OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Inoyat (hikoya)

Sochlari to‘zg‘in juvon go‘dagini ko‘ksiga mahkam quchganicha uzun ro‘molini shamol tortqilayotganidan bexabar yana ortidan bir o‘g‘lini ergashtirib, ilonizi so‘qmoqdan soy tomon enib kelayotgan edi. Ayolning boshi egik, bo‘g‘ziga yig‘i tiqilgan. Eri bir paytlar otdan yiqilib o‘lgan. Sho‘rlik beva qoldi. Endi esa u ikki bolasini olib otasinikiga kelyapti. Mo‘l yo‘l yurganidanmi yoki boshiga tushgan ko‘rgulikni o‘ylay-o‘ylay miyasida paydo bo‘lgan og‘riq ta’siridanmi ne qilarini bilmay, bor alamini ortidan ergashib kelayotgan o‘g‘li – Inoyatdan olmoqchi bo‘ladi: “Tezroq yursang o‘lasanmi, yer yutkur!” Bola onasining qahridan dovdirab, bazo‘r chopqillaganicha tenglashib yuradi-yu yana susayadi. Ayolning qo‘lidagi go‘dak ham g‘ingshib qo‘yadi. Ovutishiga qaramay yig‘laydi. Ona emizish uchun so‘qmoq chetiga o‘tirdi. Go‘dakka ko‘ksini tutadi. Ona og‘ir tin oldi. 
Inoyat ham atrofga mahzun nazar bilan qarab turganicha go‘yo barcha charchoqlarini bir nafasda chiqargandek qattiq uf tortdi. Uning silkinb tushgan yelkasiga onasi turtkiladi. 
“ Nega uf tortasan, mushtday boshinga –ya?! Kim qo‘yibdi, senga?... Yo‘q, bolam gapimga xafa bo‘lmagin. Yosh bolaning uf tortishi yaxshilik alomati emas. Bu narsa behosiyat hisoblanadi. Hali sen bunday narsalarni sog‘inmagin. Otang rahmatli qazo qilganida men chuqur uf tortgan edim. Shunda mening yuragim kuygan edi. Hozir shu ahvolda otamnikiga borsak, u yerda buvang bilan momong ham shunday uf tortishadi. O‘g‘lim hali sening boshingga bu qari dunyoning ko‘p savdolari tushadiki, ularni ko‘rib boshing aylanib qoladi...”
O‘g‘il onasining nasihatini indamasdan boshini quyi egib eshitardi. Uxlab yotgan go‘dakni ko‘ksiga bosib, ona yana yo‘lida davom etdi. 
Ular jinko‘chalar oralab, qishloqqa kirib borishayotganida qo‘ni-qo‘shnilar devorlardan boshlarini chiqarib ularni kutib turgandek qarab turishardi. Inoyat buvasining hovlisida yashashga tezda ko‘nikib ketdi. Hovlidagi daraxtlar, qushlar, imoratlar va boshqa narsalar uni avvalgidek hayron qoldirmasdi. 
Buvasi uni eshagiga mingashtirib, adirdagi cho‘pon-cho‘liqlarning oldiga opkelardi. U yerda buvasi Xurram oqsoq, Tog‘oshar va O‘rol karvon kabi oshnolari bilan biroz dunyodan, ozroq odamlardan, yana ekin-tikindan gurung qilishardi. Inoyat esa adirning terskay betlarida qo‘ylarini o‘tlatib yurardi.
Inoyatning tili chiqmagan edi. Tangri unga zabon ato etmagandi. Eshitgan so‘zlarini tushuna olardi-yu biroq o‘ziga so‘zlash navbati kelganida gapira olmasdi. Shuning uchun ko‘cha-kuydagi bolalar ham u bilan oradagi munosabatlarini uzib keta boshlagan edi. Buvasiga, qo‘ylariga bog‘lanib qolganining sababi ham shu edi.
