G’afur G’ulom
Dunyoda nima ko‘p, lab ko‘p. Yer yuzida qancha odam bo‘lsa shuncha bir juftdan labi bor. (Bir odamda to‘rtta lab bo‘lishiga ishonmayman).
Shunday lablar borki, ko‘rganda esing og‘ib qoladi.
Yoqut lab, g‘uncha lab, shakar lab, cho‘chchaygan lab, yupqa lab... Men unaqa mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan lablarni pisand qilmay qo‘yganman. To‘g‘ri, ilgari tushunmay yurgan ongsiz paytlarimda jumhuriyat ahamiyatiga ega bunaqa lablarga mahliyo bo‘lib, mahallamdan o‘tib ketgan paytlarim bo‘lgan. Endi-chi? Yo‘q! Endi men xalqaro ahamiyatga molik bo‘lgan bir labning shaydosi bo‘lib qolganman.
Bu lab... uni ta’riflamoqqa avtoruchka ojiz, qil qalam nimjon, mashinka nochor.
Men bu labni birinchi marta Toshkent aeroportining xalqaro yo‘llar maydonida, Kavkaz tomondan uchib kelgan mashhur bir ijodkorning labiga qapishib turganda ko‘rgan edim. Albatta, men shoir emasman, bu kapishishni nima deydi, o‘pich deydimi, bo‘sa deydimi, bilmayman. Hozir ko‘rib turganim manzara o‘pichga ham, bo‘saga ham o‘xshamasdi, uni ruxsat bersanglar, so‘rish deb qo‘yaqolay.
O’shanda mehmonning bu uzoq so‘rishdan dami qaytib, yuzlari ko‘karib ketganini hali-hali ko‘z oldimdan ketkazolmayman. (Agar o‘sha mehmon men bo‘lganimda uning ichiga tuflab yuborardim).
Uning shu ko‘rinishi mehmonning ichidan nimanidir so‘rib olayotganga o‘xshadi. Shunda men beixtiyor bu lab xalqimizning milliy g‘ururidir, deb yuborganimni bilmay qolibman.
Bir ministrning otasi o‘lganda u ham janozaga kelib, faryod urgancha yuvg‘uchining oldiga kirib, murdaning labidan o‘pganini ko‘rganlar bor.
O’shanda u yuvg‘uchining oldidan tamshanib chiqib, motamsaro turgan ministrning oldiga keldi.
— Otaxon jannati odam ekanlar. Juda shirin o‘lik bo‘ptilar.
U shunday deb yana tamshanib qo‘ydi. Ministr past ovozda so‘radi.
— Otangiz hali tiriklar, a?
— Yo‘q, u kishi yigirma yil oldin olamdan o‘tganlar.
Ministr afsuslangandek bir entikdi.
— Mayli, qilgan yaxshiliklaringiz uchun qarzimni uzmoqchi edim. Nachora, siz hali tiriksiz-ku, qarz uzishga ulguraman.
Shu lab to‘g‘risida yaxlitroq bir asar yozish niyatida uni yigirma yil kuzatdim. O, bu lablar. Kimlarni o‘pmadi. Sarimsoq piyoz hidi kelib turgan, tamaki suvidan po‘rsildoq boylab ketgan, araq isi gup-gup kelib turgan lablarga bu lab muhrini bosdi. Amaldorlarning mo‘lini poylab, bo‘yniga osilib o‘pdi. Ministrlarni quyib yurib o‘pdi.
Bu o‘pichlarga, bu so‘rishlarga uncha-muncha lab chidamaydi. Bilmadim, agar charmdan bo‘lsa yirtilib, plastmassadan bo‘lsa yedirilib ketardi. Balki o‘ta chidamli qattiq qorishmalar kombinatida ishlangan labdir. Balki u fazoga uchirilgan kemalar ma’danidan yasalgandir.
Agar men shoir bo‘lsam, shu labga atab dostonlar yozardim. Haykaltarosh bo‘lsam, haykalini yasab poytaxtimizning qoq markaziga o‘rnatardim. Xalqimizning noyob yodgorligi sifatida turistlar uchun ziyoratgohga aylantirardim.
ZAGSdan nikoh o‘qitib chiqqan kelin-kuyovlar shu lab haykalining poyiga guldastalar qo‘yishini istardim.
Alisher Navoiy saroyda labi haddan tashqari qalin odamni ko‘rib qolib, Sultondan: — «Bu kim?» deb so‘rabdi. Shunda Boyqaro: «Qaerga borsam o‘paverib, jonimdan bezor qildi. Keldi-ketdini o‘pib yurar deb, maosh tayin qilmay xizmatga oldim», — degan ekan.
Ko‘rdingizmi, o‘tmishda ham salaflarimiz labga e’tibor berganlar...
