OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saida Zunnunova. Qo‘llar (hikoya)

To‘y tarqab o‘yin-kulgiga to‘lgan hovli suv sepganday jimjit bo‘lib qoldi. Yig‘ishtirish uchun qolgan qarindosh - urug‘, ko‘ngil yaqinlar ham charchashib, har yer-har yerda uxlab yotishar, hovli sahni hali yig‘ishtirib olishga ulgurilmagan idish-oyoq, stol-stullarga to‘la edi.
Kelin tushirish taraddudi hammadan ham Malika xolani charchatgan bo‘lishiga qaramay, u hamon uyg‘oq. Boshqalarni uyg‘otib yubormaslik uchun oyoq uchida sekin-sekin yurib yig‘ishtirardi.
Atrof jimjit. Daraxtlarga osilgan katta lampochkalar atrofida parvonalar bazm qurgan. Dastalog‘liq tog‘oralar yoniga kelgan kuchukni haydayman deb, Malika xola singlisini uyg‘otib yuborayozdi. Hovlidan kuchukni haydab chiqardi-da, bitta-bitta bosib uyga kirib ketdi.
Bir nafas boshini yostiqqa qo‘yib ko‘rdi. Uxlay olmadi. Turib, uy ichida ancha vaqtgacha g‘imirsib yurdi. Qani endi uyqu kela qolsa. Bir tomondan kelin ko‘rganidan quvonsa, bir tomondan xotiralar, necha yillardan beri qalbida saqlanib kelayotgan ezgu armonlar uning butun asablarini uyg‘otib yuborgan edi.
Ochiq derazadan uyga kuz tunining salqin havosi o‘rmalaydi, hovlidagi lampochkalardan tushgan g‘ira-shira nur chiroq yoqilmagan uyga ham, xontaxtaning bir chetida qimir etmay o‘tirgan Malika xolaga ham hayoliy bir tus bergan. Hovlida yana kuchuk paydo bo‘ldi shekilli, kimdir uyqu aralash g‘o‘ldirab uni haydadi. Malika xola o‘rnidan turib deraza pardasini tushirdi-da, chiroqni yoqib qo‘yib, yana kelib o‘rniga o‘tirdi. Idish-oyoq yuvganidanmi, qo‘lidagi uzukning ko‘z atroflari xiralashib qolganday edi. Malika xola igna bilan uni yaxshilab to-zaladi. Keyin kaftiga olib ancha vaqtgacha tikilib o‘tirdi-da, yana ohista barmog‘iga soldi.
Bu uzukni to‘y kuni eri taqib qo‘ygan edi. O‘sha paytda uzukni bezagan bu tosh ko‘zlar, keyincha uning ko‘zlariga aylandi-yu, hamma joyda Malikaxonni kuzatib turdi, qoramoy ichida kulib qaradi, yiqilmoqchi bo‘lganda qo‘lidan tortdi. Bu uzuk taqilganda, uning qo‘llari qandoq edi? Tiqmachokday, oppoq, hayotning og‘ir mashaqqa-lariga hali urilmagan beg‘ubor, nozik qo‘llar edi. Mana endi tomirlari bo‘rtib chiqibdi, har joy-har joyda dog‘ paydo bo‘libdi. Bir vaqtlar oppoq qo‘llarga guldek yarashgan, faqat ziynat uchun taqilgan uzuk, keyincha muhabbat, sadoqat ramzi bo‘lib, bu qo‘llarni mehnatga, hayotga, yashashga undadi. Sadoqat, mehnat ramziga aylandi-yu, o‘zini ziynat sifatida begona qo‘llarga o‘tishdan saqlab qoldi.
Kelin tushirishga yiqqan tergan ham, mehmonlarning oldiga manzur bo‘larli dasturxon yozgan ham, kelinga chiroyli kiyimlar tiktirgan va kiydirgan ham mana shu jafokash, mehnatkash qo‘llar edi.
