OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saida Zunnunova. Ikki o‘t orasida (hikoya)

To‘y taraddudi boshlangandan beri Vaziraning tinchi battar yo‘qoldi. Mijja qoqmasdan tunni tongta ulaydi. Hayol olib ketaveradi, olib ketaveradi. Mana bugun ham shu ahvolda tong otqizdi. Hovliga chiqdi. Ertalabki salqin havo badanini junjuktirdi. Kuz boshlanyapti. Daraxtlarning bargi xira tortib qolgan. Osmon biram tiniq, bag‘riga singib ketging keladi. Vazira asta xo‘rsinib qo‘liga supurgi oldi. Xazonlar tusha boshlabdi.
Uyda budilnik jiringladi. Bir nafasdan keyin maktab harakatidagi ukalarining g‘ovur-g‘uvuri eshitilib qoldi. Ularga allanarsalarni uqtirib onasi uydan chiqdi. Vodoprovod jo‘mragi oldida yuz-qo‘lini yuvayotgan qiziga sinchkov nazar bilan qaradi.
— Namuncha erta turmasang?!
— Uyg‘onib ketdim.
Vazira uxlayolmadim, deyolmadi. Har qalay onasi-ku. Shundog‘am tushunib turgandir hammasiga. Taqdirlari shunaqa bo‘lgandan keyin nima qilsin? Kim biladi, bu taqdirga qaysi biri aybdor. Ularning yuraklarida ham bir armon, bir afsus bormikin? Balki ular ham Vazira kabi dardlarini ichiga yutib yotishgandir. U yigirma yoshga kirdi. Esini tanigandan beri yuragining bir cheti jizillab turadi. U yoqqa borsa, bu yerda onasi ma’yus ter-milib qoladi. Boradi-yu, onasining nigohi ko‘zidan nari ketmaydi. Iziga qaytadi. Xuddi shunday ma’yus nigoh bilan unga dadasi termilib qoladi. Uyiga qanday yetib kelganini bilmaydi. Endi uning butun xayoli dadasida qoladi. Lekin onasiga nima desin, aytolmaydi.
U doim mana shunday yashadi. Ikki o‘t, ikki olovning o‘rtasida yashadi. O‘rtalikda joy bormikin... Yo‘q, o‘rtada joy yo‘q. Ular qachon ajralishgan, nega ajralishgan, Vazira buni ham bilmaydi. Dadasi ham ro‘zg‘orlik bo‘lib ketgan, onasi ham. Arosatda Vazira qolgan, xolos. Nega uni o‘ylashmagan? Tili zaboni yo‘q uchun odam sanashmagandir.
Ukalari tapir-tupur qilib maktabga ketishdi. Ko‘chada mashina signal berdi. Dadasini ishga olib kettani keldi. Onasining iltimosiga ko‘ra Vazira bu kishini ham dada, deydi. Lekin har aytganda tili dilini kuydiradi. Iloji boricha kamroq murojaat qilishga harakat qiladi. Qiziq, ota-onani almashtirib bo‘larmidi... Tag‘in ota-onaning o‘zlari shuni talab qilib turishsa-ya.
Vazira kiyinib, sochini tarab turmakladi. Ko‘ylagining yelka choki pastga tushib qolibdi. Ozibdi. U asta ikkinchi uyga chiqdi. Tikka turganicha, istamaygina piyolaga choy quyib quruq ho‘play boshladi.
— Biron narsa yemaysanmi? — dedi onasi tashvish bilan, — bu ahvolda qanday o‘qiysan, bolam?
— Yegim kelmayapti.
Onasi unga tikilib jim qoldi.
— Chevarnikiga borasanmi?
— Dadam kelgin, degan edi bugun. Oraga yana jimlik tushdi.
— O‘sha yoqqa o‘tasanmi? — dedi onasi nihoyat.
— Aytgan edi.
Onasi Vaziraning ketidan ko‘chaga chiqdi. Vazira uning yuziga qaramasa ham hozirgi ahvolini bilib turardi.
— Tezroq qaytasanmi? — dedi onasi siniq bir ohangda.
— Ko‘raman.