Qoch, ministr, qoch, undan kattarog‘i, qoch, hokim, qoch, ispolkom, seni o‘pgani lab kelyapti!
Kamondan otilgan o‘qdek uchib kelayotgan avtobus asfaltda qora iz qoldirib qiyqirib to‘xtadi. Asfaltdan ham, rezina g‘ildiraklardan ham tutun chiqib ketdi. Yo‘lovchilar eshik ochilishini ham kutmay, derazadan o‘zlarini yerga otishdi. Eshik oldi tiqin bo‘lib qolgan, ichkarida qolib ketganlarning shovqinidan yo‘l betidagi uylarning derazalari zirillaydi. Omon-eson yerga tushib olganlar orqalariga qaramay tiraqaylab qochayaptilar.
Nima gap? Tinchlikmi?
Bu so‘roqqa javob beradigan bironta mard topilmaydi.
Cho‘kayotgan kemani eng oxirida kapitan tark etadi, degandek, avtobus haydovchisi ham eng oxirida yoqavayron bo‘lib qochib tushdi. Uning etagidan shartta ushladim.
— Tinchlikmi? — dedim bor kuchim bilan barini changallab.
— E, so‘ramang. Bir odam avtobusda duch kelganini o‘payapti. Erkakmi, xotinmi, baribir. Oxiri menga qarab labini cho‘chchaytirib kelayotgandi, qochvordim.
— Militsiya chaqirish kerak, — dedim unga rahmim kelib.
— Avtobusda to‘pponcha taqqan militsioner ham bor edi, o‘paman, deb yaqinlashayotgandayoq juftakni rostlab qoldi.
U shunday deb turib etagini bir siltagan edi, bari qo‘limdan chiqib ketdi. Gapning oxiri og‘zida qolib multfilmdagi quyondek bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Bu o‘pong‘ich odam kim ekan, deb derazadan avtobus ichiga qaradim. Bir odam labini yalab, xo‘mrayib o‘tiribdi. Vo ajab! Yo qudratingdan ketay. Axir uni taniyman-ku! O’ziga-o‘zi jumhuriyatda xizmat ko‘rsatgan o‘pang‘ich unvonini bergan odam shu bo‘ladi.
O’pish bo‘yicha jahon chempionligiga nomzod bu odamni juda yaxshi taniyman. Temir-betonni o‘psa, shaftoli po‘stidek yupqa qilib yuboradigan lablari dunyodagi jami narsalarni o‘pib bo‘lgan. Osmonda uchadiganlardan murdaxo‘r kalxatni, suvda suzadiganlardan akulani, sudraladiganlardan kobra ilonni, o‘rmalaydiganlardan qora qurt bilan chayonni, vahshiy hayvonlardan sherni ham, boringki, jami jonzotni bitta qo‘ymay o‘pib chiqqan.
Agar uning labini ko‘p qavatli imoratga poydevor qilinsa, ming yilgacha qilt etmay turib berishiga o‘zim kafil bo‘laman. Mabodo, bir kam ming yilda biron yeri qiyshaysa, mayli, meni nomard ekansan, deng.
Uni taniyman, dedim-a? To‘g‘ri, yoshligidan beri bilaman. U bolaligida arava mixini labida sug‘urardi. Labida to‘rt kiloli toshni bir soat ko‘tarib tura olardi. Qarang-a, o‘shandayam o‘pichga ishqiboz edi. Duch kelgan marsani o‘pib ketaverardi.
Bo‘yi cho‘zilib, oqu qorani ajratadigan bo‘lganda, faqat odamni o‘pish kerakligini bildi. Avval sal amali borlarni o‘pdi. Keyin magazinchiyu omborchilarni o‘pdi. Shu odam oldimdan chiqib qolsa, albatta o‘padi, deb ehtiyotdan yelkasiga protivogaz osib yuradiganlar ham bor edi. Ayniqsa, namozxonlar undan bezor edilar. Shunday paytlar bo‘lardiki, butun bir shahar atir hidi bo‘lib ketardi. Hamma cho‘ntagiga odekolon solib yurardi. Mabodo, o‘psa yuzimizni atir bilan dizenfektsiya qilamiz, deb ehtiyot chorasini ko‘rib qo‘yadilar.
Mana, u hozir avtobusda labini cho‘chchaytirib o‘tiripti. Meni hayratga solgan narsa uni tirik ko‘rganim edi. Chunki u bundan uch yarim oy oldin bandalikni bajo keltirgan, ya’ni omonatini topshirgan edi. Yuvg‘uchiga o‘znm qarashvorganman. Obdastada suv quyib, yo‘rmashda kafan ignaga o‘zim ip o‘tqazib berganman. Go‘rga qo‘yishgan-da, lahad tuynugiga o‘zim guvala bostirganman…