OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. G‘irrom (hikoya)

Uning tug‘ilishi ham aslida g‘alatiroq edi. Jovli deya ism qo‘yishdi. Hamma irim-sirimlar qilindi.
Jovli yig‘loqi chiqdi. Uning beshigini doim tebratib turish kerak. Bo‘lmasa, yana yig‘laydi. Opasi va akalari uning xarxashalaridan bezor bo‘ldi. Otasi tajanglashdi.Onasining yuragi zada bo‘lib qoldi.
Qorni to‘ysa ham ovozi o‘chmasdi uning. Do‘xtirga ko‘rsatishsa, hamma joyi soppa-sog‘. Yanayam ishonmay tabibu qo‘shnochga eltishdiki, ular ham ismi-rasmini qiladiki bari bir foydasi bo‘lmaydi.
Jovli yig‘loqiligicha qolaverdi.
Shu zaylda u ulg‘aya boshladi. Birovning qo‘lidagi neki unga ma’qul ko‘rinsa Jovli o‘sha narsaga egalik qilgisi kelardi. Matohni olsagina ko‘ngli tinchlanardi.
Uning fe’li oiladagilardan hech birinikiga o‘xshamasdi. Bundan hatto otasi ham hadiksirardi.
Jovli akalarining qilmishlarini otasi ishdan kelishi bilanoq aytib berardi. Shunda otasi onasiga qarab, “Xotin, mana shu bolang hali ko‘p balolarni boshlab kelmasa go‘rga edi. Mushtdan boshidan chaqimchilik qilishini qaragin,” derdi.
Onasi esa “ Hali bachcha-da, katta bo‘lsa bosilib ketadi. Yosh bola qiziqadi-da,” – deydi. 
So‘ng eru xotin o‘g‘liga nasihat qila boshladi: “ Bolam, sen akalaringni chaqmagin,birovni boshqalarga yomonlab ko‘rsatma. O‘zingga og‘ir bo‘ladi. Bu ishning oxiri bexayr, bolam.” 
Mana shu nasihatlar ham Jovliga kor qilmadi. Albatta, yosh bola sekin-asta o‘zini o‘nglab ketar. Lekin boshdanoq pand yeya boshladi. Masalan, ko‘chadagi bolalar Jovli bilan o‘ynamay qo‘ydi. U davralarga kelishi bilan bolalar qo‘llaridagi o‘yinchoqlarini yashirib qo‘yishardi. Hattoki, qizchalar ham u bilan o‘ynashni istamasdi. Qachonki, u ketsagina o‘yinchoqlarni qaytadan olib o‘yinni boshlardilar. Ular Jovlini orqavoratdan “Chaqimchi, g‘irrom,” – deya masxara qilishardi.
Jovli qo‘shni ko‘chadagi bolalar bilan do‘stlashmoqchi bo‘ldi. Ular bilan oshiq o‘ynadi. Durang bo‘ldi. Ertasiga yana o‘yin. Jovli bolalarning ko‘p tangalarini yutib oldi. So‘ng u mag‘lub bolalarni ortidan ergashtirib, ularga Ziyod attornikidan saqich, hushtak olib berdi. Hamma bolalar uni maqtab-maqtab uyiga tarqaldi.
Ertasi kuni oshiq o‘ynab o‘tirgan bolalarning yoniga to‘rt-beshta o‘smirlar keldi. Ular o‘yinni sinchkovlik bilan kuzatib turadi. Jovli esa nash’a qilib o‘ynardi. Xursand negaki yutmoqda. O‘yin oxirlab qolgan, Jovli tangalarni cho‘ntagiga solayotgan vaqtda, tomoshabin o‘smirlardan biri uning soqqasini ushlab oldi. Va aytdiki: “Jovli sen g‘irromchisan. O‘yin halol bo‘lmadi. Soqqangga ishlov bergansan. Ichida qo‘rg‘oshin yoki temir bor.”