Nega ko‘raman, dedi. Nega, xo‘p, deb qo‘ya qolmadi. U endi onasiga achina boshladi. Uning siniq ovozi qulog‘iga kirib olganday edi. Bu ovoz butun dars davomida ham qulog‘idan ketmadi. Koridorni to‘ldirib yurgan qizlarning kulgilari, suhbatlariga loqayd qarar, dugonalarining hazillariga hayol parishonlik bilan jilmayib qo‘yardi. Mana, yaqinda to‘y bo‘ladi. Dadasi, o‘zining dadasi bu to‘yga kelolmaydi. Unga oq yo‘l, baxt tilab kuzatib qololmaydi. Bu yoqda o‘yin-kulgi bo‘ladi, u yoqda dadasi hech narsa bo‘lmayotganday jimgina o‘tiradi. To‘y boshida turishi kerak bo‘lgan odam hatto, begona qatori ham to‘yga kelolmaydi. Vazira qachondan beri shuni o‘ylaydi. Bir marta onasiga salgina yorilib ham ko‘rdi. Onasi ancha vaqtgacha bir nima deyolmadi. Keyin ohista:
— O‘zing o‘ylab ko‘r, qizim, — dedi xo‘rsinib. — Bir kunlik to‘y o‘tar-ketar. Lekin bu yog‘i nima bo‘ladi? Kichkinaligingdan shu dadangning qo‘lidasan. Yuziga oyoq qo‘yish yaxshi bo‘lmas.
— Axir bir kunga, bir-ikki soatga kelsa...
—    Shu bir-ikki soat mening turmushimni buzsa-chi?
 Vazira indamay qoldi.
— Ro‘zg‘orlik bo‘lganingda tushunarsan hali, — dedi onasi yana sekingina.
Vaziraning yuragi seskanib ketdi. Ishqilib, turmushi yaxshi bo‘lsin. Hech kimning bolasi tirik yetim bo‘lmasin. O‘lsa o‘ldi, deydilar. Yonib so‘ngan bir o‘tning tafti, harorati qalbingda, xotirangda turadi. Lekin hadeb duch kelavermaysan.
Vazira kuyovnikidan kelgan sarupolarga ham, onasining qilgan sep-sidirg‘alariga ham yayrab, quvonib qaramasdi. Xammaning ham ko‘zi o‘tmaydigan, har kim ham ko‘ra olmaydigan, hammaga ham nasib qilavermaydigan bir boylik, bir baxt bor. Bu ma’naviy boylik, qalb boyligi, bu bag‘ri butunlik. U ana shuni orzu qiladi, uzun kechalarda hayol surib ana shuni tilaydi. Garchi o‘zi tanlagan yigitga turmushga chiqayotgan bo‘lsa ham ba’zan cho‘chiydi.
Darsdan chiqib, dadasinikiga ketdi. Hovlida arqondan sakrab o‘ynayotgan qiz uni ko‘rishi bilan to‘xtab qoli. Keyin chopqillab to‘rdagi uylarning biriga kirib ketdi. Vaziraning yuragi darvozaga yaqinlashgandayoq ura boshlagan edi. Bu yerda hech kim unga yomon gapirmasa ham o‘zini noqulay sezar, qisilar, sig‘mayotganga o‘xshab turar, qovusholmasdi. U ariq labiga borib to‘xtab qoldi.
— Keling, kelavering, — ichkaridan o‘rta bo‘y, oriqroq bir ayol chiqib keldi. Uning orqasida haligi qizcha yovvoyi qarash qilib turardi.
Ayol Vazira bilan ko‘rishdi. Keyin kiziga po‘pisa qilgan bo‘ldi.
— Opang-ku, nega ko‘rishmay, indamay turibsan? Qachon aqling kiradi, qizim?
— Kel, Mavjuda, — dedi Vazira uni imlab, keyin sumkasidan bir plitka shokolad chiqarib uzatdi. — Ma, ol.
Mavjuda hamon o‘rnidan qimirlamasdi.
