Uyqudagi alahsirashdan.
Shaharning kun chiqish tarafida joylashgan mo‘‘jazgina hovlida ijarada yashay boshlaganimning ikkinchi yili yoz arafalarida uy bekasi — kamsuqum, odamovi beva kampir tuyqusdan qazo qilib qoldi. Kampir kechasi o‘zining hovli chetidagi hujrasida olamdan o‘tgan, ammo uning o‘limidan ertasi choshgohga qadar biror tirik jon xabar topmagandi. Faqat choshgohga yaqin kampirni ertalabdan buyon hovlida ko‘rmaganim, hujraning eshik-derazasi kecha oqshom qay tarzda bekitilgan bo‘lsa, hamon shunday turganligi ko‘nglimga xavotirlik soldi. So‘ng eshikka kelib sekin taqillata boshladim. Oradan bir necha daqiqa o‘tdi, lekin ichkaridan biror sas-sado eshitilmadi. Keyin eshikni sekin itardim, eshik qulflanmagan ekan, g‘iyqillab ochilib ketdi: deraza yuziga darparda tortib qo‘yilganidan uy ichi qop-qorong‘i edi, daf’atan ko‘zim hech narsani ilg‘amadi va beixtiyor uch qadamcha nariga yurdimu uyning to‘ridagi to‘shaqda qimir etmay yotgan kampirga ko‘zim tushdi-da, rangim quv oqarib, qo‘l-oyog‘imni qaltiroq bosdi, qo‘rqqanimdan nafasim ichimga tushib ketdi. Kampir shiftga qarab yotar, uning shishinqiragan yuzi qorayib ketgan, engagi ko‘ksiga tushib turganidan og‘zi vahimali alfozda ochilib qolgan edi. «O’lib qolibdi...» degan sovuq o‘y miyamga urildi va otilib tashqariga chiqib ketdim.
Keyinchalik kampirning sirli o‘limi to‘g‘risida o‘ylar ekanman, nazarimda marhuma jon berayotganda boshida biror tirik zog‘ turmasligini, faqat yolg‘iz o‘zigina ajal bilan yuzma-yuz kelishini oldindan bilgan va bunga hozirlik ham ko‘rib qo‘ygan degan xayolga bordim. Chunki o‘sha kun men uyga kirib borganimda mayit qibla tomon bosh qo‘ygan, qo‘l-oyoqlari, xuddi risoladagiday, o‘rni-o‘rnida, faqat engagi bog‘lanmagan edi. Shak-shubhasiz, bularning barini kampirning o‘zi, jon uzilayotgan daqiqalarda bajarishga ulgurgan, o‘sha tun ham, ertasi men hujraga kirgunimga qadar ham, hovliga biror kimsa qadam bosgani yo‘q edi.
Men shularni o‘ylar ekanman, kampirning ko‘z oldimda kechgan ikki yillik umri mobaynida mudom ovsarday xayoli parishon bo‘lib yurishi, ba’zida esa chuqur-chuqur xo‘rsinib qo‘yishi sabablari ayon bo‘lganday bo‘ldi.
Kampir bu ikki yil ichida shubhasiz ko‘proq o‘z o‘limi to‘g‘risida o‘ylagan dedim o‘zimcha.
Shu kun, men xabar berganimdan so‘ng mahalla ahli hovliga birin-ketin kirib kela boshlashdi. Kampirning o‘limi hech kimni ortiq qayg‘uga solmadi, nomigagina bir-ikkita ayol ovoz chiqarib yig‘lagan bo‘lishdi, qolganlar shunchaki savob uchun kelishganday, allanarsalar to‘g‘risida pichirlashib, gurunglashib o‘tirishar edi.
Marhumani asrga chiqardik.
Kechqurun men va kampirning hujrasida Qur’on tilovat qilib chiroq yoqishayotgan ikki kampir qoldi. Ko‘p o‘tmay kampirlar ham ketishga tushdi. Ular qoqinib-turtinib hovlidan chiqishar ekan, marhumaning turfa xil hislatlari haqida to‘qib-bichib tinimsiz javrashar, ba’zan gap orasida menga yuzlanib, kampirning chirog‘ini hech qursa, qirq kungacha o‘chirmay o‘tirishimni qayta-qayta tayinlashar edi.
Kampirlar hovlidan chiqishgandan so‘ng men darvozani tamballab ijaraxonam tomon yurdim. Mayit chiqqan hovlining ruhi og‘ir va vahimali edi. Men xonamga kirib o‘rindiqqa cho‘zilar ekanman hech narsa to‘g‘risida o‘ylamaslikka tirishar, lekin marhumaning boya to‘shakda yotgan holati hadeganda ko‘z o‘ngamdan nari ketmay yuragimdaga qo‘rquvni battar zo‘raytirar, buning ustiga, hovlida qandaydir sharpalar kezib yurganday tuyular, gohida esa kimdir ko‘zlarini lo‘q qilib derazadan menga tikilib turganday bo‘lar edi. Men ko‘rpaga burkanib ko‘zlarimni yumib oldim va alahsirab uxlagancha tong ottirdim-da, bugunoq bu hovlidan ko‘chib ketaman, deb o‘z-o‘zimga so‘z berdim. Biroq, kunduzi tunga qo‘rquv-vahimalar tongi tumandek tarqab ketdi va ko‘chib ketishni ertaga, indinga deya paysalga solib yurdim.
