OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sanjar Tursunov. Qaytmas yillar bahori... (badia)

Bahorning birinchi kunidanoq qalbimni aziz bir insonning siymosi qamrab olayotganini his qilaman. Xotiramda uning bor qiyofasi namoyon bo‘ladi. Shovqinli shaharu tashvishlarni bir chetga surib o‘sha qadrdon, men sog‘ingandan ko‘proq meni sog‘inadigan inson qoshiga ketgim keladi. Uni tushlarimda ko‘raman. Qizig‘i hamisha bir holatda. Yelkamda sumka. Meni kutib betoqatlanib turgan qo‘shnimiz Ismat aka va uning mashinasi. Qiblaga qarab duo berayotgan otam. Ko‘z yoshini ro‘moli uchi bilan artayotgan onam.
Bu tun ham tushimda ko‘rdim. Shamol uning ro‘molini o‘ynar, sochlari ko‘rinib turibdi: oppoq... Cho‘chib uyg‘onaman. Tong hali otmagan. Ufqda yolg‘iz zuhrogina miltillab turibdi. Qiya ochiq derazadan bahorning ilk sarin shabadasi kiradi. Bahor — tabiatning xotirasi, insoniyatning xotirasi. Bahor — ezgulikning xotirasi. Bahorning mayin shamoliga ergashib xayollarim meni olis bolaligimga yetaklab ketadi. Ketaveraman... Ketaveraman...
Osmon tiniq edi, daryolar shovullar, gulxanlar lovullab yonardi. Men yetti-sakkiz yoshli, yerga ursa ko‘kka sapchiydigan, o‘yindan boshqa o‘yi bo‘lmagan bolakay edim. Bog‘imizning bir chetidan ariqcha oqar, ikki yonida ko‘m-ko‘k maysalar, yalpizlar barq urgan. To‘rg‘ay turgandan to Ukki uxlagancha men, ariqcha va qo‘shni qiz Zulpi — Zulfiya halak edi. Bizning ovunchog‘imiz ariq, yemagimiz suvga bo‘kkan teshik kulcha edi. Ariqchadan kulchani oqizib ortidan quvardik. Men Zulpining kulchasini, u mening kulchamni quvar. Kulchani tutgan — g‘olib. Bu bizning, faqat ikkimiz biladigan o‘yin edi. Bir safar uning kulchasini tutolmadim... U shunaqangi qiyqirib kuldi-ki... Bo‘g‘zimga nimadir tiqildi. Zulpining oldida yig‘lamaslik uchun onamning qoshiga chopdim. Zulpi qo‘rqoq degancha qolaverdi. Onamning tizzasiga boshimni qo‘yib yig‘ladim. Shunda onam:
— Toychog‘im, yigit kishi qiz boladan ranjib yig‘laydimi? Bu safar yutqazgan bo‘lsang, keyingi safar yutasan. Yig‘lama, u axir do‘sting. Bor o‘rtog‘ing kutib qoldi.
Men qaytib uning yoniga bormadim. Devorning ustiga chiqib o‘tgan-qaytganga hazillashaman. Zulpi meni kutib-kutib ketdi. Men u bilan boshqa o‘ynamadim... Faqat bir kuni...
O‘shanda onam tobi qochib shaharda davolanayotgandi. Otam ertadan kechgacha dalada. Biz aka-ukalar navbatma-navbat maktabga borardik. Chunki uyda kimdir qolishi kerak. Sigirimiz endi tuqqan, qo‘ylar qo‘zilagan, ularga qarash kerak. O‘shanda men endi sigirga yo‘ng‘ichqa berib bo‘lib, Termizda o‘qiydigan amakim sovg‘a qilgan ertak kitobni o‘qiyotgandim. Tovuqlarimizni bog‘ etagidan quvib Zulpi kelib qoldi.
— Yur o‘ynaymiz, — dedi u.
— Yo‘q, — dedim. U yalindi. Kechgacha o‘ynadik. Faqat yutqazdi. Bilmadim nima uchun?
Onam shahardan tuzalib kelganida uyimizda rostdanam bayram bo‘ldi. O‘shanda Zulpiyam keldi. O‘sha kunnning ertasiga ular shaharga ko‘chib ketishdi. Men yillar o‘tib o‘sha qiz bir kuni menga eng yaqin inson bo‘lib, tasalli berishini bilganimda u bilan o‘ynab, ming marta yutqazishga ham rozi bo‘lardim. Nachora...
