OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sherzod Komil Xalil. Tulki (hikoya)

Havoning qovog‘i ertalabdan soliq, qor uchqunlardi. Rixsiqul hovlidan kechasi bilan yoqqan qorni kurarkan, qish rosa qishligini qiladi shekilli, deb o‘yladi. Darhaqiqat, qor qalin tushgandi. Yana uchqunlab turishidan hali-beri tinadiganga o‘xshamasdi. Rixsiqul kurash kerak bo‘lgan hamma joyni bir zaylda kurab borarkan, tovuqlar katagi yoniga kelganda birdan to‘xtab qoldi. Katak og‘zi lang ochiq turar, ichidagi ikkita tovuqdan asar ham yo‘q edi. Rixsiqul atrofga olazarak boqdi. Qorda katak yaqinida hayvon izlari ko‘rinardi. Izlar mushuknikidan biroz katta, aftidan tulkinikiga o‘xshardi. Bu izlar ertalabga yaqin tushgan bo‘lib, qor ularni hali yopishga ulgurmagandi. Rixsiqul shoshib narigi katakka qaradi. Bu katakning eshigi berk bo‘lib, doimo, urishtirib yuradigan olaqanot xo‘rozi joyida turardi. Rixsiqulning yuragi sal joyiga tushdi. Biroq baribir ikkita tovuqning yo‘qligidan ko‘ngli xijil bo‘ldi.

– Asolat, – xotiniga baqirdi u.

– Labbay dadasi, – eshik ochilib ayvonda xotini ko‘rindi. – Tinchlikmi?

– Katakni kecha yopmaganmiding? – o‘shqirdi u.

– Yo‘q, – dedi xotini, Rixsiqul tomon yaqinlashib kelarkan. – Olaqanotga jo‘xori berayotganingizda o‘zingiz yopgansiz deb o‘ylagandim. Ularga nima bo‘libdi?..

– He, onangni... – co‘kindi Rixsiqul. – Tulki yeb ketibdi.

– Voy, – katakka egilib qaradi xotini. – Ikkita bo‘lsa ham tuxum tug‘ib turardi-ya?!

– Endi tuxum yeysan qarab tur, – g‘ijinib xotinidan nari ketdi u.

Asolat serrayib katak yonida turib qoldi. Rixsiqul olaqanot yashaydigan katakka borib xo‘roziga termuldi. Yaxshiyam olaqanotga hech narsa bo‘lmagandi. Bo‘yni va oyoqlari uzun olachipor xo‘roz katakdan Rixsiqulga bilanglab qarab turardi. Zab xo‘rozim bor-da, o‘yladi Rixsiqul. Darhaqiqat, uning xo‘rozi hali biron-bir jang yengilmagandi. O‘tgan yili kuzda olaqanot xo‘rozboqar o‘rtog‘i Eshmatboyning ham xo‘rozini qochirgandi. Yaxshiyam, tulki uning katagini ocholmagan. Xotiniga qolsa, olaqanotni allaqachon tovuqlarga qo‘shib qo‘ygan bo‘lardi. Tovuqning ichida yurgan xo‘roz urishtirishga yararmidi?! Ey, bu xotin zoti, o‘zi nimani ham tushunardi. Rixsiqul xotiniga qaradi. U hamon tovuqlarning katagi oldida achinib turardi.

– Ey, – dedi u xotiniga tahdidnamo boqib. – Nima bu yerda turganing bilan tovug‘ing topilib qolarmidi?! Bor, nonushta tayyorla.

– Xo‘p, dadasi, – deya Asolat asta afsuslangannamo nari ketdi. – Hozir sutchoy tayyor bo‘ladi.