Kunlar shu alfozda asta-sekin o‘ta boshladi. Men hovlida yolg‘iz yashashga hech ko‘nikolmas, hamon tunlari uzoq yillar yolg‘iz kampirgina tiriklik ruhini bag‘ishlab kelgan, uning o‘limidan so‘ng esa allaqanday sirli qiyofaga kirgan bu hovlida, xuddi naqd baloning domida yotganday sovuq terga botgancha alahsirab uxlar, kunduzlari esa, o‘zim sezmagan holda kundalik mashg‘ulotimga aylanayotgan muhim yumushim — darvoza oldida turib onda-sonda fotihaga kelib ketadigan kishilarni qarshi olar edim.
Shunday kunlardan birida marhumaning uyida saqlanayotgan va meni ko‘pdan buyon qiziqtirib kelgan eski quti va undagi suratlar esimga tushdi.
O’tgan yili qishning oxirlari edi. Men qandaydir yumush bilan eshikni taqillatmasdan kampirning hujrasiga kirdim. Kampir uy o‘rtasida muk tushib o‘tirgancha qarshisida sochilib yotgan bir gala suratlarga berilib tikilar edi. U eshik ochilganini va mening uyga kirganimni bir muddat payqamay turdi, so‘ng nimadandir xayoli bo‘linib menga yuzi tushdi-yu sarosima aralash avzoyi buzildi, go‘yo men olib qo‘yadigandek, qarshisidagi suratlarni o‘ng yonboshida ochiq turgan qutiga shosha-pisha sola boshladi. Kampir suratlarni yig‘ishtirib bo‘lgach, miq etmay, menga teskari qarab o‘tirib oldi. Aftidan, mening ruxsatsiz uyga kirib suratlarni ko‘rishim uni qattiq ranjitgan edi, bir haftacha qovog‘ini solib gaplashmay yurdi. Shu voqeadan so‘ng men qutidagi suratlarga qiziqib qolgan edim. Kampir hujrasiga qamalib olib suratlarga uzoq-uzoq tikilishini bilar, so‘ng uni hovli yuzasida allaqanday ma’yus qiyofada ko‘rardim, shundan keyin suratlarni ko‘rishga bo‘lgan qiziqishim battar oshar edi. Lekin kampir hayot chog‘ida suratlarni ko‘rish uchun biron marta qulay imkon tug‘ilmagan edi.
Hovlida yolg‘iz yashay boshlaganimning oltinchi kuni ertalab hujraga kirdim. Uy ichidan eski qutini osongina topdim, u to‘rdagi tokchada yotgan ekan. Qutini xonamga olib keldim-da, rangi uniqib ketgan qopqog‘ini sekin ochdim: rostdan, qutining ichi suratlar bilan liq to‘la edi. Endi kampirning butun sir-asrorini bilib olishim aniqday tuyulganidan yuragim zarb bilan ura boshladi va shoshib suratlarni bir-bir ko‘zdan kechirishga tushdim. Nihoyat qutining tagiga chetlari buklanib yuza qismi qorayib ketgan eski surat qolganda o‘z-o‘zidan hafsalam pir bo‘ldi. Men o‘sha qishki voqeadan keyin, qutida albatta qandaydir sirli surat bo‘lishi kerak deb o‘ylar va bunga qattiq ishonar edim. Ayniqsa, o‘shanda kampirning ranjishi va suratlarni yashirishi bu qiziqishimni battar alanga oldirgan edi. Ayni chog‘da esa, men qutida hech qanday sirli surat topa olmadim. Quti, odatdagi, suratkashning: «Jilmaying, suratga olyapman!» degan ovozi yangragan lahzada qiyofasi aks etgan kishilarning surati bilan to‘la edi. Suratlarning birortasida ham marhumaning tanish chehrasi uchramadi, suratlar menga mutlaqo notanish kishilarniki edi. Yuzga yaqin suratlar xuddi bitta nuxsadan andoza olgandek bir-biriga aynan o‘xshar, har bir suratda erkak bilan ayolning ma’nosiz jilmayib turgan qiyofasi aks etgan edi.
Men qarshimda sochilib yotgan suratlarga befarq tikilib, nega o‘shanda kampir bularni mendan yashirganiga tushunolmay hayron bo‘lar, lekin qanchalik o‘ylamay biror jo‘yali sabab topolmas edim. Gohida esa, o‘sha men o‘ylagan sirli surat qaerdadir, suratlarning orasida yotibdi-yu, faqat men uni ko‘rmayotganday tuyular va butun diqqatimni jamlab yana suratlarni titkilashga tushar edim, ammo ko‘z ochib yumguncha navbat o‘sha eski suratga yetganda, yana hafsalam pir bo‘lib bo‘shashib qolar edim.
Axiyri qutida hech qanday sirli surat yo‘qligiga aniq ishondim, kampirning o‘shandagi xatti-harakatini uning o‘zini ovsarligiga yo‘yib ko‘nglim tinchidi.
Quti suratlari bilan mening xonamda qoldi. Men qachonki zerikkan chog‘imda, shunchaki ermak uchun suratlarga ko‘z qirimni tashlar, qolgan paytlarda esa, ular keraksiz buyumdek xonamda sochilib yotar edi.
