OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sarvar To'rayev. Karvonqush (hikoya)

Sahroning bepoyon kengliklarida yilning uch oyini aytmasa, tashqi dunyodan butkul uzilgan elatlar yashardi.
Yirik-yirik tijorat markazlari tomon yo‘lga chiqqan karvonlar ba’zan bu ovullar haqidagi uzuq-yuluq afsonanamo gaplarga bo‘lgan qiziqishlari tufayli shu tomonlarga yo‘l solishardi.
Karvonni izzat-ikrom bilan kutib olishgach, avvaliga ovul ulug‘i o‘tovida mehmonnavozlik bo‘lib, so‘ng savdo ishlari g‘imirlay boshlar, bozor shu darajadagi avjga minar ediki, yirik shaharlardagi savdo markazlaridan qolishmasdi.
Sahroda bir-birlariga nisbatan g‘anim urug‘lar yashab kelardi. Ular o‘rtasidagi bu dushmanlik azaldan quduqqa boy hududlar ustidan nazoratni o‘z qo‘llariga olish masalasida edi. Ulusu bilan Azsu ana shunday urug‘lardan edi.
Ulusu ovulida suvga mo‘l quduqlar joylashgan bo‘lib, hayotlari to‘kin va barqaror, boshqa urug‘lar, xususan, Azsu doim quduqlaridagi suv tanqisligidan qiynalardi.
Bir zamonlar osmondan balo yog‘ilib, kasalliklar avj olganida Azsu ovuli ulug‘lari kengashib, Ulusuga chopar jo‘natishgan va bunday degandilar: “Tangri yer-ko‘kni, suvni hammamiz uchun bergan, sening ajdodlaringning yutug‘i ertani ko‘ra bilganida, bugun- gi yemagini ertaga ataganida, mening ajdodlarimning gunohi buguni bilan yashaganidadir.
Shu kechirilmas xato evaziga ko‘p jonlarni qurbon berib kelamiz. Kelingiz, qon-qarindoshlik ipini bog‘laylik, Tangri bundan va bizdan xushnud bo‘lajak”.
Ulusu uzoq kengashdi-da, javob berdi: “Quyosh ortidagi kun xudosi bilan oy ortidagi tun tangrisi do‘stu yor bo‘lishi mumkinmi?
Har narsaning o‘z so‘rog‘i bor, shuning uchun ham tun va kun bor.
Tunlari quyosh chiqmagan, lekin kunduzi oy quyosh saltanatining ichida u-bu joyida biqinib yuradi-da, zulmat cho‘kkanida kundan o‘g‘irlaganini o‘ziniki qilib maqtanadi. Siz va biz ana shu kabimiz”. 
Azsu qurg‘oqchilikdan azob chekdi.
O’shanda Azsu ulug‘lari bir kunmas-bir kun bu qo‘shni urug‘ni qilich bilan zabt etishni diliga tukkandi.
Uzoq yillik gina-kudrat, hayot – mamot jangini keltirib chiqarishi aniq, ammo o‘sha fursat hali bo‘y ko‘rsatmagan edi.
Ulusuga karvon qo‘ngan.
Bozor qaynaydi.
Quyosh beayov qizdiradi.
Sahroyilar ko‘nikib ketgan dim havoda ajnabiy savdogarlar, ayniqsa yosh yo‘lovchilar zo‘rg‘a nafas olishadi.
Kun yarmidan oqqanida boshdan-oyoq qora libosga o‘rangan, o‘rta bo‘yli, keng peshonali, ko‘rkam yigit paydo bo‘ldi.
U otdan tushiboq ot jilovini uni qiziqish bilan o‘rab olgan o‘smirlardan biriga tutqazdi-da, bozor oraladi.
Ajnabiylar gavjum olomon orasida yaqqol ko‘zga tashlanib turgan o‘tkir nigohli bu yigitning kim ekanligi bilan qiziqishdi.