Rixsiqul indamadi. Nima ham derdi. Aslida tovuqlarning katagi ochiq qolishiga o‘zi sababchi?! Olaqanotga mahliyo bo‘lib, tovuqlarning katagining darchasini yopish uning yodidan ko‘tarilgandi. U yana qor kurashga tutindi. Birpas kurab turarkan, qor yana maydalay boshlaganligiga e’tibor qaratdi. Rixsiqul qorkurakni o‘tinxonani eshigi yoniga olib borib qo‘ydi. Olaqanotga omborxonadan juxori olib kelib berdi. Shu alfozda xo‘roziga birpas termulib o‘tirdi. Bahorda navro‘z kelsa, uni urishtiraman deb o‘yladi Rixsiqul. Ungacha olaqanotni tayyorlash kerak. Tuxum, qon, go‘sht berish kerak. Yana chiniqtiruvchi mashqlarni bajartirish shular sirasiga kiradi. Endi tovuqlar yo‘q. Demak tuxum ham bo‘lmaydi. Eshmatboydan tovuq sotib olsamikan, o‘yladi Rixsiqul. Bugun qarta o‘ynashga kelsa, bir ko‘ngliga qo‘l solib ko‘raman. U shunday o‘yda, olaqanotga termulib turarkan, Asolat:

– Dadasi, nonushtaga keling, – deb chaqirdi.

– Boryapman, – dedi Rixsiqul olaqanotning katagidan uzoqlashib hovlida turgan obtova tomon yurarkan.

– U qo‘lini yuvib uyga kirdi.

Ikki o‘g‘li Rixsiqulga salom berdi. Ular onasi yonida nonushtada Rixsiqulni kutib o‘tirardi.

– Dada, tovuqlarimizni tulki olib ketibdimi? – so‘radi katta o‘g‘li Rixsiqul nonushtaga o‘tirgan hamonoq.

– Ha, o‘g‘lim olib ketibdi, – dedi Rixsiqul, endi to‘rtinchi sinfga borayotgan o‘g‘liga nazar solib.

– Dada, tulkini otsangiz bo‘lmaydimi? – dedi kichkina o‘g‘li. – Axir qo‘shotar miltig‘ingiz bor-ku?

– Otamiz o‘g‘lim, – dedi Rixsiqul. – Agar yana bir marta uyimizga kelsa, tulkini otamiz.

– Tulki ayyor bo‘ladi, – dedi katta o‘g‘li. – U yashrincha keladi.

– Uni baribir poylab otsa bo‘aldi, – dedi kichkina o‘g‘li.

U endigina ikkinchi sinfga borardi. Rixsiqul nonushta qilarkan, bolalarining tulki haqidagi gaplariga qiziqib o‘tirardi. Bolalari savol berar, u esa javob berardi. Asolat esa bolalarga ko‘p gapirmasdan nonushta qilishni ta’kidlardi.

– Gapirmasdan sutshoyni ichinglar, – dedi onasi. – Yo‘qsa, maktabga kech qolasizlar.

Shundan so‘ng bolalar jimib qolishdi. Nonushtadan so‘ng Asolat ularni maktabga jo‘natdi. Rixsiqul g‘isht pechkaga oyog‘ini uzatib o‘tirdi. Xotini pechkaga o‘tinxonadan o‘tin olib kelib tiqdi. Uy biroz isigach, Rixsiqul ustidagi jimferini yechdi. Yostiqqa boshini qo‘ygancha uzala tushib yotdi. Xotini hovli va uyga kirib-chiqib allanimalarga kuymalanib yurardi. Rixsiqul shu kuyi yotarkan, zerikdi. Shu dam birdan Eshmatboy esiga tushdi. U ham bekorchilikdan uyida yotgandir, o‘yladi Rixsiqul. Darvoqi Rixsiqul Eshmatboy bilan birgalikda Sho‘rtangazkimyo majmuasida ishchi bo‘lib ishlardi. Ular o‘n besh kun ishlab, o‘n besh kun dam olishardi. Hozir ayni shunday dam olish kunlari edi. Eshmatboyni chaqirsammikan, deb o‘yladi Rixsiqul. Chaqiraman, nima zerikib o‘tirarmidim. U o‘rnidan turib uy telifonidan Eshmatboyga qo‘ng‘iroq qildi.

– Ha, Rixsiqul, – dedi telifondan Eshmatboy. – Nima gaplar?..

– Gap borda, – dedi Rixsiqul. – Kel, uyga, bir qarta tashlaylik.

– O‘zim ham o‘tmoqchi bo‘lib turgandim, – dedi Eshmatboy. – Yutqizsang, osh-poshni tadorigini ko‘rib qo‘yaver.

– Ey, bitta osh sendan aylansin, kelaver, – dedi Rixsiqul.