Aslida, men bu yilgi yozgi ta’tilni shahardan tashqarida — kindik qonim to‘kilgan qishloqda o‘tkazish niyatida edim. Shu tufayli kursimizning jami talabalari o‘z tashabbuslari bilan uzoq yurtdagi qandaydir qurilishga yordamga otlanishganda, yolg‘iz men, sog‘ligim to‘g‘risida turli xil bahonalarni ro‘kach qilib ulardan ajralib qolgan edim. Va allaqachon qishloqqa jo‘nab ketishni mo‘ljallab qo‘ygan edim, biroq kampirning bevaqt o‘limi bu niyatimni orqaga surib yubordi. Buning ustiga mahallaning keksa kampirlari har safar hovliga kirishganda mening hech qayoqqa ketib kolmasligimni, kimdir albatta, marhumaning arvohi hurmati uchun uyning chirog‘ini yoqib, hovliga ko‘z-quloq bo‘lib turish kerakligini qayta-qayta tayinlashar va gaplarining oxirida «bir kun tuz totgan joyga, qirq kun salom», degan hikmat bor, o‘g‘lim», deyishib, meni bu hovlida yashaganimni va yashayotganimni pisanda qilib o‘tishar edi. Kampirlar, go‘yo men hovlini tashlab ketib qolayotgandek astoydil kuyinib nasihat kilishar edi. Men ipsiz bog‘lanib hovlida qimir etmay o‘tirar edim.
Kampirning yigirmasida ertalabdan hovlida kampirlar yig‘ilishib bir muddat yig‘i chiqarishdi, keyin uyga kirib ancha vaqt marhumani xotirlab o‘tirishdi. Osh-suvdan keyin hamma tarqab, hovlida yana yolg‘iz qoldim. Men darvoza oldiga qo‘yilgan o‘rindiqka behol o‘tirib hovlining aft-angoriga ruhsiz tikila boshladim: kampirning egasiz huvillab yotgan hujrasi, bir chetdagi o‘zimning ijaraxonam, atrofni qurshab turgan paxsa devor, xullas, tegramdagi barcha-barcha narsalar ko‘zimga jahannamday xunuk ko‘rinib ketdi. Men kimsasiz hovlida yolg‘iz yashayotganimni, tunlari alahsirab sovuq terga botib uxlashlarimni, ayniqsa, biror tirik jonga sezdirmasdan qorong‘i hujrasida tiriklikdan umid uzib jimgina o‘lishga qurbi yetgan kampirni xayolimdan o‘tkazar ekanman xo‘rligim kelib ketdi. Go‘yo mening taqdirim ham qachondir shunday kechadi, degan o‘y miyamga mahkam o‘rnashib oldi, yuragim muzlab, vujudimda yashashga zarracha istak qolmagan edi. Men o‘zimni ojiz va hech kimga keraksizday his etdim. Keyin ruhsiz qiyofada xonamga kirdim va o‘rindiqqa cho‘zilib hech narsa to‘g‘risida o‘ylamay shiftga termulib yotdim. Ancha paytdan so‘ng xayolan qo‘limni yonboshimda ochiq turgan qutiga suqdim.
Qo‘lim paypaslay-paypaslay axiyri qutining qaysidir burchagidan o‘sha eski suratni topdi, so‘ng uni ko‘zlarimga yakin keltirdim. Suratga nigohim tushdi-yu, qo‘llarim titragancha o‘rnimdan sapchib turib ketdim, eski suratning yuzasini qoplab turgan qora dog‘lar ortidan kimdir tirik nigoh bilan — ha, aynan tirik nigoh bilan tikilib turgandek bo‘ldi. Men deraza qarshisiga kelib yana suratga qaradim: ha, kishining yuragini allanechuk seskantiradigan o‘tkir nigoh bilan tikilib turgan uzunchoq yuzli ayolning chehrasi ko‘rindi, surat yuzasini qoplab turgan quyuq qora dog‘lar xuddi to‘rli chachvondek uning yuzini berkitib turar edi. Men suratga kiprik qoqmay tikilar ekanman, ayol, daf’atan ko‘zimga, moviy osmon bag‘rida ko‘kragini shamolga toblab charx urib uchayotgan qushlar galasiga cheksiz havas hamda ichki iztirob bilan mungayib termulib turgan qafasdagi qushchaga o‘xshab ko‘rindi. To‘g‘ri, ayol suratga tushayotgan lahzada o‘zi istamay jilmayishga uringan va qurishqoq, qonsiz lablarida kulgi yuz ko‘rsatib ma’yus chehrasi ravshan tortgandek edi. Ammo uning yirik-yirik tim qora ko‘zlarida butunlay o‘zga holat zuhur etardi. Mening nazarimda, ayolning vujudini kizdirgan, o‘limday qaysar qandaydir istaklar jamlangan xilqat bor edi uning botiq ko‘zlarida. Meningcha, ayol suratga tushayotgan fursatda bu xilqatning yashirishga uringan shekilli, ko‘zlarini katta-katta ochgancha tik qarab turar edi. Lekin uning bu holati xuddi quyosh yuzini to‘smoqchi bo‘lgan bir uyum qora bulutga o‘xshar, hademay bu o‘tkir nigoh toliqib, yana o‘sha xilqat kalqib yuzaga chiqishi va ko‘zlarning sahniga o‘z saltanatini yoyishi aniq edi. Ayolning o‘zi ham buni sezgan chog‘i, siri fosh bo‘lishidan cho‘chibmi, ko‘zlarining chekka-chekkasida bezovtalik alomati aks etgan edi.
