Yer yuzida qanchalar shaharu qishloqlar bor. Har birining o‘z odati, an’analari mavjudki, ular orasida tavofutni ilg‘ash qiyish emas.
Biri biriga o‘xshamagan udumlarini ko‘rib yoki eshitib hayron qolasiz. Tafovut shaharlar orasida emas, balki qishloqlar o‘rtasida va qo‘yingki, ularning odamlarida ham seziladi.
Yer yuzida Jom degan qishloq bor. Qishloqning qachon paydo bo‘lganligini hech kim aniq aytib bera olmaydi. U haqda tarixiy manbalarda kam ma’lumotlar berilgan. Manbalarda faqatgina Jom qishlog‘i bilan bog‘liq tarixiy voqealar xususida qaydlar bor. Qishloqning tarixi esa alohida zikr qilingan joylar yo‘q. Shu tufayli Jom qishlog‘ining tarixi haqida turli-tuman tarixiy rivoyatlar uchraydi.
Mamlakat xaritasini qo‘lga olib, qarasangiz Jom qishlog‘i Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarining chegarasini aniqlab turganligiga guvoh bo‘lasiz.
Jom bilan Qashqadaryoning Umakay, Sarson, Arabbandi, Qoraqiya, Chuvulloq va Qo‘chqorbuloq kabi qishloqlari yonma-yon. Ularni faqatgina tog‘lar ajratib turadi. Odamlarning bir-biri bilan quda-andachiligi bor.
To‘ylar kim o‘zariga bo‘lmasdi. Mehmon ham uning oti ham aziz bilinardi. Qo‘noq berilar edi. Uy to‘la mehmonlarga yoshlar xizmat qilishardi. Taomdan so‘ng, yoshlar yelkasida sochiq, birining qo‘lida oftoba, birining qo‘lida tuftan mehmonning qo‘liga suv quyishadi. Oftobani tutgan bola albatta ikki qo‘llab mehmonning ilkiga suv qo‘yishi shart. Qo‘noqning otiga ham yigitlar ko‘z-quloq bo‘lib turishadi. Yemini, xashagini oxurga soladi. Tagini kuraydi. Qashlaydi. Otni sovutishadi. Og‘zidan suvliqlarini, ustidan egar-jabduqlarini olib otga dam beradi. Mehmonning izzati bitib yoki to‘y tugaganidan so‘ng oti oldiga kelganida uzangisini yoshlar tutib turishadi. Suvoriy otiga irg‘ib minadi-da, mezbonlar bilan xayrlashadi.
Mana shu ishlarning boshida kayvoni turadi. U el-ulusning eng qadrli va obro‘li odami bo‘ladi. Kayvoni shu elning to‘yi-yu ma’rakasiga bosh-qosh bo‘lib, to so‘nggi fotihaga dovur turadi.
Qishloqda otalar bolalariga erta turish kerakligini, negaki, yaratgan o‘z bandalariga saharlab rizq ulashishini mudom uqtirishadi. Shundan bo‘lsa kerak, odamlar erta turib, hammasi o‘ziga tegishli yumushlar bilan andarmon bo‘lishadi. Bolalar molu-qo‘ylarini dashtga haydashadi. Qizlar sigir sog‘ishadi. Onalar non yopishadi. Otalar esa yelkasiga choponni tashlab, tomorqani aylangancha reja tuzadilar. Kelinlar esa hovliga suv sepib, supiradi. Jomda kelinlar kuyovning qarindoshlaridan birortasini ham ismi bilan chaqirmaydi. Kelin ularga o‘ziga mos tarzda nom topadi. Masalan, katta aka, kenjatoy, polvon uka, qoraqosh ammasi, oy, avliyoshdagi avliyo kabi. Hattoki, ba’zi kelinlar uydaga mushukni haydab solish uchun pisht deyish o‘rniga hurmat bilan “pishing” degan ekan.
Jom bir tilli va bir urug‘li el. Atrof qishloqdagilar bu elga havas bilan qarashadi. Jomda yana bir ajabtovur odat borki, bu haqda so‘zlasak yomon bo‘lmas. Ilgarilari bu qishloqqa falakning gardishi bilan kelib qolgan va yerli yigitlarlarga erga tekkan o‘zga millat vakilalari ham bor. Ularni qishloq ahli o‘z millatining nomi bilan ataydi. Masalan, Arab momo, No‘g‘oy kampir, Tojik momo, Nayman momo kabi. Ayni chaqiriqlar yangragan paytda zig‘ircha ham g‘ayirlik sezilmaydi. Qaytaga momolar bu qishloq yigitlarining bir paytlar boshi aylanib, ularga nasib qilgani haqida qochirimli hikoyalarni aytib berishadi.
Momolar uzoq-uzoqlarga tikilganicha o‘z yoshliklari, o‘sib-ulg‘aygan joylari haqida ham gapirib berardilar. Ularning so‘zlarida og‘riq allanechuk g‘ussa bor edi. Momolar o‘tmishini so‘ylab bergach, albatta xo‘rsinardi.