Tong yaqinlashib qolibdi: onda sonda xo‘rozlarning qichqirig‘i eshitila boshladi. Malika xola ko‘rpa qatidan kalit olib, daranglab ketmasligi uchun juda ehtiyotlik bilan sandikni ochdi. Dimog‘iga kuya dori hidi bilan yana allaqanday tanish bir hid urilganday bo‘ldi. Hamma vaqt qulf turgan bu sandiqda erkaklarning bir-ikki dona ko‘ylagi, kiyilib, anchagina nimdosh bo‘lib qolgan bir palto bilan yangigina bir kostyum bor edi, xolos. Malika xola ularni sandiqdan oldi. Tizzasiga qo‘yib, paltoning yoqa va yenglarini sekin-sekin, go‘yo ozor berib qo‘yishdan qo‘rqqanday bir kayfiyatda siladi. U o‘n yetti yildan beri bu mashg‘ulotni takrorlashdan zerikmadi. Bahor bo‘lsa kuya doriga soladi, kuz bo‘ldi deguncha, sandiqdan olib, qoqib, silkib ilib qo‘yadi. Qishda 6u palto o‘g‘li va o‘zining paltolari qatorida ilig‘liq turadi. Egasi ham shu yerda, shular bilan, faqat yaqingina bir joyga chiqqanu hozir kelib kiyadiganday.
Urush yillari ro‘zg‘or tanqisligi uni qiynagan paytlarda ham bularni asradi. Mehnat qilishga qodir bo‘lgan shu qo‘llari bilan uning paltosini bozorga olib chiqadimi?! Bu paltoni mehnat qilishi, pul topishi, ro‘zg‘or tebratishi mumkin bo‘lgan soppa-sog‘ shu qo‘llari bilan birovga eltib beradimi? Sotadimi?! Bu kiyimlar unga qandoq yarashardi. Ayniqsa, kostyumini yaxshi ko‘rardi, ehtiyotlab kiyardi. Qancha yaxshi niyatlar bilan olingan bu kiyimlarni nahotki boshqa birov kiyib yirtsa. Yo‘q, o‘zi kiyadi, o‘zi kiyib yirtadi.
Shu paytgacha doim ro‘zg‘or ishi bilan band bo‘lgan Malikaxon zavodga ishga kirib ketdi. O‘g‘lini bo‘lsa bog‘chaga joylashtirdi. Mehnat alamini yengillatganday, dardiga darmon bo‘lganday tuyuldi. Taqdiri unikiga o‘xshagan ko‘p yosh ayollar unga sirdosh, do‘st bo‘ldilar. Birovining eridan xat kelsa, yuztasi teng quvonishdi, bittasining boshiga tushgan tashvishni hammasi birga tortishdi. Malikaxonning eridan qora xat kelib, boshiga qora kun tushganida ham ana shu ahil oila unga hamdard va tayanch bo‘ldi. Bukilishga, yiqilishga qo‘ymadi. O‘sha kuni Malikaxon ishdan qaytgach, paltosini yechib ilar ekan, erining osig‘liq turgan paltosiga yuzini o‘rab o‘kirib o‘kirib yig‘ladi. Ana shundan keyin bu palto bilan kostyum Malikaxonga yana ham azizroq tuyulib qoldi. Avval sevgan kishisining kiyimi bo‘lsa, endi undan yodgor bo‘lib qolgan edi. Shundan keyin ham baribir bu palto qishda ilinardi, yozda kuya doriga solinardi.
O‘g‘li Baxtiyor u vaqtlarda juda yosh edi. Onasining ahvolini yaxshi tushunmas, nima uchun onasi uni hech qachon bitta emas, doim ikkita o‘pishiga ham aqli yetmas edi. U endi Baxtiyorga onagina emas, ota ham edi. U hamma vaqt — uyda ham, ko‘chada ham erining xotirasini hurmat qilib yashadi. Yoshligini, butun umrini uning xo-tirasiga bag‘ishladi. Ana shu xotira hurmati uchun Baxtiyorni dadasiga o‘xshash mehnatkash, sof dil qilib o‘stirishga harakat qildi. Baxtiyor chindan ham dadasiga o‘xshadi. Uning muomalasi, mehnatsevarligi, mehribonligi, hatto ba’zi bir qiliqlariga qarab turganida, Malika xolaning nazarida eri o‘lmaganday, u faqat qayta yashashga boshlaganday tuyulardi. U tirik. Ana u Baxtiyor bo‘lib yashayapti. Uni Malikaxon hayotga qayta keltirdi. Mana shu mehnatkash qo‘llari unga halol non yedirdi, toza kiyim kiydirdi. Siladi, erkaladi, uni odam, chinakam inson qilib o‘stirdi. Mana, bugun u kelinlik bo‘ldi. Dadasi bo‘lsa qandoq quvonardi... U butun to‘y davomida Malika xolaning ko‘zidan ketmadi. Muborakbod qilib keluvchilarni kutib oldi, o‘yin-kulgiga bosh bo‘ldi, o‘g‘li bilan kelinining peshonasidan o‘pib, ularga baxt tiladi. Bularning hammasini Malika xola ko‘rib turdi. Qalbi, xayoli bilan ko‘rib turdi.