Agar men mana shu nigoh ortidagi sirli xilqatni ko‘rmaganimda, albatta suratni tashlab yuborar va uni qayta qo‘limga olishim gumon edi. Shu tobda suratdan ko‘z uzishga qurbim yetmas, asta-sekin ayolning ko‘zlaridagi xilqatga g‘arq bo‘lib borar edim.
Men suratga oshufta bo‘lib qoldim. Endi hovlida yolg‘iz yashayotganim, kindik qonim to‘kilgan qishloqqa ketolmay bo‘g‘ilib yurishim, uyqumdaga bosinqirab alahsirashlarim, kampirning o‘limi, mahalladagi kampirlarning pand-nasihatlari, hamma-hammasi, qachondir ko‘rgan xira tushimday xotiramdan butkul unut bo‘lib ketdi. Men xonamga qamalib olib suratdagi ayol haqida o‘ylar, uning jodu ko‘zlariga soatlab termular va bundan ko‘nglim hech qachon bezish sezmas edi.
Ba’zan men ayolning nigohi toliqib qolishdan cho‘chibmi, uning ko‘zlarini yumib qo‘yish maqsadida qoboqlari ustida barmoqlarimni ohista yurgizar va tabiiyki, buning uddasidan chiqolmas edim. Shunda suratdagi ayol mening ustimdan alam bilan qah-qah otib kulayotganday tuyular, so‘ng men uyatdan qizarganimcha xonadan tashqariga chiqib ketar edim. Tun allamahal bo‘lganda ko‘chada bemaqsad tentirab yurar, keyin xonamga kelib suratga qarashga botinolmay, chiroqni o‘chirib o‘rindiqqa cho‘zilar edim.
Bu tun ham xuddi shunday holat takrorlandi. Faqat men xonadan chiqa turib — azbaroyi, jahlim chiqqan bo‘lsa kerak — suratni yuztuban yotqizib qo‘ydim. Endi ostonaga yetganimda ortimdan kimningdir entikib nafas olgani va qadam tovushi eshitilganday bo‘ldi. Men qattiq seskanib tushdim va boshimni ilkis o‘girib ortimga qaradim-da, ko‘zlarim kosasidan chiqqudek kattarib, haykalday qotib qoldim: ikki qadamcha narida suratdagi ayol siniq jilmayib turar edi... Yo‘q, men tush ko‘rayotganim yo‘q, qarshimda aynan suratdagi ayol turar edi. Men uni boshidagi yashilrang ro‘moldan, egnidagi oq gulli ko‘ylakdan va pir-pir uchayotgan kipriklari ostidagi o‘sha xilqatdan tanidim. Ayol uzoq yo‘l bosib kelgandek entikib-entikib nafas olar, uning yuz, bo‘yinlari qizarib ketgan va u nimadandir qattiq bezovtalanib, atrofga olazarak qaragancha, tezroq xonadan tashqariga chiqishga oshiqar edi.
Ayol, go‘yo ko‘rmayotganday menga e’tibor ham bermadi va sharpaday sas-sadosiz xonadan chiqa boshladi. Men ham beixtiyor uning izidan yurdim.
Biz quyuq tuman bag‘riga kirdik. Ayolning bezovtaligi bir oz bosilgan, lekin so‘z qotmasdan, xuddi biror yumush bilan qayoqqadir ketayotgan kishiday, bosiq qadam tashlab jimgina ketib borar edi. Men esa hamon ayolni suratdan chiqib kelishi va ko‘z o‘ngimda qimtinib nafas olgancha yurib borishini tasavvurimga sig‘dirolmay, ko‘r-karaxt bo‘lib, unga ergashib borar edim. Men har qadam tashlaganimda, nimadir so‘ramoqchiday ayolga qarab olar, lekin u oldingta tikkan nigohini zarra chalg‘itmas va uning sukut saqlashi o‘rtamizda chuqur bo‘shliq yasab turar edi.
Kimsasiz jinko‘chalar bo‘ylab uzoq yurdik. Agar qaysidir muyulishdan bahaybat qora it akillab chiqib, yo‘limizni to‘smaganda hali izimizga qaytmagan bo‘lar edik. It, kutilmaganda, ro‘paramizda paydo bo‘ldi va jon-jahdi bilan hura boshladi. Ayol haddan ziyod qo‘rqib ketdi, u mening qo‘limdan mahkam ushlab tezroq bu yerdan ketishga qistar edi. Uning a’zoyi badani dir-dir qaltirar edi. Shoshib ortimizga qaytdik. It bizni ta’qib etmadi, u xavf-xatarni bartaraf etganday, tumshug‘ini osmonga cho‘zib bir-ikki hurib qo‘ydi.
Ayol butkul tinchini yo‘qotgan, u tinimsiz «uf» tortgancha shoshilib qadam tashlar edi.
— Lo‘li xotinning so‘zlari to‘g‘ri chiqdi, — dedi to‘satdan ayol alamli ovozda xuddi o‘z-o‘ziga gapirayotganday shivirlab.
— Qanaqa lo‘li xotin? — deb yubordim hech narsa tushunmay.
Ayol so‘rovimni eshitmaganday, yana pichirlab gapira boshladi. Endi uni ovozi bir oz bo‘lsa-da, ravon, ammo nimadandir alamzada bo‘lsa kerak, zaharli chiqar edi.