– Yaxshi, hozir boraman, – dedi Eshmatboy.

U shunday deb telifonni qo‘ydi. Rixsiqul tashqaridan xotinini chaqirdi. Asolat erining chaqirig‘iga binoan yetib kelarkan:

– Nima deysiz, – dedi.

– Tushlikda palov tayyorlaysan, – dedi Rixsiqul. – Mehmon keladi.

– Yana Eshmatboy o‘rtog‘ingizdar-da, – topog‘onlik qildi Asolat.

– Ey, juda topag‘onsan-da xotin, – dedi Rixsiqul. – Hozir xuddi o‘sha keladi.

– Yana o‘sha zorman-da qartadan bo‘shamaysizmi? – dedi Asolat qovog‘i uyilib.

– Bor, ishingni qil, – dedi rixsiqul jerkib.

Xotini indamay nari ketdi. Unga erining shu noming uchgur qartaga mukkasidan ketayoganligi yoqmasdi. Biroq Rixsiqul va Eshmatboyni faqat bugina bog‘lab turmasdi. Ular avvalo yoshlikdan birga o‘sishgan tengqurlar edi. O‘n yil bitta sinfga o‘qishgandi. Armiyada ham birga xizmat qilishgan, endi esa bir joyda ishchi bo‘lib ishlashardi. Bundan tashqari ularning ikkalasi ham ashaddiy xo‘roz ishqibozlari edi. Ayniqsa Eshmatboyning urishtiradigan bir-qancha xo‘rozlari bor edi. Rixsiqulning esa hozircha yolg‘iz shu olaqanotidan boshqa xo‘rozi yo‘q. Shunga ham shukur. U shunday o‘yda o‘tirarkan, darvozasi ochilib hovliga semizdan kelgan, ikki yuzi qip-qizil, bo‘yi esa biroz past Eshmatboy kirib keldi. Rixsiqul uni derazadan ko‘rib turarkan:

– Kirib kelaver, – dedi ayvon tomonga imo qilib.

– Qartangni tayyorlab turibsanmi? – hali eshikdan kirmasdan maqsadga ko‘chib qo‘ya qoldi Eshmatboy. – Bir suvingni chiqarib yutmasam yurgan ekanman.

U etigini qorini ayvondan qoqib uyga kirarkan, Rixsiqul u bilan salomlashib, xontaxta atrofida o‘tirishga taklif qildi. Eshmatboy shapka va kurtkasini yechib o‘tirdi. Rixsiqul:

– Sovuqlarda charchamay yuribsanmi? – dedi.

– Damni olib yuribmiz-da, – dedi Eshmatboy yostiqqa yonboshlab olarkan. – Uying issiqqina ekan. Ha o‘zingda nima gaplar? Kayfiyating yo‘qqa o‘xshaydi?

– Ey, nima bo‘lardi. Kecha ikikita tovug‘imni tulki olib ketibdi, – yorilib qo‘ya qoldi Rixsiqul.

Eshmatboy qah-qah otib kularkan :

– Ishqilib xo‘rozingni olib ketgani yo‘qmi? – dedi.

– Yo‘g‘e, Xudo asrasin, – dedi Rixsiqul. – Tovuqning katagi kecha ochiq qolgan. Shunga kirgan-da la’nati.

– Ey, sen tulkini nima deyapsan, kerak bo‘lsa yopiq joyinga ham kiradi, – Rixsiqulni qo‘rqitib qo‘ydi Eshmatboy.

Ular shunday u yoq bu yoqdan gaplashib o‘tirisharkan, Asolat achchiqqina qilib choy damlab berdi. Xontaxta atrofida ikkalasi choydan ichib, qartani boshlashdi. Eshmatboy oltitalik qilib qarta suzarkan:

– Yutqizishga tayyorlanaver, – dedi. Rixsiqul:

– Ko‘ramiz, qo‘lingdan nima kelarkan, – dedi.

Ikkalasi shu kuyi qarta o‘ynab o‘tirishdi. Ketma-ket to‘rt marotaba Eshmatboyning qo‘li baland keldi. Rixsiqul ketma-ket qarta suzarkan, Eshmatboy:

– Shu gal ham yutqizsang, xo‘rozingni tikasanmi? – dedi.

