OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Ota ekkan daraxt (hikoya)

Q. E.ga.

Qurbon akani yaxshi bilmayman. Ko‘pchilik do‘stlarim ham deyarli shu fikrda. Bilganim, ko‘rishganda «Darsingni qildingmi?» deb so‘raydi. Bu uning «bola-chaqang tinchmi, ishlaring yaxshimi, kechagi ishlaring bitdimi», degani. Xayrlashayotib ham, bo‘pti yaxshi bor, sog‘u salomat bo‘l, demaydi. «Darsingni qil!» deydi. Yana u kishi haqida bilganim, birovdan yoki uning qilgan xayrli ishidan xursand bo‘lib ketsa, «Bog‘ingga bulbul!» deb hayqirishi...
Qurbon aka bilan birga Farg‘onaga boradigan bo‘lib qoldik. Mashinaga o‘tirgach, mezbon sifatida, falon-falon joylarda bo‘lamiz, falon-falon akalarni ko‘ramiz, deya unga gapira ketdim. Vodiyning eng zo‘r joylariga olib borib, og‘zini bir ochirib qo‘yay. 
— Sen o‘zing Qashqadaryoda bo‘lganmisan? — so‘radi aka.
— Bormaganman.
— Seni o‘zim olib boraman, — Qurbon aka zavq-shavqqa to‘lib so‘zlashga kirishdi. — Qashqadaryojonimda mening qishlog‘im bor. Qishloqjonimda esa qayrag‘ochim bor — otajonim ekkan! Tepalikda, qishloq ko‘rinmasdan burun u ko‘zga tashlanadi. Meni ko‘rishi bilan yaproqlarini hilpiratib, «kelyapti-kelyapti» deganday bo‘lib turadi. Shunday borib quchoqlayman, «Omonmisan, otam ekkan qayrag‘och» deb o‘paman! U ham shoxlari, novdalari bilan meni quchganday, yelkamga qoqqanday, yaproqlari bilan yuzlarimni siypalaganday bo‘ladi! Oh, mening qayrag‘ochjonim! Bog‘ingga bulbul!
Bilasanmi, otam olamdan o‘tgan yili ta’tilga borsam, qayrag‘och qurib qolibdi! Shoxlarida — tirikligidan nishona yo‘q! Yig‘ladim! To‘lib-to‘lib yig‘ladim — otam o‘lganda ham bunchalik yig‘lamagandim! Ukam yupatdi, opam yupatdi, o‘rtoqlarim yupatdi... 
 Ostini kovlab, bir oy suv quydim! Yaproqlariga tikilib bir oy yotdim! Bir oy Xudoga iltijolar qildim! Mo‘‘jiza ro‘y berdi, ukajonim, mo‘‘jiza: qayrag‘och barg yozdi! Otam ekkan qayrog‘och ko‘karib ketdi! Hozirgacha ko‘karib turibdi! Bu yil oltmish bir yoshga kirdi qayrag‘ochim!
Otam g‘alati tabiatli inson edi. Adirda yer ochish, bog‘ qilish bilan qishin-yozin ovora bo‘lardi. Bitta daraxti ko‘karsa yoki gullasa, u rahmatliga bayram edi. Uchragan odamni quchoqlab olib o‘pardi, «Ko‘kardi, gulladi!» deya hayajonini bosolmasdi. Qurigan, singan daraxtlarni ko‘rsa, chiroyli qilib, arra bilan g‘o‘la qilib kesardi, qishloqqa olib kelib, uyma-uy yurib tarqatardi. Odamlar uning bu fe’lini ko‘rib «Devonaroq-da», deb qo‘yishardi. Lekin otam bunga aslo e’tibor qilmasdi. Oxirgi yettita g‘o‘la tarqatilmay qolib ketdi. Yetti dona. Biz yetti farzand edik: uch o‘g‘il, to‘rt qiz. Otam to‘satdan qazo qildi. Qishloqqa gaz keldi — yoqilmay qolib ketdi. Otamning qo‘li tekkan g‘o‘lalar!
Qishloqqa borishimni eshitishgach, ukalarim ana shu g‘o‘lalarni ombordan olib chiqib, otam ekkan qayrag‘och ostiga terib qo‘yishadi. Ularga o‘tiramiz. Tepamizda otam ekkan qayrag‘och, yaproqlari qo‘shiq aytadi.
Bu yil bahorda borsam, qayrag‘ochning ostidan yangi nihollar o‘sib chiqibdi! Yetti dona! Bittasini senga beraman — otam ekkan qayrag‘och Farg‘onada ham ko‘karsin! He, bog‘ingga bulbul!
Qurbon akaning hikoyasini tinglab, manzilga yetganimizni ham sezmay qolibmiz. Eshik og‘zida kutib oluvchilarni ko‘rib, ko‘nglim ko‘tarildi. Amakim, akam, ukalarim... Ularning safida mahalla oqsoqolini ko‘rib biroz ajablandim, yo‘l-yo‘lakay kirgandir-da, deb uncha parvo qilmadim. 
