OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Niyoz (hikoya)

Amirxon Eshon kampirining gapiga kirib, Nurmat baxshinikiga qulchilikka jo‘nadi. Baxshi Yaxshiboyday yigitni unchalik mensimagandi. Borgan sovchilarni qaytaraverdi. Yaxshiboyning ota-onasi u yoshligida qazo qilib, bola bir singlisi bilan qolgandi. Ikkalasini esa amakisi asrab olgandi. Yaxshiboy qo‘lidan ish keladigan bo‘lganidan keyin qishloqning podasini boqib va buning evaziga kun kechiradi.
Yaxshiboy eshonning ham, baxshining ham suruvini boqardi. Muylabi sabza urgandan so‘ng Nurmat baxshining har doim suruvga qo‘y qo‘shadigan katta qizi – Roziyaga ko‘ngli sust ketdi. Uydagilarga dardini aytdi. Yangasi bordi, amakisi bordi, boshqalar ham bordi. Barisi bekor bo‘ldi. Umidi uzilgan amakisi oxiri eshonning kampiri – Toshbuvi momoni ishga soldi...

* * *

Nurmat baxshi Amirxon eshonni uzoqdan ko‘ra turib, unga peshvoz chiqdi. Eshonni eshagidan tushirib, arqonni qoziqqa ildi. Xurjunni yelkasiga oldi. Mehmonining qo‘liga suv qo‘ydi. So‘ng mehmonxonaga kirishdi. Salom-alik, hol-ahvol so‘rashildi. Bir piyola choy ichib bo‘lingandan so‘ng, eshon hayron bo‘lib turgan baxshiga qarab gap boshladi:
-Baxshi men qulchilikka keldim, Roziyaga.
-Ha, eshon buva. Qani u yog‘ini ham eshitaylik-chi? Nima gap ekan. Ayting-chi? – deya baxshi alanglaydi.
-Yaxshiboyni bilasan. O‘zimizning yigit. Aybi nuqsoni yo‘q. Tarbiyasi, odobi joyida. Shu yigitning baxtini bekam qilsang. Savob ham bo‘lardi. Buning ustiga Yaxshiboy bilan Roziya qizimiz bir-birini haliginday... – deya eshon gapining oxirini aytmaydi.
-Eshon buva, Yaxshiboy yetim bo‘lsa, uy-joyi ham yo‘q. Bola-chaqani qanday boqarkan, - deydi baxshi hadiksirab.
-Ey, baxshi hammasi xudoning ishi. Roziqboy erta o‘lay, bolalarim yetim qolsin, dermidi. Roziqboyni yaxshi bilasan. Qo‘li ochiq, tanti yigit edi. Xudo umridan qisgan ekan. Na iloj. Olmaning tagiga olma tushadi, baxshi. Yaxshiboy ham Roziqboyning o‘g‘li. To‘rt muchasi sog‘, uyni o‘zi qurib oladi. Qarindoshlari ham qarab turmas. Men ham uylanganimda birgina oq yaxtak bilan ishtondan bo‘lak hech vaqom yo‘q edi. Mana endi qara, shuncha dovu daskaga ega bo‘lib turibman. Baxshi, sal kenglik qilgin. Amakingga o‘xshab, Omonboyday yigitlarni ko‘zlamagin, tag‘in, - deydi eshon.
-Omonning yo‘rig‘i boshqa. Amakim uni yeru ko‘kka ishonmaydi. Hammaning havasi keladi. Qaniydi, hammaga ham Omonday kuyov nasib qilsa, - deydi baxshi.
-To‘xta, Omon hozir otasiniyam tanimaydi, baxshi. Amakingning katta o‘g‘li bo‘lib qoldi u. Bir paytlar amaking ham “xato qilmadimmi?” deb o‘ylanib qoluvdi. Lekin Omonning enasi o‘tkir xotin edi. Hamma masalani hal qilardi. Uncha-muncha erkak uning yo‘lini to‘sa olmasdi. Qishloqning ayollariga paranji tashlattirgan ham o‘sha ayol edi. Parda bechora xotinining dastidan uyalardi. Urushdan keyin uncha ko‘p yashamadi. So‘ng kampiri ot minib ko‘p davru davron surdi. Omon esa Omonboy bo‘ldi. Otasining nomini ko‘pam tutmadi.
Yaxshiboyga qizingni bersang, baxshi. Ikkovi baxtli bo‘lsin. Sen bilan men tilovchi odammiz. Kel, shu ishga yo‘q demagil, - deya Amirxon eshon so‘zini tugatdi.
-Bilmasam, Eshon buva, onasining ham gapini olsak nima qilarkan? – deya baxshi talmovsiradi. – Harna umr savdosi. Masalasi og‘irroq. Pishiq-puxta o‘ylagan ma’qulmikan. Erta-indin qiynalmaslik uchun hozirdan ishni pishitsak degandim.
