OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Intiq qilgan mo‘jiza (hikoya)

Vohid bilan Norbuvi bu bolasining tug‘ilishidan tashvish tortmadi. Chaqaloqqa Oyro‘zi kampir doyalik qildi. Bola osongina tug‘ildi.
Bolalar suyunchiga yugurib ketishdi... Chaqaloqqa ism tanlash unchalik qiyin kechmadi. Unga ashur oyida tug‘ilganligini hisobga olib, Ashur deya ism qo‘yishdi.
Qulog‘iga mulla Misr azon o‘qidi. Go‘dakni Oyro‘zi kampir cho‘miltirdi, beshikka beladi.
Hamma irim-sirimlar qilindi.
Ashurning dunyoga kelishi xursandchilik bilan boshlandi.
U jimgina beshikda yotardi, xarxasha qilmasdi. Beshikni tartibga keltirar mahalida uni opalari tashqarida opichlab yurardilar.
Uni uydagilarning hammasi erkalardi. Ayniqsa, buvisi uni suyardi. Boshlarini silab, yonoqlarini chimchilab qo‘yardi.
Hammasi keyinroq ayon bo‘ldi. Ayonligi shuki, Ashur gapirmasdi. Faqat imo-ishora bilan muomila qilardi.
Ro‘zg‘ordan halovat ketdi. Vohid bilan Norbuvi uni ergashtirib goh do‘xtirga, goh azayimxonga olib boradi. Turli xil tavsiyalar va shunga yarasha emlash. Biroq foydasi bo‘lmadi. Ashur baribir gapirmadi.
Taqdirga tan berishdi. Uydagilar va qarindoshlar ham Ashurning tili yo‘qligiga sekin-asta ko‘nikishdi. Osmon yiroq, yer qattiq deganlari rost edi...
Ashur ko‘chadagi bolalar bilan quvlashmachoq, bekinmachoq, oshiq kabi o‘yinlarni bemalol o‘ynardi. U bolalar bilan imo-ishora orqali so‘zlashardi. Bolalar ham uning nima demoqchi ekanligini tashvish tortmasdan bilib olishardi. Biroq qo‘shni ko‘chadagi, mahalladagi bolalar kelishgudek bo‘lishsa, ular Ashurning gapiga tushunmasdi. Ana shunday paytda bu bolalar Ashur bilan qo‘shni bolalarning o‘rtasida tilmochlik qilardi.
U tomorqa ishlarini ham, qo‘y-mollarni ham yaxshi ko‘rardi. Mehnatkash edi. Joni dili bilan ishlardi. 
U bilan birga o‘sgan bolalar maktabga so‘ng boshqa o‘qishlarga jo‘nab keta boshladi. Endi ular Ashurdan uzoqlasha boshlagan edi. U sekin-asta yolg‘izlanib qolayotgan edi. Bir muddat kattalarning davrasiga qo‘shildi. Qirning ustiga chiqib olib o‘tgan-qaytganlar haqida gaplashib o‘tirishlar unga ko‘p ham ma’qul kelmasdi. Orani uzdi.
Keyinchalik o‘zidan kichkinalar bilan ham anjuman qildi. Ular Ashurning ra’yiga qarab, unga izzat-ikrom ko‘rsatishardi. Bolalar sho‘x bo‘lsa-da, samimiy edi.
Ashurning ularga havasi kelardi. Ularni qo‘shni ko‘chaning bolalaridan qo‘riqlab, avaylardi. O‘zi esa tili yo‘qligidan qimtinib, davralarda pisib o‘tirardi. Gohida xo‘rligi kelardi. Ich-ichidan yig‘lab o‘kinardi.
“Yaratgan meni qaysi gunohim uchun tildan qisgan ekan? Ne yozig‘im bor edi? Yoki ajdodlarimizdan birortasining kasriga qoldimmikin?..” deya o‘ziga o‘zi savol berardi.
Uning safdoshlari yana tarqalib ketdi. Ashur bilan davradosh bo‘luvchi yangi odamlar paydo bo‘ldi. Ular ham kelib ketaverardi. Shunisi ham borki, Ashurni guzardagi hamma hattoki, endi tili chiqqan bola ham sensirab gapirardi. Biroq u bu ishlardan xafa bo‘lmaydi.
Bir kuni Ashur Yaxshiboytepaning ustiga chiqdi. Bu yerda esa tengdoshlari Samad, Abduholiq, Tillaxo‘ja va Rasullar gurunglashib o‘tirardi. Ular Ashurni ko‘rib, uni davraga taklif qilishdi. Salom-alik, so‘ngra obu havo, narxu navodan gap boshlashdi.
Tepadan qishloq bor bo‘yicha ko‘rinib turardi. Bir zum sukut saqlashdi.
-Rasul, to‘yni tiramohda qiladigan bo‘ldingmi? – sekin so‘raydi Tillaxo‘ja.
-Ha, uydagilar belgilashgan. Ro‘zadan oldin qilish kerak emish, - deydi Rasul uyalinqirab.
-Aslida sen Dilraboga emas, Barnoga uylanishing kerak edi. Bu qiz sening tenging emas, Rasulboy, - deydi Samad.
-Yo‘q, u Muborakni yoki Tuhfani olishi kerak edi, - deydi Abduholiq.