* * *
Uzoq sayohatga chiqqan bir guruh sayyohlar yovvoyilar makoniga tushib qolibdi. Yovvoyilarda shafqat yo‘q. Ko‘z ochib yumgancha bosh qarorgohga eltishibdi. Atrofda gulxan lovullar, yovvoyilar odatiga mos kuy taralar, tutilgan o‘ljadan xursandligini nishonlasharkan. Bu yerdan omon chiqib ketishiga ko‘zi yetmagan kishilar noiloj taqdirga tan berishibdi. To‘da boshi birining qoshiga kelib, o‘zining tilida nimadir so‘rabdi. Bu tushunmasmish. Shu payt o‘ynab yurgan bolalardan biri yig‘lab onasining qoshiga yuguribdi. Bola ovozining boricha yig‘lar, uni tinchlantirish ilojini topisholmabdi. Ona bolasini bag‘riga bosgan ekan jimib qolibdi. To‘da boshi ona va bolani ko‘rsatib, odamlarga ishora qilibdi. Nima deyayotganini tushungan odam jon holatda: ”Ha-ha, onam bor. Yolg‘iz onam bor”, deb nola qilibdi. Qolganlar ham shunday deb yig‘lashibdi. To‘da boshi bir muddat o‘ylab turib ularni ozod qilib yuboribdi.
Onamning duosi meni saqlaganiga bir necha marta ishonganman. Maktabni tugatgan yilim sinfdoshlar bilan lola sayliga chiqdik. May oyining oxirlari lolalar siyraklashib qolgan, boriyam tog‘ning boshida qolgandi. Izlab-izlab tog‘ boshida qolgan bittagina lolani ko‘rdik. Chiqishning umuman iloji yo‘q. Sinfdosh qizlarimiz lolani uzib olishni shunchalik xohlayaptiki, qani Alloh qanot bersa uchib lolani qo‘liga tutqazsang. Biz yigitlar goh tepadagi lolaga, goh qizlarga qaraymiz. Nima bo‘lsa bo‘ldi dedim-da, tepaga tirmashdim. Ortimdan qizlarning meni alqagani eshitilib turar, bunga sari mening kuchim oshib-toshardi. Bir amallab tepaga chiqib oldim. Lolaga yetdim. Pastda qizlarning olqishi... Lolani uzdim va pastga uloqtirdim. Qizlar qiyqirishib lolaga tashlanishdi. Meni... unutishdi. Men tog‘ boshidan pastga tusholmay qoldim. Qiziq endi pastga tushishda menga kuch bag‘ishlaydigan nimadir yo‘q edi. Qulog‘imga qizlarning kulgusi kirmas, olisdan, juda olisdan onamning bolam degan nidosi eshitilardi go‘yo. Tushishim kerak. Lekin qanday qilib? Qo‘rquv meni yengib borardi. Bir ko‘nglim o‘zingni pastga ot derdi. Ammo, insonga bir tuyg‘u berilgan-ki, bizning butun hayotimiz shu tuyg‘u hukmronligi ostida o‘tadi. Bu — g‘urur! Men qizlarning oldida, umuman tengdoshlarim oldida chorasiz qolishdan ko‘ra o‘limni afzal bilardim. Shu payt qirg‘iy bir kaklik bolasini quvib keldi. Polapon jon holatda o‘zini kamarga otdi. Qirg‘iy endi tutdim deganda, ona kaklik paydo bo‘ldi-da, favqulodda qirg‘iyga tashlandi. Qirg‘iy yengilmas qush, ammo o‘shanda u pastga qulab ketgandi. Bu hodisa butun vujudimni qamrab oldi va men pastga tushib oldim. Ishonmaysiz, xuddi tepamda onam turgandek, qo‘lini menga uzatayotgandek tuyuldi. Men qo‘rqmasdan uning qo‘lidan ushlab tushaverdim, go‘yo. Men pastga beshikast tushdim. O‘rtoqlarim hayratdan qotib qolishdi. Indamay uyga ketdim. O‘sha kuni onam men uchun qanchalik qadrdon, uning sog‘-omonligi hayotida menga berilgan baxtning yorlig‘i ekanini tushundim. Uyga kelsam, onam qayoqqadir jo‘nayotgan ekan:
— Keldingmi, bilmadim, negadir ko‘z oldimdan ketmay qolding. Tinchlikmi, bolam? Senga nima bo‘ldi?
— Yaxshiyam siz borsiz, onajon!
Shunday deb uning bag‘riga otildim. Men o‘shanda yana bir narsani aniq tushundim-ki, onam uchun o‘lishga ham haqqim yo‘q ekan.
Bundan ikki yil oldin onamni poytaxtdagi shifoxonalardan biriga yotqizdik. Erta bahor kunlari. Operatsiya 7 mart kuniga belgilandi. Bozordan guldasta olib shifoxonaga chopdim. Otam kutib turgan ekanlar. Onamni so‘radim.
— Hozir olib kirishdi, — dedi tashvishlanib. Soat to‘rtgacha kutdik. O‘shanda otamning sochi ko‘z o‘ngimda oqarib borayotganini payqadim. Bolaligim tobora yaqinlashib, xotiralar iskanjasida qolayotganimni angladim. Shifokor otamni chaqirib ketdi. Men shu narsani his qildimki, odam tovonigacha muzlashi, butun vujudi karaxt bo‘lib qolishi uchun lahzalar yetarli ekan. Xudo deyman, oyog‘imni yerdan, qo‘limni osmondan uzma! O‘tiraman. Turaman. Nima bo‘lsa bo‘lsin — faqat onamni asra.