— Olsang-chi! — dedi onasi ham. Lekin u yugurganicha ko‘chaga chiqib ketdi. Vazira shokoladni uzatganicha qolaverdi. Ayol ayvondagi stol ustini artib, uni o‘tirishga undadi. Vazira stulga omonatgina o‘tirar ekan, qo‘lidagi shokoladni stolning bir chetiga ohistagina qo‘ydi. Ayol dasturxon yozish taraddudida edi.
— Ovora bo‘lmang. Hech narsaning keragi yo‘q... Dadam hali qaytmadimi? — Vaziraning ovozi ichiga tushib ketganday g‘alati, past eshitildi o‘ziga. O‘z otasini, negadir bu joyda, dada, deb atashga jur’at etolmasdi. Ayol indamaygina yurib stol ustiga uni-buni qo‘ygan bo‘ldi. Uzum chaygani ketayotganida Vazira o‘rnidan turdi.
— Men qila qolay.
— Yo‘q, yo‘q, o‘tiring. Siz mehmonsiz.
Ayol buni to‘g‘ri ma’nodami yoki kesatib aytdimi, Vazira bilolmadi. To‘y harakatida biron narsa undirishga kelgandir, deb o‘yladimikin? Dadasi shu kunni tayin qilgani uchun kelgan edi. Nima gapi, nima ishi bor. Vazira bilmaydi.
Darvozadan dambadam mo‘ralab turgan qizlar tapir-tupur qilishib yugurib ketishdi. Erkak kishining ovozi eshitildi. Mavjuda barvasta, ko‘rkam, chakka sochlariga oq oralagan kishining qo‘liga osilib, erkalanib kirib keldi. Vazira o‘rnidan turib, uning istiqboliga yurdi.
— Assalomu alaykum.
— Kel, qizim.
Vazira to‘xtab qoldi. Ko‘rishishga tortinib boshini egdi. Dadasi uning yelkasiga qoqib qo‘ydi.
— Qalaysan? O‘qishlarning durustmi?
— Rahmat. O‘zingiz yaxshi yuribsizmi?
— Yuribman, qizim, yuribman. Qani, o‘tir, — dadasi yechinishga bo‘lsa kerak, uyga kirib ketdi.
Choy ustida ham sira gap gapga qovushmadi. Mavjuda bo‘lsa dadasining yonidan bir qadam jilmas, goh bo‘yniga osilar, goh surkalar, Vaziradan ham nigohini uzmasdi.
— Ovqatinglar bo‘lay dedimi? — so‘radi dadasi.
— Bekorchimasman-ku! Ishdan yaqinda keldim, endi urinaman.
Bu qo‘rs javob oraga yana jimlik tushirdi. Vazira o‘rnidan turdi.
— Men ketay bo‘lmasa.
Dadasi indayolmadi. Ko‘zlarini pirpiratib, g‘alati bir mahzun qarash bilan unga tikildi. Vazira ayol bilan xayrlashdi.
— O‘tirmaysizmi?
— Rahmat, boray.
— Kelib turing.
Bu yaxshi so‘zlar hozir shu qadar sovuq, shu qadar qalbaki ediki, Vaziraning badanlarigacha muzlab qolayotganday tuyuldi. Dadasi uni kuzatish uchun ko‘chaga
chiqdi. Mavjuda hamon uning bir qo‘liga osilib olgan, dadasi bo‘lsa nimadir demoqchi, lekin aytolmasdi.
— Bor, stolda papirosim qolibdi, olib chiq! — dedi u. Mavjuda yugurgilab hovliga kirib ketdi. Shu payt dadasi cho‘ntagidan qog‘ozga o‘roqliq allanarsani oldi-da, shoshib Vaziraga uzatdi.
— Ola qol. Mendan ikkalanglarga esdalik bo‘lsin. Olmaslikni iloji yo‘q edi. Buning ustiga Mavjuda chiqib qolsa dadasining hijolat bo‘lishidan andisha qilardi.
— Bekor ovora bo‘libsiz.
— Nega endi? Unday dema. Kaming bo‘lsa ayt.
— Hech narsaning keragi yo‘q.
— Nega endi? Otangman axir.
— Rahmat, dada.
Vazira ko‘ziga kelgan yoshni kuch bilan qaytarib turardi. Hansiraganicha Mavjuda yetib keldi.