Sovuq arib, kunlar isiy boshlaganida buvasining eski tanishlaridan biri lo‘li – Mo‘tilal bobo xesh-aqrabolarini ergashtirib kelib, ular qo‘y boqadigan adiriga chodirlarini tikdi. U buvasi bilan Mo‘tilal bobonikiga borganida nevaralari dasturxonga turfa xil noz-ne’matlarni qalashtirib qo‘yganida u tamshanib, so‘ng esa asta-sekinlik bilan olma, mayiz va o‘riklardan bir-bir totib ko‘rardi. U lo‘lilarning mehmondorchiligini yoqtirardi. Inoyatni lo‘li boboning dasturxonidagi anvoyi ne’matlar emas, balki chodir atrofida oldi oyoqlariga bosh qo‘yib, jimgina yotuvchi bahaybat itlari, oyoqlaridan chodirning qoziqlariga bog‘langan xo‘rozu tovuqlar va qop-qora lo‘li bolalarning yarim-yalong‘och holda shataloq otib yugurishlari jalb etgandi.
Mo‘tilal boboning xotini, qizlari, kelinlari va nevaralari har tong yelkalariga to‘rvalarini osganicha tayoq tutib qishloqning jin ko‘chalariga kirib ketishardi. Musulmon bandasi borki, eshigidan sadaqa so‘rab kelgan lo‘lini quruq chiqarib yubormasdi. Ba’zi odamlar esa ularni uyiga chorlab, oldilariga dasturxon yozib, non-na’mak ulashardi. Kechga tomon esa ular uylariga kelishardi-da to‘rvalaridan narsalarni olib barchaning ko‘z o‘ngida xizmat va himmatlariga yarasha ulashardi. Mo‘tilal boboning “ qo‘shinlari”ni qishloq bolalari masxaralab, ortidan toshlar otishardi. Hatto ularga atab nazmda bitilgan ayni ashulani ham aytishardi.
Mo‘ltoni momom qalaysiz,
Chakki bersam yalaysiz,
Ketingizga bir tepsak,
Kuchuk bo‘lib talaysiz.
Shunda Mo‘tilal boboning kampiri qirning ustida xuddi qaroqchilarga o‘xshab saf tortib turgan bolakaylarga qarab derdiki: “ Ey, bachalar qahrim yomon, qarg‘asam enalaringning emchagi tushib qoladi.” 
Ular bolalarning barcha qiliqlari ustidan kulganday yo‘lida ketaverishardi. Go‘yo ularning masxaraomuz qiliqlari lo‘lilarning oyog‘i ostiga to‘shalgan poyondoz.
Inoyat qishloq bolalarining jo‘raboshisi – Donishni tutib olib urdi. U kaltakni yeb bo‘lgach, sal nariga o‘tib, sheriklarining orasida qaddini g‘oz tutganicha Inoyatga nutq irod qila boshladi:
“Sen soqovda gap ko‘p, mo‘ltonilarning qo‘riqchisi. Mo‘tilal senga qizini beradi. Buvang bilan Mo‘tilal kelishib olgan. Hozir Shodiya chodirida sochlarini tarab, qachon Inoyat kelarkan, deb ko‘zi to‘rt bo‘lib seni kutib o‘tiribdi, bor, tezroq yugur, meni urgan qo‘llaring bilan uning sochlarini silab qo‘ygin...
Hali ko‘rasan, o‘sha jonon seni nikohiga oladi. Sen esa so‘fito‘rg‘ayday oyog‘ingni osmonga tirab, Shodiya topib kelgan narsalarni saralab yeysan...”
Donish gapirayotgan gapini oxirigacha yetkiza olmadi. Uni Inoyat g‘azab bilan quvalay ketdi.