Jovli esa: “Garov o‘ynaymiz. Men g‘irrom qilmadim. Halol yutdim. Agarda g‘irromlik qilgan bo‘lsam, yutgan pullarimning hammasini egalariga qaytarib beraman.” – dedi. Ular garov boylashdi. 
Soqqa o‘rtada sindirilib, maydalandi, ezildi. Uning ichidan kutilgan matoh – qo‘rg‘oshin chiqdi. Shundan keyin bolalar Jovlini oyog‘idan tutga osib, cho‘ntagidagi barcha tangalarini qoqib olishdi. Og‘ziga saqich solishib, hushtak chaldirishadi. Uni shu tarzda sazoyi qilib, bu ko‘chaga kelmaslikka ont ichirishdi.
Jovlining bu ishidan akalari xabar topib otasiga aytmoqchi bo‘ldilar. Biroq u akalariga yalinib-yolvorib, shirinkomalar berib bu gapni otasigayam, onasigayam aytmaslikka ko‘ndirdi.
Jovli maktabda ham shu taxlitda o‘qidi. So‘ng jo‘rasi Abdujalilga qasd qilib muallimlikka o‘qimoqchi bo‘ldi. Kirolmadi. Keyinchalik Ibroyim degan ota qadrdoni uni Qarshida hisobchilikka o‘qitdi. Ishga ham joyladi. Ibroyim uni shogirdlikka oldi. Uyidan joy berdi. Xonadon egasining qizlariga tegajog‘lik qilganidan keyin gap-so‘zni o‘rmalatmasdan Jovlini hovlidan chiqarib yubordi.
U biroz muddat Qarshida sanqib yurdi. Noiloj qishlog‘iga keldi. Opasi erga tegib ketgan. Akalari uylanib, bola-chaqa orttirgan. Chol-kampir esa qarib qolgan.
Uni uylantirish taraddusiga tushishadi. Avval o‘zidan so‘rashadi. Xolasining qizini olmoqchi ekanligini aytadi. Otasi qattiq turdi. Olmaysan, otasining tayini yo‘q, dedi. So‘ng onasi kishibilmas Haqberdi maxsumnikiga bordi. O‘rtanchi qizining qo‘lini o‘g‘liga so‘rab ko‘rdi. O‘g‘lini esa bor baraka, deya maqtaydi. Xullas, ikki tomon bir-biriga ma’qul tushib, o‘rtada qudachilik bo‘ldi.
Jovli Haqberdi maxsumning qizini eshitgan edi-yu, lekin ko‘rmagandi. Opasi unga bo‘lajak kelinning rasmini ko‘rsatdi. Suratdagi qiz yigitga ma’qul bo‘ladi. 
Belgili qilingach, Jovli ham soqol-mo‘ylabini olib, atirlarni surtib tadbir-anjumanlarga boradigan bo‘lib qoldi.
Oxiri Jovli kelinga elchi jo‘natdi.
Uchrashuv belgilandi. Kechki payt u Ziyod attorning do‘konidan atir, upa, ro‘molcha xarid qilib, soy yoqalab belgilangan vaqtda aytilgan manzilga yetib keldi. Bedapoyada yotib, uyni kuzatdi. U ancha vaqt kutdi. Qaylig‘i baribir kelmadi. Izza bo‘ldi. Shunda Jovli qo‘lidagi sovg‘alarni shaftolining shoxlariga osib, iziga qaytdi. Qaylig‘idan ranjidi. Uyiga keldi-yu o‘ringa o‘zini tashladi-da, dong qotib uxladi. Ertalab turib kechagi kunini yana qaytadan tahlil qilib chiqdi. ”Bu yog‘i oz qoldi-ku, baribir qo‘limga tushasan, maxsumning qizi,” deb o‘yladi.