-Baxshi oldingga sichqon-pishak o‘ynagani kelganim yo‘q. Men oldin ham Yaxshiboydan qanchalab sovchilar kelgan. Xotiningni pesh qilma. Hozir yo “ha” yoki “yo‘q” degin. Ayollar bilan kengashishga toqatim yo‘q. Aytib qo‘yay, agar yo‘q deydigan bo‘lsang, sen bilan salom-alikni yig‘ishtiraman. Menday eshon sen uchun yo‘q hisobi. Bor gap shu, omin, - deya eshon o‘rnidan qo‘zg‘oldi.
-Eshon buva, o‘tiring, o‘tiring, hali hech gap bo‘lgani yo‘q-ku, - deya baxshi o‘rnidan turib, mehmoniga talpindi. 
Biroq Amirxon Eshon mezbonning iltifotlariga beparvo bo‘lib, o‘rnidan dast turdi. Yelkasiga chakmonini tashlab, sallasini to‘g‘rilagan kishi bo‘lib, eshikdan chiqdi.
Nurmat baxshi yalindi, yolvordi. Eshon parvo qilmasdan eshagi tomon yo‘l oldi. Baxshi uning xurjuniga ul-bul solib, uydan yugurib kelib, arqonni yechdi. Egar jabduqlarni tortdi. So‘ng xurjunni egarga tashladi. Mezbon alanglab turardi. Tili lol edi. Mehmon eshagiga irg‘ib mindi.
-Eshon buva yaxshi boring, yana keling, - dedi baxshi.
-Eshonni keladigan qildingmi sen zang‘ar. Agar qizim bo‘lganida Yaxshiboyni o‘zimga kuyov qilardim. Ey, sadqai odam ket, - deya mezbon eshagini niqtab jo‘nab ketdi.
-Eshon buva, siz tushunmadingiz, men hali... – deya baxshi uning ortidan gapirganicha qoldi. 
Nurmat baxshi Amirxon eshonning ortidan ancha vaqtgacha qarab qoldi.
“Eshon buva xafa bo‘lib ketdi. Endi nima qilsam ekan. Balkim yarim yo‘ldan qaytib kelib yana mendan gap so‘rar. Rozi bo‘lsam, nima qilardi?” – deya ichida ko‘p gaplarni takrorladi.
Eshon iziga qaytmadi.
Nurmat baxshi ortiga qaytdi. Uyiga kirdi. Kampiri qizi – Roziyaga imo qildi. Qiz uydan chiqdi. So‘ng sekin gap boshladi:
-Eshon buva nimaga kelgan ekan. Ketishi sal tezroq va ajabtovur bo‘ldi. Yoki birorta ishi esiga tushib qoldimikan?
-U kishi qulchilikka kelgan ekan, - dedi baxshi.
-Kimga? – dedi kampirining ko‘zlari chaqnab.
-Roziyaga, - deydi baxshi erinibgina.
-Roziyaga... kimdan kelibdi, - deydi kampir bo‘ynini cho‘zib.
-Kimdan bo‘lardi, anovi Yaxshiboy bor-ku, shundan kelgan, - deydi baxshi bepisand.
-Ha, shunday deng, boshqa odam qolib, endi eshonni o‘rtaga solibdi-da. Ular ham anoyi emas. Yumshoq yerni bosgisi kelmaydi. Siz nima deb javob berdingiz, - deydi kampiri.
-Hali hech narsa deb javob berganim yo‘q. Lekin o‘ylanib qoldim. Boshim qotdi. Nima desam ekan, - deydi baxshi.
-Nimayam der edingiz. Yo‘q deng. Yaxshiboyga beradigan qizim yo‘q. Shunda qutilasiz, qo‘yasiz. Eshoniyam, boshqasiyam bizni tinch qo‘yadi, - deya kampiri javray ketdi.
-Sen shunday deysanu lekin eshon xafa bo‘ladi. Hozir u ham xursand bo‘lib ketgani yo‘q. Eshon olamjahon nasihatlarni qildi. Ammo mendan sado chiqmadi. Xotin kel, shu odamning sazasi o‘lmasin. Roziyani Yaxshiboyga beraylik, - deydi baxshi.
-Yaxshiboy yetimcha bo‘lsa, uy-joyi yo‘q. Buning ustiga u bizning tengimiz emas. Men qizimni u yetimcha uchun tuqqanim yo‘q. Mening ham o‘zimga orzuyim, niyatlarim bor. O‘sha eshoningiz o‘z qizini Yaxshiboyga berarmidi? – deya kampiri shang‘illay boshladi.
-Ha, qizim bo‘lganida Yaxshiboyni o‘zim kuyov qilardim, dedi eshon buva, - deya gap boshladi Nurmat baxshi.
-Eshon buva shunday dedimi? – deya kampirning ovozi pasaydi. – Unday bo‘lsa yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak ekan. Balki baxti ochilib ketar.