— Men bir paytlar otning tuyog‘idan tushib qolgan eski taqaday odamlarning yodidan butkul unut bo‘lib ketgan edim. Hovlimizga ancha paytdan buyon biror xotin-xalaj yo‘lamay qo‘yganidan tentakday o‘zim bilan o‘zim gaplashardim. Xotin-xalajlar kelishganda ham nima o‘zgarardi, shunchaki ko‘ngil uchun aytyapman-da. Shunday dilgir kunlarning birida hovlimizga yelkasiga bo‘z to‘rva osgan qop-qora yuzli bir lo‘li xotin kirib keldi. Men yuragim siqilib o‘tirgan edim. Uni ko‘rib suyunib ketdim. Lo‘li xotin, «uyga kiring», deya qilgan mulozamatlarimga ko‘nmadi, shundoqqina ostonaga yaqin yerda yastanib o‘tirib oldi. So‘ng shishadek yaltirab turgan ko‘zlarini menga muloyim tikdi-da: — Kel, aylanay, fol ochib qo‘yaman, — dedi.
Men umrim bino bo‘lib hech qachon fol to‘g‘risida o‘ylamagan, olamda shunday narsa borligini xayolimga ham keltirmagan ekanman. Shuning uchun bo‘lsa kerak, lo‘li xotinning kutilmaganda aytgan so‘zlariga nima deb javob berishni bilmay hayron turib qoldim. Lo‘li xotin iljayib, mening og‘zimga bir oz qarab qoldi, so‘ng yuzimdagi hayronlik alomatini ko‘rib, xohlamayapti, deb o‘yladi shekilli, «fol ochay» deya ortik qistamadi. Keyin uning yuzi jiddiy tortdi va mendan nigohini uzib hovli yuzasiga, eshik derazasi ochiq turgan uy sahniga g‘alati qaray boshladi. Ko‘p o‘tmay, u nigohini yana menga qadadi, bu gal uning yuzida boyagi muloyimlik yo‘qolgan, kiprik qoqmay tikilishida yurakni seskantiradigan vahm bor edi. U nimadir izlayotganday, mening aft-angorimga ancha payt tikilib turdi. Bizning nigohlarimiz to‘qnashganda, men sekin boshimni kuyi soldim. Shundan so‘ng, lo‘li xotin nimadandir ko‘ngli to‘lmaganday, yengil xo‘rsinib oldi va bosiq ovozda qiroat bilan gapira boshladi: — Shu narsa har doim yodingda bo‘lsin, sen o‘zing nikohida bo‘lmagan nomahram erkak bilan birga bo‘lish to‘g‘risida, tilingda gapirma, dilingda o‘ylama, o‘zini ko‘zing bilan ko‘rishga va so‘zlarini kulog‘ing bilan eshitishga hech qachon orzumand bo‘lma! Bilsang agar, bularning bari Muqaddas kitobda zino, deb yozilgan, gunohi og‘ir kechadi...
Lo‘li xotin mening sadaqa berishimni ham kutmay hovlidan chiqib ketdi. Men uning ketganini payqamay qolgan edim, aniqrog‘i, hushim o‘zimda emas edi... Lo‘li xotin yuzimga bir shapaloq urib ketganday edi. U, mening yuragimdagi bor sir-asrorni oldindan bilgan va atay shu tufayli hovliga kelganday edi. Nazarimda, u lo‘liga ham, aniqrog‘i, odamzod bolasiga ham o‘xshamas edi... Lekin o‘shanda kim bilgan bo‘lsa qamki, bari bir meni tushuna olmadi. U ketgandan so‘ng, oh, qanday bo‘g‘ilib yig‘lagan edim-a...
Biz hovliga yaqinlashib qolgan edik. Ayol hozirgina o‘zi aytib bergan voqeadan ta’sirlanibmi, battar qo‘rquvga tushgan, mendan bir qadamcha oldinda, xuddi qatl maydoniga ketayotgan gunohkordek zir titrab-qaqshab borar edi. Men unga taskin berish, hech kursa ko‘ngli uchun biror so‘z topolmas, tilim xuddi kesib tashlanganday kalimaga kelmas edi.
Ayol hovliga endi qadam ko‘ygandi, tuyqus qayoqkadir g‘oyib bo‘ldi. Men bu daqiqada, negadir orqamga o‘girilib qaragan edim. Oldimga qaraganimda ayol yo‘qligini bilib, aqldan ozayozdim va telbalarcha hovlida u yoqdan-bu yoqqa yugurib uni izlay boshladim: zim-ziyo tun qo‘ynida ko‘zim biror sharpani ilg‘amas, hayratim va xunobim battar oshar edi. Ayol hech qaerda yo‘q edi. Boshim buzilgan ari iniday tinimsiz g‘uvillar va qayoqqa yurishimni bilmay, hovli o‘rtasida qotib qoldim, bu ro‘y berayotgan voqealar o‘ta g‘ayritabiiy tuyulayotganidan bo‘lsa kerak, balki men tush ko‘rayotgandirman, deb o‘ylay boshladim: mana ayol, tun kabi sezdirmasdan g‘oyib bo‘ldi, endi men xomush tortib uyg‘onib ketishim kerak... O, yo‘q, buni hech qanday tushga yo‘yib bo‘lmaydi. Axir, oy, yil burun emas, atigi bir necha soniya muqaddam — bir necha soniya muqaddam-a — ayol men bilan ko‘chada yonma-yon yurgan, qarshimizdan la’nati it hurib chiqqanida qo‘llarimdan mahkam tutib olgan va menga lo‘li xotin voqeasini aytib bergan edi-ku?! Uning, tuzoqqa ilingan qushday yuragi potirlab urishi hamon qulog‘im ostida eshitilib turibdi-ku?! Yo‘q, bu tush emas, tush bo‘lganida yuragim bunchalik og‘rinmas edi...