— Sen qaytaver, — otam bu gapni shunaqangi xasta aytdiki, boshida uni taniyolmay qoldim.
— Onam...
— Yaxshi. Jonlantirish bo‘limiga olindi. Kechki payt palataga tushirarkan. Men yonida qolaman. Sen boraver.
Xo‘p, deyman-u, guldastamni bag‘rimga bosgancha ko‘chaga chiqaman. Tunning uzunligini ilk bor o‘shanda ko‘rdim. Bir tunda inson yuz yil yashashi mumkin ekan. Onamni eslayman. Qadriga yetmadim deb yuragim potirlaydi. Nega uni vaqtida boshimda ko‘tarib yurmadim, deb ezilaman. Nahotki, onam endi bu dunyoda bo‘lmasa... Nahotki, nabiralarini erkalatib, meni ulg‘aytirgan ertaklardan aytib bermasa. Bu uzun umr davomida, bir umr ellik, oltmish, yetmish yil onasiz yashash... Xuddi birov suyagimga igna urgandek dod deb yuboraman. Chorasizlikdan, qo‘limdan bir ish kelmasligidan oh uraman. Tong oqarib kelmoqda. Tong... Oqlik. -Poklik. Baxtiyorlik. Menga qanday sovg‘a tayyorlab qo‘ygan ekan. Tonggacha kasalxona atrofida o‘ralashib, quyosh chiqar-chiqmas ichkariga chopaman.
— Hali jonlantirish bo‘limidan tushirmabdi, — Bu otamning gapi. Otam kecha uyga bormaganimni biladi. Indamaydi. Kutish zalidagi o‘rindiqlardan biriga o‘tiraman. Shu payt yelkamga bir qo‘l tegadi. Ohista bosh ko‘taraman. Farishta monand jilmayadi. Tanish tabassum. Ismimni aytadi. O‘rnimdan turaman. Bu o‘sha. Bolaligimning bir bo‘lagi, baxtiyor damlarimning xotirasi — Zulpi... Zulfiya.
— Cen bu yerda nima qilyapsan?
U yelkasini beozor qimirlatib, egnidagi oq xalatiga ishora qiladi. Birdan esimga tushadi. U, axir, shifokor bo‘lmoqchi edi. Uni unutganimdan xijolat bo‘laman. U aqlli qiz, meni tushunadi...
— Xolamni kecha ko‘rgandim. Jarrohlik xonasiga kirishdan oldin.
Qo‘llarini mahkam ushlayman. Ayni damda uni qo‘yib yuborgim kelmaydi.
— Onam yaxshi edimi? Nima dedi? Hozir qalay? Nega palataga olishmayapti?
Zulfiya bu savollar qarshisida dovdirab qoladi. Ammo biroz jimlikdan so‘ng meni yupatadi.
— Xolam yaxshi. Bugun palataga olib chiqishadi. Senga nima bo‘ldi? Nega buncha dovdirab qolding? O‘zingni qo‘lga ol! Haliyam yig‘loqi ekansan-a, — u shunday deb jilmayadi.
Negadir ayni damda unga ishonaman. Xavotirlarim tarqaydi. Axir, onamni ko‘ribdi-ku. Bugun palataga olisharkan. Suhbatimiz ado bo‘lmaydi. O‘qishni tamomlashiga bir yil qolibdi. Amaliyotga kelgan ekan. Onamni bir ko‘rishdan tanibdi.
Oradan bir hafta o‘tib onamga javob berishdi. O‘sha kuni bu dunyoda mendan zo‘r, mendan baxtli odam yo‘q edi. Zulpining — Zulfiyaning xursand bo‘lganini... Onam butunlay sog‘ayib ketdi.
Bugun onamni sog‘inib, uning men uchun qanchalar qadrli ekanini sezib, suratiga tikilib turibman. Bir oy oldin tushgan surat. Yuzlarida ajin. Sochlarida oq. Badanlarim jimirlab ketadi. Onam qarib borayapti. Men hali qadriga yetolganim yo‘q. Hali bir kunlik zahmatiga yarasha mehr berolganim yo‘q. Qaniydi, olis bolaligim bir zumga qaytsayu hammasini boshidan boshlasam. Har lahzamni onamning xizmatiga baxshida etsam. Tizzasiga bosh qo‘ysam.
Onalar farzandini qarg‘amaydi. Farzanddan dili og‘rimaydi. Koyigandayam “Seni tuqqancha o‘lsam bo‘lmasmidi”, deb o‘zini qarg‘aydi. Zero, farzand dunyoga kelguncha onaning joni garovda! Bugun menga bolaligim kerak. Onamning qarib qolmasligi uchun bolaligim kerak. Bir kungina... bir soatgina... bir lahzagina bolaligim kerak...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 13-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.