga qayt, degandek eshitilib turgan bu tovushlar tingandan keyin Bashoratning oyoq olishi tezlashdi.
Qishloq yaqin qoldi. Uzoqda xonadonlarning chiroqlari miltirab ko‘rindi.
Bashorat endi orqaga qaytish ilinjidan qutuldi.
Orqadan gurullab motor tovushi keldi. Zum o‘tmay o‘tkir nur uning soyasini o‘zidan ellik metrcha nariga uloqtirib tashladi. Bashorat o‘girilib qaragan edi, yoruqdan ko‘zi qamashdi. Mashina uning yonidan o‘tib ketdi-da, sal nari borib yo‘lning o‘rtasida ko‘ndalang turib oldi. Motor shovqini tindi. Chiroq ham o‘chdi. Qorong‘ilikda erkak kishining ovozi eshitildi.
— Bashorat!
Bu Ismoiljonning ovozi edi.
Bashorat titrab ketdi. O‘sha! Qiz qalbiga tosh otgan, qiz ko‘nglida uyg‘ongan birinchi muhabbat hislarini pisand qilmagan kesak!
— Nega kelding?— dedi Bashorat titroq tovushda. Bu birinchi bor uni senlashi edi.— Tushuntirgani keldingmi?! Qurilishda obro‘ying oshadi, shu yerdan ko‘tarilib ketasan, deb aytgani keldingmi?! Bu gaplarni sendan ko‘p eshitganman. Sen faqat shu gapni bilasan, yog‘ochsan, toshsan, kesaksan. Darding yo‘q seni!
Bashorat ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Ismoiljon nima qilishini bilmay qotib turardi.
Osmonda yulduz uchdi. Uning papiros tutunidek ingichka chizig‘i qop-qora osmonda ancha turib qoldi. Oxiri u ham so‘nib ketdi.
— Sizga nima bo‘ldi, Bashorat? Sen uchun ketyapman deb xat bervoribsiz?
— Sizlama meni. Bilmading-a, sezmading-a! Yuragingda zarracha darding bo‘lganda bilarding, sezarding!..
— Nimani bilaman, nimani sezaman?
— Axir tentak, bir yildan beri dardingda kuyib yonaman. Bir yildan beri meni uxlatmaysan. Bir yildan beri seni deb yashayapman. Bilmaysan, sezmaysan. Aminman, sezasan, nazar-pisand qilmaysan. Meni ermak qilish uchun atayin shunday qilasan.
— Voy, menga qara...
Ismoiljon shu gapdan keyin ancha jimib ketdi. Papiros chekdi. Gugurt chaqayotganda qo‘li titrayotganini Bashorat ko‘rmadi.
Yulduzlar birin-ketin ko‘z ochaverdi. Ushatilgan nondek bo‘lib oy ham chiqdi. Ammo Ismoiljondan hali ham sado chiqmasdi. Yuk mashinasi keldi. Yo‘lda ko‘ndalang turgan mashinadan o‘tolmay signal berdi. Ismoiljonning hushi o‘ziga kelib mashinasiga yugurdi. U to mashinani chetga olguncha shofyordan rosa so‘kish eshitdi. U gazigini chetga olaman deb orqa g‘ildiragini ariqqa tushirib yubordi. U mashinani o‘nglaguncha Bashorat chamadonchasini bag‘riga bosganicha qimirlamay turaverdi. Oxiri Ismoiljon yana oldiga keldi.
— Kechir, meni Bashorat. Bilmabman. Bilsam nahotki senga shunaqa muomala qilardim. Men, o‘lay agar, bilmabman. Axir o‘zing o‘yla, men o‘zimni senga munosibmasman deb yurardim. Umrimda bir qizni sevmaganman, bunaqa ishlarni bilmaganman. Sevishni bilmaganman. To‘g‘ri aytding, yog‘ochman, kesakman. Sevishga, ishq qo‘yishga vaqtim bo‘lmagan. O‘qishni bitirdimu shunaqa qurilishlardaman.
Bashorat ham titrab, qaqshab gapirardi.