To‘y sharofati bilan tun bo‘yi yoqiq qolgan chiroqlar tong bilan ulanib ketdi. Uyqudan ancha tiniqib turgan ko‘ngil yaqinlar choydan keyin yana qolgan-qutgan idish-oyoqlarni yuvish, yig‘ishtirish bilan ovora bo‘ldilar.
Malika xola kelinining oldiga kirdi. Kelin-kuyov uning hurmati uchun o‘rinlaridan turishdi, o‘tirishga taklif qilishdi. Kelin bir oz uyalinqirab turib, qaynonasiga choy uzatdi. Baxtiyor bo‘lsa onasining ko‘ziga birdaniga katta kishi bo‘lib qolganday edi. U shu topda dadasiga juda-juda o‘xshab ketdi.
Malika xola kelin-kuyovni ortiq uyaltirmaslik uchun kelini uzatgan choyni ichdi-yu, piyolani qaytib bermadi. Quchog‘ida olib o‘tirgan kostyum bilan paltoga qarab ancha vaqt jim o‘tirib qoldi. Kelin hayron. Baxtiyor bo‘lsa onasining nima uchun bu narsalarni shu bugun ko‘tarib yurganligiga tushunmay, ko‘zlarini pirpiratib unga tikilar edi.
Malika xola ko‘ziga kelgan yoshni zo‘r kuch bilan qaytarib, boshini ko‘tardi:
— O‘g‘lim, shu vaqtgacha otangning mana bu kiyimlarini senga kiygin, demagan edim. Bugun olib kirdim. Endi uylik-joylik bo‘lding. Katta kishi bo‘lib qolding. Endi bularni kiysang bo‘ladi. Bayram kunlarida, yaxshi kunlarda kiygin. Ayab-asrab kiygin.
Malika xola titragan qo‘llari bilan kiyimlarni o‘g‘liga uzatdi. Tomog‘iga kelgan allanarsani yutdi-yu, ochiq, mehribon chehra bilan keliniga o‘girildi:
— Qizim, qaynotangiz bo‘lganda, bilmadim, sizga nimalar sovg‘a qilar edi. Mana bu uzukni to‘y kuni menga taqib qo‘ygan edi. Bugun o‘sha kishi uchun men sizga taqib qo‘yaman. Hamma vaqt taqib yuring. Ziynat uchun emas, hurmat uchun taqing. Qo‘llaringiz mening qo‘llarimdek mehnatkash, halol bo‘lsin. Lekin mehnatni mendek yolg‘iz emas, birga qilinglar, qo‘sha qaringlar. Baxtiyor sizni hech xafa qilmaydi. Uni men ana shunaqa qilib o‘stirdim. Otasiga, qaynotangizga o‘xshagan bo‘ldi. Siz ham qizim, uni hech xafa qilmang.
Malika xola bilinar-bilinmas titragan qo‘llari bilan uzukni kelinining qo‘llariga solar ekan, o‘zining bir vaqtgi qo‘llarini, oppoq, beg‘ubor qo‘llarini esladi. Kelinining ko‘zida yosh yaltiradi. Demak, bu oppoq, momiq qo‘llar mana shu uzuk hurmatiga hech xiyonat qilmaydi. Hayotda tutgan narsasini qo‘ymaydigan, nozik, ammo zabardast qo‘llar bo‘ladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.