OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Otpuska (hajviya)

Abdurazzoq bugun otpuskaga chiqdi. Xotini bu kunni qachondan beri kutardi.
— Mana, xotinjon, endi maza qilib o‘ynaymiz. Arslonbobga oborib, rosa o‘ynataman. Bugun prikaz bo‘ldi, ertaga otpuska pulini jaraqlatib olamizu o‘zlarining qo‘lchalariga beramiz. Boyvachcha bo‘lib sarflayveradilar.
Er-xotin o‘rtaga cho‘tni qo‘yib, undoq qilamiz, bundoq qilamiz, uni olamiz, buni olamiz, deb otpuska pulini taqsimlab chiqishdi.
Kechasi bilan ikkovining ham uyqusi qochib hali tog‘lar orasida, hali archazorda bir-birini quvgan bo‘lib, arang uxlab qolishdi.
Abdurazzoq ertalab yuvinib-taranib, xotini aytgan yo‘l anjomlarini qaysi magazindan olish kerakligini bitta qog‘ozga yozib, uydan chiqdi. Idoraga keldi. Bosh buxgalter otpuska pulini hisoblab, yozib kassaga topshirgan ekan. Abdurazzoq allaqaysi kuyni xushtak qilib, kassa tuynugiga boshini suqdi:
— Peshona teri tomgan pulni olsak bo‘ladimi? Kassir xotin negadir kuldi.
— Bo‘ladi, marhamat.
U shunday deb vedomostni uning oldiga qo‘ydi. Abdurazzoq ruchkani siyohga botirib hafsala bilan xuddi surat chizayotgandek qilib imzo chekdi. Mo‘ljaldagidek yetmish so‘m ekan.
Kassir u imzo chekkan vedomostni olib qaradi-da, puflab siyohni quritdi, hafsala bilan buklab tortmaga tashladi. Qo‘lini cho‘zib kassa tuynugining eshigini yopdi. Abdurazzoq hayron bo‘ldi. Nega unaqa qilyapti? Biron uyatli ishi bo‘lsa, bitkazib olsin, deb birpas indamay turdi. Keyin asta eshikchani chertdi.
Kassir eshikchani ochdi.
— Xizmat? — dedi u hayron bo‘lib.
— Hazillashyapsizmi?
— Qanaqa hazil? Bir nima dedimmi? Pulni bermadingiz-ku.
— Qanaqa pul?
— Otpuska puli-da.
— Pulni qaydan olaman?
— Jinnilik qilmang!
— O’zingiz jinnilik qilmang, — dedi zarda bilan kassir xotin.
— Rostdan tonyapsizmi? Hozir vedomostga imzo chekdim-ku. Pulni bermaysizmi?
Kassir xotin bir nima esiga tushgandek iljaydi. O’rnidan turib, po‘lat sandiqdan bir dasta qog‘oz oldi. Ko‘zoynagini taqib, qog‘ozlarni ko‘zdan kechira boshladi. Keyin u tuynukka yaqin kelib, o‘sha qog‘ozlarni birma-bir ko‘rsata boshladi:
— Direktorimiz ellik yoshga to‘lganda kollektiv tilla soat takdim qilgani esingizdami? Mana, o‘n ikki so‘mga qo‘l qo‘ygansiz, to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, — dedi Abdurazzoq.
— Mashinistka Robiyaxon turmushga chiqqanda bitta jemper bilan namozsham atlas to‘yona qilganmiz. O’n to‘rt so‘mga qo‘l qo‘ygansiz. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, — dedi Abdurazzoq.
— Ekonomistkamiz Oysha opa egizak tuqqanda ikkala bolaga karavot, odeyal, choyshab, u-bu, sakkizta shampanskoe olib borganmiz, Siz to‘qqiz so‘mga qo‘l qo‘ygansiz. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, — dedi Abdurazzoq.
— Qorovul amaki ikki xonali yangi uyga ko‘chganda kollektiv bir divan bilan oltita stul sovg‘a qilgan. O’shanda siz o‘n yetti so‘mga qo‘l qo‘ygansiz. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, — dedi Abdurazzoq.
— Mana shularni bir cho‘tga solib ko‘ring-chi, qancha bo‘larkin.
Kassir xotin cho‘tni shaqillatib ketdi.
— Mana, roppa-rosa yetmish uch so‘m bo‘larkan. Uch so‘m qarz bo‘lib qoldingiz. To‘lab qo‘ysangiz bo‘lardi.
— Yo‘g‘-e, — dedi Abdurazzoq. — Yonimda yo‘q edi-ku.
— Bo‘lmasa tilxat yozing. Ertaga reviziya kelsa, bo‘ynimga tushib qolmasin.
Abdurazzoq noiloj qoldi. Oxiri uch so‘mga tilxat yozib, kassirning yonidan nari ketdi. Koridorda bo‘shashib kelayotgan edi, mestkomning yangi raisi oldidan chiqib qoldi.
 — Qayoqda edingiz, uyingizga ikki marta telefon qildim.
— Tinchlikmi? — dedi Abdurazzoq shoshib.
— Tinchlik, tinchlik. Zamdirektorimiz ellik yoshga to‘ldilar. Indinga yubileylarini tantanali nishonlamoqchimiz. Kollektiv nomidan bitta tilla soat taqdim qilishni maslahatlashdik. O’n uch so‘mga qo‘y qo‘ying, keyin maoshdan ushlab qolamiz.
Abdurazzoq imzo chekaman, deb ro‘yxatdan o‘z familiyasini topolmasdi, shu topda u o‘z familiyasini ham esidan chiqazib qo‘ygan edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.