– Ovvora bo‘lma, – dedi Rixsiqul. – Olaqanotnt qartaga hech qachon tikmayman. Undan ko‘ra, menga bir-ikkita tovuq sotsang. Bahorgacha xo‘rozni boqishga tuxum kerak. Tuxumni sotib olgandan ko‘ra, uyda tovuq bo‘lgani yaxshi-da.

– Nima menda sotiladigan tovuq bor ekanmi? – dedi Eshmatboy, Rixsiqulga tuz chillik berib yerdagi qartalarni ko‘tartirarkan.

– Ha, endi tovuqlaring ko‘p-ku? – dedi Rixsiqul. – Tovuq bozorga ovvora bo‘lib yurmay deyapman-da.

– Mayli, xotin bilan bir maslahatlashaychi, nima deydi. – dedi Eshmatboy qo‘lini to‘ldirish uchun yerdan qarta olarkan. – Mana senga ikkita dama.

Rixsiqul noiloj yana qarta ko‘tardi. Ey, bu qartada Eshmatboyga qanday omad keladi, Rixsiqul hech tushunolmasdi. Ular shu taxlit tushga qadar qarta o‘ynasharkan, shundan Rixsiqulning bor-yo‘g‘i ikki-uch marotaba qo‘li baland keldi. Qolgan hamma o‘yinlarni Eshmatboy yutib oldi. Qarta tushlikka qadar davom etdi. Asolat palovni keltirgach, noiloj o‘yin to‘xtatildi. Bu orada oldinma-ketin bolalar ham o‘qishdan qaytishdi. Tushlikdan so‘ng, Eshmatboy uyga qaytadigan bo‘ldi. Rixsiqul uni kuzatib hovliga chiqarkan, Eshmatboy dedi:

– Qani, tulki kirgan joyni bir ko‘raylikchi?

Rixsiqul uni katak tomon olib bordi. Qor bir maromda maydalab yog‘ib turardi. Eshmatboy katakni ko‘rarkan:

– Obbo, tulki shu yoqqacha kelibdi-da, – dedi. – Yaxshiyam olaqanotingga tegmabdi.

– Xo‘rozning eshigiga tamba bostirib qo‘yganman, tulki ocholmaydi, – dedi Rixsiqul.

– Ha, mayli, men ketdim, – dedi Eshmatboy, qorda junjikarkan.

Rixsiqul uni kuzatib qo‘ydi. So‘ng og‘ildagi sigirga suv va yemish berdi. Bolalar tashqarida qorbo‘ron o‘ynashga chiqishmoqchi edi, Asolat ruxsat bermadi. Rixsiqul hovlida bir muddat tentirab yurgach, yana xo‘rozning katagini oldiga bordi. Unga ham, suv va don berdi. Shundoq dalada turarkan, sovuq qota boshlaganligini his qildi. Uyga kirib pechkaning yoniga cho‘zildi va shu yotgancha uyquga ketdi. Ko‘zini ochganda kech tushib qolgandi. Bu vaqtda Asolat bolalarni dars qildirardi. Rixsiqulning ko‘z ochganini ko‘rib Asolat:

– Dadasi, turing endi, – dedi. – Hozir sigirni sog‘aman buzoqni ushlab turasiz.

Rixsiqul o‘rnidan turib tashqariga – hovliga chiqdi. Qor hamon maydalab yog‘ardi. U obtovada yuz-qo‘lini yuvdi. Suv sovuq, ayoz Rixsiqulning yuz va qo‘llarini chimchilardi. Xotini unga sochiq olib kelib berdi. Rixsiqul og‘il tomon yurarkan xotiniga:

– Sigirni sog‘asanmi? – deb so‘radi.

– Ha, buzoqni iydirib olavering, hozir boraman, – deb Asolat oshxonaga sigir sog‘adigan chelakni olishga kirib ketdi.