Tomorqasida o‘t o‘rib o‘tirganida qo‘shnisi - Gulshan xolaning Norchuchuk degan qizi Jovlini imlab chorladi. U esa istar-istamas bo‘lib Norchuchukning oldiga keldi.
-Jovli aka, sizni Hurmatoy yangam chaqiryapti,- dedi Norchuchuk iymanibgina.
-Hurmatoy yangang, kim u ? – deydi Jovli atay qo‘rslik bilan.
-E-y, Jovli aka, qiziq ekansiz-ku! Axir u kishi sizga... – dedi Norchuchuk.
- Ha, bo‘ldi, tushundim, qaerda ekan u, - deydi yigit.
- Ana, buloqning boshida sizni kutayapti, - deya javob beradi qiz.
Jovli devordan sakrab o‘tadi-da buloqnning boshiga kelaverdi. Bo‘lajak kelin – Hurmatoy ham indamay, yerga qarab uni kutib turadi. 
Ikkalasi salomlashdi. Ancha vaqtgacha dardu hol qilib, keyin ikki yosh bir-birlari bilan kulib xayrlashishdi.
Shundan keyin ular mana shu buloqning boshida uchrashadigan bo‘lishdi. Oradan bir hayit o‘tib ularning katta to‘yi bo‘ldi. Hamma ularga baxt tiladi. Havas qilishdi. 
Jovli baxtiyor edi. Yangi ro‘zg‘or tutganidan, o‘zicha mustaqilturmush yuritayotgani unga g‘alati tuyulardi. Sal o‘tib, xotini ikkalasi tomorqada ul-bul ekib, tirikchilik qiladigan bo‘ldi. Yangi ro‘zg‘or uchun Haqberdi Maxsum buzoqli sigir sovg‘a qildi.
Jovlining bolalari yil sayin ko‘paya bordi. Xotini hadeb otasinikidan uyiga narsa tashiyverdi. Shundan keyin maxsum kuyovini Eshturdi Sho‘roga aytib, xo‘jalikka hisobchi qilib ishga joyladi.
Bolalar katta bo‘lib ota-onaning qo‘lidan ishni oldi. Endi er-xotin kun bo‘yi uyda o‘tirib olib, bekorchilikdan atrof-tevarakdagi odamlarning turmushi haqida gaplashib o‘tirishardi.
Falonchi bunday...
Pismadonchi unday...
O‘rol malim xotinidan qo‘rqadi...
Xoliqdum buva kampiri – Toshbuvi momo bilan gaplashmaydi...
Davlat momo choli - Ismoil Donni quvib yuboribdi...
Kutilmaganda voqea sodir bo‘ldi. Jin chaldimi yoki Shayton yo‘ldan urdimi yoxud boshqa sababmi, xullas, Jovli bilan Hurmatoyning orasidan gap qochdi. Xotin erini noshudlikda ayblaydi. 
“Siz lapashangsiz, er bo‘lib ro‘zg‘orni eplolmayapsiz. Otamnikidan narsa tashib, qo‘llarim tolib ketdi. Bolalar katta bo‘lib qoldi. O‘zingiz ham bunday harakat qilsangiz bo‘lmaydimi? Tokaygacha otam sizni suyab-ko‘tarib yuradi. Atrofdagi hamsoyalardan sal bo‘lsayam uyaling. Hamsoya-tevarak ham ustingizdan kulyapti. Sizday landavurga tekkanimga o‘zim ham hayron bo‘lyapman.”
Jovli xotinining barcha gaplarini jim o‘tirib eshita olmadi. Chiday olmasdan, uni qulochkashlab urdi. Xotini koptokday uchib xonaning bir burchagiga borib tushdi.
-O‘v, enag‘arning bolasi, - dedi Jovli. – Ichingda shuncha darding bor ekan. Nega shuni o‘z vaqtida atmovding. Sendan yaxshilik chiqmas ekan. Shuncha yil yashab...