Bolaning yuzidan g‘azab arib, birdaniga xurramlik yog‘iladi. Xayolida esa Mo‘tilal boboning suluv qizi – Shodiya qad rostlaydi. Uning qop-qora, chiroyli chehrasi, so‘ngra tim qora sochlarini ko‘z o‘nggiga keltiradi-yu uyalinqirab o‘zining qadoq qo‘llariga nazar soladi. Buvasi aytgan ediki, lo‘lilarning odaticha, kelin kuyovni xuddi chaqaloq kabi oq namatga yo‘rgaklab “Men ushbuning uvol-savobini bo‘ynimga olaman, buning uchun Xudoning va bandasining oldida qarzdorman,” der ekan. Yana bundan tashqari u bir marta tog‘asinikiga borganida yangasi uzala tushib yotgan eriga qarab, “lo‘lining erkagidan yotaverasizmi, turing, uyoq bu yoqqa qarang,” deya dashnom berganini yodga oldi.
Ayni xotirotni eslaganidan o‘zi ham uyaldi. Ko‘ngli o‘ksiydi. Donishi tushmagur, miyasini alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi. U xayolan lo‘li qiz bilan ne-ne ko‘chalarni kezib chiqmadi. Ajib manzara.
Inoyat sarxush alfozda har qanday istiholani yig‘ishtirib qo‘yib, ishkomning tagiga to‘shalgan sholchaga yotib oldi. U Mo‘tilal boboning odamlarini kelishini kutardi. Xudo deganicha bor ekan, ular g‘ala-g‘ovur bilan hovliga bostirib kirishdi. Inoyat o‘rnidan sapchib turdi-da onasi bilan buvisini yetaklab, ularga peshvoz chiqdi. Buvisi Mo‘tilal boboning kampiri bilan opichlashayotganida u boshiga ro‘mol tang‘ib olgan Shodiyani ko‘rdi-yu, shavqqa to‘lgan yuragini tutib tura olmay beixtiyor ko‘zini yumib oldi. Qiz ham ko‘zini undan uzib, yerga nigoh qadadi...
Buvisi ularni supaning ustiga taklif qildi. Ular ancha vaqtgacha diydorlashdi. Shunda u uydagilardan beqitiqcha anor, mayiz va yong‘oq opchiqib qizning xaltasiga solib qo‘ydi.
Shu-shu bo‘ldi-yu u buvasi bilan Mo‘tilal boboning chodirida o‘tiradigan bo‘ldi. Gohida u buvasining ruxsatisiz ham eshagini minardi-da, qo‘ylarini oldiga solib, chodir tomon kelaverardi. Endi uni avvalgi manzaralar emas, balki chodir ichidagi malika – Shodiya o‘ylantirardi. Uning diydoriga to‘ymoqni istardi. Inoyat butun dunyoni unutib, qiz ko‘rish niyatida muntaziru muztar bo‘lib yurardi. 
Bir kuni u suruvini suvga haydab kelayotganida, buloqqa tomon enayotgan qizni ko‘rdi. Qizning qo‘lida chelak ham bor edi, u qizni Shodiya deya tusmol qildi. Ko‘ngli sezganicha bor ekan, tusmoli to‘g‘ri chiqdi. Inoyat qizdan avval buloqqa tushib, hovuchlari bilan suv ichdi. Qiz kulimsiraganicha buloqning chetida turgan yigitning yoniga kelib, harsangga o‘tirdi. U qizning qo‘lidagi chelakni indamasdan oldi. Qiz ham istig‘no qilmasdan izn beradi. U chelakni sal silaroq qilib to‘ldiradi-da, buloqning chetiga qo‘ydi. So‘ng o‘ziga kulimsirab qarab turgan malikaning yoniga o‘tirdi.
“Tilim yo‘q,” deya qo‘llarini shalviratganicha azaliy diydiyosini aytdi. U imo ishora bilan nima demoqchiligini tushuntirishga urinib, ko‘zlarini javdiratganicha ko‘yinib gapirardi. U asl dardini doston qilmasdan turib qizning yuziga qarab oldi. Qizning qiyofasidan unga achinganligini sezish unchalik mushkul emasdi. 