Rixsiqul og‘ilni ochdi. Ichkaridan sigirning shiptiri dimog‘iga urildi. U somonxonaga qamalgan buzoqchani yechdi. Buzoqcha onasining yeliniga talpindi. Rixsiqul sigirning hamma emchaklarini emishi uchun buzoqchani iydir qila boshladi. Bu orada chelak ko‘tarib xotini keldi. Rixsiqul buzoqchani onasini oldida ushlab turar, jonivor bolasini bo‘ynidan yalardi. Asolat sigirni sog‘a boshladi. Buzoqcha ba’zan tipirchilar, biroq xotini kerakli miqdorda sut sog‘ib olmaguncha, Rixsiqul uni qo‘yib yubormadi. Asolat sutni sog‘ib bo‘lgach, chelakni ko‘tarib chiqib ketdi. Shundan so‘ng, u buzoqni qo‘yib yubordi. Buzoqcha onasini to‘yib emmaguncha unga tegmadi. Sigirga somonxonadan beda olib soldi. Buzoqchani somonxonaga qamagach, Rixsiqul og‘ilni berkitdi. Qor butun olamni tutib yog‘ardi. Rixsiqul xo‘roziga don olib borib berdi. Bu qamoqda olaqanot ham zerikib ketgandir, o‘yladi Rixsiqul. Xo‘roz donni terib yerkan, Rixsiqul uni kuzatib turdi. Undan uzoqlashayotganda eshikning tambalanganiga e’tibor qildi. U qanday qo‘yilgan bo‘lsa, shunday mustahkam turardi. Atrofga kech tusha boshlagandi. Rixsiqul qo‘lini yuvib uyga kirdi. Bolalari darslarni bajarib bo‘lishgandi. Rixsiqul ular bilan domino o‘ynadi. O‘yin Asolat kechki ovqatni olib kelguncha davom etdi. Keyin hammalari kechlikni birga qilishdi. Asolat qaynoq sho‘rva tayyorlagandi. Sho‘rvadan keyin Rixsiqul tashqariga chiqib hovli va tomorqasini bir ko‘zdan kechirdi. Hammasi joyida o‘yladi u. Ey, bu qor ham yog‘di-da. Qorong‘u tushganiga qaramay hamma yoq, oppoq qorga burkanganidan o‘ziga xos manzara kasb etgandi. U uyga kirdi. Xotini yotishlari uchun joy to‘shab qo‘ygandi. Bolalar hash-pash deguncha uxlab qoldi. Rixsiqul xotiniga tegajoqlik qildi. Asolat charchagan ekanmi, Rixsiqulga ro‘yxushlik bermadi. U xotinini xoli, qo‘yib yuqoriga tikilgancha o‘ylab yotdi va shu yotgancha qanday qilib uyquga ketganini o‘zi ham bilmadi. Kechasi bilan aloq-choloq tushlar ko‘rib, ertalabga yaqin boshi g‘alati bo‘lib uyg‘ondi. Nazarida boshi og‘rib turgandi. O‘rnidan turib tashqariga chiqdi. Yuz-qo‘lini yuvib kofe ichsammikan, deb o‘ylab turgandi, birdan nigohi olaqanot yashaydigan katak tomonga tushdi. Katakning tambasi ag‘darilib tashlangan eshigi esa lang ochiq yotardi. Rixsiqul tomorqani kesib o‘tgan holda, katak tomonga yugurdi. Padariga qusur, olaqanot yo‘q edi. Qorda tulki izlarini qidirib ko‘rdi. Ammo qor ko‘p yoqqanidan atrofda hech qanday iz ko‘rinmadi. Bir mahal uydan, Rixsiqulning o‘rnidan turganini ko‘rib xotini chiqib keldi. Erini katak oldidia garangsirab turganini ko‘rgan Asolat:

– Ha, dadasi, nima bo‘ldi? – dedi.

– Ochiq mozor bo‘ldi, – dedi Rixsiqul. – He, onangni... tulkisi, olaqanotni ham olib ketibdi.

Asolat eriga nima deyishini ham bilmasdi. Rixsiqul hozir gap ko‘taradigan xolatda emasdi. Shuning uchun Asolat indamay boshqa ishlarni qilishga tutindi. U erining olaqanotni qanday yaxshi ko‘rishini bilardi. Shu xo‘rozni desa, mendan ham kechishga tayyor deb o‘ylardi Asolat. Ammo Rixsiqul, hozir, xotinini so‘kib solmadi. Uyqudan o‘yg‘onib, olaqanotni tulki olib ketganini bilgan o‘g‘illariga ham hech narsa demadi. Rixsiqulning kayfiyati yo‘qligini ko‘rgan oila nonushtani jimgina qilishdi. Asolat bolalarni maktabga jo‘natgach, Rixsiqul o‘rtog‘i Eshmatboyga qo‘ng‘iroq qilib, xo‘rozini ham tulki olib ketganini aytdi.