Men yana shaxd bilan hovlining har bir burchagiga, oshxona, marhuma kampirning hujrasiga va ijaraxonamga bosh suqib chiqdim, ammo hech qaerda ayolni topa olmadim, u o‘zidan na biror iz, na nishon qoldirgan edi. Men sarhadsiz sahroda yo‘lini yo‘qotgan sayyohday ayolni qaerdan izlashni bilmasdan hovli o‘rtasida yana hushsiz qotib qoldim. Shu holatda qancha turganimni bilmayman, keyin kutilmaganda ijaraxonamda, boya o‘zim yuztuban yotqizib qo‘ygan surat yodimga tushdi va otilib ichkariga kirdim-da, suratga tashlandim: xayriyat, ayol suratda ekan... U o‘sha ilk marta ko‘zim tushgan qiyofada turar, yuzida, ko‘zida hozirgina tashqaridan kelganligining va boyagi qo‘rquv-vahimaning hech qanday asorati sezilmas, faqat uning yonoqlari xiyol qizarinqiraganday edi.
Men ayolni — suratda jonsiz qiyofada bo‘lsa hamki, topganimdan ko‘nglim xotirjam tortgan edi.
Men o‘tayotgan kunlarning hisobidan adashib ketdim, zero, buning men uchun hech qanday qizig‘i ham yo‘q edi. Kunduz kunlari xonamda qamalib o‘tirishim tufayli, har kun shomga yaqin marhumaning ruhiga atab chiroq yoqish va Qur’on tilovat qilish uchun hovliga kelib-ketadigan kampirlarga onda-sonda ko‘zim tushib qolar va ular bilan deyarli gaplashmas edim.
Bu kun — kampirning qazo qilganiga qirq kun to‘lgan bo‘lsa kerak hovliga yana xotin-xalaj yig‘ildi. Ular, odatdagidek, hovlida birpas yig‘i-sig‘i qilishdi-da, so‘ng uyga kirib choshgohga qadar o‘tirishdi. Ular ketishgandan keyin hovlida ikki kampir qoldi. Kampirlar, hovli yuzasini va kampirning uyini supurib-sidirib tozalashdi. Shom mahal esa, marhumaning ruhiga atalgan so‘nggi - qirqinchi chiroqni yoqishib, duoyi fotiha qilishgach, hovlidan chiqa boshlashdi. Xovlidan chiqa turib, kampirlarning biri, meni ko‘rib yurishdan to‘xtadi va aft-angorimga bir mudtsat tikilib turdi-da, keyin yumshoq ovozda:
— Rangingiz siniqib ketibdi, tobingiz yo‘qmi, o‘g‘lim? — dedi.
— Yo‘g‘-ey! — deb yubordim men kizargancha, jilmayishga urinib.
— Agar yolg‘iz o‘zingiz tunlari bosinqirab chiqayotgan bo‘lsangiz, nabiramga aytaman, sizga hamroh bo‘ladi. Harqalay ikki kishi ikki kishi-da, — dedi kampir.
— Yo‘q, rahmat! — dedim uning so‘zini rad etib.
— Mayli, o‘zingiz bilasiz, o‘g‘lim, — dedi kampir va ortiq so‘z qotmay tashqariga chiqdi.
Men darvozani tamballab keldim.
Ayol suratdan chiqib ketgan tundan keyin, men suratga yanada qattiqroq bog‘lanib qolgan edim. Ammo har doim o‘zimni surat ichida kezib yurganday his etsam hamki, bari bir, ayolning sir-sinoatlariga — uning g‘oyibdan paydo bo‘lgandek suratdan chiqib kelishi va yana izsiz g‘oyib bo‘lishi, nega lo‘li xotin voqeasini aytib berganiga tushinib yetmagan edim. Suratdagi ayol men uchun hamon zabt etilmagan, lekin zabt etilishi kerak bo‘lgan toshdevorli qo‘rg‘onday sirli edi.
Ba’zan men suratdagi ayolni iztirob changalida azoblanayotgan yuziga tikilib, u haqida turli xil faraz va taxminlar to‘qir edim.
Ehtimol, deb o‘ylardim, ayolning o‘zi ham quyoshning eng yugurik nurlari bo‘ylay olmaydigan, choh tubiday qorong‘i va zax bu eski suratda yashashdan allaqachon bezgan, lekin inon-ixtiyori qo‘lida emasligidan hech qayoqqa bosh olib ketolmayotgandir.
Balki, ancha yil burun — ehtimol, u paytda ayol o‘n sakkiz yoshli durkun qiz bo‘lgan — ayolning o‘zi baxt izlab bu surat ichiga kirgan, biroq o‘ylagan, kutgan quvonch-shodliklarini topa olmagan va buning ustiga u ortga qaytish yo‘lini yo‘qotib, hamon surat ichida adashib yurgandir.
Balki, ayol ilk marta qadam qo‘ygan chog‘da, surat ham qordek oppoq va tiniq bo‘lgan, keyin ayolning g‘am yo‘g‘rilgan nafasi tegib-tegib, olov tushgan daraxtning tanasidek qorayib ketgandir.