Inoyat nigohini osmonga qadadi. Chuqur xo‘rsinib oldi.
“Agar tilim bo‘lganida o‘qirdim, yozardim, birovni so‘kmasdim. Peshonam sho‘r ekan. Xudo meni tildan qisdi. Atrofimdagilarning oldida xo‘rlanganday sezaman o‘zimni. Ko‘pchilik meni odam o‘rnida ko‘rmaydi. Uyimizda ham tinchlik yo‘q. Onam yana erga tegmoqchi. O‘gay ota baribir meni uyidan haydab chiqarib yuboradi. Mabodo, uydagilar onamni qistovga olishmasa, onam bechora erga tegmasdan, birovlarning ishini qilib bo‘lsa-da, ukam ikkovimizni boqardi. Katta bo‘lsam, men ham ularga yordamlashardim. Menga qiyin, esimni taniganimdan beri tilmning yo‘qligini o‘ylayman. Onamga ham qiyin, u meni va ukamni o‘ylaydi. Buvamga osonmas, bizlarni g‘amimizdan sochlariga oq tushdi. ”
Inoyat imo ishoralar bilan shu gaplarni qizga aytdi.
Qiz bechora ham gapning nimaligini tushundi. Osmon yiroq, yer qattiq. U ham Xudo emaski, uchragan jabrdiydaning taqdirini o‘nglab qo‘yaqolsa. Nolani eshitib bo‘lgach, Shodiya bolaga savol tashlaydi:
“Otang yo‘qmi?”
“Otam ko‘pkaridan otdan yiqilib o‘lgan.”
“Bobong yomon odamga o‘xshamaydi-ku!”
“Sen oilamizning o‘ziga yarasha sirlari borligidan bexabarsan. Ular barcha ishlarini ko‘zlari bilan qo‘llariga topshirib qo‘ygan. Mana shular hamma masalani hal qilishadi. Buvamning esa ko‘zlari o‘tmaslashib qolgan, qo‘llaridan mador ketgan.” 
Shu mahal Shodiya xuddiki o‘ziga maloikalardan xabar yetganidek aztahidil deydiki:
“ Ey, Inoyat, sen hadeb kuyinaverma, Xudo seni bu dunyoda til bermasdan sinab ko‘rayotgandir. Narigi dunyoda kim bilsin, balki oxiratingning ta’mini uchun mana shu ishlar sodir qilingandir.”
Inoyat esa qo‘ysang-chi, degandek yuzlarini burishtirganicha, ruhsizgina qo‘llarini siltadi.
“Ovutma meni. Hamma xuddi oson yo‘lini topadi-yu, bepoyon gulzorga oralatib yuboradi. Ana, qara, dunyo go‘zal, yuragingni keng qil, tilingning qisqaligi chikora degan sha’malar bilan aqlimni lol qoldirmoqchi bo‘lishadi. Biroq o‘zlarini shu gulzorning tikonlari sanchib tursa-da undan bexabardek yurishadi.”
Inoyat dardini to‘kib solmasdan turib, qizbetoqat bo‘laveradi. Jo‘nashi kerak. Chodirdagilar qizning xayollab qolganidan xavotir olishlari mumkin. Oshiq esa ma’shuqning chelakka uzatilgan qo‘llarini ohista suradi-da, suv to‘la paqirni qaddini g‘oz tutganicha ko‘tarib, yo‘l boshlaydi. Ancha yurilgach, nafas rostlash uchun suvli chelak yerga qo‘yiladi. Ma’shuqaning qo‘li yana uzatiladi. Oshiq boz malikaning ilgidan tutadi. Shu payt orada andak jimlik paydo bo‘ladi. Kutilmaganda qiz kamzulining kissasidan bir dona suratni oladi-da unga uzatib, aytadiki: “Inoyat, mana buni ol, senga esdalik uchun berdim. Avaylab asrab yurgin.”