– He, sen ham juda anoyi ekansan-da. – telifondan Eshmatboyning kerilgan ovozi eshitildi. – O‘sha tulkini shartta otib tashla.

– Tulki meni ot deb qarab o‘tirarmikan, qaydan topaman uni? –Rixsiqulning asabi qo‘zidi.

– Ey kallavaram, – dedi Eshmatboy. – Ana daryo va o‘rmon uyingga yaqin bo‘lsa, miltig‘ingni olib tush-da, birinchi ko‘rgan tulkingni ot. Hech bo‘lmasa bir xumordan chiqasan.

– He, odam qurib sendan maslaxat so‘rarmidim, – telifonni jahl bilan qo‘yib qo‘ydi Rixsiqul.

U Eshmatboyga ezilgan ko‘ngliga malham bo‘larmikan deb qo‘ng‘iroq qilgandi. Undan hech narsa chiqmadi. He, bergan maslahatingga seni... Tulkini ot emish. Nima bu bilan xo‘rozim tirilib kelarmidi? Bitta-yu bitta urishtiradigan xo‘rozim edi-da. Taqdir shuni ham ko‘p ko‘rgan ekan. Ha, kecha kichik o‘g‘li ham tulkini otish haqida gapiribmidi?! Balki kecha otganda, bugun olaqanot tirik bo‘larmidi?! Kim bilsin. U o‘zini bosib olarkan, balki Eshmatboy ham to‘g‘ri aytgandir, deb o‘yladi. U aytganday biron bir tulkini otib bir xumordan chiqsammikan?! Ha, albatta shunday qilaman, deb o‘yladi u. O‘rnidan turib kiyinarkan:

– Asolat, – deya xotinini chaqirdi.

– Ha, dadasi, – oshxonada kuymalanib yurgan xotini tashqariga derazadan qaradi.

– Omborxonada osilgan qo‘shotarni olib chiq, – dedi Rixsiqul ayvonga etigini kiyib chiqarkan. Uni chakmon kiyganini ko‘rgan xotini:

– Tinchlikmi dadasi, miltiq ko‘tarib shunday qorda qayga borasiz? – deb so‘radi. – Undan ko‘ra, hovlilarni qorini kurasangiz bo‘lmaydimi?!

– Ovozingni o‘chir, – dedi Rixsiqul. – Miltiqni olib chiq.

– Olaqanotni yegan tulkini otib kelmoqchiman. Tovuqlarni yeganda ham mayli degandim, ammo olaqanotni yeyishiga jimgina qarab turolmayman.