Momolar yoshligini, tug‘ilib o‘sgan manzillarini sog‘inardi.
Jomda Muso degan odam yashaydi. U serfarzand. “Kachchak” degan laqabi borligini uning o‘zi ham biladi. Muso tinib-tinchimas odam. Yoshi o‘tinqirab qolganiga qaramasdan harakatlari haliyam chaqqon. Eshagiga o‘zi minadi.
Muso kachchak yoshligida juda sho‘x bo‘lgan. Tekkanga tegib, tegmaganga kesak otadigan o‘spirin tengqurlari orasida dadilligi bilan ajralib turadi. Muso anchayin quv va qitmirroq edi. Uning savodi ham yomon emasdi.
Mulla Rahimga shariatdagi farzu sunnatlardan savol berib javobini eshitardi. Muso esa mullo Rahimning javobi nega mullo Misrnikidan farq qilishini yana so‘raydi. Mullo Rahim jim turadi. So‘ng ikkovi Musoning o‘zi tayyorlagan musallasdan bukkunicha ichishadi. Musoning mullo Rahimga ichi achiydi, rahmi keladi. Uning mullaligiga ishonmaydi.
Muso qo‘shnisi – Xolmon komissar bilan bo‘yinsa edi. Uning yoshi Musodan katta bo‘lib, u urush paytlari atrofdagi qishloq yigitlarini ruyxat qilib jangga jo‘natavergan. Ko‘pgina harbiy va boshqa mutasaddilar bilan muloqoti yaxshi bo‘lgan. Xolmon komissar go‘ppiroq odam edi. Birov uni maqtasa echkiemarday shishardi. U urushga o‘zining tug‘ishgan ukasi – Qamarni ham jo‘nattirivoradi. Shundan so‘ng uning obro‘si yurt og‘alarining orasida oshgandek bo‘ladi. Xolmon komissar go‘yoki yurt og‘alari bilan har kuni saharda choy ichib yuradigandek, ularning nomidan ham ba’zi bir gaplarni aytib odamlarni og‘ziga qaratib turardi. Xolmon komissar o‘rischa ibora-yu so‘zlarni gap orasida ishlatib qo‘yardi. Biroq uning o‘rischasi no‘noq edi. Muso o‘rischani bilmasa-da, baribir komissarni mot qilardi. Muso ba’zi bir so‘zlarning o‘rischa tarjimasini undan so‘rardi. Masalan, po‘stak, uzangi, gelagay, uvuz, tuyoq va boshqa shunga o‘xshagan so‘zlar bo‘lardi. Xolmon komissar esa bu so‘zlarning tarjimasi qanday bo‘lishini umuman bilmasdi.
Muso Samarqandga qatnab tunukasozlik bo‘yicha hunar orttirib keldi. U uyida o‘tirib olib hokandoz, pechka, mo‘ri, cho‘t, o‘roq kabi narsalarni yasab onasini boqardi. Musoning eng birinchi qilgan katta ishi – bu Xolmon komissarni uyining tomini tunuka bilan yopgani bo‘ldi. Shundan keyin uning faoliyati avj oldi. Hamma loysuvoq tomlarini Musoga aytib tunuka qoplattirardi.
Shunday kunlarning birida Muso tom ustida tunuka yopa turib, pastda qizil ko‘ylakli qizga nazar soladi. Qizi tushmagur ham tunukasozni zimdan kuzatib turgan bo‘ladi. U tomni ham, qizning masalasini ham tez kunlarda bitkazib, bu yerdan ketadi. Musoning uyqusidan halovat yo‘qoladi. Yurish-turishi o‘zgaradi.
Ajoyib kunlarning birida, kechki dasturxonga yig‘ilib, choy ichib o‘tirgan mahali onasi Musoni odatdagidek qistalang qiladi: “Bolam, uylangin, men ham nevaralar boqay. Ularni ko‘tarib yuray. Kelinning qo‘lidan choy ichay. Bu yoq umrim qancha qoldi, yolg‘iz xudo biladi. Bolam ko‘zingning ostiga olganing bo‘lsa aytgin, taraddusini ko‘ray...”
Oqibat Muso o‘sha qizil ko‘ylakli qizni aytadi. Onasi xursand bo‘ladi. Ertasiga tuguncha bilan bo‘lg‘usi qudanikiga keladi. Yana boshqa e’tiborli odamlar oraga tushadi. Baribir foydasi bo‘lmaydi. Oxiri chidolmasdan Musoning o‘zi ham taomilni buzib keladi.
“Qizlaringni bersanglar menday yigitga berasizlar, mendan ortiqqa u ham tegmasa kerak. Uning menda ko‘ngli bor, ishonmasanglar so‘rab ko‘ringlar,”
Baribir foydasi bo‘lmaydi. Oqibat Muso qizil ko‘ylakli qizni opqochib ketadi. Biroz muddat u qiz bilan ko‘zdan panada – Samarqandda o‘zi bir paytlari ijarada yashagan tojik kampirnikida turadi. So‘ng qishloqqa qaytib keladi. Mulla Misr ularga nikoh o‘qiydi. Tuy qilinadi. Qudalar bir muddat bir-birlariga tumtayib yurishadi. Keyinchalik hammasi joyiga tushib ketadi.