Boshqa gap aytmaydi-yu, Jovli Hurmatoyni yana bir-ikki turtkiladi. Hovuri bosilguncha xotiniga baqirdi. So‘ng supaga borib yotdi. Qayrag‘ochlarning shohlarida o‘ynayotgan chumchuqlarni tomosha qildi. Bu orada esa xotini otasiga qizlari orqali xabar jo‘natdi. Jovli katta qiziga aytib, chalob bilan non opkeltirdi. Qorni tuyib, uxlaydi. Bir mahal itning vovullaganidan uyg‘onib ketdi. Qarasaki, qaynotasi – Haqberdi maxsum eshagini niqtab uy tomon kelyapti. Irg‘ib o‘rnidan turdi. Peshvoz chiqib, ikki bukilib:
-Assalomu alaykum, ota, xush ko‘rdik, - dedi.
- Xush ko‘rmasangiz ham keldik, - dedi Haqberdi maxsum.
Jovli epchillik bilan eshakning no‘xtasini arqon aralash tutdi va qaynotasining qo‘lidagi xalacho‘pini olib, oyog‘ini uzangidan astagina uzdi. So‘ng eshakdan tushirib oldi. Jovli eshakni simyog‘ochga qantarib qo‘ydi. Yo‘l boshladi.
-Qani, ota, marhamat yuring. Charchamasdan keldingizmi? Enam yaxshimi, ukalarim, singillarim, jiyanlarim hammasi yaxshi yuribdimi? Nimaga ularni olib kelmadingiz. Issiqlar bilan charchamadingizmi? – deya Jovli uni savolu so‘rovga ko‘mib tashladi.
-Qani, bolam, cho‘mich bilan buvangning qo‘liga suv qo‘y-chi. Marg‘uba qizim sochiq opchiq. Yuring ota, itdan boxabar bo‘ling. Bu yomon chiqdi. O‘zinikiniyam, o‘zganikiniyam bilmaydi, - deya Jovli javray boshladi. – Tashqarida, supada o‘tira qolamiz. Yaxshi joy, shabada esib turibdi.
Haqberdi maxsum qo‘lini artib sekingina supaga o‘tirdi. Kuyovi yana gap boshlamoqchi edi. Qo‘li bilan “to‘xtang” deya ishora qildi.
-Kuyov, - dedi Haqberdi maxsum. – Erkak kishi ayolga qo‘l ko‘tarmaydi. Bilasiz, ayollar mo‘rt bo‘ladi. Men sizga qizimni urib, mayib qilish uchun berganim yo‘q. Ana Eshturdi Sho‘roga aytib sizni qamattiraman. Yaxshilikni bilmas ekansiz. Bola-chaqa. Ko‘rsatilgan xizmatlar...
Jovli gapni shu yerda cho‘rt bo‘ladi: 
-Ey, ota sizga nima bo‘ldi. Qizingizning fe’li aynigan, qorinog‘riq tegib, uyda bukchayib yotibdi. Uy ivirsiq, unga bosh suqib bo‘lmaydi. Sizniyam tashqarida olib o‘tirishimning sababiyam shu axir. Uyga o‘zimning ham kirgim kelmaydi. To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydi, deganlari rost ekan. Keling, ota sizniyam o‘zimiz tutib o‘tirgan ro‘zg‘orimiz bilan tanishtiray. Qolganini keyin o‘zingiz bilib olaverasiz.
Jovli shunday deya Haqberdi maxsumni uyga boshlaydi. Birinchi bo‘lib xolodilnikni ochadi. Ochadi-yu Jovli burnini sochiq bilan to‘sadi. Xolodilnikdan turli-tuman hidlar taralib, uyda odam o‘tirib bo‘lmas vaziyat vujudga kelgandi.
-Mana ahvol, bu jonivor shu yerga kelganidan beri yuvilmagan. Sassig‘iga odam turib bo‘lmaydi. Qizingizning esa bunga qaragisi kelmaydi, - deydi kuyovi maxsumga yuzlanib.