Yonginasidan o‘tayotgan bir to‘p suluv qizlar tabassumi, pichir-pichirlari o‘ziga bag‘ishlanganligini sezsa-da, beparvolarcha yo‘lidan qolmayotgan yigitning kimligini yoyib qo‘yilgan jang qilichlarini og‘zidan tanobi qochib tomosha qilayotgan o‘smirdan so‘rashganida, u quvonchdanmi, qo‘rquvdanmi entika-entika javob qildi:
– Karvonqush!
Shu yerdan o‘tib ketayotgan munkillab qolgan kampir tishsiz og‘zini katta ochganicha, izohladi:
– Karvonqush ...bu bizning ovulimiz, u borki, biz bor, u borki,siz bor.
Qora libosli yigit nimadir xarid qilishga unnaganida, bir guruh ovuldoshlari uning atrofida girdikapalak bo‘lib qoldi.
Karvonqush – Ulusuni tashqi xavflardan ogoh etib turuvchi qo‘riqchi.
Yoz tunlari osmonda “Karvonqush” deb nom olgan yulduzlar turkumi ko‘zga tashlanadiki, ba’zida adashgan karvonlar shu yulduzni mo‘ljal olib, sahro xalqlariga yetib kelishadi. 

Yetti qaroqchi yulduzi yer bag‘irladi, tun yarimladi.
Birdan Karvonqushning nigohi olisda ot choptirib ketib borayotgan chavandozga tushdi.
Karvonqushning ko‘nglida hadik turdi.
 U tomon ot soldi. Chavandoz oyning botishini istamagandek o‘qdek uchib borar, shamolda uzun sochlari o‘ynardi.
Uzoq quvlashmachoqlardan so‘ng Karvonqushning uchqur tulpori chavandozni quvib yetdi.
– Ey, sen, to‘xta!
Chavandozning ko‘zlari yumuq, biroq harakatlari nozik, jonli va jadal edi. 
– To‘xta, bizning hududlarga nega kelding? – Karvonqush uzangiga oyoq ilib yerga qo‘ndi. – Nima izlayapsan?
– Suv!
Karvonqush chavandoz bilan yonma-yon yurganida, uning qiz ekanligini, buning ustiga oyparast ekanligini tushunib yetdi.
Bu payt oyning so‘nggi o‘roqdek parchasi ham yer bag‘irlab, zamin zulmat qudug‘iga cho‘kib borardi.
Qiz yo‘lidagi Karvonqushni quchdi. 
Karvonqushning yuzini uning uzun sochlari siypalab o‘tdi.
– Ey,sahro egasi, seni izlab topdim! Seni uzoq qidirdim. – Karvonqushning qulog‘iga mayin pichirladi qiz. – Sendan suv so‘rab keldim, suv ber!
Oy sahroning shamol bunyod etgan katta-kichik qirlaridan ham soyasini ayadi. 
– Suv ber, odamlar chanqog‘i bosilsin.
Ular sukunat qa’rida qolib ketishdi.

* * *

Karvonqushlik uzoq yillardan buyon tayin etib kelinadi.
Quyosh tutilganidan so‘ng tug‘ilgan ilk farzandni muqaddas quyosh o‘g‘li deb hisoblashadi va uni karvonqushlikka monand ulg‘aytiriladi. 
Ovulda quyosh tutilganidan so‘ng, agar qiz farzand tug‘ilsa, u oydan bunyod bo‘lgan deyishadi va bu qiz butun umr Ulusuga cho‘rilik qilishga majbur etiladi. Quyosh zurriyodi – Karvonqushning ota-onasi bo‘lmaydi. Uning do‘stlari ham, dushmanlari ham, ma’shuqasi ham bo‘lmaydi, u butun umr uylanmay o‘tadi.

* * *

– Hech kim oyga yetolmaydi deyishardi. Ko‘p ham xato qilishi mumkin ekanki, mana, seni topdim.
Karvonqush qanday qilib oyparast qizni asliga qaytarish yo‘lini o‘ylardi. 
Uning ko‘kragiga bosh qo‘ygan qiz esa xotirjam edi.