Musoning kattakon bog‘i bor. Unda turli navli uzumlar pishadi. Bog‘da u bolalarini yoniga olib mehnat qiladi. Ro‘zg‘orini mana shu bog‘ hisobidan boqadi. Uning uzumlari nafaqat Jomda balki, tevarak atrofdagi qishloqlarda mashhur. Mayizi ham yaxshi bo‘ladi.
Uzumlar ayni g‘arq bo‘lib pishgan mahali qo‘liga ov miltig‘ini olib, hosilni qushu o‘g‘rilardan o‘zi qo‘riqlaydi. Ov miltiqni Xolmon komissar topib bergan. Qo‘liga xujjat ham obergan.
U uzumini yemoqchi bo‘lgan mayna, chumchuq va olashaqshaqlarni otadi. Otilgan qushlarning tanasini esa uzumzorga uzun tayoq chiqib unga osib qo‘yadi. Gohida ko‘zqo‘rqitarga Muso osmonga qarata miltiqdan o‘q otadi.
Kunlardan birida Muso uzumzorga o‘g‘ri kirayotganini payqab qoladi. Surishtirib bilsa, mahallaning bolalari sho‘xlik qilayotgan ekan. U miltig‘ini o‘qladi. O‘g‘rilarni ham, qushlarni ham cho‘chitib qo‘yish uchun kun buyi huda-behuda o‘q otaverdi. Muso qilayotgan ishidan ma’ni topmasdi. Faqatgina, miltig‘i bor ekanligini, uzumzorga kirmoqchi bo‘lgan o‘g‘rining yuragiga hadik solib qo‘yish niyati bor edi.
Musoning ko‘hlikkina qizi bbor edi: Oyqiz. Qizi tushmagur ko‘zga yaqin edi. Ko‘p yigitlar unga oshiq bo‘lsa-da, lekin Oyqiz ularga ro‘yxushlik bermasdi. Qizning ko‘ngliga birgina yigit yo‘l topadi. U yigitning singillariga ro‘molcha beradi. Bu esa rizolik belgisi edi. Yigit bilan qizning uchrashuvi bo‘ladi. Ikkalasi bir-biriga ahdu paymon qilishadi. Shirin-shirin xayollarni surishadi. Baxtdan va’dalar berishadi.
Ajoyib yoz kunlarining birida yigit singlisining qo‘liga xat tutqizib, Oyqiznikiga jo‘natadi. Singil ega maktubni egasiga eltadi. Yigit esa qachon qorong‘u tushar ekan, deya zoriqib uyda o‘tiradi. Vaqtning o‘tishi, oftobning joyiga siljishi uning uchun to‘xtab turgandek yoki yalqovlik bilan harakatlanayotgandek tuyulardi. U quyoshni qo‘li bilan botirib qo‘ygisi kelardi.
Intiqib kutilgan damlar ham yetib keldi. Osmonda yulduzlar quyuqlashardi. Qushlarning chug‘ur-chug‘uri ham bosildi. Itlar ham gohida akillab ovoz berardi. Yigit mana shu pallada Musoning uzumzori tomon yo‘l oladi.
Ularning uchrashuv joyi – bog‘ning o‘rtasidagi xochsifat yog‘ochning boshiga telpak, egniga eski to‘n yopilgan manzil edi. Yigit o‘sha joyga kelib Oyqizni kuta boshladi. Oyqiz esa chiqavermay, yigitni o‘ziga mahtal qilardi. Yigit bezovta bo‘la boshladi. Oqibat yigitning toqati tugab uyiga qarab keta boshlaydi.
Kutilmaganda tunni o‘q ovozi buzadi. Muso yigitni mo‘ljalga olgandi. O‘q yigitning boldiridan bir parcha go‘shtni yulib ketgandi. Bog‘bon yugurib borib, yigitning qo‘llarini orqasiga qayirib bog‘ladi. Yigit esa tanidagi og‘riqdan ingrab yotardi. Oyqiz esa uyda unsiz yig‘lardi. Muso yigitni urmoqchi bo‘ldi, biroq qo‘li bormadi. Ko‘ngli Musoning xato qilayotganini aytib turardi.
Muso asirining qo‘llarini bo‘shatib, yarasiga kigiz bosdi. Oyqiz ham yordam berdi. Muso ham, Oyqiz ham yigitning oldida o‘zlarini gunohkor sezardi.
Muso shundan so‘ng yigitning uyiga bordi. Bo‘lib o‘tgan voqeani batafsil tushuntirdi. Yarash-yarash bo‘ldi. Yigitnikidan sovchilar keldi...
Muso o‘zi bir paytlar otgan kuyovini boshqalaridan ayricha ko‘radi...