Asolat erining fikridan qaytmasligini yuz-ko‘zidan ko‘rib turardi. Shuning uchun, indamay miltiqni unga olib chiqib berdi. Rixsiqul miltiqni chakmonning orqasiga osib olgancha, Oqsuvdaryo tomonga ketdi. Hamma yoq qorligidan daryo bo‘ylarida yurish noqulay edi. Ba’zi joylarda qor qalinligidan etikka kiraman derdi. Rixsiqul miltig‘ni o‘qlab olib, daryo bo‘ylarini jimgina kuzatarkan, qarg‘alardan boshqa hech narsani ko‘rmasdi. U o‘rmon tomonga yurdi. Qor o‘rmonda xam rosa yoqqani yetmagandek hali hamon to‘xtash nimaligini bilmasdi. Rixsiqul o‘rmonda qorda tayg‘anib arang yurib borardi. Sal daraxtlarga tegib ketsa, tepadan ham shig‘alab ustiga qor tushardi. U shunday yurib borarkan, birdan omadini chopganligidan quvonib ketdi. Yaqin atrofdagi qorda tulkining izlari bor edi. Rixsiqul qo‘lida o‘qlangan miltiqni tayyorlab atrofni olazarak kuzatgancha asta yurib borardi. Sekinlab yurib borarkan, birdan yunglari oq-sariqdan kelgan dumi uzun va chiroyli tulkiga duch keldi. Tulki ham ro‘parasidagi insonni birinchi ko‘rganidanmi, yo, umuman inson zotiga ilk duch kelganidanmi, bir muddat Rixsiqulga tikilib qoldi. Ana shu bir muddat Rixsiqul uchun yetarli edi. U tulkini nishonga olgancha, naq peshonasidan otdi. Jonivor turgan yerining o‘zida qonga belanib, yerga qor ustiga quladi. Rixsiqul uning tepasiga bordi. Ammo uning xumori hali bosilmagandi. Mingta tulkini otsa ham bosilmasdi. Axir olaqanotday xo‘rozni endi topib bo‘larmidi?! Rixsiqul belidan qayishini yechib, tulkini dumidan bog‘ladi va uni sudragancha, ortga qayta boshladi. Olaqanotntng xuniga shu tulki boshqa tulkilar nomidan tovon to‘lagandi. Rixsiqul uni sudrab o‘rmon va daryo sohilidagi dalalarni kesib o‘tdi. Qorda tulkining qoni oqib kelardi. U tulkining dumidan qayishga bog‘lagan holda sudragancha qishloqqa kirarkan, shuni bir Eshmatboyga ko‘rsatsammikan, deb o‘yladi. Ko‘rib qo‘ysin tulkini qanday otganimni… Eshmatboyning uyi shundoq yo‘l ustida bo‘lsa, tulkining o‘ligini ko‘rsatib o‘tadi. Rixsiqul shunday o‘yda, tulki o‘ligini sudrab borarkan, Eshmatboyning uyi ro‘parasiga kelganligini ko‘rdi. U Eshmatboyni chaqirmasdan, to‘g‘ri tulkini sudragancha, hovlisiga kirib bordi. Hovlida Eshmatboyning xotini Halima ko‘rindi.

– Eshmatboy qani? – dedi Rixsiqul.

– Voy, nima balo bu? – dedi Halima tulkini ko‘rib.

– Tulki, – dedi Rixsiqul qisqagina qilib. – Eshmatboy qayda?

– Pastdagi og‘ilda, – dedi xotini. – Oshnangiz sizni xo‘rozingiz tulki yeb ketganini eshitib, xo‘rozlarini qafasga solib og‘ilga ko‘chirgan. Hozir o‘shalarga qaryapti shekilli.

– Menikini ham yeb ketmasin degandir-da, – dedi Rixsiqul. – Qo‘rqmasin, men xo‘roz yeydigan tulkini otdim.

U shunday deb Eshmatboyning og‘ili tomon yo‘l oldi. Bu yerdan ham Rixsiqulniki singari shiptir hidi anqirdi. Rixsiqul ichkariga ko‘z tashladi. Ko‘z tashladi-yu ko‘zlariga ishonmadi. Ne ko‘z bilan ko‘rsin-ki, Eshmatboy uning olaqanot xo‘roziga og‘ilda don berib turardi.

– Eshmatboy, – dedi Rixsiqul. Eshmatboy yalt etib orqasiga qaradi.

– Nima deysan, – uning rangi uchib Rixsiqul tomon yurib keldi.

– Tulki otib keldim, – dedi Rixsiqul.

– Tulki?! – ovozi titrab Eshmatboy Rixsiqulning oldiga chiqdi. – Sen bu yerda nima qilyapsan?..

– Senga tulkini ko‘rsatmoqchi edim, – dedi Rixsiqul. – Endi bilsam o‘zing tulki ekansan.

Rixsiqul shunday deya qayishda dumidan bog‘langan o‘lik tulkini Eshmatboyning oldiga tashladi-da, og‘ildagi sigirlar orasidan o‘tib, xo‘rozi olaqanotni olib chiqdi. U har doim urishtirib yuradigan jonajon xo‘rozini quchoqlagancha, shaxd bilan bu yerdan chiqib ketdi. Eshmatboy o‘lik tulkiga boqqancha, Rixsiqulning ortidan qarab qoldi...

Toshkent – Chilonzor. 2011 – yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.