– O’ylab olishimga vaqt ber, bundan keyingi tunlarni kut, men seni bu darddan forig‘ etarman balki.
Uzoq sukunat cho‘kdi.
Qiz Karvonqushni bag‘ridan bo‘shatdi.
Zulmat ichiga singdi, ot dupuri uning ketib borayotganligini anglatdi.
Oydinda, uchib yurgan hurni eslatib, otida yelib kelayotgan bu qiz uning nigohiga qo‘nib qolgan edi.
Oyparast qiz botib borayotgan oyni, Karvonqush esa uni ta’qib etishni o‘rgandi.
Bepoyon sahroda uzoq ot choptirishlar... 
Marhamat kutib kelgan qiz...
Uzoq quchilgan Karvonqush..
U Karvonqushligidan qo‘rqmay qo‘ygandi.
Oy yuzini to‘sib-to‘sib qo‘yadigan uzun sochlarga ko‘milishni xush ko‘rib qolgan edi.
Oy kechika bordi.
Karvonqush yangi to‘lin oyni kutishi lozimligini aytganida, qiz lom-mim demay ketdi.
Tunlar zulmatga to‘lgan, Karvonqushning ko‘nglidek qorayib qolgandi.
Kunlarning birida uni ovulga chaqirtirishdi.
Ovul ulug‘ining katta va keng o‘tovida, to‘rt oqsoqol, ovulning ikki katta kohini va kichik beklar yig‘ilib bo‘lganida, u ham kirib bordi.
Oqsoqollar unga norozi qarash qila boshlaganidan, o‘zidan nimadir o‘tganligini payqadi.
– Sarhadlarimizda Azsu urug‘ining ayg‘oqchisi yursa-ya.
– Azsu bilan necha asrlik adovatimiz bor.
– Quyosh o‘g‘li, tafting sezilmayapti!
Karvonqush cho‘chib tushdi. U ayg‘oqchini qanday qilib ko‘zdan qochirganiga ishonolmay turardi.
Ko‘p o‘tmay o‘tovni olomon o‘rab oldi.
Tashqaridan ovozlar kelardi.
– Cho‘ponlarimiz topgan, Azsu urug‘i bizga jo‘natgan josusni ko‘rsatinglar! 
– Toshbo‘ron qilish kerak!
– Uning muddaosini eshitishimiz kerak! Eski gap bo‘lsa, qatl etishimiz shart!
– Karvonqush nimadir bilar?
Ovul ulug‘lari olomon qarshisiga chiqishdi.
Karvonqush o‘zining eli oldidagi buyukligiga raxna solayotgan o‘sha dushmanni chopib tashlashga tayyor turardi.
Ulug‘ chuvillashayotgan olomonga yuzlanib, ularni tinchlikka undadi.
– Bas, uni ko‘z o‘ngingizda so‘roq qilamiz, jazoni ham o‘zingiz tayin etarsiz, faqat oldin uni eshitishimiz kerak.
Ikki jangchi ovul zindoni tomonidan birovni turta-turta yetaklab keldi.
Ovul ulug‘lari va olomon orasida pichir-pichir gap oraladi.
– G’animlarimiz senga nima yuklashganini bayon et!
– Buyukligimizning sababini bilmoqchi bo‘ldingmi, Ulusuning totuv eli orasida nizo urug‘ini sochmoqchimiding!
– Men sizga yomonlikni sog‘inganim yo‘q.
Bu tovushdan Karvonqushning butun vujudi muzlab ketdi va asirga ko‘z tashladi. Bungacha dushmaniga hali ko‘zi tushmagan, boisi, ovul tayinlagan jazoni o‘zi ijro etar, so‘nggi hisobni Karvonqush talab qilardiki, bunga fursati va yuzma-yuzlikka toqati hali oldinda edi.
– Nega bizning xududlarda daydi itdek izg‘iding ? 
– Aybsizligingni isbot et!
Karvonqushning ko‘zlari tinib borar, quloqlariga atrofdagilarning bu gaplari eshitilmasdi.
– U ov paytida adashib qolgandir, balki...