Bolaning bo‘g‘ziga sevinch tiqiladi. Kulgidan, xursandligidan lab-lunjini yig‘ishtirolmay qoladi. Rasmda Shodiyaning nimtabassumli yuzi balqib turardi. U suratni qo‘llarida tutganicha dunyo topgan devonadek angrayib qolgandi. Inoyat o‘zini qizdan surat emas go‘yo hech qachon uzib bo‘lmaydigan qarz olgandek his qilardi. U chindan ham rasmingni men baxti qoraga tortiq qilyapsanmi, degandek qizga tikildi. Ma’shuqa ham xuddiki, o‘zim sening xasming bo‘lolmasam-da, buni senga in’om qildim, degandek ko‘zlari chaqnab: “Bahuzur olaver, Inoyat. Senga esdalik uchun berdim-ku axir” – deya so‘z qotdi.
“Agar undan bo‘lsa, men ham senga suratimni beraman.”
“ Mayli, ertaga xuddi shu payt buloq boshiga kelaman. Shu paytda opkelsang, berasan.”
Kun og‘ganida suruvini uyiga haydab keldi-da qo‘raga qamab, yuz-qo‘llarini yuvib, ovqatlanish uchun dasturxon boshiga o‘tirdi. Tamaddi qilib olgach, sandiqni ochib, kattakon xaltadan suratlarni oldi. Hammasini yerga to‘kdi. Rasmlar bir-birining ustida qalashib yotardi. Suratlarning eng ustida otasi, onasi va o‘zining go‘daklik paytida tushgan rasmlari turib qolgan edi. Uni avaylab oldida ko‘zlariga yaqinroq tutdi. Qarab tuymaydi. Rasmni yuziga bosganicha yig‘lab yubordi. Eshik ochilib, xonaga onasi kirib keldi. U esa yig‘laganicha suratni yuziga bosib turaverdi. Onasi ham unga qo‘shilib ko‘zyoshlarini to‘kdi. Ona-bola suratlarni tomosha qila boshladi.
Inoyat o‘zining yakka holda tushgan rasmini topa olmadi. Axiyri, g‘arq pishgan olma daraxtining tagida ko‘zlarini olislarga tikkanicha tushgan rasmini tanlab olib qo‘njiga tiqdi. Onasi bolasining bu ishidan hayron bo‘ldi. Inoyat darhol bu ishiga javob hozirladi: “ Men bu bilan Mo‘tilal boboning kampiriga fol ochtiraman. U menga sening tilingni chiqaraman, dedi. Undan keyin sizga kelin opkelaman. U sizlarga xizmat qiladi, non yopadi, osh pishiradi. Uy quramiz, sizga uyning to‘ridan joy solib beramiz, maza qilib dam olasiz. ”
Ona o‘g‘lining muddaosini tushunadiki, uni bag‘riga bosib yig‘laydi. Onaning ko‘zyoshlari bolasining yuzlarini yuvib o‘tardi.
Adirga quyoshning nurlari bilan birga Inoyatning suruvi ham kirib keldi. U buloqning suviga nonini botirib yedi. Vaqt uning nazdida shunchalik imillab o‘tardiki, ichi toriqqanidan nima qilarini bilmay, o‘zini ovutish uchun tayog‘i bilan buloqdan oqib chiqayotgan suvlarni har tarafga taray boshladi. Hayriyatki, uzoqdan Shodiyaning qorasi ko‘rindi. Qush emaski, malikasi buloq tomon qanot chiqarib uchib kelsa. Keladigan manzil aniq, andak sabr qilsa, olam guliston.
Shodiya bu safar qo‘lida chelak bilan emas, balki sarpo bilan kelibdi. Sarpoki, bir do‘ppi, bir to‘n, bir belbog‘. Hammasi yakkash. Qiz negadir ma’yusroq va mahzunroq ko‘rinadi. Inoyat hayronlik bilan “tinchlikmi?” deya so‘roqladi. 