Yo‘q, ehtimol, ayol qachonlardir johil kimsalar tomonidan bu suratda yashashga mahkum etilgan va bir umrga tilsimlab tashlangandir. Bu tilsimotning sir-asrorini yechib ayolni xalos etish uchun buyuk saltanatning yovuz qo‘shinini kuchi yetmas, balki qandaydir notavon kimsaning bo‘g‘zidan alam yoki insof bilan otilib chikqan bir og‘izgina so‘z kifoyadir.
Bu o‘ylarimning adog‘i yo‘q edi. Men bu o‘ylarni avvalo o‘zimni ovutish uchun ichimdan to‘qib-bichib chiqarar va bunga ishonib-ishonmay yurar edim. Ammo yuragimda, har vaqt ayolni sog‘inish, uni qarshimda yana jonli qiyofada ko‘rish istagi ustun turar edi.
Oradan besh tun o‘tdi. Ayol qayga suratdan chiqib kelmadi. Men har tun xonadan chiqa turib, suratga uzoq, iltijoli tikilib turar, ammo surat qilt etmas, so‘ng yolg‘iz o‘zim tashqariga chiqib ketar edim. Bu holat har kun takrorlanar va men asta-sekin, endi ayol hech qachon suratdan chiqib kelmasa kerak, degan o‘yga borar edim.
Bu tun ham ayolni suratdan chiqib kelishini juda-juda istab, lekin kelmasligiga ko‘proq ishonib xonamdan chiqa boshladim. Men endi eshik tutqichiga qo‘l uzatgan edim, ortimda xotiramda muhrlanib qolgan ayolning entikib nafas olishi eshitilgandek bo‘ldi, seskanib boshimni o‘girdim va yuragim quvonchdan xapriqib ketdi: qarshimda ayol turar edi. Ayol o‘tgan galgidek, nimadandir qattiq sarosimaga tushgan, olazarak boqayotgan ko‘zlarida qo‘rkuv to‘la edi.
U bu safar menga nigoh tashlamay, yonimdan sirg‘alib o‘tdi-da, shoshib tashqariga chiqtsi. Men uning ortidan yurdim.
Tun lashkarlari mo‘ru malaxday borliqni ishg‘ol etgan, tevarak-atrof quduq tubidek qop-qorong‘i va og‘ir sukunatga ko‘milib yotar edi. Tun qo‘yniga kirgandan so‘ng ayolning qo‘rkuvi bosildi, shekilli, u bir oz xotirjam qadam tashlar, nafas olishi ham sokin tortgan edi. Biz tor, egri-bugri jinko‘cha bo‘ylab yurib borar edik, to‘g‘rirogi, ayol yo‘l boshlar, u aniq manzilga ketayotganday bosiq va ikkilanmasdan qadam tashlar edi. Tungi qiyofasi menga yod bo‘lib ketgan bu jinko‘chalar, aftidan, ayolga ham yaxshi tanish edi, u qarshimizda uchraydigan muyulish yoki ko‘chani kesib o‘tgan ariqchalarni oldindan sezar va qadamini shunga moslab olar edi.
Men qayoqqa ketayotganimizni va yana kancha yo‘l bosish kerakligini bilmas, butun inon-ixtiyorimni ayolning izmiga topshirib, u boshlagan yo‘ldan miq etmay ketib borar edim.
Ayol bu safar ham biror og‘iz so‘z qotmas, faqat onda-sonda menga orqada qolib ketmadimikin, deganday ko‘z qirini tashlab qo‘yar edi.
Uzoq yurdik. Nihoyat, ayol qandaydir hovli qarshisida to‘xtadi. Men ham yurishdan to‘xtab, ayolga savolomuz qaradim. Ayol esa, hovlining darvozasiga, so‘ng menga qaradi-da, sirli jilmaydi. Men uning bu sirli jilmayishiga tushunmay, ichimda, nima gap ekan, deya bir tabaqali darvozaga qaradim va shu zahotiyoq hushyor tortib, qizarib ketdim: biz, marhuma kampirning darvozasi qarshisida turar edik...
Men, imillab darvozani ochar ekanman, dam-badam ayolga qarab olar va hayratimni yashirolmay beo‘xshov iljayar edim. Hayratga tushishimga sabab, ayol kampirning hovlisini adashmay topib kelishi edi. Buning ustiga u meni mutlaqo teskari yo‘ldan — o‘ng tomondagi, katta yo‘lga yaqin ko‘chadan boshlab kelgan edi. Biz boya hovlidan chiqqanimizda esa chap tomondagi ko‘cha bo‘ylab ketgan edik...
Men darvoza tabaqasini lang ochib, hovliga kirish uchun ayolga yo‘l berdim. Lekin ayol o‘rnidan qimir etmay, mening yuzimga tikilib qoldi. Uning yuzi, ayniqsa, ko‘zlari shunchalik jiddiy va o‘ychan ediki, menga kiprik qoqmay tikilar ekan, albatta, ko‘nglida qandaydir noxush o‘y kechayotgani aniq edi. Men uning bu qarashiga dosh berolmay, boshimni quyi soldim. Ayol yana bir necha daqiqa shu alfozda qotib turdi, keyin bo‘shashgan qiyofada sudralib qadam tashlagancha hovliga kira boshladi. Men hali qadam tashlashga ulgurmagan edim, shu chog‘...
