OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Ezma (hajviya)

Bolalarning g‘avg‘osi bartaraf etadigan bir kuch paydo bo‘ldi – televizor! Ha ishonavering! Ishdan kelasiz, g‘ing‘ir-g‘irg‘ir boshlansa, «Bor televizoringni ko‘r!» deysiz, zumda tinchishadi. 
Ammo g‘avg‘oning kattasi ham televizor buzilgandan keyin boshlanarkan. «Tuzattir bering, usta chaqiring!» Bir yoqda bolalar egovlab, ikkinchi yoqda xotin javrab turgandan keyin, boshingiz g‘ovlab ketarkan.
— Ismoil usta olib bor, — maslahat berdi Jabborali qo‘shnim. — Bir pastta o‘ng‘arib beradi.
— Qaysi Ismoil?
— Toshpo‘lat indamasning o‘g‘li-chi, pastmahalladan, — Jabborali tushuntira ketdi. — Ammo borishdan oldin qulog‘ingga paxta tiqib olgin. Ismoil juda ezma bo‘lgan, gapiraverib qulog‘ingni qoqib, qo‘lingga beradi, — oshnam kuldi.
Pavo qilmadim. Ezma bo‘lsa nima, tuzatib bersa bo‘ldi-da, deb televizorni velosipedga ortdim.
Ismoilni tanirdim, ammo hech osh-qatiq bo‘lmagandim. 
Yaxshi, usta joyida ekan‚ eshikni o‘zi ochdi. Salomimni javobsiz qoldirib‚ oldin menga‚ keyin televizorga qarab‚ chiqqan eshigini kattaroq ochdi. Ustaxonasiga kirdik. Turli asboblar qalashib yotgan‚ katta stolga imo qildi‚ televizorni qo‘ydim. 
Usta televizorning orqasini ochib, bir-ikkita ashyolarini sug‘irib, tekshirgan bo‘ldi. So‘ng stulini ortga surib, sigaret tutatdi. Menam eski televizor ustiga cho‘kib, u kishiga qo‘shildim. Sigeratlar kulga aylandi. Ammo usta iyagini silagancha o‘tiraverdi. O‘zimcha, televizorimning kasali haqida bosh qotiryapti, deb o‘yladim. Lekin besh, o‘n, yigirma minut bosh qotirishdiyam, o‘ylab o‘ylariga yetisholmadi.
— Dardi og‘irroqmikan? — deb so‘radim.
— Yo‘q.
— Unda nega?..
— Payannikni Qambarali olib ketgandi.
Tushundim. Qambarali deganlari qo‘shni qishloqda turadi. Uyam usta. Xoynaxoy, yarim soatda olib kelib beraman deb payannigini olib ketgan. Hozir kelib qolsa kerak, usta shuni kutyapti.
Jimgina yarim soat kutdik. Bu orada chekish bo‘yicha e’lon qilinmagan musobaqamiz uchu ikkiga yetdi. Oldinda men. 
— Shu… velosipedim bekor turibdi… Qambaralidan payannikni olib kelib qo‘yaqolsak bo‘lmaydimi? — dedim to‘rtinchi sigaretni tutatib.
Usta menga bir qaradi-yu, indamadi. Ammo o‘rnidan turib, eshikka yurdi. Oynadan qarasam, velosipedimni minib, jo‘nadi.
Oldiniga, «Shuni oldinroq aytsam o‘larmidim!» dedim. Keyin esa, «Aql o‘rgatmay har balo bo‘l! Og‘zingni yumib jimgina o‘tirsang bir balo bo‘lib qolarmiding!» deb rosa besh soatu qirq bir minut o‘zimni o‘zim so‘kdim! Ha, besh soatu qirq bir minut so‘kdim! Ustaxona ochiq qolgan, tashlab ketsam bo‘lmaydi, bir. Televizorimni ham ochib qo‘ygan, uni berkitishing o‘zi bo‘lmaydi, ikki. Velosipedimni bo‘lsa, usta minib ketgan — qaerga borardim, uch. So‘kinib o‘tiraverdim!
Bu paytda usta Qambaralining uyiga boribdi. Velosipeddan tushibdi. Ariq bo‘yidagi kursiga o‘tiribdi. Shu o‘tirgancha o‘tiraveribdi. Qambaralining xotini kir yuvayotgan ekan, suvga chiqibdi. Suvni olib kirib ketib, kiriga isitib, ishlatib, yana suvga chiqsa ham usta o‘tirganmish-da.
— Dadasi kerakmidi? – kelinning tili bor ekan, hayriyat so‘rabdi..
Usta bosh qimirlatibdi.
— Saydilla akanikiga ketgandi.
Usta Sa’dullanikiga yo‘l olibdi. Say’dulla bir mashina bug‘doyni ko‘chaga to‘ktirib, tegirmoniga tashish bilan ovora ekan. Usta unga bosh qimirlatib qo‘yibdi-da, sigaret tutatib, so‘riga cho‘kibdi. Yana o‘tiraveribdi… Sa’dulla bir mashina bug‘doyni tashib bo‘libdiyam o‘tirganmish-da! 
— Ha, aka, tinchlikmidi? – so‘rabdi yuvinib-taranib chiqqan Sa’dulla.
— Qambarali kerak edi?..
— Qambarali?.. Qambar aka bu yerga kelmadi?.. — Sa’dulla xayron bo‘lib, bir zum o‘ylanib qolibdi. So‘ng: — E, adashim, hov, nospurush Nasriddin buvaning o‘g‘li Sa’dulla televizorim buzuq, usta aytib keldim, deyotgandi, o‘shanikidadir? — debdi.
Omadimning kelganini qarang: Sa’dullaning adashi Sa’dulla tug‘ilgan kuni bahona, o‘rtoqlari bilan, hovlida baliq pishirishayotgan ekan. Ustani ham davraga taklif qilibdi. «Jinday-jinday»dan boshlangan ichish, «oxirigacha ichish»gacha yetibdiyamki usta o‘tirganmish-da! Sa’dulla oxirgi ulfati kuzatib qaytib: 
— Tinchlikmidi, ustaka? – deb so‘rabdi harqalay.
— Qambarali kerak edi?
— E, Qambarali aka televizorimni tuzatib, siz kelmasdan jinday burun, uyiga ketgandi!
Yaxshi, Qambaralining xotini kirini tamomlamagan ekan, yarim soatda suvga chiqib qolibdi:
— Payannigingizni tashlagani uyingizga ketovdi! — debdi.
Endi bu yog‘ini cho‘zsam bo‘lmas-a? Sizniyam vaqtingizni olib, juda ko‘p gapirib yubordim.
Xullas besh soatu qirq bir minut so‘kinganim bejiz ketmadi, eshikdan usta kirib keldi.
Bir so‘z demay payannikni to‘kka suqdilar. 
Televizorimning orqasi tekkizdilar… 
So‘ng qopqog‘ini yopib, qo‘lidagi otvyorkani taq etkazib stolga tashladilar-da, menga ma’noli qaradilar. 
Tushundim: televizorni ko‘tarib, velosipedga ortdim.
Uyga kelib qo‘ysam, televizorim binoyiday ko‘rsatib turibdi.
Jabborali:
— Qalay, qulog‘ing bitib qolmadi? — deb yana kuldi.
Nimaga kuladi, hayronman. Kuladigan ish bo‘lgani yo‘q, menimcha.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.