— Xayr, bo‘lmasa.
— Xayr, qizim. Baxtli bo‘lgin. Baxtli bo‘linglar. 
Ota haliginday mahzun qarash bilan uni kuzatib qoldi. Endi Vaziraning ko‘zida ana shu mahzun nigoh turib qolgan edi. Bu nigoh uning oromini buzar, yurak-bag‘rini ezar, dadasining yoniga qaytgisi, bo‘ynidan quchoqlagisi, unga yaxshi-yaxshi gaplarni aytgisi kelardi. Lekin qaytolmasdi. Dadasining tinchligini buzgisi kelmasmidi yoki haddi sig‘masmidi, buni o‘z ham bilmasdi. Birdan qo‘lidagi qog‘ozni esladi. Yo‘lidan to‘xtamay uni ochdi. Ikkita tilla nikoh uzugi yaraqlab ketdi. Ularning biri kattaroq, ikkinchisi kichikroq edi. U to‘xtab uzuklarga yana tikildi. Keyin negadir orqasiga o‘girilib bir qaradi-da, ularni qog‘ozga o‘rab sumkasiga soldi.
Mashina shaldiratib allanarsa tikayotgan onasi uning kelganini bilib:
— Vazira, dadangga choy damlab bergin, — dedi o‘rnidan qo‘zg‘almay. Vazira javob bermadi. Uning ikkita otasi bor. Lekin na unisini, na bunisini astoydil, bag‘ri bag‘ridan, dada, deb chaqiroladi. Na unisiga, na bunisiga erkalik qiloladi.
Kunlar shu xilda o‘tib, to‘y kuni ham yetib keldi. Hovlida xotin-xalaj ko‘p, qarindosh-urug‘lar hammasi yig‘ilgan, Vazira ularning gaplariga loqaydlik bilan quloq solar, hayol parishonlik bilan goh gapini, goh qilayotgan ishini esidan chiqarib qo‘yardi. Ertalabdan yoniga kelgan yaqin dugonalari ham uning chehrasini ochisholmasdi.
— Kechqurun ham shunaqa tumshayib o‘tirasanmi? — dedi ulardan biri. Vazira zo‘raki iljayib qo‘ydi. Uning ko‘zidan otasining o‘sha kungi qiyofasi sira nari ketmasdi. Bugun to‘yligini biladi. O‘ylayotgandir. Lekin kelolmaydi bechora dadasi. O‘sha kuni sekingina, huddi o‘g‘rinchadek oq yo‘l tiladi, fotiha berdi. To‘yga kelgan ammasi ham qovushmay, chekka-chekkada yuribdi.
Kechqurunga borib qizlar Vazirani yasantirishdi. Qomatiga mos tikilgan uzun oq ko‘ylak unga juda yarashgan edi.
— Chiroyliligingni bilasanmi o‘zing? — dedi qizlardan biri hazillashib. Vazira yana kulib qo‘ydi.
O‘yin-kulgi bilan muzika sadolari ostida kuyov keldi. O‘rtoqlarining orasida qizarib, o‘ng‘aysizlanib turgan kuyovga Vaziraning ko‘zi tushdi. Yana dadasini esladi. Ularni yonma-yon o‘tqazishdi. Qadahlar to‘ldirildi, tabriklar, tilaklar boshlandi.
— Kuyov-kelinning baxti uchun! — deb qichqirdi kim-dir. Qadah jarangladi. Vazira entikdi. Ko‘z yoshlari yuziga tushdi. U ro‘molini to‘g‘rilagan bo‘lib yuzini pana qildi. Uning yuragi unsiz xitob qilardi:
— Bag‘ri butunligi uchun, denglar odamlar! Farzandga ota-ona bag‘ridek keng, tinch joy bo‘lmaydi. Agar uni kemtik qilib qo‘ysanglar, ostonasini tillo qilib bersanglar ham tatimaydi. Bu kemtikni to‘ldirolmaysizlar. Bolalaringizga bag‘ri butunlikni tilanglar, odamlar!
Vaziraning ahvolini sezdimi, kuyov asta unga engashdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.