— Nima kiysam sen ko‘rgin deb kiyardim. Ammo sen tabel taxtasidagi Bashoratning norma bajarishiga qararding. Ishdan horib, charchab kelamanu uxlamay ostonada yulduzlarga tikilib o‘tiraman. Seni o‘ylayman. So‘ra, shu yulduzlardan so‘ra. Ularni har kuni ko‘raman. Har kuni gaplashaman. Shu yulduzlarning qaysi biri menikiligini bilolmayman xolos. Biron marta meni o‘ylaganmisan?
Ismoiljon gap topolmay g‘udrandi.
— Menga qara, Bashorat, meni ko‘p qiynama. Birpas o‘zimga kelib olay. Oyog‘imning tagida yer yo‘qqa o‘xshaydi, Ke, o‘tiraylik. Manavi yerga o‘tiraylik.
Ismoiljon Bashoratning qo‘lidan ushlab tol tagiga olib o‘tdi. Shundagina uning qo‘li titrayotganini bildi. Qiz ko‘ksida nimadir g‘alayon qilardi. Bu u chekkan iztiroblarning mukofotimi, unga kechalari uyqu bermagan yigitning ko‘ksida sevgi otashini yoqib intiqom olish tantanasimi, bilmasdi. Nima bo‘lsa bo‘lsin, Bashorat dilidagisini to‘kib soldi. Agar shunday qilmaganda bir kun o‘kinardi. Qachonlardir bir kun ilk muhabbat esga keladi. Esga kelganda ham galati hislar bilan, ajib xotiralar, eng ma’sum, eng beg‘ubor tuyg‘ular bilan aralashib keladi. O‘shanda ilk muhabbat o‘z bag‘riga chaqiradi. Butun go‘zalligi, butun jozibasi bilan, tiniqligi, beg‘uborligi bilan chaqiradi. O‘shanda muhabbat o‘zining hech qachon qarimasligiga iqror qiladi.
Bir chiroyli, bir yoqimli shamol turdi. Tol shoxlari bir-biriga ayqash-uyqash bo‘lib yerdagi oy tangalarini uchiradi, yondiradi, supuradi.
— Endi men gapiray. Kulmaysanmi, masxara qilmaysanmi. Jim o‘tirsang aytaman.
— Gapir!
U iztirob bilan o‘tgan bolaligini eslab ketdi. Go‘dak diliga ozor bergan, murg‘ak xotirada bir umr o‘chmas iz qoldirgan ota qilmishini, o‘z bolasining ko‘kragidan itargan ona qilmishini alam bilan esiga oldi. O, u kunlar unutilib ketsa bo‘lmasmidi?
Ismoiljon papiros chekdi. Tolning shovullashiga bir muddat quloq solib turgandan keyin titrab gap boshladi.
— Kimligimni bilib ol. Kimman, qanaqa odamman, bilib qo‘yganing yaxshi. Sakkiz yasharimda dadam bilan ayam ajralib ketishdi. O‘shanda ayam bilan qolganman. Yarim yil o‘tmay ayamning ko‘ziga shumshuk bo‘lib qoldim. Ikki gapining birida, baxtimni qora qilyapsan, orqamda ergashgan bolam bilan meni kim olardi, deydigan bo‘lib qoldi. Bu gaplarga bola ekanman-da, tushunmaganman. Keyin ayam erga tegdi, o‘gay dadam u yoqda qolib ayamning o‘zi chiqishtirmadi. Dadamning oldiga bordim. Uylangan ekan. U yerga ham sig‘madim. Ko‘chada qoldim. Ota-onam tirik bo‘la turib detdomga kirishga jur’at qilolmadim. Maktabda yotib qolib o‘qidim. Birovlarning nonini yeb, birovlarning kiyimini kiyib katta bo‘ldim. Institutda o‘qib odam bo‘lishni astoydil niyat qilgan edim. Niyatimga yetdim. Yotoqda yotib o‘qidim. O‘qigan maktabimning direktori juda yaxshi odam edi. Maktabdan dars olib berdi. Ham o‘qidim, ham o‘qitdim. Yozgi kanikul paytlarda ham konstruktorlar byurosidan chertyoj ko‘chirish ishini oldim. Diplom qo‘lga tegdiyu ishga tushib ketdim. Sevgi ishlariga, o‘yin-kulgiga vaqtim bo‘lmagan. O‘z tenglarimdek yayrab yashnamaganman.