Kimningdir bu gapi olomonning jahliga sabab bo‘ldi, nigohlar so‘z aytuvchining yuziga o‘yib yuborgudek o‘qraydiki, bu bilan davraning ruhini payqash qiyin emasdi.
– Yo‘q! 
Odamlarning nigohi anchadan beri haykaldek qotib qolgan qo‘riqchisiga qadaldi.
– U bizdan marhamat kutib chiqqan! Uni ozod qilish kerak!
Olomon guvrandi.
– U sahro sarvaridan suv so‘rab chiqqan oy qizi, xolos.
Qo‘llari orqaga qilib bog‘langan qiz yerga tizzalab yiqildi, cho‘kkaladi.
– U sahro egasidan suv so‘rab chiqqan!
Qiz yerdan ko‘z uzib, ovoz kelayotgan tomondan uni qidirdi, topdi.
– Quyosh o‘g‘li! – guvrandi xaloyiq.
– Unga yomonlikni tilamang!
– Uni vataniga tirik qaytarish, ovulimizning kultepalarga aylanishi degani emasmi?
– Quyosh o‘g‘li, uni qurbonlikka ataymiz! 
– Quyosh o‘g‘li, uning boshini tanidan judo qilginki, Tangri bizdan va zuriyodidan rozi bo‘lsin.
Karvonqush cho‘kkaladi.
El tinchib qoldi. Asabiy sukunat tin oldi.
– Unga ozodlik berish kerak, u oydan suv so‘rab chiqqan oyparast qiz, xolos.
U ro‘parasida o‘ziga tikilib turgan qizni, uning yuzini ko‘z yoshlari yuvib o‘tayotganligini ko‘rdi.
Qiz qandaydir bir quvonch, hayajon bilan titrab turardiki, uning bu holatini Ulusuda Karvonqushdan bo‘lak kishi tushunolmasdi.
– Ulug‘lar, bu ne gap, – qichqirdi keksayib qolgan chol. – Esimni tanibmanki, u urug‘ bizni tahqirlab keladi. Qachon bizning ovuldoshlarimizni bizga omon qaytarishganini ko‘rgansiz?
– Quyosh o‘g‘li, aslingga qayt!
– Manfur yovga o‘lim, uni qatl etishimiz kerak, vassalom.
Ovul ulug‘ining o‘tovida, oqsoqollar o‘zaro kengashib, qizga turli-tuman jazolar qo‘llashni kengashishayotganida, tashqarida qolib ketgan Karvonqush va cho‘kkalatib qo‘yilgan qizning nigohlari bir-birlariga qadalgan edi.
Bu qarashni olomon yecholmas, ma’nosini his qilmagan edi.
Ulug‘lar qatl kunini belgilashib, tarqalishganida qizni ham zindon tomon haydab ketishdi.
Yo‘l-yo‘lakay unga bolalar, qiz-juvonlar qo‘llariga tushgan nima bor, uloqtirib borishardi.
Yigit esa uzoq vaqt shu alfozda qolib ketdi.
Bu tun ovulning u yoki bu tomonidagi qum tepaliklarining birovida ham gulxan yonmadi.
Ovul ahliga bu tun nimadir kamdek tuyuldi.
Quyoshga qurbonlik kuni erkak zoti borki, ibodatga chiqardi. Nog‘oralar suroni ostida olomon Azsu kengliklari tomon yo‘lga chiqdi.
Eng oldinda oyparast qizni olib ketishardi.
Oyning to‘lin bo‘lishini mushtoq kutayotgan qizning charos ko‘zlari qizargan, yanada go‘zallashgan, jozibali edi .
Xaloyiq qarshisida, bir-biriga ulanib ketgan Azsu ovulining uylari ko‘zga tashlanib qolganida yurishdan to‘xtadi.
Qiz ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan vataniga ilhaq tikilardi.
 U o‘zi ot solib, oy quvgan kengliklarni tomosha qilardi.
Karvonqush tayin etilgan paytdan kechika boshladi. 