Ular yana gaz plitaning oldiga keldi. Jovli yana gap boshladi:
-Qishloqda hamma o‘choqda o‘tin yoqsa, mana bizda gaz. Lekin ahvolni qarang. Moy oqib, qurum bosib yotibdi. Yaqin yillar ichida bu bechoraga suv tegmagan. Qizingiz bunga qaramaydi.
Ular endi boshqa bir xonaga kirishdi. Jovli epchillik bilan taxmondagi ko‘rpa-yu ko‘rpachalarni yerga ag‘dardi. Yana qaynatasiga qarab uqtira boshlaydi:
-Mana qarang, bularning yag‘iri chiqib ketgan. Uyga mehmon kelsa uyatdan qizarib o‘laman. Ularning tagiga tushashga biror tuzukroq ko‘rpacha topolmaysiz. Enadan ko‘rgan to‘n bichar, deydi. Buyam qiz o‘stiryapti. Lekin qizingiz bularga mutlaqo e’tibor bermaydi.
Ular uchinchi xonaga kirishadi. U yerda qozon-tovoq hammasi yuvilmasdan sochilib yotardi. Laganlarda qolgan ovqatlarni chivin bosib yotardi. Kosa-tovoq, choynak-piyola va boshqa idishlar shunchalik kir bo‘lib ketgan ediki, uni ta’riflashga ham xojat yo‘q. Supra ham bir chetda ochilib yotardi. Yonidagi o‘qlovni olib Jovli yana javraydi:
-Ota, mana ahvolni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Bu uyda birortayam toza matohni topaolmaysiz. Agar topsangiz mana meni itning oldiga bog‘lang. Qizlarim, bolalarim katta bo‘lyapti. Ertaga ular qanday odam bo‘larkan, deyman. Uydagi ahvol esa bu. To‘xtang, mana bu oftobani qarang...
Jovli shunday deydi-da, irgangandek oftobaning baldog‘idan o‘qlovni o‘tkazadi:
-Mana shu oftobada ham odam qo‘l-betini yuvishi mumkinmi? Mehmonning qo‘liga shu oftobada suv qo‘yishning iloji bormi? Yo‘q. Odam uyalasan. Qizingiz esa bunday narsalarga xali-beri qaraydigan emas.
Jovli shu gaplarni aytdi-da oftobaning baldog‘idan o‘qlovni sekingina chiqarib oladi.
-Boshqa xonalarga kirib o‘tirmaylik, ota. U yer bulardan ham rasvo. Ko‘rmang ham, kuymang ham. Sizga rahmat ota. Menga shunday qizingizni berganingiz uchun. Sizdan bir umrga minnatdorman. Qizingizga salgina nasihat qilib qo‘ysangiz bas... Yana yurar yo‘limizni topib ketamiz, - dedi Jovli.
Haqberdi maxsum shashtidan allaqanchonlar tushgan. Boshini qo‘yi egib, eshagi tomon yurdi. Kuyovi “o‘tiring, ota, choy ichamiz”, desa ham e’tibor bermasdan yo‘lida davom etadi. Kuyovi xalacho‘pni olib, eshakning uzangisini bosib turdi. Maxsum oyog‘ini uzangiga soladi-da, irg‘ib eshakka mindi. 
Jovli yuzini g‘amgin qilib qaynotasiga tikildi. Qaragan odam uning yuzidan nedir ma’no o‘qishi lozim edi. Biroq Haqberdi maxsum unga e’tibor qilmaydi.
-Odam ko‘rganim yolg‘on ekan, - deya sekingina eshagiga xalacho‘p bosdi. 
Jovli boshini ham qilib uyga keladi. Supachada esa xotini otasining ortidan xayolga tolganicha qarab o‘tirgan edi.
Maxsum esa sallasini to‘g‘rilaganicha eshak ustida ketib borardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.