Bashorat beixtiyor uning qo‘llaridan ushladi. Ismoiljon gapirolmay entikdi. Saldan keyin o‘zini o‘nglab yana gapira boshladi.
— O‘tgan yilning o‘zida ikki marta sudga tushdim. Dadam sudga beribdi. Xotini o‘lib ikki yosh bola bilan qolibdi. Yordam so‘rab kelishga yuzi chidamay nafaqa undirish uchun sudga bergan ekan. Sud hukm qilib berdi. Sal o‘tmay ayam sudga berdi. Eri qamalib ketgan ekan, o‘gay bolalari chiqishtirmay uydan haydashibdi. Endi kerak bo‘libman. Nafaqa undirdi. Negadir o‘z onamga o‘xshamaydi. Ko‘rib yuragim jiz etmadi ham. Shahardan joy topib ko‘chirib olib borib qo‘ydim. Borib turaman, boramanu begona odamning oldiga borgandek bo‘laman. Uylanib ro‘zg‘or qiladigan paytimda yana tashvish. O‘gay ukalar, dadam, onam... O‘zim qolib ularning tashvishi bilan bandman. Bolaligimni juvonmarg qilishgan edi. Endi katta bo‘lganimda ham shular g‘ov. Qani aytchi, qachon sevaman, kimni sevaman? Qaysi bir bechorani tashvishlarimga sherik qilaman?
Ularning ikkovi ham jim qolishdi. Ismoiljon ust-ustiga chekar, har chekkanida papirosning qip-qizil cho‘g‘i yuzini ojizgina yoritardi.
Bashorat o‘ylardi. U haligacha Ismoiljonning to‘ngligidan, o‘ziga beparvoligidan koyinardi. U bechorani nimalar demadi? Kesak, dedi, tosh dedi. Bashorat yarimta oy atrofni arang yoritib turgan nim qorong‘i sokin dala chetida o‘tirib shu paytgacha diliga ham ozor, ham quvonch bergan yigitning ko‘rgan kunlariga ich-ichidan achinib ketdi. Eng yaqin kishilari o‘g‘irlab ketgan shodligini, bolalik quvonchlarini qaytarib kelgisi, muhabbatga joy bermagan ko‘ksini parmalab otash solgisi, qo‘lidan yetaklab qo‘shiqqa o‘xshagan, nurga o‘xshagan, allaqanday ajoyib ohanglarga o‘xshagan muhabbat ko‘chalariga boshlab ketgisi keldi. Qizlik g‘ururini chetga surib qo‘yib entikib-entikib gapirdi:
— Meni kim sevardi deding. Men sevaman. Qaysi bir bechorani tashvishimga sherik qilaman, deding. Men sherik bo‘laman! Odam bolasining qalbida sevgigayam, g‘azabgayam, g‘am-tashvishgayam joy topiladi. Qalbga kirib olgan chinakam sevgi tashvishniyam, g‘amniyam, g‘azabniyam haydab chiqaradi. Shunaqa...
Yulduzlar hamon o‘chib, yonadi, qiyshiq oy terak uchiga jig‘a bo‘lib, qo‘nib turibdi.
Terak uchidan oy dumalab tushib ketdi. Tong otib kelardi.
Ismoiljon Bashoratning qo‘lidan chamadonchani olib, mashina tomonga yurdi. Sal o‘tmay motor gurulladi. Bashorat mashinaga intildi.
Yeru ko‘kka nur purkab otayotgan shu tong Bashoratga izlagan baxtini topib bergandek edi.
Yeru ko‘kka nur purkab otayotgan shu tong Ismoiljonga yo‘qotgan shodliklarini qaytarib bergandek edi.
— Shu mening chinakam baxtimmikin?—deb o‘ylardi Bashorat.
— Shu mening chinakam shodligimmikin?— deb o‘ylardi Ismoiljon.
Koshki edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.