Ulug‘lar ko‘nglida qo‘rquv isyon ko‘tardi.
Chunki bu joyda uzoq qolish juda xavfli bo‘lib, Azsu hududi hisoblanardi.
Ulug‘larning boshi kengashishdan chiqmadi. Karvonqushsiz marosim o‘tkazib bo‘lmasdi ham, shu sabab qatl ertagi kunga qoldirilganida qizning yuragiga mittigina nur indi.
Ulusu ketishga chog‘langanida kengliklarning bir burchidan, quyosh chiqar tomondan mo‘r-malaxlardek yopirilib kelayotgan olomonni ko‘rdilar.
 Ulusu ulug‘lari urug‘ni jangga shayladi.
Azsu uning shundoqqina qarshisida to‘xtaganida, eng oldinda qo‘llari ortiga qayrilib kishanlangan Karvonqushni ko‘rgan Ulusuning kapalagi uchib ketdi.
– Quyoshimizni bizga qaytar!
– Oydan suv so‘ragan qizni qaysi gunohi uchun o‘zingdek yovuz tangringga atamoqchisan? 
– Azsu ming yillik da’vosini qo‘zg‘ab, bizdan suv so‘radi.
– Muqaddas oyning qizini bizga qaytar!
– Quyosh zuriyodini bizga omon qaytar, aks holda bizdan omonlik kutma!
Ikki tomon o‘zaro uzoq kengashdi.
Kun tikka keldi.
Ulusu Karvonqushning bahridan o‘tib qo‘yaqoldi.
Ikki tomon ham urushni istadiki, bundan so‘ng qaysidir urug‘ o‘limga mahkum edi.
Bir barzangi oy izlagan qizning yoniga kelib, uning oydek yuzlarini o‘ynadi-da, libosini zo‘rlab yirta boshladi.
Qiz tipirchilar, biroq qochib ketolmas edi.
Barvasta yigit uning uzun sochlariga o‘tkir xanjar solib, kesib tashlaganida, alamdan qiyqirib yuborgan Karvonqushning oldinga otilganini qochoqlikka yo‘ygan Ulusu ulug‘i:
– O’ldiringlar! – dedi.
Qilichlar ovozi yangradi.
Qizni chopib tashlashdi. Karvonqushning ko‘zlaridan yoshlar sizib chiqib, yuzi bo‘ylab pastga enganida, uning boshi uzra ham qilich yarqiradi.
Kimdir ovoz berdi:
– Ey, ikki nodon urug‘, nahotki hamon anglamading. Bizning qizimiz senda edi-yu, sening Karvonqushing o‘zi kelib, o‘rtadan nizo olinishini so‘ragan va almashtirishlarini istagan edi-ya.
Uning gapini ko‘pchilik eshitsa-da, ammo shu paytda o‘ylashga fursat yetmasdi.
Bu urushni hech kim to‘xtatolmadi.
Qilichlar jaranggi, jangchilar urhosi buyuk sahroni tutgan edi.
Bu urushda hayot va mamot masalasi ko‘ndalang turardi.
Erkaklari ovulga qaytmagan Ulusu va Azsu erta tongdanoq yo‘lga chiqib, quyosh ko‘tarilayotganida sahro o‘rtasidagi qip-qizil daryoni ko‘rdilar.
Bu sarob emasdi.
Ayollar suvsiz sahroda qonga qorilgan loydan qo‘rg‘on bunyod etdilar.
Qo‘rg‘on o‘rtasida oyparast qiz va quyosh zuryodiga qabr qazildi. So‘ngra, erkaklarining xuni uchun ayollar o‘rtasida ayovsiz jang ketadi deganlar xato o‘yladi.
Ularning o‘y-xayollari, dardu iztiroblari bir joydan chiqqach, bir-birlarining istiqboliga chiqishdi.
Birlashishdi. 
Endi ham ovullarda hayot davom etar, endi ham uzun-uzun karvonlar ulug‘ sahroni kesib o‘tishga jur’at topishar, biroq endi Karvonqushning sirli gulxaniga tikilishmas edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.