-Ey, qo‘yinglar-e, bu gaplarni. Bular ish bo‘ldi. Kelinglar, boshqa gaplardan gurung qilaylik, - deydi Rasul.
-Ashur sening to‘yingni qachon qilamiz. Ko‘z ostingga olganing bormi o‘zi? – deydi Samad.
-Menga qiyin, bilasizlar tilim yo‘q. Agar zabonim bo‘lganida bormi, ko‘p ishlarni qilardim. Menga hech kim tegmaydi, - deydi Ashur.
-Gapni aylantirma, Ashur, - deydi Samad. – Avval Muborakni keyin esa Barnoni yaxshi ko‘ruvding. Hozir esa...
-Mm... mmm... – deya Ashur Samadning gapini bo‘ladi. – Men Muborakni yaxshi ko‘rmaganman. Faqat Barnoga biroz muhabbatim bor edi. Hozir ham unga mehrim bor.
-Barnoning bundan xabari bormi? – deydi Abduholiq.
-Bor, - deydi Ashur. – Unga bu sirni singlim aytgan.
-Javobi nima bo‘ldi? – o‘smoqchilaydi Samad. – Bildingmi?
-Yo‘q, - deydi Ashur. – Javobini aytmaganu lekin xabari bor. Mening oldimdan yerga qarab, uyalib, qizarib o‘tib ketadi. Men ham uni ko‘rsam qizaraman. Tanim behuzur bo‘ladi.
-O‘h-o‘h, zo‘r-ku! – deydi Samad. – To‘y qilsang, tag‘in men aytilmay qopketmayin.
-Yo‘q, hammangni, butun qishloqni to‘yga aytaman. Elga dasturxon yozaman, - deydi Ashur.
Yigitlar xuddi shu zaylda bir-biriga gap otishib ancha vaqtgacha suhbatlashib o‘tirdi.
Poda qaytar mahali ular ham o‘rinlaridan qo‘zg‘alib, uy-uyiga tarqalishdi.
Oradan ko‘p vaqtlar o‘tdi. Barnoni ham begona eldan bir yigitga unashtirishdi. Fotiha to‘yi belgilandi. O‘sha to‘y kuni Samad qudug‘iga chelak tashlasa, pastdan ajabtovur ovoz chiqdi. Arqonni tortib olib, pastga qaradi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, quduq tubida Ashur yotardi. U tepaga, tashqariga chiqishni xohlamasdi. Quduq boshida odam yig‘ildi. Ular bir amallab Ashurni quduqdan tortib olishdi. Uning ust-boshlari shalobbo bo‘lib, yuz, oyoq-qo‘llari loyga belangandi. U oftobda toblanib yotardi. Birovga parvo ham qilmasdi. Bu paytda esa yig‘ilgan odamlar Ashurning quduqqa nega o‘zini tashlaganligini muhokoma qilib o‘tirardi.
Voqea joyiga uning singlisi ham yetib keldi. U o‘zini akasining ustiga tashladi. Boshda ho‘ngrab, so‘ng o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi.
Sir fosh bo‘ldi. Uni odamlar yupatishdi. “Barno bo‘lmasa, boshqasini olasan. Senga tegaman deganlar son mingta. Hali tanlab-tanlab undan ham zo‘rini topasan. O‘ksima. Oldinda yaxshi kunlaring ko‘p. Bularni ko‘rmaganday bo‘p ketasan. Xotin yo‘lda, bola belda deganlar.”
Ashurning bir qizni deb o‘zini quduqqa tashlashi butun qishloqqa, elga ovoza bo‘ldi. U ancha vaqtgacha ko‘chaga chiqmasdan – xonanishin bo‘lib yurdi. Qilgan ishidan uyaldi. Buning ustiga uni uyaltirishdi ham.
Kuz bilan qish endi joy almashayotgan paytda jarchi butun qishloq bo‘ylab, hammani to‘yga aytdi. Bu to‘y Barnoniki edi. 
Ashur ham el qatori to‘yga boradi. Unga ko‘p narsa alam qilardi...
Nazarida hamma uni kuzatayotgandek tuyulardi.
U sekin chetga o‘tdi. Tutning soyasida o‘tirmoqchi bo‘lib borsa, u yerda it bog‘liq ekan. It uni ko‘rdi-yu zanjirni uzgudek bo‘lib, Ashurga tashlandi. Ashur esa itning vovullashiga parvo ham qilmasdi. U indamasdan tutning soyasiga kelib o‘tirdi. It esa badtar hurib unga tashlanardi.
Ashur itning oldiga suyak tashlaydi.
It esa suyakka qaramaydi ham.
It soyada turib, bir muddat taraddudlandi. Nedir ishga shaylandi. It Ashurga tashlanardi. U itni ko‘pam mahtal qilib turmadi. Yelkasini bir o‘girdi-yu o‘zini itga tutdi.
It uni g‘ajidi.
Yana odamlar itni haydab, Ashurni so‘laygan holida chekkaga opchiqishdi. U qip-qizil qonga belangan edi.
To‘y bir tarafda qolib, tumonot odam tomoshoga yig‘ildi. 
Ashurning o‘zi ham xijolat bo‘ldi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.