O‘tirish yarimlamay, oqsoqol meni chetga tortdi.
— Chinorni kesmoqchi edik, Muxtor aka sendan ruxsat so‘rash kerakligini aytdi, — dedi chinor tomonga ishora qilib. — Masjidning poliga taxta qilishmoqchi...
Men hamon Qurbon aka hikoyasining ta’sirida edim. 
— Kesaveringlar! — dedim alam bilan.
— Bizdan yashiriqcha nima gaplar bo‘lyapti? — hazil aralash oxangda so‘radi Qurbon aka amakim bilan so‘zlashgancha bizga yaqinlasharkan.
— Buning dadasi rahmatli, — amakim tushuntira ketdi, — qabriston atrofiga Andijondan yaqin besh yuz tup chinor olib kelib ektirgandi. Azbaroyi qabristonni obod qilish uchun. Chinorlar buyum bo‘lgach, masjid quramiz deyishib, mahalla ehtiyoji uchun kesib ishlatib yuborishdi. Dadasidan esdalik bo‘lib, bitta, bir donagina chinor qoldi masjid hovlisida! Shuni chollar, «Ekkanga ham savob, kesganga ham savob», deyishib, masjidga pol qilishmoqchi!
— Chinor kesilmaydi! Bu ruxsat bersa ham, — aka menga qo‘lini bigiz qildi, — men ruxsat bermayman! Kesgan odamning kallasini olaman! Shunday deb aytib qo‘yinglar o‘sha chollaringga! Bu gapni kim aytdi desa, otasining qayrag‘ochi bor Qurbon chinoriy aytdi denglar!
Birov bir so‘z demadi.
— Chinorni kesaveringlar deysan?! — aka menga yana yuzlandi. — Otangning qo‘li tekkan chinorni-ya! Yurtim deysan, vatanparvarlik deb ko‘kragingga urasan, kesaveringlar emish! Sen tomoshabin bo‘lib turaverasan! To‘rt yuzu to‘qson to‘qqiztasi kesilib ketibdi, sen qarab turaverdingmi, qanaqa o‘g‘ilsan o‘zi!? Bunday buzg‘unchilar, bugun chinorni kesishadi, ertaga otang qurgan imoratni portlatishadi, indinga otang yotgan qabrni kovlashtirishni boshlashadi! Qarabsanki, otangdan nom-nishon yo‘q! 
Sigaretni chuqur-chuqur tortdim, ammo Qurbon akaning ko‘ziga qarolmadim.
Aka poli chala-chulpa artilib, devorda osilgan gilam olinib, yerga solinib, ustiga uch-to‘rtta ko‘rpacha tashlangan — biz mehmonlarga atalgan xonaga kirib ketdi. 
Mezbonlar bilan shunchaki xayrlashdik. Xonaga kirganimda Qurbon aka uxlamagandi: teskari tomonga o‘girilib, ko‘rpani ustiga tortdi. 
— Biror narsa kerak emasmi? — deb so‘radim.
— Darsingni qildingmi? Uxla! — dedi savolimga javoban.
Uxladim. Tushimga Chingiz og‘aning «Birinchi muallim»idagi qo‘sh daraxt kiribdi. Ular shamolda tebranib, chapak chalardi. Lekin daraxtlarning qarsaklari meni masxara qilayotganday edi.
Ertalab Qurbon akani hovlidagi archaga tikilgancha cho‘nqayib o‘tirganini ko‘rdim. Yonida ukalarim.
— Mana shu tomonda kimning uyi bor? — so‘radi u qo‘li bilan ishora qilib.
— Meni, akamni, — ukam javob qildi.
— Endi mana bu archaga qara,— Qurbon aka ukamga ishora qildi. — Shoxlariga qara — barmoqlarga o‘xshaydimi? Archa quchog‘ini yozib sizlar tomonga talpinayotganga o‘xshamaydimi?
Archaga hayratlangancha tikilib qoldik. Darvoqe, archa aka aytgan holatda turardi. Biz so‘zsiz edik.
— Otanglar, «O‘g‘illarim, meni unutmadilaringmi? Sizlarni juda-juda yaxshi ko‘raman!» demayaptimi? — dedi yana Qurbon aka.
— Deyapti! — dedi ukam yuziga yumalagan yoshni artarkan.
— Shu archaning bir yaprog‘i uzilsa, bitta shoxi sinsa, unga bir gard yuqsa — otangning yuziga loy chaplagan, nomini unutgan bo‘lasanlar — ota ekkan daraxt bu! Otalaring bu! Chinor bilan archa sizlarning birodarlaring, ukalaring. Ularni ham otalaring ekkan! — Qurbon aka har bir so‘zini ta’kidlab aytdi-da, nari ketdi.
Biz — aka-ukalar, mezbonligimizni ham unutib, archaga tikilgancha uzoq turib qoldik.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.