Ehtimol, ayol bu so‘zlarni ko‘nglida kechirayotgan payt, o‘zi sezmagan holda beixtiyor pichirlab yuborgan va shunda ham, biror tirik jon eshitadi, deb o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Ammo uning pichirlab aytgan so‘zlari menga aniq-tiniq eshitildi: «Buning ham — meni nazarda tutdi shekilli — burni bor ekan. Mening erimni burni yo‘q...» Men tosh qotgancha darvoza to‘siniga suyanib qoldim.
Ayol so‘zlarini tugatganda hovli ichiga kirgan va shu zahotiyoq, qayoqqadir izsiz g‘oyib bo‘lgan edi. Men bu safar uning sirli g‘oyib bo‘lganidan xavotirga tushmadim, zero, endi uning borar manzili menga ayon edi. Men uning pichirlab aytgan so‘zlari ta’sirida hushsiz qotib turar, bu so‘zlar meni ayolning, xuddi lahcha cho‘g‘ ustida biqir-biqir qaynab turgan va suvi daqiqa sayin kamayib borayotgan qumg‘ondek, yuragiga yetaklab kirgan, undagi bor sir-asrorning kalitini qo‘limga tutkazgan edi....
Men xonamga kirmadim, tongga qadar ko‘chada yurdim. Faqat ertalab xonamga kelib suratni qo‘limga oldim: shu paytga qadar, men payqamagan ekanman, - to‘g‘risi ham suratning bu qismi nihoyatda qorayib ketganidan biron narsani ilg‘ash mushkul edi, — suratdagi ayolning o‘ng tomonida qandaydir erkak kishining qiyofasi aks etgan edi. Uning bo‘yi ayolnikiga qaraganda picha uzun, yuzi zahil bo‘lsa kerak, suratda yana qorayib ko‘rinar edi. Men erkakning yuziga qaradim: rostdan ham uning burni yo‘q, yuzi peshonasining ostiga qadar kaftdek tep-tekis edi... Suratga tushayotgan fursatda, u yuzidagi bu nuqsonni yashirishga uringan shekilli, boshini egibroq tutib, ko‘z osti bilan qarab turar edi.
Suratdagi erkak bilan ayolga ancha vaqt o‘ychan tikilib qoldim. Keyin boshimga kelgan fikrdan xira tortgan ko‘nglim yorishganday bo‘ddi. Nazarimda, kanchalik og‘ir bo‘lmasin, faqat shu yo‘l bilangina ayolni suratdan xalos etish mumkin edi.
Men suratning erkak kishi turgan tomonini yirtib tashlamoqchi bo‘ldim.
Shu niyatda suratni qo‘limga oldim va uni endi yirtishga chog‘lanayotganimda, ayolning o‘ng qo‘li xuddi erkakning kovurg‘alaridan o‘sib chiqqandek, jips yopishib turganiga ko‘zim tushdi: agar men suratni erkak kishi turgan tomonini yirtsam, ayol ko‘lsiz qolishi kerak edi... Men suratdagi ayolning yuziga qaradim va shu zahotiyoq, u xayolimda, qo‘lsiz qiyofada jonlandi-yu, yuragim uvishib ketdi, peshonamni sovuq ter bosdi. Qo‘llarimni suratdan tortib oldim.
Ammo meni boshqa bir o‘y qiynar edi: bundan buyon men suratdagi ayolga tikilib, uni suratdan chiqib kelishini kutib, jimgina yashab yurolmas edim, chunki, shu paytga qadar ko‘zim tushmagan va borligini xayolimga ham keltirmagan, ana u suratdagi erkak kishini ko‘rgan edim. Endi qarshimda men tanlashim shart bo‘lgan ikki yo‘l turganini yurakdan his etdim: ayol qo‘lsiz qolsa hamki suratni erkak kishi turgan tomonini yirtib tashlashim kerak, yoki suratni xonada qoldirib, o‘zim hech qachon qaytmas bo‘lib bosh olib ketishim lozim edi.
Yo‘q, bari bir suratni yirta olmadim. Har gal uni yirtish uchun qo‘lga olganimda, ayol qirqib tashlangan o‘ng qo‘lining o‘rnidan favvoradek qip-qizil qon otilayotgan qiyofada ko‘z o‘ngimda jonlanaverar va barmoqlarim titrab, surat yerga tushib ketar edi. Buning ustiga suratdagi erkakning «yirtma» degandek yolvorib termulishi ham jur’atimni chilparchin etgan edi.
Men mag‘lub qiyofada sudralib xonadan chiqa boshladim. Ortimda, kimningdir suyunib qichqirgani va yana kimningdir bo‘g‘iq faryodi eshitilayotganday edi. Men esa, yelkamni zil-zambil yuk bosib turganday, boshimni o‘gira olmas edim. Mana, xona ostonasiga ham yetdim... Ehtimol shu ketgan ko‘yim kaytib hech qachon bu ostonani hatlay olmasman...
Ehtimol, bir necha daqiqadan so‘ng, tinib qolganday mudroq tortgan bu qonimda yana sovuq va yovuz jur’at uyg‘onar...
Ehtimol, bundan buyon suratdagi ayol, yolg‘iz o‘zi, do‘zaxdan ham kuvilgan arvohday tunlari ko‘chada izg‘ib yurar va uning armonlari hech kachon to‘zim topmas... bilmayman... Boshim hech narsani idrok qilmay qo‘ygan edi. Men uchun ushbu daqiqada eng muhimi tezroq surat qarshisidan nariroq ketish edi.