-Mana xotin o‘zing bir o‘ylab ko‘r, hech kim onadan to‘la-to‘kis tug‘ilmagan-ku! Roziyani Yaxshiboyga bo‘lmasa yana bir boshqasiga berishimiz kerak-ku axir! O‘zimizdan qiyos, seni olganimda ahvolimiz qanday edi-yu, mana hozir qay ahvoldamiz? Shuncha narsani ikkovimiz yaratdik. Birov opkelib bergani yo‘q-ku! Munday o‘ylab qarasak, Yaxshiboy ham yomon yigit emas, tuzuk. Mehnatkash, odobi, uyati bor. Buning ustiga eshon buva uni deb ro‘zg‘orimizga bosh urib keldi, - dedi baxshi.
-Bu bilan qizimizni Yaxshiboy yetimchaga beramiz demoqchimisiz. Adashmayapsizmikin? – deya kampiri taajjublanadi.
-Izzatimizni bilganimiz yaxshi emasmi, kampir. Obro‘yimiz joyida, hurmatimizni qilib kelishdi. Roziyani bersak Yaxshiboyday yigitga beramiz-da. Undan ortig‘iga beraolamizmi? Tag‘in, qizingning ham ko‘ngli bor deganday bo‘luvdi. Yana boshqa boshog‘riqlar paydo bo‘lmasin. Bolang uchun katta gapirishning mavridi emas. Keyin elga sharmanda bo‘lib yurmaylik, - deydi baxshi.
-Nima qil deysiz? Qizimizni Yaxshiboyga qo‘sh-qo‘llab topshiramizmi? – deya kampiri eriga o‘qraydi.
-Hovliqma kampir, el qatori hamma ishimiz bo‘laveradi. Sabr qil-chi. Hammasi joy-joyiga tushib ketaveradi, - dedi baxshi.
Chol-kampirning gapi shu yerda uziladi. Ikkovi ham miq etmay o‘tirdi. Kampir achchiqlandi.
Baxshi eshonni kuzatganidan so‘ng, ancha vaqt o‘ziga kelolmay yurdi. Qo‘li ishga bormay, ko‘ngli alag‘da bo‘ldi. Qizini oborib topshirib kelolmaydi. Ulardan yana sado yo‘q. Arosat.
Xayriyatki, Yaxshiboyning amakisi – Po‘lat qassob baxshining eshigini taqillatdi. Uy egalarining yuzi yorishdi. Po‘lat qassobni ular ichkariga taklif qilishdi. Salom-alikdan so‘ng, qassob muddaoga o‘tdi.
-Baxshi buva, yana o‘sha gap. Oraga eshon buva ham tushdi. Roziyani boshingizga yostiq qilib yotmaysiz-ku! Yaxshiboyga bering. Bizlar ham qarab turmaymiz. Qo‘ldan kelganicha yordam beramiz. Keling, xo‘b deng. Ikkovi baxtli bo‘lsin. Siznikiga ham kelaverib juda charchadik. Xudo xayringizni bersin.
-Qizi borning nozi bor deydi-ku! – deya baxshi kuladi.
-Noz me’yoridan oshib ketdi, - deydi qassob.
-Mayli, qassob uka, ayollarni jo‘natinglar, anovinday narsalarni kelishib olib, to‘yga hozirlik ko‘raylik, - deydi baxshi.
-Rahmat sizga, baxshi buva. Kuyov muborak bo‘lsin, - deydi qassob.
-Qulluq, qulluq, sizga kelin muborak, - deydi baxshi.
-Muborak, qulluq, qulluq, - deydi qassob.
Yaxshiboy bilan Roziyaning to‘yi belgilandi. Kelin-kuyovni Po‘lat qassobnikiga tushirishdi. Ular baxtli oilalardan biri bo‘lib yashay boshlashdi. Keyinchalik yosh oila o‘zlariga atab alohida uy-joy ham kurib oldi. Bu uyda ko‘p mehmonlar kutildi.
Yaxshiboy bilan Roziya tirnoqqa zoriqa boshladi. Chora izlab, uni axtarishdi. Oxiri Nurmat baxshi Amirxon eshonning oldiga keldi. Masalani tushuntirdi. Eshon bosh irg‘ab, jim turganicha hammasini eshitdi.
Yaxshiboy esa eshonga qo‘y-qo‘zi, qo‘chqor nazr qildi. Eshon esa ilmu amalini qildi.
Mo‘‘jiza ruy berdi. Roziya uyalinqirab, eriga shivirladi. Kuyov bola sekin siypalab qo‘ydi.
Chaqaloqni kutib olishga tayyorgarlik ko‘rila boshlashdi. Hamma Roziyaga ehtiyot bo‘ldi. Yoz kunlarining birida u dunyoga keldi. Barcha ularni tabriklashdi. Yaxshiboy Amirxon eshonni chorlab keldi. Oldiga bir tugunni qo‘ydi. So‘ng bolaga ism qo‘yib berishini so‘radi. Amirxon eshon o‘ylanib turdi-da, chaqaloqqa “Niyoz” deb nom qo‘ydi.
Qulog‘iga esa azon aytdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.