Qiz esa shunda gap boshlaydi: “ Sen Xudoga yutqizganing yo‘q, Inoyat. Ana xudoga yutqizganlarning ahvoli, ko‘ryapsanmi, u har doim bo‘zlab yuradi. So‘fito‘rg‘ay bir paytlari so‘fi bo‘lgan ekan. Kunmas-kun uning sirlari fosh bo‘lib, dashtu biyobonga badarg‘a qilinibdi. O‘shandan beri u cho‘lda bo‘zlab yurar ekan. Sening chekingga tushgan tilsizlik hali hech narsa emas. Axir bu dunyoda tili bor odamlarning ko‘pi sariq chaqaga arzimaydigan narsalar haqida vaysab yuradi-ku! Hattoqi, tili bo‘lsa-da o‘zi bir chaqaga qimmat. Inoyat sen faqat sabr qil. O‘shanda bir iloji topiladi. Yaratgan joningga to‘zim bersin.”
Shodiya so‘zini tugatib, jim qoldi. Inoyat qo‘ynidan g‘arq pishgan olmaning ostida nigohini olis-olislarga tikkanicha tushgan o‘sha suratini iymanibgina Shodiyaga uzatadi. Uning qaltirab uzatilayotgan qo‘llaridagi rasmni qiz shartta yulqib oladida, sharaqlab kuladi. Biroq suratni ko‘rib, undagi mungdan qiz ham jim qoladi. Xayollarga cho‘mganicha uzoq vaqt boshini quyi solib turadi. Bu paytda borliq ham sukut saqlayotganligi rost edi. Shodiya o‘rnidan turdi. Xayrlashish fursati kelgandi. Ikkisining orasi ikki qadam. Ikki qadamdan so‘ng...
Yo‘q, u qolganini o‘ylashga ulgura olmadi. Tortinchoq qiz yeldek kelib, oshiqning yuzidan bo‘sa oldi-yu yana yeldek qaytdi. Ayni hodisa sabab, ikkisining ham yuzlari loladek qizargan edi.
“Xayr, Inoyat.”
“Xayr, Shodiya.”
Uyga qosh qorayganda kirib kelgan Inoyatning yoniga ukasi kelib, Mo‘tilal bobo uydagilarimiz bilan xayrlashib ketdi. Sizni ko‘p kutdi. Kelmaganingizdan keyin yana qaytishdi dedi. 
U uyga ham kirmasdan og‘ilxonada Shodiya bergan sarpolarni kiyib, Mo‘tilal boboning chodiri tomon yo‘l oldi. Yetib kelib ko‘rdiki, chodir o‘rnida faqatgina eski-tuski narsalar qolgan.
U ko‘zlarini xuddi suratga tushgani kabi olis manzillarga tikdi. Qo‘ynidan Shodiyaning rasmini olib, sekingina yuziga bosdi. Undan bir to‘n, bir do‘ppi, bir belbog‘ va bir surat yodgor bo‘lib qoldi. Va yuzida esa o‘tli bo‘sa qoldi. Hammasi yakkash. Mana adirda ham yakka o‘zi qoldi. 
Zamin peshonasidagi ajindek taram-taram bo‘lib yotgan mana shu ilonizi so‘qmoqlardan onasi bilan buvasinikiga kelgan edi. 
Ufqqa boqqanicha unsiz pichirlaydi: “ Ey, Xudo, mening yozug‘im ne ediki, tilsiz yaratding. Zabon ato etsang haqqing ketarmidi? Mening ko‘zyoshlarimdan senga ne naf?
Ey, falak, sen mendek odamlarning qanchalaridan nolasini eshitgansan. Hech qaysisiga javob bermaysan. Jimsan. 
Ey, falak, nahotki senda ham menga o‘xshab tili yo'q?!.”

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.